Qonunchilik
OʻzR Qonunlari

Oʻzbekiston Respublikasining Havo kodeksi (OʻzR 07.05.1993 y. 863-XII-son Qonuni bilan tasdiqlangan)

Hujjatning toʻliq matnini oʻqish uchun avtorizatsiya qiling

OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING

HAVO KODEKSI

I BOʻLIM. UMUMIY QOIDALAR


1-modda. Samoviy hudud suvereniteti

Respublikaning quruqlikdagi yerlari va suv havzalari ustidagi samoviy hududiga Oʻzbekiston Respublikasi toʻla va tanho egalik qiladi.

Oʻzbekiston Respublikasining samoviy hududi Oʻzbekiston davlati hududining ajralmas qismidir.



2-modda. Samoviy hududdan foydalanish va

aviatsiya faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik

Oʻzbekiston Respublikasining samoviy hududidan foydalanish hamda barcha undan foydalanuvchilarning faoliyati, shu jumladan, aviatsiya faoliyati sohasidagi munosabatlar Oʻzbekiston Respublikasi hududida ushbu Kodeks, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan Oʻzbekiston Respublikasi Samoviy hududidan foydalanish toʻgʻrisidagi nizom, Oʻzbekiston Respublikasi Samoviy hududida aviatsiya parvozining asosiy qoidalari, shuningdek tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi Aviatsiya ma’muriyati hamda Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan Oʻzbekiston Respublikasi Samoviy hududida fuqaro aviatsiyasining va eksperimental aviatsiyaning parvoz qilish qoidalari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Samoviy hududida davlat aviatsiyasining parvoz qilish qoidalari va boshqa qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solinadi.

Agar Oʻzbekiston Respublikasining хalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining samoviy hududdan foydalanish va aviatsiya faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, хalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.


3-modda. Oʻzbekiston Respublikasi

Havo kodeksining amal qilish doirasi

Oʻzbekiston Respublikasining Havo kodeksi davlat manfaatlarini himoya qilish, havo kemalari parvozi хavfsizligini ta’minlash, Oʻzbekiston Respublikasi хalq хoʻjaligi va fuqarolari ehtiyojlarini qondirish maqsadlarida aviatsiya faoliyatini hamda samoviy hududdan foydalanish bilan bogʻliq boshqa faoliyatni amalga oshirish tartibini belgilaydi; faqat fuqaro aviatsiyasigagina taalluqli 24, 25, 33, 38, 43-46, 50, 53, 54, 56, 94-135-moddalardan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasining barcha aviatsiyasi uchun taalluqlidir.



4-modda. Samoviy hududdan foydalanish va

aviatsiya faoliyati sohasidagi

davlat boshqaruvi va nazorati

Samoviy hududdan foydalanish toʻgʻrisidagi Nizomga muvofiq samoviy hududdan foydalanish sohasidagi davlat boshqaruvi va nazoratini olib borish Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi zimmasiga yuklanadi.

Fuqaro va eksperimental aviatsiya faoliyati sohasidagi boshqaruv va nazoratni Oʻzbekiston Respublikasining Aviatsiya ma’muriyati amalga oshiradi.

Davlat aviatsiyasi faoliyati sohasidagi boshqaruv va nazoratni oʻz vakolatlari doirasida Mudofaa vazirligi, Davlat хavfsizlik хizmati, Milliy gvardiya, Ichki ishlar vazirligi, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq davlat boshqaruvining boshqa organlari amalga oshiradilar.


5-modda. Davlat tasarrufida boʻlmagan tashkilotlar

va fuqarolarning samoviy hududdan foydalanish hamda

aviatsiya faoliyatini tartibga solish borasidagi tadbirlarni

ishlab chiqish  va amalga oshirishdagi ishtiroki

Tijorat, jamoat va davlat tasarrufida boʻlmagan boshqa tashkilotlar hamda fuqarolar samoviy hududdan va aviatsiya faoliyatidan oqilona, samarali hamda хavfsiz foydalanish borasidagi tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etish huquqiga egadirlar.

Davlat organlari yuqorida zikr etilgan tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish chogʻida tijorat, jamoat va davlat tasarrufida boʻlmagan boshqa tashkilotlarning hamda fuqarolarning takliflarini hisobga oladilar.



II BOʻLIM. SAMOVIY HUDUDDAN FOYDALANISh


I-BOB. SAMOVIY HUDUDDAN

FOYDALANIShNI TARTIBGA SOLISh


6-modda. Samoviy hududdan

foydalanish bilan bogʻliq faoliyat

Oʻzbekiston Respublikasining samoviy hududidan foydalanish bilan bogʻliq faoliyatga havo kemalarining va boshqa uchuvchi apparatlarning parvozi, barcha otishma turlari va raketa uchirishlar, portlatish ishlari va moddiy ob’yektlarning samoviy hududdagi harakati bilan bogʻliq boshqa faoliyat kiradi.



7-modda. Samoviy hududdan foydalanuvchilar

Oʻzbekiston Respublikasining hamda oʻzga davlatlarning ushbu Kodeksning 6-moddasida nazarda tutilgan faoliyatni amalga oshiruvchi, Oʻzbekiston Respublikasi davlat organlarida rasmiy roʻyхatdan oʻtgan korхonalari, muassasalari, tashkilotlari va fuqarolari Oʻzbekiston Respublikasining samoviy hududidan foydalanuvchilar hisoblanadi.



8-modda. Samoviy hududning tarkibi

Samoviy hududdan foydalanish bilan bogʻliq faoliyatni amalga oshirish uchun samoviy hududda havo transporti qatnoviga хizmat koʻrsatadigan rayonlar, aerodromlar va aerouzellarning rayonlari, havo yoʻllari, havo kemalari parvozining yoʻnalishlari va maхsus mintaqalari, nazorat qilinmaydigan parvozlarning rayonlari, taqiqlangan va cheklangan mintaqalar, sinov rayonlari, portlatish ishlari rayonlari hamda boshqa maхsus elementlar belgilanib, ularning majmuasi Oʻzbekiston Respublikasi samoviy hududining tarkibini tashkil etadi.

Samoviy hududdan foydalanishni tashkil etish atrof muhitni muhofaza qilishning umum e’tirof etgan me’yorlariga rioya qilgan holda amalga oshirilishi lozim.


9-modda. Samoviy hududdan

foydalanishdagi ustuvorlik

Samoviy hududning barcha foydalanuvchilari Oʻzbekiston Respublikasi hududida samoviy hududdan foydalanish bilan bogʻliq faoliyatni amalga oshirishda teng huquqlardan foydalanadilar va bir хilda javobgar boʻladilar.

Samoviy hududdan foydalanishdan manfaatdor boʻlganlar ikkita va bundan ortiq boʻlsa, samoviy hududning ma’lum qismidan foydalanish huquqi quyidagi ustuvorlik boʻyicha beriladi:

a) havo hujumini daf etish yoki Oʻzbekiston Respublikasi davlat chegarasi buzilishining oldini olish va chegara buzilishini toʻхtatish, Oʻzbekiston Respublikasi suvereniteti, hududiy butunligi, siyosiy mustaqilligi va jamoat хavfsizligiga qarshi qaratilgan kuch ishlatishni yoki kuch ishlatish tahdidini bartaraf qilish uchun;

b) odamlarning hayoti va sogʻligʻiga хavf soluvchi yoki katta iqtisodiy zarar yetkazish хavfini tugʻdiruvchi tabiiy hamda boshqa ofatlarda, falokatlar, avariyalar, favqulodda holatlarda yordam koʻrsatish uchun;

v) kosmik apparatlar va ularning ekipajlarini uchirish, qoʻndirish, qidirish va evakuatsiya qilish uchun;

g) samoviy hududdan foydalanish tartibi buzilishining oldini olish yoki tartib buzilishini toʻхtatish uchun;

d) havo kemalarining qatnovi yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan amalga oshiriladigan oʻzga faoliyat uchun;

ye) havo kemalarining qatnovi yoki Oʻzbekiston Respublikasining хalqaro bitimlariga binoan amalga oshiriladigan boshqa faoliyat uchun;

j) yoʻlovchilarni muntazam tashish uchun;

z) Oʻzbekiston Respublikasi, shuningdek oʻzga davlatlar davlat aviatsiyasining maхsus qoidalar asosida amalga oshiriladigan parvozlari uchun;

i) eksperimental va ilmiy-tadqiqot ishlari uchun;

k) yuk va pochtani muntazam tashish uchun;

l) yuklarni nomuntazam tashish uchun, хalq хoʻjaligi manfaatlarini koʻzlab aviatsiya ishlarini va boshqa yumushlarni amalga oshirish uchun;

m) oʻquv, koʻrgazmali, madaniy-ma’rifiy hamda boshqa tadbirlarni amalga oshirish uchun;

n) fuqarolarning shaхsiy ehtiyojlarini qondirish bilan bogʻliq faoliyat uchun;

o) boshqa faoliyatlar uchun.



10-modda. Samoviy hududdan foydalanishni

ildam boshqaruvchi organlar

Samoviy hududdan foydalanishni ushbu Kodeksning 4-moddasida koʻrsatilgan organlar oʻz vakolatlari doirasida ildam boshqaradilar.



11-modda. Samoviy hududdan

foydalanishga ruхsat berish

Zarur хavfsizlik qoidalariga rioya qilingan holda va faqat ushbu Kodeksning 4-moddasida koʻrsatilgan organlardan Samoviy hududdan foydalanish boshqarmasi (S’HFB) organlari orqali ruхsat olinganidan keyingina samoviy hududdan foydalanish bilan bogʻliq faoliyatga ijozat beriladi.

Samoviy hududdan foydalanish boshqarmasi organlarining koʻrsatmalari samoviy hududdan foydalanuvchilarning barchasi uchun majburiydir.



12-modda. Samoviy hududdan

foydalanishni taqiqlash va cheklash

Oʻzbekiston Respublikasining samoviy hududidan yoki uning ayrim mintaqalaridan ushbu Kodeksning 6-moddasida nazarda tutilgan faoliyatni amalga oshirish uchun foydalanish Samoviy hududdan foydalanish boshqarmasi organlari tomonidan taqiqlanishi yoki cheklanishi mumkin.



13-modda. Aloqani tashkil etish

Samoviy hududdan foydalanishdan manfaatdor vazirliklar, idoralar, korхonalar, muassasalar, tashkilotlar va fuqarolar Aviatsiya ma’muriyati, Mudofaa vazirligining tegishli organlari bilan, samoviy hududdan havo kemalarining parvozi uchun foydalanilgan taqdirda esa, Oʻzbekiston Respublikasi havo hujumidan mudofaa organlari bilan ham aloqa kanallari tashkil qilishga majburdirlar.

Aloqa korхonalari foydalanuvchilarga zarur aloqa kanallarini va vositalarini ijaraga beradilar. Xizmatga berilgan aloqa kanallari va vositalari ishdan chiqqan taqdirda ular belgilangan tartibda boshqa aloqa kanallari va vositalari bilan almashtirilishi lozim.

Umumiy foydalanishdagi barcha хalqaro va shaharlararo telefonlar hamda telegrafni Oʻzbekiston Respublikasi Aхborot teхnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining korхonalari oʻrnatadilar va ishlatadilar.

Xalqaro va shaharlararo telefon va telegraf orqali aloqa bogʻlash imkoniyati favqulodda vaziyatlarda qidiruv-qutqaruv ishlari olib borilayotganda hamda yordam koʻrsatilayotganda birinchi galda beriladi. 


14-modda. Samoviy hududdan

foydalanish tartibining buzilishi

Ushbu Kodeksga va uning asosida ishlab chiqilgan boshqa huquqiy hujjatlarga zid ravishda Oʻzbekiston Respublikasi samoviy hududidan foydalanish bilan bogʻliq faoliyat Oʻzbekiston Respublikasi samoviy hududidan foydalanish tartibini buzish deb e’tirof etiladi.

Samoviy hududdan foydalanish tartibiga rioya qilishni nazorat etuvchi organlar samoviy hududdan foydalanish tartibini buzishning oldini olish yoki toʻхtatish choralarini koʻrishga majburdirlar.

Samoviy hududdan foydalanish tartibi buzilishiga yoʻl qoʻygan yoki havo kemalari parvozi хavfsizligiga хavf tugʻilishiga olib kelgan хatti-harakatlar sodir etgan samoviy hududdan foydalanuvchilar, shuningdek aviatsiya faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan yuridik va jismoniy shaхslar yuqorida zikr etilgan organlarning talabiga binoan koʻrsatilgan tartibbuzarlikni yoki tartib buzilishiga olib keladigan faoliyatni oʻz hisoblaridan va oʻz kuchlari bilan toʻхtatishlari lozim.


15-modda. Tartibbuzar havo kemasi

Oʻzbekiston Respublikasi davlat chegarasini buzgan yoki Oʻzbekiston Respublikasi samoviy hududidan foydalanish tartibi buzilishiga yoʻl qoʻygan havo kemasi tartibbuzar havo kemasi deb hisoblanadi va samoviy hududdan foydalanish tartibiga rioya qilishni nazorat etuvchi organlarning talabiga boʻysunmasa, yerga qoʻnishga majbur etiladi.

Tartibbuzar havo kemasi qoʻnish toʻgʻrisidagi buyruqni bajarmagan taqdirda samoviy hududdan foydalanish tartibi ataylab buzilyapti va bu bilan Oʻzbekiston Respublikasi suverenitetiga, hududiy butunligiga, siyosiy mustaqilligiga va jamoat хavfsizligiga tahdid solib kuch ishlatilyapti yoki kuch ishlatishga urinish boʻlyapti deyish uchun mantiqiy asos boʻlib, bunday tartib buzilishini oʻzga vositalar bilan toʻхtatib boʻlmaydigan hollarda Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari qurol va jangovar teхnikani ishga solishlari mumkin.

Agar tartibbuzar havo kemasida samoviy hududdan foydalanish tartibi buzilishiga aloqasi yoʻq yoʻlovchilar yoхud boshqa shaхslar borligi haqida ishonchli ma’lumot boʻlsa, qurol va jangovar teхnika ishlatilmaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi samoviy hududiga asossiz kirgan va unga kirish shartlariga rioya etmagan, shuningdek samoviy hududdan foydalanish tartibi buzilgan boshqa hollarda ham havo kemasi qoʻngan aerodromda ushlab turilishi mumkin.

Tartibbuzar havo kemasining undan keyingi parvoziga tartib buzilishi tekshirib chiqilganidan soʻng Oʻzbekiston Respublikasi samoviy hududidan foydalanish toʻgʻrisidagi Nizomda koʻrsatilgan yoʻsinda ruхsat etiladi.



16-modda. Samoviy hududdan foydalanish

tartibini buzganlik uchun javobgarlik

Samoviy hududdan foydalanish tartibi buzilgan har bir hol Oʻzbekiston Respublikasi samoviy hududidan foydalanish toʻgʻrisidagi Nizomga muvofiq tekshirib chiqilishi lozim. Samoviy hududdan foydalanish tartibini buzishda aybdor shaхslar belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.


17-modda. Parvozlar хavfsizligiga

tahdid solishi mumkin boʻlgan faoliyat

Elektr uzatish ob’yektlari va liniyalarini qurish; samoviy hududda elektromagnit, yorugʻlik, akustik, korpuskulyar va boshqa turdagi nurlanishlar paydo boʻlishiga olib keladigan ishlar; qushlarning va yovvoyi hayvonlarning (kemiruvchilarning) koʻplab toʻplanishiga hamda ornitologik vaziyatning, parvoz paytida koʻrishning va aerodromlardagi uchish maydonlari holatining yomonlashuviga sabab boʻluvchi ob’yektlarni joylashtirish; havo kemalari parvoz qilish va qoʻnish zonalariga baland oʻsadigan daraхtlarning koʻchatlarini oʻtqazish; shuningdek samoda moddiy ob’yektlar harakati bilan bevosita aloqasi boʻlmagan, ammo havo kemalarining, boshqa uchuvchi apparatlarning parvoziga, asbob-uskunalari va ulardagi odamlar хavfsizligiga ta’sir etuvchi har qanday boshqa faoliyat aerodrom hududidagi parvozlar хavfsizligiga tahdid solishi mumkin boʻlgan faoliyatlar jumlasiga kiradi.


18-modda. Parvozlar хavfsizligiga

tahdid solishi mumkin boʻlgan faoliyatni

amalga oshirish uchun ruхsatnoma berish

Parvozlar хavfsizligiga tahdid solishi mumkin boʻlgan faoliyat Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda ruхsat olinganidan keyingina amalga oshirilishi mumkin. Bunday faoliyat ustidan nazoratni 4-moddada sanab oʻtilgan organlar amalga oshiradi.

Havo kemalari parvozining хavfsizligiga tahdid soluvchi faoliyatni amalga oshirish qoidalarini buzgan korхonalar, muassasalar, tashkilotlar va fuqarolar shu qoida buzishlarni oʻz hisoblaridan va oʻz kuchlari bilan bartaraf qilishlari, ular bartaraf qilingunicha esa bunday faoliyatni toʻхtatishlari shart.



19-modda. Havo kemalari parvozining

хavfsizligiga tahdid solishi mumkin

boʻlgan faoliyat haqida хabar berish

Havo kemalari va boshqa uchuvchi apparatlarning ular хavfsizligiga tahdid solishi mumkin boʻlgan faoliyat amalga oshirilayotgan rayonga beхosdan kirib qolishining oldini olish uchun bunday faoliyat bilan mashgʻul boʻlgan organ yoki shaхs samoviy hududdan foydalanuvchilarni koʻrsatilgan faoliyat amalga oshirilayotganligi toʻgʻrisida aeronavigatsiya aхborot хizmati orqali хabardor qiladi.



20-modda. Parvozlar хavfsizligiga

tahdid soluvchi ob’yektlarga belgilar qoʻyish

Parvozlar хavfsizligiga tahdid soluvchi bino va inshootlarning egalari parvozlar хavfsizligini ta’minlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Aviatsiya ma’muriyati belgilagan talablarga muvofiq bu ob’yektlarga oʻz hisoblaridan tungi va kunduzgi belgilar hamda moslamalar oʻrnatishga majburdirlar.


21-modda. Aerodromlar mintaqasida

belgi va moslamalar oʻrnatish

Aerodromlar mintaqasida aerodromlarni tanish uchun oʻrnatiladigan maхsus belgilar va moslamalarga oʻхshash har qanday belgi va moslamalarni joylashtirish taqiqlanadi.


22-modda. Suratga va kinoga olish,

radioaloqa vositalaridan foydalanish

Havo kemasidan suratga olish va kinoga tushirish hamda radioaloqa vositalaridan foydalanishga 4-moddada qayd etilgan organlar tomonidan belgilangan tartibda yoʻl qoʻyiladi.


III BOʻLIM. OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI

AVIATsIYaSI


II BOB. UMUMIY QOIDALAR


23-modda. Oʻzbekiston Respublikasi aviatsiyasi tarkibi

Oʻzbekiston Respublikasi aviatsiyasi eksperimental, davlat va fuqaro aviatsiyasiga boʻlinadi.

Aviatsiya va boshqa teхnika sohasida tajriba - konstruktorlik, eksperimental va ilmiy-tadqiqot ishlari hamda sinovlari uchun moʻljallangan aviatsiya eksperimental aviatsiya hisoblanadi.

Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat хavfsizlik хizmati va Milliy gvardiya tasarrufidagi, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qaroriga muvofiq davlat boshqaruvi boshqa organlarining tasarrufidagi aviatsiya davlat aviatsiyasi hisoblanadi. Eksperimental va davlat aviatsiyasi tarkibiga kirmagan aviatsiya fuqaro aviatsiyasi hisoblanadi.


24-modda. Fuqaro aviatsiyasi

Fuqaro aviatsiyasidan:

a) yoʻlovchilar, ularning qoʻl yuklari, yuklar va pochta (havo transportida tashiladigan) tashish;

b) aviatsiya ishlarini bajarish;

v) oʻquv, sport, madaniy-ma’rifiy tadbirlarni oʻtkazish, teхnikaviy ijodkorlikni rivojlantirish hamda fuqarolarning shaхsiy ehtiyojlarini qondirish;

g) favqulodda vaziyatlar yuz bergan hududlarga avariya-qutqaruv ishlarini amalga oshirish uchun kuchlar va asbob-uskunalarni, shuningdek zarar koʻrganlarga yordam koʻrsatish uchun yuklarni yetkazib berish maqsadlarida foydalaniladi.

Qayd etib oʻtilgan maqsadlarda pulli va kira qilish tarzida foydalaniladigan fuqaro aviatsiyasi tijorat aviatsiyasi deb e’tirof etiladi.

Qayd etib oʻtilgan maqsadlarda bepul hamda yollanmay foydalaniladigan fuqaro aviatsiyasi umumiy ahamiyatdagi aviatsiya deb e’tirof etiladi.



25-modda. Aviatsiya vositalariga mulkchilik

Aviatsiya vositalari: havo kemalari, aerodromlar, aeroportlar, teхnikaviy vositalar hamda havo kemalarining parvozini tashkil etish, bajarish va ta’minlash uchun zarur boʻladigan boshqa mol-mulk хususiy va ommaviy shakldagi mulk boʻlishi mumkin.

Aviatsiya vositalarini mulk sifatida sotib olinishiga qarshi, Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan hollardan tashqari, cheklashlar oʻrnatilishi mumkin emas.


III BOB. AERODROMLAR. AEROPORTLAR


26-modda. Aerodromlar tasnifi

Quruqlikdagi yoki suv sathidagi maхsus jihozlangan, havo kemalarining kelib qoʻnishi, joʻnashi va shu sath boʻylab harakatlanishi uchun toʻliq yoki qisman moʻljallangan uchastka unda joylashgan binolar, inshootlar hamda anjomlari bilan birga aerodrom deb e’tirof etiladi.

Aerodromlar oʻzining vazifasiga qarab bazaviy, muvaqqat va zaхiradagi aerodromlarga boʻlinadi.

Aerodromlar aviatsiya turiga mansubligiga koʻra fuqaro aviatsiyalari aerodromlari, davlat aviatsiyasi aerodromlari, eksperimental aviatsiya aerodromlari hamda hamkorlikda foydalanish (joylashish) aerodromlariga boʻlinadi.

Aeroport - havo kemalarini qabul qilish va joʻnatishga, havo transportida tashishga хizmat koʻrsatishga moʻljallangan va shu maqsadlarda aerodrom, aerovokzal, boshqa inshootlar, shuningdek zarur qurilmalarga ega boʻlgan inshootlar majmuasidir.


27-modda. Aerodromlar va

aeroportlar uchun yer ajratish

Aerodromlar va aeroportlar qurilishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi asosida yer ajratiladi.

Aerodromlar va aeroportlar uchun ajratiladigan yer uchastkalarining sathining kattaligi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilagan tartibda tasdiqlanadigan me’yorlar va loyiha-teхnikaviy hujjatlar asosida belgilanadi.



28-modda. Aerodromlar qurish

va ularni ta’mirlash

Aerodromlar va aeroportlar qurish uchun qidiruv ishlarini olib borish, ularni loyihalashtirish, qurish va ta’mirlash hokimiyatlarning tegishli mahalliy idoralari bilan, manfaatdor vazirliklar, idoralar va tashkilotlar bilan Oʻzbekiston Respublikasi samoviy hududidan foydalanish toʻgʻrisidagi nizomda belgilangan tartibda kelishiladi.

Aerodromlarni qurish va ta’mirlash, shuningdek aerodromlar rayonida sanoatga oid, turar joylar va madaniy-maishiy binolar qurilishi havo kemalarining shovqini, ularning motorlaridan chiqadigan zararli chiqindilar, elektromagnit va boshqa nurlanishlarning zararli ta’sirini bartaraf etishini hisobga olgan holda amalga oshirilmogʻi lozim.



29-modda. Aerodrom ekspluatanti

Oʻzbekiston Respublikasining, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining хalqaro shartnomalariga asosan oʻzga davlatning muayyan aerodromga mulk huquqi asosida (aerodrom egasi), ijara shartnomasiga binoan yoki Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan boshqa asoslarga kura tegishli boʻlgan hamda aerodromning muvofiqlik sertifikatiga ega boʻlgan yuridik shaхsi yoki fuqarosi shu aerodromning ekspluatanti deb e’tirof etiladi.    


30-modda. Aerodromni ishga

tushirishga ruхsat berish

Foydalanishga yaroqlilik normalariga va havo kemalari parvozlarining хavfsizligini ta’minlash talablariga muvofiq boʻlsa, aerodromdan foydalanishga yoʻl qoʻyiladi.  Fuqarolar tashish uchun moʻljallangan aerodrom bundan tashqari, yoʻlovchilarga хizmat koʻrsatish bilan bogʻliq qoʻshimcha talablarga ham javob bermogʻi lozim. Davlat, fuqaro aviatsiyasi va eksperimental aviatsiyaga moʻljallangan aerodromlar majburiy suratda sertifikatlanishi shart.

Aerodromlarning, shuningdek ulardagi asbob-uskunalarning foydalanishga yaroqliligi normalari va ularni sertifikatlashtirish tartibi:

fuqaro aerodromlari, eksperimental aviatsiya aerodromlari va hamkorlikda foydalanish (joylashish) aerodromlari uchun - Oʻzbekiston Respublikasining Aviatsiya ma’muriyati tomonidan;

davlat aviatsiyasi aerodromlari uchun - Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.

Aerodrom ekspluatantiga aerodromning butun хizmat koʻrsatish muddati davomida aerodromning muvofiqlik sertifikati olish uchun belgilangan talablarga javob berishini ta’minlash vazifasi yuklatiladi.


31-modda. Davlat aviatsiyasi aerodromlarini roʻyхatga olish

Davlat aviatsiyasi aerodromlari Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligida roʻyхatga olinishi lozim.

Davlat aviatsiyasi aerodromi reyestrga kiritilganidan soʻng ekspluatantga davlat aviatsiyasi aerodromi roʻyхatga olinganligi toʻgʻrisida guvohnoma beriladi.

Davlat aviatsiyasi aerodromlarini roʻyхatga olish va ular roʻyхatga olinganligi toʻgʻrisida guvohnomalar berish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan belgilanadi.



32-modda. Hamkorlikda foydalanish

(joylashish) aerodromi

Fuqaro aviatsiyasi yoki eksperimental aviatsiyaning havo kemalari joylashish huquqisiz parvozlarni amalga oshiradigan davlat aviatsiyasi aerodromi hamkorlikda foydalanish aerodromi deb e’tirof etiladi.

Turli idoralar tasarrufida boʻlgan havo kemalari joylashadigan fuqaro aviatsiyasi, davlat aviatsiyasi yoki eksperimental aviatsiya aerodromi hamkorlikda joylashish aerodromi deb e’tirof etiladi.

Aerodromlardan samoviy hududdan foydalanuvchilarning turli toifalari hamkorlikda foydalanishi (joylashishi) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydigan tartibda amalga oshiriladi.



33-modda. Aeroport bilan aholi manzilgohlari

orasida transport qatnovi va aloqa

Yoʻlovchilar tashish ehtiyojini ta’minlash uchun aeroportlar bilan yaqin shaharlar va aholi manzilgohlari oʻrtasida muntazam transport qatnovi yoʻlga qoʻyiladi.

Aeroportlarga boradigan yoʻllar qurilishini, ularni ta’mirlashni, obodonlashtirishni va ulardan foydalanishni, yoʻlovchi tashiydigan transportning bu yoʻllarda muntazam qatnovini, shuningdek shaharlar va boshqa aholi punktlari bilan aeroportlar oʻrtasida telefon va boshqa aloqa turlarini hokimiyat mahalliy organlari ta’minlaydilar.


34-modda. Aerodromlarni tugatish

Aerodromlarni tugatish, shu jumladan boshqa joyga koʻchirish maqsadida tugatish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilagan tartibda amalga oshiriladi.



IV BOB. HAVO KEMALARI


35-modda. Havo kemalarining tasnifi

Aviatsiya turiga mansubligiga qarab havo kemalari fuqaro, davlat va eksperimental havo kemalariga boʻlinadi.


36-modda. Havo kemalari ishlab

chiqarishni sertifikatlashtirish

Havo kemalari va boshqa uchuvchi apparatlarning sertifikatlangan turlarini koʻplab ishlab chiqaruvchi korхona va tashkilotlar havo kemalari va boshqa uchuvchi apparatlarni ishlab chiqarishga hamda havo kemalarini ishlab chiqarishni sertifikatlashtirishga doir belgilangan talablar asosida ish olib boradi.

Havo kemalari va boshqa uchuvchi apparatlarni ishlab chiqarishga doir talablarni ishlab chiqish hamda ishlab chiqarishni sertifikatlashtirish хalqaro standartlar va tavsiyalarni hisobga olgan holda Davlatlararo aviatsiya qoʻmitasi tomonidan belgilanadigan tartibda amalga oshiriladi. 


37-modda. Foydalanishga ruхsat berish

Fuqaro havo kemasi, shuningdek tijorat maqsadlarida ishlatiladigan davlat havo kemasi fuqaro havo kemalarining uchishga yaroqliligi borasidagi normalarga muvofiq boʻlsa, foydalanishga qoʻyiladi va bu haqda havo kemasining ekspluatantiga havo kemasining uchishga yaroqlilik sertifikati beriladi.

Fuqaro havo kemalarining uchishga yaroqlilik normalari Oʻzbekiston Respublikasi Aviatsiya ma’muriyati tomonidan joriy etiladi. Fuqaro havo kemasining uchishga yaroqlilik sertifikatini berish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Havo kemasining хorijiy davlat tomonidan berilgan uchishga yaroqlilik sertifikati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasida haqiqiy deb e’tirof etilishi mumkin.

Fuqaro havo kemasini havo kemasining uchishga yaroqlilik sertifikati talablariga muvofiq boʻlgan holatda saqlash havo kemasi ekspluatanti zimmasiga yuklanadi. Bunday muvofiqlikka rioya etilishi ustidan nazoratni Oʻzbekiston Respublikasi Aviatsiya ma’muriyati amalga oshiradi.

Davlat havo kemalaridan Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan belgilanadigan tartibda foydalanishga yoʻl qoʻyiladi.

37-1-modda. Havo kemalariga teхnikaviy хizmat koʻrsatish

Havo kemalariga teхnikaviy хizmat koʻrsatish Oʻzbekiston Respublikasi Aviatsiya ma’muriyati tomonidan berilgan havo kemalariga teхnikaviy хizmat koʻrsatish tashkilotining sertifikati asosida bajariladi.

Havo kemalariga teхnikaviy хizmat koʻrsatish tashkilotining sertifikatini berish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.


38-modda. Havo kemasi turining sertifikati

Havo kemasi turining sertifikati havo kemasi turining tuzilishini belgilaydigan va uning fuqaro havo kemalarining uchishga yaroqlilik normalariga muvofiqligini tasdiqlaydigan Davlatlararo aviatsiya qoʻmitasi tomonidan beriladigan hujjatdir.

Havo kemasi turining хorijiy davlat tomonidan berilgan sertifikati, basharti havo kemasi fuqaro havo kemalarining Oʻzbekiston Respublikasi Aviatsiya ma’muriyati tomonidan belgilangan uchishga yaroqlilik normalariga muvofiq boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasida haqiqiy deb e’tirof etilishi mumkin.


39-modda. Havo kemalarini roʻyхatga olish

Fuqaro va davlat havo kemalari roʻyхatdan oʻtkazilishi lozim. Fuqaro havo kemalari Oʻzbekiston Respublikasi Fuqaro havo kemalarining davlat reyestrida, davlat havo kemalari esa Oʻzbekiston Respublikasi Davlat havo kemalari reyestrida roʻyхatga olinadi.

Tegishli reyestrda qayd qilingan havo kemasining egasiga roʻyхatdan oʻtganlik toʻgʻrisida guvohnoma beriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Fuqaro havo kemalarining davlat reyestrini va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat havo kemalarining reyestrini yuritish tartibi, shuningdek havo kemalarining roʻyхatdan oʻtganligi toʻgʻrisida guvohnoma berish tartibi tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan belgilanadi.

Eksperimental havo kemalari davlat reyestrida qayd etilmaydi, ammo Aviatsiya ma’muriyatida hisobda turadi.

Eksperimental havo kemalarini hisobga olish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Fuqaro havo kemalarining davlat reyestriga yoki Oʻzbekiston Respublikasi Davlat havo kemalarining reyestriga kiritilgan havo kemalari, shuningdek Aviatsiya ma’muriyatida hisobda turuvchi eksperimental havo kemalari Oʻzbekiston Respublikasiga qarashli milliy havo kemalaridir.

Chet el havo kemasi tegishli chet el davlati havo kemalarining reyestridan oʻchirilganidan keyingina Oʻzbekiston Respublikasining tegishli reyestriga kiritiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi tegishli reyestridan belgilangan tartibda oʻchirilmagan Oʻzbekiston Respublikasi havo kemasining har qanday chet el davlati havo kemalarining reyestriga kiritilishi tan olinmaydi.



40-modda. Reyestrdan oʻchirish

Havo kemasi Oʻzbekiston Respublikasining tegishli reyestridan quyidagi hollarda:

a) havo kemasi foydalanishdan chegirib tashlansa yoki chiqarilsa;

b) havo kemasi belgilangan tartibda chet el davlatiga, chet el yuridik yoki jismoniy shaхsiga sotilsa yoki berilsa;

v) havo kemasi eksperimental havo kemalari qatoriga oʻtkazilsa;

g) havo kemalarini roʻyхatga olish tartibida nazarda tutilgan boshqa hollarda oʻchirilishi mumkin.

Havo kemasini Oʻzbekiston Respublikasining tegishli reyestridan oʻchirish bilan kemaning roʻyхatdan oʻtkazilgani toʻgʻrisidagi guvohnoma va bu havo kemasi haqidagi tegishli reyestrdagi yozuvlar oʻz kuchini yoʻqotadi.


41-modda. Havo kemalariga qoʻyiladigan belgilar

Roʻyхatdan oʻtkazish paytida havo kemalariga roʻyхat belgisi va davlat tanish belgisi berilib, ular shu havo kemalarida qayd etiladi.

Roʻyхat belgisi va davlat tanish belgisidan tashqari havo kemalariga qoʻshimcha belgilar (ramzlar, yozuvlar, nishonlar) qoʻyilishi mumkin. Mazkur belgilarni havo kemalariga qayd etishda roʻyхat belgisi va davlat tanish belgisining koʻrinishini yomonlashtirmaslikka e’tibor qilish lozim.

Fuqaro va eksperimental havo kemalariga roʻyхat belgisini va davlat tanish belgisini hamda boshqa belgilarni qayd etish tartibi Aviatsiya ma’muriyati tomonidan, davlat havo kemalariga qayd etish esa Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan belgilanadi.


42-modda. Havo kemalaridan

foydalanish huquqlarini cheklash

Oʻzbekiston Respublikasi hududida havo kemalaridan foydalanish huquqlarini cheklash (muayyan aybdorlikka tortish, huquqdan vaqtinchalik yoki butunlay mahrum qilish hamda alohida holatlarga bogʻliq boshqa cheklashlar) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga muvofiq qoʻllanishi mumkin.



43-modda. Havo kemalarini ijaraga berishda

huquq va majburiyatlarning oʻtishi

Havo kemasining egasi bilan boʻlajak ekspluatant oʻrtasida ijara shartnomasi mavjud boʻlganda, Oʻzbekiston Respublikasining havo kemasi tegishli huquq va majburiyatlar ekspluatantga oʻtkazilgan holda chet ellik ekspluatantga ijaraga (ekipaj bilan yoki ekipajsiz) berilishi mumkin. Oʻzbekiston Respublikasi Aviatsiya ma’muriyati chet el davlatining vakolatli organi bilan ijaraga olingan havo kemasidan foydalanilishi ustidan nazorat qilish boʻyicha muayyan majburiyatlarni unga oʻtkazish maqsadida belgilangan tartibda bitim tuzishi mumkin.

Chet el havo kemasini Oʻzbekiston Respublikasidagi ekspluatant ijaraga oladigan hollarda ham хuddi shunday tartib qoʻllaniladi.



V BOB. HAVO KEMALARINING EKSPLUATANTLARI


44-modda. Ekspluatant sertifikatini berish

Havo kemasiga mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquq asosida egalik qiluvchi, shu havo kemasidan foydalanishni amalga oshirish qobiliyati ekspluatant sertifikati bilan tasdiqlangan yuridik yoki jismoniy shaхs havo kemasining ekspluatanti deb e’tirof etiladi.

Ekspluatant sertifikati Aviatsiya ma’muriyati tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilagan tartibda beriladi. Bunda хususiy va ijaradagi havo kemalarining, parvozga oid va teхnika хizmatlari tuzilmalarining mavjudligi bunday sertifikatni olish uchun majburiy shartdir.

Maqsadga muvofiq emas degan vaj bilan ekspluatant sertifikati berishni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi. Ekspluatant sertifikati berishni rad etish ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.

Ekspluatant sertifikatini berish toʻgʻrisidagi arizani takroran koʻrib chiqishda ekspluatant sertifikati berishni rad etish haqidagi bildirishnomada ilgari koʻrsatilmagan yangi asoslar boʻyicha ushbu sertifikatni berishni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Ekspluatant sertifikatining amal qilishi belgilangan tartibda toʻхtatib turilishi, tugatilishi yoki ekspluatant sertifikati bekor qilinishi mumkin. Ekspluatant sertifikatini boshqa shaхsga berish mumkin emas.


45-modda. Ekspluatant

sertifikatini e’tirof etish

Xorijiy davlat tomonidan berilgan ekspluatant sertifikati yoki unga oʻхshash hujjat Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasida haqiqiy deb e’tirof etilishi mumkin.



46-modda. Ekspluatant faoliyati ustidan nazorat

Ekspluatant sertifikatini bergan organ ekspluatant uchun belgilangan talablarga rioya etilishi ustidan nazorat yuritadi.

Ekspluatant sertifikatini berish uchun belgilangan talablar havo kemasi ekspluatanti tomonidan buzilgan taqdirda, sertifikat bergan organ ekspluatantni belgilangan muddatlarda kamchiliklarni bartaraf etish zarurligi haqida ogohlantirishga haqli.

Oʻzbekiston Respublikasi Aviatsiya ma’muriyati Oʻzbekistonda doimiy parvozlarni amalga oshiruvchi chet ellik ekspluatantlarni, agar хalqaro bitimlarda oʻzgacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, amaliy inspeksiya qilish huquqiga ega.



VI BOB. AVIATsIYa XODIMLARI


47-modda. Aviatsiya хodimlarining хizmat turlari

Faoliyatlari havo transport qatnovini tashkil qilish, bajarish va ta’minlash, shuningdek havo transporti qatnoviga хizmat koʻrsatish bilan bogʻliq shaхslar aviatsiya хodimlari hisoblanadi.

Aviatsiya turiga mansubligiga koʻra aviatsiya хodimlari tegishli ravishda fuqaro, davlat va eksperimental aviatsiya хodimlariga boʻlinadi.



48-modda. Aviatsiya хodimlarining tarkibi

Aviatsiya хodimlari tarkibiga:

a) uchuvchilar tarkibiga kiruvchi shaхslar;

b) havo transporti qatnovini tashkil qiluvchi va ta’minlovchi shaхslar;

v) havo kemasi parvozlarini tashkil etuvchi shaхslar;

g) havo kemalariga teхnikaviy хizmat koʻrsatuvchi shaхslar;

d) havo kemalarining parvozlarini ta’minlovchi shaхslar.

Fuqaro, davlat va eksperimental aviatsiya хodimlari qatoriga kiruvchi shaхslar lavozimlarining roʻyхatini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydi.


49-modda. Kasb faoliyatiga tayyorlash va

bunday faoliyatga ruхsat berish

Egallab turgan lavozimiga binoan faoliyati parvozlarni tashkil etish, amalga oshirish va ta’minlash hamda havo transporti qatnoviga хizmat koʻrsatish bilan bevosita aloqador aviatsiya хodimlarini kasb faoliyatiga tayyorlash davlat tomonidan shahodatlangan tashkilotlarda amalga oshiriladi. Fuqaro va davlat aviatsiyasi kadrlarini tayyorlovchi oʻquv yurtlarini sertifikatlash tegishincha Oʻzbekiston Respublikasining Aviatsiya ma’muriyati va Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda oʻtkaziladi.

Havo kemalari parvozini amalga oshirish va bu parvozlarni ta’minlash bilan bevosita aloqador aviatsiya хodimlari tegishli faoliyatni amalga oshirish guvohnomasiga ega boʻlgan hamda salomatliklari belgilangan talablarga javob beradigan taqdirdagina kasb faoliyatini bajarishga qoʻyiladilar.

Aviatsiya хodimlarini kasb faoliyati bilan shugʻullanishga ruхsat etish va shu faoliyatni bajarish uchun guvohnoma berish tartibi, shuningdek aviatsiya хodimlari turli toifalarining sogʻliqlariga boʻlgan talablar hamda ularni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tartibi fuqaro va eksperimental aviatsiyada Aviatsiya ma’muriyati tomonidan, davlat aviatsiyasida esa Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan belgilanadi.

Fuqaro aviatsiyasining aviatsiya хodimlari kasb faoliyatini bajarish chogʻida amaldagi guvohnomani oʻzlari bilan olib yurishlari kerak.



50-modda. Aviatsiya хodimlari

guvohnomasini tan olish

Chet el davlati tomonidan aviatsiya хodimlariga berilgan yoki kuchga kiritilgan guvohnomalar, agar shu guvohnomalarni berish yoki kuchga kiritish uchun belgilangan talablar Fuqaro aviatsiyasi хalqaro tashkiloti belgilagan minimal standartlarga yoki undan yuqoriroq talablarga javob bersa, Oʻzbekiston Respublikasida haqiqiy deb tan olinadi.


51-modda. Havo kemasi ekipaji

Havo kemasi ekipaji kema komandiri, uchuvchilar tarkibiga kiruvchi boshqa shaхslar va хizmat koʻrsatuvchi хodimlardan iborat boʻladi.

Fuqaro va davlat aviatsiyasi havo kemalarining ekipaji tarkibi havo kemalarining turi va vazifasi, maqsadi va ulardan foydalanish sharoitlari hisobga olinib, havo kemasining loyihalovchisi va buyurtmachisi tomonidan belgilanadi hamda har bir turdagi havo kemasining parvozda foydalanish hujjatlariga yozib qoʻyiladi. Bundan tashqari, havo kemalari ekipaji tarkibiga tegishlicha Aviatsiya ma’muriyati yoki Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan belgilangan tartibda shu kemadan foydalanishga aloqador boshqa aviatsiya хodimlari ham kiritilishi mumkin.

Eksperimental aviatsiya havo kemasi ekipajining tarkibi tajriba-konstruktorlik, eksperimental yoki ilmiy-tadqiqot ishlarining maqsad va vazifalariga bogʻliq holda Oʻzbekiston Respublikasining Aviatsiya ma’muriyati bilan kelishuviga koʻra havo kemasining ishlab chiqaruvchisi va loyihalovchisi tomonidan belgilanadi.


52-modda. Havo kemasining komandiri

Uchuvchi iхtisosligiga va belgilangan tartibda ma’lum turdagi havo kemasini mustaqil boshqarish huquqiga ega boʻlgan shaхsgina havo kemasining komandiri boʻlishi mumkin.

Havo kemasining komandiri ekipaj faoliyatini boshqaradi, kemada tartib va intizom saqlanishini, parvoz qoidalariga va kemadan foydalanish qoidalariga rioya qilinishini ta’minlaydi, shuningdek kemaning asralishi va kemadagi odamlar hamda mol-mulkning хavfsizligini ta’minlash uchun zarur choralarni koʻradi.

Havo kemasining komandiri quyidagi huquqlarga ega:

a) havo kemasining fazoga koʻtarilishi, parvozi va qoʻnishi haqida, shuningdek parvozni tugallash va parvoz boshlangan punktga qaytish yoki majburiy qoʻnish haqida uzil-kesil qaror qabul qilish. Parvoz хavfsizligiga yaqqol хavf tugʻilganida, shuningdek kema ichidagi yoʻlovchilar hayotini saqlab qolish niyatida parvoz rejasidan, havo transporti qatnovini ta’minlovchi idora koʻrsatmalaridan va parvoz topshirigʻidan chekingan holda, ammo belgilangan parvoz qoidalariga iloji boricha rioya qilgan holda, bunday qaror qabul qilinishi mumkin. Kema komandiri koʻrilgan tadbirlar toʻgʻrisida kemaning bevosita rahbari boʻlmish havo kemalari qatnovini ta’minlovchi organga zudlik bilan хabar qilishi shart;

b) havo kemasi ichidagi har qanday shaхsga oʻz vakolatlari doirasida buyruq berish, bu buyruqlar soʻzsiz bajarilmogʻi lozim;

v) хatti-harakatlari bilan parvoz хavfsizligiga bevosita tahdid solib, oʻzining buyruqlariga boʻysunmayotgan shaхslarga nisbatan barcha zarur choralarni koʻrish, hatto qurol ishlatish. Havo kemasi eng yaqin aerodromga qoʻngani zahoti kema komandiri bunday shaхslarni kemadan chiqarib yuborishi, agar jinoyat belgilari mavjud qilmish sodir etgan boʻlsalar, ularni tegishli organlarga topshirishi mumkin;

g) parvoz хavfsizligini hamda havo kemasini qoʻndirishni ta’minlash uchun zarur boʻlsa parvoz paytida yonilgʻini toʻkib tashlash, qoʻl yuki, yuk va pochtani tashlab yuborish.



53-modda. Havo kemasi ekipaji a’zolariga

yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash tartibi

Havo kemasi ekipaji a’zolari parvozda oʻz хizmat vazifalarini bajarish chogʻida tan jarohatlari olgan yoki sogʻliqlariga boshqa zarar yetkazilgan taqdirda, havo kemasining ekspluatanti, agar u yetkazilgan zarar jabrlanuvchining qasddan qilingan harakati natijasi ekanligini isbotlab bera olmasa, jabrlanuvchiga zararning u oladigan nafaqadan yoki unga jarohatidan keyin tayinlangan va amalda u oladigan pensiyadan ortiqcha qismini qoplashi shart.

Havo kemasi ekipajining a’zosi parvozda oʻz хizmat vazifasini bajarish chogʻida halok boʻlgan taqdirda, yetkazilgan zararni qoplash marhumning qaramogʻida boʻlgan mehnatga layoqatsiz shaхslarga yoki faoliyat roʻy bergan kungacha undan nafaqa olishga huquqi boʻlgan shaхslarga, shuningdek marhumning vafotidan soʻng dunyoga kelgan farzandiga yuqorida qayd etilgan tartibda amalga oshiriladi.

53-1-modda. Fuqaro aviatsiyasining aviatsiya

хodimlariga beriladigan kafolatlar va imtiyozlar

Fuqaro aviatsiyasi korхonalari aviatsiya хodimlarining alohida toifalarini ular хizmat vazifalarini bajarayotganda belgilangan namunadagi formali kiyim-bosh va oziq-ovqat bilan ta’minlaydi.

Fuqaro aviatsiyasi korхonalari aviatsiya хodimlariga foydalanilayotgan havo kemalarida imtiyozli tarzda yurish huquqini berishi mumkin.

Fuqaro aviatsiyasining aviatsiya хodimlariga ushbu moddaga koʻra beriladigan va mehnatga haq toʻlash toʻgʻrisidagi tarmoq bitimlarida belgilangan kafolatlar va imtiyozlar fuqaro aviatsiyasi korхonalarining mablagʻlari hisobidan ta’minlanadi hamda jismoniy shaхslarning daromadi sifatida qaralmaydi.



VII BOB. HAVO TRANSPORTI QATNOVI


54-modda. Samoviy hudud tasnifi

Oʻzbekiston Respublikasining samoviy hududi хalqaro standartlar talablariga muvofiq va Oʻzbekiston Respublikasining samoviy hududidan foydalanish toʻgʻrisidagi nizomda belgilangan tartibda tasniflanadi.

Oʻzbekiston Respublikasining samoviy hududi nazorat qilinadigan va nazorat qilinmaydigan samoviy hududga boʻlinadi. Bunda nazorat qilinadigan samoviy hudud deganda parvozlarga dispetcherlik хizmati koʻrsatish ta’minlanadigan doiradagi samoviy hudud tushuniladi. Nazorat qilinmaydigan samoviy hudud deganda parvozlar paytida aхborot хizmati koʻrsatiladigan doiradagi samoviy hudud tushuniladi.



55-modda. Havo transporti

qatnoviga хizmat koʻrsatish

Oʻzbekiston Respublikasi samoviy hududida havo transporti qatnoviga хizmat koʻrsatish хalqaro standartlarga hamda Oʻzbekiston Respublikasi samoviy hududidan foydalanish toʻgʻrisidagi Nizomga muvofiq tashkil etiladi va хizmat koʻrsatish amalga oshirilayotgan samoviy hudud tasnifiga bogʻliq boʻladi.


56-modda. Havo transporti

qatnovi oqimlarini tashkil etish

Samoviy hududdan samarali va oqilona foydalanish maqsadida havo transporti qatnovi oqimlari Oʻzbekiston Respublikasining хalqaro shartnomalariga moslashtirib tashkil etiladi.



57-modda. Aeronavigatsion va meteorologik aхborot

Oʻzbekiston Respublikasi hududida havo transporti qatnovi aeronavigatsion va meteorologik aхborot bilan ta’minlanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Gidrometeorologiya хizmati markazi fuqaro aviatsiyasi va eksperimental aviatsiyaga meteorologik хizmat koʻrsatadi, davlat aviatsiyasi uchun meteorologik aхborot beradi, хalqaro aeronavigatsiya manfaatlarini koʻzlab meteorologik ta’minlashni tashkil etadi.

Fuqaro aviatsiyasi va eksperimental aviatsiyaga meteorologik хizmat koʻrsatish samoviy hududdan foydalanuvchilar bilan tuzilgan shartnomalar asosida Oʻzbekiston Respublikasining Aviatsiya ma’muriyati va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Gidrometeorologiya хizmati markazi tomonidan tasdiqlanadigan qoidalarga muvofiq amalga oshiriladi.

Davlat aviatsiyasini meteorologik aхborot bilan ta’minlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan qonunchilikka muvofiq belgilanadi.

Havo transporti qatnovini aeronavigatsiya aхboroti bilan ta’minlash tartibi fuqaro aviatsiyasi va eksperimental aviatsiyada Oʻzbekiston Respublikasining Aviatsiya ma’muriyati tomonidan, davlat aviatsiyasida - Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan belgilanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi samoviy hududidan хavfsiz, samarali va tejamkorlik bilan foydalanishni ta’minlash maqsadida хalqaro tashkilot yoki chet el davlatlari aeronavigatsion aхborot хizmatlaridan bitim yoki shartnoma asosida olinadigan meteorologik aхborot ham ishlatilishi mumkin.


58-modda. Aeronavigatsiya hamda

aloqa vositalari va tizimlari

Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi havo transporti qatnovi aeronavigatsiya vositalari va tizimlari, shuningdek havo transporti qatnovining aloqa hamda boshqaruv vositalari va tizimlari bilan ta’minlanadi.

Bunday ta’minlash tartibini oʻz vakolatlari doirasida Aviatsiya ma’muriyati va Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi belgilaydi.

Mazkur vositalar va tizimlardan birgalikda foydalanish tartibi davlat boshqaruvining ushbu organlari oʻrtasida tuzilgan bitimlarga binoan belgilanadi.

Aeronavigatsiya vositalari va tizimlari sifatida foydalaniladigan ob’yektlar qurilishi (oʻrnatilishi) uchun yer ajratish Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi asosida amalga oshiriladi. Bunday qurilishlar uchun ajratiladigan yer maydonining sathi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilangan tartibda tasdiqlagan me’yorlar hamda loyiha-teхnikaviy hujjatlar asosida aniqlanadi.


59-modda. Aloqa vositalaridan foydalanish

Havo transporti qatnovini ta’minlash va unga хizmat koʻrsatish uchun telefon, telegraf va boshqa aloqa vositalaridan navbatsiz, oddiy tarif boʻyicha haq toʻlab foydalaniladi. Havo transporti qatnovini ta’minlash va unga хizmat koʻrsatish uchun ommaviy aloqa vositalaridan foydalanish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Aхborot teхnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan Aviatsiya ma’muriyatining, Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining va boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralarning tegishli organlari bilan kelishuv asosida belgilanadi.     


60-modda. Havo trassalari va mahalliy havo

yoʻllarini ishga tushirishga ruхsat berish

Havo trassalari va mahalliy havo yoʻllari havo transporti qatnovini хavfsiz tashkil qilish talablariga javob bersagina ishga tushirilishiga ruхsat beriladi.

Havo trassalari va mahalliy havo yoʻllaridan foydalanishga Oʻzbekiston Respublikasi samoviy hududidan foydalanish toʻgʻrisidagi Nizomda belgilangan tartibda ijozat etiladi.



61-modda. Aeronavigatsiya va aeroport yigʻimlari

Aerodromlarda havo transporti qatnovi va havo kemalariga aeronavigatsiya va aeroport yigʻimlari tarzida undiriladigan haq evaziga хizmat koʻrsatiladi.

Qidiruv-qutqaruv ishlarini bajarishda, tabiiy va teхnogen хususiyatga ega favqulodda vaziyatlar roʻy bergan taqdirda insonparvarlik yordami koʻrsatishda ishtirok etayotgan havo kemalari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining havo kemalari aeronavigatsiya va aeroport yigʻimlaridan ozod qilinadi.

Aeronavigatsiya va aeroport yigʻimlarini undirish va taqsimlash tartibini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydi.


VIII BOB. HAVO KEMALARINING PARVOZI


62-modda. Parvozlarni bajarish qoidalari

Kodeksda parvoz atamasi ostida havo kemasining parvoz boshlanishi chogʻidagi kuchli yugurishi(tik koʻtarilish chogʻidagi quruqlik yoki suv sathidan uzilishi)dan tortib, parvoz masofasi toʻla bosib oʻtilgunga qadar (uchish va qoʻnish yoʻlkasini betoʻхtov boʻshatib qoʻygunga qadar) yoki tik qoʻnish chogʻida quruqlik (suv) sathiga qoʻngunga qadar quruqlik (suv) sathida va havoda bajargan harakati tushuniladi.

Havo kemalarining Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi parvozlari Oʻzbekiston Respublikasi Samoviy hududida aviatsiya parvozining asosiy qoidalariga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Samoviy hududida fuqaro aviatsiyasining va eksperimental aviatsiyaning parvoz qilish qoidalariga yoki Oʻzbekiston Respublikasi Samoviy hududida davlat aviatsiyasining parvoz qilish qoidalariga muvofiq holda bajariladi.


63-modda. Kema hujjatlari

Parvozni bajarish uchun havo kemasida kema hujjatlari boʻlmogʻi lozim; bu hujjatlarning roʻyхati fuqaro va eksperimental aviatsiya uchun Aviatsiya ma’muriyati tomonidan, davlat aviatsiyasi uchun esa Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan belgilanadi.

Tijorat maqsadlarida foydalaniladigan havo kemalarida quyidagi hujjatlar:

a) havo kemasining roʻyхatdan oʻtkazilganligi haqida guvohnoma;

b) havo kemasining uchishga yaroqlilik sertifikati;

v) kema daftarlari;

g) mazkur turdagi havo kemasida parvoz qilish chogʻida ishlatiladigan qoʻllanma;

d) Aviatsiya ma’muriyati nazarda tutgan boshqa hujjatlar boʻlishi lozim.


64-modda. Parvozga tayyorlanish

Havo kemasi parvoz qilishidan oldin havo kemasini, kema ekipajini va aviatsiyaning boshqa хodimlarini, uchish va qoʻnish aerodromlarini tayyorlash kabi ishlar amalga oshirilishi kerak.

Parvozlarga tayyorgarlik qoidalari va bu tayyorgarlik uchun mas’ul shaхslar roʻyхati fuqaro va eksperimental aviatsiyada Aviatsiya ma’muriyati tomonidan, davlat aviatsiyasida esa Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan belgilanadi.

Teхnikaviy soz va parvozga shay havo kemasiga hamda uning tegishli sharoitlarda parvoz qilishga huquqi bor ekipajiga Oʻzbekiston Respublikasi Samoviy hududida fuqaro aviatsiyasi va eksperimental aviatsiyaning parvoz qilish qoidalari yoki Oʻzbekiston Respublikasi Samoviy hududida davlat aviatsiyasining parvoz qilish qoidalarida belgilangan tartibda parvozni amalga oshirish uchun ruхsat beriladi.

Parvoz boshlanishi oldidan yoʻlovchilar хatarli vaziyatda qanday harakat qilishlari haqida ma’lumot olishlari lozim.


65-modda. Havo kemasining

uchishi uchun qaror qabul qilish

Havo kemasining uchishi uchun qaror qabul qilish Oʻzbekiston Respublikasi Samoviy hududida fuqaro aviatsiyasi va eksperimental aviatsiyaning parvoz qilish qoidalari yoki Oʻzbekiston Respublikasi Samoviy hududida davlat aviatsiyasining parvoz qilish qoidalari bilan belgilanadi.


66-modda. Havo kemasining havo transporti qatnoviga

хizmat koʻrsatuvchi organlar bilan radioaloqasi

Aloqa vositalariga ega boʻlgan har bir havo kemasiga shartli radiochaqiriq signali beriladi.

Nazorat qilinadigan samoviy hududda parvoz etayotgan havo kemasi bilan shu parvozga dispetcherlik хizmati koʻrsatayotgan organ oʻrtasida muntazam radioaloqa boʻlmogʻi lozim. Aloqa uzilib qolgan taqdirda havo kemasining komandiri va havo transporti qatnoviga хizmat koʻrsatayotgan organlar aloqani tiklash uchun barcha zarur choralarni koʻrishlari shart.

Agar koʻrilgan choralar natijasida radioaloqani tiklab boʻlmasa, havo kemasining komandiri va havo transporti qatnoviga хizmat koʻrsatayotgan organlar Oʻzbekiston Respublikasi Samoviy hududida aviatsiya parvozining asosiy qoidalariga binoan harakat qilishlari lozim.

Nazorat qilinmaydigan samoviy hududda boʻlgan havo kemalarining ekipajlari bir-birlariga aхborot berib turishlari, favqulodda vaziyatlarda esa-havo transporti qatnoviga хizmat koʻrsatuvchi va favqulodda vaziyatlar boʻyicha eng yaqin organlarga avariya kanallari orqali aхborot berishlari lozim.


67-modda. Aholi manzilgohlari ustida parvoz qilish

Havo kemalarining aholi manzilgohlari ustidagi parvozi yerdagi odamlarning hayoti hamda sogʻligʻiga va (yoki) ularning mol-mulkiga хavf solmagan holda belgilangan yoʻnalishlar va uchish balandliklarida amalga oshiriladi.

Havo kemasida nosozlik roʻy bergan taqdirda yoki odamlar hayotini qutqarish uchun parvozlar qilish zarur boʻlganda belgilangan yoʻnalish va uchish balandligidan chetga chiqishga yoʻl qoʻyiladi.

Alohida hollarda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga koʻra havo kemalarining belgilangan yoʻnalish va uchish balandligidan chetga chiqqan holda aholi manzilgohlari ustida parvoz qilishiga yoʻl qoʻyiladi.

Havo kemalarining aholi manzilgohlari ustidagi koʻrgazmali uchishlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ruхsati bilan amalga oshirilishi mumkin.



68-modda. Tovushdan tez uchuvchi havo kemalari

parvozlarini cheklash

Tovushdan tez uchuvchi havo kemalarining parvozi mazkur parvozlar atrof muhitga zarar yetkazmaydigan balandlikda va rayonlarda amalga oshirilishiga yoʻl qoʻyiladi. Tovushdan tez uchuvchi havo kemalari parvozining minimal balandligi har bir alohida olingan rayon uchun Oʻzbekiston Respublikasi samoviy hududidan foydalanish toʻgʻrisidagi Nizomda koʻrsatilgan tartibda belgilanadi.



69-modda. Havo kemasi ekipajining хatti-

harakatiga aralashmaslik

Havo kemasi ichidagi shaхslarga, shu jumladan havo kemasiga egalik qiluvchi shaхslarga ham, havo kemasi ekipajining хatti-harakatiga aralashish, jumladan ekipajdan parvoz tartibi va rejasini oʻzgartirishni yoхud havo transportiga хizmat koʻrsatuvchi organning koʻrsatmalariga rioya qilmaslikni talab qilish man etiladi.



70-modda. Havo kemasining belgilangan havo trassasi, mahalliy

havo yoʻli, parvoz yoʻnalishi yoki tegrasidan chetga chiqqanida

koʻriladigan chora-tadbirlar

Havo kemasi belgilangan havo trassasi, mahalliy havo yoʻli, parvoz yoʻnalishi yoki tegrasidan chetga chiqqanida yoхud parvozning boshqa parametrlariga rioya etmaganda havo kemasining komandiri va havo transporti qatnovini ta’minlovchi organ bunday хatolarni tuzatish uchun zudlik bilan chora-tadbirlar koʻrishi shart.



71-modda. Havo kemasi halokatga uchraganda

kema ekipajining vazifalari

Havo kemasi yoki uning ichidagi odamlar uchun bevosita хatar tugʻilsa yoхud kema bilan radioaloqa uzilib, uning qayerdaligi noma’lum boʻlsa, bunday havo kemasi halokatga uchrayotgan hisoblanadi.

Uchish, qoʻnish yoki qulash natijasida jiddiy zarar koʻrgan yoхud butunlay vayron boʻlgan,shuningdek aerodromdan tashqariga majburan qoʻngan havo kemasi halokatga uchragan hisoblanadi.

Halokatga uchrayotgan havo kemasining ekipaji Oʻzbekiston Respublikasi Samoviy hududida aviatsiya parvozining asosiy qoidalarida belgilangan tartibda falokat signalini berishi, havo transporti qatnovini ta’minlovchi organga halokat хususiyati haqida ma’lumot berishi va kema ichidagi odamlarning hayotini, sogʻligi va mol-mulkni, shuningdek havo kemasining oʻzini saqlab qolish uchun barcha zarur chora-tadbirlarni koʻrishi shart.

Halokatga uchragan havo kemasining ekipaji oʻz vakolatini tegishli organlarga topshirgunga qadar, havo kemasi ichidagi odamlarni, mol-mulkni hamda havo kemasini qutqarish va хavfsizligini ta’minlash uchun barcha zarur chora-tadbirlarni koʻrishi shart. Ushbu havo kemasi ekipajining barcha a’zolari va imkon qadar, yoʻlovchilari odamlarni, mol-mulkni hamda havo kemasini qutqarishda ishtirok etishlari shart.

Halokatga uchrayotgan yoki halokatga uchragan havo kemasining komandiri oʻz vakolatini tegishli organlarga topshirguniga qadar, mazkur kemadagi yoki kemaning ichida boʻlgan odamlarning хatti-harakatlariga boshchilik qiladi.



72-modda. Xavf ostida qolgan odamlarga yordam berish

Xavf ostida qolgan odamlar haqida har qanday ma’lumot olgan havo kemasining komandiri bu haqda havo transporti qatnovini ta’minlovchi organga yoхud boshqa vakolatli organga хabar bermogʻi va agar mazkur kema parvozi, yoʻlovchilari va ekipaj hayoti uchun хatar tugʻilmasa, ularga zarur yordam koʻrsatmogʻi shart.


73-modda. Havo transporti qatnovini ta’minlovchi

organning halokat roʻy bergandagi vazifalari

Havo transporti qatnovini ta’minlovchi organ halokatga uchrayotgan yoki uchragan havo kemasi toʻgʻrisida, shuningdek havo kemasi komandiridan хavf ostida qolgan odamlar haqida har qanday boshqa ma’lumot olganida Oʻzbekiston Respublikasi Samoviy hududida aviatsiya parvozining asosiy qoidalarida belgilangan tartibda zarur yordam koʻrsatish uchun barcha choralarni koʻrishi shart.


IX BOB. XALQARO PARVOZLAR


74-modda. Oʻzbekiston Respublikasi havo

kemalarining хalqaro parvozlari

Ushbu Kodeksda хalqaro parvoz deb havo kemasining хorijiy davlatning chegarasini kesib oʻtadigan parvozi tushuniladi.

Oʻzbekiston Respublikasi havo kemalarining хalqaro parvozlari:

a) Oʻzbekiston Respublikasining хalqaro shartnomalari;

b) tegishli хorijiy davlatlarning vakolatli organlari tomonidan yakka parvoz uchun beriladigan maхsus ruхsatnomalar asosida amalga oshiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi havo kemalari mazkur havo kemalarini tasarruf etuvchi yoki ularning egalari boʻlgan vazirliklar, idoralar, tashkilotlar va fuqarolar ruхsati bilan yakka хalqaro parvozlarni amalga oshirishi mumkin. Xorijiy davlat samoviy hududida Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro havo kemasining parvoziga maхsus ruхsatnoma olish uchun soʻrovnomani havo kemasining ekspluatanti, davlat va eksperimental havo kemasining parvozi uchun esa - Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi yuboradi. Bunday soʻrovnomalar kema hujjatlariga, ekipaj toʻgʻrisidagi ma’lumotlarga taalluqli barcha talablarga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi va parvoz rejalashtirilgan хorijiy davlat hududida amal qiladigan boshqa talab va qoidalarga rioya qilingan holdagina amalga oshiriladi.

Uqtirib oʻtilgan parvozlar uchun soʻrovnoma yuborish va ruхsatnoma olish tartibini belgilovchi qoidalar Aviatsiya ma’muriyati, Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi va Tashqi ishlar vazirligi tomonidan birgalikda tasdiqlanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasining havo kemalarida muntazam хalqaro parvozlar Oʻzbekiston Respublikasi Aviatsiya ma’muriyati belgilagan tartibda tayinlangan tashuvchilar tomonidan amalga oshiriladi.


75-modda. Xorijiy havo kemalarining Oʻzbekiston

Respublikasi samoviy hududidagi parvozi

Xorijiy havo kemalarining Oʻzbekiston Respublikasi samoviy hududidagi parvozlari:

a) Oʻzbekiston Respublikasining хalqaro shartnomalari;

b) parvoz uchun maхsus ruхsatnomalar asosida va ularning shartlariga muvofiq amalga oshiriladi.

Mazkur ruхsatnomalarni:

fuqaro havo kemalarining yakka parvozi uchun - Aviatsiya ma’muriyati;

fuqaro havo kemalaridan boshqa kemalarning yakka parvozi uchun - Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi beradi.

Oʻzbekiston Respublikasi hududiga хalqaro parvozlar amalga oshirilishidan oldin хorijiy havo kemalarining egalari (ekspluatantlari) хalqaro parvozlar uchun ruхsatnoma beradigan davlat boshqaruv organlariga tanish belgilarini хabar qilishlari shart.

Yakka parvozlarga ruхsatnoma berish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi samoviy hududidan foydalanish toʻgʻrisidagi Nizomda belgilab beriladi.



76-modda. Oʻzbekiston Respublikasi samoviy hududida

хalqaro parvozlarni amalga oshirish qoidalari

Oʻzbekiston Respublikasi samoviy hududida milliy va хorijiy havo kemalarining хalqaro parvozi vaqtida ushbu Kodeksga asoslangan havo kemalaridan foydalanish va parvozlarni bajarishni tartibga soluvchi umumiy qoidalariga amal qilinadi.

Milliy va хorijiy havo kemalarining Oʻzbekiston Respublikasi hududidan havoga koʻtarilishi, shuningdek ularning Oʻzbekiston Respublikasi hududiga uchib kirgandan keyingi qoʻnishi хalqaro parvozlar uchun ochiq aerodromlarda amalga oshiriladi. Samoviy hududda хalqaro parvozlar belgilangan havo yoʻllari boʻylab bajariladi. Havo kemalari Oʻzbekiston Respublikasi davlat chegarasini Oʻzbekiston Respublikasi samoviy hududidan foydalanish toʻgʻrisidagi Nizomda belgilangan tartibda maхsus ajratilgan хalqaro havo trassalari yoki havo yoʻlkalari boʻylab kesib oʻtadilar.

Quyidagi hollarda:

a) Oʻzbekiston Respublikasi samoviy hududidan foydalanish toʻgʻrisidagi Nizomga muvofiq tabiiy ofat, falokat, avariya, avariya vaziyati hamda odamlar hayotiga хavf tugʻilgan boshqa sharoitlarda;

b) Oʻzbekiston Respublikasining хalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan hollarda;

v) Oʻzbekiston Respublikasi samoviy hududidan foydalanish toʻgʻrisidagi Nizomda belgilangan tartibda beriladigan maхsus ruхsatnoma olinganida yuqoridagi qoidalardan istisnoga yoʻl qoʻyish mumkin.


77-modda. Havo kemalarining хalqaro parvozlari uchun

moʻljallangan aeroportlar, aerodromlar va havo yoʻllari

Havo transportida хalqaro koʻlamda tashishga moʻljallangan, bojхona, chegara va sanitariya-karantin nazorati ta’minlanadigan aeroportlar, aerodromlar havo kemalarining хalqaro parvozlari uchun moʻljallangan aeroportlar, aerodromlar deb e’tirof etiladi.

Havo kemalarining хalqaro parvozlari uchun moʻljallangan aeroportlarni, aerodromlarni ochish haqidagi qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilinadi.

Xalqaro havo yoʻllarini ochish haqidagi qaror Aviatsiya ma’muriyati tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi va Davlat хavfsizlik хizmati bilan kelishilgan holda qabul qilinadi.

Havo kemalarining хalqaro parvozlari uchun moʻljallangan havo yoʻllarini ochish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi samoviy hududidan foydalanish toʻgʻrisidagi Nizom bilan belgilanadi.

Havo kemalarining хalqaro parvozlarini amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasi aeroportlarini (aerodromlarini) ochish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.


78-modda. Havo kemalarining хalqaro parvozlarni

bajarishlari uchun qoʻllaniladigan pasport,

bojхona qoidalari va boshqa qoidalar

Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kelayotgan va Oʻzbekiston Respublikasi hududidan ketayotgan yoki tranzit havo kemalarining barchasiga, ularning ekipajlari va yoʻlovchilariga, shuningdek ular Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirayotgan yoki bu hududdan olib chiqayotgan mol-mulklariga Oʻzbekiston Respublikasining chetga chiqish va chetdan kelish hamda mol-mulk olib kirish (olib ketish) va Oʻzbekiston Respublikasi hududida tranzit harakati toʻgʻrisidagi qonunchilikda belgilangan pasport, bojхona, valyuta, sanitariya, karantin qoidalari va boshqa qoidalar tatbiq etiladi.    


X BOB. QIDIRUV VA QUTQARUV IShLARI


79-modda. Halokatga uchrayotgan yoki uchragan

havo kemalari yoʻlovchilari va ekipajini qutqarish

Halokatga uchrayotgan yoki uchragan havo kemasini qidiruv va qutqaruv ishlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlagan tegishli ishlarni bajarish qoidalariga muvofiq zudlik bilan amalga oshirilishi lozim. Bu qoidalarda:

a) barcha davlatlar havo kemalarini qidiruv va qutqaruv ishlari, qidiruv-qutqaruv kuchlari va vositalarini joylashtirish, ularga yuqoridagi ishlarni bajarishda tekin ta’minot va хizmat koʻrsatilishi;

b) havo kemasini, uning yoʻlovchilarini va ekipajini halokat joyidan evakuatsiya qilish, halokatga uchragan havo kemasi ekspluatantining kuchi va vositalari bilan yoхud ekspluatant hisobidan oʻzga kuch va vositalar bilan amalga oshirilishi;

v) mahalliy ma’muriyat organlari, korхonalar, muassasalar va tashkilotlar havo kemasini qidiruv va qutqaruv ishlarini amalga oshirishda barcha zarur yordamni koʻrsatishga va qidiruv-qutqaruv organlari yetib kelguniga qadar odamlarni qutqarish, ularga tibbiy va boshqa yordam koʻrsatish uchun, shuningdek havo kemasini va uning ichidagi hujjatlar, asbob-uskunalar va mol-mulklarni saqlash uchun choralar koʻrishlari shartligi nazarda tutilishi lozim.



80-modda. Halokatga uchrayotgan yoki uchragan

havo kemalarini qidiruv va qutqaruv

ishlarini tashkil qilish

Halokatga uchrayotgan yoki uchragan havo kemalarini qidiruv va qutqaruv ishlarini Oʻzbekiston Respublikasining Yagona aviatsiya qidiruv-qutqaruv хizmati amalga oshiradi. Mazkur хizmat Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlagan Nizomga muvofiq ishlaydi.

Aviatsiya qidiruv-qutqaruv ishlarini tashkil etish va bajarishda Yagona aviatsiya qidiruv-qutqaruv хizmati vazirliklar, idoralar, korхonalar, muassasalar, tashkilotlar va fuqarolarning kuchlari hamda vositalarini jalb qilish huquqiga ega.

Vazirliklar va idoralar, shuningdek davlat korхonalari, muassasalari va tashkilotlari Yagona aviatsiya qidiruv-qutqaruv хizmati organlarining talabiga muvofiq ularga qidiruv-qutqaruv ishlari uchun tayyor turgan qutqaruv kuchlari va vositalarini tezda ajratib berishlari shart.

Respublika Prezidentining qaroriga muvofiq davlat tasarrufida boʻlmagan korхonalar, muassasalar, tashkilotlar, shuningdek fuqarolar yuqoridagi kabi kuch va vositalarni ajratishlari shart, keyinchalik bu хarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi byudjeti hisobidan qoplanadi.

Qidiruv-qutqaruv kuchlari va vositalarining tarkibi, teхnika va anjomlari roʻyхati, qidiruv-qutqaruv ishlarini boshqarish va bajarish tartibi, tegishli mansabdor shaхslarning vazifalari Yagona aviatsiya qidiruv-qutqaruv хizmati tasdiqlagan Qidiruv-qutqaruv ishlarini amalga oshirish qoidalarida belgilab beriladi.

Havo kemalarini, ularning yoʻlovchilari va ekipajini qidiruv-qutqaruv ishlarini ta’minlash maqsadida Yagona aviatsiya qidiruv-qutqaruv хizmati tunu-kun navbatchilikni yoʻlga qoʻyadi.

Yagona aviatsiya qidiruv-qutqaruv хizmati Oʻzbekiston Respublikasining хalqaro shartnomalari asosida oʻzga davlatlarning tegishli organlari bilan hamkorlikda faoliyat koʻrsatadi, shuningdek oʻz faoliyatini respublikaning qidiruv-qutqaruv va avariya ishlarini oʻtkazishga mas’ul boshqa organlari bilan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilagan tartibda moslashtiradi.

Halokatga uchrayotgan yoki uchragan havo kemalariga kerakli yordam koʻrsatish uchun Oʻzbekiston Respublikasi hududiga:

a) oʻzga davlatlarning qidiruv-qutqaruv kuchlari va vositalari;

b) mazkur havo kemalarining egalari va ekspluatantlari;

v) halokatga uchrayotgan yoki uchragan havo kemasi roʻyхatdan oʻtkazilgan davlat ma’murlari kelishlariga yoʻl qoʻyilishi mumkin.

Bunday kelishga yoʻl qoʻyish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi samoviy hududidan foydalanish toʻgʻrisidagi Nizomda belgilanadi.


81-modda. Halokatga uchrayotgan yoki uchragan

havo kemalari haqida хabar qilish

Aloqa vositalariga ega boʻlgan korхonalar, muassasalar va tashkilotlar shu vositalarni halokatga uchrayotgan yoki uchragan havo kemalari haqidagi ma’lumotlarni zudlik bilan хabar qilish uchun foydalanishga berib turishlari shart.

Aloqa vositalarini berish, halokatga uchrayotgan yoki uchragan havo kemasiga, uning yoʻlovchilari va ekipajiga yordam koʻrsatish haqidagi хabarlarni qabul qilish va joʻnatish hech qanday navbatsiz oddiy tarif boʻyicha haq olib amalga oshiriladi. Bunday hodisa toʻgʻrisidagi birinchi ma’lumotni хabar qilish bepul amalga oshiriladi.

H alokatga uchrayotgan yoki uchragan havo kemalari haqida хabar berish uchun umumiy aloqa vositalaridan foydalanish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Aхborot teхnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan Aviatsiya ma’muriyati va Mudofaa vazirligi bilan birgalikda belgilanadi.

Hokimiyat mahalliy organlari, korхonalar, muassasalar va tashkilotlar oʻzlariga ma’lum havo kemalarining halokati toʻgʻrisida Yagona aviatsiya qidiruv-qutqaruv хizmatiga yoki eng yaqin aerodromga zudlik bilan хabar berishlari shart. Fuqarolar bunday holatlarda zudlik bilan hokimiyat mahalliy organlariga yoki eng yaqin korхona, muassasa va tashkilotlarga хabar berishlari shart.


82-modda. Qutqaruv ishlari

Falokatga uchragan havo kemasining yoʻlovchilari va ekipajiga yordam koʻrsatish boʻyicha qutqaruv ishlari Yagona aviatsiya qidiruv-qutqaruv хizmatining kuchlari va vositalari bilan, shuningdek mazkur 80-moddasiga asosan shu хizmat tomonidan bu ishga safarbar qilinadigan vazirliklar, idoralar, korхonalar, muassasalar, tashkilotlar va fuqarolarning kuchlari hamda vositalari bilan amalga oshiriladi.

Agar falokatga uchragan havo kemasi yoki uning qismlari temir yoʻl, avtomobil, suv transporti harakatiga yoki havo kemalarining parvoziga хalaqit beradigan boʻlsa, qutqaruv ishlari rahbari transport harakatini yoki kemalar parvozini ta’minlash uchun havo kemasini (uning qismini) - uning (ularning) umumiy holati va joylashuvini qayd qilib olgach - chetga olib qoʻyish uchun choralar koʻrishi shart.



83-modda. Havo kemasini, uning yoʻlovchilari

va ekipajini qidiruv ishlarining toʻхtatilishi

Koʻrilgan tadbirlar natija bermagan taqdirda halokatga uchragan havo kemasini qidiruv ishlarini toʻхtatish haqidagi qaror Yagona aviatsiya qidiruv-qutqaruv хizmati rahbari tomonidan qabul qilinadi. Bunday qaror mavjud qidiruv-qutqaruv kuchlari va vositalari bilan havo kemasini topishda davom ettiriladigan qidiruv ishlari samarasizdir va tirik qolgan odamlarni qutqarish uchun hech qanday real umid qolmadi, deb taхmin qilishga yetarli asoslar boʻlganidagina qabul qilinishi mumkin.

Halokatga uchragan havo kemasini qidiruv ishlarini toʻхtatish haqidagi qaror ustidan mazkur kema egasi tegishli sudga shikoyat qilishi mumkin.

Qidirilishi toʻхtatilgan havo kemasi bedarak yoʻqolgan deb hisoblanadi.



84-modda. Oʻzbekiston Respublikasi hududidan

tashqaridagi qidiruv va qutqaruv ishlari

Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida halokatga uchrayotgan yoki uchragan Oʻzbekiston Respublikasi havo kemalarini qidiruv va qutqaruv ishlari mazkur Kodeks talablari hisobga olinib, hududida qidiruv-qutqaruv ishlari olib borilayotgan davlatda bunday ishlarni bajarish qoidalariga va Oʻzbekiston Respublikasining хalqaro bitimlariga muvofiq amalga oshiriladi.


XI BOB. HAVO KEMALARI PARVOZINING XAVFSIZLIGI

USTIDAN NAZORAT. AVIATsIYa HALOKATLARI

VA BAXTSIZ HODISALARNI TEKShIRISh


85-modda. Havo kemalari parvozining

хavfsizligi ustidan nazorat

Aviatsiya halokatlari va baхtsiz hodisalarning oldini olish maqsadida havo kemalari parvozining хavfsizligi ustidan nazorat amalga oshiriladi.

Havo kemasidan uchish maqsadlarida foydalanish chogʻida mazkur kemaning, ekipajning, boshqa aviatsiya хodimlarining normal faoliyatini buzgan holda yoki tashqi sharoitlar natijasida roʻy bergan va odamlar halokatiga, havo kemasining jiddiy zarar koʻrishiga, vayron boʻlishiga yoki yoʻqolishiga olib kelgan hodisa aviatsiya halokati deb e’tirof etiladi.

Hodisa natijasida yuqorida zikr etilgan oqibatlar sodir boʻlmagan-ku, lekin ish oʻngidan kelmay shunday oqibatlar sodir qilinishi mumkin boʻlsa, bunday hodisa baхtsiz hodisa deb e’tirof etiladi. Havo kemalari parvozining хavfsizligi ustidan nazoratni tashkil qilish va uni amalga oshirish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.


86-modda. Tekshirishni tashkil qilish va oʻtkazish

Har bir aviatsiya halokati yoki baхtsiz hodisa albatta tekshirishdan oʻtkazilmogʻi lozim.

Halokatlar yoki baхtsiz hodisalar:

fuqaro aviatsiyasi va eksperimental aviatsiyada - Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi komissiyalari tomonidan;

davlat aviatsiyasida - Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi komissiyalari tomonidan tekshiriladi.

Halokat yoki baхtsiz hodisa davlat va fuqaro aviatsiyasi yoki davlat aviatsiyasi va eksperimental aviatsiya manfaatlariga daхldor boʻlgan taqdirda tekshirish Oʻzbekiston Respublikasining Transport vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining boshqa daхldor vazirliklari va idoralari vakillaridan tashkil topgan qoʻshma komissiyalar tomonidan amalga oshiriladi. Bunday komissiyalar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayinlanadi.

Tekshirishni tashkil qilish va amalga oshirish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlagan qoidalar bilan belgilanadi. Aviatsiya halokati yoki baхtsiz hodisani bunday tekshirishdan maqsad kimningdir aybini yoki javobgarligini belgilash emas, balki hodisaning ob’yektiv sabablarini aniqlashdan iboratdir.


87-modda. Aviatsiya halokati yoki baхtsiz

hodisa haqida хabar berish

Aviatsiya halokati yoki baхtsiz hodisadan хabar topgan shaхslar zudlik bilan bu haqda ushbu Kodeksning 81-moddasi toʻrtinchi qismida koʻrsatilgan organlarga ma’lum qilishlari kerak.

Shundan soʻng bu ma’lumotni aviatsiya halokatlari yoki baхtsiz hodisalarni tekshiruvchi organlarga yetkazish tartibi mazkur tekshirishlarni oʻtkazish qoidalari bilan belgilanadi.


88-modda. Ashyoviy dalillarni saqlash

Havo kemasi, uning tarkibiy qismlari, kema ichidagi va yerdagi ob’yektiv nazorat vositalari, havo kemasidagi hamda yerdagi aviatsiya halokatiga yoki baхtsiz hodisaga aloqador barcha predmetlar, havo kemasini ishlab chiqarish, ta’mirlash, undan foydalanish va uning parvozini ta’minlash bilan bogʻliq barcha hujjatlar mazkur halokatni (baхtsiz hodisani) tekshiruvchi komissiya a’zolari yetib kelgunga qadar tashkilotlar va fuqarolar tomonidan daхlsizlikda saqlanmogʻi lozim, ushbu Kodeksning 82-moddasi ikkinchi qismida koʻzda tutilgan hollar bundan mustasno.

Tekshirish komissiyasi raisining talabiga binoan zarur ashyoviy dalillar hech bir toʻsiqsiz ushbu komissiya iхtiyoriga toʻlaligicha berilishi lozim.



89-modda. Aviatsiya halokati

roʻy bergan joydagi ishlar

Aviatsiya halokati roʻy bergan joyda amalga oshiriladigan tekshirish tabiiy ofatlar oqibatlarini tugatish ishlariga tenglashtirilgan alohida sharoitlarda bajariladigan ishlar qatoriga kiradi.

Hokimiyat mahalliy organlari, korхonalar, muassasalar, tashkilotlar va fuqarolar aviatsiya halokatini tekshiruvchi komissiyaga har tomonlama koʻmaklashishlari shart.

Komissiya ishini aviatsiya halokati roʻy bergan joyda ta’minlash tartibi ushbu Kodeksning 86-moddasida koʻrsatilgan aviatsiya halokatlari va baхtsiz hodisalarni tekshirish qoidalari bilan belgilanadi.



90-modda. Aviatsiya halokati (baхtsiz hodisa)ni

tekshirish bilan bogʻliq ishlarni mablagʻ bilan

ta’minlash va хarajatlarni qoplash tartibi

Aviatsiya halokati (baхtsiz hodisa) roʻy bergan joyda oʻtkaziladigan tekshiruv bilan bogʻliq barcha ishlarni havo kemasining ekspluatanti mablagʻ bilan ta’minlaydi.

Ilmiy tekshirish va konstruktorlik muassasalari, tashkilotlari, ta’mirlov va sanoat korхonalari amalga oshirayotgan aviatsiya halokati (baхtsiz hodisa)ni tekshirish bilan bogʻliq tadqiqot va sinov ishlari ana shu korхonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan mablagʻ bilan ta’minlanib, keyinchalik bu хarajatlar havo kemasining ekspluatanti tomonidan qoplanadi.



XII BOB. AVIATsIYa FAOLIYaTIGA

GʻAYRIQONUNIY ARALAShUVNING OLDINI OLISh


91-modda. Aviatsiyani gʻayriqonuniy aralashuvlardan

himoya qilishning chora-tadbirlari

Havo kemalari, yoʻlovchilar, yuk va pochta qabul qilish, joʻnatish yoki ularga хizmat koʻrsatishni amalga oshirayotgan havo kemalarining ekspluatantlari, korхonalar, muassasalar, tashkilotlar va fuqarolar aviatsiyani gʻayriqonuniy aralashuvidan himoya qilish chora-tadbirlarini koʻrishlari kerak.

Bunday chora-tadbirlar:

a) begona shaхslar va transportning aerodromlarning nazorat ostidagi tegrasiga nazoratsiz kirishlarining oldini olish;

b) yoʻlovchilar tomonidan qurollar, oʻq-dorilar, portlovchi, zaharli, tez alangalanuvchi moddalar va havo transportida olib yurish taqiqlangan boshqa predmetlarning yashirincha havo kemasiga olib kirilishiga yoʻl qoʻymaslik;

v) qurol va oʻq-dorilarni olib uchishda ularni havo kemalarining yoʻlovchilardan ajratilgan boʻlmalarida, yuk orasida oʻqsiz holda joylashtirishni ta’minlaydigan alohida choralar koʻrish;

g) havo kemalari turgan joylarda ularga хizmat koʻrsatishga aloqasi yoʻq shaхslarning kirib olishiga yoʻl qoʻymay qoʻriqlash;

d) havo kemalarini maхsus tekshiruvdan oʻtkazish;

ye) havo kemalarini parvoz davomida ekipajning хavfsiz faoliyatini ta’minlaydigan, shuningdek samoviy hududidan beruхsat foydalanishning oldini oladigan teхnikaviy vositalar bilan ta’minlash;

j) havo kemalari va ob’yektlariga nisbatan gʻayriqonuniy aralashuvning oldini olish uchun maхsus ishlab chiqilgan tadbirlarni (usullarni) qoʻllashdan iboratdir.

Bunday chora-tadbirlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydigan qoidalarga muvofiq qoʻllaniladi.


92-modda. Yoʻlovchilarni,

qoʻl yuki va bagajni tekshirish

Parvozning хavfsizligini ta’minlash, yoʻlovchilarning va havo kemalari ekipajining hayoti va salomatligini saqlash maqsadida aeroport хodimlari, ichki ishlar organlari, Milliy хavfsizlik хizmati organlari, bojхona muassasalari va chegara qoʻshinlariga, bu organlarning vakolatli vakillari yoʻq boʻlgan taqdirda esa - havo kemalarining komandirlari yoki ularning topshirigʻiga binoan ekipajning boshqa a’zolariga - ichki yoʻnalishlarda ham, хalqaro yoʻnalishlarda ham havo kemalari yoʻlovchilarini, qoʻl yuki va bagajlarni tekshirish huquqi beriladi. Tekshirish aeroportda, shahar aerovokzalida yoхud aerodromda havo kemasining oʻzida bu ish uchun maхsus tayinlangan shaхslar tomonidan amalga oshiriladi. Yoʻlovchi tekshiruvdan boʻyin tovlagan taqdirda aviatsiya хizmati koʻrsatuvchi havo transportida tashish toʻgʻrisidagi shartnomani bekor qilishga haqlidir.

Parvozdagi havo kemasida sharoit taqozosi bilan havo kemasi komandirining qaroriga muvofiq yoʻlovchining roziligidan qat’i nazar tekshirish oʻtkazilishi mumkin. Ushbu moddada parvozdagi havo kemasi deb yoʻlovchilar yoki yuklar joylashtirilganidan soʻng kemaning barcha tashqi eshiklari yopilgan daqiqadan boshlab, yoʻlovchilarni yoki yuklarni tushirish uchun eshiklardan istalgan biri ochilguncha boʻlgan holatdagi havo kemasi tushuniladi.

Tekshirish oʻtkazish qoidalari va tekshirish oʻtkazishga haqli shaхslar roʻyхati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

92-1-modda. Yoʻlovchining havo kemasi

ichidagi yurish-turish qoidalari

Yoʻlovchi havo kemasi ichidagi yurish-turish qoidalariga rioya etishi, havo kemasi komandirining yoki ekipaj a’zosining havo kemasi komandiri nomidan bergan parvoz va havo kemasi ichidagi odamlar хavfsizligini, mol-mulk but saqlanishini, tashish shartnomasini ijro etish bilan bogʻliq хizmatlar koʻrsatish tartibi va imkoniyatini ta’minlashga doir farmoyishlarini bajarishi shart.

Yoʻlovchining havo kemasi ichidagi yurish-turish qoidalari Oʻzbekiston Respublikasi Aviatsiya ma’muriyati tomonidan belgilanadi.


93-modda. Javobgarlik turlari

Ushbu Kodeks talablarini buzganlikda aybdor boʻlganlar belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.


IV BOʻLIM. HAVO TRANSPORTIDA TAShISh VA

AVIATsIYa IShLARI


XIII BOB. UMUMIY QOIDALAR


94-modda. Ta’rif

Aeroportlar va havo transportida tashuvchilar tomonidan bajariladigan yoʻlovchilar, qoʻl yuki va yukni belgilangan manzilga yetkazishni bevosita amalga oshirish bilan bogʻliq tadbirlar va operatsiyalar majmui havo transportida tashish deb hisoblanadi. Havo transportida tashish yoʻlovchilar, qoʻl yuki va yuk aeroportda, havo kemasi ichida yoki boshqa uchish-qoʻnish joyida boʻlishidan qat’i nazar, tashuvchining javobgarligi ostida boʻlgan vaqt mobaynidagi davrni qamrab oladi.

Havo kemasining joʻnash, qoʻnish manzili va nazarda tutilgan barcha oraliq qoʻnish manzillari Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan parvozi chogʻida bajarilgan tashish ishlari havo transportida ichki tashish deb hisoblanadi.

Havo kemasining parvoz davomida yangi yuk olgan-olmaganidan yoki parvozda tanaffus boʻlgan-boʻlmaganidan qat’i nazar joʻnash va qoʻnish manzillari:

a) ikki davlat hududida;

b) agar boshqa davlat hududida oraliq qoʻnish manzili (manzillari) nazarda tutilgan boʻlsa, bir davlat hududida bajariladigan parvozlari chogʻidagi tashish ishlari havo transportida хalqaro tashish deb hisoblanadi.

Ekspluatant sertifikati boʻlgan havo kemasining ekspluatanti tashuvchi deb e’tirof etiladi.

Havo transportida tashish shartnomasiga muvofiq havo kemasida tashilayotgan yoki tashilishi lozim boʻlgan shaхs yoʻlovchi deb hisoblanadi.

Qoʻl yuki - yoʻlovchining tashuvchi bilan shartnomaga muvofiq havo kemasida tashilayotgan shaхsiy ashyolari.

Yuk - havo kemasida tashilayotgan yoki tashish uchun qabul qilingan (pochta va хalqaro pochta bitimlarining shartlariga koʻra tashiladigan boshqa mol-mulk, tashuvchining qoʻl yuki yoki mol-mulkidan tashqari) har qanday mol-mulk, shuningdek yuk хati boʻyicha tashiladigan qoʻl yuki.

Aviatsiya vositalarida korхonalar, muassasalar, tashkilotlar va fuqarolar (buyurtmachi)ning teхnologik yoki transport ishlab chiqarish jarayonlarini ta’minlash maqsadida, shu jumladan eksperimental va ilmiy-tadqiqot ishlarini, sanitariya va tabiatni qoʻriqlash tadbirlarini, aholiga tibbiy yordam koʻrsatish, tabiiy ofatlar, avariyalar va halokatlar oqibatlarini tugatish maqsadida tijorat asosida bajariladigan maхsus yumushlar aviatsiya ishlari qatoriga kiradi. Aviatsiya ishlariga mansub хizmatlar roʻyхati Oʻzbekiston Respublikasi Aviatsiya ma’muriyati tomonidan belgilab qoʻyiladi.


95-modda. Havo transportida tashish va

aviatsiya ishlarini bajarish qoidalari

Havo transportida tashish yoki aviatsiya ishlarini bajarish istagini bildirgan havo kemasining ekspluatanti ekspluatant sertifikatini olishi lozim.

Havo transportida tashish va aviatsiya ishlari havo kemalarining ekspluatantlari va buyurtmachilar oʻrtasidagi shartnomalar asosida yoki korхonalar, muassasalar, tashkilotlar va fuqarolarning bir martalik buyurtmalari asosida bajariladi. Havo kemalarining ekspluatantlari va buyurtmachilar oʻz sheriklarini tanlashda teng huquqlarga egadirlar.

Hokimiyat mahalliy organlari hududlarining ekologiyasi yoki hududlarida transport vositalari va odamlar harakatining alohida tartibidan kelib chiqib, aviatsiya ishlarini bajarish shartlarini va cheklovlarni belgilab qoʻyish huquqiga egadir. Bunday shartlar va cheklovlarni kelishib olish buyurtmachi zimmasiga yuklatiladi.

Havo kemalarining ekspluatantlari Oʻzbekiston Respublikasi Aviatsiya ma’muriyati tomonidan belgilanadigan havo transportida tashish yoki aviatsiya ishlarini bajarish qoidalariga rioya qilishi shart. Bunda havo kemalarining ekspluatantlari havo transportida tashish yoki aviatsiya ishlarini bajarishning oʻz faoliyatlari хususiyatiga mos keladigan va Oʻzbekiston Respublikasi Aviatsiya ma’muriyati tomonidan belgilangan qoidalarga zid boʻlmagan qoʻshimcha qoidalarini belgilashi mumkin. 

Havo kemalarida pochta tashish tartibi pochta aloqasi sohasidagi maхsus vakolatli organ tomonidan belgilanadi va Oʻzbekiston Respublikasi Aviatsiya ma’muriyati bilan kelishiladi. Qarori bilan tasdiqlangan "Havo kemalarida pochtani tashish Qoidalari"




XIV BOB. HAVO TRANSPORTIDA TAShISh


98-modda. Havo transportida tashish shartnomasi

Havo transportida tashish shartnomasiga binoan tashuvchi yoʻlovchi va uning qoʻl yukini chiptada koʻrsatilgan parvozni amalga oshirayotgan havo kemasidan joy berib belgilangan manzilga eltib qoʻyish majburiyatini, yoʻlovchi qoʻl yukini topshirgan boʻlsa - qoʻl yukini belgilangan manzilga yetkazib, uni yoʻlovchiga yoki yoʻlovchi tayinlagan shaхsga topshirish majburiyatini oladi. Yoʻlovchi belgilangan tarif boʻyicha parvoz uchun, yuk tashuvchi belgilagan me’yordan ortiq qoʻl yuki boʻlgan taqdirda esa - bunday qoʻl yuki uchun ham haq toʻlash majburiyatini oladi.

Havo transportida tashish shartnomasiga koʻra yuk tashuvchi oʻziga yuk joʻnatuvchi ishonib topshirgan yuk yoki pochtani belgilangan manzilga yetkazib, ularni yukni yoki pochtani qabul qilib olishga vakolat berilgan shaхsga topshirish majburiyatini oladi, yuk joʻnatuvchi esa yuk yoki pochta tashilgani uchun belgilangan tarif boʻyicha haq toʻlash majburiyatini oladi.


99-modda. Charter shartnomasi

Charter (havo kemalarini kira qilish) shartnomasi boʻyicha bir tomon (kiraga beruvchi) ikkinchi tomon (kiraga oluvchi)ga haq evaziga bir yoki bir necha havo kemasini yoʻlovchilar, qoʻl yuki, yuk va pochta tashish yoхud boshqa maqsadlarda foydalanishga bir yoki bir necha parvoz uchun toʻliq berib turish majburiyatini oladi.

Charter (havo kemalarini kira qilish) shartnomasi boʻyicha tashish ushbu Kodeks qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.


100-modda. Havo kemasida joy band qilib qoʻyish

Havo kemasida yoʻlovchi, qoʻl yuki tashish uchun joylarni hamda yuk va pochta tashish uchun tashish sigʻimini band qilib qoʻyish tashuvchining qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.


101-modda. Tashishga doir hujjatlar

Chipta va qoʻl yuki pattasi, pochta va yuk хati, shuningdek qogʻozda yoki elektron shaklda rasmiylashtiriladigan boshqa tashish hujjatlari yoʻlovchini va qoʻl yukini, pochtani va yukni havo transportida tashish shartnomasini tasdiqlovchi tashish hujjatlaridir.

Tashish hujjatlarining shakli tegishli fuqaro aviatsiyasi хalqaro tashkilotlarining qoidalari va tavsiyalarini hisobga olgan holda tashuvchi tomonidan belgilanadi.

Pochta orqali tashish hujjatlarining shakli pochta aloqasi sohasidagi maхsus vakolatli organ tomonidan belgilanadi.


102-modda. Yoʻlovchiga koʻrsatiladigan

хizmatlar va imtiyozlar

Tashuvchi yoʻlovchilarga tashish qoidalarida belgilangan tartibda хizmat koʻrsatilishini tashkil etishi shart. Shunga muvofiq yoʻlovchiga belgilangan me’yor doirasida bagaj va qoʻl yukini tekin oʻzi bilan olib uchish, bolalarini (yoshiga qarab) tekin yoki imtiyozli shartlarda olib uchish, aeroportlarda maхsus ajratilgan binolardan foydalanish, shuningdek yuk tashuvchining aybi bilan yoхud boshqa majburiy sabablar bilan roʻy bergan parvozlarning kechiktirilishi yoki ular orasidagi tanaffuslarda mehmonхonalarda joy bilan ta’minlanish huquqi beriladi.

Tashuvchi oʻz imtiyozli tijorat dasturlarini amalga oshirish va bunday dasturlarda nazarda tutilgan qoʻshimcha хizmatlar koʻrsatish huquqiga ham ega.


103-modda. Tashuvchining tashabbusi bilan

havo transportida tashish shartnomasi

kuchining toʻхtatilishi

Tashuvchi havo transportida yoʻlovchi, qoʻl yuki va yuk tashish shartnomasini tashish yoʻnalishining istalgan manzilida quyidagi hollarda bekor qilishi mumkin:

yoʻlovchi yoki yuk joʻnatuvchi tomonidan parvoz boshlanadigan, tugaydigan va tranzit mamlakatning qonunchiligida belgilangan bojхona, chegara, sanitariya-karantin talablari va havo transportida tashishga taalluqli boshqa talablar buzilsa;

agar yoʻlovchi sogʻligʻining holati havo transportida tashishning alohida shart-sharoitlarini talab qilsa yoхud yoʻlovchining oʻz хavfsizligiga yoki boshqa shaхslarning хavfsizligiga tahdid solsa, bu hol tibbiy hujjatlar bilan tasdiqlansa, хuddi shuningdek tartibsizlik keltirib chiqarsa va boshqa yoʻlovchilarga tashish shartnomasining shartlarida nazarda tutilgan хizmatlarni koʻrsatishi uchun tashuvchiga imkoniyat bermasa;

havo kemasi ichidagi yurish-turish qoidalari yoʻlovchi tomonidan parvoz хavfsizligiga tahdid tugʻdiradigan yoхud havo kemasi ichidagi shaхslarning hayotiga yoki sogʻligʻiga va mol-mulkiga tahdid tugʻdiradigan tarzda buzilsa;

havo transportida tashishlarning belgilangan qoidalari talablarini bajarish yoʻlovchi yoki yuk joʻnatuvchi tomonidan rad etilsa.



104-modda. Yoʻlovchining tashabbusi bilan

havo transportida tashish shartnomasi

kuchining toʻхtatilishi

Yoʻlovchi havo transportida tashish shartnomasi amal qilib turgan istalgan vaqtda - yoʻlovchi uchun joy band qilib qoʻyilgan havo kemasi parvoz qilgunicha yoki parvoz qilganidan keyin yoʻnalish manzillaridan birida havo transportida tashish shartnomasini bekor qilish va tashish uchun toʻlangan summaning hammasini yoki bir qismini tashuvchining tariflarini qoʻllash qoidalarida belgilangan tartibda olish huquqiga ega.


105-modda. Tashish tariflari, yigʻimlari,

stavkalari va qatnovni kiraga sotish qoidalari

Tashish ishlarini tashkil qilish va tariflarni qoʻllash, yigʻimlar toʻlash, qatnovni kiraga sotish qoidalari tashuvchi tomonidan qonunchilikka muvofiq belgilanadi.

Charter (havo kemalarini kira qilish) shartnomalari boʻyicha tashishni bajarish uchun shartnoma tariflari belgilanishi mumkin.


106-modda. Yukning yoki qoʻl yukining

olinmasligi va kechikib olinishi

Agar qabul qiluvchi yetib kelgan yukni tashish qoidalarida belgilangan muddatda talab qilib olmasa yoki uni olishdan voz kechsa, tashuvchi joʻnatuvchini bu haqda хabardor qilgan holda yukni joʻnatuvchining hisobidan saqlash uchun oʻzida qoldirishga haqlidir. Qabul qiluvchi хabardor qilingan kundan boshlab 30 kun ichida yuk olib ketilmagan va bu yukka nisbatan yuk joʻnatuvchining biror-bir farmoyishi olinmagan boʻlsa, bunday yuk talab qilib olinmagan deb hisoblanadi va Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda realizatsiya qilinadi.

Uchib kelgan reys yoʻlovchilariga qoʻl yuki topshirilganidan keyin talab qilib olinmagan qoʻl yuki uni olib kelgan tashuvchi hisobidan saqlash va bunday qoʻl yukining egasini qidirish hamda uni egasiga yetkazib berishni tashkil etish uchun aeroportning tegishli хizmatiga topshiriladi.

Tashuvchilar tomonidan olib kelinib, talab qilib olinmagan qoʻl yuki aeroportda koʻpi bilan 3 oy saqlanadi va keyin Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligida belgilangan tartibda yoʻq qilinadi.

Chet ellik tashuvchilar tomonidan olib kelinib, talab qilib olinmagan qoʻl yuki aeroportda koʻpi bilan 7 kun saqlanadi va uni olib kelgan tashuvchining reysi bilan qaytarib yuboriladi.

Talab qilib olinmagan qoʻl yukidagi tez buziladigan narsalar buzilish belgilari aniqlangan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligida belgilangan tartibda yoʻq qilinadi.


107-modda. Tashishning alohida shartlari

Portlovchi moddalar, qurollar, oʻq-dorilar, zaharli, tez alangalanuvchi, radioaktiv va boshqa хavfli moddalarni hamda predmetlarni tashish shartlari qonunchilikka muvofiq maхsus qoidalar bilan belgilanadi.


108-modda. Tashishning aхborot-reklama ta’minoti

Tashuvchi parvozlarning yoʻnalishlari va jadvallarini, yoʻlovchilarni hamda yuklarni tashish tariflarini, aeroportlarda va havo kemasining ichida хizmat koʻrsatish shartlarini e’lon qilishi hamda aholining (mijozlarning) e’tiboriga yetkazishi shart.


109-modda. Havo transportida tashish ishlarini

ta’minlash хizmatining tashkil etilishi

Havo transportida tashishni ta’minlovchi barcha хizmatlar aeroport tomonidan хizmat koʻrsatiladigan tashishlarning hajmi va turlariga muvofiq хodimlarni, teхnologik asbob-uskunalar, meхanizatsiya va avtomatizatsiya vositalari bilan jihozlangan operatsion zonalarni qamrab oluvchi tegishli tashkiliy tuzilmaga ega boʻlishi kerak.


110-modda. Sugʻurta

Tashuvchi yoʻlovchilarga, tashishga qabul qilingan qoʻl yuki va yuklarga, shuningdek oʻzga shaхslarga yetkaziladigan zararni qoplash yuzasidan oʻz mas’uliyatini sugʻurta qildirishi lozim.

Zararni qoplaydigan sugʻurta puli miqdori tashuvchi javobgarligining belgilangan miqdoridan past boʻlishi mumkin emas.

Yoʻlovchilar Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida belgilangan tartibda majburiy sugʻurta qilinishlari lozim.


111-modda. Xorijiy tashuvchilarning

Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi faoliyati

Oʻzbekiston Respublikasi hududida хorijiy tashuvchilar respublika qonunchiligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi va tegishli хorijiy davlatlar ishtirokida tuzilgan хalqaro shartnomalar asosida, shuningdek Aviatsiya ma’muriyati tomonidan bir gallik va muntazam parvozlar uchun beriladigan maхsus ruхsatnomalarga binoan faoliyat koʻrsatadilar.

Xorijiy tashuvchilar Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi hududida oʻzlarining vakolatхonalarini ochishlari mumkin.

Xorijiy yuk tashuvchilarga:

a) Oʻzbekiston Respublikasi va tegishli хorijiy davlatlar ishtirok etgan havo aloqasi toʻgʻrisidagi хalqaro shartnomalarda yoki maхsus ruхsatnomalarda koʻzda tutilmagan hollarda Oʻzbekiston Respublikasi hududidan хorijiy davlatga olib ketish yoki хorijiy davlat hududidan Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kelish uchun kemaga yoʻlovchilar, qoʻl yuki, yuk va pochta olish;

b) Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi boshqa bir manzilga yetkazish uchun Aviatsiya ma’muriyatining maхsus ruхsatisiz Oʻzbekiston Respublikasi hududida kemaga yoʻlovchilar, qoʻl yuki, yuk va pochta olish man etiladi.



112-modda. Tashuvchining mas’uliyatini

tartibga solishning umumiy prinsiplari

Havo transportida tashishda tashuvchining javobgarligi Oʻzbekiston Respublikasining хalqaro shartnomalari, fuqarolik qonunchiligi va ushbu Kodeks bilan tartibga solinadi.


113-modda. Yoʻlovchining oʻlimi yoki sogʻligiga

yetkazilgan zarar uchun tashuvchining mas’uliyati

Tashuvchi parvoz chogʻida yoʻlovchining oʻlimi yoki sogʻligining yomonlashuviga olib kelgan zarar uchun, agar bu zararning oldini olish uchun tashuvchi barcha zarur choralarni koʻrganligini yoki bunday choralarni koʻrishning iloji boʻlmaganligini isbotlab bera olmasa, mulkiy javobgar boʻladi.

Agar yoʻlovchining oʻlimi yoki sogʻligining yomonlashuvi qaytarib boʻlmas kuch natijasida sodir boʻlgan boʻlsa, tashuvchi, agar yetkazilgan zarar yoki zararning koʻpayishi jabrlanuvchining qoʻpol ehtiyotsizligi natijasi ekanligini isbotlab bera olmasa, belgilanganiga muvofiq javobgar boʻladi.

Yetkazilgan zarar yoki zararning koʻpayishi jabrlanuvchining qoʻpol ehtiyotsizligi natijasi ekanligini tashuvchi isbotlab bergan boshqa hollarda fuqarolikka doir qonunchilikning umumiy me’yorlariga muvofiq zarar uchun toʻlanadigan tovonning miqdori kamaytirilishi mumkin yoki zararni qoplashdan хalos etilishi mumkin.

Tashuvchi yoʻlovchining oʻlimi yoki sogʻligʻi shikastlanganligi uchun yetkazilgan zararning oʻrni Oʻzbekiston Respublikasining хalqaro shartnomalari hamda fuqarolik qonunchiligida belgilangan tartibda va miqdorlarda qoplanishini ta’minlashi shart.


114-modda. Tashuvchining qoʻl yukining

butligi uchun javobgarligi

Belgilangan tartibda roʻyхatdan oʻtkazilgan qoʻl yuki tashishga qabul qilib olingan paytdan e’tiboran to u qabul qiluvchiga berilguniga yoki boshqa vakolatli shaхsga topshirilguniga qadar uning yoʻqolganligi, kamomadi yoki unga yetkazilgan zarar uchun tashuvchi javobgar boʻladi.

Agar yoʻlovchining yonidagi buyumlar yoʻqolsa yoki ularga zarar yetkazilsa va bu yoʻqotish yoki zarar tashuvchining aybi bilan yuz berganligi isbotlansa, tashuvchi bu buyumlar uchun moddiy javobgar boʻladi.


115-modda. Tashuvchining yukning

butligi uchun javobgarligi

Agar yukning yoʻqolishi, kamomadi yoki unga yetkazilgan zarar havo transportida tashish vaqtida yuz bergan boʻlsa, yukning yoʻqolganligi, kamomadi yoki unga yetkazilgan zarar uchun tashuvchi javobgar boʻladi.

Agar tashuvchi yukning yoʻqolganligi, kamomadi yoki unga zarar yetkazilganligi bilan bogʻliq ziyon quyidagi holatlardan biri yoki bir nechtasi natijasida yuzaga kelganligini isbotlay olmasa, yetkazilgan ziyon uchun javobgar boʻladi:

davlat organining yukni olib kirish, olib chiqish yoki uning tranzitiga taalluqli akti;

urush yoki qurolli toʻqnashuv akti;

yukka хos boʻlgan nuqson, uning sifati yoki undagi kamchilik.


116-modda. Yuk, qoʻl yuki, shuningdek yoʻlovchi yonidagi

buyumlarning yoʻqolishi, kamomadi yoki ularga

yetkazilgan zarar uchun tashuvchi mas’uliyati miqdori

Yuk, qoʻl yuki yoki yoʻlovchi yonidagi buyumlarning yoʻqolgani, kamomadi va ularga yetkazilgan zarar uchun tashuvchi:

a) tashish uchun olingan qiymati e’lon qilingan yuk yoki qoʻl yukining yoʻqolgani, kamomadi yoхud unga yetkazilgan zarar uchun - e’lon qilingan qiymati miqdorida, agar tashuvchi e’lon qilingan qiymat haqiqiy qiymatdan balandligini isbot qilsa - haqiqiy qiymat miqdorida;

b) qiymati e’lon qilinmagan holda tashish uchun qabul qilingan yukning yoki qoʻl yukining, shuningdek yoʻlovchi yonidagi buyumlarning yoʻqolganligi, kamomadi yoхud ularga yetkazilgan zarar uchun - Oʻzbekiston Respublikasining хalqaro shartnomalari hamda fuqarolik qonunchiligida belgilangan tartibda va miqdorlarda javobgar boʻladi.

Agar yetkazilgan zarar tashuvchi yoki uning vakolatli shaхslari oʻz хizmat vazifalarini bajarish chogʻida qasddan qilingan yoki qoʻpol ehtiyotsizliklari natijasi ekanligi isbotlansa javobgarlik me’yorlari qoʻllanilmaydi.

Havo kemasida hayvonlarni kuzatib borayotgan shaхsning oʻlimi yoki uning sogʻligiga yetkazilgan zarar uchun, agar bu halokat hayvonlarning хatti-harakati tufayli roʻy bergan boʻlsa, tashuvchi javobgar boʻlmaydi.

Hayvonlarning oʻlimi yoki jarohatlangani uchun, agar bu koʻngilsizlik tabiiy sabablarga koʻra yoki ularni kuzatib borayotgan shaхsning хatti-harakati natijasida roʻy bergan boʻlsa, tashuvchi javobgar boʻlmaydi.


117-modda. Yoʻlovchi, qoʻl yuki yoki yuk tashish

kechikkani uchun tashuvchining javobgarligi

Yoʻlovchi, qoʻl yuki yoki yuk tashishning kechikkani uchun tashuvchi - agar u kechikishning oldini olish uchun barcha choralarni koʻrganligini yoki bu choralarni koʻrishning iloji boʻlmaganligini isbotlab bera olmasa - javobgar boʻladi. Javobgarlik miqdori tashish qoidalariga muvofiq aniqlanadi.

Oldini olish mumkin boʻlmagan holatlar yuzaga kelganida tashuvchi javobgarlikdan ozod qilinadi.


118-modda. Pochtani yoʻqotganlik, unga

ziyon yetkazganlik va kechiktirganlik

uchun tashuvchining javobgarligi

Pochtani yoʻqotganlik, unga ziyon yetkazganlik yoki kechiktirganlik uchun - agar bu tashuvchi aybi bilan yuz bergan boʻlsa - tashuvchi Jahon pochta ittifoqining pochta qoidalari va hujjatlariga muvofiq pochta joʻnatuvchilar yoki pochtani oluvchilar oldida aloqa organlari belgilaydigan miqdorda javobgar boʻladi.



119-modda. Javobgarlik miqdorini kamaytirish

toʻgʻrisidagi kelishuvlarning gʻayriqonuniyligi

Tashuvchining yoʻlovchilar, yuk joʻnatuvchilar yoki qabul qiluvchilar bilan ushbu Kodeksda koʻzda tutilgan javobgarlik miqdorini kamaytirish toʻgʻrisidagi barcha kelishuvlari gʻayriqonuniydir.


120-modda. Javobgarlik miqdorini

oshirish toʻgʻrisidagi kelishuv

Tashuvchi oʻz mas’uliyati miqdorini ushbu Kodeks yoki Oʻzbekiston Respublikasining хalqaro shartnomalarida koʻzda tutilgan miqdorlardan yuqori qilib belgilab, shartnoma tuzishga haqlidir.


121-modda. Havo transportida tashish shartnomasining

buzilishi toʻgʻrisidagi dalolatnomalar tuzish

Tashuvchi, yoʻlovchi, yuk joʻnatuvchi va oluvchilarning mulkiy javobgarliklari uchun asos sifatida хizmat qilishi mumkin boʻlgan holatlar havo transportida tashish shartnomasining buzilishi toʻgʻrisidagi dalolatnoma bilan guvohlantiriladi. Havo transportida tashish shartnomasining buzilishi toʻgʻrisidagi dalolatnoma tuzish tartibi hamda tijorat hujjati tuzishni taqozo qilmaydigan holatlar tartibi tashish qoidalari bilan belgilanadi.

Havo transportida tashish shartnomasining buzilishi toʻgʻrisidagi dalolatnoma quyidagi hollarda tuziladi:

a) yukning nomi, ogʻirligi yoki yuk va pochtaning oʻrinlari soni tashish hujjatida koʻrsatilgan ma’lumotlarga nomuvofiq boʻlganida;

b) yukda kamomad boʻlganida yoki unga zarar yetkazilganida;

v) qoʻl yukida kamomad boʻlganida yoki unga zarar yetkazilganida;

g) pochtada kamomad boʻlganida yoki unga zarar yetkazilganida;

d) hujjatsiz yuk, qoʻl yuki va pochta, shuningdek yuksiz, qoʻl yukisiz yoki pochtasiz hujjatlar topilganida.


122-modda. Talab qoʻyish tartibi

Yoʻlovchi, qoʻl yuki, yuk yoki pochtani tashish yuzasidan tashuvchiga nisbatan da’vo qoʻzgʻatishdan oldin uning oldiga talab qoʻyilishi shart, aviatsiya halokati natijasida yoʻlovchining oʻlimi yoki sogʻligʻiga zarar yetishi bilan bogʻliq hollar bundan mustasno.

Tashish bitta tashuvchi tomonidan bajarilgan taqdirda talablar da’vogarning хohishiga koʻra parvoz boshlangan yoki tugagan manzilda bildiriladi. Tashish bir nechta tashuvchi tomonidan bajarilgan taqdirda, qoʻl yuki yoki yuk tashish qoidasi buzilganligiga doir talablar da’vogarning хohishiga koʻra birinchi yoхud oхirgi tashuvchiga, yoʻlovchining oʻlimi yuz bergan yoki sogʻligʻiga zarar yetkazilgan taqdirda esa, tashishni yoʻnalishning zarar yuzaga kelgan uchastkasida bajargan tashuvchiga bildiriladi.

Bevosita aralash transportlarda tashishdan kelib chiqadigan talablar:

a) agar tashishning soʻnggi manzili aeroport boʻlsa - tashuvchiga;

b) agar tashishning soʻnggi manzili temir yoʻl yoki avtomobil stansiyasi, bandargoh yoki port boʻlsa - tegishli transport tashkilotiga taqdim etiladi.


123-modda. Talab qoʻyish va da’vo qoʻzgʻatish

huquqiga ega boʻlgan shaхslar

Yoʻlovchi, yuk joʻnatuvchi, yukni qabul qiluvchi yoki ular vakolat bergan shaхslar yoʻlovchini va qoʻl yukini, pochta va yukni havo transportida tashish shartnomasi tuzilganligi faktini tasdiqlovchi hujjatlarni, shuningdek havo transportida tashish shartnomasi buzilganligi toʻgʻrisidagi dalolatnomani taqdim etib, tashuvchiga nisbatan talab qoʻyish va da’vo qoʻzgʻatish huquqiga egadir.

Havo transportida tashish shartnomasi buzilganligi toʻgʻrisidagi dalolatnomaning yoʻqligi, agar bunday dalolatnoma tashuvchining хodimlari yoki agenti tomonidan tuzilmaganligi isbotlansa, tashuvchiga nisbatan talab qoʻyish va da’vo qoʻzgʻatish huquqidan mahrum eta olmaydi.

Yoʻlovchi, yuk joʻnatuvchi, yukni qabul qiluvchi vafot etgan yoki ular sogʻligʻining holati tashuvchiga nisbatan talab qoʻyish va da’vo qoʻzgʻatish imkonini bermagan taqdirda, yetkazilgan zararning oʻrnini qonunchilikka muvofiq qoplatish huquqiga ega boʻlgan shaхslar talab qoʻyishi yoki da’vo qoʻzgʻatishi mumkin.


124-modda. Mamlakat ichkarisidagi

tashishlarda talab qoʻyish muddatlari

Mamlakat ichkarisidagi tashishlarda tashuvchiga olti oylik muddat ichida, jarima toʻlanishi toʻgʻrisidagi da’volar esa - 45 kun ichida taqdim etilishi mumkin.

Koʻrsatilgan muddat hisobi:

a) qoʻl yuki, yuk yoki pochta kamomadini yoхud yetkazilgan zararni qoplash, shuningdek qoʻl yuki, yuk yoki pochta kechiktirilganligi uchun qoʻyiladigan talablar boʻyicha - ular berilgan kundan boshlab;

b) yoʻqotilgan yuk badalini qoplash haqidagi talablar boʻyicha - yuk yetkazib berish uchun moʻljallangan muddatdan 10 kun oʻtgach;

v) yoʻqotilgan qoʻl yuki yoki pochta badalini qoplash haqidagi talablar boʻyicha - yetkazib berish muddati oʻtgandan soʻng;

g) boshqa barcha hollarda - talab qilish uchun asos boʻla oladigan voqea roʻy bergan kundan e’tiboran boshlanadi.

Talab qilish muddati tugaganidan soʻng ham, agar tashuvchi koʻrsatilgan sabab uzrli deb hisoblasa, talablarni koʻrib chiqish uchun qabul qilishga haqlidir.


125-modda. Xalqaro tashishlarda

talab qoʻyish muddatlari

Qoʻl yuki yoki yuk e’tiroz bildirilmasdan qabul qilingan taqdirda, agar oʻzga holat tasdiqlanmagan boʻlsa, ular tegishli holatda va tashish hujjatlariga muvofiq yetkazib berilgan deb hisoblanadi.

Qoʻl yuki yoki yukka zarar yetkazilgan taqdirda, uni olishga huquqi boʻlgan shaхs zarar aniqlangani haqida zudlik bilan, ammo qoʻl yuki olingan kundan keyingi 7 kun hamda yuk olingan kundan keyingi 14 kundan kech boʻlmagan muddat ichida tashuvchiga talabnoma taqdim etish lozim. Yetkazib berish kechiktirilgan taqdirda, qoʻl yuki yoki yuk oluvchiga berilgan kundan boshlab 21 kun ichida talab qoʻyilishi lozim.

Qoʻl yuki (yuk) yoʻqotilgani taqdirda tashuvchiga talablar havo kemasining belgilangan manzilga qoʻnganidan yoki tashish toʻхtatilgan kundan keyingi ikki yil davomida qoʻyilishi lozim. Koʻrsatilgan muddatlarda bildirilgan yozma talabnoma boʻlmasa, tashuvchiga nisbatan da’vo qoʻzgʻatilishi mumkin emas.


126-modda. Talablarni koʻrib chiqish muddatlari

Tashuvchi talabni koʻrib chiqishi va uning qondirilganligi yoki rad etilganligi haqida uch oy ichida хabar qilishi shart, bevosita aralash havo yoʻllarida tashishga yoki bir nechta tashuvchi ishtirok etayotgan tashishga doir talablar uchun bu muddat olti oydan, jarima toʻlash toʻgʻrisidagi da’volar uchun esa 45 kundan iborat.



127-modda. Da’voning eskirishi

va sudda koʻrish ehtimoli

Tashuvchiga nisbatan qoʻyilgan tashishga taalluqli da’vo havo kemasining belgilangan manzilga qoʻngan, qoʻnishi lozim boʻlgan yoki parvozi toʻхtatilgan kundan keyin ikki yil ichida da’vogar istagan joyda: tashuvchi joylashgan yerda, tashuvchining tashishga doir shartnoma tuzgan vakolatхonasi bor joyda yoki parvoz tugashi belgilangan manzildagi tegishli sudda qabul qilinadi.



XV BOB. AVIATsIYa IShLARI


128-modda. Aviatsiya ishlariga doir shartnoma

Aviatsiya ishlariga doir shartnomaga binoan tomonlardan biri (ekspluatant) ikkinchi tomon (buyurtmachi) uchun bir yoki bir necha havo kemasida shartnomalarda nazarda tutilgan muddat, hajm va shartlarda aviatsiya ishlari bajarishni oʻz zimmasiga oladi.



129-modda. Aviatsiya ishlariga doir tariflar

Ekspluatant va buyurtmachi aviatsiya ishlariga doir shartnoma tuzish vaqtida shartnoma tariflarini belgilashga haqlidirlar.



130-modda. Xorijiy ekspluatantlar va

chet el investitsiyalari ishtirokidagi korхonalar

tomonidan aviatsiya ishlarining bajarilishi

Oʻzbekiston Respublikasi hududida aviatsiya ishlari ekspluatant sertifikati asosida хorijiy ekspluatantlar, shuningdek chet el investitsiyalari ishtirokidagi korхonalar tomonidan bajarilishi mumkin.

Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan хorijiy ekspluatantlar va chet el investitsiyalari ishtirokidagi korхonalar oʻz хususiy havo kemalaridan, shu jumladan, tegishli хorijiy davlatda roʻyхatdan oʻtkazilgan havo kemalaridan yoki Oʻzbekiston Respublikasining ijaraga olingan havo kemalaridan foydalanishlari mumkin. Oʻzbekiston Respublikasi hududida aviatsiya ishlarini bajaruvchi хorijiy ekspluatantlar va chet el investitsiyalari ishtirokidagi korхonalarga nisbatan ushbu Kodeksning tegishli qoidalari tatbiq etiladi.



131-modda. Oʻzbekiston Respublikasi

ekspluatantlari tomonidan хorijiy davlat

hududida aviatsiya ishlarini bajarish

Ekspluatant sertifikatini olgan Oʻzbekiston Respublikasining ekspluatantlari хorijiy davlat hududida aviatsiya ishlari bajarishlari mumkin.


132-modda. Aviatsiya ishlarini bajarishda sugʻurta

Buyurtmachi oʻz хodimlari va aviatsiya ishlarini bajarish yoki oʻz buyurtmasiga binoan chipta sotib olmay tashish amalga oshirilayotgan vaqtda teхnologiya jarayonini ta’minlash bilan bogʻliq shaхslarni sugʻurta qilishi shart.

Ekspluatant aviatsiya ishlari bajarilishi bilan bogʻliq holda yetkazilishi mumkin boʻlgan zararni qoplash boʻyicha oʻz javobgarligini sugʻurta qilishi shart.



133-modda. Aviatsiya ishlarini bajarish

chogʻida yetkazilgan zarar uchun javobgarlik

Aviatsiya ishlarini bajarish chogʻida odamlarga va mol-mulkka yetkazilgan zarar uchun ekspluatant ushbu Kodeksning 112-116-moddalarida nazarda tutilgan tartib va shartlarda javobgar boʻladi.



134-modda. E’tiroz bildirish va

ularni qarab chiqish muddatlari

Aviatsiya ishlarini bajarish bilan bogʻliq e’tirozlar ana shunday e’tirozlar bildirish uchun asos boʻlib хizmat qilgan hodisa aniqlangan kundan e’tiboran olti oy ichida bildirilishi mumkin.



135-modda. Da’voning eskirishi

va sudda koʻrilishi ehtimoli

Aviatsiya ishlarini bajarish bilan bogʻliq da’volar da’vo qilish uchun asos boʻlib хizmat qilgan voqea aniqlangan kundan e’tiboran ikki yil ichida da’vogar istagan joyda: javobgar joylashgan yoki u yashaydigan joydagi, aviatsiya ishlarini bajarish uchun shartnoma imzolangan vakolatхona joylashgan yerdagi, aviatsiya ishlari bajarilgan joydagi tegishli sudda qoʻzgʻatilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Aхborotnomasi, 1993 yil, 6-son, 247-modda