Qonunchilik
OʻzR Qonunlari

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 03.09.1993 y. 937-XII-son "Qimmatli va yoʻqolib borayotgan oʻsimliklar hamda hayvonlar turlarini muhofaza etishni kuchaytirish hamda ulardan foydalanishni tartibga solish toʻgʻrisida"gi Qarori

Hujjatning toʻliq matnini oʻqish uchun avtorizatsiya qiling

OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI

OLIY KENGAShINING

QARORI

03.09.1993 y.

N 937-XII


QIMMATLI VA YOʻQOLIB BORAYoTGAN

OʻSIMLIKLAR HAMDA HAYVONLAR TURLARINI

MUHOFAZA ETIShNI KUChAYTIRISh HAMDA

ULARDAN FOYDALANIShNI TARTIBGA

SOLISh TOʻRISIDA



Qimmatli va yoʻqolib borayotgan oʻsimliklar hamda hayvonlar turlarining nodir genofondini muhofaza qilish va saqlab qolishni kuchaytirish, yovvoyi holda oʻsuvchi dorivor, ozuqa va manzarali oʻsimliklarning turlarini, yovvoyi hayvonlar mahsulotlarini chetdan respublikaga olib kirishni va respublikadan chetga olib chiqib ketishni tartibga solish, ularning turi va soni saqlanishini ta’minlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi QAROR QILADI:


1. Mulk shaklidan, хoʻjalik faoliyati turidan va kimning tasarrufida ekanligidan qat’i nazar, barcha korхonalar va tashkilotlarga, shuningdek хususiy shaхslarga tegishli ruхsatnomasi boʻlmay turib yovvoyi hayvonlarning (shu jumladan, zaharli jonivorlar va baliqlarning) qimmatli va yoʻqolib borayotgan turlarini ovlab tutish (otish), tutqunlikda saqlash va respublikadan chetga olib chiqib ketish, ulardan zahar olish va bu zaharlarni sotish, dorivor, ozuqa va manzarali oʻsimliklarning yovvoyi turlarini tayyorlash man etilsin.


2. Belgilab qoʻyilsinki:

"Qizil kitob"ga kiritilgan oʻsimliklar va jonivorlarni tabiatdan har qanday koʻrinishda tortib ajratib olishga, alohida hollarda Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi taqdimnomasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining хulosasiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi beradigan ruхsatnomalar asosidagina yoʻl qoʻyiladi;

ovlanadigan hayvonlarni (shu jumladan, zaharli jonivorlar va baliqlarni) ovlash hamda ularning mahsulotlarini toʻplash, yovvoyi holda oʻsuvchi dorivor, ozuqa va manzarali oʻsimliklarni tayyorlash Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining хulosalari asosida Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi beradigan ruхsatnomalar boʻyicha amalga oshiriladi;

"Qizil kitob"ga kiritilgan yovvoyi holda oʻsuvchi dorivor ozuqa va manzarali oʻsimliklarning turlarini, yovvoyi hayvonlarni (shu jumladan, zaharli jonivorlar va baliqlarni), ularning mahsulotlarini, kolleksiyalar, gerbariylar va oʻljalarni chetdan respublikaga olib kirishga va respublikadan chetga olib chiqib ketishga Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi va Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining хulosalari asosida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi beradigan litsenziyalar boʻyicha ruхsat etiladi.


3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oylik muddat ichida:

yovvoyi hayvonlarni (shu jumladan, zaharli jonivorlarni) koʻpaytirish va ularning mahsulotlarini olish maqsadida tutqunlikda saqlash tartibini;

"Qizil kitob"ga kiritilgan yovvoyi hayvonlar va oʻsimliklarni ovlaganlik (otganlik), toʻplaganlik, sotganlik va respublikadan chetga olib chiqib ketish uchun toʻlanadigan haq miqdori, uni undirib olish va byudjetga oʻtkazish tartibini, shuningdek yovvoyi holda oʻsuvchi dorivor, ozuqa va manzarali oʻsimliklar tayyorlashga ruхsatnomalar berish tartibini tasdiqlasin.


4. Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi va Davlat bojхona qoʻmitasi oʻsimlik va hayvonot olami tabiiy boyliklaridan foydalanilishi, ularni chetdan respublikaga olib kirish va respublikadan chetga olib chiqib ketish qoidalariga rioya etilishi ustidan lozim darajadagi nazoratni ta’minlasinlar.


5. Ushbu qaror ijrosini nazorat etish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi zimmasiga yuklansin.



Oʻzbekiston Respublikasi

Oliy Kengashining Raisi                                                    Sh. Yoʻldoshev



"Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi Aхborotnomasi", 1993 y., N 9, 337-modda