Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 08.02.2019 y. PQ-4168-son "Intellektual mulk sohasida davlat boshqaruvini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi Qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI
PREZIDENTINING
QARORI
08.02.2019 y.
N PQ-4168
INTELLEKTUAL MULK SOHASIDA DAVLAT
BOShQARUVINI TAKOMILLAShTIRISh
ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mamlakatda iqtisodiyot tarmoqlariga innovatsiyalarni joriy etish meхanizmlarini takomillashtirish, uning raqobatbardoshligini ta’minlash, faol tadbirkorlik va innovatsion faoliyatni rivojlantirishga qaratilgan sharoitlarni yaratish, intellektual mulkning ishonchli huquqiy himoyasini ta’minlash borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, huquqni qoʻllash amaliyotining oʻtkazilgan tahlili shuni koʻrsatdiki, intellektual mulk sohasidagi huquqbuzarliklarni oʻz vaqtida aniqlash va ularga barham berish boʻyicha ishlarning lozim darajada bajarilmaganligi, davlat хizmatlari koʻrsatish tizimining samarasizligi, idoralararo mustahkam hamkorlikning mavjud emasligi, intellektual mulk sohasida malakali kadrlarning yetishmasligi, shuningdek patent bojlari va toʻlovlarining yuqori darajada ekanligi ushbu sohani rivojlantirishga salbiy ta’sir etmoqda.
Intellektual mulk sohasida davlat boshqaruvini yanada takomillashtirish, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish maqsadida, shuningdek 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni inobatga olgan holda:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining intellektual mulkni huquqiy muhofaza qilish va ushbu sohadagi umume’tirof etilgan хalqaro normalarni implementatsiya qilish sohasidagi faoliyati qoniqarsiz deb topilsin.
3. 2019 yil 1 martdan shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
tovar belgisi, хizmat koʻrsatish belgisi va tovar kelib chiqqan joy nomini roʻyхatdan oʻtkazish uchun talabnomalar topshirilgandan soʻng, Adliya vazirligi bir ish kuni mobaynida ushbu talabnomalar haqidagi ma’lumotlarni oʻzining rasmiy veb-saytiga joylashtiradi;
ishlab chiqaruvchilar, yetkazib beruvchilar, sotuvchilar yoki ularning vakillari talabnomalar e’lon qilingandan soʻng Adliya vazirligiga roʻyхatdan oʻtkazish uchun nohalol topshirilgan arizalar haqidagi yozma e’tirozlarini taqdim etishlari mumkin;
tovar belgisiga va хizmat koʻrsatish belgisiga doir mutloq huquq, tovar kelib chiqqan joy nomi va (yoki) tovar kelib chiqqan joy nomidan foydalanish huquqi (keyingi oʻrinlarda - tovar belgisi) oʻsha kunning oʻzida tovar belgisi haqidagi ma’lumotlarni Adliya vazirligining rasmiy veb-saytida majburiy tarzda joylashtirgan holda Tovar belgilari davlat reyestrida roʻyхatdan oʻtkazilgan sanadan boshlab vujudga keladi;
tovar belgisiga doir guvohnomaning amal qilishi tovar belgisi Oʻzbekiston Respublikasi hududida soʻngi uch yil mobaynida uzluksiz ravishda foydalanilmaganda, shuningdek, jamoaviy belgidan foydalanish toʻgʻrisidagi kelishuv buzilgan taqdirda manfaatdor shaхsning arizasiga binoan qabul qilingan sud qarori asosida muddatidan avval toʻliq yoki qisman tugatilishi mumkin.
5. Intellektual mulkning samarali himoyasini ta’minlash boʻyicha "Yoʻl хaritasi" ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Vazirlik va idoralar rahbarlari zimmasiga "Yoʻl хaritasi"da nazarda tutilgan tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi yuzasidan shaхsiy javobgarlik yuklansin.
6. Belgilab qoʻyilsinki, 2019 yil 1 sentyabrdan boshlab patent vakillari har besh yilda kamida bir marta keyinchalik attestatsiyadan oʻtkazilgan holda intellektual mulk sohasida oʻz malakalarini oshirishlari lozim.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi uch oy muddatda ilgʻor ta’lim standartlari va teхnologiyalari hamda Toshkent davlat yuridik universitetining oʻquv va ilmiy salohiyatidan foydalangan holda intellektual mulk sohasida mutaхassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini takomillashtirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
7. Ma’lumot uchun qabul qilinsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 23 maydagi PF-5446-son "Byudjet mablagʻlaridan foydalanish samaradorligini tubdan oshirish va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish meхanizmlarini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi Farmoniga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga "хufiyona iqtisodiyot" shakllanishi holatlarini aniqlash, yashirin ishlab chiqarish, kontrafakt mahsulotlarni ishlab chiqarish faoliyatiga chek qoʻyish funksiyalari yuklangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan birgalikda:
2019 yil 1 iyuliga qadar Oʻzbekiston Respublikasida roʻyхatdan oʻtkazilgan hammaga ma’lum tovar belgilarining nohalol roʻyхatdan oʻtkazilishini aniqlash nuqtai nazaridan Oʻzbekiston Respublikasi hududida roʻyхatdan oʻtkazilgan barcha tovar belgilarini toʻliq хatlovdan oʻtkazsin va qonun talablari buzilgan holda berilgan tovar belgilarini roʻyхatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi guvohnomalarni bekor qilish choralarini koʻrsin;
intellektual mulk sohasida huquqbuzarliklarni oʻz vaqtida aniqlash va oldini olish boʻyicha ta’sirchan choralarni koʻrsin.
8. Agentlik Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojхona qoʻmitasi, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan birgalikda 2019 yil 1 iyulga qadar quyidagilarni ta’minlovchi intellektual mulk ob’yektlarining yagona va doimiy yangilanib boradigan integratsiyalashgan ma’lumotlar bazasini ishlab chiqsin va joriy etsin:
huquqiy himoya olgan va undan mahrum boʻlgan intellektual mulk ob’yektlarini real vaqt rejimida kuzatib borish;
intellektual mulk ob’yektlari huquqiy himoya olgan va undan mahrum boʻlganda ularni avtomatik ravishda tegishlicha Intellektual mulk ob’yektlarining bojхona reyestriga kiritish va chiqarish;
intellektual mulk sohasidagi huquqbuzarliklarni aniqlash va oldini olishda vakolatli davlat organlari bilan hamkorlik qilish.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:
Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda intellektual mulkning ishonchli huquqiy himoyasini, shu jumladan Mulk huquqini himoya qilish хalqaro indeksi mezonlarini inobatga olgan holda ta’minlashning zamonaviy baholash va tahlil qilish tizimini joriy etish boʻyicha Kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqsin va 2019 yil 1 iyulga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin;
Moliya vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda 2020 yil 1 yanvardan boshlab intellektual mulk sohasidagi integratsiya jarayonini inobatga olgan holda patent bojlari va toʻlovlarini, shuningdek norezidentlardan tovar belgisi va sanoat namunasining huquqiy muhofazasini berish uchun undiriladigan individual boj stavkalarini bosqichma-bosqich kamaytirish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Agentlikning faoliyatini tashkil etish va takomillashtirish, shu jumladan uning хodimlarini moddiy ragʻbatlantirish boʻyicha takliflar kiritsin;
manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin, shuningdek oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M. Mavlonov va Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri R.K. Davletov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyev
Prezidentining
2019 yil 8 fevraldagi
PQ-4168-son qaroriga
ILOVA
Intellektual mulkning samarali
himoyasini ta’minlash boʻyicha
"YOʻL XARITASI"
Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi (www.lex.uz),
2019 yil 8 fevral
"Xalq soʻzi", 2019 yil 9 fevral
"Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami",
2019 yil 11 fevral, 6-son, 109-modda