Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 13.09.2011 y. 256-son "Imkoniyatlari cheklangan bolalar uchun iхtisoslashtirilgan davlat ta’lim muassasalari toʻgʻrisidagi me’yoriy-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash haqida"gi Qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI
VAZIRLAR MAHKAMASINING
QARORI
13.09.2011 y.
N 256
IMKONIYaTLARI ChEKLANGAN BOLALAR
UChUN IXTISOSLAShTIRILGAN DAVLAT
TA’LIM MUASSASALARI TOʻGʻRISIDAGI
ME’YoRIY-HUQUQIY HUJJATLARNI
TASDIQLASh HAQIDA
Rivojlanishida turli nuqsonlari boʻlgan hamda davolanishga va sogʻlomlashtirishga muhtoj boʻlgan bolalarning ijtimoiy kafolatlarini ta’minlovchi chora-tadbirlar samaradorligini yanada oshirish, ularning ta’lim-tarbiya olishlari uchun moslashuv muhitini yaratish, imkoniyatlari cheklangan bolalar uchun iхtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari (maktablar, maktab-internatlar)ning differensiallashgan tarmoqlarini maqbullashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi QAROR QILADI:
1. Quyidagilar:
Jismoniy yoki psiхik rivojlanishida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun iхtisoslashtirilgan davlat ta’lim muassasalari (maktablar, maktab-internatlar) toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Sanatoriy turidagi iхtisoslashtirilgan davlat ta’lim muassasalari (maktab-internatlar) toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda:
faoliyat koʻrsatayotgan iхtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari (maktablar, maktab-internatlar) faoliyatini ikki oy muddatda oʻrgansin va ularni ushbu qaror bilan tasdiqlangan nizomlar talablariga muvofiqlashtirsin;
iхtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari (maktablar, maktab-internatlar) faoliyatining muntazam nazorat qilinishini ta’minlasin, ularga yuklangan vazifalarni amalga oshirishda har tomonlama koʻmaklashsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. Mirziyoyev
"Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami", 2011 yil, 37-son, 380-modda
"Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami", 2011 yil, 9-son, 77-modda