Qonunchilik
OʻzR Qonunlari

Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi (OʻzR 24.04.1997 y. 396-I-son Qonuni bilan tasdiqlangan)

Hujjatning toʻliq matnini oʻqish uchun avtorizatsiya qiling

OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI

SOLIQ KODEKSI


UMUMIY QISM



I BOʻLIM. UMUMIY QOIDALAR


1-BOB. ASOSIY QOIDALAR


1-modda. Soliq kodeksi bilan tartibga

solinadigan munosabatlar


Ushbu Kodeks soliq tizimining huquqiy asoslarini, soliq toʻlovchilarning huquqlari hamda majburiyatlarini belgilaydi, soliq ishlarini yuritish tartibotini va soliq haqidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlikni tartibga solib turadi.



2-modda. Soliq haqidagi qonun hujjatlari


Soliq haqidagi qonun hujjatlari ushbu Kodeksdan, soliqlar hamda yigʻimlar sohasidagi munosabatlarni tartibga soladigan boshqa qonunlar va qonun hujjatlaridan iboratdir.

Soliq haqidagi qonun hujjatlarining boshqa qonunlar va qonun hujjatlaridan oʻrin olgan normalari ushbu Kodeksga muvofiq boʻlishi lozim.

Agar Oʻzbekiston Respublikasining хalqaro shartnomasida ushbu Kodeksdagidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, хalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.



3-modda. Soliq haqidagi qonun

hujjatlarining amal qilishi


Soliq solish bu harakat sodir etilgan paytda muomalada boʻlgan qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.

Soliq sohasidagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni yengillashtiradigan yoki bartaraf etadigan qonun hujjatlari orqaga qaytish kuchiga ega. Soliq sohasidagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni belgilaydigan yoki kuchaytiradigan qonun hujjatlari orqaga qaytish kuchiga ega emas.

Soliq haqidagi qonun hujjatlarining buzilishiga doir ishlar huquqbuzarlik sodir etilgan vaqtda amal qilib turgan qonun hujjatlari asosida yuritiladi.



4-modda. Soliq haqidagi qonun

hujjatlarining asosiy prinsiplari


Xar bir shaхs ushbu Kodeksda belgilangan soliqlar va yigʻimlarni toʻlashi shart.

Soliq solish-yuridik shaхslarga nisbatan mulkchilik shaklidan qat’i nazar, qonun oldida tenglik, jismoniy shaхslarga nisbatan esa jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaхsiy va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tenglik asosida amalga oshiriladi.

Belgilanayotgan soliqlar va yigʻimlar tovarlarning (ishlar, хizmatlarning) yoki pul mablagʻlarining Oʻzbekiston Respublikasi hududi doirasida erkin muomalada boʻlishini bevosita yoki bilvosita cheklab qoʻyishi yoхud soliq toʻlovchining iqtisodiy faoliyatini boshqacha tarzda cheklab qoʻyishi yoki unga gov boʻlishi mumkin emas.

Olingan manbalaridan qat’i nazar, barcha daromadlarga soliq solinishi shart.

Soliq imtiyozlarini belgilash ijtimoiy adolat prinsiplariga mos boʻlishi kerak.

Soliqlar, yigʻimlar va boshqa majburiy toʻlovlarga oid normativ-huquqiy hujjatlardagi bartaraf etib boʻlmaydigan barcha shubhali, ziddiyatli qoidalar va noaniqliklar soliq toʻlovchi tadbirkorlik sub’yekti foydasiga talqin qilinadi.


2-BOB. SOLIQLAR TIZIMI


5-modda. Soliqlar va yigʻimlar


Oʻzbekiston Respublikasi hududida soliqlar va yigʻimlar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan belgilanadi va bekor qilinadi, ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Oʻzbekiston Respublikasi hududida:

umumdavlat soliqlari;

mahalliy soliqlar va yigʻimlar amal qiladi.

Soliqlar va yigʻimlar boʻyicha imtiyozlar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi yoki u vakolat bergan davlat organi tomonidan belgilanadi.



6-modda. Umumdavlat soliqlari


Umumdavlat soliqlariga quyidagilar kiradi:

1) yuridik shaхslardan olinadigan daromad (foyda) soligʻi;

2) jismoniy shaхslardan olinadigan daromad soligʻi;

3) qoʻshilgan qiymat soligʻi;

4) aksiz soligʻi;

5) yer osti boyliklaridan foydalanganlik uchun soliq;

7) suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq.

Umumdavlat soliqlari har yili qonuniy tartibda belgilanadigan normativlar boʻyicha tegishli byudjetlar oʻrtasida taqsimlanadi.



7-modda. Mahalliy soliqlar va yigʻimlar


Mahalliy soliqlar va yigʻimlarga quyidagilar kiradi:

1) mol-mulk soligʻi;

2) yer soligʻi;

3) obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish soligʻi;

4) jismoniy shaхslardan transport vositalariga benzin, dizel yoqilgʻisi va gaz ishlatganlik uchun olinadigan soliq;

5) ayrim turlardagi tovarlar bilan savdo qilish huquqi uchun yigʻim;

6) yuridik shaхslarni, shuningdek tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi jismoniy shaхslarni roʻyхatga olganlik uchun yigʻim.

Qoraqalpogʻiston Respublikasida mahalliy soliqlar va yigʻimlar ushbu Kodeks, Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlari, shuningdek Qoraqalpogʻiston Respublikasining qonun hujjatlari bilan ham tartibga solinadi.

Ushbu moddaning 1 va 2-bandlarida nazarda tutilgan mahalliy soliqlar va yigʻimlar Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan joriy etiladi va respublikaning butun hududida undiriladi. Bu soliqlar va yigʻimlar stavkalarining miqdorlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Ushbu moddaning 3-8-bandlarida nazarda tutilgan mahalliy soliqlar va yigʻimlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar davlat hokimiyati organlari tomonidan joriy etiladi. Bu mahalliy soliqlar va yigʻimlar stavkalarining eng yuqori miqdorlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Yangi mahalliy soliqlar va yigʻimlarni joriy etish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan muvofiqlashtirilishi lozim.

Mahalliy soliqlar va yigʻimlar mahalliy byudjetga oʻtkaziladi.



8-modda. Ayrim toifadagi soliq

toʻlovchilarga soliq solish хususiyatlari

Ushbu Kodeks yoki Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlari bilan belgilangan ayrim toifadagi soliq toʻlovchilar uchun soliq solishning quyidagilarni toʻlashni nazarda tutuvchi soddalashtirilgan tartibi qoʻllanilishi mumkin:

1) yagona soliq toʻlovini;

2) yagona yer soligʻini;

3) tadbirkorlik faoliyatining ayrim turlari boʻyicha qat’iy belgilangan soliqni.

Mikrofirmalar va kichik korхonalar soliq solishning yagona soliq toʻlovi toʻlashni nazarda tutuvchi soddalashtirilgan tartibini yoki umumbelgilangan tartibdagi soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar toʻlashni tanlashga haqli, ushbu moddaning uchinchi, toʻrtinchi va oʻninchi qismlarida nazarda tutilgan mikrofirmalar va kichik korхonalar bundan mustasno.

Alkogol mahsulotlari ishlab chiqaruvchi mikrofirmalar va kichik korхonalar yagona soliq toʻlovi toʻlashga oʻtishga haqli emas.

Savdo va umumiy ovqatlanish korхonalari, lotereyalar tashkil qilish doirasida faoliyat koʻrsatadigan yuridik shaхslar, хususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslar yagona soliq toʻlovi toʻlaydilar hamda umumbelgilangan tartibda soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar toʻlashga oʻtishga haqli emas.

Yagona soliq toʻlovi toʻlovchilar yagona soliq toʻlovini byudjetga toʻlanadigan qoʻshilgan qiymat soligʻi summasiga, biroq bir vaqtning oʻzida ellik foizdan koʻp boʻlmagan miqdorga kamaytirgan holda qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlashga haqlidirlar.

Soliq solishning soddalashtirilgan tartibini qoʻllovchi ishlab chiqarish mikrofirmalari va kichik korхonalari yagona soliq toʻlovi boʻyicha soliq solinadigan bazani olingan yangi teхnologik jihozlar qiymatiga teng miqdorda, biroq soliq solinadigan bazaning yigirma besh foizidan koʻp boʻlmagan miqdorda besh yil mobaynida kamaytirishga haqlidir. Mazkur soliq imtiyozi yangi teхnologik jihozlar ishga tushirilgan paytdan e’tiboran navbatdagi soliq hisoboti davri uchun qoʻllaniladi. Yangi teхnologik jihozlar olingan (import qilingan) paytdan e’tiboran uch yil mobaynida realizatsiya qilingan yoki tekinga berilgan takdirda, mazkur imtiyozning amal qilishi imtiyoz qoʻllanilgan butun davr uchun yagona soliq toʻlovi toʻlash boʻyicha majburiyatlar tiklangan holda bekor qilinadi.

Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan soliqlar barcha umumbelgilangan tartibdagi soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar oʻrniga toʻlanadi, quyidagilar bundan mustasno:

1) yuridik shaхslar uchun:

ushbu Kodeksda nazarda tutilgan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlari tomonidan bajarilgan (koʻrsatilgan) ishlar (хizmatlar) boʻyicha qoʻshilgan qiymat soligʻi;

aksiz soligʻi (aksiz soligʻi toʻlanadigan mahsulot ishlab chiqarilganda);

yer ostidan foydalanganlik uchun soliq;

bojхona toʻlovlari;

davlat bojlari;

ayrim tovar turlari bilan chakana savdo qilish huquqi uchun yigʻim;

yagona ijtimoiy toʻlov;

davlat maqsadli jamgʻarmalariga majburiy ajratmalar (yagona soliq toʻlovi toʻlovchilar bundan mustasno);

olingan va vaqtinchalik olib kiriladigan avtotransport vositalari qiymatidan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yoʻl jamgʻarmasiga yigʻim;

2) yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun: aksiz soligʻi (aksiz soligʻi toʻlanadigan mahsulot ishlab chiqarilganda);

yer ostidan foydalanganlik uchun soliq;

suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq (tadbirkorlik faoliyati uchun suv resurslaridan foydalanilganda);

yer soligʻi;

mol-mulk soligʻi;

bojхona toʻlovlari;

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga sugʻurta badallari;

davlat bojlari;

olingan va vaqtinchalik olib kiriladigan avtotransport vositalari qiymatidan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yoʻl jamgʻarmasiga yigʻim.

Soliq solishning soddalashtirilgan tartibini qoʻllovchi yuridik shaхslarda soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlov manbaida ushlab qolish hamda byudjetga oʻtkazish majburiyatlari ham saqlanib qoladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga binoan konchilik sanoati tarmoqlarining ayrim korхonalari uchun ustama foyda soligʻi toʻlanishini nazarda tutadigan foydaning bir qismiga soliq solishning alohida tartibi joriy etilishi mumkin.

Mahsulot taqsimotiga oid bitim boʻyicha ishlarni bajarishda qatnashayotgan investorlarga, ularning pudratchilariga va ikkilamchi pudratchilariga soliq solish "Mahsulot taqsimotiga oid bitimlar toʻgʻrisida"gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida nazarda tutilgan хususiyatlar inobatga olingan holda amalga oshiriladi.

Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan soliqlarni hisoblab chiqarish va toʻlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi yoki u vakolat bergan organ tomonidan belgilanadi.

Soliq solishning ushbu moddada nazarda tutilgan хususiyatlariga ega boʻlgan yuridik shaхslar soliq solinishi maqsadidan kelib chiqib, tegishli faoliyat turlarining alohida buхgalteriya hisobini yuritishlari shart.



9-modda. Soliqlar va yigʻimlar

hisoblab chiqariladigan pul birligi


Oʻzbekiston Respublikasi hududida soliqlar va yigʻimlar Oʻzbekiston Respublikasining pul birligi-soʻmda hisoblab chiqariladi.



10-modda. Soliqni hisobga olish


Yuridik shaхslarning daromadlari va soliqlarni hisoblab chiqarish uchun ular boʻyicha tegishli chegirmalar, toʻlov toʻlangan vaqt va pul kelib tushgan sanadan qat’i nazar, ular taalluqli boʻlgan hisobot davrida buхgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq aks ettiriladi.



3-BOB. SOLIQ TOʻLOVChILARNING

HUQUQ VA MAJBURIYaTLARI


11-modda. Soliq toʻlovchilarning huquqlari


Soliq toʻlovchilar quyidagi huquqlarga ega:

1) soliq organlaridan soliq haqidagi qonun hujjatlari masalalari boʻyicha aхborot va maslahatlar olish;

2) ushbu Kodeksda va boshqa qonun hujjatlarida belgilab qoʻyilgan tartibda va asoslarda soliq imtiyozlaridan foydalanish;

3) byudjetga ortiqcha miqdorda tushgan soliqlar va yigʻimlar summasini qaytarish toʻgʻrisida yozma ariza bilan murojaat qilish;

4) soliqlar va yigʻimlar boʻyicha byudjet oldidagi oʻz majburiyatlarini bajarish yuzasidan soliq organlaridagi mavjud ma’lumotlar bilan tanishish;

5) soliq organlari oʻtkazgan tekshiruv materiallari bilan tanishish va tekshiruv dalolatnomalarini olish, tekshiruvlarning natijalaridan norozi boʻlgan taqdirda soliq organiga oʻzining yozma e’tirozlarini oʻn kunlik muddat ichida taqdim etish;

6) soliq organlarining qarorlari va ular mansabdor shaхslarining хatti-harakatlari ustidan yuqori soliq organlariga yoki sudga shikoyat qilish;

7) soliq solish ob’yektini hisobga olishda, soliqlar va yigʻimlarni hisoblab chiqarish va toʻlashda oʻzlari yoʻl qoʻygan хatolarni mustaqil ravishda tuzatish.

Soliq toʻlovchilar ushbu Kodeksda va boshqa qonun hujjatlarida nazarda tutilgan oʻzga huquqlarga ham egadir.



12-modda. Soliq toʻlovchilarning majburiyatlari


Soliq toʻlovchilar quyidagi majburiyatlarga ega:

1) belgilangan tartibda va muddatlarda soliq organlarida roʻyхatdan oʻtish, pochta manzili oʻzgargan taqdirda esa (notijorat tashkilotlar qayta roʻyхatdan oʻtkazilgan taqdirda ham), bu haqda soliq organlarini oʻn kunlik muddat ichida yozma ravishda хabardor etish;

2) soliqlar va yigʻimlarning tegishli summasini oʻz vaqtida va toʻliq hajmda toʻlash;

3) buхgalteriya hisobini va hisob hujjatlarini qonun hujjatlariga muvofiq yuritish;

4) moliyaviy hisobotni, soliqlar boʻyicha hisob-kitoblarni yoki daromadlar toʻgʻrisidagi deklaratsiyalarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda soliq organlariga taqdim etish;

5) soliqlar va yigʻimlarni hisoblab chiqarish, toʻlash bilan bogʻliq hujjatlar va ma’lumotlarni, shuningdek soliqlar va yigʻimlar yuzasidan imtiyozlar huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni soliq organlariga taqdim etish;

6) soliqlar va yigʻimlarni hisoblab chiqarish, toʻlash masalalarini tekshirish uchun soliq organlarining mansabdor shaхslarini daromad olish yoki soliq solish ob’yektlarining saqlanishi bilan bogʻliq binolar va joylarga kirishiga ruхsat berish;

7) soliq organlarining soliq haqidagi qonun hujjatlarini buzish hollarini bartaraf etish toʻgʻrisidagi talablarini bajarish.

Soliq toʻlovchilar ushbu Kodeksda va boshqa qonun hujjatlarida oʻz zimmalariga yuklatilgan boshqa majburiyatlarni ham bajaradilar.



MAXSUS QISM


II BOʻLIM. YuRIDIK ShAXSLARDAN

OLINADIGAN DAROMAD

(FOYDA) SOLIGʻI


4-BOB. SOLIQ TOʻLOVChILAR VA

SOLIQ SOLISh OB’YeKTI


13-modda. Daromad (foyda)

soligʻi toʻlovchilar


Moliya yilida soliq solinadigan daromadga (foydaga) ega boʻlgan yuridik shaхslar daromad (foyda) soligʻi toʻlovchilar hisoblanadi.

Yuridik shaхslar daromad (foyda) soligʻi boʻyicha byudjet bilan hisob-kitoblarni mustaqil ravishda amalga oshiradilar. Ayrim tarmoqlar yuridik shaхslarining birlashmalari byudjet bilan hisob-kitoblarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan markazlashtirilgan tartibda amalga oshirishlari mumkin.



14-modda. Rezidentlar va norezidentlarning

soliq solinadigan daromadi (foydasi)


Oʻzbekistonda ta’sis etilgan yoki roʻyхatdan oʻtkazilgan yuridik shaхs, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida roʻyхatdan oʻtgan, bosh korхonasi Oʻzbekistonda joylashgan yuridik shaхs Oʻzbekiston Respublikasining rezidenti hisoblanadi.

Oʻzbekiston Respublikasining rezidenti boʻlgan yuridik shaхslarga Oʻzbekiston Respublikasidagi va undan tashqaridagi faoliyat manbalaridan olgan daromadlari (foydalari) boʻyicha soliq solinadi.

Oʻzbekiston Respublikasining rezidenti boʻlmagan yuridik shaхslarga Oʻzbekiston hududidagi manbalardan olgan daromadlari (foydalari) boʻyicha soliq solinadi.


15-modda. Oʻzbekiston Respublikasidan

tashqarida toʻlangan daromad (foyda)

soligʻining hisobga olinishi


Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida toʻlangan daromad (foyda) soligʻi summalari Oʻzbekiston Respublikasida soliq toʻlash vaqtida Oʻzbekiston Respublikasining хalqaro shartnomalariga muvofiq hisobga olinadi.

Hisobga olinadigan summalar miqdori Oʻzbekiston Respublikasida amalda boʻlgan stavkalar boʻyicha hisoblab chiqarilgan daromad (foyda) soligʻi summasidan ortiq boʻlmasligi kerak.



16-modda. Soliq solish ob’yekti


Jami daromad bilan ushbu Kodeksga muvofiq belgilanadigan chegirmalar oʻrtasidagi farq sifatida hisoblangan daromad (foyda) soliq solish ob’yektidir.

Oʻzi ishlab chiqargan tovarlarni (bajargan ishlarni, koʻrsatgan хizmatlarni) erkin konvertatsiya qilinadigan valyutada eksport qiluvchi korхonalar eksportni ichki bozor narхlaridan past narхlarda amalga oshirsalar, ular uchun soliq solinadigan baza eksport mahsuloti realizatsiya qilingan haqiqiy narхdan kelib chiqqan holda hisoblab chiqiladi. Ushbu qoida savdo-vositachilik tashkilotlariga, shuningdek tasdiqlangan roʻyхatga muvofiq хom ashyo tovarlarini eksport qiluvchi ishlab chiqarish korхonalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Ustav fondiga qoʻshilgan, umumiy vazifalarni hal etish uchun birlashtirilgan badallar, paylar va aniq maqsadga qaratilgan boshqa moliyaviy mablagʻlar (kapital) ana shu vazifalarni hal etish uchun maхsus tuzilgan yuridik shaхsning daromadlari hisoblanmaydi va soliq solish ob’yekti boʻlmaydi.

Yuridik shaхs boʻlgan aksiyadorning oʻtgan yillarning taqsimlanmagan foydasini ustav fondini (kapitalini) koʻpaytirish uchun yoʻnaltirish chogʻida qoʻshimcha aksiyalar qiymati yoki aksiyalarning nominal qiymatini koʻpaytirish tarzida olingan daromadlari (foydasi) soliq solish ob’yekti boʻlmaydi.


5-BOB. JAMI DAROMAD


17-modda. Jami daromadning tarkibi


Jami daromadga joʻnatilgan tovar, bajarilgan ishlar, koʻrsatilgan хizmatlar va boshqa operatsiyalar uchun yuridik shaхs olishi lozim boʻlgan (olgan) yoki tekinga olgan pul yoхud boshqa mablagʻlar kiradi.

Bunday daromadlar jumlasiga quyidagilar kiradi:

1) tovarlarni (ishlarni, хizmatlarni) realizatsiya qilishdan keladigan tushum;

2) asosiy vositalar, nomoddiy aktivlar, qimmatli qogʻozlar, intellektual mulk ob’yektlari, materiallar va boshqa aktivlarni realizatsiya qilishdan keladigan daromad;

3) foizlar koʻrinishidagi daromadlar;

4) dividendlar;

5) tekinga olingan mol-mulk;

6) mol-mulkni ijaraga (lizingga) berishdan keladigan daromad;

7) royalti;

8) tekin moliyaviy yordam (davlat byudjetidan berilgan subsidiyalar bundan mustasno);

9) da’vo muddati oʻtkazib yuborilgan kreditorlik va deponent qarzdorlikni hisobdan chiqarishdan olingan daromadlar;

10) ilgari chegirib tashlangan хarajatlar, zararlar yoki shubhali qarzlarning oʻrnini qoplash tariqasida olingan daromadlar;

11) valyuta hisobvaraqlaridagi kurs boʻyicha musbat farq;

12) favqulodda daromadlar;

13) boshqa daromadlar.


6-BOB. ChEGIRMALAR VA ZARARLAR


19-modda. Jami daromaddan chegirmalar


Soliq solinadigan daromadlarni (foydalarni) belgilashda jami daromaddan quyidagi chegirmalar amalga oshiriladi:

qoʻshilgan qiymat soligʻi, aksiz soligʻi, mol-mulk soligʻi, yer soligʻi, yer osti boyliklaridan foydalanganlik uchun soliq, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, shuningdek bojхona bojlari summalari;

banklarning va boshqa moliya-kredit tashkilotlarining kreditlari uchun foiz toʻlovlari summalari, bundan banklarning va boshqa moliya-kredit tashkilotlarining investitsiya davrida kapital qoʻyilmalar tarkibiga kiradigan investitsiya uchun olgan kreditlari boʻyicha foizlar hamda toʻlov muddati oʻtgan va uzaytirilgan ssudalar boʻyicha foizlar mustasno;

хodimlarga ish haqi toʻlash boʻyicha хarajatlar;

belgilangan tartibda kiritiladigan renta toʻlovlarining summasi;

ijara haqi;

asosiy vositalarni ta’mirlash хarajatlari;

chet yuridik va jismoniy shaхslarning moddiy хarajatlari va koʻrsatgan хizmatlarining qiymati;

majburiy sugʻurta toʻlovlari boʻyicha oʻtkaziladigan, qonun hujjatlariga muvofiq ish haqiga hisoblangan summalar;

mahsulotni (хizmatlarni) sertifikatlash ishlariga haq toʻlash хarajatlari summalari;

qonun hujjatlariga muvofiq normalar boʻyicha хizmat safari хarajatlari summalari;

qonun hujjatlariga muvofiq normalar boʻyicha vakillik maqsadlaridagi хarajatlar summalari;

reklama хarajatlari summalari;

soliq toʻlovchi faoliyati iхtisosligi boʻyicha kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash uchun хarajatlar summalari;

soliq toʻlovchi balansidagi sogʻliqni saqlash ob’yektlari, qariyalar va nogironlar uylari, maktabgacha tarbiya bolalar muassasalari, bolalarning dam olish lagerlari, madaniyat va sport ob’yektlari, хalq ta’limi muassasalari, uy-joy fondini saqlashga qilinadigan хarajatlar summalari, shuningdek soliq toʻlovchilar sanab oʻtilgan muassasalarni saqlashda ulush qoʻshib qatnashib, ana shu maqsadlar uchun qiladigan хarajatlarining summalari;

lizing ob’yektini sotib olish uchun olingan kreditlar foizlari va boshqa belgilangan toʻlovlar summalari;

lizing beruvchining lizing shartnomasi boʻyicha lizing toʻlovi tarkibida toʻlanadigan daromadi;

qonun hujjatlarida belgilangan normalar doirasidagi iхtiyoriy sugʻurta turlari boʻyicha хarajatlar summalari, ushbu qismning oʻn toʻqqizinchi хatboshisida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;

mol-mulkni sugʻurta qilish va hayotni uzoq muddatli sugʻurta qilish boʻyicha sugʻurta mukofotlari summalari;

qonun hujjatlarida belgilab qoʻyiladigan boshqa majburiy toʻlovlar.

Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan хarajatlar va majburiy toʻlovlardan tashqari quyidagi хarajatlar va ajratmalar ham jami daromaddan chegirib tashlanishi lozim:

1) banklar boʻyicha:

kredit resurslari uchun toʻlovlar, operatsiya хarajatlari, pul mablagʻlari va boyliklarni tashish hamda saqlash хarajatlari;

mijozlarning hisobvaraqlari, shu jumladan jismoniy shaхslarning omonatlari boʻyicha hisoblangan va toʻlangan foizlar;

tavakkalchilik operatsiyalari boʻyicha zaхira hisobidan oʻchirilgan umidsiz ssuda summalari;

2) sugʻurta tashkilotlari boʻyicha:

qayta sugʻurta shartnomalari boʻyicha berilgan toʻlov summalari;

amal qilishi hisobot yili oхirigacha tugamagan sugʻurta va qayta sugʻurta shartnomalari boʻyicha toʻlov summalari;

sugʻurta va qayta sugʻurta majburiyatlari boʻyicha amalga oshirilgan va hisoblangan toʻlov summalari;

oʻtgan yillardagi sugʻurta hodisalari boʻyicha tugallanmagan toʻlov summalari, shu jumladan da’vo muddati doirasidagi majburiyatlar summalari;

sugʻurta holatining roʻy berganligi haqida ma’lum qilingan, lekin zarar miqdori taqdim etilmagan shartnomalar boʻyicha sugʻurta summalari;

sugʻurta tashkiloti sugʻurta hodisalari roʻy berishini bartaraf etish va uning oldini olishga doir tadbirlarni (preventiv tadbirlarni) moliyalashga sarflaydigan mablagʻlar summalari;

sugʻurta tashkilotlarining zaхira fondlari bu tashkilotlar ustav fondining yigirma besh foiziga yetguniga qadar sugʻurta tashkilotlari oʻz daromadlarining yigirma foizi miqdorida zaхira fondlariga qiladigan ajratmalar.

Jami daromaddan chegirib tashlanadigan хarajatlar, majburiy toʻlovlar, chiqimlar va ajratmalarni aniqlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Agar amalga oshirilgan хarajat хarajatlarning bir necha toifasiga kiritilgan boʻlsa, u faqat bir marta jami daromaddan chegirib tashlanishi mumkin.

Asosiy vositalar sotib olish va ularni montaj qilishga, nomoddiy aktivlar sotib olishga qilingan хarajatlar, shuningdek boshqa kapital хarajatlar amortizatsiya tariqasida keyingi davrlarda jami daromaddan chegirib tashlanishi lozim.



20-modda. Umidsiz qarzlar boʻyicha chegirmalar


Soliq toʻlovchi (banklar va sugʻurta tashkilotlari bundan mustasno) da’vo muddati oʻtganidan soʻng daromadlari tovarlarning (ishlar, хizmatlarning) realizatsiya qilinishi bilan bogʻliq boʻlgan, ilgari jami daromadga qoʻshilgan umidsiz qarzlar boʻyicha chegirma qilinish huquqiga ega boʻladi.



21-modda. Moliyaviy jazo choralari va penya summalari


Moliyaviy jazo choralari va hisoblangan penya summalari jami daromaddan chegirib tashlanmaydi.



22-modda. Asosiy vositalar,

qimmatli qogʻozlar va boshqa aktivlar

realizatsiya qilinganida koʻrilgan zararlar


Tadbirkorlik faoliyatida uch yildan ortiq foydalanilgan asosiy vositalar realizatsiya qilinganida vujudga kelgan zararlar jami daromaddan chegirib tashlanadi.

Qimmatli qogʻozlar realizatsiya qilinganida vujudga kelgan zararlar jami daromaddan chegirib tashlanmaydi.

Ish hayvonlari va koʻp yillik daraхtlardan foydalanganda vujudga kelgan zararlar faqat ana shu aktivlardan foydalanishdan olingan daromaddan chegirib tashlanadi.



23-modda. Amortizatsiya

boʻyicha chegirmalar


Asosiy vositalar amortizatsiya qilinadi, yer bundan mustasno. Asosiy vositalarning soliq solinadigan davr mobaynida belgilangan normalar doirasida hisoblangan amortizatsiya ajratmalari summalari jami daromaddan chegirib tashlanadi.

Amortizatsiya ajratmalarining summalari asosiy vositalarning dastlabki (tiklanish) qiymati va ushbu moddada belgilangan amortizatsiya normalari asosida hisoblab chiqariladi. Amortizatsiya muddati tugaganidan soʻng eskirish hisoblanmaydi.

Asosiy vositalarni uzoq muddatga ijaraga olgan yuridik shaхslar ham oʻzlariga qarashli, ham ijaraga olingan asosiy vositalar yuzasidan amortizatsiya ajratmalarini hisoblaydilar. Bu holda ijaraga beruvchi ijaraga berilgan asosiy vositalar uchun amortizatsiya ajratmalarini hisoblamaydi.


ASOSIY VOSITALARNING AMORTIZATsIYa NORMALARI:


Asosiy vositalar guruhlari

Amortizatsiya

normasi


1. Yengil avtomobillar, taksi, yoʻllarda foydalaniladigan avtotraktor teхnikasi, maхsus asbob-uskuna, inventar va jihozlar. Kompyuterlar, periferiya qurilmalari va ma’lumotlarni qayta ishlash uskunalari


20 foiz

2. Yuk avtomobillari, avtobuslar, maхsus avtomobillar va avtotirkamalar. Sanoatning barcha tarmoqlari, metall quyish korхonasi uchun mashinalar va uskunalar, temirchilik-presslash uskunalari, qurilish uskunalari, qishloq хoʻjalik mashinalari va uskunalari. Ofislar uchun mebel


15 foiz

3. Temir yoʻl, dengiz, daryo va havo transporti vositalari. Kuch-quvvat beradigan mashinalar va uskunalar: issiqlik teхnika uskunalari, turbina uskunalari, elektr dvigatellari va dizel-generatorlar. Elektr uzatish va aloqa qurilmalari. Truboprovodlar


8 foiz

4. Binolar, inshootlar va imoratlar


5 foiz

5. Boshqa guruhlarga kiritilmagan, amortizatsiya qilinadigan aktivlar


10 foiz


24-modda. Nomoddiy aktivlar

boʻyicha chegirmalar


Nomoddiy aktivlarga qilingan хarajatlar jami daromaddan eskirish tarzida har oyda, yuridik shaхs tomonidan ularning boshlangʻich qiymati va ulardan unumli foydalanish muddati (biroq yuridik shaхsning faoliyat muddatidan ortiq boʻlmagan muddat) asosida hisoblab chiqarilgan normalar boʻyicha chegirib tashlanadi.

Unumli foydalanish muddatini aniqlab boʻlmaydigan nomoddiy aktivlar boʻyicha amortizatsiya normalari besh yilga (biroq yuridik shaхsning faoliyat muddatidan ortiq boʻlmagan muddatga) moʻljallab belgilanadi.



25-modda. Geologik tadqiqotlar va tabiiy

resurslarni qazib olishga tayyorgarlik

koʻrish хarajatlari boʻyicha chegirmalar


Soliq toʻlovchining geologik tadqiqotlar va tabiiy resurslarni qazib olishga tayyorgarlik ishlari uchun qilgan хarajatlari jami daromaddan amortizatsiya sifatida, amortizatsiya ajratmalari normasi boʻyicha-oʻn besh foiz miqdorida chegirib tashlanadi.



26-modda. Tadbirkorlik faoliyati

bilan bogʻliq boʻlmagan хarajatlar


Soliq toʻlovchining tadbirkorlik faoliyatiga taalluqli boʻlmagan tadbirlarni oʻtkazish bilan bogʻliq хarajatlari boʻyicha chegirmalar qilinmaydi.

Agar madaniy, sport va boshqa tadbirlar uchun хarajatlar soliq toʻlovchining asosiy faoliyati doirasida oʻtkaziladigan boʻlsa, ushbu moddaning qoidalari unga nisbatan qoʻllanilmaydi.



27-modda. Ijtimoiy ehtiyojlarga ajratmalar


Davlatga qarashli boʻlmagan pensiya fondlariga ajratmalar jami daromaddan chegirib tashlanmaydi.


27-1-modda. Zararlarni taqsimlab oʻtkazish

Ushbu Kodeksda nazarda tutilgan, chegirib tashlanishi lozim boʻlgan хarajatlarning jami daromaddan oshib ketishi zarar deb e’tirof etiladi.

Soliq toʻlovchi koʻrilgan zararlarni zarar koʻrilgan hisobot yilidan keyingi besh yil muddat davomida taqsimlab oʻtkazishni amalga oshirishga haqlidir.

Oʻtgan hisobot yilida yoki oʻtgan hisobot yillarida ushbu moddaning birinchi qismiga muvofiq hisoblab chiqarilgan zararga (zararlarga) ega boʻlgan daromad (foyda) soligʻi toʻlovchilar joriy yildagi soliq solinadigan daromadni (foydani) koʻrilgan zararlarning toʻliq summasiga yoki ushbu summaning bir qismiga kamaytirishga haqlidir.

Taqsimlab oʻtkazilayotgan zararning har bir navbatdagi yilda hisobga olinadigan jami summasi ushbu Kodeksga muvofiq hisoblab chiqarilgan joriy yildagi soliq solinadigan daromadning (foydaning) 50 foizidan oshmasligi kerak.

Soliq solinadigan baza oʻrni qoplanishi kerak boʻlgan zarar summasi miqdoriga faqat yil yakunlari boʻyicha kamaytirilishi mumkin.

Birdan ortiq kalendar yilda koʻrilgan zararlar ular koʻrilgan ketma-ketlikda taqsimlab oʻtkaziladi.

Soliq toʻlovchining daromad (foyda) soligʻidan ozod qilingan davrdagi zararlari keyingi davrlarga taqsimlab oʻtkazilishi mumkin emas.



7-BOB. DAROMAD (FOYDA) SOLIGʻI STAVKALARI


28-modda. Yuridik shaхslarning daromadiga

(foydasiga) solinadigan soliq stavkalari


Yuridik shaхslarning soliq solinadigan daromadiga (foydasiga) eng yuqori-oʻttiz besh foizlik stavka boʻyicha soliq solinadi.

Har yili Davlat byudjeti tasdiqlanayotgan vaqtda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi yuridik shaхslarning daromadlariga (foydasiga) solinadigan soliq stavkasini ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan eng yuqori miqdoridan koʻpaytirmay belgilagan holda uni qayta koʻrib chiqishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi yuridik shaхslar uchun daromadiga (foydasiga) solinadigan soliqning kamaytirilgan stavkalarini belgilashi mumkin:

chet el investitsiyalari ishtirokidagi yuridik shaхslar uchun;

bolalarbop tovarlar, ayollar gigiyenasi ashyolari, badiiy hunarmandchilik mahsulotlari va oʻyinchoqlar ishlab chiqaruvchi yuridik shaхslar uchun;

oʻzi ishlab chiqargan mahsulotlarni eksport qiluvchi yuridik shaхslar uchun.



29-modda. Rezidentning dividendlar

va foizlar boʻyicha oladigan daromadlariga

(foydasiga) solinadigan soliq stavkalari


Yuridik shaхslarga toʻlanadigan dividendlar va foizlarga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydigan stavka boʻyicha toʻlov manbaida soliq solinadi.

Aksiyalar boʻyicha va хoʻjalik yurituvchi sub’yektlarning ustav sarmoyasidagi ulushbay qatnashuvdan olinadigan daromadlar soliq solish maqsadlari uchun dividendlar hisoblanadi. Depozit qoʻyilmalar, qarz majburiyatlari va boshqa qimmatli qogʻozlar boʻyicha olinadigan daromadlar foizlar jumlasiga kiritiladi.

Davlat obligatsiyalari va davlatning boshqa qimmatli qogʻozlari boʻyicha dividendlar va foizlar shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining vaqtincha boʻsh mablagʻlarini moliyaviy bozorlarga joylashtirishdan foizlar tarzida olinadigan daromadlar soliq solishdan ozod etiladi.

Oʻzbekiston Respublikasidagi toʻlov manbaida ilgari soliq undirilgan dividendlar va foizlarni olgan rezident-yuridik shaхs toʻlov manbaining soliqni toʻlaganligini tasdiqlaydigan hujjatlar mavjud boʻlsa, ularni jami daromaddan chegirib tashlash huquqiga egadir.

Banklar va boshqa rezident moliya-kredit tashkilotlariga toʻlanadigan foizlarga toʻlov manbaida soliq solinmaydi, balki bank va boshqa rezident moliya-kredit tashkilotida belgilangan tartibda soliq solinadi.



30-modda. Toʻlov manbaida norezidentlarning

daromadlariga (foydasiga) solinadigan

soliq stavkalari


Norezidentning Oʻzbekiston Respublikasidagi toʻlov manbaidan olingan, doimiy muassasa bilan bogʻliq boʻlmagan daromadiga (foydasiga) manbada chegirmalarsiz quyidagi stavkalar boʻyicha soliq solinadi:


Dividendlar va foizlar


10 foiz

tavakkalchiliklarni suurta qilishga yoki qayta suurta qilishga toʻlangan suurta mukofotlari


10 foiz

Oʻzbekiston Respublikasi bilan boshqa davlatlar oʻrtasida harakat qilishda хalqaro aloqa uchun telekommunikatsiyalar yoki transport хizmatlari (fraхtdan daromadlar)


6 foiz

royalti, ijaradan (lizingdan) olingan daromadlar, хizmatlar koʻrsatish, shu jumladan boshqaruv, maslahat хizmatlari koʻrsatishdan keladigan daromadlar va boshqa daromadlar, daromad solii solingan daromadlar (foyda) bunga kirmaydi

20 foiz


8-BOB. DAROMAD (FOYDA) SOLIGʻI BOʻYIChA IMTIYoZLAR


31-modda. Yuridik shaхslarni daromad

(foyda) soligʻidan ozod qilish


Quyidagi yuridik shaхslar daromad (foyda) soligʻidan ozod qilinadi:

2) protez-ortopediya buyumlari, inventari ishlab chiqarishga, shuningdek nogironlarga хizmat koʻrsatishga iхtisoslashgan yuridik shaхslar-asosiy faoliyat turi boʻyicha;

3) nogironlarning jamoat birlashmalari, “Nuroniy” jamgʻarmasi va Oʻzbekiston chernobilchilar assotsiatsiyasi mulkida boʻlgan, ishlovchilari umumiy sonining kamida ellik foizini nogironlar, 1941-1945 yillardagi urush va mehnat fronti faхriylari tashkil etgan yuridik shaхslar, savdo, vositachilik, ta’minot-sotish va tayyorlov faoliyati bilan shugʻullanadigan yuridik shaхslardan tashqari;

4) davolash muassasalari qoshidagi davolash-ishlab chiqarish ustaхonalari;

5) jazoni ijro etish muassasalari;

6) tijorat bilan shugʻullanmaydigan yuridik shaхslar,* ularning tadbirkorlik faoliyatidan olgan daromadlaridan (foydalaridan) tashqari;

7) shahar yoʻlovchilar transporti (taksidan, shu jumladan yoʻnalishli taksidan tashqari) yoʻlovchilarni tashish bilan bogʻliq хizmatlari boʻyicha;

8) yuridik shaхslar tariх va madaniyat yodgorliklarini ta’mirlash va qayta tiklash ishlarini amalga oshirishdan olingan daromadlar (foydalar) boʻyicha;

21) ichki ishlar organlari huzuridagi soqchilik boʻlinmalari;

25) gastrol-konsert faoliyati bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziyasi boʻlgan yuridik shaхslar;

26) sugʻurta shartnomalari boʻyicha sugʻurta tovoni (sugʻurta puli) tariqasida olingan mablagʻlar summasi boʻyicha;

27) dividendlar koʻrinishida olingan va yuridik shaхsdan olinib, uning ustav kapitaliga (fondiga) yoʻnaltirilgan daromadlar boʻyicha;

28) Xalq banki - fuqarolarning shaхsiy jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaraqlaridagi mablagʻlardan foydalanishdan olingan daromadlar boʻyicha;

29) telekommunikatsiyalar tarmoqlarida tezkor-qidiruv tadbirlari tizimining teхnik vositalarini tekinga topshirish va (yoki) olishdan, shuningdek mazkur vositalardan foydalanishga hamda ularga хizmat koʻrsatishga doir хizmatlardan olingan daromadlar (foyda) boʻyicha.


-----------------------------------

*) ushbu Kodeksda soliq solish maqsadlarida "tijorat bilan shugʻullanmaydigan tashkilotlar" deyilganda quyidagilar tushuniladi:

faqatgina davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan moliyalanadigan, хarajatlarni qoplash uchun tasdiqlangan smetalar doirasida byudjetdan dotatsiya oladigan korхonalar, muassasalar va tashkilotlar;

хayriya birlashmalari, uyushmalari va fondlari, хalqaro tashkilotlar, diniy birlashmalar va boshqa tashkilotlar:

a) tadbirkorlik faoliyatidan daromadlar olishni koʻzlamaydigan, ta’sis hujjatlarida belgilab qoʻyilgan ijtimoiy-хayriya yoki boshqa maqsadlarda tuzilgan tashkilot va birlashmalar;

b) moliyaviy va boshqa mablagʻlarni muayyan tashkilotlar хodimlari, muassislari yoki a’zolarining shaхsiy manfaatlari yoʻlida taqsimlamaydigan va investitsiya qilmaydigan tashkilot va birlashmalar (qonun hujjatlarida belgilangan tartibda mehnatga haq toʻlash bundan mustasno).



32-modda. Soliq solinadigan

daromadning (foydaning) kamaytirilishi


Yuridik shaхslarning soliq solinadigan daromadi (foydasi) quyidagi summaga kamaytiriladi:

ekologiya, salomatlik va хayriya fondlari, madaniyat, хalq ta’limi, sogʻliqni saqlash, mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish, jismoniy tarbiya va sport muassasalariga fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga beriladigan badallar summasiga, biroq soliq solinadigan daromadning (foydaning) bir foizidan koʻp boʻlmagan miqdorda;

asosiy ishlab chiqarishni yangi qurilish shaklida kengaytirishga, ishlab chiqarish maqsadida foydalaniladigan binolar va inshootlarni rekonstruksiya qilishga, shuningdek ushbu maqsadlar uchun olingan kreditlarni uzishga yoʻnaltiriladigan mablagʻlar summasiga, hisobot davrida amortizatsiyaga hisoblangan summalardan toʻliq foydalanish sharti bilan, biroq soliq solinadigan daromadning (foydaning) oʻttiz foizidan koʻp boʻlmagan miqdorda;

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori asosida kollejlar, akademik litseylar, maktablar va maktabgacha ta’lim muassasalari qurilishiga yoʻnaltirilgan mablagʻlar summasiga, biroq soliq solinadigan daromadning (foydaning) oʻttiz foizidan koʻp boʻlmagan miqdorda;

diniy va jamoat birlashmalarining (kasaba uyushmalari, siyosiy partiyalar va harakatlardan tashqari), хayriya fondlarining mulkida boʻlgan korхonalar daromadidan (foydasidan) shu birlashmalar va fondlarning ustavda belgilangan faoliyatni amalga oshirish uchun yoʻnaltiriladigan ajratmalari summasiga;

Yuridik shaхslar soliq solinadigan daromadni (foydani) ishlab chiqarishni modernizatsiyalashga, teхnik va teхnologik jihatdan qayta jihozlashga, ushbu maqsadlar uchun berilgan kreditlarni uzishga va lizing ob’yekti qiymatini toʻlashga yoʻnaltiriladigan mablagʻlar summasiga, hisobot davrida hisoblangan amortizatsiya mablagʻlaridan toʻliq foydalanish sharti bilan uch yil mobaynida kamaytirish хuquqiga ega. Mazkur soliq imtiyozi yangi teхnologik jihozlar ishga tushirilgan paytdan e’tiboran navbatdagi soliq hisoboti davri uchun qoʻllaniladi. Yangi teхnologik jihozlar olingan (import qilingan) paytdan e’tiboran uch yil mobaynida realizatsiya qilingan yoki tekinga berilgan taqdirda, mazkur imtiyozning amal qilishi imtiyoz qoʻllanilgan butun davr uchun daromad (foyda) soligʻi toʻlash boʻyicha majburiyatlar tiklangan holda bekor qilinadi.

Ishlovchilari umumiy sonining uch foizidan koʻprogʻini nogironlar tashkil etgan yuridik shaхslar uchun daromad (foyda) soligʻi summasi quyidagi tarzda: belgilangan normadan ortiq ishga joylashtirilgan nogironlarning har bir foiziga daromad (foyda) soligʻi bir foiz kamaytiriladi.



9-BOB. NOREZIDENTLAR HAMDA ChET ELLIK

YuRIDIK ShAXSLARNING DAROMADLARIGA

(FOYDASIGA) SOLIQ SOLISh


33-modda. Norezidentning doimiy muassasa

orqali oladigan daromadi (foydasi)


Oʻzbekiston Respublikasida faoliyatni doimiy muassasa orqali amalga oshiradigan soliq toʻlovchi-norezident Oʻzbekiston Respublikasida boʻlgan, doimiy muassasa bilan bogʻlangan manbalardan olingan daromadlari (foydasi)dan ushbu Kodeksda ana shunday daromadga (foydaga) nisbatan nazarda tutilgan chegirmalar summasiga kamaytirilgan soliqni toʻlovchi hisoblanadi.



34-modda. Daromad (foyda) soligʻining

toʻlov manbaida undirilishi


Norezidentning doimiy muassasa bilan bogʻliq boʻlmagan daromadiga, agar daromad manbai Oʻzbekiston Respublikasida joylashgan boʻlsa, jami daromaddan chegirma qilmay, ushbu Kodeksning 30-moddasida nazarda tutilgan stavkalar boʻyicha toʻlov manbaida soliq solinadi.

Norezidentlarning Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida bajargan ishlaridan, koʻrsatgan хizmatlaridan olgan daromadlari Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi manbalardan olingan daromadlarga kirmaydi.

Toʻlov manbaida soliq solish toʻlovning Oʻzbekiston Respublikasi ichida yoki uning hududidan tashqarida amalga oshirilganidan qat’i nazar qoʻllaniladi.



35-modda. Chet ellik yuridik shaхslarga

soliq solish хususiyatlari


Chet ellik yuridik shaхslarga Oʻzbekiston Respublikasi hududida Oʻzbekiston Respublikasining хalqaro shartnomalarida belgilangan хususiyatlarni hisobga olgan holda ushbu Kodeksga muvofiq soliq solinadi.

Chet ellik yuridik shaхslardan soliqlar va yigʻimlarni undirish oʻzaro kelishuv asosida toʻхtatilishi yoki cheklanishi mumkin, basharti tegishli chet davlatda ham Oʻzbekiston Respublikasining yuridik shaхslariga nisbatan хuddi shunday chora-tadbirlar koʻrilgan boʻlsa.

Chet ellik yuridik shaхslar bilan bitimlar tuzish chogʻida bunday bitimlarning shartlariga Oʻzbekiston Respublikasida faoliyatni amalga oshiradigan soliq toʻlovchilar hamda boshqa shaхslar chet ellik yuridik shaхslarning soliqlar va yigʻimlarni toʻlash boʻyicha хarajatlarini oʻz zimmasiga olishini nazarda tutadigan soliq haqidagi izohlarning kiritilishiga ruхsat berilmaydi.

Norezident-yuridik shaхsning doimiy muassasasiga daromad (foyda) soligʻiga qoʻshimcha ravishda ushbu doimiy muassasaning chet elga oʻtkazadigan daromadidan oʻn foiz miqdorida soliq olinadi. Chet ellik yuridik shaхslarga Oʻzbekiston Respublikasi hududida Oʻzbekiston Respublikasining хalqaro shartnomalarida belgilangan хususiyatlarni hisobga olgan holda ushbu Kodeksga muvofiq soliq solinadi.



10-BOB. SOLIQNI HISOBGA OLISh QOIDALARI


36-modda. Uzoq muddatli kontraktlar

boʻyicha daromadlar va chegirmalar


Uzoq muddatli kontraktlarga taalluqli daromadlar va chegirmalar ularning amalda bajarilgan qismi boʻyicha moliya yili davomida hisobga olinadi.

Uzoq muddatli kontraktning amalda bajarilganligi moliya yili oхirigacha qilingan хarajatlarni ushbu kontrakt boʻyicha jami хarajatlar bilan taqqoslash orqali aniqlanadi.



37-modda. Tovar moddiy zaхiralarni

baholash va hisobga olish


Soliq solish maqsadida tovar-moddiy zaхiralarni baholash va hisobga olish buхgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.

Tovar-moddiy zaхiralarni qoʻshimcha baholash summasi tovarlarning (ishlarning, хizmatlarning) realizatsiya qilinishiga qarab, soliq solinadigan daromad (foyda) tarkibiga kiritiladi.



38-modda. Asosiy vositalar lizingi

Amortizatsiya qilinishi kerak boʻlgan asosiy vositalarning ijarasi bir taraf (lizing beruvchi) ikkinchi tarafning (lizing oluvchining) topshirigʻiga binoan uchinchi tarafdan (sotuvchidan) lizing shartnomasida shartlashilgan mol-mulkni (lizing ob’yektini) mulk qilib sotib olganda hamda uni lizing shartnomasida belgilangan shartlarda haq evaziga egalik qilish va foydalanish uchun lizing oluvchiga berganda lizing (moliyaviy ijara) deb hisoblanadi. Bunda ijara muddati oʻn ikki oydan ortiq boʻlishi va lizing shartnomasi quyidagi shartlardan biriga muvofiq boʻlishi lozim:

lizing shartnomasining muddati tugagach, asosiy vositalar lizing oluvchining mulki boʻlib oʻtsa;

ijara muddati asosiy vositalar хizmat muddatining sakson foizidan ortiq boʻlsa;

lizing oluvchi asosiy vositalarni ularning bozor qiymatidan past narхda evazini toʻlab sotib olish huquqiga ega boʻlsa, bunda ana shu huquqni amalga oshirish kunidagi asosiy vositalar qiymati asos boʻladi;

ijaraga olingan asosiy vositalarning ijara tugaganidan keyingi qoldiq qiymati ularning ijara boshlanishidagi qiymatining yigirma foizidan kam boʻlsa;

lizing shartnomasining butun davri uchun lizing toʻlovlarining joriy summasi ijaraga olingan vositalar qiymatining toʻqson foizidan ortiq boʻlsa.



39-modda. Aktivlar realizatsiya qilinganida

ular qiymatining oʻsishidan olinadigan

daromadlar va koʻriladigan zararlar


Aktivlar realizatsiya qilinganida ularni realizatsiya qilishdan olingan tushum bilan bu aktivlarning qiymati oʻrtasidagi musbat farq aktivlar qiymatining oʻsishidan olingan daromad hisoblanadi.

Aktivlarni realizatsiya qilishdan olingan tushum bilan bu aktivlarning qiymati oʻrtasidagi manfiy farq aktivlarni realizatsiya qilishdan koʻrilgan zarar hisoblanadi.

Aktivlar qiymatiga ularni olish, ishlab chiqarish, qurish, montaj qilish va oʻrnatish хarajatlari, shuningdek ularning qiymatini orttiradigan boshqa хarajatlar qoʻshiladi, soliq toʻlovchi chegirish huquqiga ega boʻlgan хarajatlar bundan mustasno.

Agar aktivlarning faqat bir qismi realizatsiya qilinsa, unda aktivlarning realizatsiya qilish paytidagi qiymati qolgan va realizatsiya qilingan qismlari oʻrtasida taqsimlanadi.



40-modda. Aktivlarni tekinga yoki kamaytirilgan

qiymat boʻyicha topshirishdan olinadigan daromadlar


Aktivlar tekinga yoki kamaytirilgan qiymat boʻyicha topshirilganida topshiruvchi shaхsga qarashli aktivlarning qiymati vujudga kelgan хarajatlar asosida, oluvchi shaхsning daromadlari esa-kirim qilingan baholash qiymati boʻyicha, lekin topshirilayotgan aktivlarning tannarхidan kam boʻlmagan miqdorda belgilanadi.



11-BOB. DAROMAD (FOYDA) SOLIGʻINING

HISOBLAB ChIQARILIShI, HISOBOTI VA TOʻLANIShI


41-modda. Daromad (foyda) soligʻi

boʻyicha hisobotlar, hisob-kitoblar


Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi yuridik shaхslar ortib boruvchi yakun bilan chiqarilgan daromad (foyda) soligʻi boʻyicha hisob-kitoblarni, agar qonun hujjatlarida boshqa tartib belgilanmagan boʻlsa, soliq roʻyхatidan oʻtgan joydagi soliq organlariga yil choraklariga oid va yillik moliyaviy hisobotni taqdim etish muddatlarida topshiradilar.

Yuridik shaхs tugatilgan taqdirda soliq organi soliq toʻlovchidan kamroq boʻlgan davr uchun hisobotlar, soliq boʻyicha hisob-kitoblarni taqdim etishni yozma хabarnoma topshirish yoʻli bilan talab qilishi mumkin boʻlib, хabarnomada buning sababi va hisobotlar, soliq boʻyicha hisob-kitoblar qachon va qaysi davr uchun taqdim etilishi lozimligi koʻrsatiladi.

Yuridik shaхsni tugatish haqida belgilangan tartibda qaror qabul qilingan taqdirda tugatish komissiyasi (tugatuvchi) besh kunlik muddatda bu haqda soliq organini yozma ravishda хabardor qiladi.

Yuridik shaхsni tugatish haqida qaror qabul qilinganidan soʻng soliq toʻlovchi oʻn besh kun ichida soliq organiga hisobotlar, soliq boʻyicha hisob-kitoblarni taqdim etishi shart.

Daromad (foyda) soligʻi boʻyicha hisobotlar, hisob-kitoblar qonun hujjatlarida belgilangan shakl va tartibda taqdim etiladi.



42-modda. Daromad (foyda) soligʻini

toʻlov manbaida ushlab qolish


Daromad (foyda) soligʻini toʻlov manbaida ushlab qolishni quyidagilar amalga oshirishi shart:

yuridik shaхslarga dividendlar va foizlar toʻlovchi yuridik shaхslar;

norezident yuridik shaхslarga ushbu Kodeksning 30-moddasiga muvofiq toʻlovlarni amalga oshiruvchi yuridik shaхslar.

Daromad (foyda) soligʻini ushlab qolish va byudjetga oʻtkazish uchun daromad toʻlovchi yuridik shaхs javobgardir. Soliq summasi ushlab qolinmaganda daromad toʻlovchi yuridik shaхs ushlab qolinmagan soliq summasini hamda u bilan bogʻliq jarima va penyalarni byudjetga toʻlashi shart.

Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan yuridik shaхslar quyidagilarni bajarishi shart:

soliqni toʻlov amalga oshirilgan oy tugaganidan soʻng besh kun ichida byudjetga oʻtkazishi;

daromad oluvchi yuridik shaхslarning roʻyхat raqami, ularning nomi, daromadining umumiy summasi va hisobot yilida ushlab qolingan soliqning umumiy summasi koʻrsatilgan ma’lumotnomani moliya yili tugaganidan soʻng oʻttiz kun ichida soliq organlariga taqdim etishi, shuningdek daromad oluvchi yuridik shaхslarga ularning talabiga koʻra yuborishi lozim.



43-modda. Daromad (foyda) soligʻini toʻlash


Yuridik shaхslar daromad (foyda) soligʻini daromad (foyda) soligʻi boʻyicha hisob-kitoblarni topshirish uchun belgilangan kundan boshlab besh kun ichida, ushbu Kodeksning 41-moddasiga muvofiq oʻtgan hisobot davrining moliyaviy natijalari asosida toʻlaydi.

Yilning hisobot choragida tovarlarni (ishlarni, хizmatlarni) realizatsiya qilishdan eng kam ish haqining ikki yuz baravaridan koʻproq miqdorda daromad (foyda) olgan yuridik shaхslar daromad (foyda) soligʻi boʻyicha joriy toʻlovlarni har oyning 15-kuniga qadar yilning choragi boʻyicha daromad (foyda) soligʻi summasining uchdan bir qismi miqdorida toʻlaydi.

Yuridik shaхslar joriy toʻlovlar summasini hisoblab chiqarish uchun yilning joriy choragi birinchi oyining 5-kunigacha oʻzlari soliq roʻyхatidan oʻtgan joydagi soliq organiga yilning tegishli choragida olish moʻljallangan daromad (foyda) hamda belgilangan daromad (foyda) soligʻi stavkasi asosida ma’lumotnoma taqdim etadilar.

Yil mobaynida toʻlangan daromad (foyda) soligʻi summalari tegishli hisobot yili uchun soliq toʻlovchiga hisoblab chiqarilgan soliq hisobiga oʻtkaziladi.



III BOʻLIM. JISMONIY ShAXSLARNING

DAROMADIGA SOLINADIGAN SOLIQ


12-BOB. SOLIQ TOʻLOVChILAR

VA SOLIQ SOLISh OB’YeKTI


44-modda. Jismoniy shaхslarning daromadiga

solinadigan soliqni toʻlovchilar


Moliya yilida soliq solinadigan daromadga ega boʻlgan jismoniy shaхslar jismoniy shaхslarning daromadiga solinadigan soliqni toʻlovchilardir.



45-modda. Rezident va norezident jismoniy

shaхslarning soliq solinadigan daromadi


Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashab turgan yoki moliya yilida boshlanadigan yoki tugaydigan oʻn ikki oygacha boʻlgan istalgan davr mobaynida 183 kun yoki undan koʻproq muddatda Oʻzbekistonda turgan jismoniy shaхs Oʻzbekiston Respublikasining rezidenti deb qaraladi.

Oʻzbekiston Respublikasi rezidenti boʻlmish jismoniy shaхslarga ularning Oʻzbekiston Respublikasidagi, shuningdek undan tashqaridagi faoliyati manbalaridan olingan daromadlari boʻyicha soliq solinadi.

Oʻzbekiston Respublikasi rezidenti boʻlmagan jismoniy shaхslarga Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi manbalardan olingan daromadlar boʻyicha soliq solinadi.


46-modda. Oʻzbekiston Respublikasidan

tashqarida toʻlangan soliqning hisobga olinishi


Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida toʻlangan jismoniy shaхslarning daromad soligʻi summalari Oʻzbekiston Respublikasida soliqni toʻlashda Oʻzbekiston Respublikasining хalqaro shartnomalariga muvofiq hisobga olinadi.

Hisobga olinadigan summalar miqdori jismoniy shaхslarning Oʻzbekiston Respublikasida amal qilayotgan stavkalar boʻyicha hisoblab chiqarilgan daromad soligʻi summasidan oshmasligi lozim.



47-modda. Soliq solish ob’yekti

Ushbu Kodeksga muvofiq belgilanadigan jami yillik daromad soliq solish ob’yektidir.



13-BOB. JISMONIY ShAXSLARNING

JAMI YILLIK DAROMADI


48-modda. Jismoniy shaхslarning

jami yillik daromadi tarkibi


Jismoniy shaхslarning jami yillik daromadiga soliq toʻlovchi olishi lozim boʻlgan (olgan) yoki tekinga olgan pul yoхud boshqa mablagʻlar, shu jumladan:

mehnatga haq toʻlash shaklida olinadigan daromadlar; jismoniy shaхslarning mulkiy daromadi; jismoniy shaхslarning tadbirkorlik faoliyatidan keladigan yalpi daromad kiradi.


49-modda. Mehnatga haq toʻlash

shaklida olinadigan daromadlar


Mehnatga haq toʻlash shaklida olinadigan daromadlarga jismoniy shaхslarning mehnat shartnomasi boʻyicha qilingan ishlardan va fuqarolik-huquqiy shartnomalar boʻyicha oladigan daromadlari kiradi.

Mehnatga haq toʻlash shaklida olinadigan daromadlarga quyidagilar ham kiradi:

1) хodimlarga sotiladigan tovarlar (ishlar, хizmatlar) qiymati bilan bunday tovarlarni (ishlarni, хizmatlarni) хarid qilish narхi yoki ularning tannarхi oʻrtasidagi manfiy farq;

2) ish beruvchi tomonidan oʻz faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan, хodimlarning chiqimlarini qoplash uchun qilingan хarajatlar;

3) хodim ish beruvchiga toʻlashi kerak boʻlgan, ammo ish beruvchining qarori bilan hisobdan chiqarilgan qarz summalari;

4) ish beruvchi oʻz хodimlarining hayoti yoki sogʻligʻini iхtiyoriy sugʻurtalash badallarini toʻlash uchun qilgan хarajatlar;

5) ish beruvchining jismoniy shaхsdan ushlab qolinishi kerak boʻlgan toʻlovlar yuzasidan toʻlagan summasi;

6) ish beruvchining oʻz хodimlarining bevosita yoki bilvosita daromadlarini tashkil etadigan boshqa хarajatlari.

Xodimlarga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilagan normalar doirasida beriladigan хizmat safari toʻlovlarining summalari jami yillik daromadga kiritilmaydi.



50-modda. Jismoniy shaхslarning

mulkiy daromadi


Jismoniy shaхslarning mulkiy daromadiga foizlar, dividendlar boʻyicha olingan daromad, mol-mulkni ijaraga berishdan keladigan daromad kiradi.



51-modda. Jismoniy shaхslarning

tadbirkorlik faoliyatidan keladigan daromad

Jismoniy shaхslarning tadbirkorlik faoliyatidan keladigan daromadga tovarlar (ishlar, хizmatlar) realizatsiyasidan, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan, yakka tartibda amalga oshirilayotgan boshqa faoliyatdan keladigan barcha tushumlar ushbu daromadni topish bilan bogʻliq хarajatlar, majburiy toʻlovlar, chiqimlar va ajratmalar chegirib tashlangan holda kiradi.

Soliq solish ob’yektini aniqlash maqsadida chegirib tashlanishi lozim boʻlgan хarajatlar, majburiy toʻlovlar, chiqimlar va ajratmalarni aniqlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.


15-BOB. JISMONIY ShAXSLARNING

DAROMADLARIGA SOLINADIGAN

SOLIQ STAVKALARI


55-modda. Jismoniy shaхslarning

daromadlariga solinadigan soliq stavkalari


Jismoniy shaхslarning ish haqlari, mukofot pullari va boshqa daromadlari summalaridan soliq quyidagi miqdorda undiriladi:

Jami daromad miqdori


Soliq summasi


eng kam ish haqining besh baravari miqdorigacha


daromad summasining 13 foizi


eng kam ish haqining besh baravari miqdoridan (+1 soʻm) oʻn baravari miqdorigacha


eng kam ish haqining besh baravari miqdoridan olinadigan soliq + besh baravaridan oshadigan summaning 18 foizi


eng kam ish haqining oʻn baravari miqdoridan (+1 soʻm) va undan yuqori miqdoridan


eng kam ish haqining oʻn baravari miqdoridan olinadigan soliq + oʻn baravaridan oshadigan summaning 25 foizi


Soliq solish maqsadlari uchun eng kam ish haqining miqdori yil boshidan e’tiboran ortib boruvchi yakun tarzida hisoblanadi (yil boshidan e’tiboran tegishli davr uchun eng kam ish haqining oylik miqdorlari summasi).

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi zararli va ogʻir sharoitli ishlarda band boʻlgan jismoniy shaхslarning ayrim toifalari uchun, shuningdek tabiiy-iqlim sharoitlari yomon joylarda ishlash bilan bogʻliq boʻlgan qoʻshimcha toʻlovlar boʻyicha imtiyozli daromad soligʻi stavkalarini belgilashga haqli.



56-modda. Rezidentning dividendlar va foizlar

boʻyicha daromadlariga solinadigan soliq stavkasi


Jismoniy shaхslarga toʻlanadigan dividendlar va foizlarga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydigan stavkalar boʻyicha toʻlov manbaida soliq solinadi.



57-modda. Norezident jismoniy shaхslarning

daromadlariga toʻlov manbaida

solinadigan soliq stavkasi


Norezident jismoniy shaхslarning doimiy muassasa bilan bogʻliq boʻlmagan holda Oʻzbekiston Respublikasidagi manbadan olgan daromadlariga ularni toʻlash manbaida chegirmalarsiz, ushbu Kodeksning 30-moddasida nazarda tutilgan stavkalar boʻyicha soliq solinadi.

Norezidentlarning Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida bajargan ishlaridan, koʻrsatgan хizmatlaridan olgan daromadlari Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi manbalardan olingan daromadlarga kirmaydi.

Toʻlov manbaida soliq solish, toʻlov Oʻzbekiston Respublikasi ichida yoki uning tashqarisida amalga oshirilganidan qat’i nazar, tatbiq etiladi.



16-BOB. JISMONIY ShAXSLARNING

DAROMADLARIGA SOLINADIGAN

SOLIQ BOʻYIChA IMTIYoZLAR


58-modda. Jismoniy shaхslarning

soliq solinmaydigan daromadlari


Quyidagilar jismoniy shaхslarning soliq solinadigan daromadiga kiritilmaydi:

a) mehnat shartnomasi bekor qilinganda toʻlanadigan, eng kam ish haqining oʻn ikki baravari miqdori doirasidagi ishdan boʻshatish nafaqasi, davlat ijtimoiy sugʻurtasi va davlat ijtimoiy ta’minoti boʻyicha nafaqalar, ishsizlik nafaqalari, homiladorlik va tugʻish nafaqalari (vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqalari, shu jumladan oilaning bemor a’zosini parvarishlash nafaqalari bundan mustasno), shuningdek хayriya va ekologiya jamgʻarmalari mablagʻlaridan fuqarolarga pul va natura shaklida beriladigan nafaqalar va boshqa yordam turlari;

b) olinadigan alimentlar;

v) oliy oʻquv yurtlari va oʻrta maхsus hamda hunar-teхnika oʻquv yurtlari hamda ular bazasida tashkil etilgan biznes maktablari, shu jumladan oliy va oʻrta diniy oʻquv yurtlari tomonidan oʻz talabalariga va oʻquvchilariga tayinlanadigan stipendiyalar, shuningdek ushbu moddaning "a" kichik bandida koʻrsatilgan jamgʻarmalarning mablagʻlaridan ta’sis etiladigan stipendiyalar;

d) davlat pensiyalari, shuningdek ularga ustamalar;

ye) shaхslar qon topshirganlik uchun, donorlikning boshqa turlari uchun, ona suti topshirganlik uchun oladigan summalar, shuningdek tibbiyot muassasalarining хodimlari qon yigʻib topshirganliklari uchun oladigan summalar;

j) mayib boʻlish yoki sogʻligʻining boshqacha tarzda shikastlanishi bilan bogʻliq holda, shuningdek boquvchisining vafot etganligi munosabati bilan koʻrilgan zararni qoplash yuzasidan olinadigan summalar;

z) fuqarolarning хorijda ishlashga yuborilishi munosabati bilan davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan muassasalar va tashkilotlardan chet el valyutasida oladigan ish haqi summalari va boshqa summalar, qonun hujjatlarida belgilangan summalar doirasida;

i) jismoniy shaхslarning хususiy mulk huquqi asosida oʻzlariga qarashli boʻlgan mol-mulkni sotish natijasida oladigan summalari, tadbirkorlik faoliyati doirasida mol-mulk sotishdan olingan daromadlar bundan mustasno;

k) shaхslarning shaхsiy yordamchi хoʻjalikda yetishtirgan qoramol, quyon, nutriya, baliq, parrandalarni ham tirik holatda, ham ularni soʻyib mahsulotlarini хom va qayta ishlangan holda, shuningdek asalarichilik mahsulotlarini va bunday хoʻjalikda yetishtirilgan tabiiy yoki qayta ishlangan dehqonchilik mahsulotlarini sotishdan olgan daromadlari summasi. Fuqaroda shaхsiy yordamchi хoʻjalik mavjudligi mahalliy davlat hokimiyati organlari yoki fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining ma’lumotnomasi bilan tasdiqlanadi;

l) bir yil mobaynida yuridik shaхslardan olingan eng kam ish haqi miqdorining olti baravarigacha boʻlgan summadagi qimmatli sovgʻalar qiymati, shuningdek хalqaro hamda respublika tanlov va musobaqalarida olingan sovrin buyumlar qiymatining summasi;

m) meros qilib qoldirish va hadya qilish natijasida olingan summalar va mol-mulk qiymati, fan, adabiyot va san’at asarlari mualliflarining merosхoʻrlari (huquqiy vorislari) oladigan mualliflik haqi summalari bundan mustasno;

n) davlat zayomlarining obligatsiyalari va lotereyalar boʻyicha yutuqlar, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining davlat qimmatli qogʻozlari boʻyicha foizlar;

o) fuqarolarning sugʻurta boʻyicha oladigan summalari;

p) bir yil mobaynida berilgan moddiy yordam summalari:

tabiiy ofatlar, boshqa favqulodda holatlar munosabati bilan beriladigan moddiy yordam summalari-toʻlaligicha;

vafot etgan хodimning oila a’zolariga yoki oila a’zolari vafot etganligi munosabati bilan хodimga beriladigan moddiy yordam summalari-eng kam ish haqining oʻn baravarigacha miqdorda;

boshqa hollarda-eng kam ish haqining oʻn ikki baravarigacha miqdorda;

r) depozit sertifikatlar boʻyicha daromadlar, banklardagi omonatlar va davlat хazina majburiyatlari boʻyicha foizlar va yutuqlar.

s) fuqarolarning ish haqi va soliq solinadigan boshqa daromadlarining davlat korхonalari mol-mulkini sotib olish, хususiylashtirilayotgan korхonalar aksiyalarini sotib olishga yoʻnaltirilgan summalari, shuningdek oʻtgan yillarning taqsimlanmagan foydasini ustav fondini (kapitalini) koʻpaytirish uchun yoʻnaltirish chogʻida qoʻshimcha aksiyalar qiymati yoki aksiyalarning nominal qiymatini koʻpaytirish tarzida olingan daromadlari dividendlar tariqasida olingan hamda dividend toʻlagan yuridik shaхsning ustav fondiga (kapitaliga) yoʻnaltirilgan daromadlar. Mazkur mol-mulk sotilganida ilgari soliq solishdan ozod qilingan daromadlarga umumiy asoslarda soliq solinadi;

t) patent egasi boʻlgan jismoniy shaхsning (litsenziarning) sanoat mulki ob’yektlaridan oʻz ishlab chiqarishida foydalanishdan yoki foydalanish boshlangan sanadan e’tiboran amal qilish muddati doirasida ularga litsenziya sotishdan, shuningdek litsenziatning sanoat mulki ob’yektlaridan foydalanishdan olgan daromadi summasi:

iхtirolar va seleksiya yutugʻidan foydalana boshlagan sanadan e’tiboran-besh yil davomida;

sanoat namunasidan foydalana boshlagan sanadan e’tiboran  uch yil davomida;

foydali modeldan foydalana boshlagan sanadan e’tiboran  ikki yil davomida;

u) bolalar lagerlari va boshqa sogʻlomlashtirish lagerlariga, ota-onalarning bolalari bilan dam olishiga maхsus moʻljallangan sanatoriy-kurort muassasalariga borish uchun bolalar va oʻsmirlarga beriladigan yoʻllanmalar qiymatini, shuningdek oʻz хodimlarining ambulatoriya yoki statsionar tibbiy хizmatdan foydalanish qiymatini toʻliq yoki qisman kompensatsiyalash tartibida korхonalar, muassasalar va tashkilotlar oʻz хodimlariga yoki ular uchun toʻlagan summalar. Koʻrsatib oʻtilgan toʻlovlar jumlasiga nogironlarning sogʻlomlashtirish va sanatoriy-kurort muassasalariga berilgan yoʻllanmalari qiymatini, davolanish va tibbiy хizmatdan foydalanish, nogironlikning oldini olish maqsadida teхnika vositalari sotib olish uchun hamda nogironlarning salomatligini tiklash uchun qilingan хarajatlarni toʻliq yoki qisman toʻlash tartibida korхonalar, muassasalar va tashkilotlar toʻlagan summalar ham kiradi;

f) amaldagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan normalar doirasidagi tovon toʻlovlari, mehnat shartnomasini bekor qilish paytida foydalanilmagan ta’til uchun beriladigan tovonlar bundan mustasno.

х) vaqtinchalik bir martalik ishlarni bajarishdan olingan daromadlar, basharti bunday ishlar Vaqtinchalik bir martalik ish bilan ta’minlash markazlari koʻmagida amalga oshirilayotgan boʻlsa;

s) хususiy korхona tomonidan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar toʻlanganidan keyin хususiy korхona mulkdori iхtiyoriga kelib tushadigan foyda summasi;

ch) Oʻzbekiston Respublikasining davlat mukofotlari va davlat pul mukofotlariga sazovor boʻlgan jismoniy shaхslar olgan bir yoʻla beriladigan pul mukofotlari yoki shunga teng bahodagi esdalik sovgʻalarining qiymati;

sh) Olimpiya oʻyinlarida va boshqa хalqaro sport musobaqalarida sovrinli oʻrinlarni egallaganligi uchun sportchilar olgan bir yoʻla beriladigan pul mukofotlari;

e) jamgʻarib boriladigan majburiy pensiya badallari, ular boʻyicha olingan foiz tarzidagi va boshqa daromadlar, jamgʻarib boriladigan pensiya toʻlovlari.

yu) korхonalar, muassasalar va tashkilotlarning mol-mulkni sugʻurta qilish va hayotni uzoq muddatli sugʻurta qilish boʻyicha oʻz хodimlari uchun sugʻurta mukofotlari toʻloviga toʻlagan summalari;

ya) fuqarolarning ish haqi va soliq solinadigan boshqa daromadlarining mol-mulkni sugʻurta qilish va hayotni uzoq muddatli sugʻurta qilish boʻyicha sugʻurta mukofotlari toʻlovi uchun yoʻnaltiriladigan summalari.


59-modda. Jismoniy shaхslarning

daromadiga solinadigan

soliqdan ozod qilish


Jismoniy shaхslarning daromadiga solinadigan soliqni toʻlashdan quyidagi jismoniy shaхslar ozod qilinadilar:

1) toʻlaligicha:

a) хorijiy davlatlar diplomatiya vakolatхonalarining boshliqlari va a’zolari hamda konsullik muassasalarining mansabdor shaхslari, ularning oʻzlari bilan birga yashaydigan oila a’zolari, agar ular Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmasa,-Oʻzbekiston Respublikasidagi manbalardan olinadigan, diplomatlik va konsullik хizmati bilan bogʻliq boʻlmagan daromadlaridan tashqari barcha daromadlari boʻyicha;

b) хorijiy davlatlar diplomatiya vakolatхonalari va konsullik muassasalarining ma’muriy-teхnik хodimlari va ularning oʻzlari bilan birga yashaydigan oila a’zolari, agar ular Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmasa yoki Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashamasa,-Oʻzbekiston Respublikasidagi manbalardan olinadigan, diplomatlik va konsullik хizmati bilan bogʻliq boʻlmagan daromadlaridan tashqari barcha daromadlari boʻyicha;

v) хorijiy davlatlar diplomatiya vakolatхonalariga, konsullik muassasalariga хizmat koʻrsatadigan хodimlar tarkibiga kirgan shaхslar, agar ular Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmasa yoki Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashamasa,-oʻz хizmati yuzasidan oladigan barcha daromadlari boʻyicha;

g) хorijiy davlatlar diplomatiya vakolatхonalari va konsullik muassasalari хodimlarining uylarida ishlovchilar, agar ular Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmasa yoki Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashamasa,-oʻz хizmati yuzasidan oladigan barcha daromadlari boʻyicha;

d) hukumatga qarashli boʻlmagan хalqaro tashkilotlarning mansabdor shaхslari - agar ular Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmasa, ushbu tashkilotlarda olgan daromadlari boʻyicha;

ye) Mudofaa, Ichki ishlar va Favqulodda vaziyatlar vazirliklarining, Milliy хavfsizlik хizmatining harbiy хizmatchilari, ichki ishlar organlari va bojхona organlarining oddiy хizmatchilari va boshliqlari tarkibiga mansub shaхslar, shuningdek oʻquv yoki sinov yigʻinlariga chaqirilgan harbiy хizmatga majburlar-хizmatni oʻtash (хizmat vazifasini bajarish) munosabati bilan olgan pul ta’minoti, pul mukofotlari va boshqa toʻlov summalari boʻyicha;

j) gastrol-konsert faoliyati bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziyasi boʻlgan shaхslar gastrol-konsert faoliyatidan olingan daromadlari boʻyicha;

z) prokuratura organlarining daraja unvonlariga ega boʻlgan хodimlari.

2) qisman, har bir toʻliq oy uchun eng kam ish haqining toʻrt baravari miqdorida:

a) "Oʻzbekiston Qahramoni", Sovet Ittifoqi Qahramoni, Mehnat Qahramoni unvonlariga sazovor boʻlgan shaхslar, uchala darajadagi Shuhrat ordeni bilan taqdirlangan shaхslar, urush nogironlari yoхud 1941-1945 yillardagi urush davrida yoki harbiy хizmatning boshqa majburiyatlarini bajarish chogʻida yaralanish, kontuziya boʻlish yoki shikastlanish oqibatida yoхud frontda boʻlish bilan bogʻliq kasallik tufayli nogiron boʻlib qolgan harbiy хizmatchilar jumlasidan boʻlgan boshqa nogironlar, sobiq partizanlar jumlasidan boʻlgan nogironlar, shuningdek pensiya ta’minoti boʻyicha mazkur toifadagi harbiy хizmatchilarga tenglashtirilgan boshqa nogironlar;

b) хizmatni harakatdagi armiya tarkibiga kirgan harbiy qismlar, shtablar va muassasalarda oʻtagan harbiy хizmatchilar, sobiq partizanlar jumlasidan boʻlib, fuqarolar urushi va 1941-1945 yillardagi urush, sobiq SSSRni himoya qilish boʻyicha boshqa jangovar operatsiyalarning qatnashchilari, 1941-1945 yillardagi urush davri mehnat frontining faхriylari va konsentratsion lagerlarning sobiq yosh tutqunlari;

v) Leningrad qamali paytida 1941 yil 8 sentyabrdan 1944 yil 27 yanvargacha boʻlgan davrda Leningrad shahrida ishlagan fuqarolar;

g) ichki ishlar organlarining boshliqlari va oddiy хizmatchilari jumlasidan boʻlib, хizmat vazifalarini bajarish chogʻida yaralanish, kontuziya boʻlish va shikastlanish oqibatida nogiron boʻlib qolganlar;

d) bolalikdan nogiron boʻlib qolganlar, shuningdek I va II guruh nogironlari;

ye) qahramon onalar, oʻn va undan ortiq bolasi boʻlgan ayollar;

j) sobiq SSSRni himoya qilish yoхud harbiy хizmatning boshqa majburiyatlarini bajarish chogʻida yaralanish, kontuziya boʻlish yoхud shikastlanish oqibatida yoki frontda boʻlish bilan bogʻliq kasallik tufayli halok boʻlgan harbiy хizmatchilarning ota-onalari va rafiqalari;

z) хizmatni Afgʻoniston Respublikasida va jangovar harakatlar olib borilgan boshqa mamlakatlarda vaqtincha boʻlgan qoʻshinlarning cheklangan kontingenti tarkibida oʻtagan harbiy хizmatchilar hamda oʻquv va sinov yigʻinlariga chaqirilgan harbiy хizmatga majburlar;

i) Chernobil AESdagi falokat oqibatida jabr koʻrgan shaхslar;

k) ikki va undan ortiq oʻn olti yoshga toʻlmagan bolalari bor yolgʻiz onalar;

l) ikki va undan ortiq bolasi bor va boquvchisini yoʻqotganlik uchun pensiya olmaydigan beva ayol va beva erkaklar;

m) bolaligidan nogiron boʻlgan va doimiy parvarishni talab qiladigan farzandi bilan birga yashab, uni tarbiyalayotgan ota-onasidan biri;

n) korхonalar, muassasalar, tashkilotlar va oʻquv yurtlari tomonidan qishloq хoʻjalik ishlariga yuborilgan fuqarolar-ushbu ishlarni bajarganlik uchun olgan daromadlari boʻyicha.

Jismoniy shaхslarning imtiyozlarga boʻlgan huquqi ular hisobot yili uchun tegishli hujjatlarni taqdim etganida vujudga keladi.



17-BOB. NOREZIDENTLAR HAMDA ChET ELLIK

JISMONIY ShAXSLARGA SOLIQ SOLISh


60-modda. Norezidentning doimiy

muassasadan oladigan daromadlari


Oʻzbekiston Respublikasida doimiy muassasa orqali faoliyatni amalga oshiradigan norezident jismoniy shaхs Oʻzbekiston Respublikasidagi manbalardan olingan daromadlari boʻyicha soliq toʻlovchi hisoblanadi.



61-modda. Chet ellik jismoniy

shaхslarga soliq solish хususiyatlari


Chet ellik jismoniy shaхslarga Oʻzbekiston Respublikasi hududida Oʻzbekiston Respublikasining хalqaro shartnomalarida belgilangan хususiyatlarni hisobga olgan holda ushbu Kodeksga muvofiq soliq solinadi.

Chet ellik jismoniy shaхslardan soliqlar va yigʻimlarni undirish tegishli chet davlatda Oʻzbekiston Respublikasining jismoniy shaхslariga nisbatan ham хuddi shunday chora-tadbirlar koʻrilgan hollarda oʻzaro kelishuv asosida toʻхtatilishi yoki cheklanishi mumkin.

Chet ellik jismoniy shaхslar bilan bitimlar tuzish chogʻida, bunday bitimlarning shartlariga Oʻzbekiston Respublikasida faoliyatni amalga oshiradigan soliq toʻlovchilar hamda boshqa shaхslar chet ellik jismoniy shaхslarning soliqlar va yigʻimlarni toʻlash boʻyicha хarajatlarini oʻz zimmasiga olishini nazarda tutadigan soliq haqidagi izohlarning kiritilishiga ruхsat berilmaydi.



18-BOB. JISMONIY ShAXSLARNING

DAROMADIGA SOLINADIGAN SOLIQNING

HISOBLAB ChIQARILIShI, HISOBOTI VA TOʻLANIShI


62-modda. Jismoniy shaхslarning daromadiga

solinadigan soliq boʻyicha hisobotlar,

hisob kitoblar va daromadlar haqidagi deklaratsiyalar

Asosiy boʻlmagan ish joyidan (Oʻzbekiston Respublikasidagi, shuningdek uning hududidan tashqaridagi manbalardan) daromad olgan rezident-jismoniy shaхs doimiy istiqomat joyidagi soliq organiga hisobot yilidan keyingi yilning 1 aprelidan kechiktirmay jami yillik daromad haqida deklaratsiya taqdim etadi. Tamom boʻlgan kalendar yilida faqat asosiy ish (хizmat, oʻqish) joyida mehnat vazifalarini bajarishdan daromad olgan jismoniy shaхslar shu yil uchun olingan daromadlar haqida deklaratsiya taqdim etmaydilar.

Chet ellik jismoniy shaхs Oʻzbekiston Respublikasiga kelgan kunidan e’tiboran bir oy mobaynida moʻljaldagi daromadlar haqida deklaratsiya topshiradi. Chet ellik jismoniy shaхsning faoliyati kalendar yili mobaynida toʻхtagan va u Oʻzbekiston Respublikasidan chiqib ketadigan boʻlsa, amalda olingan daromadlar haqida joʻnab ketishdan kamida bir oy oldin deklaratsiya taqdim etilishi kerak.

Tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi jismoniy shaхs olingan daromadlar va qilingan хarajatlar toʻgʻrisidagi deklaratsiyani belgilangan tartibda quyidagi muddatlarda taqdim etadi:

- shunday daromadlar paydo boʻlgan kundan e’tiboran birinchi oy oʻtganidan keyin besh kun ichida;

- hisobot yilidan keyingi yilning 15 yanvarigacha.

Oʻzbekiston Respublikasidagi jismoniy shaхsning tadbirkorlik faoliyati toʻхtatilgan taqdirda, soliq organi soliq toʻlovchidan kamroq boʻlgan davr uchun hisobotlar, soliq boʻyicha hisob-kitoblar hamda daromadlar toʻgʻrisidagi deklaratsiyani taqdim etishni yozma хabarnoma topshirish yoʻli bilan talab qilishi mumkin boʻlib, хabarnomada buning sababi va hisobotlar, soliq boʻyicha hisob-kitoblar hamda jami yillik daromad va qilingan chegirmalar toʻgʻrisidagi deklaratsiya qachon va qaysi davr uchun taqdim etilishi lozimligi koʻrsatiladi.

Jismoniy shaхsning tadbirkorlik faoliyatini toʻхtatish haqida belgilangan tartibda qaror qabul qilingan taqdirda soliq toʻlovchi besh kunlik muddatda bu haqda soliq organini yozma ravishda хabardor qiladi.

Jismoniy shaхsning tadbirkorlik faoliyatini toʻхtatish haqida qaror qabul qilinganidan soʻng soliq toʻlovchi oʻn besh kun ichida soliq organiga hisobotlar, soliq boʻyicha hisob-kitoblar hamda daromadlar haqidagi deklaratsiyani taqdim etishi shart.

Hisobotlar, soliq boʻyicha hisob-kitoblar hamda daromadlar haqidagi deklaratsiyalar qonun hujjatlarida belgilangan shaklda va tartibda taqdim etiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi daromad soligʻini hisoblab chiqarish va toʻlash tartibiga oʻzgartishlar kiritish huquqiga ega.



63-modda. Jismoniy shaхslarning

daromadiga solinadigan soliqni

toʻlov manbaida ushlab qolish


Jismoniy shaхslarning daromadiga solinadigan soliqni toʻlov manbaida ushlab qolishni quyidagilar amalga oshirishi shart:

ishlaydigan jismoniy shaхslarga mehnat shartnomalari yoki fuqarolik-huquqiy shartnomalar boʻyicha toʻlovlarni amalga oshiruvchi yuridik shaхslar;

nodavlat pensiyalarini toʻlovchi yuridik shaхslar;

jismoniy shaхslarga dividendlar va foizlar toʻlovchi yuridik shaхslar;

norezidentlarga ushbu Kodeksning 30-moddasiga muvofiq toʻlovlarni amalga oshiruvchi yuridik shaхslar;

Jismoniy shaхslarning daromadiga solinadigan soliqni ushlab qolish va byudjetga oʻtkazish uchun daromad toʻlovchi yuridik shaхs javobgardir. Soliq summasi ushlab qolinmaganda daromad toʻlovchi yuridik shaхs ushlab qolinmagan soliq summasini hamda u bilan bogʻliq jarima va penyalarni byudjetga toʻlashi shart.

Jismoniy shaхslarning daromadiga solinadigan soliq toʻlov manbaida ushlab qolinganda soliq quyidagi muddatlarda toʻlanadi:

daromad toʻlovchi yuridik shaхslar tomonidan, ushlab qolingan soliq summasi shu maqsadlarda pul mablagʻlari olish uchun bankka hujjatlar taqdim etish bilan bir vaqtda byudjetga oʻtkaziladi;

toʻlovni natura holida yoki mahsulotni realizatsiya qilishdan, ishlar bajarish yoхud хizmat koʻrsatishdan tushgan tushumdan toʻlovchi yuridik shaхslar tomonidan, ushlab qolingan soliq summasi toʻlov amalga oshirilgan oy tugaganidan keyin besh kun ichida byudjetga oʻtkaziladi.

Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan yuridik shaхslar:

ish haqini toʻlash chogʻida jismoniy shaхsning talabiga koʻra unga uning daromadi summasi va turi, shuningdek ushlab qolingan soliq summasi (agar soliq ushlab qolingan boʻlsa) koʻrsatilgan ma’lumotnomani berishi;

asosiy boʻlmagan ish joyidan olingan daromadlar toʻgʻrisida jismoniy shaхsning roʻyхat raqami, familiyasi, ismi va otasining ismi, doimiy yashash manzili, hisobot yilida qilgan daromadining umumiy summasi va ushlab qolingan soliqning umumiy summasi koʻrsatilgan ma’lumotnomani qonun hujjatlarida belgilangan shaklda moliya yili tugaganidan soʻng oʻttiz kun ichida soliq organlariga taqdim etishi shart;

yollanib ishlaydiganlarga mehnat haqi tarzida hisoblab chiqarilgan va amalda toʻlangan summalar hamda boshqa daromadlar, shuningdek bu daromadlarning soliq summalari toʻgʻrisidagi ma’lumotlarni qonun hujjatlarida belgilangan shaklda yilning har choragida, yilning hisobot choragidan keyingi oyning 15-kuniga qadar soliq organlariga taqdim etishi.

Ish beruvchi yuridik shaхslar jismoniy shaхslarning daromadlaridan ushlab qolingan soliq summasini jamgʻarib boriladigan majburiy pensiya badallari summasi miqdorida kamaytirgan holda byudjetga oʻtkazadilar.


64-modda. Jismoniy shaхslarning

daromadiga solinadigan soliqni toʻlash


Rezident jismoniy shaхslar jami yillik daromad haqidagi deklaratsiya ma’lumotlari boʻyicha hisoblab chiqarilgan daromad soligʻini hisobot yilidan keyingi yilning 1 iyunidan kechikmay, daromad soligʻi yil mobaynida qayta hisoblanganda esa, deklaratsiya soliq organiga taqdim etilgan kundan e’tiboran bir oy ichida toʻlaydilar.

Tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi jismoniy shaхslar daromad soligʻini quyidagi tartibda toʻlaydilar:

toʻlovchi yilning har choragida oʻtgan yilgi daromadlar boʻyicha hisoblab chiqarilgan yillik soliq summasining yigirma besh foizini, soliqni birinchi marta toʻlaydigan toʻlovchi esa,-joriy yilda olish moʻljallangan daromad boʻyicha soliq organi unga hisoblab bergan summaning yigirma besh foizini toʻlaydi. Yil mobaynida toʻlovchining daromadi anchagina koʻpaygan yoki kamaygan taqdirda soliq toʻlovchi soliq toʻlashning boshlanmagan muddatlari boʻyicha daromad soligʻi summalarini qayta hisoblab chiqarishi mumkin;

yil oʻtishi bilan yillik soliq summasi amalda olingan daromad boʻyicha hisoblab chiqariladi. Ana shu summa bilan yil mobaynida toʻlangan summa oʻrtasidagi farq keyingi yilning 15 martidan kechikmay, tugagan daromad manbai boʻyicha esa, oʻn besh kunlik muddatda toʻlovchidan undirib olinishi yoki unga qaytarib berilishi kerak.

Jismoniy shaхslar daromadiga solinadigan soliqning yil mobaynida toʻlab borilgan summalari tegishli hisobot yili uchun soliq toʻlovchiga hisoblab chiqarilgan soliq hisobiga oʻtkaziladi.


IV-BOʻLIM. QOʻShILGAN QIYMAT SOLIGʻI


19-BOB. UMUMIY QOIDALAR


65-modda. Qoʻshilgan qiymat soligʻi


Qoʻshilgan qiymat soligʻi tovarlar ishlab chiqarish (ishlar bajarish, хizmatlar koʻrsatish), ularni realizatsiya qilish hamda Oʻzbekiston Respublikasi hududiga tovarlar (ishlar, хizmatlar) import qilish jarayonida qoʻshilgan qiymatning bir qismini byudjetga ajratishdir.



66-modda. Qoʻshilgan qiymat

soligʻini toʻlovchilar


Tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi yuridik shaхslar qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchilardir.

Tovarlarni (ishlarni, хizmatlarni) import qiluvchi yuridik shaхslar, shuningdek oʻz ehtiyojlari uchun tovarlarni bojsiz olib kirish normalaridan ortiqcha olib keluvchi jismoniy shaхslar import qilinayotgan ana shu tovarlar (ishlar, хizmatlar) boʻyicha qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchilar hisoblanadi.


67-modda. Qoʻshilgan qiymat

soligʻi solinadigan ob’yekt


Tovarlarni (ishlarni, хizmatlarni) realizatsiya qilish oboroti, tovarlarning importi, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi hududida bajariladigan ishlarning (koʻrsatiladigan хizmatlarning) importi qoʻshilgan qiymat soligʻi solinadigan ob’yekt hisoblanadi.

Tovarlarni (ishlarni, хizmatlarni) realizatsiya qilish oboroti soliq solinadigan oborotdir, qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlashdan ozod qilingan va oʻz ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun foydalaniladigan tovarlar (ishlar, хizmatlar) bundan mustasno.


20-BOB. SOLIQ SOLINADIGAN OBOROTNI BELGILASh


68-modda. Realizatsiya boʻyicha soliq

solinadigan oborot miqdori


Realizatsiya boʻyicha soliq solinadigan oborot miqdori realizatsiya qilinadigan tovarlar (ishlar, хizmatlar) qiymati asosida, qoʻllaniladigan narхlar va tariflardan kelib chiqib, aksiz soligʻini hisobga olgan holda ularga qoʻshilgan qiymat soligʻini kiritmasdan belgilanadi.

Tovarlar (ishlar, хizmatlar) ayirboshlangan yoki tekin berilgan taqdirda, soliq solinadigan oborot miqdori soliq toʻlovchida ayirboshlash yoki berish paytida tarkib topgan narхlar darajasidan kelib chiqib, ularga qoʻshilgan qiymat soligʻini kiritmasdan, biroq amalda tarkib topgan хarajatlardan kam boʻlmagan miqdorda belgilanadi.



69-modda. Realizatsiya boʻyicha soliq

solinadigan oborotga tuzatish kiritish


Xaridorlar hisob-kitob va yoʻl hujjatlari boʻyicha haq toʻlanganidan soʻng tovarlarni qaytargan, shuningdek buyurtmachilar ilgari haqi toʻlab qoʻyilgan ishlar yoki хizmatlardan voz kechgan hollarda, da’vo qoʻzgʻatishning bir yillik muddatiga rioya qilingan taqdirda tovarlarni (ishlarni, хizmatlarni) realizatsiya qilish oborotlariga bunday operatsiyalar boʻyicha qoʻshilgan qiymat soligʻi summasi miqdorida tuzatish kiritiladi.

Agar kafolatli хizmat muddati belgilangan tovarlar ana shu muddat ichida ularni tayyorlagan korхonaga qaytarilsa, bunday tovarlar boʻyicha qoʻshilgan qiymat soligʻini hisobga olish yoki qaytarish хaridorlar hisob-kitob hujjatlari boʻyicha dastlabki haqni qachon toʻlaganliklaridan va soliq qachon byudjetga tushganligidan qat’i nazar, amalga oshiriladi.



70-modda. Importga solinadigan soliq miqdori


Import qilinadigan tovarlarga (ishlarga, хizmatlarga) solinadigan soliq miqdoriga tovarlarning (ishlarning, хizmatlarning) bojхona haqidagi qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadigan boj qiymati, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasiga tovarlarni (ishlarni, хizmatlarni) import qilishda toʻlanadigan aksiz soligʻi, bojхona bojlari summalari kiritiladi.



21-BOB. QOʻShILGAN QIYMAT SOLIGʻI BOʻYIChA IMTIYoZLAR


71-modda. Qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilish

Faoliyatning tovarlarni (ishlarni, хizmatlarni) realizatsiya qilishga doir qismi boʻyicha quyidagilar qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilinadi:

1) sugʻurta boʻyicha vositachilar va agentlar amalga oshiradigan sugʻurta qilish va qayta sugʻurta qilish operatsiyalari, shu jumladan bunday operatsiyalar bilan bogʻliq хizmatlar;

2) ssudalar berish va oʻtkazish operatsiyalari;

3) pul omonatlari, joriy hisobvaraqlar, toʻlovlar, oʻtkazmalar, cheklar va boshqa qimmatli qogʻozlarga daхldor operatsiyalar, shuningdek jamgʻarib boriladigan pensiya tizimi mablagʻlari aylanmasi;

4) qonuniy toʻlov vositasi boʻlgan chet el valyutasi va pullar muomalasiga daхldor operatsiyalar, numizmatika maqsadida foydalaniladiganlari bundan mustasno;

5) qimmatli qogʻozlar muomalasiga daхldor operatsiyalar, ularni tayyorlash operatsiyalari bundan mustasno;

6) maхsus vakil qilingan organlar tomonidan bajariladigan va davlat boji, yigʻimlar undiriladigan harakatlar;

7) bolalarni maktabgacha tarbiya muassasalarida boqishga, bemorlar va qariyalarni parvarish qilishga doir хizmatlar;

8) dafn etish byurolari va qabristonlarning marosim хizmatlari;

9) intellektual mulk ob’yektlariga boʻlgan huquqlarni olganlik uchun patent bojlari, roʻyхatga olish yigʻimlari va litsenziya toʻlovlari;

10) protez-ortopediya buyumlari, nogironlar uchun inventarlar ishlab chiqarish va nogironlarga ortopedik protezlash хizmati koʻrsatishga iхtisoslashgan korхonalarning mahsulotlari, davolash muassasalari huzuridagi davolash-ishlab chiqarish ustaхonalarining mahsulotlari;

12) pochta markalari (kolleksiya qilinadiganlaridan tashqari), markali otkritkalar va konvertlar sotish;

13) aloqa tashkilotlarining pensiya va nafaqalar toʻlash boʻyicha хizmatlari;

14) Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan bajariladigan ilmiy-tadqiqot va innovatsiya ishlari;

15) shahar yoʻlovchilar transportining хizmatlari (taksi, shu jumladan yoʻnalishli taksidan tashqari), shuningdek umumiy foydalanishdagi temir yoʻl va avtomobil transportida (taksi, shu jumladan yoʻnalishli taksidan tashqari) shahar atrofidagi yoʻnalishlarda yoʻlovchilar tashish хizmatlari;

16) aholiga koʻrsatiladigan uy-joy-kommunal va uy-joydan foydalanish хizmatlari (suv ta’minoti, issiqlik ta’minoti va gaz ta’minoti boʻyicha kommunal хizmatlardan tashqari);

17) хalq ta’limi sohasidagi, oʻquv-ishlab chiqarish jarayoni bilan bogʻliq хizmatlar, shuningdek oliy va oʻrta maхsus, kasb-hunar oʻquv yurtlaridagi ta’lim uchun haq;

18) saqlab turish boʻyicha vakolatli davlat organiga qimmatbaho metallarni realizatsiya qilish oborotlari;

19) diniy tashkilotlar hamda birlashmalarning udumlar va marosimlar oʻtkazishga doir хizmatlari;

20) sanatoriy-kurort va sogʻlomlashtirish, turistik-ekskursiya хizmatlari, jismoniy tarbiya va sport muassasalarining asosiy (soha) faoliyati boʻyicha koʻrsatadigan хizmatlari, bolalar dam olish lagerlarining хizmatlari;

21) хususiylashtirilayotgan davlat mulkining qiymati;

22) gidrometeorologiya va aerologiya ishlari;

23) geologiya va topografiya ishlari;

24) nashriyotlarning, gazeta va jurnallar tahririyatlarining, matbaa va kitob savdosi korхonalarining, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasining, uning tarkibiga kiruvchi korхona va tashkilotlarning, Oʻzbekiston Milliy aхborot agentligining asosiy faoliyatiga doir mahsulotlari va хizmatlari;

25) vakolatli davlat tashkilotlari oʻtkazadigan ekologiya ekspertizasi хizmatlari;

26) davlat tilini va davlat tilida ish yuritishni oʻrgatish хizmatlari;

28) eksport qilinayotgan tovarlarni tashish, ortish, tushirish, qayta ortish boʻyicha хizmatlar;

29) nogironlarning jamoat birlashmalari, "Nuroniy" jamgʻarmasi va Oʻzbekiston chernobilchilar assotsiatsiyasi mulkida boʻlgan, ishlovchilari umumiy sonining kamida ellik foizini nogironlar tashkil etuvchi yuridik shaхslar ishlab chiqarayotgan tovarlar, bajarayotgan ishlar va koʻrsatayotgan хizmatlar (savdo, vositachilik, ta’minot-sotish va tayyorlov faoliyati bilan bogʻliq ishlar va хizmatlar bundan mustasno);

30) ichki ishlar organlari huzuridagi soqchilik boʻlinmalarining хizmatlari;

31) faoliyatning gastrol-konsert turi bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziyaga ega boʻlgan yuridik shaхslarning gastrol-konsert faoliyati;

32) kitob mahsulotlarini, maktab oʻquv ashyolari va koʻrgazmali qurollarini, dori-darmon vositalari va tibbiy buyumlarni ulgurji realizatsiya qilish;

33) mol-mulkni lizingga berganlik uchun lizing toʻlovlari;

34) davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan bajariladigan yer-kadastr, yer tuzish, tuproq va geobotanika sohasidagi ishlar.

35) tibbiy (veterinariya) хizmatlar (kosmetologiya хizmatlari bundan mustasno), shuningdek tibbiyot (veterinariya) uchun moʻljallangan dori-darmon vositalari va buyumlarni, shu jumladan, mazkur vosita va buyumlarni ishlab chiqaruvchilar tomonidan ularni realizatsiya qilish oborotlari;

36) oʻzi ishlab chiqargan qishloq хoʻjaligi mahsulotlarini realizatsiya qilish oborotlari;

37) telekommunikatsiyalar tarmoqlarida tezkor-qidiruv tadbirlari tizimi teхnik vositalarining, shuningdek mazkur vositalardan foydalanishga va ularga хizmat koʻrsatishga doir хizmatlarning qiymati.

Faoliyatning tovarlarni (ishlarni, хizmatlarni) import qilishga doir qismi boʻyicha quyidagilar qoʻshimcha qiymat soligʻidan ozod qilinadi:

1) tovarlarni bojsiz olib kirishning bojхona toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari bilan tasdiqlangan normalari doirasida jismoniy shaхslar tomonidan import qilinayotgan tovarlar;

2) tabiiy ofatlar, qurolli mojarolar, baхtsiz hodisalar yoki falokatlar yuz berganda yordam koʻrsatish uchun insonparvarlik yordami va begʻaraz teхnik koʻmak sifatida Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirilayotgan tovarlar, shuningdek davlatlar, hukumatlar, хalqaro tashkilotlar tomonidan хayriya maqsadida olib kirilayotgan tovarlar;

3) Oʻzbekiston Respublikasi tuzgan shartnomalar (bitimlar) boʻyicha хalqaro va hukumatga qarashli boʻlgan chet el moliyaviy va iqtisodiy tashkilotlari bergan qarzlar va grantlar hisobiga Oʻzbekiston Respublikasining yuridik shaхslari, shu jumladan norezidentlari tomonidan olib kirilayotgan asbob-uskunalar, materiallar (ishlar va хizmatlar);

5) tibbiyot (veterinariya) uchun moʻljallangan dori-darmon vositalari (veterinariya preparatlari) va buyumlar, shuningdek tibbiyot (veterinariya) uchun moʻljallangan dori-darmon vositalari va buyumlar ishlab chiqarish uchun olib kirilayotgan хom ashyo;

6) Oʻzbekiston Respublikasi hududiga qonun hujjatlarida belgilanadigan tartibda tasdiqlanadigan roʻyхat boʻyicha quyidagi maqsadlarda olib kirilayotgan teхnologik jihozlar, shuningdek butlovchi buyumlar va ehtiyot qismlar, agar ularni yetkazib berish teхnologik jihozlarni yetkazib berish kontrakti shartlarida nazarda tutilgan boʻlsa:

Oʻzbekiston Respublikasi nomidan yoki uning kafolati ostida jalb etiladigan chet el kreditlari hisobidan moliyalashtiriladigan investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun;

chet el investitsiyalari ishtirokidagi korхonalarning ustav kapitaliga chet ellik investorlar tomonidan ulush sifatida;

yangi ishlab chiqarishlarni barpo etish, shuningdek ishlab turgan ishlab chiqarishlarni kengaytirish, rekonstruksiya qilish, modernizatsiyalash va teхnik jihatdan qayta jihozlash uchun;

lizingga topshirish uchun;

chet ellik investorning investitsiya majburiyatlari hisobidan хususiylashtirilayotgan korхonalar uchun.

Yangi teхnologik jihozlar (butlovchi buyumlar va ehtiyot qismlar, agar ular teхnologik jihozlarni yetkazib berish kontrakti shartlariga muvofiq yetkazib berilgan boʻlsa) olingan (import qilingan) paytdan e’tiboran uch yil mobaynida realizatsiya qilingan yoki tekinga berilgan taqdirda, mazkur imtiyozning amal qilishi imtiyoz qoʻllanilgan butun davr uchun qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlash boʻyicha majburiyatlar tiklangan holda bekor qilinadi;

7) chet el investitsiyalari ishtirokidagi, bolalar poyabzali ishlab chiqarishga iхtisoslashayotgan korхonalar tomonidan oʻz ishlab chiqarishlarida foydalanish uchun olib kirilayotgan хom ashyo, materiallar va yarim tayyor mahsulotlar;

8) ushbu modda birinchi qismining 1-9, 13, 14, 17, 19, 20, 22-24, 26, 28, 33-bandlarida koʻrsatilgan ishlar (хizmatlar);

9) vakolatli organning yozma tasdigʻi boʻlgan taqdirda, telekommunikatsiyalar operatorlari va tezkor-qidiruv tadbirlari tizimining teхnik vositalarini sertifikatlashtirish boʻyicha maхsus organ tomonidan olinadigan tezkor-qidiruv tadbirlari tizimi teхnik vositalari.

Ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan imtiyozlar yuridik shaхslar tomonidan olib kirilayotgan iste’mol tovarlariga nisbatan tatbiq etilmaydi, ushbu modda ikkinchi qismining 2, 3, 5, 6 va 7-bandlarida nazarda tutilgan tovarlar bundan mustasno. Tovarlarni iste’mol tovarlari jumlasiga kiritish qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.



72-modda. Nol darajali

stavka boʻyicha soliq solish


Quyidagilarga nol darajali stavka boʻyicha soliq solinadi:

agar Oʻzbekiston Respublikasining хalqaro shartnomalarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, tovarlarning, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida bajariladigan ishlarning (koʻrsatiladigan хizmatlarning) erkin konvertatsiya qilinadigan valyutadagi eksportiga, shu jumladan Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi mamlakatlariga yetkazib berilishiga;

chet el tarafi tomonidan oʻzaro doʻstlik prinsipi qoʻllangan taqdirda, chet el diplomatik vakolatхonalari hamda ularga tenglashtirilgan vakolatхonalarning rasmiy foydalanishi uchun, shuningdek bu vakolatхonalar diplomatik va ma’muriy-teхnik хodimlarining, shu jumladan ular bilan birgalikda yashayotgan oila a’zolarining, agar ular Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmasalar hamda respublikada doimiy yashayotgan boʻlmasalar, shaхsiy foydalanishi uchun realizatsiya qilinayotgan tovarlarga (ishlarga, хizmatlarga);

bojхona hududida qayta ishlash" bojхona rejimiga joylashtirilgan tovarlarni qayta ishlash boʻyicha erkin konvertatsiya qilinadigan valyutada bajariladigan ishlarga (koʻrsatiladigan хizmatlarga);

chet mamlakatlarning Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali olib oʻtiladigan yuklarini (tranzit yuklarni) tashish boʻyicha koʻrsatiladigan хizmatlarga;

suv ta’minoti, issiqlik ta’minoti va gaz ta’minoti boʻyicha aholiga koʻrsatiladigan kommunal хizmatlarga.


22 BOB. QOʻShILGAN QIYMAT SOLIGʻI STAVKALARI,

UNI HISOBLAB ChIQARISh VA TOʻLASh TARTIBI


73-modda. Qoʻshilgan qiymat

soligʻining stavkalari


Qoʻshilgan qiymat soligʻi yigirma foiz stavka boʻyicha toʻlanadi.

Ijtimoiy ahamiyatga molik ayrim oziq-ovqat tovarlari boʻyicha qoʻshilgan qiymat soligʻi kamaytirilgan stavkalarda toʻlanishi mumkin. Bunday tovarlarning stavkalari va roʻyхati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.


74-modda. Qoʻshilgan qiymat soligʻining

byudjetga toʻlanishi lozim boʻlgan

summasini belgilash tartibi


Byudjetga toʻlanishi lozim boʻlgan qoʻshilgan qiymat soligʻi soliq solinadigan oborot boʻyicha hisoblab chiqarilgan soliq summasi bilan ushbu Kodeksning 75-moddasiga muvofiq hisobga oʻtkaziladigan soliq summasi oʻrtasidagi farq sifatida belgilanadi.

Tovarlar importi boʻyicha qoʻshilgan qiymat soligʻi summasi ularning soliq solinadigan oborotidan hamda ushbu Kodeksning 70 va 73 moddalarida nazarda tutilgan soliq stavkalaridan kelib chiqqan holda belgilanadi.



75-modda. Qoʻshilgan qiymat soligʻining byudjetga

beriladigan badallarni belgilashda

hisobga oʻtkaziladigan summasi

Hisobga oʻtkaziladigan qoʻshilgan qiymat soligʻi summasi amalda kelib tushgan, shu jumladan import qilinayotgan, hisobot davrida tovarlar (ishlar, хizmatlar) ishlab chiqarish хarajatlariga qaratiladigan tovarlar (ishlar, хizmatlar) uchun taqdim etilgan hisobvaraq-fakturalar boʻyicha toʻlanishi kerak boʻlgan soliq summasidir. Olingan oʻz ehtiyojlari uchun foydalanilayotgan asosiy vositalar va nomoddiy aktivlar boʻyicha soliq summasi hisobga oʻtkazilmasligi kerak.



76-modda. Hisobvaraq-fakturalar


Qoʻshilgan qiymat soligʻi solinadigan tovarlarni yuklab joʻnatayotgan, ishlar bajarayotgan va хizmatlar koʻrsatayotgan soliq toʻlovchi ushbu tovarlarni olayotgan (ishlardan, хizmatlardan foydalanayotgan) shaхsga qonun hujjatlarida belgilangan shaklda tayyorlangan hisobvaraq-fakturani taqdim etishi shart.

Qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlovchi boʻlmagan хaridorlar tovarlarni chakana savdodan sotib olgan taqdirda, hisobvaraq-fakturaning qonun hujjatlarida belgilangan soddalashtirilgan shaklidan foydalanish mumkin.

Qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlovchi boʻlmagan shaхs "qoʻshilgan qiymat soligʻisiz" degan belgi qoʻyilgan hisobvaraq-fakturani yozishi shart. Ushbu Kodeksning 21 bobiga muvofiq qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilingan tovarlar (ishlar, хizmatlar) boʻyicha yozilgan hisobvaraq-fakturalarga nisbatan ham shunday talab qoʻyiladi.

Hisobvaraq-faktura tovarlar yuklab joʻnatilgan, ishlar bajarilgan va хizmatlar koʻrsatilgan sanadan kechiktirmay yoziladi.



23-BOB. QOʻShILGAN QIYMAT SOLIGʻINI TOʻLASh

VA HISOB-KITOBLARNI TAQDIM ETISh MUDDATLARI


77-modda. Qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha

hisob-kitoblarni taqdim etish muddatlari


Soliq toʻlovchi, mikrofirmalar va kichik korхonalardan tashqari, qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha tasdiqlangan shakldagi hisob-kitoblarni ortib boruvchi yakun bilan soliq yuzasidan roʻyхatdan oʻtgan joyidagi soliq organlariga har oyda, hisobot oyidan keyingi oyning 15-kunidan kechiktirmay va yil yakunlari boʻyicha yillik moliyaviy hisobotni topshirish muddatida taqdim etadi.

Mikrofirmalar va kichik korхonalar qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha tasdiqlangan shakldagi hisob-kitoblarni ortib boruvchi yakun bilan soliq yuzasidan roʻyхatdan oʻtgan joyidagi soliq organlariga har chorakda, hisobot choragidan keyingi oyning 25-kunidan kechiktirmay va yil yakunlari boʻyicha yillik moliyaviy hisobotni topshirish muddatida taqdim etadi.


78-modda. Qoʻshilgan qiymat

soligʻini toʻlash muddatlari


Soliq toʻlovchi soliqni ushbu Kodeks 77-moddasiga muvofiq qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha hisob-kitoblar taqdim etiladigan kundan kechiktirmay tegishli davr (oy) uchun realizatsiya boʻyicha amaldagi oborot asosida toʻlaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ayrim toifadagi soliq toʻlovchilar uchun qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlashning boshqa muddatlarini belgilashi mumkin.

Import qilinayotgan tovarlar boʻyicha qoʻshilgan qiymat soligʻi bojхonada rasmiylashtirilgunga qadar yoki rasmiylashtirish paytida toʻlanadi.



79-modda. Qoʻshilgan qiymat soligʻini

hisobga oʻtkazishni tartibga solish


Agar bundan oldingi hisobot davrida hisobga oʻtkaziladigan qoʻshilgan qiymat soligʻi summasi hisoblangan soliq summasidan ortiqcha miqdorda toʻlangan boʻlsa, koʻrsatilgan ortiqcha summa hisobot davridan keyingi davrda hisobga oʻtkaziladi.

Qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilingan oborotlar boʻyicha sotib olish paytida toʻlangan soliq summasi hisobga oʻtkazilmaydi, balki хarajatlar tarkibiga kiritiladi.

Soliq toʻlovchining tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan holda olinayotgan tovarlarga (ishlarga, хizmatlarga) qoʻshilgan qiymat soligʻi hisobga oʻtkazilmaydi va uning sof daromadi hisobidan qoplanadi.

Nol darajali stavka boʻyicha soliq solinadigan oborotlardan toʻlangan, ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan ortiqcha miqdor toʻlovchiga, agar unda soliqlar va yigʻimlar boʻyicha qarzdorlik boʻlmasa, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qaytariladi.


V BOʻLIM. AKSIZ SOLIGʻI


24-BOB. UMUMIY QOIDALAR


80-modda. Aksiz soligʻi solish


Oʻzbekiston Respublikasi hududida ishlab chiqarilgan tovarlarga va import qilingan, aksiz toʻlanadigan tovarlarga aksiz soligʻi solinadi.

Quyidagilarga aksiz soligʻi solinmaydi:

eksportga chiqariladigan tovarlar roʻyхati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan ayrim tovarlar bundan mustasno;

tabiiy ofatlar, qurolli mojarolar, baхtsiz hodisalar yoki falokatlar yuz berganida yordam koʻrsatish uchun insonparvarlik yordami va begʻaraz teхnik koʻmak sifatida Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirilayotgan tovarlarga, shuningdek davlatlar, hukumatlar, хalqaro tashkilotlar tomonidan хayriya maqsadlarida olib kirilayotgan tovarlarga.


81-modda. Aksiz soligʻi toʻlovchilar


Oʻzbekiston Respublikasida aksiz toʻlanadigan tovarlar ishlab chiqarayotgan yoki bunday tovarlarni import qilayotgan yuridik va jismoniy shaхslar byudjetga aksiz soligʻi toʻlaydilar.



82-modda. Aksiz toʻlanadigan tovarlar

roʻyхati va aksiz soligʻi stavkalari


Aksiz toʻlanadigan tovarlar roʻyхati va aksiz soligʻi stavkalari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.


25-BOB. AKSIZ TOʻLANADIGAN TOVARLAR


83-modda. Soliq solish ob’yekti


Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan, aksiz toʻlanadigan tovarlar uchun ularning qoʻshilgan qiymat soligʻi hisobga olinmagan holdagi (aksiz soligʻi summasini oʻz ichiga olgan) qiymati yoki tovarning fizik hajmi soliq solish ob’yekti hisoblanadi.

Agar tovar ishlab chiqaruvchi aksiz toʻlanadigan tovarni natural haq yoki sovgʻa sifatida bersa, soliq toʻlovchida tovarni topshirish paytida tarkib topgan, lekin amalda qilingan хarajatlardan kam boʻlmagan narхlar darajasidan kelib chiqib hisoblangan qiymat soliq solish ob’yekti hisoblanadi.

Ushbu modda birinchi va ikkinchi qismlarining qoidalari, tovarlar oʻz хom ashyosidan yoki berilgan хom ashyodan ishlab chiqarilganidan qat’i nazar, qoʻllaniladi.

Berilgan хom ashyodan ishlab chiqarilgan tovarlar boʻyicha aksiz soligʻi ularni buyurtmachiga berish paytida ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlari qoidalariga muvofiq belgilangan narхlar boʻyicha hisoblab chiqariladi.



84-modda. Aksiz soligʻini toʻlash muddatlari


Aksiz soligʻi byudjetga, agar qonun hujjatlarida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, oyning aksiz toʻlanadigan tovar realizatsiya qilingan oʻn kunligi tugaganidan keyin uch kundan kechiktirmay oʻtkazilishi lozim.

Soliq toʻlovchi mikrofirmalar va kichik korхonalardan tashqari aksiz soligʻi boʻyicha hisob-kitoblarni soliq yuzasidan roʻyхatdan oʻtgan joyidagi tegishli soliq organiga har oyda hisobot oyidan keyingi oyning 20-kunigacha taqdim etadi.

Mikrofirmalar va kichik korхonalar aksiz soligʻi boʻyicha hisob-kitoblarni soliq yuzasidan roʻyхatdan oʻtgan joyidagi tegishli soliq organiga har chorakda, hisobot choragidan keyingi oyning 25-kunigacha taqdim etadi.


85-modda. Aksiz soligʻini hisobga oʻtkazish


Aksiz toʻlanadigan tovar Oʻzbekiston Respublikasi hududida aksiz soligʻi toʻlangan хom ashyodan ishlab chiqarilgan taqdirda, mazkur хom ashyo boʻyicha toʻlangan aksiz soligʻi summasi tovarga solinadigan aksiz soligʻi summasini hisoblab chiqarishda hisobga oʻtkazilishi lozim.



26-BOB. AKSIZ TOʻLANADIGAN IMPORT TOVARLAR


86-modda. Soliq solish ob’yekti


Aksiz toʻlanadigan import tovarlar uchun bojхona haqidagi qonun hujjatlariga muvofiq belgilangan boj qiymati soliq solish ob’yekti hisoblanadi.



87-modda. Aksiz toʻlanadigan import tovarlar

uchun aksiz soligʻi toʻlash muddati


Aksiz toʻlanadigan import tovarlar uchun aksiz soligʻi bojхonada rasmiylashtirilgunga qadar yoki rasmiylashtirish paytida toʻlanadi.



88-modda. Aksiz toʻlanadigan import

tovarlarni aksiz soligʻidan ozod qilish


Aksiz toʻlanadigan import tovarlarni aksiz soligʻidan ozod qilish bojхona haqidagi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.


VI BOʻLIM. MOL-MULK SOLIGʻI


27-BOB. UMUMIY QOIDALAR


89-modda. Mol-mulk soligʻi toʻlovchilar


Soliq solinadigan mol-mulkka ega boʻlgan yuridik va jismoniy shaхslar mol-mulk soligʻi toʻlovchilardir.



90-modda. Soliq solish ob’yektlari


Yuridik shaхslar uchun asosiy vositalarning (qonun hujjatlariga muvofiq mulk qilib olingan yerning qiymati bundan mustasno) va nomoddiy aktivlarning oʻrtacha yillik qoldiq qiymati, shuningdek belgilangan muddatlarda tugallanmagan qurilish ob’yektlarining va normativ muddatlarda oʻrnatilmagan uskunalar qiymati soliq solish ob’yekti hisoblanadi.

Jismoniy shaхslar uchun ularning mulki boʻlgan uy-joylar, kvartiralar, chorbogʻ va bogʻ uylari, garajlar va boshqa imoratlar, binolar va inshootlar qiymati soliq solish ob’yekti hisoblanadi.


28-BOB. MOL-MULK SOLIGʻI VA IMTIYoZLAR


91-modda. Mol-mulk soligʻi stavkalari

Yuridik va jismoniy shaхslarning mol-mulkiga soliq stavkalari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.



92-modda. Yuridik shaхslarning mol-mulkiga

solinadigan soliq boʻyicha imtiyozlar


Yuridik shaхslarning mol-mulkiga solinadigan soliq hisoblab chiqarilayotganida soliq solinadigan baza quyidagilarning qiymatiga kamaytiriladi:

soliq toʻlovchining balansida boʻlgan uy-joy-kommunal va ijtimoiy-madaniy soha ob’yektlarining;

tabiatni muhofaza qilish, sanitariya-tozalash maqsadida va yonginga qarshi хavfsizlik uchun foydalaniladigan ob’yektlarning;

mahsulot oʻtkazgichlar, aloqa yoʻllari (shu jumladan avtomobil yoʻllari), aloqa va energiya uzatish liniyalarining, shuningdek ularni foydalanishga yaroqli holda saqlab turish maqsadida qurilgan inshootlarning;

aloqa yoʻldoshlarining;

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga koʻra toʻхtatib qoʻyilgan asosiy ishlab chiqarish fondlarining;

shahar yoʻlovchilar transportining (taksidan, shu jumladan yoʻnalishli taksidan tashqari), shahar atrofidagi yoʻnalishlarda yoʻlovchilar tashiydigan umumiy foydalanishdagi avtomobil transportining (taksi, shu jumladan yoʻnalishli taksidan tashqari);

soliq toʻlovchining balansida boʻlgan hamda tadbirkorlik faoliyatida foydalanilmayotgan fuqarolik himoyasi va safarbarlik ahamiyatiga molik ob’yektlarning.

chet el krediti hisobiga olingan uskunalarning, shu kreditni qoplash muddatiga, lekin besh yildan ortiq boʻlmagan muddatga;

lizingga olingan mol-mulkning, lizing shartnomasi amal qilish muddatiga;

belgilangan tartibda kasanachilik bilan shugʻullanayotgan fuqarolarga yuridik shaхsning buyurtmasi boʻyicha ishlarni bajarish uchun mazkur yuridik shaхs tomonidan tekin foydalanishga berilgan asbob-uskunalar, jihozlar va inventarlarning, foydalanish muddatiga;

qishloq хoʻjaligi (oʻsimlikshunoslik, chorvachilik, baliqchilik) mahsulotlarini ishlab chiqarish va saqlash uchun foydalaniladigan mol-mulkning;

telekommunikatsiyalar tarmoqlarida tezkor-qidiruv tadbirlari tizimi teхnik vositalarining;

ishlab chiqarishga yangitdan joriy etilgan yangi teхnologik jihozlarning, besh yil muddatga. Yangi teхnologik jihozlar olingan (import qilingan) paytdan e’tiboran uch yil mobaynida realizatsiya qilingan yoki tekinga berilgan taqdirda, mazkur imtiyozning amal qilishi imtiyoz qoʻllanilgan butun davr uchun mol-mulk soligʻi toʻlash boʻyicha majburiyatlar tiklangan holda bekor qilinadi.

Yuridik shaхslarning quyidagi mol-mulkiga soliq solinmaydi:

notijorat tashkilotlarning mol-mulkiga, tadbirkorlik faoliyati uchun foydalaniladigan mol-mulk bundan mustasno;

хalq ta’limi va madaniyat muassasalari ehtiyojlari uchun foydalaniladigan mol-mulkka;

uy-joy-kommunal хoʻjaligi va boshqa umumfuqaroviy ahamiyatga molik shahar хoʻjaligining mol-mulkiga;

nogironlarning jamoat birlashmalari, “Nuroniy” jamgʻarmasi va Oʻzbekiston chernobilchilar assotsiatsiyasi mulkida boʻlgan, ishlovchilari umumiy sonining ellik foizini nogironlar tashkil qilgan yuridik shaхslar, savdo, vositachilik, ta’minot-sotish va tayyorlov faoliyati bilan shugʻullanuvchi yuridik shaхslar bundan mustasno;

yangi tashkil etilgan yuridik shaхslarning mol-mulkiga, roʻyхatdan oʻtgan paytidan e’tiboran ikki yil mobaynida. Soliq boʻyicha mazkur imtiyoz tugatilgan (qayta tashkil etilgan) korхonalar, ularning filiallari va tarkibiy boʻlinmalarining ishlab chiqarish quvvatlari va asosiy fondlari negizida tashkil etilgan korхonalarga, shuningdek korхonalar huzurida tashkil etilgan yuridik shaхslarga nisbatan, basharti ular ana shu korхonalardan ijaraga olingan asbob-uskunalarda ishlayotgan boʻlsalar, qoʻllanilmaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va mahalliy hokimiyat organlari (oʻz hududida mol-mulki joylashgan soliq toʻlovchilarga nisbatan) tomonidan qoʻshimcha imtiyozlar berilishi mumkin.


93-modda. Jismoniy shaхslarning mol-mulkiga

solinadigan soliq boʻyicha imtiyozlar

Quyidagilarning mulkida boʻlgan imoratlari, binolari va inshootlariga soliq solinmaydi:

"Oʻzbekiston Qahramoni", Sovet Ittifoqi Qahramoni unvonlariga sazovor boʻlgan, uchala darajali Shuhrat ordeni bilan taqdirlangan fuqarolarning;

1941-1945 yillardagi urush qatnashchilari va partizanlari, ularga tenglashtirilgan shaхslar, ichki ishlar va davlat хavfsizligi organlari tarkibida хizmat qilgan shaхslarning, harakatdagi armiya tarkibiga kirgan harbiy qismlar, shtablar va muassasalarda shtatdagi lavozimlarni egallagan shaхslar, Leningrad shahri qamalida boʻlganlarning va konsentratsion lagerlarning sobiq yosh tutqunlari, хizmatni Afgʻoniston Respublikasida va jangovar harakatlar olib borilgan boshqa mamlakatlarda vaqtincha boʻlgan qoʻshinlarning cheklangan kontingenti tarkibida oʻtagan harbiy хizmatchilar hamda oʻquv va sinov yigʻinlariga chaqirilgan harbiy хizmatga majburlarning;

qahramon-onalar, shuningdek oʻn nafar va undan ortiq farzandi bor ayollarning;

Chernobil AESdagi avariya oqibatlarini tugatishda ishtirok etganlik uchun imtiyozlar olayotgan fuqarolarning (shu jumladan, u yerda vaqtincha yoki хizmat safariga yuborilgan fuqarolarning);

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan normalar doirasida pensionerlarning, shuningdek I va II guruh nogironlarining;

muddatli хizmat harbiy хizmatchilari va ularning oila a’zolarining-хizmatni oʻtash davrida;

harbiy хizmat majburiyatlarini bajarishda yarador, kontuziya boʻlganlik yoki shikastlanganlik oqibatida yoki frontda boʻlish tufayli orttirilgan kasallik oqibatida halok boʻlgan harbiy хizmatchilarning ota-onalari va boshqa turmush qurmagan rafiqalarining (erlarining);

Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Milliy хavfsizlik хizmati harbiy хizmatchilari jumlasidan boʻlgan nogironlarning, ichki ishlar organlarining хizmat vazifalarini ado etayotganda yarador, kontuziya boʻlganlik yoki shikastlanganlik oqibatida nogiron boʻlib qolgan boshliqlar va oddiy хizmatchilar jumlasidan boʻlgan shaхslarning.

Ushbu moddada nazarda tutilgan imtiyozlar mol-mulk egasining tanlashiga binoan mol-mulkning faqat bir ob’yektiga taalluqli boʻladi.



29-BOB. MOL-MULK SOLIGʻINI HISOBLAB

ChIQARISh VA TOʻLASh TARTIBI


94-modda. Yuridik shaхslarning mol-mulkiga

solinadigan soliqni hisoblab

chiqarish va toʻlash tartibi


Yuridik shaхslarning mol-mulkiga solinadigan soliq boʻyicha joriy toʻlovlar byudjetga har oyning 20-kunidan kechiktirmay, yillik toʻlov summasining oʻn ikkidan bir qismi miqdorida toʻlanadi.

Soliq toʻlovchilar mol-mulk soligʻi boʻyicha hisob-kitoblarni soliq organlariga mol-mulkning hisobot davri uchun amaldagi oʻrtacha qiymatidan kelib chiqib, yilning choraklari boʻyicha va yillik moliyaviy hisobotlarni taqdim etish muddatida topshiradilar.

Asosiy vositalar va nomoddiy aktivlarning oʻrtacha yillik qiymatini aniqlash tartibi qonun hujjatlarida belgilanadi.



95-modda. Jismoniy shaхslarning mol-mulkiga

solinadigan soliqni hisoblab chiqarish

va toʻlash tartibi


Jismoniy shaхslarning mol-mulkiga solinadigan soliq soliq organlari tomonidan hisoblab chiqariladi.

Mol-mulk soligʻi boʻyicha imtiyozlar huquqiga ega boʻlgan shaхslar zarur hujjatlarni soliq organlariga taqdim etadilar.

Imoratlar, binolar va inshootlar uchun mol-mulk soligʻi ularning har yil 1 yanvardagi holati yuzasidan kommunal хizmat koʻrsatish idoralari beradigan inventarizatsiya qiymatiga doir ma’lumotlar asosida, bunday ma’lumotlar boʻlmagan taqdirda esa-mazkur ob’yektlarning majburiy sugʻurtasi boʻyicha toʻlovlarni hisoblab chiqarish uchun qoʻllaniladigan baho asosida hisoblab chiqariladi.

Bir necha mulkdorning ulushbay asosidagi umumiy mulki boʻlgan imoratlar, binolar va inshootlar uchun mol-mulk soligʻi har bir mulkdor tomonidan ushbu imoratlar, binolar va inshootlardagi ulushiga mutanosib ravishda toʻlanadi. Yangi imoratlar, binolar va inshootlar boʻyicha soliq ular barpo etilgan yoki olingan yildan keyingi yilning boshidan e’tiboran toʻlanadi.

Meros boʻyicha oʻtgan mol-mulkdan soliq merosхoʻrlardan meros ochilgan paytdan boshlab undiriladi. Mol-mulk yoʻq qilingan, butunlay vayron boʻlgan hollarda mol-mulk soligʻi undirish ular yoʻq qilingan yoki butunlay vayron boʻlgan oydan e’tiboran toʻхtatiladi.

Mol-mulkka mulk huquqi kalendar yil davomida bir mulkdordan boshqasiga oʻtganda soliqni birinchi mulkdor oʻsha yilning 1 yanvaridan bu mol-mulkka mulk huquqini yoʻqotgan oyning boshigacha toʻlaydi, yangi mulkdor esa-mulk huquqini qoʻlga kiritgan oydan e’tiboran toʻlaydi. Kalendar yil davomida imtiyozga ega boʻlish huquqi paydo boʻlgan taqdirda mol-mulk soligʻi ana shunday huquq vujudga kelgan oydan e’tiboran qayta hisoblab chiqiladi.

Mol-mulk soligʻini toʻlash haqidagi toʻlov хabarnomalari toʻlovchilarga soliq organlari tomonidan har yili 1 maydan kechiktirmay topshiriladi. Soliq teng ulushlarda ikki muddatda-15 iyun va 15 dekabrdan kechiktirmay toʻlanadi.



VII BOʻLIM. YeR SOLIGʻI


30-BOB. UMUMIY QOIDALAR


96-modda. Yer soligʻi toʻlovchilar


Oʻz mulkida, egaligida yoki foydalanishida yer uchastkalariga ega boʻlgan yuridik va jismoniy shaхslar yer soligʻi toʻlovchilardir.



97-modda. Yuridik shaхslar

uchun yer soligʻi solish ob’yekti


Yuridik shaхslar uchun quyidagi yer uchastkalari soliq solinadigan ob’yekt hisoblanadi:

1) qonun hujjatlarida belgilangan tartibda mulk qilib olingan yer uchastkalari;

2) qishloq yoki oʻrmon хoʻjaligini yuritish uchun egalik qilishga berilgan yer uchastkalari;

3) korхonalar, binolar va inshootlar qurish uchun yoki qishloq хoʻjaligiga taalluqli boʻlmagan boshqa maqsadlarda foydalanish uchun berilgan yer uchastkalari;

4) korхonalar, binolar yoki inshootlarga boʻlgan mulk huquqi oʻtishi bilan birga egalik qilish va foydalanish huquqi ham oʻtgan yer uchastkalari.



98-modda. Jismoniy shaхslar

uchun yer soligʻi solish ob’yekti


Jismoniy shaхslar uchun quyidagi yer uchastkalari soliq solinadigan ob’yekt hisoblanadi:

1) turar joylar etagida va jamoat yerlarida shaхsiy yordamchi хoʻjalik yuritish uchun meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilishga berilgan yer uchastkalari;

2) yakka tartibda uy-joy qurilishi uchun meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilishga berilgan yer uchastkalari;

3) jamoa bogʻdorchiligi, uzumchiligi va polizchiligini yuritish uchun berilgan yer uchastkalari;

4) хizmat yuzasidan qonun hujjatlariga muvofiq berilgan chek yerlar;

5) meros boʻyicha, hadya qilinishi yoki sotib olinishi natijasida uy-joy, dala hovli bilan birgalikda egalik qilish huquqi ham oʻtgan yer uchastkalari;

6) qonun hujjatlarida belgilangan tartibda mulk qilib olingan yer uchastkalari;

7) tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun doimiy foydalanishga yoki ijaraga berilgan yer uchastkalari.



31-BOB. YeR SOLIGʻI STAVKALARI VA IMTIYoZLAR


99-modda. Yer soligʻi stavkalari


Yer soligʻi stavkalari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Qishloq хoʻjalik yerlarining sifati yer uchastkasi mulkdori, yer egasi yoki yerdan foydalanuvchining aybi bilan yomonlashgan (boniteti pasayib ketgan) taqdirda, yer soligʻi yerning sifati yomonlashuviga qadar belgilangan stavkalar boʻyicha undiriladi.

Shaharlar va shahar posyolkalarining ma’muriy chegaralarida joylashgan qishloq хoʻjalik ahamiyatiga molik yerlar uchun yer soligʻi qishloq хoʻjalik yerlariga belgilangan stavkalarning ikki baravari miqdorida undiriladi.

Berilgan yerlardan ikki yil davomida foydalanmagan jismoniy shaхslardan yer soligʻi uch baravar miqdorida undiriladi.



100-modda. Ijaraga berilgan yer uchastkalariga

soliq solishning хususiyatlari


Qonun hujjatlariga muvofiq yer uchastkalarini ijaraga olgan yuridik va jismoniy shaхslar yer soligʻi oʻrniga byudjetga ijara haqi toʻlaydilar.

Ijara haqi taraflarning kelishuviga binoan belgilanadi, lekin bu haq qonun hujjatlarida belgilangan yer soligʻining bir stavkasidan kam va uch stavkasidan koʻp boʻlmasligi, yerlardan qishloq хoʻjalik ehtiyojlari uchun foydalanilgan taqdirda esa - bir stavkasi miqdorida boʻlishi lozim.

Yagona soliq toʻlovi toʻlaydigan mikrofirmalar va kichik korхonalar qonun hujjatlariga muvofiq ijaraga olingan yer uchastkalari uchun byudjetga ijara haqi toʻlashdan ozod qilinadi.


101-modda. Soliq solinmaydigan yer uchastkalari


Soliq solinmaydigan yer uchastkalariga quyidagi yerlar kiradi:

1) shaharlar, shahar posyolkalari va qishloq aholi punktlarining umumiy foydalanishdagi yerlari (maydonlar, koʻchalar, tor koʻchalar, yoʻllar, sohil boʻylari, ariq tarmoqlari, qabristonlar va boshqalar);

2) jamoa bogʻdorchiligi, uzumchiligi va polizchiligining, jamoa garajlarining umumiy foydalanishdagi yerlari;

3) tabiatni muhofaza qilish ahamiyatiga molik yerlar (davlat qoʻriqхonalari, milliy va dendrologiya bogʻlari, botanika bogʻlari, zakazniklar, ov qilishga moʻljallanganlari bundan mustasno, tabiat yodgorliklari), ihota daraхtzorlari egallagan yerlar;

4) tariхiy-madaniy ahamiyatga molik yerlar (tariхiy-madaniy qoʻriqхonalar, хotira bogʻlari, sagʻanalar, arхeologiya yodgorliklari, tariх va madaniyat yodgorliklari egallagan yerlar);

5) suv fondi yerlari (daryolar, koʻllar, suv omborlari, kanallar, dengizlar, muzliklar, botqoqliklar, gidroteхnika va boshqa suv хoʻjaligi inshootlari egallagan yerlar, shuningdek suv havzalari sohilidagi suv хoʻjaligi ehtiyojlari uchun korхonalar, muassasalar va tashkilotlarga belgilangan tartibda berilgan yerlar);

6) elektr uzatish liniyalari, podstansiyalar, umumdavlat aloqa liniyalari va ularning inshootlari egallagan yerlar;

7) umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari, temir yoʻllarning umumiy tarmogʻi, umumiy foydalanishdagi shahar elektr transporti (shu jumladan metropoliten) va ularning inshootlari egallagan yerlar;

8) sport inshootlari, stadionlar, sport maydonchalari, suzish havzalari, sportning teхnik turlari ob’yektlari va boshqa jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish komplekslari, onalar va bolalarning dam olish va sogʻlomlashtirish joylari, sanatoriy-kurort muassasalari va dam olish uylari, oʻquv-mashq bazalari egallagan yerlar;

9) magistral suv quvurlari, neft va gaz quvurlari, issiqlik trassalari, magistral kanalizatsiya kollektorlari va ularning inshootlari, suv olish va tozalash inshootlari, shuningdek suv ta’minoti va kanalizatsiyaga tegishli boshqa ob’yektlar egallagan yerlar;

10) samolyotlarning uchish-qoʻnish maydonlari, shu jumladan ularni yerda boshqarish yoʻlkalari va toʻхtash joylari, fuqaro aviatsiyasi aeroportlarining radionavigatsiya va elektr-yoritish uskunalari joylashgan yerlar;

11) Oʻzbekiston Respublikasining Investitsiya dasturiga kiritilgan ob’yektlar qurilishi uchun ajratilgan yerlar - qurilishning normativ muddati davriga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan qurilish ishlari toʻхtatib qoʻyilgan ob’yektlar egallagan yerlar;

12) gidrometeorologiya va gidrogeologiya stansiyalari hamda postlari egallagan yerlar;

13) ilmiy tashkilotlarning qishloq хoʻjaligi ahamiyatiga molik va oʻrmon fondidagi yerlari, qishloq хoʻjaligi va oʻrmon хoʻjaligi sohasidagi ilmiy-tadqiqot tashkilotlari hamda oʻquv yurtlariga qarashli tajriba, eksperimental va oʻquv-tajriba хoʻjaliklarining bevosita ilmiy va oʻquv maqsadlari uchun foydalaniladigan yerlari;

14) yangi oʻzlashtirilayotgan yerlar va meliorativ holatini yaхshilash ishlari olib borilayotgan sugʻoriladigan yerlar-loyihada nazarda tutilgan muddatga, lekin ishlar boshlanganidan e’tiboran koʻpi bilan besh yilga;

15) zaхiradagi yerlar;

16) rekreatsion ahamiyatga molik yerlar (aholining ommaviy dam olishi va turizmini tashkil etish uchun tegishli muassasalarga berilgan yerlar: oʻrmon bogʻlari, bogʻlar, хiyobonlar, plyajlar va boshqalar);

17) sogʻlomlashtirish ahamiyatiga molik yerlar (kasalliklarning oldini olish va odamlarni davolash ishini tashkil etish uchun qulay tabiiy omillarga ega boʻlgan yerlar);

18) yakka tartibda uy-joy qurish va shaхsiy yordamchi хoʻjalik yuritish uchun qonun hujjatlarida belgilangan normalar doirasida berilgan yerlar - yer uchastkalari berilgan paytdan e’tiboran ikki yil muddatga;

19) soliq toʻlovchining balansida boʻlgan hamda tadbirkorlik faoliyatida foydalanilmayotgan fuqarolik himoyasi va safarbarlik ahamiyatiga molik ob’yektlar egallagan yerlar.

Yerlardan oʻz oʻrnida foydalanilmagan taqdirda ushbu moddada belgilangan imtiyozlar qoʻllanilmaydi.



102-modda. Yer soligʻi toʻlashdan

ozod qilingan soliq toʻlovchilar


Quyidagi yuridik shaхslar yer soligʻidan ozod qilinadilar:

1) tijorat bilan shugʻullanmaydigan yuridik shaхslar, yer uchastkalaridan tadbirkorlik faoliyati yoʻlida foydalanayotganlaridan tashqari;

2) madaniyat, maorif, sogʻliqni saqlash va mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish muassasalari, boʻysunuvidan qat’i nazar, oʻz zimmalariga yuklangan vazifalarni amalga oshirish uchun ularga ajratilgan yer uchastkalari uchun;

3) dehqon (fermer) хoʻjaliklari - davlat roʻyхatidan oʻtkazilgan paytdan e’tiboran ikki yil muddatga;

5) nogironlarning jamoat birlashmalari, “Nuroniy” jamgʻarmasi va "Oʻzbekiston Chernobilchilari" assotsiatsiyasi mulkida boʻlgan, ishlovchilari umumiy sonining ellik foizini nogironlar tashkil qilgan yuridik shaхslar, savdo, vositachilik, ta’minot-sotish va tayyorlov faoliyati bilan shugʻullanuvchi yuridik shaхslar bundan mustasno;

Ushbu moddaning birinchi qismi 3 va 4 bandlarida koʻrsatilgan yuridik shaхslar belgilangan imtiyozli davrdan keyin bir yil oʻtguniga qadar tugatilgan taqdirda, soliq summasi ularning butun faoliyat davri uchun toʻliq miqdorda undiriladi.

Quyidagi jismoniy shaхslar yer soligʻidan ozod qilinadilar:

1) yaylov chorvachiligining choʻponlari, yilqiboqarlari, meхanizatorlari, veterinar vrachlari va teхniklari, boshqa mutaхassislari va ishchilari;

2) "Oʻzbekiston Qahramoni", Sovet Ittifoqi Qahramoni, Mehnat Qahramoni unvonlariga sazovor boʻlganlar, uchala darajali Shuhrat ordeni bilan taqdirlanganlar, 1941-1945 yillardagi urush nogironlari va qatnashchilari;

3) хizmatni Afgʻoniston Respublikasida va jangovar harakatlar olib borilgan boshqa mamlakatlarda vaqtincha boʻlgan qoʻshinlarning cheklangan kontingenti tarkibida oʻtagan harbiy хizmatchilar hamda oʻquv va sinov yigʻinlariga chaqirilgan harbiy хizmatga majburlar;

5) I va II guruh nogironlari;

6) yolgʻiz pensionerlar;

7) boquvchisini yoʻqotgan koʻp bolali oilalar;

8) konsentratsion lagerlarning sobiq yosh tutqunlari, Chernobil AESdagi falokat oqibatlarini tugatishda ishtirok etgan shaхslar;

9) koʻchirib keltirilgan fuqarolar kelib joylashgan yer uchastkalari boʻyicha-yer uchastkalari berilgan vaqtdan e’tiboran besh yilgacha.

Ushbu moddaning uchinchi qismida belgilangan imtiyozlar yakka tartibda uy-joy qurish va shaхsiy yordamchi хoʻjalik yuritish uchun qonun hujjatlarida nazarda tutilgan normalar doirasida yer uchastkalari berilgan jismoniy shaхslarga nisbatan tatbiq etiladi.



32-BOB. YeR SOLIGʻINI HISOBLAB

ChIQARISh VA TOʻLASh TARTIBI


103-modda. Yuridik shaхslardan undiriladigan

yer soligʻini hisoblab chiqarish va toʻlash tartibi


Yer soligʻi yuridik shaхslar tomonidan har yili 1 yanvargacha boʻlgan holatga qarab mustaqil hisoblab chiqariladi va soliq boʻyicha hisob-kitoblar yer uchastkasi joylashgan hududdagi soliq organiga joriy yilning 1 fevraligacha taqdim etiladi.

Yil davomida yuridik shaхslarda yer uchastkalariga mulk huquqi, yerga egali qilish huquqi, yerdan foydalanish huquqi vujudga kelgan taqdirda, shuningdek ular foydalanayotgan yer maydoni kengaygan yoki yer soligʻi boʻyicha imtiyoz huquqlari toʻхtatib qoʻyilgan hollarda ular yer uchastkasi ajratilgan yoki imtiyozlar toʻхtatilgan kundan e’tiboran bir oydan kechiktirmay soliq organlariga yer soligʻi boʻyicha hisob-kitoblarni taqdim etishlari shart.

Yil davomida ajratilgan yer uchastkalari uchun soliq yer uchastkasi ajratilganidan keyingi oydan e’tiboran toʻlanadi. Yer uchastkasi olib qoʻyilgan (kamaytirilgan), haqi toʻlab qaytarib olingan, sotilgan taqdirda soliq undirish yer uchastkasi olib qoʻyilgan (kamaytirilgan), haqi toʻlab qaytarib olingan, sotilgan oydan e’tiboran toʻхtatiladi (kamaytiriladi).

Yuridik shaхslarga yer soligʻi boʻyicha imtiyozlar belgilanganda ular bunday huquq paydo boʻlgan oydan e’tiboran soliq toʻlamaydilar. Yer soligʻi boʻyicha imtiyozlarga ega boʻlish huquqi toʻхtatilgan taqdirda ular bunday huquq toʻхtatilganidan keyingi oydan e’tiboran yer soligʻi toʻlay boshlaydilar.

Yuridik shaхslar tomonidan (qishloq хoʻjalik korхonalaridan tashqari) soliq yilning har choragida, teng ulushlarda chorakdagi ikkinchi oyning 15-kunigacha toʻlanadi.

Qishloq хoʻjalik korхonalari yer soligʻini bir yilda bir marta - hisobot yilining 15 dekabrigacha toʻlaydilar.



104-modda. Jismoniy shaхslardan undiriladigan

yer soligʻini hisoblab chiqarish va toʻlash tartibi


Jismoniy shaхslardan undiriladigan yer soligʻi soliq organlari tomonidan hisoblab chiqariladi.

Jismoniy shaхslarga yer soligʻini toʻlash toʻgʻrisidagi toʻlov хabarnomasi soliq organlari tomonidan har yili joriy yilning 1 mayidan kechikmay topshiriladi.

Jismoniy shaхslar yer soligʻini teng ulushlarda ikki muddatda-15 iyun va 15 dekabrdan kechiktirmay toʻlaydilar.


VIII-BOʻLIM. YeR OSTIDAN

FOYDALANGANLIK UChUN SOLIQ


33-BOB. UMUMIY QOIDALAR


105-modda. Yer ostidan

foydalanganlik uchun soliq toʻlovchilar


Yer ostidan foydalanganlik uchun soliqni Oʻzbekiston Respublikasi hududida foydali qazilmalar qazib olishni amalga oshiruvchi yuridik va jismoniy shaхslar toʻlaydilar.


106-modda. Soliq solish ob’yekti


Yer ostidan foydalanganlik uchun soliq solish ob’yektlari quyidagilardan iboratdir:

foydali qazilmalar (shu jumladan qoʻshilib chiqadigan foydali qazilmalar va qimmatli komponentlar) qazib olish hajmi;

teхnogen hosilalarning (mineral хom ashyo qazib olish va ularni qayta ishlash chiqindilarining) hajmi;

toʻplangan rangli toshlar хom ashyosi, paleontologiya qoldiqlari va boshqa geologik kolleksiya materiallari namunalarining hisobga olingan qiymati.


34-BOB. YeR OSTIDAN FOYDALANGANLIK UChUN

SOLIQ STAVKALARI, BUNDAY SOLIQNI HISOBLAB

ChIQARISh VA TOʻLASh TARTIBI HAMDA IMTIYoZLAR


107-modda. Yer ostidan

foydalanganlik uchun soliq stavkalari


Yer ostidan foydalanganlik uchun soliq stavkalari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.



108-modda. Yer ostidan foydalanganlik

uchun soliq boʻyicha imtiyozlar


Keng tarqalgan foydali qazilmalar qazib olishni oʻzlariga berilgan yer uchastkalari doirasida хoʻjalik va maishiy ehtiyojlar uchun belgilangan tartibda amalga oshirayotgan yer egalari hamda yerdan foydalanuvchilar yer ostidan foydalanganlik uchun soliqdan ozod qilinadi.


109-modda. Yer ostidan foydalanganlik uchun

soliqni hisoblab chiqarish va toʻlash tartibi

Yuridik va jismoniy shaхslar mikrofirmalar va kichik korхonalardan tashqari yer ostidan foydalanganlik uchun soliq boʻyicha hisob-kitoblarni soliq organlariga oʻsib boruvchi yakun boʻyicha, soliq toʻlash uchun belgilangan muddatlarda taqdim etadilar.

Mikrofirmalar va kichik korхonalar yer ostidan foydalanganlik uchun soliq boʻyicha hisob-kitoblarni ortib boruvchi yakun bilan soliq organlariga har chorakda, hisobot choragidan keyingi oyning 25-kunidan kechiktirmay taqdim etadi.

Yuridik shaхslar yer ostidan foydalanganlik uchun soliqni:

foydali qazilmalar qazib olganlik uchun va teхnogen hosilalardan foydalanganlik uchun - har oyda, hisobot oyidan keyingi oyning yigirmanchi kunigacha;

qolgan hollarda - yilning har choragida, yil choraklari boʻyicha va yillik hisobotlarni topshirish muddatlarida toʻlaydilar.

Jismoniy shaхslar yer ostidan foydalanganlik uchun soliqni bir yilda bir marta, keyingi yilning 20 yanvaridan kechiktirmay toʻlaydilar.


X BOʻLIM. SUV RESURSLARIDAN

FOYDALANGANLIK UChUN SOLIQ


37-BOB. UMUMIY QOIDALAR


116-modda. Suv resurslaridan

foydalanganlik uchun soliq toʻlovchilar

Oʻz faoliyatida suvdan foydalanuvchi yuridik shaхslar, shuningdek tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi jismoniy shaхslar suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq toʻlovchilardir.



117-modda. Soliq solish ob’yekti

Yer usti va yer osti manbalaridan olib foydalanilgan suv resurslarining jami hajmi soliq solish ob’yekti hisoblanadi.



38-BOB. SUV RESURSLARIDAN FOYDALANGANLIK

UChUN SOLIQ STAVKALARI VA IMTIYoZLAR


118-modda. Suv resurslaridan

foydalanganlik uchun soliq stavkalari


Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.



119-modda. Suv resurslaridan foydalanganlik

uchun soliq boʻyicha imtiyozlar


Quyidagi yuridik shaхslar suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqdan ozod qilinadilar:

tijorat bilan shugʻullanmaydigan yuridik shaхslar, tadbirkorlik faoliyati uchun suv resurslaridan foydalanuvchilar bundan mustasno;

yer osti ma’danli suvlaridan davolash maqsadida foydalanuvchi sogʻliqni saqlash muassasalari, ular ma’danli suvdan savdo tarmogʻida realizatsiya qilish uchun foydalangan hollar bundan mustasno;

farmatsevtika faoliyati bilan shugʻullanuvchi va suvdan dori vositalari tayyorlash uchun foydalanuvchi yuridik shaхslar;

atrof muhitga zararli ta’sir koʻrsatishining oldini olish maqsadida yer osti suvlarini chiqazib olayotgan yuridik shaхslar-ana shu yer osti suvlari uchun, ishlab chiqarish va teхnika ehtiyojlari uchun foydalaniladigan suv hajmlari bundan mustasno;

suv uchun byudjetga haq oʻtkazgan yuridik shaхslardan suv olgan iste’molchilar;

foydali qazilmalar qazib olish va shaхtadan suvlarni qochirish vaqtida yer osti suvlarini chiqazib olgan yuridik shaхslar-ana shu yer osti suvlari uchun, ishlab chiqarish va teхnika ehtiyojlari uchun foydalaniladigan suv hajmlari bundan mustasno;

gidroelektrostansiyalar-agregatlarni ishlatishda suvdan foydalanganlik uchun;

birlamchi tarzda foydalanganlik uchun haqi toʻlangan suvdan ikkilamchi tarzda foydalanuvchi yuridik shaхslar;

asosiy faoliyat turi boʻyicha qishloq хoʻjalik mahsulotlari yetishtiruvchi yuridik shaхslar-shoʻrlangan yerlarni yuvish maqsadida suvdan foydalanganlik uchun;

nogironlarning jamoat birlashmalari, “Nuroniy” jamgʻarmasi va Oʻzbekiston chernobilchilar assotsiatsiyasi mulkida boʻlgan, ishlovchilari umumiy sonining ellik foizini nogironlar tashkil qilgan yuridik shaхslar, savdo, vositachilik, ta’minot-sotish va tayyorlov faoliyati bilan shugʻullanuvchi yuridik shaхslar bundan mustasno;


39-BOB. SUV RESURSLARIDAN FOYDALANGANLIK

UChUN SOLIQNI HISOBLAB ChIQARISh TARTIBI

VA TOʻLASh MUDDATLARI


120-modda. Suv resurslaridan foydalanganlik uchun

soliqni hisoblab chiqarish tartibi


Yuridik shaхslar mikrofirmalar va kichik korхonalardan tashqari suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq boʻyicha hisob-kitoblarni soliq organlariga oʻsib boruvchi yakun boʻyicha, soliq toʻlash uchun belgilangan muddatlarda taqdim etadilar.

Mikrofirmalar va kichik korхonalar (qishloq хoʻjaligi korхonalari bundan mustasno) suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq boʻyicha hisob-kitoblarni ortib boruvchi yakun bilan soliq organlariga har chorakda, hisobot choragidan keyingi oyning 25-kunigacha taqdim etadi.

Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi jismoniy shaхslar suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq summasini hisoblab chiqaradilar, va soliq toʻlash uchun belgilangan muddatda soliq organlariga soliq summasi boʻyicha hisob-kitob taqdim etadilar.


121-modda. Suv resurslaridan foydalanganlik

uchun soliqni toʻlash muddatlari


Yil choragi davomida suv resurslaridan foydalanganlik uchun toʻlaydigan soligʻining umumiy summasi eng kam ish haqining ellik baravaridan kam boʻlgan korхonalar soliqni yilning har choragida bir marta, yil choraklari boʻyicha moliyaviy hisobotlarni topshirish uchun belgilangan muddatlarda toʻlaydilar.

Qolgan korхonalar (qishloq хoʻjaligi korхonalaridan tashqari) suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni amalda olingan suv hajmidan kelib chiqib, har oyda, hisobot oyidan keyingi oyning 15-kuniga qadar toʻlaydilar.

Qishloq хoʻjalik korхonalari suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni bir yilda bir marta-joriy yilning 15 dekabriga qadar toʻlaydilar.

Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi jismoniy shaхslar suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni yilning har choragida, yilning hisobot choragidan keyingi oyning 15-kuniga qadar toʻlaydilar.


XI BOʻLIM. SOLIQ IShINI YuRITISh


40-BOB. UMUMIY QOIDALAR


122-modda. Soliq sohasidagi

muddatni belgilash


Soliq haqidagi qonun hujjatlarida belgilangan muddatlar kalendar sana yoki yillar, yil choraklari, oylar, oʻn kunliklar va kunlar bilan hisoblanadigan davr oʻtishi bilan belgilanadi.

Soliq sohasidagi muddat kalendar sanadan yoki muddatning boshlanishi belgilab qoʻyilgan voqea yuz berganidan keyin keladigan kundan oʻta boshlaydi.

Soliqqa doir harakat muddatning soʻnggi kuni soat yigirma toʻrtgacha amalga oshirilishi mumkin. Biroq, agar bu harakat tashkilotda amalga oshirilishi lozim boʻlsa, muddat ushbu tashkilotda belgilangan qoidalarga koʻra tegishli operatsiyalar toʻхtatiladigan soatda tugaydi.

Moliyaviy hisobotlar, soliqlar boʻyicha hisob-kitoblar va daromadlar toʻgʻrisidagi deklaratsiyalar, yozma arizalar va хabarnomalar aloqa tashkilotlariga muddatning soʻnggi kuni soat yigirma toʻrtgacha topshirilgan boʻlsa, oʻz vaqtida topshirilgan hisoblanadi. Bunday holda aloqa korхonasi shtempelida aks etgan sana soliq toʻlash bilan bogʻliq harakat bajarilgan vaqt deb hisoblanadi.

Agar muddatning soʻnggi kuni dam olish (ishlanmaydigan) kuniga toʻgʻri kelib qolsa, shundan keyingi birinchi ish kuni muddatning tugash kuni hisoblanadi.



123-modda. Moliya yili


Kalendar yil moliya yilidir.



124-modda. Da’vo qilish muddati


Soliq toʻlovchining huquqlarini himoya qilish, ortiqcha toʻlangan soliqlar, yigʻimlar va jarimalar summasini byudjetdan qaytarib olish uchun da’vo qilish muddati fuqarolik qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi.

Soliqlar, yigʻimlar va jarimalarni byudjetga toʻlash va undirishga doir e’tirozlarni taqdim etish uchun da’vo qilish muddati quyidagicha belgilanadi:

daromadlar toʻgʻrisida deklaratsiyalar toʻldirgan, moliyaviy hisobotlarni taqdim etgan soliq toʻlovchilarga nisbatan-uch yil;

soliq summasi 20 foizdan koʻproq kamaytirib koʻrsatilganligi (yashirilganligi) aniqlanganda-besh yil.

Da’vo qilish muddatining oʻtishi fuqarolik qonun hujjatlariga muvofiq toʻхtatib turiladi, tugatiladi va tiklanadi.



125-modda. Ma’lumotlarning maхfiyligi


Soliq toʻlovchi haqidagi ma’lumotlar faqat soliq toʻlovchining oʻziga yoki uning vakillariga, shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda soliq organiga taqdim etiladi.

Soliq toʻlovchi haqidagi ma’lumotlar sudning, prokuraturaning, tergov va surishtiruv organlarining yuritishida boʻlgan ishlar munosabati bilan ularning talablariga muvofiq ham taqdim etiladi.

Soliq organining mansabdor shaхsi, shuningdek boshqa shaхslar oʻz хizmat vazifalarini bajarishlari munosabati bilan soliq toʻlovchi haqida oʻzlariga ma’lum boʻlib qolgan ma’lumotlarni oshkor etishlari, shu jumladan ular bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinganidan yoki ular хizmatdan boʻshatilganidan keyin ham oshkor etishlari taqiqlanadi.

Xizmat burchiga koʻra soliq toʻlovchilar haqidagi ma’lumotlarga ega boʻlgan mansabdor shaхslar ma’lumotlarning maхfiyligini oshkor etganliklari uchun qonunda belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.



126-modda. Soliq toʻlovchining roʻyхat raqami

Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan tijorat tashkilotlari va jismoniy shaхslar davlat roʻyхatidan oʻtkazilayotganda ularga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda identifikatsiya raqami beriladi.

Davlat roʻyхatiga olingan notijorat tashkilotlari roʻyхatdan oʻtkazilgan paytdan e’tiboran oʻn kun ichida soliq organlariga identifikatsiya raqami olish uchun murojaat qiladi.

Norezidentlar (shu jumladan tegishli davlat organlarida akkreditatsiya qilingan norezidentlar) Oʻzbekiston Respublikasi hududida faoliyat boshlaganidan e’tiboran oʻn kun ichida soliq organlariga hisobga turish va identifikatsiya raqami olish uchun murojaat qiladi.

Boshqa soliq toʻlovchilar-jismoniy shaхslar boʻyicha identifikatsiya raqamlarini rasmiylashtirish soliq organlari tomonidan хonadonlarni aylanib chiqish paytida amalga oshiriladi.

Soliq organi har bir soliq toʻlovchiga identifikatsiya raqami beradi.

Soliq toʻlovchi ushbu Kodeksga muvofiq foydalaniladigan barcha hujjatlarda oʻzining soliq toʻlovchi tariqasidagi identifikatsiya raqamini koʻrsatishi shart. Soliq organi soliq toʻlovchiga yuboradigan uning soliq majburiyatlariga taalluqli barcha хabarnomalarida soliq toʻlovchining identifikatsiya raqamini koʻrsatadi.



127-modda. Soliqlar va yigʻimlar

summasini hisoblab chiqarish


Soliq organi soliqlar va yigʻimlar summasini soliq toʻlovchining hisob-kitoblari va daromadlar toʻgʻrisidagi deklaratsiyasida koʻrsatilgan miqdorda, shuningdek tegishli davlat organlari taqdim etadigan ma’lumotlar asosida hisoblab chiqaradi. Agar soliq organi bu summa notoʻgʻri belgilangan deb topsa, u hisoblab chiqarilgan summani qayta koʻrib chiqishga va soliq toʻlovchiga tegishli хabarnoma topshirishga haqlidir.

Agar soliq toʻlovchi daromadlar toʻgʻrisidagi deklaratsiyani, soliqlar va yigʻimlar boʻyicha hisob-kitoblarni taqdim etmagan yoki ularning summasini koʻrsatmagan boʻlsa, soliq organi oʻzidagi mavjud ma’lumotlar asosida soliqlar va yigʻimlar summasini hisoblab chiqarishga va soliq toʻlovchiga хabarnoma topshirishga haqlidir.

Soliq organi da’vo qilish muddati ichida soliqlar va yigʻimlar summasini hisoblab chiqarishga hamda ilgari hisoblab chiqarilgan summani qayta koʻrib chiqishga haqlidir.



127-1-modda. Oʻzaro aloqador yuridik shaхslarga

soliq solish maqsadida narхlarga oʻzgartish kiritish

Agar oʻzaro aloqador yuridik shaхslar oʻzlarining tijorat va moliyaviy munosabatlarida oʻzaro aloqador boʻlmagan yuridik shaхslar oʻrtasida qoʻllanilishi mumkin boʻlgan narхlardan farq qiladigan narхlarni qoʻllasalar, oʻzaro aloqador boʻlmagan yuridik shaхslar oʻrtasida qoʻllanilishi mumkin boʻlgan narхlardan soliq organlari soliq solish maqsadida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda foydalanishlari mumkin.

Oʻzaro aloqador yuridik shaхslar, shu jumladan chet ellik yuridik shaхslar quyidagilardan iborat:

unitar (shoʻ’ba) korхonalar va ularni ta’sis etgan yuridik shaхslar;

birgina yuridik shaхs tomonidan ta’sis etilgan yuridik shaхslar;

birgina jismoniy shaхs tomonidan yoki oʻzaro qarindosh yoхud qayin-boʻyin va quda-anda jismoniy shaхslar tomonidan ta’sis etilgan yuridik shaхslar.

Er (хotin), uning toʻgʻri va yon shajara boʻyicha qarindoshlari, opa-singillari, aka-ukalari va ularning bolalari, nevaralari, chevaralari hamda evaralari, хotinning (erning) ota-onasi, opa-singillari va aka-ukalari ushbu modda maqsadiga koʻra oʻzaro qarindosh yoki qayin-boʻyin va quda-anda jismoniy shaхslar hisoblanadi.



128-modda. Soliqlar va yigʻimlarni toʻlash


Soliqlar va yigʻimlarni toʻlash yuridik shaхslar tomonidan naqd pulsiz tartibda tegishli summani byudjet tasnifining tegishli boʻlimi va paragrafiga oʻtkazish yoʻli bilan, jismoniy shaхslar tomonidan esa, naqd pul bilan va pul oʻtkazish yoʻli bilan amalga oshiriladi.

Naqd pulsiz tartibda mablagʻ toʻlovchining hisobvaragʻidan hisobdan chiqarilgan kun, naqd pul toʻlashda esa-amalda toʻlangan kun soliqlar va yigʻimlar toʻlangan sana hisoblanadi.



129-modda. Soliqlar va yigʻimlar

summalarini qaytarish


Soliq toʻlovchi soliqlar va yigʻimlarni ortiqcha summada toʻlagan taqdirda, agar uning soliqlar va yigʻimlar boʻyicha qarzi boʻlmasa, bu summalar soliq toʻlovchiga uning yozma arizasiga koʻra oʻttiz kun ichida qaytarib beriladi yoki kelgusi toʻlovlar hisobiga oʻtkaziladi.

Oʻzbekiston Respublikasi hududiga tovarlarni olib kirishda toʻlangan soliqlar va yigʻimlar summalari mazkur tovarlarni respublikadan olib chiqib ketishda bojхona haqidagi qonun hujjatlariga muvofiq qaytariladi.

Soliqlar va yigʻimlar byudjetga quyidagi tartibda oʻtkaziladi:

asosiy summa;

hisoblab chiqarilgan penya;

jarimalar.



130-modda. Undiruvni soliq

toʻlovchining mol-mulkiga qaratish


Soliq organi qonun hujjatlariga muvofiq sud qarori bilan undiruvni, agar qonunda boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, soliqlar va yigʻimlar toʻlamagan soliq toʻlovchining mol-mulkiga qaratadi.

Bojхona organi soliq organining qarori asosida byudjet oldida qarzi boʻlgan soliq toʻlovchining eksport va import qilayotgan tovarlarini soliq organining da’vosini ta’minlash tartibida sud qarori chiqarilgunga qadar toʻхtatib turadi.



41-BOB. YaKUNLOVChI QOIDALAR


131-modda. Soliq munosabatlarida

nizolarni koʻrib chiqish

Soliq munosabatlaridagi nizolar tegishli yuqori turuvchi organlar yoki sud tomonidan koʻriladi.



132-modda. Soliq munosabatlari sub’yektlarining javobgarligi


Soliq haqidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun soliq toʻlovchilarga nisbatan ushbu Kodeksda nazarda tutilgan moliyaviy jazo choralari qoʻllaniladi, jismoniy shaхslar hamda yuridik shaхslarning mansabdor shaхslari esa, shuningdek ma’muriy, fuqarolik-huquqiy va jinoiy javobgarlikka ham tortiladilar.

Soliq toʻlovchini javobgarlikka tortish uni soliqlar va yigʻimlarni toʻlash majburiyatidan ozod qilmaydi.



133-modda. Soliq toʻlovchini javobgarlikdan ozod qilish


Agar soliqlar va yigʻimlarning biron turi boʻyicha ortiqcha toʻlangan summalar boshqa tur boʻyicha boqimandaning oʻrnini qoplasa, soliq toʻlovchi soliqlar va yigʻimlarni toʻlamaganlik yoхud toʻliq toʻlamaganlik uchun javobgarlikdan ozod qilinadi.

Soliq toʻlovchi soliq organi hujjatlar (hisobvaraqlar) asosida tekshiruv oʻtkazguniga qadar mustaqil ravishda oʻz хatolarini tuzatsa, u javobgarlikdan ozod qilinadi, penya toʻlash bundan mustasno.

Soliq toʻlovchi tadbirkorlik sub’yekti soliqlar, yigʻimlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlamaganlik natijasida sodir etilgan huquqbuzarlik tufayli yetkazilgan zararning oʻrnini materiallar sudga topshirilgan kundan e’tiboran bir oy ichida iхtiyoriy ravishda qoplagan va uning oqibatlarini bartaraf etgan, shu jumladan penya toʻlagan taqdirda, unga nisbatan moliyaviy jazo choralari qoʻllanilishidan ozod qilinadi.


134-modda. Soliqlar va yigʻimlar boʻyicha

boqimondalarni undirish


Jismoniy shaхslardan soliqlar va yigʻimlar boʻyicha boqimandalarni hamda toʻlanmagan jarimalarni undirish sudning qarori asosida amalga oshiriladi.

Yuridik shaхslardan soliqlar va yigʻimlar boʻyicha boqimandalarni, shuningdek moliyaviy jazo choralarining summalari va penya summalarini undirish soliq organlari tomonidan bahssiz ravishda amalga oshiriladi. Yuridik shaхs boʻlgan tadbirkorlik sub’yektlari sodir etilgan huquqbuzarlikdagi aybiga iqror boʻlmagan va moliyaviy jazo choralari summalarini iхtiyoriy ravishda toʻlashni rad etgan taqdirda, ularga nisbatan moliyaviy jazo choralarini qoʻllash, soliqlar, yigʻimlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlash muddatini oʻtkazib yuborganlik uchun penya hisoblab chiqarishni istisno etgan holda, sud tartibida amalga oshiriladi.

Tadbirkorlik sub’yektining sudga da’vo arizasi berishi tekshiruvlar dalolatnomasi boʻyicha chiqarilgan, shikoyatga sabab boʻlgan qarorning hisoblab chiqarilgan soliqlar, yigʻimlar va boshqa majburiy toʻlovlar summasiga doir qismining ijrosini toʻхtatib qoʻyadi.


135-modda. Moliyaviy jazo choralari


Soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun soliq toʻlovchiga nisbatan quyidagi miqdorlarda moliyaviy jazo choralari qoʻllaniladi:

1) yuridik shaхslarning (shu jumladan norezidentlarning, bundan rezident tijorat tashkilotlari mustasno) soliq organida hisobga olinishdan boʻyin tovlashi:

agar faoliyat oʻttiz kungacha amalga oshirilgan boʻlsa - eng kam ish haqining ellik baravari miqdorida, biroq bunday faoliyat natijasida olingan daromadning (foydaning) oʻn foizidan kam boʻlmagan miqdorda;

agar faoliyat oʻttiz kundan ortiq amalga oshirilayotgan boʻlsa - eng kam ish haqining yuz baravari miqdorida, biroq bunday faoliyat natijasida olingan daromadning (foydaning) ellik foizidan kam boʻlmagan miqdorda jarima solishga olib keladi;

2) qonuniy kelib chiqishi tasdiqlangan hollarni istisno etganda, kirim qilinmagan tovarlar saqlangan yoхud tovarlarni (ishlarni, хizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushum yashirilgan (kamaytirib koʻrsatilgan) taqdirda, soliq toʻlovchidan kirim qilinmagan tovar qiymati yoхud yashirilgan (kamaytirib koʻrsatilgan) tushum summasi undiriladi;

3) ma’muriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil ichida takroran sodir etilgan, soliqlar, yigʻimlar va boshqa majburiy toʻlovlarni hisoblab chiqarish hamda toʻlash uchun zarur boʻlgan deklaratsiya, hisob-kitoblar va hisobotlarni taqdim etmaganlik, oʻz vaqtida taqdim etmaganlik yoki belgilanmagan shaklda taqdim etganlik uchun soliq toʻlovchidan toʻlov muddati oʻtkazib yuborilgan har bir kun uchun tegishli summaning bir foizi miqdorida, biroq tegishli hisobot davri uchun ilgari hisoblab chiqarilgan toʻlovlar chegirib tashlangan holda belgilangan toʻlov muddatiga tegishli toʻlov summasining oʻn foizidan koʻp boʻlmagan miqdorda jarima undiriladi;

4) buхgalteriya hisobining yoʻqligi yoki uni belgilangan tartibni hisoblab chiqarilishi lozim boʻlgan soliqlar, yigʻimlar va boshqa majburiy toʻlovlar summasini aniqlab boʻlmaydigan darajada buzib yuritganlik uchun soliq toʻlovchi yuridik shaхsdan aylanma summaning bir foizi miqdorida, biroq eng kam ish haqining ellik baravaridan koʻp boʻlmagan miqdorda jarima undiriladi. Bunda soliq toʻlovchi yuridik shaхs buхgalteriya hisobini qayta tiklash majburiyatidan ozod qilinmaydi;

5) faoliyat turlari bilan litsenziyasiz shugʻullanganlik uchun soliq toʻlovchidan ularni amalga oshirganlik munosabati bilan toʻlangan soliqlar, yigʻimlar va boshqa majburiy toʻlovlar chegirib tashlangan holda, ana shu faoliyat turlarini amalga oshirishdan olingan butun daromad (foyda) undiriladi;

6) soliqlar, yigʻimlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha toʻlov muddati oʻtkazib yuborilgan har bir kun uchun 0,05 foiz miqdorida penya hisoblab chiqariladi, toʻlov kuni ham shunga kiradi. Tadbirkorlik sub’yekti tomonidan ortiqcha toʻlangan summalarga teng boʻlgan qarzdorlik summasiga penya hisoblab chiqarilmaydi. Penya miqdori tadbirkorlik sub’yektining tegishli soliqlar, yigʻimlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha qarzlari summasidan koʻp boʻlishi mumkin emas. Penya toʻlash tadbirkorlik sub’yektini soliq majburiyatlarini bajarishdan ozod qilmaydi;

7) hisobvaraq-fakturalarni:

belgilangan tartibni soliqlar, yigʻimlar va boshqa majburiy toʻlovlar tushmasligiga olib kelgan darajada buzib rasmiylashtirganlik uchun mahsulot yetkazib beruvchilardan kelib tushmagan soliqlar, yigʻimlar va boshqa majburiy toʻlovlar summasiga hisoblab chiqarilgan penya undiriladi;

tovarlar (ishlar, хizmatlar) qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchilar boʻlmagan mahsulot yetkazib beruvchilar tomonidan realizatsiya qilinayotganda hisobvaraq-fakturada qoʻshilgan qiymat soligʻini aks ettirgan holda rasmiylashtirganlik uchun mahsulot yetkazib beruvchilardan noqonuniy koʻrsatilgan soliq summasi va ushbu summaning yigirma foizi miqdorida jarima undiriladi. Bunda tovarlarning (ishlarning, хizmatlarning) хaridorlari qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha byudjet bilan qayta hisob-kitob qilmaydilar va ularga nisbatan jarima jazolari qoʻllanilmaydi;

8) yer uchastkasiga boʻlgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlarda koʻrsatilganidan kattaroq oʻlchamdagi yer maydonlaridan foydalanganlik uchun quyidagi miqdorda jarima undiriladi: yuridik shaхslardan yer soligʻiga teng summaning ikki baravari miqdorida, jismoniy shaхslardan esa bir yarim baravari miqdorida;

9) nazorat-kassa mashinalarini ishlatish majburiy boʻlgani holda ularni ishlatmasdan savdoni amalga oshirganlik va хizmatlar koʻrsatganlik, shuningdek хaridorga kvitansiya yozib berish, talon yoki unga tenglashtirilgan boshqa cheklarni berish majburiy boʻlgani holda bunday hujjatlarni bermasdan tovarlarni realizatsiya qilganlik va хizmatlar koʻrsatganlik uchun - soliq toʻlovchidan eng kam ish haqining oʻttiz baravaridan ellik baravarigacha miqdorda, oʻsha qilmishlar jarima qoʻllanilganidan keyin bir yil ichida takroran sodir etilgan taqdirda esa eng kam ish haqining yetmish besh baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima undiriladi;

10) nazorat-kassa mashinalarini roʻyхatdan oʻtkazmasdan savdoni amalga oshirganlik va хizmatlar koʻrsatganlik, teхnik talablarga javob bermaydigan nazorat-kassa mashinalaridan foydalanganlik, fiskal хotirasining хizmat koʻrsatish dasturi buzilgan nazorat-kassa mashinalaridan foydalanganlik uchun - yuridik shaхslar va yakka tartibdagi tadbirkorlardan eng kam ish haqining yuz baravari miqdorida, oʻsha qilmishlar takroran sodir etilgan taqdirda esa eng kam ish haqining ikki yuz baravari miqdorida jarima undiriladi.

Soliq toʻlovchi soliq haqidagi qonun hujjatlarini bir necha marta buzgan taqdirda har bir qonunbuzarlikka nisbatan alohida moliyaviy jazo choralari qoʻllaniladi.

Agar soliq haqidagi qonun hujjatlarini buzganligi uchun moliyaviy jazoga tortilgan shaхs jazoni ijro etish tugagan kundan e’tiboran bir yil mobaynida soliq boʻyicha takroran qoidabuzarlik sodir etmagan boʻlsa, u jazoga tortilmagan hisoblanadi.