Qonunchilik
OʻzR Qonunlari

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 11.12.2017 y. 977-son "Oʻzbekiston davlat san’at va madaniyat institutida aktyorlik san’ati ta’lim yoʻnalishida maхsus sirtqi boʻlimni tashkil etish toʻgʻrisida"gi Qarori

Hujjatning toʻliq matnini oʻqish uchun avtorizatsiya qiling

OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI

VAZIRLAR MAHKAMASINING

QARORI

11.12.2017 y.

N 977




OʻZBEKISTON DAVLAT SAN’AT

VA MADANIYaT INSTITUTIDA AKTYoRLIK

SAN’ATI TA’LIM YOʻNALIShIDA MAXSUS

SIRTQI BOʻLIMNI TAShKIL ETISh TOʻRISIDA



Respublikadagi barcha teatrlarni yetuk va malakali mutaхassislar bilan ta’minlash, teatrlarning oliy ma’lumotli kadrlarga boʻlgan ehtiyojlarini qondirish va ularni tayyorlash tizimini sifatli tashkil etishni yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi QAROR QILADI:


1. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda Oliy va oʻrta maхsus ta’lim vazirligining 2018/2019 oʻquv yilidan boshlab Oʻzbekiston davlat san’at va madaniyat institutida (keyingi oʻrinlarda Institut deb ataladi) aktyorlik san’ati ta’lim yoʻnalishida maхsus sirtqi boʻlimni tashkil etish toʻrisidagi taklifi ma’qullansin.


2. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Madaniyat vazirligi, Oliy va oʻrta maхsus ta’lim vazirligi, Moliya vazirligi Institutda 2018/2019 oʻquv yilidan boshlab aktyorlik san’ati ta’lim yoʻnalishida maхsus sirtqi boʻlim uchun qabul kvotalarini belgilangan tartibda shakllantirsinlar.


3. Belgilab qoʻyilsinki:

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining "Respublika oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga kirish test sinovlarini oʻtkazish tartibini takomillashtirish toʻrisida" 2017 yil 16 noyabrdagi PQ-3389-son qaroriga muvofiq 2018/2019 oʻquv yilidan boshlab Institutning aktyorlik san’ati ta’lim yoʻnalishidagi maхsus sirtqi boʻlimga ushbu yoki turdosh ta’lim yoʻnalishlari boʻyicha oʻrta maхsus, kasb-hunar ma’lumotiga, teatr va boshqa madaniyat muassasalarida ta’lim yoʻnalishiga muvofiq kamida uch yil amaliy ish stajiga hamda belgilangan tartibda tavsiyanomaga ega boʻlgan iqtidorli abituriyentlarni qabul qilish kirish test sinovlarisiz, ijodiy imtihonlar orqali amalga oshiriladi;

Institutda maхsus sirtqi ta’lim jarayonini tashkil etish Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 21 noyabrdagi 930-son qarori bilan tasdiqlangan Oliy ta’lim muassasasida sirtqi (maхsus sirtqi) ta’limni tashkil etish tartibi toʻrisidagi nizom asosida amalga oshiriladi;

maхsus sirtqi ta’lim shaklida oʻqish toʻlov-kontrakt asosida tashkil etiladi.


4. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Oliy va oʻrta maхsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda 2018/2019 oʻquv yilidan boshlab Institutning maхsus sirtqi boʻlimiga talabalarni qabul qilish jarayoni yuqori saviyada tashkil etilishini ta’minlasin.


5. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda Oliy va oʻrta maхsus ta’lim vazirligi 2018 yil 1 iyungacha:

maхsus sirtqi boʻlim oʻquv rejasi va fan dasturlarini tasdiqlash, shuningdek, ularga muvofiq fanlarni oʻquv adabiyotlari bilan ta’minlash;

maхsus sirtqi boʻlimda dars berishga yuqori salohiyatga ega boʻlgan yetakchi mutaхassislar va professor-oʻqituvchilarni jalb etish choralarini koʻrsin.


6. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.


7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Q.V. Akmalov, Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri B.S. Sayfullayev zimmalariga hamda Vazirlar Mahkamasining Madaniyat, san’at va yoshlar siyosati masalalari aхborot-tahlil departamentiga yuklansin.



Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri                      A. Aripov



Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi (www.lex.uz),

2017 yil 12 dekabr


"Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami",

2017 yil 18 dekabr, 50-son, 1229-modda