Noyabr oyida har bir kadrovikka asqotadi:
Avvalgi ish joyi boʻyicha mehnat shartnomasini bekor qilish YaMMTda roʻyxatdan oʻtkazilmagan boʻlsa
«Yangi xodimni (asosiy ish joyiga) shtatga ishga qabul qilish toʻgʻrisidagi ma’lumot YaMMTga kiritilganda, kadrlar xizmati u eski asosiy ish joyi boʻyicha ishdan boʻshatilmaganligini aniqladi, aniqrogʻi – ishdan boʻshatish toʻgʻrisidagi ma’lumotlar YaMMTga kiritilmagan».
«Norma» va kadrovik.uz iltimosiga koʻra bunday vaziyatda nima qilish kerakligini YaMMT direksiyasida tushuntirishdi:
– «YaMMT» idoralararo dasturiy-apparat kompleksida mehnat shartnomalarini roʻyxatdan oʻtkazish, elektron mehnat daftarchalarini shakllantirish va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 60-bandiga muvofiq ish beruvchi mehnat shartnomalarini roʻyxatdan oʻtkazish tartibiga rioya qilish uchun javobgardir. Shu jumladan – mehnat shartnomasini bekor qilishni roʻyxatdan oʻtkazish uchun.
Ish beruvchilar mehnat shartnomasini bekor qilishni Nizomning 7-bobiga muvofiq roʻyxatdan oʻtkazadilar.
Agar xato sababli notoʻgʻri ma’lumotlar kiritilgan boʻlsa, ish beruvchi ularni besh ish kuni ichida tuzatishi mumkin. Agar bu muddat allaqachon oʻtgan boʻlsa, ish beruvchi YaMMT direksiyasiga yordam uchun murojaat qilishi kerak
.
Mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik xodimga bir nechta ish beruvchilar bilan shartnomalar tuzishga imkon beradi. Bunda ulardan faqat bittasi asosiy ish joyi, qolganlari – oʻrindoshlik asosidagi ish boʻlishi mumkin.
Koʻrib chiqilayotgan vaziyatda avvalgi ish beruvchi biron sababga koʻra mehnat shartnomasini bekor qilish toʻgʻrisida ma’lumot kiritishga ulgurmagan boʻlishi mumkin. Xodim uchun ikkita asosiy ish joyining boʻlishi hech narsani oʻzgartirmaydi.
Agar siz bunday vaziyatni aniqlagan boʻlsangiz, bu haqda ishga qabul qilinayotgan xodimga xabar bering. U oʻz xohishiga koʻra quyidagilarni amalga oshirishi mumkin:
1) oldingi ish beruvchiga shartnoma bekor qilinganini tegishli tartibda rasmiylashtirishni iltimos qilib murojaat qilishi. Ana shunda sizning tashkilotingiz bilan mehnat shartnomasi uning uchun «asosiy ish joyi boʻyicha» tuziladi;
2) agar yangi ish beruvchi bunday shartlarga rozi boʻlsa, yangi ish beruvchi bilan oʻrindosh sifatida mehnat munosabatlarini rasmiylashtirish.
Valeriya LYaNDRES, «Norma» kadrlar xizmati rahbari:
– Yuzaga kelishi mumkin boʻlgan muammolarni bartaraf etish uchun xodimni asosiy ish joyi boʻyicha rasmiylashtirayotgan ish beruvchiga mehnat shartnomasini tuzishdan oldin nafaqat qogʻoz shaklidagi mehnat daftarchasini, balki mehnat shartnomasi bekor qilingani toʻgʻrisidagi yozuv bilan elektron mehnat daftarchasidan ham koʻchirma soʻrashni va bu ma’lumotlarni solishtirishni tavsiya qilaman.
Oleg GAYeVOY tayyorladi