Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 08.06.2019 y. 474-son "Alkogol va tamaki bozorini samarali tartibga solishni ta’minlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi Qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI
VAZIRLAR MAHKAMASINING
QARORI
08.06.2019 y.
N 474
ALKOGOL VA TAMAKI BOZORINI
SAMARALI TARTIBGA SOLIShNI
TA’MINLASh ChORA-TADBIRLARI
TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining "Alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish va ularning aylanmasini davlat tomonidan tartibga solishni takomillashtirish hamda uzumchilik va vinochilikni rivojlantirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida" 2019 yil 5 fevraldagi PF-5656-son Farmoni hamda "Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida" 2019 yil 5 fevraldagi PQ-4162-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi QAROR QILADI:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasining byudjetdan tashqari jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq;
Iste’mol etil spirtini alkogol va boshqa mahsulotlar ishlab chiqaruvchilar oʻrtasida taqsimlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
ikki oy muddatda Iste’mol etil spirti ishlab chiqaruvchi tashkilotlarda joylashgan etil spirtining sifatini aniqlash boʻyicha laboratoriyalar toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlashni nazarda tutuvchi Hukumat qarorining loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari - moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. Aripov
Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi (www.lex.uz),
2019 yil 10 iyun