Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 30.05.2011 y. PQ-1542-son "2011-2015 yillarda yolgʻiz keksalar, pensioner va nogironlarni ijtimoiy himoya qilishni yanada kuchaytirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi Qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI
PREZIDENTINING
QARORI
30.05.2011 y.
N PQ-1542
2011-2015 YILLARDA YoLGʻIZ KEKSALAR,
PENSIONER VA NOGIRONLARNI IJTIMOIY
HIMOYa QILIShNI YaNADA KUChAYTIRISh BOʻYIChA
QOʻShIMChA ChORA-TADBIRLAR TOʻGʻRISIDA
Yolgʻiz keksalar, pensioner va nogironlarni manzilli ijtimoiy himoya qilish, ularning turmush darajasi va hayot sifatini oshirish, ularni ijtimoiy ta’minlash tizimini takomillashtirish, shuningdek tibbiy-ijtimoiy muassasalarning moddiy-teхnik bazasini mustahkamlash maqsadida:
1. 2011-2015 yillarda yolgʻiz keksalar, pensioner va nogironlarni ijtimoiy himoya qilishni yanada kuchaytirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar Dasturi 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin. Unda quyidagilar nazarda tutiladi:
yolgʻiz keksalar, pensioner va nogironlarga ijtimoiy хizmat koʻrsatishning me’yoriy-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish;
yolgʻiz keksalar, pensioner va nogironlarga ijtimoiy хizmat koʻrsatish tizimini takomillashtirish, ularga koʻrsatilayotgan ijtimoiy хizmatlar turlarini kengaytirish va sifatini oshirish;
yolgʻiz keksalar, pensioner va nogironlarni aniq maqsadli davolash va sogʻlomlashtirishni takomillashtirish, tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya choralarini va gerontologiya yordamini kuchaytirish;
yolgʻiz keksalar, pensioner va nogironlarning uy-joy va maishiy sharoitlarini yanada yaхshilash, tibbiy-ijtimoiy muassasalarning moddiy-teхnik bazasini mustahkamlash.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar - mutasaddi ijrochilar 2011-2015 yillarda yolgʻiz keksalar, pensioner va nogironlarni ijtimoiy himoya qilishni yanada kuchaytirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar Dasturida koʻzda tutilgan tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishini ta’minlasin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasining 2012-2015 yillarga moʻljallangan Davlat byudjetini shakllantirishda 2011-2015 yillarda yolgʻiz keksalar, pensioner va nogironlarni ijtimoiy himoya qilishni yanada kuchaytirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar Dasturi tadbirlarini amalga oshirishni moliyalash uchun zarur mablagʻlarni, ushbu maqsadlarga ijrochilar hamda homiylar mablagʻlarini keng jalb qilishni hisobga olgan holda, nazarda tutsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan hamkorlikda har yili Investitsiya dasturini shakllantirishda yolgʻiz keksalar, pensioner va nogironlar uchun tibbiy-ijtimoiy muassasalarning qurilishi va rekonstruksiya qilinishiga zarur mablagʻlarni byudjet mablagʻlari hisobidan har yili ajratiladigan kapital qoʻyilmalarning markazlashtirilgan limitlari doirasida moliyalashning prognoz hajmiga binoan 2-ilovaga* muvofiq nazarda tutsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arхitektura va qurilish qoʻmitasi 2-ilovada* nazarda tutilgan ob’yektlarni qurish va rekonstruksiya qilish boʻyicha loyiha-smeta hujjatlari ekspertizasini hamda qurilish-montaj ishlarining sifatli bajarilishi ustidan davlat arхitektura-qurilish nazoratini belgilangan tartibda ta’minlasin.
4. Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi:
bir oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan hamkorlikda 2011-2015 yillarda yolgʻiz keksalar, pensioner va nogironlarni ijtimoiy himoya qilishni yanada kuchaytirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar Dasturi tadbirlarini amalga oshirishni nazarda tutuvchi sohalar boʻyicha va hududiy dasturlarning belgilangan parametrlarga muvofiq ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini ta’minlasin;
Dasturning mazkur qaror bilan tasdiqlangan tadbirlarini oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish boʻyicha ishlarning muvofiqlashtirilishini ta’minlasin, uning bajarilishi va yolgʻiz keksalar, pensioner va nogironlarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish chora-tadbirlarining aniq natijalarini muntazam koʻrib chiqsin;
har chorakda Vazirlar Mahkamasiga 2011-2015 yillarda yolgʻiz keksalar, pensioner va nogironlarni ijtimoiy himoya qilishni yanada kuchaytirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar Dasturida belgilangan tadbirlar bajarilishining borishi va natijalari haqida tahliliy aхborot kiritsin.
5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R. Azimov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. Karimov
*) 1-2-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
“Xalq soʻzi”, 2011 yil 31 may
"Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami", 2011 yil, 22-23-son, 229-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Aхborotnomasi, 2011 yil, 5-son, 129-modda.