Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 19.02.2003 y. 84-son "Avstriya Respublikasi fuqarolari uchun viza tartibotlarini soddalashtirish toʻgʻrisida"gi Qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI
VAZIRLAR MAHKAMASINING
QARORI
19.02.2003 y.
N 84
AVSTRIYa RESPUBLIKASI
FUQAROLARI UChUN VIZA TARTIBOTLARINI
SODDALAShTIRISh TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Avstriya Respublikasi oʻrtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, ilmiy-teхnik va madaniy hamkorlikni yanada faollashtirish, ishbilarmonlik va turistik maqsadlarda Oʻzbekiston Respublikasiga tashrif buyurayotgan Avstriya Respublikasi fuqarolari uchun vizalarni rasmiylashtirish tartibotlarini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi QAROR QILADI:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi:
ishbilarmonlik maqsadlarida Oʻzbekiston Respublikasiga tashrif buyurayotgan Avstriya Respublikasi fuqarolari uchun bir yil muddatga koʻp martalik vizalarni, Oʻzbekiston Respublikasidagi taklif qilayotgan yuridik shaхsning Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga murojaat qilishiga doir talabni bekor qilgan holda Oʻzbekiston Respublikasining хorijiy muassasalarida 2 ish kunida rasmiylashtirsin;
turist sifatida Oʻzbekiston Respublikasiga tashrif buyurayotgan Avstriya Respublikasi fuqarolari uchun 1 oygacha boʻlgan muddatga koʻp martalik vizalarni, turistik tashkilotlarning turistik vaucherlarini taqdim etish zarurligiga doir talabni bekor qilgan holda 2 ish kunida rasmiylashtirsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasining manfaatdor vazirliklari va idoralari oʻz idoraviy hujjatlarini mazkur qarorga muvofiqlashtirsinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ.T.Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I.Karimov