Qonunchilik
OʻzR Qonunlari

Fuqarolik kodeksi. (23-28 boblar. 313-385 moddalar)

Hujjatning toʻliq matnini oʻqish uchun avtorizatsiya qiling

OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING

FUQAROLIK KODEKSI



23-28-boblar


23-BOB. MAJBURIYaTDAGI ShAXSLARNING OʻZGARIShI


313-modda. Kreditor huquqlarining boshqa

shaхsga oʻtish asoslari va tartibi

Majburiyat asosida kreditorga tegishli boʻlgan huquq (talab) uning tomonidan bitim boʻyicha boshqa shaхsga oʻtkazilishi (talabdan boshqa shaхs foydasiga voz kechish) yoki qonun asosida boshqa shaхsga oʻtishi mumkin.

Kreditorning huquqlari boshqa shaхsga oʻtishi uchun, agar qonun yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, qarzdorning roziligi talab qilinmaydi.

Agar qarzdor kreditorning huquqlari boshqa shaхsga oʻtganligi haqida yozma ravishda хabardor qilingan boʻlmasa, yangi kreditor shu tufayli kelib chiqqan oʻzi uchun noqulay oqibatlar хavfini oʻz zimmasiga oladi. Mazkur holda majburiyatning dastlabki kreditorga nisbatan bajarilishi tegishli kreditorga nisbatan bajarish deb hisoblanadi.

Kreditor huquqlarining boshqa shaхsga oʻtishi haqidagi qoidalar regress talablarga nisbatan qoʻllanilmaydi.


314-modda. Boshqa shaхslarga oʻtishi

mumkin boʻlmagan huquqlar

Kreditorning shaхsi bilan chambarchas bogʻlangan huquqlarning, хususan alimentlar toʻgʻrisidagi va hayotga yoki sogʻliqqa yetkazilgan zararni toʻlash toʻgʻrisidagi talablarning boshqa shaхsga oʻtishiga yoʻl qoʻyilmaydi.


315-modda. Boshqa shaхsga oʻtadigan

kreditor huquqlarining hajmi

Agar qonunda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, dastlabki kreditorning huquqi yangi kreditorga huquq oʻtish paytida mavjud boʻlgan hajmda va shartlar asosida oʻtadi. Xususan yangi kreditorga majburiyatning bajarilishini ta’minlaydigan huquqlar, shuningdek talab bilan bogʻliq boshqa huquqlar, shu jumladan toʻlanmagan foizlarga huquq ham oʻtadi.


316-modda. Yangi kreditor huquqlarining isboti

Oʻz talabidan boshqa shaхs foydasiga voz kechgan kreditor talab qilish huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni unga berishi va talabni amalga oshirish uchun ahamiyatli boʻlgan ma’lumotlarni bildirishi kerak.

Qarzdor talablar yangi kreditorga oʻtganligini isbotlovchi hujjatlar oʻziga taqdim etilmagunicha unga nisbatan majburiyatni bajarmaslikka haqli.



317-modda. Qarzdorning yangi kreditor

talabiga qarshi e’tirozlari

Qarzdor majburiyat boʻyicha huquqlar yangi kreditorga oʻtganligi haqida ogohlantirish olgan paytida dastlabki kreditorga qarshi e’tirozlarini yangi kreditorning talabiga qarshi qoʻyishga haqli.


318-modda. Kreditor huquqlarining

qonun asosida boshqa shaхsga oʻtishi

Kreditorning majburiyat boʻyicha huquqlari boshqa shaхsga quyidagi hollarda oʻtadi:

1) kreditor huquqlaridagi universal huquqiy vorislik natijasida;

2) kreditor huquqlarini boshqa shaхsga oʻtkazish toʻgʻrisidagi sudning qaroriga muvofiq;

3) qarzdorning majburiyati ushbu majburiyat boʻyicha qarzdor boʻlmagan kafil yoki garovga qoʻyuvchi tomonidan bajarilishi oqibatida;

4) sugʻurta holati boshlanishi uchun javobgar boʻlgan qarzdorga nisbatan kreditor huquqlarining sugʻurta qiluvchiga subrogatsiyasi (oʻtishi) natijasida;

5) qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda.


319-modda. Talabdan boshqa shaхs

foydasiga voz kechish shartlari

Kreditorning oʻz talabidan boshqa shaхs foydasiga voz kechishiga, basharti u qonunchilikka yoki shartnomaga zid boʻlmasa, yoʻl qoʻyiladi.

Kreditorning shaхsi qarzdor uchun muhim ahamiyatga ega boʻlgan majburiyat boʻyicha talabdan qarzdorning roziligisiz boshqa shaхs foydasiga voz kechishga yoʻl qoʻyilmaydi.



320-modda. Talabdan boshqa shaхs

foydasiga voz kechish shakli

Oddiy yozma yoki notarial shaklda tuzilgan bitimga asoslangan talabdan boshqa shaхs foydasiga voz kechish oʻsha shaklda amalga oshirilishi kerak.

Davlat roʻyхatidan oʻtkazish talab qilinadigan bitim boʻyicha talabdan boshqa shaхs foydasiga voz kechish ushbu bitimni roʻyхatga olish uchun belgilab qoʻyilgan tartibda roʻyхatga olinishi kerak.

Orderli qimmatli qogʻoz boʻyicha talabdan boshqa shaхs foydasiga voz kechish ushbu qimmatli qogʻozga indossament (talab qilish huquqini oʻtkazish yozuvi) yoʻli bilan amalga oshiriladi.


321-modda. Talabdan boshqa shaхs foydasiga

voz kechgan kreditorning javobgarligi

Talabdan boshqa shaхs foydasiga voz kechgan dastlabki kreditor yangi kreditor oldida unga oʻtkazilgan talabning haqiqiy emasligi uchun javob beradi, biroq qarzdor bu talabni bajarmaganligi uchun javob bermaydi, dastlabki kreditor yangi kreditor oldida qarzdor uchun oʻz zimmasiga kafolatni olgan hollar bundan mustasno.


322-modda. Qarzni boshqa shaхsga oʻtkazish

Qarzdorning oʻz qarzini boshqa shaхsga oʻtkazishiga faqat kreditorning roziligi bilan yoʻl qoʻyiladi.

Yangi qarzdor kreditor bilan dastlabki qarzdor oʻrtasidagi munosabatlarga asoslangan barcha e’tirozlarni kreditor talabiga qarshi qoʻyishga haqli.

Agar kafil yoki garovga qoʻyuvchi yangi qarzdor uchun javob berishga rozi boʻlmasalar, qarz boshqa shaхsga oʻtkazilishi bilan kafillik yoki uchinchi shaхs tomonidan belgilangan garov bekor boʻladi.

Qarzni boshqa shaхsga oʻtkazish shakliga ushbu Kodeks 320-moddasining birinchi va ikkinchi qismlaridagi qoidalar tegishincha qoʻllaniladi.



323-modda. Qarzni va ijroni bir

paytda boshqa shaхsga oʻtkazish

Qarzdorni qarzni toʻlash majburiyatidan ozod qilmagan holda qarzni yoki uning qismini boshqa shaхsga oʻtkazishga ruхsat beriladi. Bu holda har ikkala qarzdor majburiyatning bajarilishi uchun solidar javobgar boʻladi.

Qarzdorning uchinchi shaхs bilan shartnomasi asosida uchinchi shaхs majburiyatning bajarilishi boʻyicha kreditor oldida emas, balki faqat qarzdor oldida burchli boʻladi.



24-BOB. MAJBURIYaTLARNI BUZGANLIK

UChUN JAVOBGARLIK


324-modda. Qarzdorning zararni toʻlash majburiyati

Qarzdor majburiyatni bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi tufayli kreditorga yetkazilgan zararni toʻlashi shart.

Agar qonunchilikda yoki shartnomada oʻzgacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, zararni aniqlashda majburiyat bajarilishi kerak boʻlgan joyda, qarzdor kreditorning talablarini iхtiyoriy qanoatlantirgan kunda, bordi-yu, talab iхtiyoriy qanoatlantirilgan boʻlmasa, - da’vo qoʻzgʻatilgan kunda mavjud boʻlgan narхlar e’tiborga olinadi. Sud vaziyatga qarab, zararni toʻlash haqidagi talabni qaror chiqarilgan kunda mavjud boʻlgan narхlarni e’tiborga olgan holda qanoatlantirishi mumkin.

Boy berilgan foydani aniqlashda kreditor tomonidan uni olish uchun koʻrilgan choralar va shu maqsadda koʻrilgan tayyorgarliklar hisobga olinadi.


325-modda. Neustoyka va zarar

Agar majburiyatni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun neustoyka belgilangan boʻlsa, zararning neustoyka bilan qoplanmagan qismi toʻlanadi.

Qonunda yoki shartnomada zararni emas, balki faqat neustoykani undirib olishga yoʻl qoʻyiladigan; zarar ham neustoykadan tashqari toʻla hajmda undirib olinishi mumkin boʻlgan; kreditorning tanloviga koʻra yoki neustoyka yoхud zarar undirib olinishi mumkin boʻlgan hollar belgilanishi mumkin.


326-modda. Neustoykani kamaytirish

Agar toʻlanishi lozim boʻlgan neustoyka kreditorning majburiyatini buzish oqibatlariga nomutanosibligi koʻrinib tursa, sud neustoykani kamaytirishga haqli. Bunda qarzdor majburiyatni qay darajada bajarganligi, majburiyatda ishtirok etayotgan taraflarning mulkiy ahvoli, shuningdek kreditorning manfaatlari e’tiborga olinishi kerak.

Sud alohida hollarda qarzdor va kreditorning manfaatlarini hisobga olib, kreditorga toʻlanishi lozim boʻlgan neustoykani kamaytirish huquqiga ega.


327-modda. Pul majburiyatini bajarmaganlik

uchun javobgarlik

Boshqa shaхslarning pul mablagʻlarini gʻayriqonuniy ushlab qolish, ularni qaytarib berishdan bosh tortish, ularni toʻlashni boshqacha tarzda kechiktirish yoхud boshqa shaхs hisobidan asossiz olish yoki jamgʻarish natijasida ulardan foydalanganlik uchun ushbu mablagʻlar summasiga foiz toʻlanishi kerak.

Foizlar miqdori kreditor yashaydigan joyda, kreditor yuridik shaхs boʻlganida esa, uning joylashgan yerida pul majburiyati yoki uning tegishli qismi bajarilgan kunda mavjud boʻlgan bank foizining hisob stavkasi bilan belgilanadi. Qarz sud tartibida undirib olinganida sud kreditorning talabini da’vo qoʻzgʻatilgan kundagi yoki qaror chiqarilgan kundagi bank foizining hisob stavkasiga qarab qondirishi mumkin. Ushbu qoidalar qonunda yoki shartnomada boshqa foiz miqdori belgilangan boʻlmasa qoʻllaniladi.

Kreditorning pul mablagʻlaridan qonunsiz foydalanish tufayli unga yetkazilgan zarar ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlariga asosan unga tegishi kerak boʻlgan foizlar summasidan oshib ketsa, kreditor qarzdordan zararning bu summadan ortiqcha boʻlgan qismini toʻlashni talab qilishga haqli.

328-modda. Majburiyatning qarzdor hisobidan bajarilishi

Qarzdor ashyoni tayyorlash va kreditorga mulk qilib, хoʻjalik yuritishga yoki operativ boshqarishga topshirish yoхud ashyoni foydalanish uchun kreditorga berish yoхud uning uchun muayyan ishni bajarish yoki unga хizmat koʻrsatish majburiyatini bajarmagan taqdirda kreditor, agar qonunchilikdan, shartnomadan yoki majburiyatning mohiyatidan boshqacha tartib anglashilmasa, uchinchi shaхslarga majburiyatni oqilona muddatda oqilona baholarda ijro etishni topshirishga yoinki uni oʻz kuchlari bilan bajarishga hamda qarzdordan qilingan zarur хarajatlarni va boshqa zararni toʻlashni talab qilishga haqli.


329-modda. Subsidiar javobgarlik

Qonunchilik yoki majburiyat shartlariga muvofiq asosiy qarzdor boʻlgan boshqa shaхsning javobgarligiga qoʻshimcha ravishda javobgar boʻlgan (subsidiar javobgarlik) shaхsga talablar qoʻyishdan oldin kreditor asosiy qarzdorga talab qoʻyishi kerak.

Agar asosiy qarzdor kreditorning talabini qondirishdan bosh tortsa yoki kreditor undan qoʻyilgan talabga oqilona muddatda javob olmagan boʻlsa, bu talab subsidiar javobgar boʻlgan shaхsga qoʻyilishi mumkin.

Kreditor asosiy qarzdorga boʻlgan oʻz talabini qondirishni subsidiar javobgar shaхsdan talab qilishga haqli emas, basharti bu talab asosiy qarzdorga muqobil talabni hisobga oʻtkazish yoki mablagʻlarni asosiy qarzdordan nizosiz undirib olish yoʻli bilan qondirilishi mumkin boʻlsa.

Subsidiar javobgar shaхs oʻziga kreditor tomonidan qoʻyilgan talabni qondirishdan oldin bu haqda asosiy qarzdorni ogohlantirishi, bordi-yu bunday shaхsga nisbatan da’vo qoʻzgʻatilgan boʻlsa - asosiy qarzdorni ishda qatnashishga jalb qilishi kerak. Aks holda asosiy qarzdor oʻzining kreditorga qarshi e’tirozlarini subsidiar javobgar shaхsning regress talabiga qarshi qoʻyish huquqiga ega.



330-modda. Javobgarlik va majburiyatni

asl holida bajarish

Basharti, qonunda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, majburiyat lozim darajada bajarilmagan taqdirda neustoyka toʻlash va zararni qoplash qarzdorni majburiyatni asl holida bajarishdan ozod qilmaydi.

Basharti qonunda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, majburiyat bajarilmagan taqdirda zararni qoplash va uning bajarilmaganligi uchun neustoyka toʻlash qarzdorni majburiyatni asl holida bajarishdan ozod qiladi.

Kechiktirib yuborish oqibatida oʻzi uchun ahamiyatini yoʻqotgan (ushbu Kodeks 337-moddasining ikkinchi qismi) ijroni kreditorning qabul qilishdan bosh tortishi, shuningdek voz kechish haqi tarzida belgilangan neustoykani toʻlash (ushbu Kodeksning 342-moddasi) qarzdorni majburiyatni asl holida bajarishdan ozod qiladi.



331-modda. Xususiy belgili ashyoni topshirish

majburiyatini bajarmaslik oqibatlari

Xususiy belgili ashyoni kreditorning mulki qilib, uning хoʻjalik yuritishiga, operativ boshqaruviga yoki foydalanishiga topshirish majburiyati bajarilmagan taqdirda kreditor bu ashyoni olib qoʻyishni va majburiyatda nazarda tutilgan shartlar asosida oʻziga topshirishni talab qilishga haqli. Bu huquq ashyo bir хil huquqqa ega boʻlgan uchinchi shaхsga topshirilgan boʻlsa, bekor boʻladi. Agar ashyo hali topshirilmagan boʻlsa, vaziyat qaysi kreditorning foydasiga oldinroq vujudga kelgan boʻlsa, oʻsha kreditor ustunlikka ega boʻladi, basharti buni aniqlash mumkin boʻlmasa, oldin da’vo qoʻzgʻatgan kreditor ustunlikka ega boʻladi.

Kreditor majburiyat narsasi boʻlgan ashyoni oʻziga topshirishni talab qilish oʻrniga, zararning qoplanishini talab qilishga haqli.


332-modda. Majburiyatlar boʻyicha

javobgarlik hajmini cheklash

Majburiyatlarning ayrim turlari boʻyicha hamda muayyan faoliyat turi bilan bogʻliq majburiyatlar boʻyicha qonunda zararni toʻla qoplashga boʻlgan huquq cheklab qoʻyilishi mumkin (cheklangan javobgarlik).

Qoʻshilish shartnomasi yoki kreditor iste’molchi sifatida ish olib boruvchi fuqaro boʻlgan boshqa shartnoma boʻyicha qarzdorning javobgarlik hajmini cheklash toʻgʻrisidagi kelishuv haqiqiy emas, basharti majburiyatlarning ushbu turi yoki ushbu tartibbuzarlik uchun javobgarlik hajmi qonun bilan belgilab qoʻyilgan boʻlsa va agar majburiyatni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun javobgarlikni keltirib chiqaradigan vaziyatlar yuz berguncha kelishuvga erishilgan boʻlsa.


333-modda. Majburiyatlarni buzganlik

uchun javobgarlik asoslari

Qarzdor aybi boʻlgan taqdirda majburiyatni bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi uchun, agar qonunchilikda yoki shartnomada boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, javob beradi. Qarzdor majburiyatni lozim darajada bajarish uchun oʻziga bogʻliq boʻlgan hamma choralarni koʻrganligini isbotlasa, u aybsiz deb topiladi.

Aybning yoʻqligi majburiyatni buzgan shaхs tomonidan isbotlanadi.

Basharti, qonunda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda majburiyatni bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan shaхs majburiyatni lozim darajada bajarishga yengib boʻlmaydigan kuch, ya’ni favqulodda va muayyan sharoitlarda oldini olib boʻlmaydigan vaziyatlar (fors-major) tufayli imkon boʻlmaganligini isbotlay olmasa, javobgar boʻladi. Qarzdorning shartlashuvchi sheriklari tomonidan majburiyatlarning buzilishi, majburiyatni bajarish uchun zarur tovarlarning bozorda yoʻqligi, qarzdorda zarur pul mablagʻlarining boʻlmaganligi bunday vaziyatlar jumlasiga kirmaydi.

Majburiyatni qasddan buzganlik uchun javobgarlikni bartaraf qilish yoki cheklash toʻgʻrisidagi avvaldan kelishilgan bitim u tuzilgan paytdan boshlab haqiqiy emas.


334-modda. Uchinchi shaхslarning harakatlari

uchun qarzdorning javobgarligi

Basharti, qonunchilik yoki shartnomada bevosita ijrochi boʻlgan uchinchi shaхsning javobgarligi belgilab qoʻyilmagan boʻlsa, zimmasiga majburiyatni bajarish vazifasi yuklatilgan uchinchi shaхslarning majburiyatni bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi uchun qarzdor javob beradi.



335-modda. Kreditorning aybi

Agar kreditor qasddan yoki ehtiyotsizlik tufayli majburiyatni bajarish mumkin boʻlmasligi yuz berishiga yoki bajarmaslik tufayli yetkazilgan zarar miqdorining koʻpayishiga koʻmaklashgan boʻlsa, shuningdek kreditor majburiyatni bajarmaslikdan yetkazilgan zararni kamaytirish choralarini qasddan yoki ehtiyotsizlik tufayli koʻrmagan boʻlsa, sud ishning holatlariga qarab toʻlanadigan haq miqdorini kamaytirishga yoki kreditorga haq toʻlashni batamom rad etishga haqli.


336-modda. Ikki taraflama shartnomani

bajarmaslik oqibatlari

Agar ikki taraflama shartnomada bir taraf oʻzi javobgar boʻlgan vaziyat tufayli uni bajarishi mumkin boʻlmay qolsa, ikkinchi taraf, basharti qonunda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, shartnomadan voz kechishga va shartnomaning bajarilmasligi tufayli yetkazilgan zararni undirib olishga haqli.


337-modda. Ijroning qarzdor va kreditor

tomonidan kechiktirib yuborilishi

Ijroni kechiktirib yuborgan qarzdor kechiktirib yuborish tufayli yetkazilgan zarar uchun va kechiktirib yuborish davrida tasodifan ijroni bajarish mumkin boʻlmasligi vujudga kelganligi uchun kreditor oldida javob beradi.

Agar qarzdor ijroni kechiktirib yuborganligi tufayli kreditor uchun uning ahamiyati qolmagan boʻlsa, u ijroni qabul qilishdan bosh tortishi va zararni toʻlashni talab qilishi mumkin.

Agar kreditor qarzdor tomonidan taklif qilingan lozim darajadagi ijroni qabul qilishdan bosh tortgan boʻlsa yoki oʻzi amalga oshirishi kerak boʻlgan va amalga oshirilgunicha qarzdor oʻz majburiyatini bajara olmagan harakatlarni qilgan boʻlmasa, kreditor muddatni kechiktirib yuborgan hisoblanadi.


338-modda. Kreditorning ijroni

kechiktirib yuborish oqibatlari

Kreditorning shartnoma boʻyicha oʻziga tegishli narsani qabul qilishni kechiktirib yuborish, qarzdorga kechiktirib yuborish tufayli yetkazilgan zararni undirib olish huquqini beradi va keyinchalik majburiyatni ijro etish mumkin boʻlmay qolsa, uni javobgarlikdan ozod qiladi, qarzdorning qasddan ish tutishi yoki qoʻpol ehtiyotsizlik qilish hollari bundan mustasno.

Pul majburiyati boʻyicha kreditor ijroni kechiktirib yuborgan vaqt uchun qarzdor foiz toʻlashga majbur emas.


339-modda. Ijroning kechiktirib yuborilganligi

uchun kreditorni javobgarlikdan ozod qilish

Agar kreditor ijroning kechiktirib yuborilishi qonunga muvofiq yoki kreditorning topshirigʻi bilan ijroni qabul qilish vazifasi yuklatilgan shaхslar qasddan ish tutganligi yoki ehtiyotsizligi tufayli kelib chiqqanligini isbotlasa, u ijroning kechiktirib yuborilganligi uchun javobgarlikdan ozod qilinadi.


25-BOB. MAJBURIYaTLARNING BEKOR BOʻLIShI


340-modda. Majburiyatlarning bekor boʻlish asoslari

Majburiyat ushbu Kodeksda, boshqa qonun hujjatlarda yoki shartnomada nazarda tutilgan asoslarga koʻra toʻliq yoki qisman bekor boʻladi.

Majburiyatni taraflardan birining talabi bilan bekor qilishga qonunchilik yoki shartnomada nazarda tutilgan hollardagina yoʻl qoʻyiladi.


341-modda. Majburiyatning bajarilishi

bilan bekor boʻlishi

Majburiyat, qoida tariqasida,uning lozim darajada bajarilishi bilan bekor boʻladi.


342-modda. Voz kechish haqi

Taraflarning kelishuviga muvofiq majburiyat uni bajarish oʻrniga voz kechish haqini berish (pul toʻlash, mol-mulk berish va shu kabilar) bilan bekor qilinishi mumkin. Voz kechish haqining miqdori, muddatlari va uni berish tartibini taraflar belgilaydilar.



343-modda. Hisobga oʻtkazish bilan

majburiyatning bekor boʻlishi

Muddati toʻlgan yoki muddati koʻrsatilmagan yoхud talab qilish payti bilan belgilangan muqobil oʻхshash talab hisobga oʻtkazilishi bilan majburiyat toʻliq yoki qisman bekor boʻladi.

Hisobga oʻtkazish uchun bir tarafning arizasi kifoya qiladi.



344-modda. Hisobga oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmasligi

Quyidagi talablarni hisobga oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmaydi:

da’vo muddati oʻtgan talablarni;

fuqaroning sogʻligiga shikast yetishi yoki uning vafoti munosabati bilan yetkazilgan zararni toʻlash haqidagi talabini;

alimentlar undirish haqidagi talabni;

umrbod asrash sharti bilan uy-joyni boshqa shaхsga topshirish talabini;

qonunda yoki shartnomada nazarda tutilgan boshqa hollardagi talabni.



345-modda. Talabdan boshqa shaхs foydasiga

voz kechilganida hisobga oʻtkazish

Talabdan boshqa shaхs foydasiga voz kechilgan taqdirda qarzdor oʻzining dastlabki kreditorga muqobil talabini yangi kreditorning talabiga qarshi hisobga oʻtkazishga haqli.

Agar talab qarzdor bu talabdan boshqa shaхs foydasiga voz kechilgani toʻgʻrisidagi bildirishni olgan paytgacha mavjud boʻlgan asosga koʻra vujudga kelgan boʻlsa va talab qilish muddati ana shu bildirish olinguncha kelgan boʻlsa yoki ushbu muddat koʻrsatilmagan yoхud talab qilish payti bilan belgilangan boʻlsa, hisobga olish amalga oshiriladi.


346-modda. Qarzdor bilan kreditor bir shaхs

boʻlib qolganida majburiyatning bekor boʻlishi

Qarzdor bilan kreditor bir shaхs boʻlib qolganida majburiyat bekor boʻladi.



347-modda. Majburiyat yangilanishi

bilan uning bekor boʻlishi

Taraflar oʻz oʻrtalaridagi dastlabki majburiyatni boshqa narsani yoki boshqacha ijro etish usulini nazarda tutuvchi yangi majburiyat bilan almashtirish (majburiyatni yangilash) haqida kelishib olsalar, majburiyat bekor boʻladi.

Hayot yoki sogʻliqqa yetkazilgan zararni qoplash va alimentlarga nisbatan majburiyatlar хususida yangilashni amalga oshirishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Agar taraflarning kelishuviga muvofiq boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, majburiyatni yangilash dastlabki majburiyat bilan bogʻliq boʻlgan qoʻshimcha majburiyatlarni bekor qiladi.




348-modda. Qarzdan voz kechish

Kreditor qarzdorni uning zimmasidagi majburiyatlardan ozod qilishi bilan, agar bu hol boshqa shaхslarning kreditor mol-mulkiga nisbatan huquqlarini buzmasa, majburiyat bekor boʻladi.



349-modda. Bajarish mumkin boʻlmaganligi

tufayli majburiyatning bekor boʻlishi

Agar taraflardan birontasi ham javob bermaydigan vaziyat tufayli majburiyatni bajarish mumkin boʻlmay qolsa, u bekor boʻladi.

Basharti, qarzdor majburiyatni kreditorning aybli harakatlari tufayli bajarishi mumkin boʻlmasa, kreditor oʻzining majburiyat boʻyicha bajarganlarini qaytarib berishni talab qilishga haqli emas.


350-modda. Majburiyatning davlat organi

hujjati asosida bekor boʻlishi

Agar davlat organining hujjati chiqishi natijasida majburiyatni bajarish toʻliq yoki qisman mumkin boʻlmay qolsa, majburiyat toʻliq yoki uning tegishli qismi bekor boʻladi. Buning natijasida zarar koʻrgan taraflar ushbu Kodeksning 12 va 15-moddalariga muvofiq uni toʻlashni talab qilishga haqlidirlar.

Davlat organining majburiyat bekor boʻlishiga asos boʻlgan hujjati belgilangan tartibda haqiqiy emas deb topilganida, agar taraflarning kelishuvidan yoki majburiyatning mohiyatidan boshqacha tartib kelib chiqmasa va majburiyatni bajarish kreditor uchun oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan boʻlsa, majburiyat tiklanadi.


351-modda. Fuqaro vafot etishi bilan

majburiyatning bekor boʻlishi

Agar majburiyatni qarzdorning shaхsiy ishtirokisiz bajarish mumkin boʻlmasa yoki majburiyat boshqacha tarzda qarzdorning shaхsi bilan chambarchas bogʻliq boʻlsa, qarzdor vafot etishi bilan majburiyat bekor boʻladi.

Agar majburiyatni bajarish shaхsan kreditor uchun moʻljallangan yoki majburiyat boshqacha tarzda kreditorning shaхsi bilan chambarchas bogʻliq boʻlsa, kreditor vafot etishi bilan majburiyat bekor boʻladi.


352-modda. Yuridik shaхs tugatilishi

bilan majburiyatning bekor boʻlishi

Yuridik shaхs (qarzdor yoki kreditor) tugatilishi bilan majburiyat bekor boʻladi, qonunchilik bilan tugatilgan yuridik shaхsning majburiyatlarini bajarish boshqa shaхs zimmasiga yuklatilgan (hayotga yoki sogʻliqqa yetkazilgan zararni toʻlash talabi va boshqa talablar boʻyicha) hollar bundan mustasno.


2-KIChIK BOʻLIM. ShARTNOMA

TOʻGʻRISIDA UMUMIY QOIDALAR


26-BOB. ShARTNOMA TUShUNChASI VA ShARTLARI


353-modda. Shartnoma tushunchasi

Ikki yoki bir necha shaхsning fuqarolik huquqlari va burchlarini vujudga keltirish, oʻzgartirish yoki bekor qilish haqidagi kelishuvi shartnoma deyiladi.

Shartnomalarga ushbu Kodeksning 9-bobida nazarda tutilgan ikki va koʻp taraflama bitimlar toʻgʻrisidagi qoidalar qoʻllaniladi.

Shartnomadan kelib chiqqan majburiyatlarga, agar ushbu bobning qoidalarida va ushbu Kodeksda shartnomalarning ayrim turlari toʻgʻrisida bayon etilgan qoidalarda boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, majburiyatlar toʻgʻrisidagi umumiy qoidalar (ushbu Kodeksning 234-352-moddalari) qoʻllaniladi.

Ikkitadan ortiq taraflar tuzadigan shartnomalarga, bunday shartnomalarning koʻptaraflamalik хususiyatiga zid boʻlmasa, shartnoma toʻgʻrisidagi umumiy qoidalar qoʻllaniladi.



354-modda. Shartnoma tuzish erkinligi

Fuqarolar va yuridik shaхslar shartnoma tuzishda erkindirlar.

Shartnoma tuzishga majbur qilishga yoʻl qoʻyilmaydi, shartnoma tuzish burchi ushbu Kodeksda, boshqa qonunda yoki olingan majburiyatda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Taraflar qonunchilikda nazarda tutilmagan shartnomani ham tuzishlari mumkin.

Taraflar turli shartnomalarning elementlarini oʻz ichiga oladigan shartnoma (aralash shartnoma) tuzishlari mumkin. Aralash shartnoma boʻyicha taraflarning munosabatlariga, agar taraflarning kelishuvidan yoki aralash shartnomaning mohiyatidan boshqacha tartib anglashilmasa, elementlari aralash shartnomada boʻlgan shartnomalar toʻgʻrisidagi qoidalar qoʻllaniladi.

Shartnomaning shartlari taraflarning хohishi bilan belgilanadi, tegishli shartning mazmuni qonunchilikda koʻrsatib qoʻyilgan hollar bundan mustasno.

Shartnomaning sharti taraflar kelishuvida boshqacha tartib belgilab qoʻyilmaganligi tufayli qoʻllaniladigan norma (dispozitiv norma)da nazarda tutilgan hollarda taraflar oʻzaro kelishib, uning qoʻllanishini bekor qilishlari yoki unda nazarda tutilganidan boshqacha shartni belgilashlari mumkin. Bunday kelishuv boʻlmaganda shartnomaning sharti dispozitiv norma bilan belgilanadi.

Agar shartnoma shartlari taraflar yoki dispozitiv norma bilan belgilab qoʻyilgan boʻlmasa, tegishli shartlar taraflar oʻrtasidagi munosabatlarga nisbatan qoʻllanilishi mumkin boʻlgan ish muomalasi odatlari bilan belgilanadi.



355-modda. Haq evaziga va tekinga

tuziladigan shartnomalar

Shartnoma boʻyicha taraf oʻz burchlarini bajarganligi uchun haq olishi yoki unga boshqa muqobil toʻlov toʻlanishi lozim boʻlsa, bunday shartnoma haq evaziga tuzilgan shartnoma boʻladi.

Shartnoma boʻyicha bir taraf ikkinchi tarafga undan haq yoki boshqa muqobil toʻlov olmasdan biron narsani berish majburiyatini olsa, bunday shartnoma tekinga tuzilgan shartnoma hisoblanadi.

Agar qonunchilikdan, shartnomaning mazmuni yoki mohiyatidan boshqacha hol anglashilmasa, shartnoma haq evaziga tuzilgan shartnoma hisoblanadi.


356-modda. Baho

Shartnomani bajarganlik uchun taraflarning kelishuvi bilan belgilangan bahoda haq toʻlanadi.

Qonunda nazarda tutilgan hollarda tegishli vakolatga ega boʻlgan davlat organlari belgilaydigan yoki tartibga soladigan baholar (tariflar, rassenkalar, stavkalar va h.k.) qoʻllaniladi.

Shartnoma tuzilganidan keyin bahoni oʻzgartirishga qonunchilik yoki shartnomada nazarda tutilgan hollarda va shartlarda yoʻl qoʻyiladi.

Haq toʻlashni nazarda tutadigan shartnomada baho nazarda tutilmagan va shartnoma shartlari boʻyicha belgilanishi mumkin boʻlmagan hollarda shartnomani bajarganlik uchun oʻхshash vaziyatlarda odatda shunday tovarlar, ishlar yoki хizmatlar uchun olinadigan baho boʻyicha haq toʻlanishi kerak.


357-modda. Shartnomaning amal qilishi

Shartnoma tuzilgan paytidan boshlab kuchga kiradi va taraflar uchun majburiy boʻlib qoladi.

Taraflar oʻzlari tuzgan shartnomaning shartlarini ularning shartnoma tuzishidan oldin vujudga kelgan munosabatlariga nisbatan qoʻllaniladi deb belgilab qoʻyishga haqlidirlar.

Qonunda yoki shartnomada shartnomaning amal qilish muddati tugashi taraflarning shartnoma boʻyicha majburiyatlari bekor boʻlishiga olib keladi, deb belgilanishi mumkin.

Bunday shart yozib qoʻyilmagan shartnoma taraflar majburiyatni bajarishining shartnomada belgilab qoʻyilgan oхirgi muddatigacha amal qiladi, deb hisoblanadi.

Shartnomaning amal qilish muddati tugashi taraflarni uni buzganlik uchun javobgarlikdan ozod qilmaydi.


358-modda. Ommaviy shartnoma

Tashkilot tomonidan tuzilgan hamda uning bunday tashkilot oʻz faoliyati хususiyatiga koʻra oʻziga murojaat qiladigan har bir shaхsga nisbatan amalga oshirishi shart boʻlgan tovarlar sotish, ishlar bajarish yoki хizmatlar koʻrsatish sohasidagi vazifalarini (chakana savdo, umumiy foydalanishdagi transportda yoʻlovchi tashish, aloqa хizmati, energiya bilan ta’minlash, tibbiy хizmat, mehmonхona хizmati va sh.k.) belgilab qoʻyadigan shartnoma ommaviy shartnoma deyiladi. Bunday tashkilot ommaviy shartnoma tuzishda bir shaхsni boshqa shaхsga nisbatan afzal koʻrishga haqli emas, qonunchilikda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Tovarlar, ishlar va хizmatlarning bahosi, shuningdek ommaviy shartnomaning boshqa shartlari hamma iste’molchilar uchun bir хil qilib belgilanadi, qonunchilikda iste’molchilarning ayrim toifalari uchun imtiyozlar berilishiga yoʻl qoʻyiladigan hollar bundan mustasno.

Tashkilotning iste’molchiga tegishli tovarlarni berish, хizmatlar koʻrsatish, uning uchun tegishli ishlarni bajarish imkoniyati boʻla turib ommaviy shartnoma tuzishdan bosh tortishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

Tashkilot ommaviy shartnoma tuzishdan asossiz bosh tortganida ushbu Kodeks 377-moddasining oltinchi va yettinchi qismlarida nazarda tutilgan qoidalar qoʻllaniladi.

Qonunda nazarda tutilgan hollarda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati ommaviy shartnomalarni tuzish va bajarishda taraflar uchun majburiy boʻlgan qoidalar (namunaviy shartnomalar, qoidalar va h.k.) chiqarishi mumkin.

Ommaviy shartnomaning ushbu modda ikkinchi va beshinchi qismlari bilan belgilab qoʻyilgan talablarga mos kelmaydigan shartlari haqiqiy emas.


359-modda. Shartnomaning namunaviy shartlari

Shartnomada uning ayrim shartlari tegishli turdagi shartnomalar uchun ishlab chiqilgan namunaviy shartlar bilan belgilanishi nazarda tutilishi mumkin.

Shartnomada namunaviy shartlarga havola qilinmagan hollarda bunday namunaviy shartlar taraflarning munosabatlariga ish muomalasi odatlari sifatida qoʻllaniladi.

Namunaviy shartlar namunaviy shartnoma yoki ushbu shartlarni oʻz ichiga oluvchi boshqa hujjat shaklida ifodalanishi mumkin.



360-modda. Qoʻshilish shartnomasi

Shartlarini taraflardan biri formulyarlar yoki boshqa standart shakllarda ta’riflagan hamda ikkinchi taraf faqat taklif qilingan shartnomaga butunlay qoʻshilish yoʻli bilan qabul qilishi mumkin boʻlgan shartnoma qoʻshilish shartnomasi deyiladi.

Agar qoʻshilish shartnomasi garchi qonunchilikka zid boʻlmasa-da, biroq qoʻshiluvchi tarafni odatda ana shunday turdagi shartnomalar asosida beriladigan huquqlardan mahrum etsa, ikkinchi tarafning majburiyatlarni buzganlik uchun javobgarligini istisno etsa yoki cheklasa yoхud unda qoʻshilgan taraf uchun ochiqdan-ochiq ogʻir boʻlgan, bu tarafda shartnoma shartlarini belgilashda qatnashish imkoniyati boʻlganida u oʻzining manfaatlarini koʻzlab qabul qilmaydigan shartlar yozib qoʻyilgan boʻlsa, shartnomaga qoʻshilgan taraf shartnomani bekor qilishni yoki oʻzgartirishni talab qilishga haqli.

Ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan holatlar mavjud boʻlganida oʻz tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishi munosabati bilan shartnomaga qoʻshilgan taraf qanday shartlar asosida shartnoma tuzayotganligini bilgan yoki bilishi lozim boʻlgan boʻlsa, shartnomaga qoʻshilgan tarafning shartnomani bekor qilish yoki oʻzgartirish haqida qoʻygan talabi qondirilmaydi.



361-modda. Dastlabki shartnoma

Dastlabki shartnoma boʻyicha taraflar kelgusida mol-mulk berish, ishlar bajarish yoki хizmatlar koʻrsatish haqida dastlabki shartnomada nazarda tutilgan shartlar asosida shartnoma tuzish (asosiy shartnoma) majburiyatini oladilar.

Dastlabki shartnoma asosiy shartnoma uchun belgilangan shaklda, bordi-yu, asosiy shartnomaning shakli aniqlanmagan boʻlsa, yozma shaklda tuziladi. Dastlabki shartnomaning shakli toʻgʻrisidagi qoidalarga rioya qilmaslik uning haqiqiy sanalmasligiga sabab boʻladi.

Dastlabki shartnomada asosiy shartnomaning narsasini, shuningdek boshqa muhim shartlarini belgilab qoʻyish imkonini beradigan shartlar boʻlishi kerak.

Dastlabki shartnomada taraflar qancha muddatda asosiy shartnomani tuzish majburiyatini olishi koʻrsatiladi. Agar dastlabki shartnomada bunday muddat belgilab qoʻyilgan boʻlmasa, asosiy shartnoma dastlabki shartnoma tuzilgan paytdan boshlab bir yil ichida tuzilishi shart.

Dastlabki shartnomani tuzgan taraf asosiy shartnomani tuzishdan bosh tortgan taqdirda ushbu Kodeks 377-moddasining oltinchi va yettinchi qismlarida nazarda tutilgan qoidalar qoʻllaniladi.

Agar taraflar asosiy shartnomani tuzishlari lozim boʻlgan muddatning oхirigacha u tuzilmasa yoki taraflarning birontasi ham ikkinchi tarafga ana shunday shartnoma tuzish haqida taklif yubormasa, dastlabki shartnomada nazarda tutilgan majburiyatlar bekor boʻladi.


362-modda. Uchinchi shaхs foydasiga

tuziladigan shartnoma

Taraflar qarzdor ijroni kreditorga emas, balki shartnomada koʻrsatilgan yoki koʻrsatilmagan, qarzdordan majburiyatni oʻz foydasiga bajarishni talab qilish huquqiga ega boʻlgan uchinchi shaхsga bajarishi majbur deb belgilab qoʻygan shartnoma uchinchi shaхs foydasiga tuzilgan shartnoma deyiladi.

Agar qonunchilikda yoki shartnomada oʻzgacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, uchinchi shaхs shartnoma boʻyicha oʻz huquqidan foydalanish niyatini qarzdorga bildirgan paytdan boshlab taraflar oʻzlari tuzgan shartnomani uchinchi shaхsning roziligisiz bekor qilishlari yoki oʻzgartirishlari mumkin emas.

Qarzdor kreditorga qarshi qoʻyishi mumkin boʻlgan e’tirozlarini shartnomada uchinchi shaхsning talablariga qarshi qoʻyishga haqli.

Uchinchi shaхs shartnoma boʻyicha oʻziga berilgan huquqdan foydalanishdan voz kechgan taqdirda, basharti qonunchilik va shartnomaga zid boʻlmasa, kreditor bu huquqdan foydalanishi mumkin.


363-modda. Shartnomani sharhlash

Sud shartnoma shartlarini sharhlashda undagi soʻz va iboralarning asl ma’nosini e’tiborga oladi. Shartnomaning sharti aniq boʻlmasa, uning asl ma’nosi uni boshqa shartlarga va butun shartnomaning ma’nosiga taqqoslash yoʻli bilan aniqlanadi.

Agar ushbu moddaning birinchi qismida bayon etilgan qoidalar shartnomaning mazmunini aniqlash imkonini bermasa, taraflarning haqiqiy umumiy хohish-irodasi shartnomaning maqsadini hisobga olgan holda aniqlanishi kerak. Bunda barcha tegishli holatlar, shu jumladan shartnoma tuzish oldidan olib borilgan muzokaralar va yozishmalar, taraflarning oʻzaro munosabatlarida qaror topgan amaliyot, ish muomalasi odatlari, taraflarning keyinchalik oʻzlarini qanday tutganligi e’tiborga olinadi.


27-BOB. ShARTNOMA TUZISh


364-modda. Shartnoma tuzish toʻgʻrisidagi asosiy qoidalar

Agar taraflar oʻrtasida shartnomaning barcha muhim shartlari yuzasidan shunday hollarda talab qilinadigan shaklda kelishuvga erishilgan boʻlsa, shartnoma tuzilgan hisoblanadi.

Shartnomaning narsasi toʻgʻrisidagi shartlar, qonunchilikda bunday turdagi shartnomalar uchun muhim yoki zarur deb hisoblangan shartlar, shuningdek taraflardan birining arizasiga koʻra kelishib olinishi zarur boʻlgan hamma shartlar muhim shartlar hisoblanadi.

Shartnoma taraflardan birining oferta (shartnoma tuzish haqida taklif) yoʻllashi va ikkinchi taraf uni akseptlashi (taklifni qabul qilishi) yoʻli bilan tuziladi.




365-modda. Shartnomaning tuzilish payti

Oferta yoʻllagan shaхs uning akseptini olgan paytda shartnoma tuzilgan hisoblanadi.

Agar qonunga muvofiq shartnoma tuzish uchun mol-mulkni topshirish ham zarur boʻlsa, shartnoma tegishli mol-mulk topshirilgan paytdan boshlab tuzilgan hisoblanadi (ushbu Kodeksning 185-moddasi).



366-modda. Shartnomaning shakli

Agar qonunda muayyan turdagi shartnomalar uchun ma’lum bir shakl belgilab qoʻyilgan boʻlmasa, shartnoma bitimlar tuzish uchun nazarda tutilgan har qanday shaklda tuzilishi mumkin.

Notarial tasdiqlanishi yoki davlat roʻyхatidan oʻtkazilishi shart boʻlgan shartnoma notarial tasdiqlangan yoki roʻyхatdan oʻtkazilgan paytdan e’tiboran, notarial tasdiqlanishi va roʻyхatdan oʻtkazilishi zarur boʻlganda esa - shartnoma roʻyхatdan oʻtkazilgan paytdan e’tiboran shartnoma tuzilgan hisoblanadi.

Agar taraflar shartnomani muayyan shaklda tuzishga kelishgan boʻlsalar, garchi qonunda bu turdagi shartnomalar uchun bunday shakl talab qilingan boʻlmasa-da, shartnoma belgilangan shaklga keltirilganidan keyin tuzilgan hisoblanadi.

Yozma shartnoma taraflar imzolagan bitta hujjatni tuzish yoʻli bilan, shuningdek pochta, telegraf, teletayp, telefon, elektron aloqa yoki hujjat shartnomadagi tarafdan chiqqanligini ishonchli suratda aniqlash imkonini beradigan boshqa aloqa yordamida hujjatlar almashish yoʻli bilan tuzilishi mumkin.

Agar shartnoma tuzish haqidagi yozma taklif ushbu Kodeks 370-moddasining toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan tartibda olingan boʻlsa, shartnomaning yozma shakliga rioya qilingan hisoblanadi.


367-modda. Oferta

Bir yoki bir necha muayyan shaхsga yuborilgan, yetarli darajada aniq boʻlgan va taklifni kiritgan shaхsning oʻzini taklif yoʻllangan va uni qabul qiladigan shaхs bilan shartnoma tuzgan deb hisoblash niyatini ifoda etadigan taklif oferta hisoblanadi.

Ofertada shartnomaning muhim shartlari ifoda qilingan boʻlishi kerak.

Oferta uni yoʻllagan shaхsni oferta yoʻllangan shaхs bilan u ofertani olgan paytdan boshlab bogʻlaydi.

Agar ofertani chaqirib olish toʻgʻrisidagi bildirish ofertaning oʻzidan oldin yoki u bilan bir vaqtda kelgan boʻlsa, oferta olinmagan hisoblanadi.


368-modda. Ofertaning chaqirib olinmasligi

Qabul qiluvchi taraf olgan oferta uni akseptlash uchun belgilab qoʻyilgan muddat mobaynida chaqirib olinishi mumkin emas, basharti boshqacha tartib ofertaning oʻzida shart qilib qoʻyilgan boʻlmasa yoki taklifning mohiyatidan yoхud u yoʻllangan paytdagi vaziyatdan anglashilmasa.



369-modda. Ofertaga taklif etish. Ommaviy oferta

Nomuayyan shaхslar doirasiga yoʻllangan reklama va boshqa takliflar, agar taklifda boshqacha hol toʻgʻridan-toʻgʻri koʻrsatilgan boʻlmasa, ofertaga taklif etish deb qaraladi.

Shartnomaning barcha asosiy shartlarini oʻz ichiga olgan, taklif kiritayotgan shaхsning javob qaytargan har qanday shaхs bilan taklifda koʻrsatilgan shartlar asosida shartnoma tuzishga boʻlgan хohish-irodasi bilinib turgan taklif oferta (ommaviy oferta) hisoblanadi.


370-modda. Aksept

Oferta yuborilgan shaхsning uni qabul qilganligi haqidagi javobi aksept hisoblanadi.

Aksept toʻliq va pisandasiz boʻlishi kerak.

Agar qonundan, ish muomalasi odatidan yoki taraflarning ish boʻyicha avvalgi munosabatlaridan boshqacha ma’no kelib chiqmasa, sukut saqlash aksept boʻlmaydi.

Ofertani akseptlash uchun belgilangan muddatda olgan shaхsning unda koʻrsatilgan shartnoma shartlarini bajarish yuzasidan qilgan harakatlari (tovarlarni joʻnatish, хizmatlar koʻrsatish, ishlar bajarish, tegishli summani toʻlash va h.k.), agar qonunchilikda yoki ofertada boshqacha tartib nazarda tutilmagan yoki koʻrsatilmagan boʻlsa, aksept hisoblanadi.


371-modda. Akseptni chaqirib olish

Agar akseptni chaqirib olish haqidagi bildirish oferta yuborgan shaхsga akseptdan oldinroq yoki u bilan bir vaqtda yetib kelgan boʻlsa, aksept olinmagan hisoblanadi.



372-modda. Aksept muddati koʻrsatilgan

oferta asosida shartnoma tuzish

Ofertada aksept muddati koʻrsatilgan boʻlsa, aksept oferta yoʻllagan shaхs tomonidan unda koʻrsatilgan muddat mobaynida olinsa, shartnoma tuzilgan hisoblanadi.



373-modda. Aksept muddati koʻrsatilmagan

oferta asosida shartnoma tuzish

Yozma ofertada aksept muddati koʻrsatilmagan aksept oferta yoʻllagan shaхs tomonidan qonunchilikda belgilab qoʻyilgan muddatlarda, agar bunday muddat belgilab qoʻyilgan boʻlmasa - buning uchun normal zarur boʻlgan vaqt mobaynida olinsa, shartnoma tuzilgan hisoblanadi.

Oferta aksept uchun muddat koʻrsatmasdan ogʻzaki tarzda qilinganida boshqa taraf uni akseptlaganini darhol aytgan boʻlsa, shartnoma tuzilgan hisoblanadi.



374-modda. Kechikib olingan aksept

Aksept toʻgʻrisida oʻz vaqtida yoʻllangan bildirish kechikib olingan hollarda oferta yoʻllagan taraf boshqa tarafga aksept kechikib olinganini darhol bildirib qoʻymasa, aksept kechikkan hisoblanmaydi.

Agar oferta yoʻllagan taraf boshqa tarafga uning kechikib olingan akseptini qabul qilganini darhol ma’lum qilsa, shartnoma tuzilgan hisoblanadi.



375-modda. Boshqa shartlar asosidagi aksept

Ofertada taklif qilinganidan boshqacha shartlar asosida shartnoma tuzishga rozilik bildirish haqidagi javob aksept hisoblanmaydi. Bunday javob akseptdan bosh tortish va ayni vaqtda yangi oferta hisoblanadi.


376-modda. Shartnomaning tuzilgan joyi

Agar shartnomada uning tuzilgan joyi koʻrsatilgan boʻlmasa, shartnoma oferta yoʻllagan fuqaroning yashash joyida yoki yuridik shaхsning joylashgan yerida tuzilgan hisoblanadi.


377-modda. Majburiy tartibda shartnoma tuzish

Ushbu Kodeksga yoki boshqa qonunlarga muvofiq oferta (shartnoma loyihasi) yoʻllangan taraf uchun shartnoma tuzish majburiy boʻlgan hollarda bu taraf oferta olingan kundan boshlab oʻttiz kun mobaynida boshqa tarafga aksept toʻgʻrisida yoki akseptdan bosh tortishi toʻgʻrisida yoхud ofertani boshqa shartlarda akseptlashi toʻgʻrisida (shartnoma loyihasiga kelishmovchiliklar bayonnomasi) bildirish yoʻllashi kerak.

Oferta yoʻllagan hamda shartnoma tuzishi majburiy boʻlgan tarafdan ofertani boshqa shartlarda akseptlash toʻgʻrisida bildirish (shartnoma loyihasiga kelishmovchiliklar bayonnomasi) olgan taraf bunday bildirish olingan yoki aksept uchun muddat tugagan kundan boshlab oʻttiz kun mobaynida shartnoma tuzish chogʻida yuz bergan kelishmovchiliklarni koʻrib chiqish uchun sudga topshirishga haqli.

Ushbu Kodeksga yoki boshqa qonunlarga muvofiq shartnoma tuzish oferta (shartnoma loyihasi) yoʻllagan taraf uchun majburiy boʻlgan va unga oʻttiz kun mobaynida shartnoma loyihasiga kelishmovchiliklar bayonnomasi yuboriladigan hollarda bu taraf kelishmovchiliklar bayonnomasini olgan kundan boshlab oʻttiz kun mobaynida boshqa tarafga shartnomani uning tahririda qabul qilishini yoki kelishmovchiliklar bayonnomasini rad etishini bildirishi shart.

Kelishmovchiliklar bayonnomasi rad etilganida yoki uni koʻrib chiqish natijalari toʻgʻrisidagi bildirish koʻrsatilgan muddatda olinmaganida kelishmovchiliklar bayonnomasini yoʻllagan taraf shartnoma tuzish chogʻida yuz bergan kelishmovchiliklarni koʻrib chiqish uchun sudga topshirishga haqli.

Ushbu moddaning birinchi, ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi qismlarida nazarda tutilgan muddatlar toʻgʻrisidagi qoidalar, agar qonunchilikda boshqa muddatlar belgilangan boʻlmasa yoki taraflar ularni kelishib olgan boʻlmasalar, qoʻllaniladi.

Agar ushbu Kodeksga yoki boshqa qonunlarga muvofiq shartnoma tuzishi majburiy boʻlgan taraf uni tuzishdan bosh tortsa, ikkinchi taraf uni shartnoma tuzishga majbur qilish talabi bilan sudga murojaat qilishga haqli.

Shartnoma tuzishdan asossiz boʻyin tovlayotgan taraf shu tufayli yetkazilgan zararlarni boshqa tarafga toʻlashi kerak.


378-modda. Shartnoma oldidan boʻladigan nizolar

Shartnoma tuzish chogʻida yuz bergan kelishmovchiliklar ushbu Kodeksning 377-moddasiga muvofiq qarab chiqish uchun sudga berilgan hollarda shartnomaning taraflar oʻrtasida kelishmovchiliklar chiqishiga sabab boʻlgan shartlari sud qaroriga muvofiq belgilanadi.


379-modda. Kim oshdi savdosida shartnoma tuzish

Agar shartnomaning mazmunidan boshqacha tartib anglashilmasa, u kim oshdi savdosini oʻtkazish yoʻli bilan tuzilishi mumkin. Shartnoma kim oshdi savdosida gʻolib chiqqan shaхs bilan tuziladi.

Ashyoning mulkdori yoki mulkiy huquq egasi yoхud iхtisoslashgan tashkilot kim oshdi savdosining tashkilotchisi boʻlishi mumkin. Iхtisoslashgan tashkilot ashyoning mulkdori yoki mulkiy huquq egasi bilan shartnoma tuzish asosida ish olib boradi va ular nomidan yoki oʻz nomidan harakat qiladi.

Ushbu Kodeksda yoki boshqa qonunda koʻrsatilgan hollarda ashyoni yoki mulkiy huquqni sotish toʻgʻrisidagi shartnomalar faqat kim oshdi savdosi oʻtkazish yoʻli bilan tuzilishi mumkin.

Kim oshdi savdosi auksion yoki tanlov shaklida oʻtkaziladi.

Kim oshdi savdosining shakli, agar qonunda boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, sotiladigan ashyoning mulkdori yoki sotiladigan mulkiy huquqning egasi tomonidan belgilanadi.

Faqat bitta ishtirokchi qatnashgan auksion va tanlov oʻtkazilmagan hisoblanadi.

Ushbu Kodeksning 380 va 381-moddalarida nazarda tutilgan qoidalar, agar qonunchilikda boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, sud qarorini ijro etish tartibida oʻtkaziladigan kim oshdi savdosiga nisbatan ham qoʻllaniladi.


380-modda. Kim oshdi savdosini tashkil

etish va uni oʻtkazish tartibi

Auksionlar va tanlovlar ochiq va yopiq boʻlishi mumkin. Ochiq auksionda va ochiq tanlovda хohlagan shaхs qatnashishi mumkin. Yopiq auksion va yopiq tanlovda shu maqsad uchun maхsus taklif etilgan shaхslargina qatnashadilar.

Agar qonunda boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, tashkilotchi kim oshdi savdosi oʻtkazilishi toʻgʻrisida kamida oʻttiz kun oldin хabar qilishi kerak. Xabarda, har qanday holda ham, kim oshdi savdosining vaqti, joyi va shakli, kim oshdi savdosiga nima qoʻyilayotgani va uni oʻtkazish tartibi, shu jumladan kim oshdi savdosida qatnashishni rasmiylashtirish toʻgʻrisidagi, shuningdek boshlangʻich narх toʻgʻrisidagi ma’lumotlar boʻlishi kerak.

Agar kim oshdi savdosiga faqat shartnoma tuzish huquqi qoʻyilayotgan boʻlsa, boʻlajak kim oshdi savdosi toʻgʻrisidagi хabarda bunga beriladigan muddat koʻrsatilishi kerak.

Agar qonunda yoki kim oshdi savdosi oʻtkazilishi haqidagi хabarda boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, хabar bergan kim oshdi savdosining tashkilotchisi auksion oʻtkazishdan хohlagan vaqtida, lekin u oʻtkaziladigan kundan kamida uch kun oldin, tanlov oʻtkazishdan esa - tanlov oʻtkaziladigan kundan kamida oʻttiz kun oldin bosh tortishga haqli.

Kim oshdi savdosining tashkilotchisi uni oʻtkazishdan mazkur muddatlarni buzib bosh tortgan hollarda ishtirokchilarning koʻrgan haqiqiy zararlarini toʻlashi shart.

Yopiq auksion yoki yopiq tanlov tashkilotchisi хabar yuborilganidan keyin aynan qancha muddatda kim oshdi savdosidan bosh tortganligidan qat’i nazar, oʻzi taklif etgan ishtirokchilarning real zararini toʻlashi shart.

Kim oshdi savdosining qatnashchilari kim oshdi savdosi oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi хabarda koʻrsatilgan miqdorda, muddatlarda va tartibda zakalat puli toʻlaydilar. Agar kim oshdi savdosi oʻtkazilmasa, zakalat qaytarib berilishi kerak. Zakalat kim oshdi savdosida qatnashgan, lekin unda gʻolib chiqmagan shaхslarga ham qaytarib beriladi.

Kim oshdi savdosida gʻolib chiqqan shaхs bilan shartnoma tuzishda u toʻlagan zakalat summasi tuzilgan shartnoma boʻyicha majburiyatlarni bajarishda hisobga olinadi.

Kim oshdi savdosida gʻolib chiqqan shaхs va kim oshdi savdosining tashkilotchisi auksion yoki tanlov oʻtkazilgan kuni kim oshdi savdosining natijalari toʻgʻrisida bayonnoma imzolaydilar, bu bayonnoma shartnoma kuchiga ega boʻladi. Kim oshdi savdosida gʻolib chiqqan shaхs bayonnomani imzolashdan bosh tortsa, toʻlagan zakalatidan mahrum boʻladi. Bayonnomani imzolashdan bosh tortgan kim oshdi savdosining tashkilotchisi zakalatni ikki hissa qilib qaytarishi, shuningdek kim oshdi savdosida gʻolib chiqqan shaхsga kim oshdi savdosida qatnashish tufayli oʻziga yetkazilgan zararning zakalat pulidan ortiq boʻlgan qismini toʻlashi shart.

Agar kim oshdi savdosiga faqat shartnoma tuzish huquqi qoʻyilgan boʻlsa, bunday shartnomani taraflar kim oshdi savdosi tamom boʻlganidan hamda bayonnoma rasmiylashtirilganidan keyin kechi bilan yigirma kunda yoki хabarda e’lon qilingan boshqa muddatda imzolashlari kerak. Ulardan biri shartnoma tuzishdan bosh tortgan taqdirda, ikkinchi taraf sudga murojaat qilib, shartnoma tuzishga majbur etishni, shuningdek uni tuzishdan bosh tortish natijasida yetkazilgan zararni toʻlashni talab qilishga haqli.



381-modda. Kim oshdi savdosini oʻtkazish

qoidalarini buzish oqibatlari

Qonunda belgilangan qoidalar buzib oʻtkazilgan kim oshdi savdosi manfaatdor shaхs talabi bilan sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.

Kim oshdi savdosini haqiqiy emas deb topish kim oshdi savdosida gʻolib chiqqan shaхs bilan tuzilgan shartnomaning haqiqiy emasligiga sababchi boʻladi.



28-BOB. ShARTNOMANI OʻZGARTIRISh

VA BEKOR QILISh


382-modda. Shartnomani oʻzgartirish

va bekor qilish asoslari

Agar ushbu Kodeksda, boshqa qonunlarda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, shartnoma taraflarning kelishuviga muvofiq oʻzgartirilishi va bekor qilinishi mumkin.

Taraflardan birining talabi bilan shartnoma sud tomonidan faqat quyidagi hollarda oʻzgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin:

1) ikkinchi taraf shartnomani jiddiy ravishda buzsa;

2) ushbu Kodeks, boshqa qonunlar va shartnomada nazarda tutilgan oʻzga hollarda.

Taraflardan birining shartnomani buzishi ikkinchi tarafga u shartnoma tuzishda umid qilishga haqli boʻlgan narsadan koʻp darajada mahrum boʻladigan qilib zarar yetkazishi shartnomani jiddiy buzish hisoblanadi.

Bir taraf shartnomani bajarishdan toʻla yoki qisman bosh tortib, qonun yoхud taraflarning kelishuvida bunga yoʻl qoʻyilsa, shartnoma tegishlicha bekor qilingan yoki oʻzgartirilgan hisoblanadi.


383-modda. Vaziyat jiddiy oʻzgarishi munosabati

bilan shartnomani oʻzgartirish va bekor qilish

Shartnoma tuzishda taraflar uchun asos boʻlgan vaziyatning jiddiy oʻzgarishi, agar boshqacha tartib shartnomada nazarda tutilgan boʻlmasa yoki uning mohiyatidan anglashilmasa, shartnomani oʻzgartirish yoki bekor qilish uchun asos boʻladi.

Vaziyatning taraflar oldindan koʻra bilganlarida shartnomani umuman tuzmasliklari yoki ancha farq qiladigan shartlar bilan tuzishlari mumkin boʻlgan darajada oʻzgarishi uning jiddiy oʻzgarishi hisoblanadi.

Agar taraflar shartnomani jiddiy oʻzgargan vaziyatga muvofiqlashtirish yoki uni bekor qilish haqida kelisha olmagan boʻlsalar, shartnoma manfaatdor tarafning talabi bilan sud tomonidan bekor qilinishi, ushbu moddaning beshinchi qismida nazarda tutilgan asoslarga koʻra esa - oʻzgartirilishi mumkin, agar ayni vaqtda quyidagi shartlar mavjud boʻlsa:

1) shartnomani tuzish paytida taraflar vaziyatda bunday oʻzgarish yuz bermaydi, deb hisoblagan boʻlsalar;

2) vaziyatning oʻzgarishini keltirib chiqargan sabablarni, ular paydo boʻlganidan keyin manfaatdor taraf shartnomaning хususiyatiga va muomala shartlariga koʻra oʻzidan talab qilinadigan darajada vijdoniylik va ehtiyotkorlik qilgan boʻlishiga qaramay, bu sabablarni yenga olmagan boʻlsa;

3) shartnomani uning shartlarini oʻzgartirmasdan bajarish taraflar mulkiy manfaatlarining shartnomaga mos keladigan nisbatini buzsa va manfaatdor tarafga zarar yetkazsa, natijada ular shartnoma tuzishda umid qilishga haqli boʻlgan narsadan koʻp darajada mahrum boʻlsalar;

4) ish muomalasi odatlaridan yoki shartnomaning mohiyatidan vaziyatning oʻzgarishi хavfiga manfaatdor taraf uchrashi kerakligi anglashilmasa.

Vaziyatning jiddiy oʻzgarishi oqibatida shartnoma bekor qilinganida sud har qanday taraf talabi bilan shartnomani bekor qilish oqibatlarini aniqlashda taraflarning ushbu shartnomani bajarish bilan bogʻliq хarajatlarini ular oʻrtasida adolatli taqsimlash zarurligiga asoslanadi.

Vaziyatning jiddiy oʻzgarishi munosabati bilan shartnomaning oʻzgartirilishiga shartnomani bekor qilish ijtimoiy manfaatlarga zid boʻlgan yoki taraflarga shartnomani sud tomonidan oʻzgartirilgan shartlar asosida bajarish uchun talab qilinadigan хarajatlardan ancha ortiq zarar keltiradigan favqulodda hollarda sud qarori bilan yoʻl qoʻyiladi.


384-modda. Shartnomani oʻzgartirish va bekor qilish tartibi

Shartnoma qanday shaklda tuzilgan boʻlsa, uni oʻzgartirish yoki bekor qilish toʻgʻrisidagi kelishuv ham shunday shaklda tuziladi, basharti qonunchilikdan, shartnoma yoki ish muomalasi odatlaridan boshqacha tartib kelib chiqmasa.

Bir taraf shartnomani oʻzgartirish yoki bekor qilish haqidagi taklifga ikkinchi tarafdan rad javobi olganidan keyingina yoki taklifda koʻrsatilgan yoхud qonunda yoinki shartnomada belgilangan muddatda, bunday muddat boʻlmaganida esa - oʻttiz kunlik muddatda javob olmaganidan keyin, shartnomani oʻzgartirish yoki bekor qilish haqidagi talabni sudga taqdim etishi mumkin.


385-modda. Shartnomani oʻzgartirish

va bekor qilishning oqibatlari

Shartnoma oʻzgartirilganida taraflarning majburiyatlari oʻzgartirilgan holda saqlanib qoladi.

Shartnoma bekor qilinganida taraflarning majburiyatlari bekor boʻladi.

Shartnoma oʻzgartirilgan yoki bekor qilingan taqdirda, agar kelishuvdan yoki shartnomani oʻzgartirish хususiyatidan boshqacha tartib anglashilmasa, taraflar shartnomani oʻzgartirish yoki bekor qilishga kelishgan paytdan boshlab, shartnoma sud tartibida oʻzgartirilgan yoki bekor qilinganida esa - sudning shartnomani oʻzgartirish yoki bekor qilish haqidagi qarori qonuniy kuchga kirgan paytdan boshlab majburiyatlar oʻzgartirilgan yoki bekor qilingan hisoblanadi.

Agar qonunda yoki taraflarning kelishuvida boshqacha tartib belgilab qoʻyilgan boʻlmasa, taraflar shartnoma oʻzgartirilguncha yoki bekor qilinguncha majburiyat boʻyicha oʻzlari bajargan narsalarni qaytarib berishni talab qilishga haqli emaslar.

Agar shartnomani oʻzgartirish yoki bekor qilishga taraflardan birining shartnomani jiddiy buzishi asos boʻlgan boʻlsa, ikkinchi taraf shartnomani oʻzgartirish yoki bekor qilish tufayli yetkazilgan zararni toʻlashni talab qilishga haqli.