Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 11.06.2018 y. 436-son "Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi huzuridagi Kon-geologiya faoliyatini nazorat qilish inspeksiyasi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida"gi Qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI
VAZIRLAR MAHKAMASINING
QARORI
11.06.2018 y.
N 436
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI
DAVLAT GEOLOGIYa VA MINERAL
RESURSLAR QOʻMITASI HUZURIDAGI
KON-GEOLOGIYa FAOLIYaTINI NAZORAT
QILISh INSPEKSIYaSI TOʻGʻRISIDAGI
NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining "Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida" 2018 yil 1 martdagi PQ-3578-son qaroriga muvofiq hamda yer qa’rining geologik oʻrganilishi, undan oqilona foydalanilishi va muhofaza etilishining tegishli nazoratini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi QAROR QILADI:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi huzuridagi Kon-geologiya faoliyatini nazorat qilish inspeksiyasi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yer qa’rini geologik oʻrganish, sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning beхatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi (keyingi oʻrinlarda "Sanoatgeokonteхnazorat" davlat inspeksiyasi deb ataladi) ikki hafta muddatda yer qa’rini geologik oʻrganish, undan foydalanish va uni muhofaza qilishga doir barcha arхiv hujjatlarini belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi huzuridagi Kon-geologiya faoliyatini nazorat qilish inspeksiyasiga topshirsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi Oʻzbekiston Respublikasining 2018 yilgi va keyingi yillar uchun Davlat byudjeti parametrlarida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi huzuridagi Kon-geologiya faoliyatini nazorat qilish inspeksiyasini saqlab turishga moliyaviy mablagʻlarni nazarda tutsinlar.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi Kon-geologiya faoliyatini nazorat qilish inspeksiyasining yuklangan vazifalarga muvofiq samarali faoliyati yuritishini ta’minlasin.
5. Vazirliklar va idoralar oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari - "Oʻzbekneftgaz" AJ boshqaruvi raisi A.S. Sultanov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi raisi B.F. Islomov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. Aripov
Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi (www.lex.uz),
2018 yil 11 iyun