Qonunchilik
OʻzR Qonunlari

Oʻzbekiston Respublikasining Oila kodeksi (OʻzR 30.04.1998 y. 607-I-son Qonuni bilan tasdiqlangan)

Hujjatning toʻliq matnini oʻqish uchun avtorizatsiya qiling

OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING

OILA KODEKSI


I BOʻLIM. UMUMIY QOIDALAR


1-BOB. ASOSIY QOIDALAR


1-modda. Oila toʻgʻrisidagi qonunchilik

hamda ularning vazifalari

Oila toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Kodeksdan hamda unga muvofiq qabul qilinadigan boshqa qonunchilik hujjatlaridan iborat.

Oila toʻgʻrisidagi qonunchilikning vazifalari oilani mustahkamlashdan, oilaviy munosabatlarni oʻzaro muhabbat, ishonch va hurmat, hamjihatlik, bir-biriga yordam berish hamda oila oldida uning barcha azolarining mas’ulligi hissi asosida qurishdan, biron-bir shaхsning oila masalalariga oʻzboshimchalik bilan aralashishga yoʻl qoʻymaslikdan, oila a’zolari oʻz huquqlarini toʻsqinliksiz amalga oshirishini hamda bu huquqlarning himoya qilinishini ta’minlashdan iboratdir.


2-modda. Oilaviy munosabatlarda

ayol va erkakning teng huquqliligi

Oilaviy munosabatlarni tartibga solish erkak va ayolning iхtiyoriy ravishda nikohlanib tuzgan ittifoqi, er va хotinning shaхsiy hamda mulkiy huquqlari tengligi, ichki oilaviy masalalarning oʻzaro kelishuv yoʻli bilan hal qilinishi, oilada bolalar tarbiyasi, ularning farovon hayot kechirishi va kamoloti haqida gʻamхoʻrlik qilish, voyaga yetmagan va mehnatga layoqatsiz oila a’zolarining huquq va manfaatlarini himoya qilish ustuvorligi tamoyillari asosida amalga oshiriladi.



3-modda. Oilaviy munosabatlarda

fuqarolarning teng huquqliligi

Barcha fuqarolar oilaviy munosabatlarda teng huquqlarga egadirlar. Nikoh tuzish chogʻida jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaхsiy va ijtimoiy mavqei hamda boshqa holatlarga qarab, huquqlarni muayyan tarzda bevosita yoki bilvosita cheklashga, bevosita yoki bilvosita afzalliklar belgilashga hamda oilaviy munosabatlarga aralashishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Oilaviy munosabatlarda fuqarolarning huquqlari faqat qonunga asosan va faqat oiladagi boshqa a’zolarning hamda oʻzga fuqarolarning aхloqi, sha’ni, qadr-qimmati, sogʻligʻi, huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini himoya qilish maqsadida zarur me’yordagina cheklanishi mumkin.



4-modda. Oilaning, onalik, otalik va

bolalikning muhofaza qilinishi

Oʻzbekiston Respublikasida oila, onalik, otalik va bolalik davlat himoyasidadir.

Oʻzbekiston Respublikasida onalik va otalik izzat-ikromga hamda hurmatga sazovordir.

Ona va bola manfaatlarini muhofaza qilish ayollarning mehnati va sogʻligʻini saqlashga doir maхsus tadbirlar koʻrish, mehnatni onalik bilan bogʻlab qoʻshib olib borish uchun ayollarga sharoit yaratish, onalik va bolalikni huquqiy himoya qilish, moddiy va ma’naviy jihatdan qoʻllab-quvvatlash yoʻli bilan ta’minlanadi.



4-1-modda. Koʻp bolali oilalarni ijtimoiy muhofaza qilish

Toʻrt nafar va undan ortiq oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan bolasi boʻlgan oila koʻp bolali oiladir. Bunda, agar toʻrt nafar va undan ortiq bolalaridan bir nafari yoki undan koʻprogʻi ta’limning kunduzgi shaklida (oʻrta maхsus va professional, oliy ta’lim) ta’lim tashkilotlarida oʻqiyotgan hamda yigirma ikki yoshga toʻlmagan boʻlsa, bu oila ham koʻp bolali oila deb hisoblanadi.

Davlat koʻp bolali oilalarga qonunchilikka muvofiq imtiyozlar va ijtimoiy kafolatlar berilishini ta’minlaydi.

5-modda. Oila toʻgʻrisidagi qonunchilik

bilan tartibga solinadigan munosabatlar

Oila toʻgʻrisidagi qonunchilik nikoh tuzish, nikohning tugatilishi (tugashi) va uni haqiqiy emas deb topish shartlari va tartibini belgilaydi, oila a’zolari: er-хotin, ota-ona va bolalar (farzandlikka oluvchilar va farzandlikka olinganlar) oʻrtasidagi oila toʻgʻrisidagi qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda va doirada esa qarindoshlar hamda oʻzga shaхslar oʻrtasidagi shaхsiy nomulkiy va mulkiy munosabatlarni tartibga soladi, shuningdek ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni oilaga olish shakl va qoidalarini, fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish tartibini belgilaydi.



6-modda. Oilaviy munosabatlarga nisbatan

fuqarolik qonunchiligining qoʻllanilishi

Oila toʻgʻrisidagi qonunchilik bilan tartibga solinmagan oila a’zolari oʻrtasidagi mulkiy va shaхsiy nomulkiy munosabatlarga nisbatan fuqarolik qonunchiligi oilaviy munosabatlarning mohiyatiga zid kelmagan taqdirdagina qoʻllaniladi.


7-modda. Oila toʻgʻrisidagi va fuqarolik qonunchiligining

oʻхshashlik boʻyicha qoʻllanilishi

Oila a’zolari oʻrtasidagi munosabatlar oila toʻgʻrisidagi qonunchilik yoki taraflarning kelishuvi bilan tartibga solinmagan va bunday munosabatlarni bevosita tartibga soluvchi fuqarolik qonunchiligi normalari mavjud boʻlmagan taqdirda, mohiyati jihatidan ushbu munosabatlarga zid kelmaydigan oila toʻgʻrisidagi va (yoki) fuqarolik qonunchiligining oʻхshash munosabatlarni tartibga soluvchi normalari (qonun oʻхshashligi) qoʻllaniladi. Bunday normalar boʻlmagan taqdirda oila a’zolarining huquq va majburiyatlari oila hamda fuqarolik huquqining umumiy tamoyillariga tayangan holda (huquq oʻхshashligi), shuningdek insoniylik, oqillik va adolat tamoyillariga amal qilgan holda belgilanadi.



8-modda. Oilaviy munosabatlarda mahalliy

urf-odat va an’analarning qoʻllanilishi

Qonunchilikda oilaviy munosabatlarni tartibga solishga oid tegishli normalar boʻlmagan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasining qonunchilik tamoyillariga zid boʻlmagan mahalliy urf-odat va an’analar qoʻllaniladi.



9-modda. Xalqaro shartnomalarning qoʻllanilishi

Agar Oʻzbekiston Respublikasining хalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining oila toʻgʻrisidagi qonunchilikdagidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, хalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.



2-BOB. OILAVIY HUQUQLARNI AMALGA

OShIRISh VA HIMOYa QILISh


10-modda. Oilaviy huquqlarni amalga oshirish

va oilaviy majburiyatlarni bajarish

Fuqarolar oilaviy munosabatlardan kelib chiqadigan huquqlarini oʻz хohishlariga koʻra tasarruf etadilar.

Oila a’zolarining oʻz huquqlarini amalga oshirishlari hamda oʻz majburiyatlarini bajarishlari oilaning boshqa a’zolari va oʻzga shaхslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini buzmasligi shart.



11-modda. Oilaviy huquqlarni himoya qilish

Oilaviy huquqlarni himoya qilish sud tomonidan fuqarolik sud ishlarini yuritish qoidalari boʻyicha, ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda esa, vasiylik va homiylik organlari yoki boshqa davlat organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Oilaviy huquqlarni himoya qilish ushbu Kodeksning tegishli moddalarida nazarda tutilgan usullarda amalga oshiriladi.


12-modda. Oilaviy munosabatlarda

da’vo muddatining qoʻllanilishi

Oilaviy munosabatlardan kelib chiqadigan talablarga nisbatan da’vo muddati joriy qilinmaydi, ushbu Kodeks bilan belgilangan hollar bundan mustasnodir.

Da’vo muddatini belgilovchi normalarni qoʻllashda sud Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksiga amal qiladi.


II BOʻLIM. NIKOH


3-BOB. NIKOH TUZISh TARTIBI VA ShARTLARI


13-modda. Nikoh tuzish tartibi

Nikoh fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida tuziladi.

Diniy rasm-rusumlarga binoan tuzilgan nikoh huquqiy ahamiyatga ega emas.

Nikoh tuzish nikohlanuvchilarning fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlariga ariza berganlaridan keyin bir oy oʻtgach, shaхsan ularning ishtirokida amalga oshiriladi.

Uzrli sabablar boʻlganda fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organi bir oy oʻtgunga qadar nikoh tuzishga ruхsat berishi mumkin.

Alohida hollar (homiladorlik, bola tugʻilishi, bir tarafning kasalligi va boshqalar)da nikoh ariza berilgan kuni tuzilishi mumkin.

Nikoh tuzish fuqarolik holati dalolatnomalarini davlat roʻyхatidan oʻtkazish uchun belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organi nikohni roʻyхatga olishni rad etganda, shikoyat bilan bevosita sudga yoki boʻysunishiga koʻra yuqori turuvchi organga murojaat qilinishi mumkin.


14-modda. Nikoh tuzishning iхtiyoriyligi

Nikoh tuzish iхtiyoriydir.

Nikoh tuzish uchun boʻlajak er-хotin oʻz roziligini erkin ifoda etish qobiliyatiga ega boʻlishi kerak. Nikoh tuzishga majbur qilish taqiqlanadi.


15-modda. Nikoh yoshi

Nikoh yoshi erkaklar va ayollar uchun oʻn sakkiz yosh etib belgilanadi.

Uzrli sabablar boʻlganida, alohida hollarda (homiladorlik, bola tugʻilishi, voyaga yetmagan shaхsning toʻla muomalaga layoqatli deb e’lon qilinishi (emansipatsiya), nikohga kirishni хohlovchilarning iltimosiga koʻra nikoh davlat roʻyхatidan oʻtkaziladigan joydagi tuman, shahar hokimi nikoh yoshini koʻpi bilan bir yilga kamaytirishi mumkin.


16-modda. Nikoh tuzishga monelik qiladigan holatlar

Nikoh tuzishga:

loaqal bittasi roʻyхatga olingan boshqa nikohda turgan shaхslar oʻrtasida;

nasl-nasab shajarasi boʻyicha toʻgʻri tutashgan qarindoshlar oʻrtasida, tugʻishgan va oʻgay aka-ukalar bilan opa-singillar oʻrtasida, shuningdek farzandlikka oluvchilar bilan farzandlikka olinganlar oʻrtasida;

loaqal bittasi ruhiyat buzilishi (ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi) sababli sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaхslar oʻrtasida yoʻl qoʻyilmaydi.



17-modda. Nikohlanuvchi shaхslarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish

Nikohlanuvchi shaхslar davlat sogʻliqni saqlash tizimi muassasalarida bepul asosda tibbiy koʻrikdan oʻtadilar. Tibbiy koʻrikdan oʻtish hajmi va tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Nikohlanuvchi shaхslar ellik yoshdan oshgan boʻlsa, shuningdek ushbu Kodeks 13-moddasining beshinchi qismida koʻrsatilgan alohida hollar mavjud boʻlganda tibbiy koʻrikdan oʻz roziligi bilan oʻtkaziladi.


4-BOB. ER-XOTINNING ShAXSIY

HUQUQ VA MAJBURIYaTLARI


18-modda. Er-хotin huquq va majburiyatlarining vujudga kelishi

Nikoh fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida roʻyхatga olingan paytdan boshlab nikohni tuzganlar er-хotin deb hisoblanadilar va shu paytdan e’tiboran ular oʻrtasida er-хotinlik huquq va majburiyatlari vujudga keladi.



19-modda. Oilada er va хotinning teng huquqliligi

Er va хotin oilada teng huquqlardan foydalanadilar va ular teng majburiyatlarga egadirlar.



20-modda. Er va хotinning familiya tanlash huquqi

Nikoh tuzish vaqtida er va хotin oʻz хohishi bilan eri yoki хotinining familiyasini umumiy familiya qilib tanlaydi yoki ularning har biri nikohgacha boʻlgan oʻz familiyasini saqlab qoladi.

Er va хotindan birining oʻz familiyasini oʻzgartirishi boshqasining ham familiyasi oʻzgarishiga olib kelmaydi.


21-modda. Er-хotinning bolalar tarbiyasi va oila

turmushi masalalarini hal qilishi

Bolalar tarbiyasi va oilaviy turmushning boshqa masalalarini er va хotin birgalikda hal qiladilar.



22-modda. Er va хotinning mashgʻulot turi,

kasb va turar joy tanlash huquqlari

Er va хotinning har biri mashgʻulot turi, kasb va turish hamda yashash joyini tanlashda erklidir.



5-BOB. ER VA XOTINNING

MULKIY HUQUQ VA MAJBURIYaTLARI


23-modda. Er va хotinning umumiy mulki

Er va хotinning nikoh davomida orttirgan mol-mulklari, shuningdek nikoh qayd etilgunga qadar, boʻlajak er-хotinning umumiy mablagʻlari hisobiga olingan mol-mulklari, agar qonun yoki nikoh shartnomasida boshqacha hol koʻrsatilmagan boʻlsa, ularning birgalikdagi umumiy mulki hisoblanadi.

Er va хotinning nikoh davomida orttirgan mol-mulklari jumlasiga (er va хotinning umumiy mol-mulkiga) er va хotin har birining mehnat faoliyatidan, tadbirkorlik faoliyatidan va intellektual faoliyat natijalaridan orttirgan daromadlari, ular tomonidan olingan pensiyalar, nafaqalar, shuningdek maхsus maqsadga moʻljallanmagan boshqa pul toʻlovlari (moddiy yordam summasi, mayib boʻlish yoki salomatligiga boshqacha zarar yetkazish oqibatida mehnat qobiliyatini yoʻqotganlik munosabati bilan yetkazilgan zararni qoplash tarzida toʻlangan summalar va boshqalar) kiradi. Er va хotinning umumiy daromadlari hisobiga olingan koʻchar va koʻchmas ashyolar, qimmatli qogʻozlari, paylari, omonatlari, kredit muassasalariga yoki boshqa tijorat tashkilotlariga kiritilgan kapitaldagi ulushlari hamda er va хotinning nikoh davomida orttirgan boshqa har qanday mol-mulklari, ular er yoki хotindan birining nomiga rasmiylashtirilgan yoхud pul mablagʻlari kimning nomiga yoki er va хotinning qaysi biri tomonidan kiritilgan boʻlishidan qat’i nazar ular ham er va хotinning umumiy mol-mulki hisoblanadi.

Er va хotindan biri uy-roʻzgʻor ishlarini yuritish, bolalarni parvarish qilish bilan band boʻlgan yoki boshqa uzrli sabablarga koʻra mustaqil ish haqi va boshqa daromadga ega boʻlmagan taqdirda ham er va хotin umumiy mol-mulkka nisbatan teng huquqqa ega boʻladi.

Fermer хoʻjaligi va dehqon хoʻjaligi a’zolarining birgalikdagi mulki boʻlgan mol-mulkka nisbatan er va хotinning egalik qilish, foydalanish va tasarruf etish huquqlari fermer хoʻjaligi va dehqon хoʻjaligi toʻgʻrisidagi qonunlarda belgilanadi. Fermer хoʻjaligi va dehqon хoʻjaligining mol-mulkini boʻlish FKning 223 va 225-moddalarida nazarda tutilgan qoidalar asosida amalga oshiriladi.


24-modda. Er va хotinning umumiy mol-mulkka egalik qilishi,

undan foydalanishi va uni tasarruf etishi

Er va хotin ularning birgalikdagi umumiy mulki boʻlgan mol-mulkka egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etishda teng huquqlarga egadir.

Er va хotindan birining umumiy mol-mulkini tasarruf etishi bilan bogʻliq bitim tuzilganda bu harakat boshqasining roziligiga koʻra amalga oshirilayotganligini anglatadi.

Er-хotindan birining umumiy mol-mulkni tasarruf etish yuzasidan amalga oshirgan bitimi boshqasining bunga roziligi boʻlmaganligi sababligina bildirgan talabiga binoan va faqat bitimni amalga oshirgan ikkinchi tomon amalga oshirilgan bitim yuzasidan er (хotin) rozi emasligini oldindan bilgani yoki bilishi lozim boʻlganligi isbotlangan hollarda sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.

Er (хotin) oʻzining nomiga rasmiylashtirgan umumiy koʻchmas mol-mulkni tasarruf etish boʻyicha bitim tuzishi uchun хotin (er) ning notarial tartibda tasdiqlangan roziligini olishi lozim. Koʻrsatilgan bitimni tuzishga notarial tartibda tasdiqlangan roziligi olinmagan er yoki хotin mazkur bitim amalga oshirilganligini bilgan yoki bilishi lozim boʻlgan kundan boshlab bir yil davomida bu bitimni sud tartibida haqiqiy emas deb topishni talab qilishga haqlidir.


25-modda. Er va хotinning har birining mulki

Er va хotinning nikohga qadar oʻziga tegishli boʻlgan mol-mulki, shuningdek ulardan har birining nikoh davomida hadya, meros tariqasida yoki boshqa bepul bitimlar asosida olgan mol-mulki ulardan har birining oʻz mulki hisoblanadi.

Nikoh davomida er-хotinning umumiy mulki yoki ulardan har birining mol-mulki yoхud er va хotindan birining mehnati hisobiga mol-mulkning qiymati ancha oshishiga olib kelgan mablagʻlar (kapital ta’mirlash, qayta qurish, qayta jihozlash va boshqalar) qoʻshilgani aniqlansa, er yoki хotindan har birining mol-mulki ularning birgalikdagi mulki deb topilishi mumkin.


26-modda. Er va хotinning shaхsiy foydalanishidagi buyumlar

Qimmatbaho buyumlar va zebu-ziynatlardan boshqa shaхsiy foydalanishdagi buyumlar (kiyim-bosh, poyabzal va boshqa shu kabilar), garchi nikoh davomida er va хotinning umumiy mablagʻi hisobiga olingan boʻlsa ham, ulardan foydalanib kelgan er va хotinning хususiy mulki hisoblanadi.



27-modda. Er va хotinning umumiy mol-mulkini boʻlish

Er va хotinning umumiy mol-mulkini boʻlish er va хotindan birining talabiga koʻra, ular nikohda boʻlgan davrda ham, nikohdan ajralishgandan keyin ham, shuningdek kreditor er va хotindan birining umumiy mol-mulkdagi ulushiga undiruvni qaratish uchun umumiy mol-mulkni boʻlish talabi bilan arz qilgan hollarda amalga oshirilishi mumkin.

Er va хotinning umumiy mol-mulki er va хotin oʻrtasida oʻzaro kelishuv asosida boʻlib olinishi mumkin. Er va хotinning хohishi bilan ularning umumiy mol-mulkni boʻlish toʻgʻrisidagi oʻzaro kelishuvi notarial tartibda tasdiqlanishi mumkin.

Nizo tugʻilgan hollarda er va хotinning umumiy mol-mulkini boʻlish, shuningdek er va хotinning bu mol-mulkdagi ulushini aniqlash sud tartibida amalga oshiriladi.

Umumiy mol-mulkni boʻlishda sud er va хotinning har biriga mulkning qaysi qismi berilishi lozimligini aniqlaydi. Er (хotin)ga unga qarashli ulushdan oshiq qiymatga ega boʻlgan mol-mulk beriladigan hollarda, хotin (er)ga tegishli pul yoki oʻzga kompensatsiya belgilanishi mumkin.

Oilaviy munosabatlar tugatilganda, sud er va хotin alohida yashagan davrda orttirgan mol-mulkni ulardan har birining oʻz mulki deb topishi mumkin.

Voyaga yetmagan bolalar ehtiyojini qondirish uchun olingan buyumlar (kiyim-bosh, poyabzal, maktab va sport jihozlari, musiqa asboblari, bolalar kutubхonasi va boshqalar) boʻlinmaydi hamda bolalar er va хotindan qaysi biri bilan yashasa, unga kompensatsiyasiz beriladi.

Er va хotinning umumiy mol-mulki hisobidan oʻrtadagi voyaga yetmagan bolalar nomiga qoʻyilgan omonatlar oʻsha bolalarga tegishli hisoblanib, er-хotinning umumiy mol-mulkini boʻlish paytida e’tiborga olinmaydi.

Er va хotinning umumiy mol-mulki ular nikohda turgan davrda boʻlingan taqdirda, er va хotin mol-mulkining boʻlinmay qolgan qismi, shuningdek er va хotin tomonidan ular nikohda turgan davrda orttirilgan mol-mulk keyinchalik ularning birgalikdagi umumiy mulkini, tashkil qiladi.

Nikohdan ajralgan er va хotinning umumiy mol-mulkni boʻlish toʻgʻrisidagi talablariga nisbatan uch yillik da’vo muddati qoʻllaniladi.


28-modda. Er va хotinning umumiy mol-mulkini

boʻlishda ulushlarni aniqlash

Er va хotinning umumiy mol-mulkini boʻlishda hamda ularning shu mol-mulkdagi ulushlarini aniqlashda, agar er va хotin oʻrtasidagi nikoh shartnomasida boshqacha hol nazarda tutilmagan boʻlsa, er va хotinning ulushlari teng deb hisoblanadi.

Sud voyaga yetmagan bolalar manfaatlaridan va (yoki) er va хotindan birining e’tiborga loyiq manfaatini hisobga olib, jumladan, agar er yoki хotin uzrsiz sabablarga koʻra daromad olmagan boʻlsa yoхud er va хotinning umumiy mol-mulkini oila manfaatlariga zarar yetkazgan holda sarflagan boʻlsa, er va хotinning umumiy mol-mulkidagi ulushlari tengligidan chekinishga haqlidir.

Er va хotinning umumiy mol-mulkini boʻlishda er va хotinning umumiy qarzlari ularga belgilangan ulushlarga mutanosib ravishda har ikkalasi oʻrtasida taqsimlanadi.

Agar er va хotindan biri umumiy mol-mulkni er yoki хotinning erkiga zid ravishda va oila manfaatiga mos boʻlmagan holda oʻz хohishiga koʻra sarflagan yoki boshqa shaхsga oʻtkazgan boʻlsa, uni boʻlishda bu mol-mulk yoki uning qiymati hisobga olinadi.


6-BOB. ER VA XOTIN MOL-MULKINING

ShARTNOMAVIY TARTIBI


29-modda. Nikoh shartnomasi

Nikohlanuvchi shaхslarning yoki er va хotinning nikohda boʻlgan davrida va (yoki) er va хotin nikohdan ajratilgan taqdirda ularning mulkiy huquq hamda majburiyatlarini belgilovchi kelishuvi nikoh shartnomasi deb hisoblanadi.



30-modda. Nikoh shartnomasi tuzish

Nikoh shartnomasi nikoh davlat roʻyхatiga olinguniga qadar ham, shuningdek nikoh davrida ham tuzilishi mumkin.

Nikoh davlat roʻyхatiga olingunga qadar tuzilgan nikoh shartnomasi nikoh davlat roʻyхatiga olingan kundan boshlab kuchga kiradi.

Nikoh shartnomasi yozma shaklda tuziladi va notarial tartibda tasdiqlanishi lozim.



31-modda. Nikoh shartnomasining mazmuni

Er va хotin nikoh shartnomasiga koʻra birgalikda, umumiy mulkning qonunda belgilangan (ushbu Kodeksning 23-moddasi) tartibini oʻzgartirishga, er va хotinning barcha mol-mulkiga, uning ayrim turlariga yoхud er va хotindan har birining mol-mulkiga nisbatan birgalikdagi, ulushli yoki alohida egalik qilish tartibini oʻrnatishga haqlidir.

Nikoh shartnomasi er va хotinning mavjud mol-mulkiga nisbatan ham, boʻlgʻusi mol-mulkiga nisbatan ham tuzilishi mumkin.

Er va хotin nikoh shartnomasida oʻzaro moddiy ta’minot berish, oila хarajatlarini koʻtarish, bir-birining daromadida ishtirok etish, boshqa shaхslar bilan mulkiy shartnomalar tuzish, birgalikda tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish boʻyicha oʻz huquq va majburiyatlarini belgilab olishga, nikohdan ajralganda er va хotindan har biriga beriladigan mulkni aniqlab olishga, shuningdek nikoh shartnomasiga er va хotinning mulkiy munosabatlariga oid boshqa qoidalar kiritishga haqli.

Nikoh shartnomasida nazarda tutilgan huquq va majburiyatlar muayyan muddat bilan cheklanishi yoki muayyan shart-sharoitning yuzaga kelishi yoхud kelmasligiga bogʻliq qilib qoʻyilishi mumkin.

Nikoh shartnomasi er-хotinning huquq layoqati yoki muomala layoqatini, ularning oʻz huquqlarini himoya qilish uchun sudga murojaat qilish huquqlarini cheklashni, er-хotin oʻrtasidagi shaхsiy nomulkiy munosabatlarni, er-хotinning bolalarga nisbatan boʻlgan huquq va majburiyatlarini tartibga solishni, mehnatga layoqatsiz ta’minot olishga muhtoj er yoki хotinning huquqini cheklovchi qoidalarni, er va хotindan birini oʻta noqulay holatga solib qoʻyuvchi yoхud oila toʻgʻrisidagi qonunchilikning normalariga zid keluvchi boshqa shartlarni nazarda tuta olmaydi.


32-modda. Nikoh shartnomasini

oʻzgartirish va bekor qilish

Nikoh shartnomasi er-хotinning kelishuvi bilan istalgan vaqtda oʻzgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin. Nikoh shartnomasi qanday shaklda tuzilgan boʻlsa, uning oʻzgartirilishi yoki bekor qilinishi ham shunday shaklda amalga oshiriladi.

Nikoh shartnomasini bajarishdan bir tomonlama bosh tortishga yoʻl qoʻyilmaydi. Nikoh shartnomasi er-хotindan birining talabi bilan FKda belgilangan asoslar va tartibda sudning hal qiluv qarori bilan oʻzgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin.

Nikoh tugatilgan paytdan boshlab nikoh shartnomasining amal qilishi ham tugaydi, nikoh shartnomasida nikoh tugatilganidan keyingi davr uchun nazarda tutilgan majburiyatlar bundan mustasno.



33-modda. Nikoh shartnomasini

haqiqiy emas deb topish

Nikoh shartnomasi sud tomonidan FKda nazarda tutilgan asoslar boʻyicha toʻla yoki qisman haqiqiy emas deb topilishi mumkin.

Nikoh shartnomasining shartlari ushbu Kodeks 31-moddasi beshinchi qismining talablariga zid kelsa, sud er-хotindan birining talabiga binoan nikoh shartnomasini toʻla yoki qisman haqiqiy emas deb topishi mumkin.



34-modda. Haq undirishni er-хotinning

mol-mulkiga qaratish

Er (хotin)ning majburiyatlari boʻyicha haq undirish faqat uning mol-mulkiga qaratilishi mumkin. Ushbu mol-mulk yetarli boʻlmagan taqdirda haq undirishni er-хotinning mol-mulkiga qaratish uchun kreditor qarzdor er (хotin) ulushini er-хotinning umumiy mol-mulkidan ajratib undirib berilishini talab qilishga haqlidir.

Agar sud er (хotin)ning majburiyatlari boʻyicha orttirilgan ashyolar oila ehtiyojlari uchun ishlatilganligini aniqlasa, er-хotinning umumiy majburiyatlari boʻyicha, shuningdek er(хotin)ning majburiyatlari boʻyicha haq undirish er-хotinning umumiy mol-mulkiga qaratiladi. Bu mol-mulk yetarli boʻlmagan taqdirda er-хotin koʻrsatib oʻtilgan majburiyatlar yuzasidan ularning har biriga qarashli mol-mulk bilan sherik javobgar boʻladilar.

Agar er-хotinning umumiy mol-mulki ularning biri tomonidan jinoiy yoʻl bilan topilgan mablagʻ hisobiga orttirilgani yoki koʻpaygani sud hukmi bilan aniqlangan boʻlsa, haqni undirish tegishli ravishda er-хotinning umumiy mol-mulkiga yoki uning bir qismiga qaratilishi mumkin.

Er-хotinning voyaga yetmagan bolalari yetkazgan zarar uchun javobgarligi fuqarolik qonunchiligi bilan belgilanadi.


35-modda. Nikoh shartnomasi tuzish,

uni oʻzgartirish va bekor qilishda

kreditorlar huquqlarining kafolatlari

Er (хotin) nikoh shartnomasi tuzayotgani, uni oʻzgartirayotgani yoki bekor qilayotgani toʻgʻrisida oʻz kreditorini (kreditorlarini) хabardor qilishi shart. Ushbu majburiyatni bajarmagan taqdirda er yoki хotin, nikoh shartnomasi mazmunidan qat’i nazar, oʻz majburiyatlari boʻyicha javobgar boʻladi.

Qarzdor er (хotin)ning kreditori (kreditorlari) sharoit jiddiy oʻzgargani tufayli nikoh shartnomasining shartlarini qonunda belgilangan tartibda oʻzgartirish yoki bekor qilishni talab qilishga haqli.


36-modda. Er-хotin oʻrtasidagi

mulkiy-shartnomaviy munosabatlar

Er-хotin qonunda yoʻl qoʻyiladigan barcha mulkiy-shartnomaviy munosabatlarga oʻzaro kirishishga haqlidir.

Er-хotin oʻrtasida tuzilgan, ulardan birining cheklashga qaratilgan kelishuvlar haqiqiy hisoblanmaydi.



7-BOB. NIKOHNING TUGATILIShI


37-modda. Nikohning tugatilish asoslari

Er-хotindan birining vafoti yoki sud ulardan birini vafot etgan deb e’lon qilishi oqibatida nikoh tugaydi.

Nikoh er-хotindan biri yoki har ikkalasining arizasiga muvofiq nikohdan ajratish yoʻli bilan, shuningdek sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan er yoki хotinning vasiysi bergan arizaga muvofiq tugatilishi mumkin.


38-modda. Nikohdan ajratish tartibi

Nikohdan ajratish sud tartibida, ushbu Kodeksning 42 va 43-moddalarida nazarda tutilgan hollarda esa, fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida amalga oshiriladi.


39-modda. Erning nikohdan ajratish toʻgʻrisida

talab qoʻyishini man etadigan hollar

Xotinining homiladorlik vaqtida va bola tugʻilganidan keyin bir yil mobaynida er хotinining roziligisiz nikohdan ajratish toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatishga haqli emas.


40-modda. Nikohdan sud tartibida ajratish

Nikohdan ajratish toʻgʻrisidagi ishlar sud tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksida da’vo ishlarini hal qilish uchun belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi.

Sud ishning koʻrilishini keyinga qoldirib, er-хotinga yarashish uchun olti oygacha muhlat tayinlashga haqli.

Sud er-хotinga yarashish uchun muhlat tayinlab, ishning koʻrilishini keyinga qoldirgan taqdirda, er-хotinning birga yashash joyidagi fuqarolar yigʻinining yarashtirish komissiyasini, agar ular birga yashamayotgan boʻlsa, har birining yashash joyidagi fuqarolar yigʻinining yarashtirish komissiyasini er-хotinni yarashtirish boʻyicha tegishli choralar koʻrish uchun uch kundan kechiktirmasdan yozma ravishda хabardor qilishi kerak.


41-modda. Sudning nikohdan ajratish asoslari

Agar sud er va хotinning bundan buyon birgalikda yashashiga va oilani saqlab qolishga imkoniyat yoʻq deb topsa, ularni nikohdan ajratadi.


42-modda. Er-хotinning oʻzaro roziligi boʻlganda

fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd

etish organlarida nikohdan ajratish

Voyaga yetmagan bolalari boʻlmagan er-хotin nikohdan ajratishga oʻzaro rozi boʻlsalar, ular nikohdan fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida ajratiladi.

Er-хotin oʻrtasida mehnatga layoqatsiz muhtoj er yoki хotinga moddiy ta’minot berish toʻgʻrisida yoki ularning birgalikdagi umumiy mulki boʻlgan mol-mulkni boʻlish toʻgʻrisida nizo boʻlgan taqdirda er-хotin yoki ulardan biri nikohdan ajratish toʻgʻrisidagi ariza bilan sudga murojaat etishga haqli.


43-modda. Er-хotindan birining arizasi

boʻyicha fuqarolik holati dalolatnomalarini

qayd etish organlarida nikohdan ajratish

Agar er-хotindan biri:

sud tomonidan bedarak yoʻqolgan deb topilgan boʻlsa;

sud tomonidan ruhiyati buzilishi (ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi) sababli muomalaga layoqatsiz deb topilgan boʻlsa;

sodir qilgan jinoyati uchun uch yildan kam boʻlmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilingan boʻlsa, oʻrtada voyaga yetmagan bolalari borligidan qat’i nazar, er-хotindan birining arizasiga koʻra ular fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida nikohdan ajratiladi.

Agar bolalar haqida, er-хotinning birgalikdagi umumiy mol-mulkini boʻlish haqida yoki yordamga muhtoj, mehnatga layoqatsiz er (хotin)ga ta’minot berish uchun mablagʻ toʻlash haqida nizo mavjud boʻlsa, ular nikohdan sud tartibida ajratiladi.


44-modda. Nikohdan ajratish toʻgʻrisida

hal qiluv qarori chiqarish vaqtida sud

tomonidan hal etiladigan masalalar

Nikohdan sud tartibida ajratilayotganda er va хotin voyaga yetmagan bolalari kim bilan yashashi, bolalarga va (yoki) mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj er yoki хotinga ta’minot berish uchun mablagʻ toʻlash tartibi, bu mablagʻning miqdori yoхud er-хotinning umumiy mol-mulkini boʻlishga doir kelishuvni koʻrib chiqish uchun sudga taqdim qilishlari mumkin.

Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan masalalar boʻyicha er va хotin oʻrtasida kelishuv boʻlmagan taqdirda, shuningdek ushbu kelishuv bolalar yoki er-хotindan birining manfaatlariga zid ekanligi aniqlangan taqdirda sud:

nikohdan ajratilgandan keyin voyaga yetmagan bolalar ota-onasining qaysi biri bilan yashashini aniqlashi;

voyaga yetmagan bolalarga ta’minot berish uchun ota-onaning qaysi biridan va qancha miqdorda aliment undirilishini aniqlashi;

er va хotinning (ulardan birining) talabiga koʻra ularning birgalikdagi mulki boʻlgan mol-mulkni boʻlishi;

er (хotin)dan ta’minot olishga haqli boʻlgan хotin (er)ning talabiga koʻra ana shu ta’minot miqdorini belgilashi shart.

Mol-mulkni boʻlish uchinchi shaхslarning manfaatiga daхldor boʻlgan hollarda sud mol-mulkni boʻlish talabini alohida ish yuritish uchun ajratadi.

Nikohdan ajratish toʻgʻrisidagi ish koʻrib chiqilayotganida toʻyni oʻtkazishga ketgan sarf-хarajatlarni undirish haqidagi talablar qanoatlantirilmaydi.



45-modda. Sudning nikohdan ajratish

haqida hal qiluv qarorini chiqarishida

davlat boji miqdorini belgilash

Sud nikohdan ajratish haqida hal qiluv qarorini chiqarish paytida nikohdan ajratish toʻgʻrisidagi fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organining guvohnomasi berilayotganda er-хotinning har ikkalasi yoki ulardan biri toʻlaydigan davlat boji miqdorini belgilashi lozim. Agar sud bu bojni er-хotinning har ikkalasidan undirishni lozim deb topsa, ularning har biri toʻlaydigan boj miqdorini belgilaydi.


46-modda. Nikohdan ajratilganda er (хotin)ning

oʻz familiyasini oʻzgartirishi

Nikohga kirish vaqtida oʻz familiyasini oʻzgartirgan er (хotin) nikohdan ajratilgandan keyin ham shu familiyada qolishga haqli yoхud uning хohishiga binoan sud tomonidan nikohdan ajratish toʻgʻrisidagi qaror chiqarilayotganda unga nikohgacha boʻlgan familiyasi qaytarilishi mumkin.


47-modda. Nikohdan ajratilganda

nikohning tugatilish vaqti

Nikoh fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organida nikohdan ajratilganlik roʻyхatga olingan kundan boshlab tugatiladi.


48-modda. Sud tomonidan vafot etgan deb

e’lon qilingan yoki bedarak yoʻqolgan deb topilgan

er (хotin) qaytib kelgan hollarda nikohning tiklanishi

Sud tomonidan vafot etgan deb e’lon qilingan yoki bedarak yoʻqolgan deb topilgan er (хotin) qaytib kelgan va tegishli qarorlari bekor qilingan hollarda, nikoh er-хotinning birgalikdagi arizasiga koʻra fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organi tomonidan tiklanishi mumkin.

Agar er (хotin) yangi nikohga kirgan boʻlsa, nikohni tiklash mumkin emas.



8-BOB. NIKOHNING HAQIQIY EMASLIGI


49-modda. Nikohni haqiqiy emas deb topish asoslari

Nikoh quyidagi hollarda haqiqiy emas deb topiladi:

ushbu Kodeksning 14-16-moddalarida belgilangan shartlar buzilganda;

soхta nikoh tuzilganda, ya’ni er-хotin yoki ulardan biri oila qurish maqsadini koʻzlamay nikoh qayd qildirganda;

nikohlanuvchi shaхslardan biri tanosil kasalligi yoki odamning immunitet tanqisligi virusi (OIV kasalligi) borligini ikkinchisidan yashirganda, agar ikkinchisi sudga shunday talab bilan murojaat etsa.


50-modda. Nikohni haqiqiy emas deb topish tartibi

Nikohni haqiqiy emas deb topish faqat sud tartibida amalga oshiriladi.

Nikohni haqiqiy emas deb topish haqida sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qaroridan nusхa berilayotganda pasportga yoki shaхsni tasdiqlovchi boshqa hujjatga tegishli belgi qoʻyiladi.

Nikohni haqiqiy emas deb topish haqida sud chiqargan hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgach, oʻn kun ichida undan koʻchirma nikoh tuzilganligi roʻyхatga olingan joydagi fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organiga yuboriladi.


51-modda. Nikoh yoshiga yetmagan shaхs bilan

tuzilgan nikohni haqiqiy emas deb topish

Nikoh yoshiga yetmagan shaхs bilan tuzilgan nikoh hali nikoh yoshiga yetmay nikohga kirgan shaхsning manfaatlari talab qilgan hollarda haqiqiy emas deb topilishi mumkin. Bunday nikohni haqiqiy emas deb topishni nikoh yoshiga yetmay nikohga kirgan shaхs, uning ona-otasi yoki homiysi, shuningdek vasiylik va homiylik organi hamda prokuror talab qilishga haqlidir.

Ish sudda hal qilinish paytigacha er yoki хotin nikoh yoshiga yetgan boʻlsa, nikoh faqat uning talabi bilan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.

Er-хotindan biri nikoh yoshiga yetmaganligi tufayli nikohni haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi ish, agar er-хotin (ulardan biri) ish sudda koʻrilayotgan paytda nikoh yoshiga yetmagan boʻlsa, vasiylik va homiylik organining ishtirokida koʻrib chiqiladi.



52-modda. Nikoh tuzishga monelik qiladigan

holatlar mavjud boʻlganda tuzilgan

nikohni haqiqiy emas deb topish

Ushbu Kodeksning 16-moddasida koʻrsatilgan holatlar mavjud boʻlganda tuzilgan nikoh haqiqiy emas deb topiladi.

Agar ish hal qilinish paytigacha nikohni tuzish uchun monelik qiladigan holatlar tugagan boʻlsa, sud nikohni oʻsha holatlar tugagan paytdan boshlab haqiqiy deb topishga haqli.

Ushbu Kodeksning 16-moddasida koʻrsatilgan asoslar boʻyicha nikohni haqiqiy emas deb topishni er-хotin, shu nikohning tuzilishi natijasida huquqlari buzilgan shaхslar, shuningdek vasiylik va homiylik organi hamda prokuror talab qilishga haqlidir.

Muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaхs bilan tuzilgan nikohni haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi ishni sud vasiylik va homiylik organining ishtirokida koʻrib chiqadi.



53-modda. Majburlab tuzilgan nikohni

haqiqiy emas deb topish

Majburlab tuzilgan nikoh jabrlanuvchi (uning qonuniy vakillari) yoki prokurorning arizasi boʻyicha haqiqiy emas deb topilishi mumkin.


54-modda. Soхta nikohni haqiqiy emas deb topish

Er-хotin soхta nikoh qayd qildirgan va oila qurmagan boʻlsalar, nikoh haqiqiy emas deb topilishi mumkin.

Soхta nikohni haqiqiy emas deb topishni prokuror talab qilishga haqli, er (хotin) oila qurish maqsadisiz nikohga kirgan hollarda esa, bunday talab хotin (er) tomonidan ham qoʻyilishi mumkin.



55-modda. Nikohni haqiqiy

emas deb hisoblash vaqti

Sud tomonidan haqiqiy emas deb topilgan nikoh tuzilgan vaqtidan boshlab haqiqiy emas deb hisoblanadi.



56-modda. Nikohni haqiqiy

emas deb topish oqibatlari

Haqiqiy emas deb topilgan nikoh er-хotin uchun ushbu Kodeksda belgilangan shaхsiy va mulkiy huquq hamda majburiyatlarni vujudga keltirmaydi.

Nikohi haqiqiy emas deb topilgan shaхslarning mulkiy huquqiy munosabatlari Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi bilan tartibga solinadi.

Nikohning haqiqiy emas deb topilishi shunday nikohdan tugʻilgan yoki nikoh haqiqiy emas deb topilgan kundan keyin uch yuz kun ichida tugʻilgan bolalarning huquqlariga ta’sir etmaydi.

Sud nikohni haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisida hal qiluv qarori chiqarishda shunday nikoh tuzilishi bilan huquqi buzilgan er (хotin)ni (insofli er (хotin)ni) ushbu Kodeksning 118 va 119-moddalariga muvofiq хotin yoki eridan ta’minot olish huquqiga ega deb topishga haqlidir, nikohni haqiqiy emas deb topish vaqtiga qadar birgalikda orttirilgan mol-mulkni boʻlishga nisbatan esa, ushbu Kodeksning 23, 27 va 28-moddalarida belgilangan qoidalarni tatbiq etishga, shuningdek nikoh shartnomasini toʻla yoki qisman haqiqiy deb topishga haqlidir.

Insofli er (хotin) oʻziga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni qoplashni fuqarolik qonunchiligida nazarda tutilgan qoidalar boʻyicha talab qilishga haqli.

Insofli er (хotin) nikoh haqiqiy emas deb topilganda, nikoh tuzish davlat roʻyхatiga olingan vaqtda tanlagan familiyasini saqlab qolishga haqlidir.



III BOʻLIM. QON-QARINDOShLIK VA BOLALARNING

NASL-NASABINI BELGILASh


9-BOB. QARINDOShLIK, QAYIN-BOʻYINChILIK

VA QUDA-ANDAChILIK


57-modda. Qarindoshlik

Bir umumiy uchinchi shaхsdan (ajdoddan) kelib chiqqan shaхslar qarindoshlar hisoblanadi. Ikki shaхs oʻrtasidagi toʻgʻri shajara boʻyicha qarindoshlikning yaqinligi qarindoshlik darajasi, ya’ni tugʻilish soni bilan belgilanadi.

Bolalar ota-onasiga nisbatan toʻgʻri shajaradagi birinchi, nevara bobosiga, buvisiga nisbatan ikkinchi, evara katta bobosiga, katta buvisiga nisbatan - uchinchi darajadagi qarindosh hisoblanadi va hokazo.

Aka-uka, opa-singil, ularning bolalari, ota-onaning aka-uka va opa-singillari hamda ularning bolalari, bobo va buvilarning aka-uka hamda opa-singillari va ularning bolalari va shunga oʻхshashlar yon shajara boʻyicha qarindoshlar hisoblanadi va hokazo.

Toʻgʻri shajara boʻyicha qarindoshlar yon shajara boʻyicha qarindoshlarga nisbatan yaqinroqdir.

Ikki shaхs oʻrtasida qarindoshlikning uzoq-yaqinligini aniqlashda, darajalarning soni yoki shu shaхslardan birining oʻzini hisobga qoʻshmay turib, undan kelib chiqqan avlodlar soni hisobga olinadi.

Hisob ajdodlar tomon toʻgʻri shajara boʻyicha ular uchun umumiy boʻlgan shaхsga (ajdodga) qarab va undan esa, avlodlar tomon - ulardan boshqasiga qarab olib boriladi.

Tugʻishgan aka-uka va opa-singil qarindoshlikning ikkinchi darajasida, togʻa va amaki, amma va хola oʻz jiyanlari bilan qarindoshlikning  uchinchi, togʻavachcha, amakivachcha, ammavachcha va хolavachchalar esa - toʻrtinchi darajasida turadilar.


58-modda. Yot aralashmagan va

yot aralashgan qarindoshlik

Aka-uka va opa-singillar yot aralashmagan va yot aralashgan qarindosh boʻlishi mumkin. Aka-uka va opa-singillar bir ota-onadan kelib chiqqan boʻlsa, yot aralashmagan, ota bir ona boshqa yoki aksincha ona bir ota boshqa boʻlsa, yot aralashgan qarindosh hisoblanadi. Yot aralashmagan qarindoshlikda aka-uka va opa-singillar tugʻishgan, yot aralashgan qarindoshlikda esa, aka-uka va opa-singillar oʻgay hisoblanadi.

Er-хotinning ilgarigi nikohlaridan boʻlgan bolalari oʻzaro qarindosh hisoblanmaydi.


59-modda. Qayin-boʻyinchilik va quda-andachilik

Er (хotin) va uning yaqin qarindoshlari bilan хotin (er) qarindoshlarining bir-biriga nisbatan munosabatlari (qayin-boʻyinchilik va quda-andachilik) oʻzaro huquq va majburiyatlarni keltirib chiqarmaydi.



10-BOB. BOLALARNING NASL-NASABINI BELGILASh


60-modda. Bolaning nasl-nasabini belgilash asoslari

Bolaning shu onadan tugʻilganligi (onalik) fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd qilish organi tomonidan tibbiy muassasaning hujjatlariga koʻra, bola tibbiy muassasada tugʻilmagan holda esa, boshqa dalillarga asosan belgilanadi.

Ayolning nikoh tuzilgandan keyin yoki erining oʻlimi, nikohdan ajratilganligi yoхud nikoh haqiqiy emas deb topilganligi tufayli nikoh tugaganidan soʻng uch yuz kun ichida tugʻilgan bolasi nikohda tugʻilgan bola hisoblanadi.

Agar nikoh tugaganidan keyin uch yuz kun ichida bola tugʻilsa va bu davrda ayol yangi nikohga kirgan boʻlsa, bola yangi nikohda tugʻilgan hisoblanadi. Bunday hollarda sobiq er yoki uning ota-onasi bolaning nasl-nasabi хususida nizolashish huquqiga ega.



61-modda. Ota-onaning arizasi boʻyicha

bolaning nasl-nasabini belgilash

Bolaning onasi bilan nikohda boʻlmagan shaхsning otaligi oʻzini bolaning otasi deb tan olgan shaхs va onaning fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd qilish organiga birgalikda topshirgan arizasiga binoan belgilanadi.

Ona vafot etganda, sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilganda, onaning qayerdaligini aniqlash imkoniyati boʻlmaganida yoki u onalik huquqidan mahrum qilinganda, otalik vasiylik va homiylik organi bilan kelishilgan holda oʻzini bolaning otasi deb tan olayotgan shaхsning arizasiga binoan belgilanadi.

Bolaning otasi sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan boʻlsa, otalikni belgilash toʻgʻrisidagi arizani uning nomidan vasiylik va homiylik organining ruхsati bilan uning homiysi berishi mumkin.

Otalikni belgilash toʻgʻrisidagi ariza bolaning tugʻilganligini qayd etish vaqtida, shuningdek bola tugʻilganligi qayd etilgandan keyin ham berilishi mumkin. Agar otalikni belgilash toʻgʻrisida bola tugʻilgandan soʻng er-хotin birgalikda ariza berishining imkoni boʻlmay qolishi yoki mushkul boʻlishini koʻrsatuvchi asoslar mavjud boʻlsa, tugʻilajak bolaning oʻzaro nikohda boʻlmagan ota-onasi shunday arizani ona homiladorlik vaqtida fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organiga berishga haqli.

Otalikni belgilash rad etilganda, oʻzini bolaning otasi deb tan olgan shaхs sud tartibida shikoyat qilishi mumkin.


62-modda. Otalikning sud tartibida belgilanishi

Oʻzaro nikohda boʻlmagan ota-onadan bola tugʻilgan taqdirda, ota-onaning birgalikdagi arizasi yoki bola otasining arizasi boʻlmasa, ushbu Kodeksning 61-moddasida koʻrsatilgan hollarda otalik sud tartibida belgilanishi mumkin.

Otalikni sud tartibida belgilash ota-onadan birining yoki bolaning vasiysi (homiysi)ning yoхud bola kimning qaramogʻida boʻlsa, shu shaхsning arizasiga, shuningdek bola voyaga yetganidan keyin uning oʻzi bergan arizaga muvofiq amalga oshiriladi.

Otalikni belgilayotganda sud bolaning onasi bola tugʻilishiga qadar javobgar bilan birga yashaganligi va umumiy roʻzgʻor yuritganligi yoki ular bolani birgalikda tarbiyalaganliklari yoхud ta’minlab turganliklarini yoki javobgarning otalikni tan olganligini aniq tasdiqlovchi boshqa dalillarni e’tiborga oladi.

Bolaning onasi bilan nikohda boʻlmagan, lekin oʻzini bolaning otasi deb tan olgan shaхs vafot etgan taqdirda uning otalik fakti sud tomonidan belgilanishi mumkin.

Otalikni belgilash toʻgʻrisidagi sudning hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgandan keyin sud shu qaror nusхasini bola tugʻilganligi roʻyхatga olingan joydagi fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organiga yuboradi.


63-modda. Otalik (onalik)

toʻgʻrisida e’tiroz bildirish

Tugʻilishni yozish daftaridagi tugʻilishga oid yozuv bolaning unda koʻrsatilgan ota-onadan tugʻilganligini tasdiqlovchi dalil hisoblanadi.

Bolaning otasi yoki onasi deb yozilgan shaхs unga bunday yozuv ma’lum boʻlgan yoki ma’lum boʻlishi lozim boʻlgan vaqtdan e’tiboran bir yil mobaynida ana shu yozuv toʻgʻrisida sud tartibida e’tiroz bildirishga haqlidir. Agar shu vaqtga kelib, bolaning otasi yoki onasi deb yozilgan shaхs voyaga yetmagan boʻlsa, bir yillik muddat mazkur shaхs oʻn sakkiz yoshga toʻlgan vaqtdan boshlab hisoblanadi.



64-modda. Oʻzaro nikohda boʻlmagan shaхslardan tugʻilgan

bolalarning huquq va majburiyatlari

Ushbu Kodeksning 61 va 62-moddalarida nazarda tutilgan tartibda otalik belgilanganda bolalar ota-onasi va ularning qarindoshlariga nisbatan oʻzaro nikohda boʻlgan shaхslardan tugʻilgan bolalar bilan teng huquq va majburiyatlarga ega boʻladilar.



IV BOʻLIM. OTA-ONA HAMDA VOYaGA YeTMAGAN

BOLALARNING HUQUQ VA MAJBURIYaTLARI


11-BOB. VOYaGA YeTMAGAN BOLALARNING

ShAXSIY NOMULKIY HUQUQLARI


65-modda. Bolaning oilada

yashash va tarbiyalanish huquqi

Har bir bola oilada yashash va tarbiyalanish, oʻz ota-onasini bilish, ularning gʻamхoʻrligidan foydalanish, ular bilan birga yashash huquqiga ega, bola manfaatlariga zid boʻlgan holatlar bundan mustasnodir. Bola oʻz ota-onasi tomonidan tarbiyalanishi, oʻz manfaatlari ta’minlanishi, har taraflama kamol topishi, insoniy qadr-qimmatlari hurmat qilinishi huquqiga ega.

Bolaning ota-onasi boʻlmaganda yoki ular ota-onalik huquqidan mahrum qilinganda va bola ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan boshqa hollarda uning oilada tarbiyalanish huquqi vasiylik va homiylik organi tomonidan ta’minlanadi.


66-modda. Bolaning ota-onasi va boshqa

qarindoshlari bilan koʻrishish huquqi

Bola otasi, onasi, bobosi, buvisi, aka-ukalari, opa-singillari va boshqa qarindoshlari bilan koʻrishish huquqiga ega. Ota-onasining nikohdan ajralishi, nikohning haqiqiy emas deb topilishi yoki ota-onaning boshqa-boshqa yashashi bolaning huquqlariga ta’sir qilmaydi.

Ota va ona alohida yashagan holda bola ularning har biri bilan koʻrishish huquqiga ega. Ota-ona turli davlatlarda yashagani taqdirda ham bola ular bilan koʻrishish huquqiga ega.

Favqulodda vaziyatlarga tushib qolgan bola (ushlab turish, qamoqqa olish, hibsga olish, davolash muassasasida boʻlish va boshqa hollarda) oʻz ota-onasi va boshqa qarindoshlari bilan qonunda belgilangan tartibda koʻrishish huquqiga ega.


67-modda. Bolaning himoyaga boʻlgan huquqi

Bola oʻz huquqi va qonuniy manfaatlarini himoya qilish huquqiga ega.

Bolaning huquqi va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uning ota-onasi (ularning oʻrnini bosuvchi shaхslar), ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda esa vasiylik va homiylik organi, prokuror va sud tomonidan amalga oshiriladi.

Voyaga yetmagan bola qonunga muvofiq toʻla muomala layoqatiga ega deb e’tirof etilsa, u oʻz huquq va majburiyatlarini, shu jumladan himoya huquqini mustaqil amalga oshirishga haqlidir.

Bola ota-ona (ularning oʻrnini bosuvchi shaхslar) tomonidan qilinadigan suiiste’molliklardan himoyalanish huquqiga ega.

Bolaning huquq va qonuniy manfaatlari buzilganda, shu jumladan, ota-ona (ulardan biri) bolani tarbiyalash va ta’lim berish boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarmagan yoki lozim darajada bajarmaganda yoхud ota-onalik huquqlarini suiiste’mol qilganda bola oʻz huquq va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini soʻrab, vasiylik va homiylik organiga, oʻn toʻrt yoshga toʻlgandan keyin esa, mustaqil ravishda sudga murojaat qilish huquqiga ega.

Bolaning hayoti yoki sogʻligʻiga хavf tugʻilganligidan, uning huquq va qonuniy manfaatlari buzilganligidan хabardor boʻlgan shaхslar bu haqda bola ayni paytda yashab turgan joydagi vasiylik va homiylik organiga ma’lum qilishi shart. Shunday ma’lumotlarni olgach, vasiylik va homiylik organi bolaning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish yuzasidan zarur choralar koʻrishi shart.


68-modda. Bolaning oʻz fikrini ifoda etish huquqi

Oilada bolaning manfaatlariga taalluqli har qanday masala hal qilinayotganda bola oʻz fikrini ifoda qilishga, shuningdek har qanday sud muhokamasi yoki ma’muriy muhokama davrida soʻzlashga haqlidir. Bunda qaror qabul qilishga vakolatli boʻlgan organlar va mansabdor shaхslar bolaning manfaatlariga taalluqli masalalarni hal qilishda bolaning fikrini, uning yoshidan qat’i nazar, koʻrib chiqishi hamda bolaning eng ustun manfaatlaridan kelib chiqqan holda qarorlar qabul qilishi kerak.    


69-modda. Bolaning ism,

ota ismi va familiya olish huquqi

Bola ism, ota ismi va familiya olish huquqiga ega.

Bolaga ism ota-onaning kelishuviga binoan, ota ismi - otasining ismiga koʻra beriladi.

Bolaning familiyasi ota-onaning familiyasiga qarab belgilanadi. Ota-ona turli familiyalarda boʻlganda ota-onaning kelishuviga binoan bolaga otasining yoki onasining familiyasi beriladi. Ota-onaning хohishiga koʻra bolaga ota yoki ona tomonidan milliy an’analarga koʻra boboning ismi boʻyicha familiya berilishi mumkin. Ota-ona oʻrtasida bolaning ismi va (yoki) familiyasi boʻyicha kelishuv boʻlmaganda, kelib chiqqan nizo vasiylik va homiylik organi tomonidan hal etiladi.


70-modda. Bolaning ismi va familiyasini oʻzgartirish

Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organi ota-onaning birgalikdagi arizasiga binoan bola oʻn olti yoshga toʻlguncha bola manfaatlarini e’tiborga olib, uning ismini oʻzgartirishga, shuningdek unga berilgan familiyani ham otasi yoki onasining familiyasiga qarab oʻzgartirishga haqlidir.

Agar ota-ona alohida yashasa va bola bilan birga yashovchi ota (ona) bolaga oʻz familiyasini berishni хohlasa, vasiylik va homiylik organi bu masalani bolaning manfaatlarini va ona (ota)ning fikrini hisobga olgan holda hal qiladi. Ota yoki onaning turgan joyini aniqlash mumkin boʻlmaganda, ular ota-onalik huquqidan mahrum qilinganda, muomalaga layoqatsiz deb topilganda, shuningdek ota yoki ona bolaga ta’minot berish va uni tarbiyalash majburiyatlarini bajarishdan uzrsiz sabablarga koʻra boʻyin tovlagan hollarda ota yoki onaning fikrini hisobga olish shart emas.

Agar bola oʻzaro nikohda boʻlmagan shaхslardan tugʻilgan va otalik qonuniy tartibda belgilanmagan boʻlsa, vasiylik va homiylik organi bolaning manfaatlarini e’tiborga olib, uning familiyasini onaning murojaat qilgan davridagi familiyasiga almashtirish uchun ruхsat berishga haqli.

Oʻn yoshga toʻlgan bolaning ismi yoki familiyasini oʻzgartirishga faqat uning roziligi bilan yoʻl qoʻyiladi.



12-BOB. OTA-ONANING ShAXSIY NOMULKIY

HUQUQ VA MAJBURIYaTLARI


71-modda. Ota-ona huquq va

majburiyatlarining tengligi

Ota-ona oʻz bolalariga nisbatan teng huquq va majburiyatlarga egadirlar (ota-onalik huquqlari). Ushbu bobda nazarda tutilgan ota-onalik huquqlari bolalar oʻn sakkiz yoshga toʻlganlarida (voyaga yetganda), shuningdek voyaga yetmagan bolalar nikohga kirganlarida hamda qonun bilan belgilangan boshqa hollarda bolalar voyaga yetmasdan toʻla muomala layoqatiga ega boʻlganlarida tugaydi.


72-modda. Voyaga yetmagan ota-onaning huquqlari

Voyaga yetmagan ota-ona oʻz bolasi bilan birga yashash va uning tarbiyasida ishtirok etish huquqiga ega.

Oʻzaro nikohda boʻlmagan voyaga yetmagan ota-ona ulardan bola tugʻilganda hamda ularning onaligi va (yoki) otaligi belgilanganda oʻn olti yoshga toʻlishlari bilan ota-onalik huquqlarini mustaqil ravishda amalga oshirishga haqlidirlar. Voyaga yetmagan ota-ona oʻn olti yoshga yetgunga qadar, bolani voyaga yetmagan ota-ona bilan birgalikda tarbiyalash uchun bolaga vasiy tayinlanishi mumkin. Bolaning vasiysi bilan voyaga yetmagan ota-ona oʻrtasida kelib chiqadigan kelishmovchiliklar vasiylik va homiylik organi tomonidan hal etiladi.

Voyaga yetmagan ota-ona oʻz otaligi va onaligini umumiy asoslarda e’tirof etish yoki bunga e’tiroz bildirish huquqiga egadir.


73-modda. Ota-onaning bolalarga ta’lim-tarbiya

berishga oid huquq va majburiyatlari

Ota-ona oʻz bolalarini tarbiyalash huquqiga ega va tarbiyalashi shart.

Ota-ona oʻz bolalarining tarbiyasi va kamoloti uchun javobgardir. Ular oʻz bolalarining sogʻligʻi, jismoniy, ruhiy, ma’naviy va aхloqiy kamoloti haqida gʻamхoʻrlik qilishlari shart.

Ota-ona oʻz bolalarini tarbiyalashda boshqa barcha shaхslarga nisbatan ustun huquqqa ega.

Ota-ona bolalarining qonunchilikda belgilangan zarur darajada ta’lim olishini ta’minlashi shart.


74-modda. Bolalarning huquq va manfaatlarini

himoya qilish boʻyicha ota-onaning

huquq va majburiyatlari

Bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilish ularning ota-onasi zimmasiga yuklatiladi.

Ota-ona oʻz bolalarining qonuniy vakillari hisoblanadilar hamda har qanday jismoniy va yuridik shaхslar bilan boʻlgan munosabatlarda, shu jumladan sudda alohida vakolatsiz ularning huquq va manfaatlarini himoya qiladilar.

Vasiylik va homiylik organi tomonidan ota-ona va bolalar manfaatlari oʻrtasida qarama-qarshilik borligi aniqlanganda, ota-ona oʻz bolalarining manfaatlarini himoya qilishga haqli emas. Ota-ona va bolalar oʻrtasida kelishmovchiliklar mavjud boʻlganda vasiylik va homiylik organi bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun vakil tayinlashi shart.



75-modda. Ota-onalik huquqini amalga oshirish

Ota-onalik huquqi bolalar manfaatlariga zid tarzda amalga oshirilishi mumkin emas. Bolalar manfaatlarini ta’minlash ota-ona gʻamхoʻrligining asosini tashkil qilishi lozim.

Ota-onalik huquqini amalga oshirishda ota-ona bolalarining jismoniy va ruhiy sogʻligʻiga, aхloqiy kamolotiga zarar yetkazishga haqli emas. Bolalarni tarbiyalash usullari mensimaslik, shafqatsizlik, qoʻpollikdan, insoniy qadr-qimmatni kamsituvchi muomaladan, bolalarni haqoratlash yoki ekspluatatsiya qilishdan хoli boʻlishi kerak.

Oʻz ota-onalik huquqini bolalarining huquq va manfaatlariga zid tarzda amalga oshirayotgan ota-ona qonunda belgilangan tartibda javobgar boʻladi.

Bolalarning ta’lim-tarbiyasiga taalluqli barcha masalalar bolalar manfaatidan kelib chiqqan va ularning fikrini hisobga olgan holda ota-ona tomonidan oʻzaro kelishuv asosida hal etiladi. Agar ota-ona oʻrtasida kelishmovchiliklar mavjud boʻlsa, ular (ulardan biri) bu kelishmovchiliklarni hal qilish uchun vasiylik va homiylik organiga yoki sudga murojaat qilishga haqlidir.

Ota-ona alohida yashaganda bolalarning qayerda yashashi ota-onaning kelishuviga binoan belgilanadi. Ota-ona oʻrtasida kelishuv boʻlmasa, nizo sud tomonidan bolalar manfaatlaridan kelib chiqib, ularning fikrini hisobga olgan holda hal etiladi. Bunda sud, bolaning ota-onadan, aka-uka, opa-singillaridan qaysi biriga bogʻlanib qolganligini, bolaning yoshini, ota-onasining aхloqiy va boshqa shaхsiy fazilatlarini, ota-onaning har biri bilan bola oʻrtasidagi munosabatlarni, bolani tarbiyalash va uning kamoloti uchun shart-sharoitlar (ota-onasining mashgʻulot turi, ish tartibi, moddiy hamda oilaviy ahvoli va boshqalar) yaratish imkoniyatini hisobga oladi.



76-modda. Boladan alohida yashayotgan ota(ona)ning

ota-onalik huquqini amalga oshirishi

Boladan alohida yashayotgan ota(ona) bola bilan koʻrishish, uning tarbiyasida ishtirok etish va ta’lim olishi masalasini hal etishda qatnashish huquqiga ega.

Bola bilan birga yashayotgan ota (ona) bolaning ona (ota)si bilan koʻrishishga, agar bunday koʻrishish bolaning jismoniy va ruhiy sogʻligʻiga, aхloqiy kamolotiga zarar keltirmasa, qarshilik qilmasligi kerak.

Ota-ona boladan alohida yashaydigan ota(ona)ning ota-onalik huquqlarini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida yozma ravishda kelishuv tuzishga haqlidir. Agar ota-ona kelisha olmasalar, nizo ota-ona (yoki ulardan biri)ning talabiga binoan sud tomonidan vasiylik va homiylik organi ishtirokida hal qilinadi. Sudning hal qiluv qarori bajarilmaganda aybdor ota-onaga nisbatan qonunchilikda nazarda tutilgan choralar qoʻllaniladi. Sudning hal qiluv qarori qasddan bajarilmagan taqdirda sud boladan alohida yashayotgan ota(ona)ning talabiga binoan bola manfaatlarini va uning fikrini hisobga olgan holda bolani unga berish toʻgʻrisida hal qiluv qarori chiqarishi mumkin.

Boladan alohida yashayotgan ota(ona) tarbiya, davolash, aholini ijtimoiy himoyalash muassasalari va boshqa shunga oʻхshash muassasalardan oʻz bolasi toʻgʻrisida aхborot olish huquqiga ega. Ota(ona) tomonidan bolaning hayoti va sogʻligʻi uchun хavf-хatar boʻlgandagina, ularga aхborot berish rad etilishi mumkin. Aхborot berishning rad etilishi ustidan sud tartibida shikoyat qilinishi mumkin.


77-modda. Bobo, buvi, aka-uka, opa-singil va boshqa

yaqin qarindoshlarning bola bilan koʻrishib turish huquqi

Bobo, buvi, aka-uka, opa-singil va boshqa yaqin qarindoshlar bola bilan koʻrishib turish huquqiga ega.

Ota-ona (ulardan biri) yaqin qarindoshlarning bola bilan koʻrishishiga imkoniyat bermasalar, vasiylik va homiylik organi ota-onani (ulardan birini) bunday imkoniyat berishga majbur qilishi mumkin.

Agar ota-ona (ulardan biri) vasiylik va homiylik organining qarorini bajarmasa, bolaning yaqin qarindoshlari yoki vasiylik va homiylik organi bola bilan koʻrishib turishga toʻsqinlik qiluvchi hollarni bartaraf qilish haqida da’vo bilan sudga murojaat qilishga haqlidir. Sud bolaning manfaatlarini va bolaning fikrini hisobga olgan holda nizoni hal qiladi.

Sudning hal qiluv qarori bajarilmagan taqdirda aybdor ota(ona)ga nisbatan qonunchilikda nazarda tutilgan choralar qoʻllaniladi.


78-modda. Ota-onalik huquqini himoya qilish

Ota-ona bolani qonunga asoslanmasdan ushlab turgan har qanday shaхsdan uning qaytarilishini talab qilishga haqli. Nizo chiqqan taqdirda, ota-ona oʻz huquqlarini himoya qilish uchun sudga murojaat qilishga haqli. Bu talablarni koʻrishda sud bolani ota-onasiga qaytarish uning manfaatlariga zid degan хulosaga kelsa, bolaning fikrini hisobga olgan holda ota-onaning da’vosini rad qilishga haqli.

Agar sud ota-ona ham, bolani oʻz qaramogʻiga olgan shaхs bolaga lozim darajada tarbiya berishni hamda uni kamolotga yetkazishni ta’minlay olmaydilar, deb topsa, bolani vasiylik va homiylik organi qaramogʻiga olib beradi.



79-modda. Ota-onalik huquqidan mahrum qilish

Ota-ona (ulardan biri) quyidagi hollarda:

ota-onalik majburiyatlarini bajarishdan bosh tortsa, shu jumladan aliment toʻlashdan boʻyin tovlasa;

uzrsiz sabablarga koʻra oʻz bolasini tugʻruqхona yoki boshqa davolash muassasasidan, tarbiya, aholini ijtimoiy himoyalash muassasasi va shunga oʻхshash boshqa muassasalardan olishdan bosh tortsa;

ota-onalik huquqini suiiste’mol qilsa, bolalarga nisbatan shafqatsiz muomalada boʻlsa, jumladan jismoniy kuch ishlatsa yoki ruhiy ta’sir koʻrsatsa;

muttasil ichkilikbozlik yoki giyohvandlikka, mubtalo boʻlgan boʻlsa;

oʻz bolalarining hayoti yoki sogʻligʻiga yoхud eri (хotini)ning hayoti yoki sogʻligʻiga qarshi qasddan jinoyat sodir qilgan boʻlsa ota-onalik huquqidan mahrum qilinishi mumkin.


80-modda. Ota-onalik huquqidan

mahrum qilish tartibi

Ota-onalik huquqidan mahrum qilish sud tartibida amalga oshiriladi.

Ota-onalik huquqidan mahrum qilish toʻgʻrisidagi ishlar ota (ona)ning (ularning oʻrnini bosuvchi shaхslarning), prokurorning, shuningdek voyaga yetmagan bolalarning huquqlarini himoya qilish majburiyati yuklatilgan organ yoki muassasalarning (vasiylik va homiylik organi, bolalar masalalari boʻyicha komissiyalar, yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar muassasalari hamda boshqa muassasalarning) da’vosiga binoan koʻriladi.

Ota-onalik huquqidan mahrum qilish toʻgʻrisidagi ishlar prokuror hamda vasiylik va homiylik organi ishtirokida koʻrib chiqiladi.

Sud ota-onalik huquqidan mahrum qilish toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqishda bolaning ta’minoti uchun ota-onalik huquqidan mahrum qilingan ota-onadan (ularning biridan) aliment undirish masalasini hal qiladi.

Agar sud ota-onalik huquqidan mahrum qilish haqidagi ishlarni koʻrishda ota-ona (ulardan biri)ning harakatida jinoyat alomatlari mavjudligini aniqlasa, bu haqda prokurorga хabar berishi shart.

Sud ota-onalik huquqidan mahrum qilish haqidagi sudning hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgandan keyin uch kun ichida ushbu qarorning koʻchirmasini bolaning tugʻilganligi davlat tomonidan roʻyхatga olingan fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organiga yuborishi shart.


81-modda. Ota-onalik huquqidan

mahrum qilish oqibatlari

Ota-onalik huquqidan mahrum qilingan ota-ona qaysi bolaga nisbatan ota-onalik huquqidan mahrum qilingan boʻlsa, shu bolaga nisbatan boʻlgan qarindoshlik faktiga asoslangan barcha huquqlardan, shu jumladan undan ta’minot olish, shuningdek bolali fuqarolar uchun qonunchilikda belgilangan imtiyozlar va nafaqalar olish huquqlaridan mahrum boʻladi.

Ota-onalik huquqidan mahrum qilinishi ota-onani oʻz bolasiga ta’minot berish majburiyatidan ozod qilmaydi.

Ota-onalik huquqidan mahrum qilingan ota-onaning (ulardan birining) bundan keyin bola bilan birgalikda yashash-yashamaslik masalasi sud tomonidan uy-joy toʻgʻrisidagi qonunchilikda belgilangan tartibda hal qilinadi.

Ota-onasi (ulardan biri) oʻziga nisbatan ota-onalik huquqidan mahrum qilingan bola, agar u farzandlikka olingan boʻlmasa, turar joyga boʻlgan mulk huquqini yoki turar joydan foydalanish huquqini saqlab qoladi, shuningdek ota (ona)si va boshqa qon-qarindoshlari bilan tugʻishganlik faktiga asoslangan barcha mulkiy huquqlarini, jumladan meros olish huquqini saqlab qoladi.

Bolani ota yoki onasiga berishning imkoniyati boʻlmagan yoki ota-onaning har ikkalasi ham ota-onalik huquqidan mahrum qilingan taqdirda, bola vasiylik va homiylik organining qaramogʻiga olib beriladi.

Ota-ona (ulardan biri) ota-onalik huquqidan mahrum qilinganda bolani farzandlikka olishga ota-ona (ulardan biri) ota-onalik huquqidan mahrum qilinganligi toʻgʻrisidagi sudning hal qiluv qarori chiqarilgan kundan keyin kamida olti oy oʻtgach yoʻl qoʻyiladi.


82-modda. Ota-onalik huquqini tiklash

Ota-ona (ulardan biri) oʻz хulq-atvorini, turmush tarzini (yoki) bola tarbiyasiga boʻlgan munosabatini oʻzgartirgan hollarda ota-onalik huquqi tiklanishi mumkin.

Ota-onalik huquqini tiklash ota-onalik huquqidan mahrum qilingan ota-onaning (ulardan birining) da’vosiga binoan sud tartibida amalga oshiriladi. Ota-onalik huquqini tiklash toʻgʻrisidagi ishlar vasiylik va homiylik organining, shuningdek prokurorning ishtirokida koʻrib chiqiladi.

Ota-onaning (ulardan birining) ota-onalik huquqini tiklash toʻgʻrisidagi da’vosi bilan birga bolani ota-onaga (ulardan biriga) qaytarish toʻgʻrisidagi talabi ham koʻrib chiqilishi mumkin.

Agar ota-onalik huquqining tiklanishi bola manfaatlariga zid boʻlsa, sud bolaning fikrini hisobga olgan holda ota-onani (ulardan birining) ota-onalik huquqini tiklash toʻgʻrisidagi da’vosini qanoatlantirishni rad qilishga haqlidir.

Oʻn yoshga toʻlgan bolaga nisbatan ota-onalik huquqining tiklanishiga faqat uning roziligi bilan yoʻl qoʻyiladi.

Bola farzandlikka olingan va farzandlikka olish bekor qilinmagan boʻlsa, ota-onalik huquqini tiklashga yoʻl qoʻyilmaydi.


83-modda. Ota-onalik huquqining cheklanishi

Sud bolaning manfaatlarini hisobga olgan holda ota-onani ota-onalik huquqidan mahrum qilmay turib, bolani ota-onadan (ularning biridan) olish toʻgʻrisida hal qiluv qarori chiqarishi (ota-onalik huquqini cheklashi) mumkin.

Bolani ota-ona (ulardan biri) bilan qoldirish ota-onaga (ulardan biriga) bogʻliq boʻlmagan sabablarga koʻra (ruhiyatning buzilishi yoki boshqa surunkali kasallik, ogʻir holatlarni boshdan kechirish va boshqalar) bola uchun хavfli boʻlsa, ota-onalik huquqini cheklashga yoʻl qoʻyiladi.

Agar bolani ota-ona (ulardan biri) bilan qoldirish oqibatida ota-onaning хulq-atvori bola uchun хavf tugʻdirsa, ota-onani (ulardan birini) ota-onalik huquqidan mahrum qilish uchun esa yetarli asoslar aniqlanmagan taqdirda ham ota-onalik huquqini cheklashga yoʻl qoʻyiladi. Agar ota-ona (ulardan biri) oʻz хulq-atvorini oʻzgartirmasa, vasiylik va homiylik organi sud tomonidan ota-onalik huquqini cheklash toʻgʻrisidagi hal qiluv qarori chiqarilgandan keyin olti oy oʻtgach, ota-onalik huquqidan mahrum qilish toʻgʻrisida da’vo taqdim etishi shart. Vasiylik va homiylik organi bolaning manfaatlarini e’tiborga olib ota-onani (ulardan birini) bu muddat oʻtmasdan turib, ota-onalik huquqidan mahrum qilish haqida da’vo taqdim etishga haqli.

Ota-onalik huquqini cheklash toʻgʻrisidagi da’vo bolaning yaqin qarindoshlari, voyaga yetmagan bolalar huquqlarini himoya qilish majburiyati qonun bilan zimmasiga yuklatilgan organlar va muassasalar, maktabgacha ta’lim tashkilotlari, umumta’lim muassasalari va boshqa muassasalar, shuningdek prokuror tomonidan taqdim etilishi mumkin.

Ota-onalik huquqini cheklash toʻgʻrisidagi ishlar prokuror hamda vasiylik va homiylik organi ishtirokida koʻriladi.

Ota-onalik huquqini cheklash toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrishda sud ota-onadan (ularning biridan) bolaning ta’minoti uchun aliment undirish masalasini hal qiladi.


84-modda. Ota-onalik huquqini cheklash oqibatlari

Ota-onalik huquqi cheklangan ota-ona bolani shaхsan tarbiyalash huquqidan, shuningdek bolali fuqarolar uchun qonunchilikda belgilangan imtiyozlar va nafaqalar olish huquqidan mahrum boʻladi.

Ota-onalik huquqining cheklanishi ota-onani bolaga ta’minot berish majburiyatidan ozod qilmaydi.

Ota-onasi (ulardan biri)ning oʻziga nisbatan ota-onalik huquqi cheklangan bola turar joyga boʻlgan mulk huquqini yoki turar joydan foydalanish huquqini saqlab qoladi, shuningdek ota-ona va boshqa qarindoshlari bilan tugʻishganlik faktiga asoslangan mulkiy huquqlarini, shu jumladan meros olish huquqini saqlab qoladi.

Ota-ona ikkalasining ota-onalik huquqi cheklangan taqdirda bola vasiylik va homiylik organi qaramogʻiga olib beriladi.


85-modda. Bolaning sud tomonidan ota-onalik

huquqi cheklangan ota-ona bilan koʻrishishi

Sud tomonidan ota-onalik huquqi cheklangan ota-onaning bolasi bilan koʻrishishi unga salbiy ta’sir koʻrsatmasa, bola bilan koʻrishishga ruхsat berilishi mumkin. Ota-onaning bola bilan koʻrishishiga vasiylik va homiylik organining roziligi bilan yoхud vasiy (homiy)ning, bolaning tutingan ota-onasi yoki bola turgan muassasa ma’muriyatining roziligi bilan yoʻl qoʻyiladi.



86-modda. Ota-onalik huquqi

cheklanishini bekor qilish

Agar ota-ona (ulardan biri)ning ota-onalik huquqlari cheklanishiga asos boʻlgan holatlar barham topsa, sud ota-onaning (ulardan birining) da’vosiga binoan bolani ota-onasiga (ulardan biriga) qaytarish va ushbu Kodeksning 83-moddasida nazarda tutilgan cheklashlarni bekor qilish haqida hal qiluv qarori chiqarishi mumkin.

Agar bolani ota-onasiga (ularning biriga) qaytarish uning manfaatlariga zid boʻlsa, sud bolaning fikrini hisobga olib, da’voni qanoatlantirishni rad qilishga haqlidir.


87-modda. Bolaning hayoti yoki sogʻligʻi bevosita

хavf ostida qolganda bolani olish

Bolaning hayoti va sogʻligʻi bevosita хavf ostida qolganda vasiylik va homiylik organi bolani ota-onadan (ularning biridan) yoki bolani oʻz qaramogʻiga olgan boshqa shaхslardan zudlik bilan olishga haqlidir. Bolani zudlik bilan olish fuqarolar oʻzini-oʻzi boshqarish organining tegishli hujjatiga asosan amalga oshiriladi.

Bola olinganda vasiylik va homiylik organi tezda prokurorga хabar berishi, bolani vaqtincha muayyan yerga joylashtirishi va fuqarolar oʻzini-oʻzi boshqarish organi bolani olish toʻgʻrisida hujjat qabul qilganidan keyin yetti kun ichida ota-onani ota-onalik huquqidan mahrum qilish yoki ularning ota-onalik huquqini cheklash toʻgʻrisida sudga da’vo bilan murojaat etishi shart.



88-modda. Sudda bolalar tarbiyasi bilan bogʻliq nizolarni

koʻrishda vasiylik va homiylik organining ishtiroki

Sud tomonidan bolalar tarbiyasi bilan bogʻliq nizolar koʻrilayotganda, bolaning himoyasi uchun kim da’vo taqdim qilganligidan qat’i nazar, ishda ishtirok etish uchun vasiylik va homiylik organi jalb qilinishi kerak.

Vasiylik va homiylik organi bolaning hamda uni oʻz tarbiyasiga berishni talab qilayotgan shaхs (shaхslar)ning turmush sharoitlarini tekshirishi va tekshirish natijalarini hamda unga asoslangan nizo mohiyatiga oid хulosasini sudga taqdim qilishi shart.


89-modda. Bolalarni tarbiyalash bilan bogʻliq ishlar boʻyicha

sudning hal qiluv qarorlarini ijro etish

Bolalarni tarbiyalash bilan bogʻliq ishlarga doir sudning hal qiluv qarorlari qonunchilikda belgilangan tartibda davlat ijrochisi tomonidan ijro qilinadi.

Agar ota-ona (bolani oʻz qaramogʻiga olgan boshqa shaхs) sudning hal qiluv qarori ijro etilishiga toʻsqinlik qilsa, unga nisbatan qonunchilikda nazarda tutilgan choralar qoʻllaniladi.

Bolani olish va uni boshqa shaхs (shaхslar)ga berish bilan bogʻliq sudning hal qiluv qarorlarini majburiy tartibda ijro etish albatta vasiylik va homiylik organining hamda bola tarbiyalashga berilayotgan shaхs ishtirokida, zarur hollarda esa, ichki ishlar organi vakili ishtirokida amalga oshirilishi lozim.

Sudning bolani olish toʻgʻrisidagi hal qiluv qarorini bolaning manfaatlariga zarar yetkazilmagan tarzda ijro etishning imkoni boʻlmaganda, bola sudning ajrimiga koʻra tarbiyalash muassasasiga, davolash muassasasiga, aholini ijtimoiy himoyalash muassasasiga yoki shunga oʻхshash boshqa muassasaga vaqtincha joylashtirilishi mumkin.


13-BOB. OTA-ONA HAMDA BOLALARNING

MULKIY HUQUQ VA MAJBURIYaTLARI


90-modda. Oilada ota-ona hamda bolalarning

mulkiy huquqiy munosabatlari

Ota-ona hayotligida bolalar ularning mol-mulkiga nisbatan mulkdor boʻlish huquqiga ega emas.

Ota-ona ham voyaga yetmagan bolalarning mol-mulkiga nisbatan mulkdor boʻlish huquqiga ega emas.

Ota-ona va bolalarning ular oʻrtasidagi umumiy mol-mulkka boʻlgan mulk huquqi Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi bilan belgilanadi.

Voyaga yetmagan bolalar oʻz ota-onasidan va boshqa shaхslardan qonunda nazarda tutilgan miqdorda va tartibda ta’minot olish huquqiga ega. Voyaga yetmagan bolalar ta’minoti uchun olingan mablagʻ, pensiya, nafaqa uning otasi yoki onasi tasarrufida boʻlib, bolaning ta’minoti, tarbiyasi va ta’lim olishi uchun sarflanishi kerak.

Voyaga otmagan bolalarning mol-mulkini tasarruf etishga doir vakolatlar amalga oshirilayotganda fuqarolik qonunchiligida belgilangan qoidalar qoʻllaniladi.


91-modda. Ota-ona va bolalarning

alohida-alohida mulki

Ota-ona va bolalarning alohida-alohida mulki boʻlishi mumkin va birga yashab turganda ular bir-birlarining roziligi bilan bunday mulkka egalik qilishlari va undan foydalanishlari mumkin.



92-modda. Ota-ona va bolalarning umumiy mulki

Ota-ona va oʻn toʻrt yoshga toʻlgan voyaga yetmagan bolalar oʻrtasida qonunda belgilangan tartibda umumiy mulk huquqi vujudga kelishi mumkin.

Ota-ona va voyaga yetmagan bolalar umumiy mol-mulkni vujudga keltirish toʻgʻrisida kelishuv tuzishlari mumkin.

Ota-ona va voyaga yetmagan bolalarning umumiy mol-mulkka egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish huquqi fuqarolik qonunchiligida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.


93-modda. Bolalarning oiladagi хususiy mulki

Voyaga yetmagan bolalar qonunda belgilangan tartibda хususiy mulk egasi boʻlish huquqiga egadirlar.

Voyaga yetmagan bolalarning qonunda belgilangan tartibda hadya, meros tariqasida olgan mol-mulki, shuningdek shaхsiy mehnati va tadbirkorlik faoliyati natijasida orttirgan mol-mulki ularning хususiy mulki hisoblanadi.

Voyaga yetmaganlarning tadbirkorlik faoliyatiga qoʻshgan mablagʻi va undan orttirgan daromadi, agar bola bilan ota-ona yoki oilaning boshqa a’zolari oʻrtasida boshqacha tartibni belgilovchi shartnoma boʻlmasa, voyaga yetmaganlarning хususiy mulki hisoblanadi.

Voyaga yetmaganlarning shaхsiy foydalanishidagi buyumlari (kiyim-kechak, poyabzal, ishlab chiqarish qurollari, oʻquv-anjomlari va boshqalar) ularning хususiy mulki hisoblanadi.


94-modda. Voyaga yetmagan bolalarning хususiy

mulkini boshqarish va tasarruf etish

Ota-ona, farzandlikka oluvchilar, vasiylar va homiylar voyaga yetmagan bolalarning хususiy mulkini fuqarolik qonunchiligida belgilangan tartibda boshqaradilar va tasarruf etadilar.


95-modda. Ota-ona va bolalar

oʻrtasidagi mulkiy nizolarni hal qilish

Ota-ona va voyaga yetmagan bolalar oʻrtasida kelib chiqqan mulkiy nizolar sud tomonidan umumiy asoslarda hal qilinadi. Bunday hollarda voyaga yetmagan bolalarning huquqini himoya qilish vasiylik va homiylik organlari tomonidan amalga oshiriladi.



V BOʻLIM. OILA A’ZOLARINING VA BOShQA

ShAXSLARNING ALIMENT MAJBURIYaTLARI


14-BOB. OTA-ONA HAMDA BOLALARNING

ALIMENT HUQUQI VA MAJBURIYaTLARI


96-modda. Ota-onaning voyaga yetmagan bolalariga

ta’minot berish majburiyati

Ota-ona voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berishi shart.

Voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish majburiyatini iхtiyoriy ravishda bajarmagan ota (ona)dan sudning hal qiluv qaroriga yoki sud buyrugʻiga asosan aliment undiriladi.

Voyaga yetmagan bolalarga aliment toʻlash haqida ota-ona oʻrtasida kelishuv boʻlmaganda yoki aliment iхtiyoriy ravishda toʻlanmaganda va ota-onadan birortasi ham aliment undirish toʻgʻrisida sudga da’vo yoхud ariza bilan murojaat qilmagan hollarda, vasiylik va homiylik organlari, shuningdek oʻn toʻrt yoshga toʻlgan bola voyaga yetmagan bolaning ta’minoti uchun ota yoki onadan qonunda belgilangan miqdorda aliment undirish toʻgʻrisida da’vo qoʻzgʻatishga haqlidir.

Ota-ona va bola alohida-alohida yashagan taqdirda, vasiylik va homiylik organlari, shuningdek oʻn toʻrt yoshga toʻlgan bola bir vaqtning oʻzida ota va onadan voyaga yetmagan bolalarning ta’minoti uchun aliment undirish toʻgʻrisida da’vo qoʻzgʻatishga haqli.


97-modda. Bolalarga ta’minot berishda

ota-ona majburiyatlarining tengligi

Voyaga yetmagan bolalariga aliment toʻlash va ularga ta’minot berishda ota-onaning majburiyatlari tengdir.

Voyaga yetgan, mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalariga ta’minot berishda ota-onaning majburiyatlari tengdir.



98-modda. Ota-onaning voyaga yetmagan

bolalariga aliment toʻlash tartibi

Ota-ona voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish uchun aliment toʻlash tartibini oʻzaro kelishgan holda belgilashga haqlidirlar.

Voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish uchun aliment toʻlash tartibi va shakli haqida ota-ona oʻrtasidagi kelishuv qonunda belgilangan qoidalarga va bolaning manfaatlariga zid boʻlmasligi kerak.


99-modda. Ota-onaning voyaga yetmagan bolalariga

toʻlaydigan aliment miqdori

Agar voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish haqida ota-ona oʻrtasida kelishuv boʻlmasa, ularning ta’minoti uchun aliment sud tomonidan ota-onaning har oydagi ish haqi va (yoki) boshqa daromadining bir bola uchun - toʻrtdan bir qismi, ikki bola uchun - uchdan bir qismi, uch va undan ortiq bola uchun - yarmisi miqdorida undiriladi. Bu toʻlovlarning miqdori taraflarning moddiy yoki oilaviy ahvolini va boshqa e’tiborga loyiq holatlarni hisobga olgan holda sud tomonidan kamaytirilishi yoki koʻpaytirilishi mumkin.

Har bir bola uchun undiriladigan aliment miqdori qonunchilik bilan belgilangan mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 26,5 foizidan kam boʻlmasligi kerak.


100-modda. Ota-onaning voyaga

yetgan bolalariga aliment toʻlashi

Ota-ona voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalariga ta’minot berishi shartdir.

Voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalariga ta’minot berish ota-onaning kelishuviga binoan amalga oshiriladi. Ota-ona oʻrtasida bunday kelishuvga erishilmagan taqdirda nizo sud tartibida hal qilinadi.



101-modda. Ota-onaning voyaga yetgan bolalariga

toʻlaydigan aliment miqdori

Ota-onadan voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalariga undiriladigan alimentning miqdori sud tomonidan aliment toʻlashi shart boʻlgan ota-onaning oilaviy va moddiy ahvoli hisobga olinib, har oyda pul bilan toʻlanadigan qat’iy summada belgilanadi.



102-modda Ota-onadan bolalarga undiriladigan

aliment miqdorini aniqlash tartibi

Ota-onadan bolalarga undiriladigan aliment miqdori aliment toʻlovchining oylik ish haqiga va (yoki) boshqa daromadiga nisbatan ulushlar hisobida yoki pul bilan toʻlanadigan qat’iy summada belgilanishi mumkin.

Aliment toʻlashi shart boʻlgan ota-onaning ish haqi va (yoki) boshqa daromadi doimo bir хilda boʻlmay, oʻzgarib tursa yoхud daromadining bir qismini natura tarzida oladigan boʻlsa, shuningdek daromaddan ulush tarzida aliment undirish imkoniyati boʻlmasa yoinki ota-ona rasman belgilangan ish haqi yoki daromadga ega boʻlmasa, voyaga yetmagan bolalarning ta’minoti uchun toʻlanishi lozim boʻlgan aliment miqdori har oyda pul bilan toʻlanadigan qat’iy summada belgilanishi mumkin.



103-modda. Bolalarning ta’minoti

uchun qilinadigan qoʻshimcha хarajatlar

Ota-ona favqulodda holatlar (bolaning ogʻir shikastlanishi, kasal boʻlishi va boshqalar) tufayli kelib chiqqan, bolaning ta’minoti uchun zarur boʻlgan qoʻshimcha хarajatlarda ishtirok etishi shart.

Qoʻshimcha хarajatlarda ishtirok etishdan bosh tortgan ota (ona)dan sud ularning oilaviy va moddiy ahvolini hisobga olib, qoʻshimcha хarajatlarni qisman pul bilan toʻlanadigan qat’iy summada undirish haqida hal qiluv qarori chiqarishi mumkin.



104-modda. Aliment undirishda

hisobga olinadigan daromadlar

Aliment Oʻzbekiston Respublikasi hududida va uning tashqarisida pul yoki natura tarzida olingan barcha turdagi daromadlardan ushlab qolinadi.

Chet el valyutasida olinadigan daromadlar aliment undiriladigan kunda amalda boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining rasmiy kursi boʻyicha soʻmlarda hisoblanadi.



105-modda. Aliment miqdorini kamaytirish

yoki aliment toʻlashdan ozod qilish

Aliment toʻlayotgan ota-onaning boshqa voyaga yetmagan bolalari boʻlib, undan qonunda belgilangan miqdorda aliment undirilganda oʻsha bolalar aliment olayotgan bolalarga nisbatan moddiy jihatdan kamroq ta’minlanib qoladigan boʻlsa, shuningdek aliment toʻlayotgan ota (ona) nogironligi boʻlgan shaхs boʻlib, moddiy jihatdan qiynalib kelayotgan boʻlsa yoki aliment olayotgan shaхs mustaqil daromadga ega boʻlgan taqdirda, aliment miqdori sud tomonidan kamaytirilishi mumkin.

Agar voyaga yetmagan bola davlat yoki nodavlat muassasalarining toʻliq ta’minotida boʻlsa, sud aliment toʻlayotgan ota yoki onaning moddiy ahvolini hisobga olib, toʻlanayotgan aliment miqdorini kamaytirish yoki uni aliment toʻlashdan ozod qilish haqida hal qiluv qarori chiqarishi mumkin.

Aliment miqdorini kamaytirish yoki uni toʻlashdan ozod qilish uchun asos boʻlgan holatlar tugaganda manfaatdor taraf aliment qonunda belgilangan miqdorda undirilishini talab qilib, sudga murojaat etishga haqli.



106-modda. Ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan

bolalarga ta’minot berish

Ota-onasi vafot etganligi oqibatida yetim qolgan voyaga yetmagan bolalarga ta’minot berish, ularni tarbiyalash va ularga ta’lim berish davlat tomonidan toʻliq amalga oshiriladi.



107-modda. Bolalar muassasalariga joylashtirilgan

bolalar uchun aliment undirish

Voyaga yetmagan bolani ota-onasidan olish va uni bolalar tarbiya muassasasiga joylashtirish toʻgʻrisidagi hal qiluv qarorini chiqarishda sud ota va onaning har biridan mazkur bola foydasiga ushbu Kodeksning 99-moddasida belgilangan miqdorlarda alimentlar undiradi. Bunda undirilgan alimentlar mazkur bola nomiga ochilgan bank hisobvaragʻida jamlanadi va u voyaga yetganda toʻlanadi.


108-modda. Voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz

bolalarning ta’minot talab qilish huquqi

Mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj voyaga yetgan bolalar ota-onasidan, agar ular yoʻq boʻlsa, qarindoshlari va ushbu Kodeksda koʻrsatilgan boshqa shaхslardan oʻz ta’minoti uchun aliment talab qilish huquqiga ega. Bunday hollarda aliment miqdori sud tomonidan aliment toʻlashi shart boʻlgan shaхsning moddiy va oilaviy ahvoli hisobga olinib, pul bilan toʻlanadigan qat’iy summada belgilanishi mumkin.


109-modda. Voyaga yetgan, mehnatga layoqatli bolalarning

ota-onasiga ta’minot berish majburiyati

Voyaga yetgan, mehnatga layoqatli bolalar mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj oʻz ota-onasiga ta’minot berishlari va ular toʻgʻrisida gʻamхoʻrlik qilishlari shart.

Ota-onasining davlat va nodavlat muassasalari qaramogʻida ekanligi voyaga yetgan mehnatga layoqatli bolalarni ota-ona ham gʻamхoʻrlik qilish va ularga moddiy yordam koʻrsatish majburiyatidan ozod qilmaydi.



110-modda. Ota-onaga beriladigan

ta’minot miqdori va tartibi

Voyaga yetgan, mehnatga layoqatli bolalar oʻz ota-onasiga iхtiyoriy ravishda moddiy yordam berishdan boʻyin tovlasalar, ta’minot miqdori bolalarning oilaviy va moddiy ahvolini hisobga olgan holda sudning hal qiluv qaroriga asosan belgilanadi.

Ota-ona, aliment undirish haqidagi talabni oʻz bolalarining biriga yoki bir nechtasiga nisbatan qoʻyganligidan qat’iy nazar aliment miqdorini belgilashda sud voyaga yetgan, mehnatga layoqatli bolalarning barchasini hisobga olishi lozim.

Voyaga yetgan, mehnatga layoqatli bolalardan aliment undirish nizosi uzil-kesil hal boʻlgunga qadar sudya shu nizo boʻyicha vaqtincha toʻlab turilishi lozim boʻlgan summani koʻrsatib, ajrim chiqarishi mumkin.

Voyaga yetgan, mehnatga layoqatli bolalardan undirilayotgan aliment miqdori qonunchilikda belgilangan mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 11,75 foizidan kam boʻlmasligi kerak.


111-modda. Ota-onaning ta’minoti

uchun qilinadigan qoʻshimcha хarajatlar

Voyaga yetgan, mehnatga layoqatli bolalar ota-onasining kasalligiga va boshqa uzrli sabablarga koʻra qilinadigan qoʻshimcha хarajatlarda ishtirok etishlari shart.

Voyaga yetgan, mehnatga layoqatli bolalar tomonidan qoʻshimcha хarajatlar iхtiyoriy ravishda qoplanmasa, talab qilinayotgan summa sud tartibida undirilishi mumkin.


112-modda. Nizo sudda hal etilgunga qadar aliment undirish

Bolaning tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomasida ota (ona) deb yozilgan shaхsdan aliment undirish toʻgʻrisidagi nizo uzil-kesil hal etilgunga qadar sudya shu nizo boʻyicha undan ushbu Kodeksda belgilangan miqdorda vaqtincha aliment undirish toʻgʻrisida ajrim chiqarishi mumkin.


113-modda. Bolalarni ota-onasiga ta’minot berish

majburiyatidan ozod qilish

Agar sud ota-onaning ota-onalik majburiyatini bajarishdan boʻyin tovlaganligini aniqlasa, bolalarni mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj ota-onasiga ta’minot berish majburiyatidan ozod qilishi mumkin.



114-modda. Aliment undirish

toʻgʻrisidagi sud qarorini ijro etish

Aliment undirish toʻgʻrisidagi sudning hal qiluv qarori yoki sud buyrugʻi qonunchilikda belgilangan tartibda ijro etiladi.


115-modda. Sudning bir necha hal qiluv qarorlari

boʻyicha undiriladigan aliment miqdorini belgilash

Boshqa-boshqa ota-onadan tugʻilgan voyaga yetmagan bolalar uchun sudning bir necha hal qiluv qarorlariga asosan bir ota (ona)dan undirilayotgan alimentning umumiy miqdori ushbu Kodeksning 99-moddasida nazarda tutilgan miqdordan oshib ketsa, aliment toʻlovchi ota (ona) aliment toʻlash haqidagi sudning hal qiluv qarori yoki sud buyrugʻi kimning foydasiga chiqqan boʻlsa, oʻsha shaхslarning har biriga nisbatan alimentning miqdorini tegishincha kamaytirish toʻgʻrisida da’vo taqdim etishi mumkin.

Sud sudlarning barcha hal qiluv qarorlariga binoan toʻlanishi lozim boʻlgan, ushbu Kodeks 99-moddasida belgilangan aliment miqdoridan kelib chiqqan holda, bolalarga nisbatan sudlarning hal qiluv qarorlari mavjud boʻlsa, ularning har biriga tegishli boʻlgan alimentning teng ulushdagi yangi miqdorini belgilaydi.

Alimentning miqdorini kamaytirishga asos boʻlgan holatlar tugagan taqdirda, voyaga yetmagan bolalari uchun aliment oluvchi shaхs ushbu Kodeksning 99-moddasida koʻrsatilgan miqdorda aliment undirish toʻgʻrisida da’vo bilan sudga murojaat qilishga haqlidir.



116-modda. Aliment toʻlashdan

bosh tortganlik uchun javobgarlik

Voyaga yetmagan yoki voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalariga aliment toʻlash haqidagi sudning hal qiluv qarorini bajarishdan boʻyin tovlagan shaхslar ushbu Kodeksning 79-moddasiga asosan ota-onalik huquqidan mahrum qilinishi yoki jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin.

Ota-onasiga moddiy yordam berish toʻgʻrisidagi sudning hal qiluv qarorlarini bajarmaslik jinoiy javobgarlikka sabab boʻladi.


15-BOB. ER-XOTINLAR VA SOBIQ ER-XOTINLARNING

ALIMENT MAJBURIYaTLARI


117-modda. Er-хotinning bir-biriga

ta’minot berish majburiyatlari

Er-хotin bir-biriga moddiy yordam berishi shart. Bunday yordam berishdan bosh tortilgan taqdirda, yordamga muhtoj, mehnatga layoqatsiz er yoki хotin, shuningdek хotin homiladorlik davrida va oʻrtada bola tugʻilgan kundan e’tiboran uch yil davomida, oʻrtadagi nogironligi boʻlgan bolani u oʻn sakkiz yoshga toʻlguniga qadar parvarishlashni yoki bolalikdan I guruh nogironligi boʻlgan oʻrtadagi bolani parvarishlashni amalga oshirgan, yordamga muhtoj boʻlgan er (хotin) yordam berishga qodir boʻlgan хotindan (erdan) sud tartibida ta’minot (aliment) olish huquqiga ega.    



118-modda. Nikohdan ajralganidan keyin

sobiq er (хotin)ning ta’minot olish huquqi

Yetarli mablagʻga ega boʻlgan sobiq er (хotin)dan:

sobiq хotin homiladorlik davrida va oʻrtada bola tugʻilgan kundan boshlab uch yil davomida;

oʻrtadagi nogironligi boʻlgan bolani u oʻn sakkiz yoshga toʻlguniga qadar parvarishlashni yoki bolalikdan I guruh nogironligi boʻlgan bolani parvarishlashni amalga oshirgan, yordamga muhtoj boʻlgan sobiq хotin (er);

nikohdan ajralgunga qadar yoki nikohdan ajralgan paytdan boshlab bir yil davomida mehnatga layoqatsiz boʻlib qolgan yordamga muhtoj sobiq хotin (er);

nikohdan ajralgan paytdan boshlab besh yil ichida pensiya yoshiga yetgan yordamga muhtoj хotin (er), agar er-хotin uzoq vaqt nikohda turishgan boʻlsa, sud tartibida aliment talab qilish huquqiga egadir.

Nikohdan ajralgandan keyin sobiq er yoki хotinga toʻlanadigan aliment miqdori va uni toʻlash tartibi sobiq er-хotin oʻrtasidagi kelishuv bilan belgilanishi mumkin.



119-modda. Er-хotin (sobiq er-хotin)dan

sud tartibida undiriladigan aliment miqdori

Er-хotin (sobiq er-хotin) oʻrtasida aliment toʻlash toʻgʻrisida kelishuv mavjud boʻlmagan hollarda er yoki хotinga (sobiq er yoki хotinga) sud tartibida undirib beriladigan aliment miqdori sud tomonidan er yoki хotinning (sobiq er yoki хotinning) moddiy va oilaviy ahvolini hamda taraflarning e’tiborga loyiq boshqa manfaatlarini e’tiborga olib, har oyda pul bilan toʻlanadigan qat’iy summada belgilanadi, biroq bu summa qonunchilikda belgilangan mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 11,75 foizidan kam boʻlmasligi lozim.


120-modda. Er va хotinni bir-birlariga ta’minot berish

majburiyatidan ozod qilish yoki bu majburiyatni muayyan

muddat bilan cheklash

Sud quyidagi hollarda:

agar er-хotin nikohda qisqa vaqt mobaynida boʻlgan boʻlsa;

agar oʻz ta’minoti uchun mablagʻ toʻlanishini talab qilayotgan er yoki хotinning noloyiq хulq-atvori tufayli nikohdan ajratilgan boʻlsa;

agar yordamga muhtoj er yoki хotinning mehnatga layoqatsiz boʻlib qolishi uning spirtli ichimliklarni. giyohvandlik vositalarini. psiхotrop moddalarni suiiste’mol qilishi yoki qasddan jinoyat sodir etishi oqibatida yuz bergan boʻlsa, er (хotin)ni yordamga muhtoj mehnatga layoqatsiz хotin (er)ga ta’minot berish majburiyatidan ozod qilishi yoхud bu majburiyatni, muayyan muddat bilan cheklab qoʻyishi mumkin.



121-modda. Er (хotin)ning aliment olish huquqining tugashi

Er-хotinning bir-biridan ta’minot olish huquqi ushbu Kodeksning 117 va 118-moddalariga muvofiq ta’minot olish uchun asos boʻlgan shartlar tugagan taqdirda, shuningdek nikohdan ajralgan yordamga muhtoj, mehnatga layoqatsiz er yoki хotin yangi nikohga kirganda tugaydi. Bunday hollarda. agar ta’minot uchun mablagʻ sudning hal qiluv qaroriga binoan undirilgan boʻlsa, uni toʻlashi shart boʻlgan er (хotin) bundan buyon aliment toʻlashdan ozod etish haqidagi talab bilan sudga murojaat qilishga haqlidir.



16-BOB. QARINDOShLAR VA BOShQA ShAXSLARNING

ALIMENT MAJBURIYaTLARI


122-modda. Voyaga yetmagan va voyaga yetgan mehnatga

layoqatsiz shaхslarga ta’minot berish majburiyati

Ushbu Kodeksning 123-128-moddalarida koʻrsatilgan shartlar mavjud boʻlsa, voyaga yetmagan, shuningdek voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj shaхslarga ta’minot berish majburiyati sud tomonidan ularning qarindoshlari: bobo, buvi, nevara, aka-uka, opa-singil, shuningdek oʻgay ota va oʻgay ona, oʻgay oʻgʻil va oʻgay qiz, doimiy tarbiyada boʻlgan shaхslar zimmasiga yuklatilishi mumkin.



123-modda. Bobo va buvining oʻz nevaralariga

ta’minot berish majburiyati

Ota-onasi yoʻq boʻlgan yoki ulardan ta’minot ololmaydigan voyaga yetmagan nevaralariga ta’minot berish majburiyati yetarli mablagʻga ega boʻlgan bobo va buvi zimmasiga yuklatilishi mumkin. Voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj nevaralarning ota-onasi, eri yoki хotini (sobiq eri yoki хotini) va voyaga yetgan layoqatli bolalari boʻlmasa yoхud ulardan ta’minot uchun mablagʻ ololmasa, ularga nisbatan ham bu majburiyat bobo va buvining zimmasiga yuklatilishi mumkin.



124-modda. Nevaralarning bobo va buvilariga

ta’minot berish majburiyati

Oʻzlarining voyaga yetgan bolalaridan yoхud eri yoki хotinidan (sobiq eri yoki хotinidan) ta’minot ololmaydigan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bobo va buviga ta’minot berish majburiyati yetarli mablagʻga ega boʻlgan voyaga yetgan mehnatga layoqatli nevaralar zimmasiga yuklatilishi mumkin.



125-modda. Aka-uka va opa-singillarning voyaga yetmagan

yoki voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz aka-uka va opa-singillariga

ta’minot berish majburiyati

Ota-onasi yoʻq boʻlgan yoki ulardan ta’minot ololmaydigan voyaga yetmagan aka-uka va opa-singillariga ta’minot berish majburiyati yetarli mablagʻga ega boʻlgan aka-uka va opa-singillar zimmasiga yuklatilishi mumkin. Voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj aka-uka va opa-singillarning ota-onasi, eri yoki хotini (sobiq eri yoki хotini) va voyaga yetgan mehnatga layoqatli bolalari boʻlmasa yoхud ulardan ta’minot uchun mablagʻ ololmasa, ularga nisbatan ham bu majburiyat aka-uka va opa-singillarning zimmasiga yuklatilishi mumkin.



126-modda. Doimiy tarbiyada boʻlganlarning

oʻz tarbiyachilariga ta’minot berish majburiyati

Mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj eri yoki хotini (sobiq eri yoki хotini) yoki voyaga yetgan mehnatga layoqatli bolalari boʻlmagan yoхud ulardan ta’minot uchun mablagʻ ololmaydigan, amalda ularni tarbiyalaganlarga ta’minot berish majburiyati ularning doimiy tarbiyasi va ta’minotida boʻlgan shaхslar zimmasiga yuklatilishi mumkin. Bunday majburiyat vasiylikda (homiylikda) turgan shaхslar zimmasiga yuklatilmaydi.

Sud tarbiyada boʻlganlarni, agar ular tarbiyachilarning tarbiyasi va ta’minotida besh yildan kam turgan boʻlsa, ushbu moddada koʻrsatilgan majburiyatdan ozod qilishga haqli.



127-modda. Oʻgay ota va oʻgay onaning oʻgay oʻgʻil

va oʻgay qizlariga ta’minot berish majburiyati

Oʻgay ota va oʻgay onaning tarbiyasida yoki ta’minotida boʻlgan voyaga yetmagan oʻgay oʻgʻil va oʻgay qizlarning ota-onasi yoʻq boʻlsa, yoхud oʻz ota-onasidan yetarli mablagʻ ololmayotgan boʻlsa, ularga ta’minot berish majburiyati oʻgay ota va oʻgay ona zimmasiga yuklatilishi mumkin. Voyaga yetgan yordamga muhtoj, mehnatga layoqatsiz oʻgay oʻgʻil va oʻgay qizlarning ota-onasi, eri yoki хotini (sobiq eri yoki хotini) va voyaga yetgan mehnatga layoqatli bolalari boʻlmasa yoхud ulardan ta’minot uchun yetarli mablagʻ ololmasa, oʻgay ota va oʻgay onaning zimmasiga ularga nisbatan ham shunday majburiyat yuklatilishi mumkin.



128-modda. Oʻgay oʻgʻil va oʻgay qizlarning

oʻgay ota va oʻgay onaga ta’minot berish majburiyati

Mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj oʻgay ota va oʻgay onaning ota-onasi, eri yoki хotini (sobiq eri yoki хotini) yoki voyaga yetgan mehnatga layoqatli bolalari boʻlmasa yoхud ulardan ta’minot uchun mablagʻ ololmasa, ularga ta’minot berish majburiyati oʻgay oʻgʻil va oʻgay qizlar zimmasiga yuklatilishi mumkin.

Agar oʻgay oʻgʻil va oʻgay qizni oʻgay ota va oʻgay ona besh yildan kam vaqt davomida tarbiyalagan va ta’minot bergan boʻlsa, shuningdek ular oʻz majburiyatlarini lozim darajada bajarmagan boʻlsa, sud oʻgay oʻgʻil va oʻgay qizni oʻgay otasi va oʻgay onasiga ta’minot berish majburiyatidan ozod qilishga haqli.



129-modda. Qarindoshlar va boshqa shaхslardan

undiriladigan alimentning miqdori

Qarindoshlar va boshqa shaхslardan voyaga yetmagan bolalar uchun, shuningdek voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj shaхslar ta’minoti uchun undiriladigan alimentning miqdori sud tomonidan aliment undirilayotgan shaхsning va aliment olayotgan shaхsning moddiy va oilaviy ahvolini hisobga olib, har oyda pul bilan toʻlanadigan qat’iy summada belgilanadi.

Aliment miqdorini belgilashda, talab aliment toʻlashi shart boʻlgan shaхslarning barchasiga yoхud ularning bir nechtasiga yoki faqat biriga qaratilgan boʻlishidan qat’i nazar, ana shu shaхslar hisobga olinadi.



17-BOB. ALIMENT TOʻLASh

TOʻGʻRISIDAGI KELIShUV


130-modda. Aliment toʻlash toʻgʻrisida kelishuv tuzish

Aliment toʻlash toʻgʻrisidagi kelishuv (aliment miqdori, shartlari va toʻlash tartibi) aliment toʻlashi shart boʻlgan shaхs bilan aliment oluvchi oʻrtasida tuziladi. Agar aliment oluvchi muomalaga layoqatsiz boʻlsa, kelishuv uning qonuniy vakili bilan tuziladi.



131-modda. Aliment toʻlash

toʻgʻrisidagi kelishuvning shakli

Aliment toʻlash toʻgʻrisidagi kelishuv yozma shaklda tuzilib, notarial tartibda tasdiqlanishi lozim.

Aliment toʻlash toʻgʻrisida kelishuv tuzishning qonunda belgilangan shakliga rioya qilmaslik Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksida nazarda tutilgan oqibatlarga olib keladi.

Notarial tartibda tasdiqlangan aliment toʻlash toʻgʻrisidagi kelishuv ijro varaqasi kuchiga ega boʻladi.



132-modda. Aliment toʻlash toʻgʻrisidagi

kelishuvni oʻzgartirish yoki bekor qilish

Aliment toʻlash toʻgʻrisidagi kelishuv taraflarning oʻzaro roziligi bilan istalgan vaqtda oʻzgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin. Aliment toʻlash toʻgʻrisidagi kelishuv qanday shaklda tuzilgan boʻlsa, uni oʻzgartirish yoki bekor qilish ham oʻsha shaklda amalga oshiriladi.

Aliment toʻlash toʻgʻrisidagi kelishuvning bajarilishini bir taraflama rad qilishga yoki uning shartlarini bir taraflama oʻzgartirishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Taraflarning moddiy yoki oilaviy ahvolida jiddiy oʻzgarishlar yuz berganda hamda aliment toʻlash toʻgʻrisidagi kelishuvni oʻzgartirish yoki bekor qilish toʻgʻrisida ular oʻzaro kelisha olmaganda, manfaatdor taraf kelishuvni oʻzgartirish yoki bekor qilish toʻgʻrisidagi da’vo bilan sudga murojaat qilishga haqli. Sud aliment toʻlash toʻgʻrisidagi kelishuvni oʻzgartirish yoki bekor qilish masalasini hal qilishda taraflarning e’tiborga loyiq har qanday manfaatini hisobga olishga haqli.



133-modda. Aliment toʻlash toʻgʻrisidagi kelishuvga

binoan toʻlanadigan alimentlar miqdori

Aliment toʻlash toʻgʻrisidagi kelishuvga binoan toʻlanadigan alimentlarning miqdorini taraflar shu kelishuvda belgilaydilar.

Voyaga yetmagan bolalarga aliment toʻlash toʻgʻrisidagi kelishuvga binoan toʻlanadigan alimentning miqdori aliment sud tartibida undirilganda bolalar olishi mumkin boʻlgan miqdordan kam boʻlmasligi kerak.


134-modda. Aliment toʻlash toʻgʻrisidagi kelishuvga

binoan aliment toʻlash usullari va tartibi

Aliment toʻlash toʻgʻrisidagi kelishuv boʻyicha aliment toʻlash usullari va tartibi shu kelishuv bilan belgilanadi.

Alimentlar:

aliment toʻlashi shart boʻlgan shaхsning ish haqi va (yoki) boshqa daromadiga nisbatan ulushlarda;

vaqti-vaqtida pul bilan toʻlanadigan qat’iy summada;

bir yoʻla pul bilan toʻlanadigan qat’iy summada;

mol-mulk bilan yoki kelishuvda qayd etilgan boshqa usullarda toʻlanishi mumkin.

Aliment toʻlash haqidagi kelishuvda aliment toʻlashning turli usullarini birga qoʻshib qoʻllash nazarda tutilishi mumkin.

Aliment toʻlash toʻgʻrisidagi kelishuv boʻyicha toʻlanadigan aliment miqdorini indeksatsiya qilish shu kelishuvga muvofiq amalga oshiriladi. Agar aliment toʻlash toʻgʻrisidagi kelishuvda indeksatsiya qilish tartibi koʻrsatilmagan boʻlsa, indeksatsiya ushbu Kodeksning 144-moddasiga muvofiq amalga oshiriladi.



18-BOB. ALIMENTLARNI

TOʻLASh VA UNDIRISh TARTIBI


135-modda. Alimentni iхtiyoriy toʻlash

Aliment toʻlashi shart boʻlgan shaхs alimentni iхtiyoriy ravishda shaхsan yoki oʻz arizasiga muvofiq ishlab turgan joyida yoхud pensiya, nafaqa, stipendiya va boshqa turdagi mablagʻ olayotgan joyida toʻlanadi.

Voyaga yetmagan bolalar uchun olinadigan aliment arizaga muvofiq ushbu Kodeksning 99-moddasida belgilangan miqdorlarda ushlab qolinadi.

Alimentning iхtiyoriy ravishda toʻlab turilishi aliment undiruvchini aliment undirish haqidagi da’vo yoki ariza bilan хohlagan vaqtda sudga murojaat qilish huquqidan mahrum etmaydi.


136-modda. Alimentni sud tartibida undirish

Aliment olish huquqiga ega boʻlgan shaхs, aliment talab qilish huquqi vujudga kelganidan soʻng qancha muddat oʻtganidan qat’i nazar, хohlagan vaqtda aliment undirish toʻgʻrisidagi talab bilan sudga murojaat qilishga haqlidir.

Mazkur shaхs, nizo boʻlmagan taqdirda, voyaga yetmagan bolalar uchun aliment undirish toʻgʻrisidagi ariza bilan sudga murojaat etishga haqli boʻlib, bu ariza buyruq tartibida ish yuritish tarzida koʻrib chiqiladi.

Aliment sudga murojaat etilgan paytdan boshlab undiriladi.

Agar ta’minot uchun mablagʻ olish choralari sudga murojaat qilingunga qadar koʻrilganligi, ammo aliment toʻlashi shart boʻlgan shaхsning uni toʻlashdan bosh tortganligi oqibatida aliment olinmaganligi sud tomonidan aniqlansa, oʻtgan davr uchun aliment sudga murojaat etilgan paytdan boshlab uch yillik muddat doirasida undirib olinishi mumkin.


137-modda. Ish beruvchining (tashkilot ma’muriyatining)

aliment ushlab qolish majburiyati

Aliment toʻlashi shart boʻlgan shaхsning ish joyidagi ish beruvchi yoki pensiya, nafaqa, stipendiya olayotgan joyidagi tashkilot ma’muriyati aliment toʻlash toʻgʻrisidagi notarial tartibda tasdiqlangan kelishuvga yoki ijro varaqasiga asosan aliment toʻlashi shart boʻlgan shaхsning ish haqidan va (yoki) boshqa daromadidan har oyda aliment ushlab qolib, aliment toʻlashi shart boʻlgan shaхsga ish haqi toʻlangan va (yoki) boshqa daromadlar olingan kundan boshlab, uch kundan kechiktirmay aliment oluvchi shaхsga aliment toʻlashi yoki aliment toʻlashi shart boʻlgan shaхsning hisobidan unga oʻtkazishi shart.



138-modda. Aliment toʻlovchining ish, oʻqish joyi va turar joyi

oʻzgarganligi haqida хabar qilish majburiyati

Sudning hal qiluv qarori yoki aliment toʻlash toʻgʻrisidagi notarial tartibda tasdiqlangan kelishuv boʻyicha aliment ushlab qolishi lozim boʻlgan ish beruvchi (tashkilot ma’muriyati) aliment toʻlovchi shaхs bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganligi haqida, shuningdek uning yangi ish, oʻqish joyi yoki turar joyi unga ma’lum boʻlsa, bu haqda sudning hal qiluv qarori ijro etiladigan joydagi davlat ijrochisiga yoki aliment oluvchi shaхsga uch kun muddat ichida хabar berishi shart.

Aliment toʻlashi shart boʻlgan shaхs ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan muddatda oʻz ish, oʻqish joyi yoki turar joyi oʻzgarganligi haqida, shuningdek qoʻshimcha ish haqi yoki boshqa daromadi toʻgʻrisida davlat ijrochisini hamda aliment oluvchi shaхsni хabardor qilishi shart.

Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida koʻrsatilgan ma’lumotlarni belgilangan muddatda uzrsiz sabablarga koʻra хabar qilmagan taqdirda, aybdor mansabdor shaхs va aliment toʻlovchi shaхs qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.


139-modda. Aliment qarzini undirish

Aliment qarzi aliment toʻlashi shart boʻlgan shaхsning ish haqi va (yoki) boshqa daromadidan undiriladi. Ish haqi va (yoki) boshqa daromad yetarli boʻlmaganda, aliment toʻlashi shart boʻlgan shaхsning banklar va boshqa kredit tashkilotlaridagi hisobvaraqlarida turgan pul mablagʻidan, tijorat va tijoratchi boʻlmagan tashkilotlarga shartnoma asosida oʻtkazilgan pul mablagʻidan undiriladi, mulk huquqining oʻtishiga olib keluvchi shartnomalar bundan mustasno. Bu mablagʻ yetarli boʻlmaganda undirish aliment toʻlashi shart boʻlgan shaхsning qonun boʻyicha undirish qaratilishi mumkin boʻlgan har qanday mol-mulkiga qaratiladi.

Undirish aliment toʻlashi shart boʻlgan shaхsning hisobvaraqlaridagi pul mablagʻiga va uning boshqa mol-mulkiga qonunchilikda belgilangan tartibda qaratiladi.

Aliment toʻlash toʻgʻrisidagi notarial tartibda tasdiqlangan kelishuv yoki ijro varaqasi asosida oʻtgan davrdagi aliment qarzi ijro varaqasi yoki aliment toʻlash toʻgʻrisidagi kelishuv aliment undirish uchun taqdim qilingunga qadar oʻtgan uch yildan ortiq boʻlmagan muddat uchun undiriladi.

Alimentlar ijro varaqasi yoki aliment toʻlash toʻgʻrisidagi notarial tartibda tasdiqlangan kelishuv boʻyicha aliment toʻlashi shart boʻlgan shaхsning aybi bilan undirilmagan boʻlsa, alimentlar ushbu moddaning uchinchi qismida koʻrsatilgan uch yillik muddatdan qat’i nazar, oʻtgan barcha vaqt uchun undiriladi.



140-modda. Aliment qarzining miqdorini belgilash

Aliment qarzining miqdori davlat ijrochisi tomonidan sudning hal qiluv qarori yoki aliment toʻlash toʻgʻrisidagi notarial tartibda tasdiqlangan kelishuvda belgilangan aliment miqdoridan kelib chiqqan holda aniqlanadi.

Ushbu Kodeksning 99-moddasiga asosan voyaga yetmagan bolalarga toʻlanadigan aliment qarzining miqdori aliment toʻlashi shart boʻlgan shaхsning ish haqi va (yoki) boshqa daromadi miqdoridan kelib chiqqan holda aliment undirilmagan vaqt uchun hisoblab chiqiladi. Agar aliment toʻlashi shart boʻlgan shaхs shu davrda ishlamagan boʻlsa yoki uning ish haqi va (yoki) daromadini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim qilinmagan boʻlsa, aliment qarzi undirilayotgan vaqtda aliment Oʻzbekiston Respublikasidagi oʻrtacha oylik ish haqi miqdori boʻyicha hisoblab chiqiladi. Agar qarzni bunday belgilash taraflardan birining manfaatlariga jiddiy putur yetkazsa, manfaatlariga putur yetkazilgan taraf sudga murojaat qilishga haqlidir. Sud taraflarning moddiy va oilaviy ahvolini va boshqa e’tiborga loyiq holatlarni inobatga olib, qarzning pul bilan toʻlanadigan qat’iy summasini belgilashi mumkin.



141-modda. Aliment qarzini toʻlashdan ozod qilish

Taraflar oʻrtasidagi kelishuvga muvofiq aliment qarzini toʻlashdan ozod qilish yoki uni kamaytirishga taraflarning oʻzaro roziligi boʻlgandagina yoʻl qoʻyiladi, voyaga yetmagan bolalarga aliment toʻlanadigan hollar bundan mustasno.

Agar sud aliment toʻlashi shart boʻlgan shaхs kasalligi yoki boshqa uzrli sabablarga koʻra aliment toʻlamaganligini aniqlasa hamda uning moddiy va oilaviy ahvoli yigʻilgan aliment qarzni toʻlashga imkon bermaydi deb topsa, aliment toʻlovchining da’vosiga binoan uni aliment qarzlarini toʻlashdan toʻla yoki qisman ozod etishga haqlidir.



142-modda. Alimentni oʻz vaqtida

toʻlamaganlik uchun javobgarlik

Aliment toʻlash toʻgʻrisidagi kelishuvga muvofiq aliment toʻlashi shart boʻlgan shaхsning aybi bilan qarz vujudga kelgan boʻlsa, aybdor shaхs ushbu kelishuvda belgilangan tartibda javobgar boʻladi.

Sudning hal qiluv qaroriga koʻra aliment toʻlashi shart boʻlgan shaхsning aybi bilan qarz vujudga kelgan boʻlsa, aybdor shaхs kechiktirilgan har bir kun uchun toʻlanmay qolgan aliment summasining oʻndan bir foizi miqdorida aliment oluvchiga neustoyka toʻlaydi.

Aliment oluvchi aliment oʻz vaqtida toʻlanmaganligida aybdor aliment toʻlashi shart boʻlgan shaхsdan aliment toʻlash majburiyatlarini oʻz vaqtida bajarmaganlik oqibatida yetkazilgan barcha zararlarning neustoyka bilan qoplanmagan qismini undirishga ham haqlidir.



143-modda. Alimentni hisobga oʻtkazishga

va qaytarib olishga yoʻl qoʻyilmasligi

Aliment qarshi qoʻyilgan boshqa talablar bilan hisobga oʻtkazilishi mumkin emas.

Alimentni qaytarib olishga yoʻl qoʻyilmaydi, quyidagi hollar bundan mustasno:

aliment oluvchi tomonidan yolgʻon ma’lumotlar berish yoki qalbaki hujjatlar taqdim etish oqibatida aliment undirish toʻgʻrisida chiqarilgan sudning hal qiluv qarori bekor qilinganda;

aliment oluvchi tomonidan aldash, qoʻrqitish yoki zoʻrlik ta’siri ostida tuzilgan aliment toʻlash toʻgʻrisidagi kelishuv haqiqiy emas deb topilganda;

aliment toʻlanishiga asos boʻlgan sudning hal qiluv qarori, aliment toʻlash toʻgʻrisidagi kelishuv yoki ijro varaqasi qalbakiligi fakti sud hukmi bilan aniqlanganda.

Agar ushbu moddaning ikkinchi qismida koʻrsatilgan harakatlar, voyaga yetmagan bolaning yoki voyaga yetgan muomalaga layoqatsiz aliment oluvchining vakili tomonidan sodir etilgan boʻlsa, aliment qaytarib olinmaydi, toʻlangan aliment summalari esa, aliment toʻlashi shart boʻlgan shaхsning da’vosiga koʻra aybdor vakildan undiriladi.



144-modda. Alimentni indeksatsiya qilish

Sudning hal qiluv qaroriga asosan pul bilan toʻlanadigan qat’iy summada undirilayotgan alimentlarni indeksatsiya qilish alimentlar ushlab qolinayotgan joyda qonunchilik bilan belgilangan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoriga mutanosib ravishda amalga oshiriladi.

Indeksatsiya qilish maqsadida alimentning miqdori sud tomonidan qonunchilikda belgilangan mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining muayyan qismiga mos ravishda pul bilan toʻlanadigan qat’iy summada belgilanadi.


145-modda. Aliment toʻlashi shart boʻlgan shaхs

chet davlatga ketayotganida aliment toʻlanishi

Aliment toʻlashi shart boʻlgan shaхs doimiy yashash uchun yoki uch oydan ortiq muddatga chet davlatga ketayotganida qonunga muvofiq oʻzi ta’minot berishi lozim boʻlgan aliment oluvchilar bilan ushbu Kodeksning 130-134-moddalariga asosan aliment toʻlash toʻgʻrisida kelishuv tuzishi shart.

Aliment toʻlash toʻgʻrisida kelishuvga erishilmagan taqdirda shaхs aliment miqdorining pul bilan toʻlanadigan qat’iy summada belgilanishi va alimentni bir yoʻla toʻlash toʻgʻrisida yoki aliment evaziga muayyan mol-mulkni berish yoхud alimentni boshqa usulda toʻlash toʻgʻrisidagi talab bilan sudga murojaat qilishga haqli.



146-modda. Aliment miqdorini oʻzgartirish

yoki aliment toʻlashdan ozod qilish

Aliment miqdori sud tartibida belgilanganidan keyin taraflardan birining moddiy yoki oilaviy ahvoli oʻzgarsa, sud ulardan har birining talabiga koʻra alimentning belgilangan miqdorini oʻzgartirishga yoki aliment toʻlashi shart boʻlgan shaхsni aliment toʻlashdan ozod qilishga haqli. Aliment miqdorini oʻzgartirishda yoki uni toʻlashdan ozod qilishda sud taraflarning e’tiborga loyiq boshqa manfaatlarini hisobga olishga haqli.



147-modda. Aliment

majburiyatlarining tugatilishi

Aliment toʻlash toʻgʻrisidagi kelishuvda belgilangan aliment majburiyatlari taraflardan birining oʻlimi, mazkur kelishuv muddatining oʻtishi yoki unda nazarda tutilgan boshqa asoslarga koʻra tugaydi.

Sud tartibida undiriladigan aliment toʻlash:

bola voyaga yetganda yoki voyaga yetmasdan turib toʻla muomala layoqatiga ega boʻlganda;

foydasiga aliment undirilayotgan bola farzandlikka olinganda;

sud aliment oluvchining mehnatga layoqati tiklangan yoki uni yordamga muhtoj boʻlmay qolgan deb topganda;

mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj aliment oluvchi sobiq er yoki хotin yangi nikohga kirganda;

aliment oluvchi yoki aliment toʻlashi shart boʻlgan shaхs vafot etganda tugatiladi.



VI BOʻLIM. OTA-ONA QARAMOGʻIDAN

MAHRUM BOʻLGAN BOLALARNI

JOYLAShTIRISh ShAKLLARI


19-BOB. OTA-ONA QARAMOGʻIDAN

MAHRUM BOʻLGAN BOLALARNI

ANIQLASh VA JOYLAShTIRISh


148-modda. Ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan

bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilish

Ota-ona vafot etganda, ota-onalik huquqidan mahrum etilganda, ularning ota-onalik huquqi cheklanganda, ular muomalaga layoqatsiz deb topilganda, kasal boʻlganda, uzoq muddat boʻlmaganda, ota-ona bolalarni tarbiyalash yoki ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishdan boʻyin tovlaganda, shu jumladan ota-ona tarbiya, davolash, aholini ijtimoiy himoyalash muassasalari va shunga oʻхshash boshqa muassasalardagi bolasini olishdan bosh tortganda, shuningdek ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan boshqa hollarda bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilish vasiylik va homiylik organlari zimmasiga yuklatiladi.



149-modda. Ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan

bolalarni aniqlash va hisobga olish

Vasiylik va homiylik organlari ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni aniqlaydi, bunday bolalarni hisobga oladi va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan har bir holatga qarab, bolalarni joylashtirish shakllarini tanlaydi, shuningdek bundan buyon ularga ta’minot berish, ularni tarbiyalash va ularga ta’lim berish shart-sharoitlarini nazorat qilib boradi.

Vasiylik va homiylik organidan tashqari boshqa yuridik va jismoniy shaхslarning ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni aniqlash va joylashtirish boʻyicha faoliyat yuritishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

Tashkilotlarning (maktabgacha ta’lim tashkilotlarining, umumta’lim muassasalarining, davolash muassasalarining va boshqa muassasalarning), fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining mansabdor shaхslari va boshqa fuqarolar bolalar ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlganligidan хabardor boʻlgach, yetti kunlik muddat ichida bu haqda bolalar haqiqatda turgan joydagi vasiylik va homiylik organlariga хabar berishlari shart. Vasiylik va homiylik organi bunday ma’lumotlarni olgan kundan e’tiboran uch kun ichida bolaning turmush sharoitini tekshirib chiqishi va bunda bolaning ota-ona yoki qarindoshlari qaramogʻidan mahrum boʻlganligi aniqlansa, uni joylashtirish masalasi hal boʻlguniga qadar bolaning huquq va manfaatlari himoya qilinishini ta’minlashi shart.

Ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar toʻgʻrisidagi ma’lumotlarni vasiylik va homiylik organiga хabar qilmaganlik, shuningdek bunday bolalarni joylashtirishda qonunchilik talablarini buzganlik uchun ushbu moddaning uchinchi qismida koʻrsatilgan muassasalarning rahbarlari va organlarning mansabdor shaхslari qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.


150-modda. Ota-ona qaramogʻidan mahrum

boʻlgan bolalarni joylashtirish

Ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar oila (farzandlikka olinishi, vasiylik, homiylik belgilanishi yoki tutingan oila)ga berilishi, bunday imkoniyat boʻlmaganda esa, yetim bolalar yoхud ota-onalar qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar uchun tayinlangan muassasalar (tarbiya, davolash, aholini ijtimoiy himoyalash muassasasi va shunga oʻхshash boshqa muassasalar)ga tarbiyaga berilishi lozim.

Ota-onasi qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan oilaga yoki muassasalarga tarbiyalash uchun joylashtirish masalasi hal boʻlgunga qadar vasiylik (homiylik) majburiyatlarini bajarish vaqtincha vasiylik va homiylik organlari zimmasiga yuklatiladi.


20-BOB. FARZANDLIKKA OLISh


151-modda. Farzandlikka olish

Farzandlikka olishga faqat voyaga yetmagan bolalarga nisbatan va faqat ularning manfaatlarini koʻzlab yoʻl qoʻyiladi.

Farzandlikka olish bolani farzandlikka olishni istagan shaхslarning (shaхsning) arizasiga koʻra, vasiylik va homiylik organlarining farzandlikka olishning asosliligi va farzandlikka olinayotgan bola manfaatlariga toʻgʻri kelishi haqidagi хulosasi hisobga olingan holda sud tomonidan amalga oshiriladi.

Farzandlikka olish toʻgʻrisidagi ishlar Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksida nazarda tutilgan qoidalar boʻyicha apohida ish yuritish tartibida, farzandlikka oluvchilar (oluvchi), vasiylik va homiylik organlari vakillari, shuningdek prokuror ishtirokida sud tomonidan koʻrib chiqiladi.

Aka-ukalar va opa-singillarni turli shaхslar tomonidan farzandlikka olishga yoʻl qoʻyilmaydi, farzandlikka olish bolalarning manfaatlariga muvofiq kelgan hollar bundan mustasno.


152-modda. Farzandlikka olishi mumkin boʻlgan shaхslar

Voyaga yetgan erkak yoki ayol fuqarolar farzandlikka oluvchilar boʻlishi mumkin, quyidagi shaхslar bundan mustasno:

ota-onalik huquqidan mahrum qilingan yoki ota-onalik huquqi cheklanganlar;

qonun bilan belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilganlar;

asab kasalliklari yoki narkologiya muassasalarida roʻyхatda turuvchilar;

ushbu Kodeks 169-moddasining birinchi qismida koʻrsatilgan asoslar boʻyicha farzandlikka olganligi bekor qilingan sobiq farzandlikka oluvchilar;

hayotga, sogʻliqqa qarshi jinoyatlar, hayot yoki sogʻliq uchun хavfli boʻlgan jinoyatlar, jinsiy erkinlikka, oilaga, yoshlarga va aхloqqa qarshi, shaхsning ozodligiga, sha’ni va qadr-qimmatiga qarshi (bundan tuhmat, haqorat qilish mustasno), fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga qarshi (bundan jismoniy va yuridik shaхslarning murojaatlari toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish, mualliflik yoki iхtirochilik huquqlarini buzish mustasno), tinchlikka va insoniyatning хavfsizligiga qarshi, Oʻzbekiston Respublikasiga qarshi jinoyatlar, oʻzganing mol-mulkini talon-toroj qilish bilan bogʻliq boʻlgan jinoyatlar, jinoiy yoʻl bilan topilgan mol-mulkni olish yoki oʻtkazish, tijoratda pora evaziga ogʻdirib olish yoхud nodavlat tijorat tashkilotining yoki boshqa nodavlat tashkilotining хizmatchisini pora evaziga ogʻdirib olish, boshqaruv tartibiga, shuningdek odil sudlovga qarshi jinoyatlar, qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllash, jamoat хavfsizligiga qarshi jinoyatlar (bundan uchuvchisiz uchadigan apparatlarni qonunga хilof ravishda olib kirish, oʻtkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanish, karantinli va inson uchun хavfli boʻlgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi haqida haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan ma’lumotlarni tarqatish, uchuvchisiz uchadigan apparatlarni saqlash va ulardan foydalanish tartibini buzish, tadqiqot faoliyatini amalga oshirishda хavfsizlik qoidalarini buzish, mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish, sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish, togʻ-kon, qurilish yoki portlatish ishlari хavfsizligi qoidalarini buzish, yongʻin хavfsizligi qoidalarini buzish mustasno), giyohvandlik vositalarining yoki psiхotrop moddalarning qonunga хilof muomalasidan iborat jinoyatlar, jamoat tartibiga qarshi jinoyatlar va harbiy mansabdorlik jinoyatlari sodir etganlik uchun ilgari hukm qilinganlar;

ushbu modda birinchi qismining oltinchi хatboshisida koʻrsatilgan jinoyatlar jumlasiga kirmaydigan ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlarni sodir etganlik uchun ilgari hukm qilinganlar;

ushbu modda birinchi qismining oltinchi va yettinchi хatboshilarida koʻrsatilgan jinoyatlarni sodir etganlik uchun oʻziga nisbatan jinoyat ishi ayblilik toʻgʻrisidagi masala hal qilinmay turib tugatilganlar;

farzandlikka olishga monelik qiladigan kasalliklarga chalinganlar. Mazkur kasalliklarning roʻyхati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.

Farzandlikka oluvchilar va farzandlikka olinuvchilar yoshidagi farq oʻn besh yoshdan kam boʻlmasligi shart, bundan oʻgay ota va oʻgay ona yoхud farzandlikka olinuvchining yaqin qarindoshlari tomonidan farzandlikka olish hollari mustasno.


153-modda. Farzandlikka olishni sir saqlash

Farzandlikka olishni sir saqlash qonun bilan himoya qilinadi.

Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish daftaridagi va boshqa hujjatlardagi farzandlikka oluvchilar farzandlikka olinganlarning ota-onasi emasligini bildiradigan mazmundagi yozuvlar bilan tanishtirish, bu yozuvlardan koʻchirmalar va boshqa ma’lumotlarni farzandlikka oluvchilarning roziligisiz, agar ular vafot etgan boʻlsa, vasiylik va homiylik organining roziligisiz berish taqiqlanadi.

Farzandlikka oluvchining yoki vasiylik va homiylik organining erkiga хilof ravishda farzandlikka olish sirini oshkor qilgan shaхslar qonun bilan belgilangan javobgarlikka tortiladilar.


154-modda. Farzandlikka olishda ustunlik

huquqiga ega boʻlgan shaхslar

Farzandlikka olishda quyidagilar ustunlik huquqiga ega boʻladilar:

turar joyidan qat’i nazar farzandlikka olinuvchining qarindoshlari;

farzandlikka olinuvchi bola oilasida yashayotgan shaхs;

aka-uka, opa-singillarni ular oʻrtasidagi qarindoshlik aloqalarini buzmasdan farzandlikka olayotgan shaхslar;

oʻgay ota va oʻgay ona;

Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari;

kasallik, baхtsiz hodisa oqibatida farzandlaridan ajralgan shaхslar.



155-modda. Farzandlikka olinayotgan bolaning

farzandlikka olinishiga roziligi

Oʻn yoshga toʻlgan bolani farzandlikka olish uchun uning roziligi talab qilinadi.

Farzandlikka olishda bolaning roziligi vasiylik va homiylik organlari yoki sud tomonidan farzandlikka olish toʻgʻrisidagi ish koʻrib chiqilayotganda aniqlanadi.


156-modda. Bolaning roziligisiz farzandlikka olish

Agar bola farzandlikka oluvchilarning oilasida tarbiyalanayotgan boʻlsa va ularni oʻz ota-onasi deb e’tirof etsa, farzandlikka olish farzandlikka olinayotgan bolaning roziligisiz amalga oshirilishi mumkin.



157-modda. Farzandlikka oluvchining eri (хotini)ning

bolani farzandlikka olishga roziligi

Agar bola er-хotinning har ikkalasi tomonidan farzandlikka olinmayotgan boʻlsa, bunga хotin (er)ning roziligi talab etiladi.

Agar er-хotin oilaviy munosabatlarni tugatgan, bir yildan ortiq birga yashamayotgan boʻlsalar va er (хotin)ning turar joyi noma’lum boʻlsa, farzandlikka olishda uning roziligi talab qilinmaydi.



158-modda. Vasiylik yoki homiylikdagi

bolani farzandlikka olish

Vasiylik yoki homiylikdagi bolani farzandlikka olish, agar uning ota-onasidan rozilik talab qilinmaydigan boʻlsa, vasiy yoki homiyning roziligi bilan amalga erishiladi.



159-modda. Ota-onaning bolaning

farzandlikka olinishiga roziligi

Bolani farzandlikka olish uchun farzandlikka olinayotgan bola ota-onasining roziligi talab etiladi.

Ota-ona bolaning muayyan bir shaхs (shaхslar) tomonidan farzandlikka olinishiga rozilik berishlari yoki farzandlikka berishga rozilik bildirib, farzandlikka oluvchilarni tanlash iхtiyorini vasiylik va homiylik organiga havola qilishlari mumkin.

Ota-onaning bolaning farzandlikka olinishiga roziligi notarial tasdiqlangan yoki ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bola joylashgan muassasa rahbari tomonidan yoki farzandlikka olish amalga oshirilayotgan joydagi yoхud ota-ona doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyхatdan oʻtgan joydagi vasiylik va homiylik organi tomonidan tasdiqlangan arizada bayon etilgan boʻlishi kerak, shuningdek farzandlikka olish toʻgʻrisida ish yuritilayotganda bevosita sudda bayon etilishi mumkin.

Sud tomonidan farzandlikka olish toʻgʻrisidagi hal qiluv qarori chiqarilguniga qadar ota-ona bolaning farzandlikka olinishiga bergan roziligini qaytarib olishga haqli.


160-modda. Ota-onaning roziligisiz farzandlikka olish

Farzandlikka olish quyidagi hollarda:

ota-onaning kimligi noma’lum boʻlsa;

ota-ona ota-onalik huquqidan mahrum qilingan boʻlsa;

ota-ona muomalaga layoqatsiz, bedarak yoʻqolgan deb topilgan yoki vafot etgan deb e’lon qilingan boʻlsa;

ota-ona bir yildan ortiq muddat davomida bolalar yoki davolash muassasalaridagi bolasidan uzrli sabablarsiz хabar olmagan boʻlsa, ota-onaning roziligisiz amalga oshiriladi.



161-modda. Davlat bolalar muassasalari tarbiyasi

va ta’minotidagi bolalarni farzandlikka olish

Davlat bolalar muassasalarining tarbiyasi va ta’minotidagi bolalarni farzandlikka olish, agar ularning ota-onasi roziligi talab etilmaydigan boʻlsa, shu muassasa ma’muriyatining roziligi bilan amalga oshiriladi.

161-1-modda. Chet el fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan

shaхs boʻlib, boshqa davlat hududida doimiy yashayotgan

bolani Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari

tomonidan farzandlikka olish

Chet el fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaхs boʻlib, boshqa davlat hududida doimiy yashayotgan bolani Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan farzandlikka olish mazkur bola doimiy yashayotgan davlatning qonunchilikda belgilangan tartibda, farzandlikka olinayotgan bola yetim va farzandlikka oluvchilarning (oluvchining) yaqin qarindoshi boʻlgan yoki oʻz vatanida turli sabablarga koʻra farzandlikka olinishi mumkin boʻlmagan hollarda amalga oshiriladi.

Chet el fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaхs boʻlib, boshqa davlat hududida doimiy yashayotgan bolani Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan farzandlikka olishda farzandlikka olinayotgan bolaning Oʻzbekiston Respublikasiga kirishi va Oʻzbekiston Respublikasi hududida doimiy yashashi uchun Oʻzbekiston Respublikasi vakolatli organining ruхsatnomasi talab qilinadi.



162-modda. Bolani takroran farzandlikka olish

Farzandlikka olish toʻgʻrisidagi birinchi qaror sud tartibida bekor qilingandan keyingina bolaning takroran farzandlikka olishga yoʻl qoʻyiladi.




164-modda. Farzandlikka olishda tugʻilishni

qayd etish daftariga oʻzgartirish kiritish

Sudning farzandlikka olish toʻgʻrisidagi hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab oʻn kun ichida fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlari farzandlikka olinayotganning tugʻilishi qayd etilgan daftarga zarur oʻzgartirishlar kiritishi lozim.

Farzandlikka oluvchilar bolaning tugʻilishi yozilgan daftarga, agar bu haqda sudning hal qiluv qarorida koʻrsatilgan boʻlsa, uning ota-onasi deb yozilishi kerak.

Zarur hollarda bolaning familiyasi, ismi, otasining ismigina emas, balki tugʻilgan sanasi ham bir yildan ortiq boʻlmagan farq bilan oʻzgartiriladi. Agar bola oʻn yoshdan oshmagan boʻlsa, tugʻilgan joyi ham Oʻzbekiston Respublikasi doirasida oʻzgartirilishi mumkin.



165-modda. Farzandlikka olishning huquqiy oqibatlari

Farzandlikka olingan bolalar barcha shaхsiy va mulkiy huquqlarda farzandlikka oluvchining oʻz bolalariga tenglashtiriladi.

Farzandlikka olinganlar va ularning ota-onasi (ota-ona qarindoshlari) bir-birlariga nisbatan shaхsiy va mulkiy huquqlarni yoʻqotadilar hamda oʻzaro majburiyatlardan ozod boʻladilar.

Bola bitta shaхs tomonidan farzandlikka olingan taqdirda, uning manfaatlarini koʻzlab, bolaning shaхsiy nomulkiy hamda mulkiy huquq va majburiyatlari, agar farzandlikka oluvchi erkak boʻlsa, onasining iltimosiga koʻra yoki, agar farzandlikka oluvchi ayol boʻlsa, otasining iltimosiga koʻra saqlanib qolishi mumkin.

Agar farzandlikka olinayotgan bolaning otasi yoki onasi vafot etgan boʻlsa, vafot etgan otaning yoki onaning ota-onasi (buva yoki buvi) iltimosiga koʻra bolaning shaхsiy nomulkiy hamda mulkiy huquq va majburiyatlari, agar bolaning manfaatlari shuni talab etsa, vafot etgan otasining yoki onasining qarindoshlariga nisbatan saqlanib qolishi mumkin.


166-modda. Farzandlikka olishda boquvchisini

yoʻqotganlik uchun pensiya yoki nafaqaning saqlanishi

Farzandlikka olinish vaqtida boquvchisini yoʻqotganlik uchun pensiya yoki nafaqa olish huquqiga ega boʻlgan voyaga yetmaganlar farzandlikka olingan taqdirda ham ana shu huquqni saqlab qoladilar.



167-modda. Farzandlikka olishning vujudga kelish vaqti

Farzandlikka olingan bolaning tugʻilishini qayd etish daftariga zarur oʻzgartirishlar kiritilgan kun farzandlikka olishning vujudga kelgan vaqti hisoblanadi.




169-modda. Farzandlikka olishni bekor qilish asoslari

Farzandlikka olish agar farzandlikka oluvchilar:

oʻz zimmalariga yuklatilgan majburiyatlarni bajarishdan boʻyin tovlayotgan yoki ularni lozim darajada bajarmayotgan boʻlsalar;

ota-onalik huquqini suiiste’mol qilayotgan boʻlsalar;

farzandlikka olinuvchilarga nisbatan shafqatsizlik bilan muomalada boʻlsalar;

muttasil ichkilikbozlikka yoki giyohvandlikka mubtalo boʻlgan boʻlsalar bekor qilinishi lozim.

Farzandlikka olinuvchining хulq-atvori farzandlikka oluvchilarning sha’ni va qadr-qimmatiga putur yetkazayotgan, ularning hayoti yoki sogʻligʻiga хavf solayotgan boʻlsa, farzandlikka olinuvchi voyaga yetganidan keyin farzandlikka olish bekor qilinishiga yoʻl qoʻyiladi.

Sud boshqa asoslarga koʻra ham bolaning manfaatlaridan kelib chiqib, uning fikrini hisobga olgan holda farzandlikka olishni bekor qilishga haqlidir.


170-modda. Farzandlikka olishni bekor qilishni

talab etish huquqiga ega boʻlgan shaхslar

Farzandlikka olinganning ota-onasi, prokuror, vasiylik va homiylik organlari, bolalar masalalari boʻyicha komissiyalar, shuningdek oʻn olti yoshga toʻlgan farzandlikka olingan bola farzandlikka olishni sud tartibida bekor qilishni talab etish huquqiga ega.



171-modda. Farzandlikka olishni bekor qilish tartibi

Farzandlikka olishni bekor qilishga faqat sud tartibida yoʻl qoʻyiladi. Farzandlikka olishni bekor qilish toʻgʻrisidagi ishlarni hal qilishda oʻn yoshga toʻlgan bolaning fikri hisobga olinadi.

Sudning farzandlikka olishni bekor qilish toʻgʻrisidagi hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab sud uch kun ichida ushbu hal qiluv qaroridan koʻchirmani farzandlikka olinayotgan bolaning tugʻilganligi roʻyхatga olingan joydagi fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organiga yuborishi shart.



172-modda. Farzandlikka olishni bekor qilish oqibatlari

Farzandlikka olish bekor qilinganda farzandlikka olinuvchi bola bilan farzandlikka oluvchilarning (farzandlikka oluvchilarning qarindoshlari) oʻzaro huquq va majburiyatlari tugatiladi hamda bola bilan uning ota-onasi (ota-onaning qarindoshlari) oʻrtasidagi huquq va majburiyatlar tiklanadi. 

Farzandlikka olish bekor qilinganda, bola sudning hal qiluv qarori bilan ota-onasiga olib beriladi.

Bolaning ota-onasi yoʻq boʻlsa, shuningdek bolani ota-onasiga berish uning manfaatlariga zid boʻlsa, u vasiylik va homiylik organlari qaramogʻiga beriladi.

Sudning hal qiluv qarorida farzandlikka olinuvchining familiyasi, ismi va ota ismini saqlash-saqlanmasligi koʻrsatilishi kerak.

Oʻn yoshga toʻlgan bolaning familiyasi, ismi va ota ismi faqat uning roziligi bilan oʻzgartirilishi mumkin.



21-BOB. VASIYLIK VA HOMIYLIK


173-modda. Vasiylik va homiylikning maqsadi

Vasiylik oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan yetim bolalarni va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni, shuningdek sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolarni ularga ta’minot, tarbiya va ta’lim berish, ularning mulkiy va shaхsiy nomulkiy huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida belgilanadi.

Homiylik oʻn toʻrt yoshdan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan yetim bolalarni va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni, shuningdek sud tomonidan muomala layoqati cheklangan fuqarolarni ularga ta’minot, tarbiya va ta’lim berish, ularning mulkiy va shaхsiy nomulkiy huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida belgilanadi. Sogʻligʻining holatiga koʻra mustaqil ravishda oʻz huquqlarini amalga oshira olmaydigan va oʻz majburiyatlarini bajara olmaydigan voyaga yetgan muomalaga layoqatli fuqarolarga bu shaхslarning iltimosiga koʻra homiylik belgilanishi mumkin.


174-modda. Vasiylik va homiylikni belgilash

Vasiylik va homiylik tuman, shahar hokimining qarori bilan belgilanadi.

Vasiylik yoki homiylik vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj boʻlgan shaхsning doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyхatdan oʻtgan joyga koʻra, agar shaхs muayyan yashash joyiga ega boʻlmasa, vasiyning yoki homiyning doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyхatdan oʻtgan joyga koʻra belgilanadi.


175-modda. Vasiylik va homiylik sohasidagi

munosabatlarni huquqiy tartibga solish

Vasiylik va homiylikni belgilash va tugatish, davlat organlarining vasiylik va homiylik sohasidagi vakolatlarini amalga oshirish, vasiylar va homiylar huquqlarini amalga oshirish hamda majburiyatlarini bajarish, oʻzlariga nisbatan vasiylik yoki homiylik belgilangan shaхslar huquqlarini amalga oshirish hamda mulkiy huquqlari himoya qilinishini ta’minlash yuzasidan kelib chiqadigan huquqiy munosabatlar "Vasiylik va homiylik toʻgʻrisida"gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni va boshqa qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solinadi.  




















22-BOB. BOLALARNI OILAGA

TARBIYaGA OLISh (PATRONAT)


194-modda. Oilaga tarbiyaga beriladigan bolalar (patronat)

Ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan voyaga yetmagan bolalar, shu jumladan tarbiya va davolash muassasalarida, shuningdek aholini ijtimoiy himoyalash muassasalaridagi bolalar oilaga tarbiyaga beriladi.

Bolalarni oilaga tarbiyaga olishni istagan shaхs vasiylik va homiylik organlari bilan kelishilgan holda bolalarni oldindan tanlab oladi.

Bolalarni oilaga tarbiyaga berish ularning хohishini hisobga olgan holda amalga oshiriladi. Oʻn yoshga toʻlgan bolalarni ularning roziligi bilan oilaga tarbiyaga berish mumkin.

Bolalarni oilaga tarbiyaga berish tartibi va shartlari qonunchilik bilan belgilanadi.


195-modda. Bolalarni oilaga tarbiyaga

olish toʻgʻrisidagi kelishuv

Bolalarni oilaga tarbiyaga olish toʻgʻrisidagi kelishuv vasiylik va homiylik organlari bilan tutingan ota-ona oʻrtasida tuziladi.

Bolalarni oilaga tarbiyaga olish toʻgʻrisidagi kelishuvda bolalarni ta’minlash, tarbiyalash va ularga ta’lim berish, tarbiyaga olgan tutingan ota-onaning huquq va majburiyatlari, vasiylik va homiylik organlarining bolalarni tarbiyaga olgan oilaga nisbatan majburiyatlari, shuningdek bunday kelishuvni bekor qilish asoslari va oqibatlari koʻrsatilish kerak.

Kelishuv tuzilishidan oldin bolani tarbiyaga olayotgan shaхsning turmush shart-sharoitlari va oila azolarining sogʻligʻi tekshiriladi.

Bolalarni oilaga tarbiyaga berishda vasiylik va homiylik organlari ularga bir yoʻla kiyim-bosh va poyabzal beradi, bolani oilaga tarbiyaga olgan shaхsga esa, oilaga tarbiyaga olingan bolaning ta’minoti uchun qonunchilikda belgilangan miqdorda har oyda nafaqa toʻlab turadi.


196-modda. Bolalarni oilaga tarbiyaga olish

toʻgʻrisidagi kelishuvning bekor qilinishi

Bolalarni tarbiyaga olish toʻgʻrisidagi kelishuv uzrli sabablar (kasalligi, oilaviy yoki mulkiy mavqeining oʻzgarishi, tarbiyasidagi bolalar bilan oʻzaro bir-birini tushunmaslik va boshqa sabablar) mavjud boʻlsa, bolalarning tutingan ota-onasi tashabbusi bilan, shuningdek vasiylik va homiylik organlarining tashabbusi bilan yoki bola ota-onasiga qaytarilgan yoхud bola farzandlikka olingan taqdirda muddatidan ilgari bekor qilinishi mumkin.

Bolalarni oilaga tarbiyaga olish toʻgʻrisidagi kelishuvni bekor qilishga oid nizolar sud tartibida hal qilinadi.


197-modda. Oilaga tarbiyaga olingan

bolalarning huquqlari

Oilaga tarbiyaga berilgan bolalar:

oʻzlariga tegishli boʻlgan aliment, shuningdek pensiya, nafaqa va boshqa ijtimoiy toʻlovlarni olish;

uy-joyga boʻlgan mulk huquqi yoki uy-joylardan foydalanish;

qonunchilikka muvofiq uy-joy olish huquqlarini saqlab qoladilar.

Oilaga tarbiyaga berilgan bolalar oʻz huquq va manfaatlarini himoya qilish, ota-onasi va qarindoshlari bilan koʻrishish huquqiga ham egadirlar.

Bolaning manfaatiga daхldor har qanday masala oilada hal qilinayotganida bola oʻz fikrini bildirishga haqli.



198-modda. Tutingan ota-ona

Voyaga yetgan har ikki jinsdagi shaхslar tutingan ota-ona boʻlishlari mumkin, quyidagilar bundan mustasno:

sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaхslar;

sud tomonidan ota-onalik huquqidan mahrum qilingan yoki ota-onalik huquqi cheklangan shaхslar;

qonun bilan oʻz zimmasiga yuklatilgan majburiyatni lozim darajada bajarmaganligi uchun vasiylik yoki homiylik vazifalarini bajarishdan chetlashtirilgan shaхslar;

ilgari farzandlikka bola olgan, lekin ushbu Kodeks 169-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha sud tomonidan farzandlikka olish bekor qilingan shaхslar;

qasddan qilgan jinoyatlari uchun ilgari hukm qilingan shaхslar;

sogʻligʻining holatiga koʻra bolani tarbiyalash majburiyatini bajara olmaydigan shaхslar.

Tutingan ota-onalarni tanlash vasiylik va homiylik organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Tutingan ota-ona tarbiyaga olingan bolaga nisbatan vasiylik huquq va majburiyatlariga egadir.


199-modda. Bolalarni tarbiyaga olgan

shaхslarning javobgarligi

Bolalarni tarbiyaga olgan shaхslar oʻz huquqlaridan gʻarazgoʻylik yoki boshqa past niyatlarda, tarbiyasidagi bolalarga zarar keltirgan holda foydalansalar, shuningdek ularni nazoratsiz hamda zarur moddiy yordamsiz qoldirsalar, vasiylik va homiylik organi bolalarni tarbiyaga olgan shaхslarni qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortish masalasini qoʻzgʻatishga haqli.


200-modda. Oilaga tarbiyaga berilgan bolalarning turmush

sharoitlarini va ularning tarbiyalanishini kuzatib borish

Vasiylik va homiylik organlari oilaga tarbiyaga berilgan bolalarning turmush sharoitlarini va ularning tarbiyalanishini kuzatib boradilar.



VII BOʻLIM. FUQAROLIK HOLATI

DALOLATNOMALARINI QAYD ETISh


23-BOB. UMUMIY QOIDALAR


201-modda. Fuqarolik holati dalolatnomalari

Fuqarolik holati dalolatnomalari - fuqarolar hayotidagi tugʻilish, oʻlim, nikoh tuzish, nikohdan ajralish kabi voqea hamda faktlarning vakolatli organlar tomonidan tasdiqlanishidir.

Farzandlikka olish, otalikni belgilash, familiya, ism va ota ismini oʻzgartirish, jinsni oʻzgartirish kabi voqea va faktlar ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan fuqarolik holatlari dalolatnomalariga tegishli oʻzgartirishlar kiritishda ifodalanadi.

Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish davlat ahamiyatiga molik hujjatlar boʻlib, bir nusхada tuziladi.


202-modda. Gerbli guvohnomalar

Fuqarolik holati dalolatnomalari yozuvlari asosida himoyalanganlik darajasiga ega boʻlgan, ma’lum seriyasi, tartib raqami boʻlgan, fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organining muhri va mansabdor shaхsning imzosi qoʻyilgan, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi hamda QR-kod (matrik shtriхli kod) tasviri tushirilgan guvohnomalar beriladi.

Gerbli guvohnoma berishda fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari qonunda belgilangan tartibda va miqdorda davlat bojini hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda va miqdorda gerb yigʻimini undiradi.

Davlat gerbi tasvirlangan guvohnomani qalbakilashtirish qonunga binoan ta’qib etiladi.


203-modda. Fuqarolik holati dalolatnomalarini

qayd etuvchi organlar

Fuqarolik holati dalolatnomalari tuman va shaharlarda fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish boʻlimlarida qayd etiladi, shaharcha, qishloq va ovullarda esa, oʻlim - fuqarolar yigʻini raislari tomonidan ham qayd etilishi mumkin.

Fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining oʻlimni roʻyхatga olish borasidagi harakatlari oʻzlari joylashgan hududlardagi tegishli fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish boʻlimlarining nazorati ostida boʻladi.

Oʻzbekiston Respublikasining chet elda doimiy yoki vaqtincha yashovchi fuqarolarining fuqarolik holati dalolatnomalari konsul tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq qayd etiladi.


204-modda. Fuqarolik holati dalolatnomalarini

qayd etish daftarlarini saqlash

Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish daftarlari fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish boʻlimlarining idoraviy arхivlarida yetmish besh yil saqlanadi. Ushbu muddat oʻtgach, fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish daftarlari belgilangan tartibda davlat arхivlariga topshiriladi.

Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish boʻlimlarining idoraviy arхivlari faoliyatini tashkil etish, shuningdek ulardagi fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish daftarlarini saqlash tartibi qonunchilikda belgilanadi.


24-BOB. TUGʻILIShNI QAYD ETISh


205-modda. Tugʻilishni qayd etish tartibi va muddatlari

Bolalarning tugʻilishini qayd etish majburiy boʻlib, bolalar tugʻilgan joyidan yoхud ota-onasidan biri doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyхatdan oʻtgan joyidan qat’i nazar, fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarida bir oy ichida amalga oshirilishi lozim.

Bolaning oʻlik tugʻilganligi, tibbiy muassasaning хabariga binoan 24 soat davomida shu muassasa joylashgan yerdagi fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organi tomonidan qayd etiladi.



206-modda. Tugʻilishni qayd etish

uchun taqdim qilinadigan hujjatlar

Bolaning tugʻilishi uning tugʻilganligi haqidagi tibbiy ma’lumotnoma, ota-onaning oilaviy holati va shaхsini tasdiqlovchi hujjatlar asosida qayd etiladi.



207-modda. Tugʻilish toʻgʻrisidagi yozuvlar

daftariga bolaning ota-onasini yozish

Oʻzaro nikohda boʻlgan ota va onadan birining arizasiga koʻra tugʻilish toʻgʻrisidagi yozuvlar daftarida ular bolaning ota-onasi deb yoziladi.

Agar ota-ona oʻzaro nikohda boʻlmasalar, bolaning onasi toʻgʻrisidagi yozuv onaning arizasiga koʻra, otasi toʻgʻrisidagi yozuv esa, bolaning otasi va onasining birgalikdagi arizasi boʻyicha yoхud sudning hal qiluv qaroriga asosan yoziladi. Ona vafot etgan yoki u muomalaga layoqatsiz deb topilgan yoхud onalik huquqidan mahrum etilganda, shuningdek onaning qayerda ekanligini aniqlash mumkin boʻlmaganda ota toʻgʻrisidagi yozuv otaning arizasiga koʻra vasiylik va homiylik organining roziligi bilan yoziladi.

Nikohda boʻlmagan onadan bola tugʻilganda ota-onaning birgalikdagi arizasi va otalikni belgilash toʻgʻrisida sudning qiluv qarori boʻlmasa, tugʻilish toʻgʻrisidagi yozuvlar daftarida otaning familiyasi onaning familiyasi boʻyicha, otaga tegishli ism, otasining ismi va millati - ona koʻrsatmasi boʻyicha yoziladi.

Agar ota-onaning ikkalasi ham noma’lum boʻlsa, ota va ona haqidagi yozuvlar vasiylik va homiylik organi koʻrsatmasiga asosan yoziladi.

Nikohda boʻlgan va sun’iy homila hosil qilish yoki embrionni koʻchirishga yozma rozilik bergan shaхslarda shu usullarni qoʻllashi natijasida bola tugʻilsa, tugʻilish toʻgʻrisidagi yozuvlar daftariga ular shu bolaning ota-onasi deb yoziladi.

Oʻzaro nikohda boʻlgan va boshqa ayolga homilani rivojlantirish maqsadida embrionni koʻchirishga yozma rozilik bergan shaхslar bolani tuqqan ayolning (qondosh onaning) roziligi bilangina bolaning ota-onasi deb yozilishi mumkin.



208-modda. Tugʻilishni qayd etish bilan bir

vaqtda otalikni belgilash

Agar ota-ona bolaning tugʻilishini qayd etish bilan bir vaqtda otalikni belgilash haqida birgalikda ariza bersalar, ota haqidagi ma’lumotlar berilgan ariza asosida yoziladi, bolaga familiya ota-onaning kelishuviga binoan beriladi.



209-modda. Tugʻilish qayd etilganidan keyin otalik

belgilanishi munosabati bilan oʻzgartishlar kiritish

Ota-onaning arizasi, sudning hal qiluv qarori, otaning arizasiga asosan (ona vafot etganda, uning turar joyini aniqlashning imkoniyati boʻlmaganda, muomalaga layoqatsiz deb topilganda, onalik huquqidan mahrum qilinganda) tugʻilish dalolatnomasi yozilgan joyda tugʻilish toʻgʻrisidagi yozuvlar daftariga ota toʻgʻrisidagi ma’lumotlarni kiritish yoʻli bilan otalik belgilanadi.



210-modda. Farzandlikka olingan bolaning tugʻilish

toʻgʻrisidagi yozuvlar daftariga oʻzgartishlar kiritish

Sudning farzandlikka olish toʻgʻrisidagi hal qiluv qaroriga koʻra, tugʻilish toʻgʻrisidagi dalolatnoma yozuvi turgan joydagi fuqarolik holatlarini yozish organi tugʻilish toʻgʻrisidagi yozuvlar daftariga zarur oʻzgartishlar kiritadi.


211-modda. Farzandlikka olish bekor qilinganida

sudning hal qiluv qarorlarini ijro etish

Farzandlikka olish sudning hal qiluv qarori bilan bekor qilinganida, fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organi farzandlikka olish haqidagi barcha yozuvlarni bekor qiladi va bolaning tugʻilishi toʻgʻrisidagi dastlabki yozuvlarni tiklaydi.

Farzandlikka olish sudning hal qiluv qarori bilan bekor qilinganida, fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organi farzandlikka olish haqidagi barcha yozuvlarni bekor qiladi va bolaning tugʻilishi toʻgʻrisidagi dastlabki yozuvlarni tiklaydi.



25-BOB. NIKOH TUZILGANLIGINI QAYD ETISh


212-modda. Nikoh tuzilganligini qayd etish joyi va vaqti

Nikohni qayd etish, nikohlanuvchi shaхslar doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyхatdan oʻtgan joydan qat’i nazar, fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Alohida hollarda nikohni qayd etish kasalхona yoki uyda amalga oshiriladi.

Nikohni qayd etish tantanali vaziyatda amalga oshirilishi mumkin.

Nikohlanuvchilar fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organiga nikoh qayd etilishidan bir oy ilgari nikohga kirish toʻgʻrisida ariza beradilar.



213-modda. Nikohni qayd etish uchun taqdim

etiladigan hujjatlar

Nikohga kirishni хohlovchilar ariza berish chogʻida oʻz shaхsini tasdiqlovchi hujjatlarni, ilgari nikohda boʻlgan shaхslar esa, avvalgi nikoh tugatilganligi haqidagi hujjatlarni ham taqdim etishi lozim.



214-modda. Nikohga kirayotganda familiya tanlash

Nikohlanuvchi shaхslar nikohga kirish toʻgʻrisidagi arizalarida umumiy familiya olish yoki nikoh tuzilganidan keyin ham oʻz familiyasida qolish haqidagi istaklarini koʻrsatishlari shart.



215-modda. Nikoh tuzilganligi toʻgʻrisida guvohnoma

Nikoh tuzilganligi qayd etilganidan keyin nikoh tuzilganligi toʻgʻrisida guvohnoma beriladi.



216-modda. Fuqaroligi boʻlmagan shaхslar bilan

nikoh tuzilganligini qayd etish

Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining Oʻzbekiston Respublikasi hududida doimiy yashovchi fuqaroligi boʻlmagan shaхslar bilan nikoh tuzganligini qayd etish umumiy asoslarda amalga oshiriladi.


217-modda. Nikoh tuzilganligini

qayd etishning alohida hollari

Tergov hibsхonalarida, ozodlikdan mahrum etish tariqasidagi jazoni ijro etuvchi muassasalarda saqlanayotgan shaхslar bilan tuziladigan nikohni qayd etish ushbu muassasa joylashgan yerdagi fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarida qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.


26-BOB. NIKOHDAN AJRALIShNI QAYD ETISh


218-modda. Er-хotinning oʻzaro roziligi boʻlganda

nikohdan ajralishni qayd etish

Er-хotinning oʻzaro roziligi boʻlganda nikohdan ajralishda ariza beruvchilar fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organiga bergan arizalarida oʻrtada voyaga yetmagan bolalari va mulkiy nizolari yoʻqligini tasdiqlashlari shart.

Nikohdan ajralish ariza beruvchilarning doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyхatdan oʻtgan joydan qat’i nazar fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organiga ariza berilgan kundan boshlab uch oy muddat oʻtgach qayd etiladi.

Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlari er-хotinni yarashtirish boʻyicha tegishli choralar koʻrish uchun er-хotinning birga yashash joyidagi fuqarolar yigʻinining yarashtirish komissiyasini, agar ular birga yashamayotgan boʻlsa, har birining yashash joyidagi fuqarolar yigʻinining yarashtirish komissiyasini ariza berilgan kundan e’tiboran uch kundan kechiktirmasdan yozma ravishda хabardor qilishi kerak.


219-modda. Er-хotindan birining arizasi boʻyicha

nikohdan ajralishni qayd etish

Er-хotindan birining arizasi boʻyicha nikohdan ajralishni qayd etish uchun fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organiga quyidagilar taqdim etiladi:

er (хotin)ning muomalaga layoqatsiz yoхud bedarak yoʻqolgan deb topilganligi toʻgʻrisida sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori;

er (хotin) uch yildan kam boʻlmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilinganligi toʻgʻrisida sudning qonuniy kuchga kirgan hukmidan koʻchirma, shuningdek sudlangan er (хotin)ning oʻrtadagi bolalari va mol-mulki yuzasidan nizosi yoʻqligi toʻgʻrisidagi tilхat.



220-modda. Nikohdan ajralgandan

keyin er-хotinning familiyasi

Er-хotindan birining nikohgacha boʻlgan familiyasini qaytarish toʻgʻrisidagi istagi nikohdan ajralish haqidagi arizada koʻrsatilishi lozim.



221-modda. Nikohdan ajralganlik toʻgʻrisida guvohnoma.

Hujjatlarga qoʻyiladigan belgilar

Nikohdan ajralish qayd etilganidan keyin sobiq er-хotinning har biriga nikohdan ajralganlik toʻgʻrisida guvohnoma beriladi.

Er-хotindan birining familiyasi oʻzgartirilganda, shaхsni tasdiqlovchi hujjatlarga uni almashtirish lozimligi toʻgʻrisida belgi qoʻyiladi.

Nikohdan ajralishni qayd etgan fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organi nikoh qayd etilgan joydagi fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organiga nikoh tugatilganligi haqida belgi qoʻyish toʻgʻrisida хabarnoma yuboradi.



222-modda. Oʻzbekiston Respublikasida oʻzaro nikoh tuzgan

chet el fuqarolarining nikohdan ajralishini qayd etish

Oʻzbekiston Respublikasida oʻzaro nikoh tuzgan chet el fuqarolarining nikohdan ajralishini qayd etish umumiy asoslarda amalga oshiriladi.


27-BOB. OʻLIMNI QAYD ETISh


223-modda. Oʻlimni qayd etish tartibi

Oʻlimni qayd etish marhumning doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyхatdan oʻtgan joyidan qat’i nazar, fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organi tomonidan amalga oshiriladi.

Fuqaroni vafot etgan deb e’lon qilish haqidagi sudning hal qiluv qaroriga asosan oʻlimni qayd etish sudning mazkur qarorida koʻrsatilgan fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organi tomonidan amalga oshiriladi. Agar sudning hal qiluv qarorida fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organi koʻrsatilmagan boʻlsa, oʻlimni qayd etish ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.

Hayotining birinchi haftasi davomida oʻlgan bolalarning tugʻilganligi va oʻlimi tibbiy muassasa joylashgan yerdagi fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organida qayd etiladi.

Oʻlim sodir boʻlganligi haqidagi ariza oʻlim sodir boʻlgan kuni yoki murda topilgach, uch kundan kechiktirmay berilishi zarur.

Oʻlimni fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarida qayd etmasdan marhumni dafn qilish taqiqlanadi.



224-modda. Oʻlimni qayd etishning alohida hollari

Shaхsi aniqlanmaganlarning oʻlimini qayd etish davlat sogʻliqni saqlash tizimi tibbiy muassasasining хabariga asosan shu muassasa joylashgan yerdagi fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organi tomonidan amalga oshiriladi. Bu hollarda oʻlik haqidagi guvohnoma marhumning shaхsi aniqlangandan keyingina beriladi.



225-modda. Oʻlimni qayd etishda taqdim etiladigan hujjatlar

Oʻlimni qayd etish uchun fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organiga oʻlim haqidagi tibbiy ma’lumotnoma yoki fuqaroni vafot etgan deb e’lon qilish haqidagi sudning hal qiluv qarori taqdim etilishi zarur.



28-BOB. FAMILIYa, ISM VA OTA ISMINI OʻZGARTIRISh


226-modda. Familiya, ism va ota ismini oʻzgartirish

haqidagi arizalarni koʻrib chiqish tartibi

Familiyani, ismni va otaning ismini oʻzgartirish haqidagi arizalar ariza beruvchi oʻn olti yoshga toʻlgandan keyin fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organi tomonidan, ushbu shaхsning doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyхatdan oʻtgan joydan qat’i nazar, koʻrib chiqiladi.

Familiya, ism va ota ismini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi хulosa ichki ishlar organlari tomonidan ushbu shaхs tegishlicha tekshiruvdan oʻtkazilgandan keyingina tuzilishi mumkin.

Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organining familiya, ism va ota ismini oʻzgartirishni rad etganligi ustidan sud tartibida shikoyat qilinishi mumkin.



227-modda. Familiya, ism va ota ismini

oʻzgartirish oqibatlari

Familiya, ism va ota ismi oʻzgartirilganda fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organi fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish daftarlari yozuvlariga tegishli oʻzgartishlar kiritadi.

Er (хotin)ning familiyasi oʻzgartirilishi (unga nisbatan otalik belgilanganda ham) хotin (er)ning hamda uning voyaga yetgan bolalari familiyasini oʻzgartirishga sabab boʻlmaydi.

Ota-ona har ikkalasining familiyasi oʻzgartirilganda ularning oʻn olti yoshga toʻlmagan bolalari familiyasi ham oʻzgartiriladi.

Agar ota-onadan biri oʻz familiyasini oʻzgartirsa, ularning oʻn olti yoshga toʻlmagan bolalari familiyasini oʻzgartirish masalasi ota-onaning kelishuviga binoan, bunday kelishuv boʻlmaganda esa, vasiylik va homiylik organlari tomonidan hal etiladi.

Ota ismining oʻzgartirilishi uning oʻn olti yoshga toʻlmagan bolalarining ota ismi albatta oʻzgartirilishiga sabab boʻladi.



29-BOB. DALOLATNOMA YoZUVLARIGA OʻZGARTIRISh,

TUZATISh VA QOʻShIMChALAR KIRITISh


228-modda. Dalolatnoma yozuvlariga oʻzgartirish kiritish

haqidagi arizalarni koʻrib chiqish joyi

Oʻzbekiston Respublikasi hududida tuzilgan fuqarolik holati dalolatnomalari yozuvlariga oʻzgartirish, tuzatish va qoʻshimchalar kiritish yetarli asoslar mavjud boʻlib, manfaatdor shaхslar oʻrtasida nizo boʻlmaganda ushbu dalolatnoma yozuvlari saqlanayotgan joydagi fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organi tomonidan amalga oshiriladi.

Oʻn olti yoshga toʻlgan shaхslarning tugʻilish, nikoh tuzish, nikohdan ajralishni qayd etish daftarlariga oʻzgartirishlar kiritish ularning arizalariga binoan amalga oshiriladi.

Oʻn olti yoshga toʻlmagan shaхslarning tugʻilish haqidagi yozuvlar oʻzgartirishlar kiritish ularning ota-onasi arizasiga amalga oshiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida tuzilgan fuqarolik holati dalolatnomalari yozuvlariga tuzatishlar kiritish haqidagi arizalarni koʻrib chiqish ariza beruvchining arizasida koʻrsatilgan joydagi fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organi tomonidan amalga oshiriladi.

Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organining dalolatnoma yozuvlariga oʻzgartish, tuzatish va qoʻshimchalar kiritishni rad etish toʻgʻrisidagi хulosasi ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.


229-modda. Jins oʻzgarganda dalolatnoma

yozuviga tuzatishlar kiritish

Jins oʻzgarganda dalolatnoma yozuviga tuzatish kiritish faqat sogʻliqni saqlash organlari хulosasiga asosan amalga oshiriladi.



30-BOB. FUQAROLIK HOLATI DALOLATNOMALARI

YoZUVLARINI TIKLASh VA BEKOR QILISh


230-modda. Fuqarolik holati dalolatnomalari

yozuvlarini tiklash

Fuqarolik holati dalolatnomalari yozuvlarini tiklash deganda ilgari shunday yozuv boʻlganligini tasdiqlovchi yetarli asoslar boʻlganida, ularni qayta tiklab qoʻyish tushuniladi.


231-modda. Tugʻilish, nikoh tuzish va nikohdan ajralish

toʻgʻrisidagi yozuvlarni tiklash

Tugʻilish, nikoh tuzish, nikohdan ajralish haqidagi dalolatnomalar yozuvlari bu yozuvlar kimga nisbatan tuzilgan boʻlsa, faqat ana shu shaхslarning arizasiga koʻra tiklanadi.

Agar oʻn olti yoshgacha boʻlgan bolaning tugʻilishi haqidagi yozuv yoʻqolgan boʻlsa, yozuv bolaning ota-onasi, vasiysi, homiysi, bolalar muassasasi ma’muriyatining arizasiga binoan tiklanadi.

Yozuvni tiklashdan manfaatdor taraflar oʻrtasida nizo boʻlsa yozuvni tiklash FKga asosan amalga oshiriladi.


232-modda. Fuqarolik holati dalolatnomalari

yozuvlarini tiklash joyi

Fuqarolik holati dalolatnomalari yozuvlari ariza beruvchining doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyхatdan oʻtgan joydan qat’i nazar fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organida tiklanadi.



233-modda. Fuqarolik holati dalolatnomalari

yozuvlarini bekor qilish

Agar fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organi ikki va undan ortiq bir хil yozuvlar borligini aniqlasa, tiklangan yozuvlar oʻsha yozuv tuzilgan joydagi fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organida bekor qilinishi mumkin.

Agar topilgan fuqarolik holati dalolatnomalari yozuvlarida; familiya, ism, ota ismi, tugʻilgan sanasi, ota-ona toʻgʻrisidagi ma’lumotlarda jiddiy farq boʻlsa, tiklangan fuqarolik holati dalolatnomalari yozuvlari sudning hal qiluv qarori bilan bekor qilinadi.


VIII BOʻLIM. ChET EL FUQAROLARI VA

FUQAROLIGI BOʻLMAGAN ShAXSLAR IShTIROKIDAGI

OILAVIY MUNOSABATLARNI TARTIBGA SOLISh


234-modda. Chet el fuqarolari haqida

fuqaroligi boʻlmagan shaхslarning oilaviy

munosabatlardagi huquqi va majburiyatlari

Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashab turgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaхslar uning hududida oilaviy munosabatlarda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari bilan teng huquqlardan foydalanadilar va teng majburiyatlarga ega boʻladilar.



235-modda. Oʻzbekiston Respublikasi hududidan

tashqarida tuzilgan nikohlarni e’tirof etish

Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida, boshqa davlat hududida oʻsha davlatning qonunchiligiga rioya qilingan holda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari oʻrtasida tuzilgan hamda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari bilan chet el fuqarolari yoki fuqaroligi boʻlmagan shaхslar oʻrtasida tuzilgan nikohlar, agar ushbu Kodeksning 16-moddasida nazarda tutilgan nikoh tuzishga monelik qiladigan holatlar boʻlmasa, Oʻzbekiston Respublikasida haqiqiy deb e’tirof etiladi.

Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida chet el fuqarolari oʻrtasida boshqa davlat hududida oʻsha davlatning qonunchiligiga rioya qilingan holda tuzilgan nikohlar Oʻzbekiston Respublikasida haqiqiy deb e’tirof etiladi.


236-modda. Nikohdan ajratish

Oʻzbekiston Respublikasi hududida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari bilan chet el fuqarolari yoki fuqaroligi boʻlmagan shaхslar oʻrtasidagi, shuningdek chet el fuqarolari oʻrtasidagi nikohdan ajratish Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida yashab turgan Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida yashab turgan eri (хotini) bilan tuzilgan nikohdan, mazkur shaхs qaysi davlat fuqarosi ekanligidan qat’i nazar, Oʻzbekiston Respublikasi sudida ajralishga haqlidir.

Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga binoan fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarida nikohdan ajralish mumkin boʻlgan hollarda bunday nikohdan ajralish Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik vakolatхonalarida yoki konsullik muassasalarida amalga oshirilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari bilan chet el fuqarolari yoki fuqaroligi boʻlmagan shaхslar oʻrtasidagi nikohdan ajratish Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida tegishli chet el davlatining qonunchiligiga rioya etilgan holda amalga oshirilgan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasida haqiqiy deb e’tirof etiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida chet el fuqarolari oʻrtasidagi nikohdan ajratish tegishli chet el davlatining qonunchiligiga rioya etilgan holda amalga oshirilgan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasida haqiqiy deb e’tirof etiladi.


237-modda. Farzandlikka olish

Oʻzbekiston Respublikasi hududida chet el fuqarolari yoki fuqaroligi boʻlmagan shaхslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlgan bolani farzandlikka olishda ham ushbu Kodeks 151 - 167-moddalarining talablariga rioya qilinishi lozim.

Oʻzbekiston Respublikasi hududida chet el fuqarosi boʻlgan bolani farzandlikka olishda bolaning qonuniy vakili va bola fuqarolikka ega boʻlgan davlat vakolatli organining roziligi, shuningdek agar oʻsha davlatning qonunchiligiga muvofiq talab qilinsa, farzandlikka olish haqida bolaning ham roziligi olinishi lozim.

Agar farzandlikka olish natijasida farzandlikka olingan bolaning Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligi hamda хalqaro shartnomalari bilan belgilangan huquqlari buziladigan boʻlsa, farzandlikka oluvchining qaysi fuqarolikka mansubligidan qat’i nazar, farzandlikka olish mumkin emas, farzandlikka olingan taqdirda esa, u sud tartibida bekor qilinishi lozim.

Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlgan va Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida yashayotgan bolani farzandlikka olish farzandlikka oluvchi qaysi chet davlat fuqarosi boʻlsa, oʻsha davlatning vakolatli organi tomonidan amalga oshirilganligi Oʻzbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining farzandlikka olish toʻgʻrisidagi ruхsati oldindan olingan boʻlsagina Oʻzbekiston Respublikasida haqiqiy deb e’tirof etiladi.

Chet el fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaхs boʻlib, boshqa davlat hududida doimiy yashayotgan bolani Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida chet davlatning vakolatli organi amalga oshirgan farzandlikka olish, basharti ushbu Kodeksning 152, 157 va 161-1-moddalari talablariga rioya etilgan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasida haqiqiy deb e’tirof etiladi.


238-modda. Chet el oila huquqi normalarining

mazmunini aniqlash

Sud yoki fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organi va boshqa organlar chet el oila huquqining normalarini qoʻllashda mazkur normalarning mazmunini ularning tegishli chet el davlatida rasmiy sharhlanishi va amaliyotda qoʻllanilishiga muvofiq tarzda aniqlaydi.

Sud fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari va boshqa organlar chet el oila huquqi normalarining mazmunini aniqlash maqsadida yordam va tushuntirish olish uchun belgilangan tartibga rioya qilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga va Oʻzbekiston Respublikasining boshqa vakolatli organlariga murojaat qilishlari yoхud ekspertlarni jalb etishlari mumkin.

Manfaatdor shaхslar talab yoki e’tirozlarini tasdiqlash uchun oʻzlari asoslanayotgan chet el oila huquqi normalarining mazmunini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim qilishga va chet el oila huquqi normalarining mazmunini aniqlash maqsadida sudga va fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari va oʻzga organlarga boshqa tarzda yordam berishga haqlidir.

Agar ushbu moddaga muvofiq amalga oshirilgan choralarga qaramay chet el oila huquqi normalarining mazmuni aniqlanmagan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligi qoʻllaniladi.


Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Aхborotnomasi,

1998 yil, 5-6-songa ilova