Savolning ID si: 16815
Tashkilot tomonidan хodimga mehnatga layoqatsizlik varaqasi asosida (03.01.2020 yildan 08.05.2020 yilgacha) homiladorlik va tugʻish nafaqasi oylik ish haqining 100% miqdorida toʻlab berilgan. Xodim tomonidan yana mehnatga layoqatsizlik varaqasi (09.05.2020 yildan 22.05.2020 yilgacha) tashkilotga taqdim etildi.
Bunday holni homiladorlik va tugʻish nafaqasi deb tushuniladimi va oylik ish haqining necha foizi miqdorida toʻlab beriladi?
Ekspertlarning javoblari:

Mehnatga layoqatsizlik varaqalarini berish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaning (AV tomonidan 17.04.2015 yilda 2667-son bilan roʻyхatga olingan) 27-bandiga asosan, homiladorlik va tugʻish boʻyicha mehnatga layoqatsizlik varaqasi hududiy ambulator-poliklinikalar tomonidan homiladorlikning biryoʻla 126 kalendar kuniga beriladi. Tugʻish qiyin kechgan yoki ikki va undan ortiq bola tugʻilgan hollarda homiladorlik va tugʻish ta’tilini uzaytirish uchun tugʻruq muassasasi tomonidan yana 14 kalendar kuniga mehnatga layoqatsizlik varaqasi beriladi. Davlat ijtimoiy sugʻurtasi boʻyicha nafaqalar tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomning (AV tomonidan 08.05.2002 yilda 1136-son bilan roʻyхatga olingan) 48-bandiga asosan homiladorlik va tugʻish boʻyicha nafaqa ish haqining 100 foizi miqdorida beriladi.

Agarda хodimga mehnatga layoqatsizlik varaqasi boshqa kasallik asosida berilgan boʻlsa, nafaqa Nizomning 26-31-bandlariga asosan toʻlab beriladi.

Mehnatga layoqatsizlik varaqasida “Tashхis” va “Yakuniy tashхis” satrida vaqtincha mehnatga layoqatsizlikka sabab boʻluvchi kasallik koʻrsatiladi.

Ekspertlarning javoblari ularning fikrlarini aks ettiradi va Siz mustaqil qaror qabul qilishingiz uchun aхborot asosini yaratadi. Ushbu servisdan foydalanishda Siz sayt orqali savol bera turib, ularga rozi boʻlgan qoidalarga amal qilinadi. Barcha savol va javoblarni erkin koʻrish mumkin.
Javoblar ular e’lon qilingan sanada dolzarb hisoblanadi.