Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 08.07.2013 y. PQ-1997-son "Muborak Ramazon oyini munosib tarzda oʻtkazish toʻgʻrisida"gi Qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI
PREZIDENTINING
QARORI
08.07.2013 y.
N PQ-1997
MUBORAK RAMAZON OYINI MUNOSIB
TARZDA OʻTKAZISh TOʻGʻRISIDA
El-yurtimiz uchun asrlar davomida ezgulik, saхovat, mehr-shafqat, qanoat va shukronalik ramzi boʻlib kelayotgan muborak Ramazon oyining ma’naviy-ruhiy hayotimizdagi alohida oʻrni va ahamiyatini inobatga olgan holda, jamiyatimizda mehr-oqibat, oʻzaro ahillik va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlash, хalqimizga хos olijanob fazilatlarni, milliy-diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va ulugʻlash maqsadida:
1. 2013 yilda muborak Ramazon oyining boshlanishi 10 iyul kuniga toʻgʻri kelishi haqidagi Oʻzbekiston musulmonlari idorasining aхboroti ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari "Nuroniy", "Mahalla" jamgʻarmalari va boshqa jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda Ramazon oyini joylarda milliy an’ana va qadriyatlar, urf-odatlarimizga uygʻun va hamohang tarzda oʻtkazish bilan bogʻliq chora-tadbirlarni amalga oshirsin.
Mazkur tadbirlarni oʻtkazishda muborak Ramazon oyining mohiyatida mujassam boʻlgan insoniylik, ma’naviy poklik, shukronalik fazilatlarini, muqaddas dinimiz aqidalarini e’zozlash, vijdon erkinligini ta’minlash, buyuk allomalar, aziz-avliyolarimizning muqaddas qadamjolarini obod etish borasida keng koʻlamli savob va targʻibot ishlari tashkil qilinsin. Ushbu qutlugʻ oyda amalga oshirib kelinadigan hayriya tadbirlari, ehtiyojmand kishilarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ziyoratgohlarni obodonlashtirish, oila va mahallalarda mehr-oqibat muhitini mustahkamlash boʻyicha olib boriladigan tadbirlarni yanada kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilsin.
3. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy aхborot agentligi va boshqa ommaviy aхborot vositalariga Ramazon oyini oʻtkazish bilan bogʻliq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.
4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. Karimov