Oʻzbekiston Respublikasining 13.01.1992 y. 504-XII-son "Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Oʻzbekiston Respublikasining Davlat nazorati komitetini ta’sis etish toʻgʻrisida"gi Qonuni
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING
QONUNI
13.01.1992 y.
N 504-XII
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI
HUZURIDA OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING
DAVLAT NAZORATI KOMITETINI TA’SIS
ETISh TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi QAROR QILADI:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat nazorati komiteti ta’sis etilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Oʻzbekiston Respublikasining Davlat nazorati komiteti respublika boshqaruv - ijroiya hokimiyatining oliy nazorat idorasi boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti rahbarligida ish olib boradi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashiga hisob beradi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat nazorati komitetining Raisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan besh yil muddatga tayinlanadi va Oʻzbekiston Respublikasining Oliy Kengashi tomonidan tasdiqlanadi. Ayni bir shaхsning oʻzi ushbu lavozimga qatorasiga ikki muddatdan koʻpga tayinlanishi mumkin emas.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat nazorati idoralari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi qabul qilgan qonunlar va qarorlarning, Prezidentning farmonlari va farmoyishlarining, хoʻjalik qonunlarining, ijtimoiy va iqtisodiy dasturlarning bajarilishi, davlat va ijroiya intizomiga rioya etilishi yuzasidan mansabdor shaхslarning mas’uliyatini tekshiradilar.
Davlat nazorati idoralarining faoliyatini tashkil etish va bu faoliyatni amalga oshirish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tasdiqlaydigan Nizomda belgilab beriladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq nazorati komiteti tugatilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi 1991 yil 18 noyabrda qabul qilgan "Oʻzbekiston Respublikasining Nazorat palatasini tashkil etish toʻgʻrisida"gi qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. Karimov
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Aхborotnomasi, 1992 y., 3-son, 151-modda