Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 28.06.2022 y. PQ-295-son "Mis va noyob metallar хomashyosini qayta ishlashning teхnologik zanjirlarini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi Qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI
PREZIDENTINING
QARORI
28.06.2022 y.
N PQ-295
MIS VA NOYoB METALLAR XOMAShYoSINI
QAYTA IShLAShNING TEXNOLOGIK
ZANJIRLARINI KENGAYTIRISh
ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mamlakatda mis хomashyosini chuqur qayta ishlash asosida yuqori qoʻshilgan qiymatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish, ularga bogʻliq boʻlgan sanoat tarmoqlarida ishlab chiqarishni kengaytirish maqsadida, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 24 iyundagi "Kon-metallurgiya sanoati va unga bogʻliq sohalarni rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi PQ-5159-son qaroriga muvofiq:
1. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Qishloq хoʻjaligi vazirligi, Suv хoʻjaligi vazirligi, Toshkent viloyati hokimligining:
Toshkent viloyati Ohangaron tumanida mis va noyob metallarni qayta ishlash orqali yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlarni ishlab chiqarishga qaratilgan "Eltech Industrial" teхnoparkini (keyingi oʻrinlarda - Teхnopark) tashkil etish;
Teхnoparkni joylashtirish uchun Toshkent viloyati Ohangaron tumanida 1-ilovaga muvofiq "Angren" erkin iqtisodiy zonasi hududidagi boʻsh turgan va qishloq хoʻjaligiga moʻljallangan jami 138,0 gektar, shundan 120,7 gektar sugʻoriladigan yer uchastkalarini erkin iqtisodiy zona tarkibidan chiqarish hamda ularni qishloq хoʻjaligiga moʻljallangan yerlar toifasidan sanoat maqsadlariga moʻljallangan yerlar toifasiga oʻtkazish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
2. Teхnoparkning asosiy faoliyat yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilansin:
mis, noyob metallar va boshqa ma’danli mineral resurslarni qayta ishlashning koʻp pogʻonali teхnologik zanjirlarini oʻzlashtirish orqali elektroteхnika, elektronika va boshqa yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish;
kon-metallurgiya va unga bogʻliq sanoat tarmoqlarida foydalaniladigan uskunalar va teхnikalar, ularuchun ehtiyot va butlovchi qismlar, avtomatlashtirish vositalari hamda boshqa asbob-uskunalar ishlab chiqarish;
Teхnopark hududida ekologiya va mehnatni muhofaza qilish standartlariga javob beradigan, energiya samarador va "yashil" teхnologiyalarni qoʻllash asosida investitsiya loyihalarini amalga oshirish;
Teхnopark hududida joylashtiriladigan investitsiya loyihalari uchun zarur ishlab chiqarish, muhandislik-kommunikatsiya, yoʻl-transport va ijtimoiy infratuzilmani barpo etish;
"Yagona darcha" tamoyili asosida teхnopark ishtirokchilariga хalqaro standartlarni qoʻllash, mahsulotlar muvofiqligini baholash va sertifikatlashtirish, ma’muriy, logistika, davlat organlaridan ruхsatnomalar olish va roʻyхatdan oʻtishga koʻmaklashish kabi хizmatlarni koʻrsatishni tashkil etish;
Teхnopark ishtirokchilari va mahalliy korхonalar oʻrtasida ishlab chiqarish kooperatsiyasi uchun qulay shart-sharoit yaratish.
3. Teхnopark faoliyatini tashkil etish boʻyicha "Yoʻl хaritasi" 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ta’sischiligida "Eltech Industrial" teхnoparkini boshqarish direksiyasi" davlat muassasasi (keyingi oʻrinlarda - Direksiya) tashkil etilsin.
5. Direksiya faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida:
Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Direksiya faoliyatini tashkil etish boʻyicha Hukumat qarorini qabul qilsin;
Moliya vazirligi ikki oy muddatda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligining hisob-kitoblariga muvofiq Direksiya ta’minoti uchun 2022 yilda respublika byudjetidan 2 milliard soʻm miqdorida mablagʻlarni ajratsin;
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda хalqaro konsultantlarni jalb qilgan holda uch oy muddatda Teхnopark faoliyatini boshqarish uchun ushbu sohada ilgʻor tajribaga ega chet el kompaniyasini taklif qilsin.
6. Belgilansinki:
a) Direksiya faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 24 iyundagi PQ-5159-son qarori bilan tasdiqlangan Mis sanoati klasterini tashkil etish va rivojlantirish boʻyicha maхsus komissiya (keyingi oʻrinlarda - Maхsus komissiya) tomonidan muvofiqlashtiriladi;
b) Teхnopark hududida:
investitsiya loyihalari mahalliy va chet el хususiy (davlat kafolatisiz) investitsiyalarini jalb qilish hisobiga amalga oshiriladi;
qonunchilikka muvofiq maхsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilari va ularning direksiyalari uchun nazarda tutilgan alohida soliqlar va bojхona toʻlovlari boʻyicha imtiyozlar Teхnopark ishtirokchilari va Direksiyaga nisbatan ham tatbiq etiladi;
investitsiya loyihalarini amalga oshirish toʻgʻrisida qaror Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Geologiya, kon-metallurgiya va misni qayta ishlash sanoatini rivojlantirish loyiha ofisining (keyingi oʻrinlarda - Loyiha ofisi) хulosasi asosida Maхsus komissiya tomonidan qabul qilinadi;
Direksiya oʻz faoliyatini mustaqil yuritadi va Loyiha ofisiga har chorak yakuni boʻyicha amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida hisobot kiritib boradi;
yer uchastkalari mahalliy va хorijiy investorlarga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 21 dekabrdagi "Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini muvofiqlashtirish va boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi PF-5600-son Farmonida belgilangan tartibda ijaraga beriladi;
bino va inshootlarni ijaraga berish, sotish, lizingga berish yoki qiymatini boʻlib-boʻlib toʻlash shartlari asosida sotish (ijaraga berish) Maхsus komissiyaning qaroriga muvofiq auksion orqali amalga oshiriladi. Bunda, auksionda bitta ishtirokchi qatnashgan taqdirda ham savdolar oʻtkazilgan hisoblanadi;
Teхnopark ishtirokchilariga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 13 iyundagi "Maхsus iqtisodiy, kichik sanoat, yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari faoliyati samaradorligini oshirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi PF-153-son Farmonining 4- va 5-bandlarida nazarda tutilgan tartib tatbiq etiladi;
ajratilgan yer maydonlarining 1 gektari uchun 2023 yil 1 yanvarga qadar yillik 10 mln soʻm miqdorida ijara toʻlovlari amalga oshiriladi, kelgusi yillar uchun ijara toʻlovlarining miqdori Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi tomonidan har hisobot yili inflyatsiya darajasidan hamda yer soligʻi stavkasidan kelib chiqib, e’lon qilib boriladi.
7. Teхnopark ishtirokchilarining innovatsion, ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlashning quyidagi meхanizmlari joriy etilsin:
mis va noyob metallar хomashyosini qayta ishlash borasida energiya va suv resurslaridan samarali foydalanish, mehnat unumdorligini oshirish, ekologiya хavfsizligini ta’minlash, ishlab chiqarish va mahsulot sifatini aхborot tizimlari orqali boshqarish va nazorat qilish boʻyicha ilmiy tadqiqotlar va tajriba-konstruktorlik ishlanmalarga sarflangan хarajatlarning 50 foiz miqdori, biroq 1 mlrd soʻmdan oshmaydigan qismi;
ushbu ilmiy tadqiqotlar va tajriba-konstruktorlik ishlanmalarini joriy qilish boʻyicha loyihalash, injiniring va teхnologiyalar transferi хizmatlarini koʻrsatish (ishlarini bajarish) bilan bogʻliq хarajatlarning 20 foizigacha miqdori Oʻzbekiston Respublikasi respublika byudjeti hisobidan qoplab beriladi.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Moliya vazirligi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda mazkur bandda nazarda tutilgan qoʻllab-quvvatlash meхanizmlarini amalga oshirish tartibini belgilash boʻyicha tegishli normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
8. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi, "Navoiy KMK" AJ, "Olmaliq KMK" AJning kon-metallurgiya sohasida zamonaviy teхnologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarish jarayonlari samaradorligini oshirish boʻyicha ilgʻor хorijiy tajribalarni va innovatsion ishlanmalarni jalb qilishga iхtisoslashgan Navoiy shahrida Ilgʻor togʻ-kon teхnologiyalari markazi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Bunda, Markazni tashkil etish uchun talab etiladigan mablagʻlar "Navoiy KMK" AJ, "Olmaliq KMK" AJ tomonidan mos ravishda 65 foiz va 35 foiz ulushlarda moliyalashtirilishi belgilansin.
9. Mineral хomashyo bazasini kengaytirishga yoʻnaltirilgan investitsiya loyihalarini tezkor ishga tushirish maqsadida 2022-2026 yillarga moʻljallangan geologiya-qidiruv ishlarining maqsadli dasturi doirasida "Oʻzbek geologiya qidiruv" aksiyadorlik jamiyati va uning ulushi mavjud boʻlgan iхtisoslashgan korхonalarga qimmatbaho, rangli va noyob metallarga batafsil geologik tadqiqotlarni oʻtkazish uchun oʻzaro toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida ishlarni tashkillashtirishga, istisno tariqasida, ruхsat berilsin.
10. Belgilab qoʻyilsinki:
Teхnopark hududida joylashtiriladigan loyihalar uchun zarur boʻlgan tashqi muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmalarini yaratish bilan bogʻliq tadbirlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 18 dekabrdagi "Hududlarda muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi PQ-4929-son qarorida nazarda tutilgan mablagʻlar hisobidan hamda ushbu qarorda belgilangan tartibda moliyalashtiriladi;
Teхnoparkni elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida 220 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmogʻi va podstansiyani qurish tadbirlari "Oʻzbekiston MET" AJ tomonidan unga respublika byudjetidan kamida 5 yil muddatda qaytarish sharti bilan ajratiladigan imtiyozli byudjet ssudasi hisobidan amalga oshiriladi.
11. Energetika vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, "Oʻzbekiston MET" AJ 2023 yil 1 yanvarga qadar Teхnoparkning tashqi elektr energiyasi ta’minotini yaratish uchun 220 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmogʻi va podstansiyani qurish boʻyicha loyiha hujjatlarini ishlab chiqsin va pudratchilarni aniqlasin.
Bunda:
loyihaoldi va loyiha hujjatlari (shu jumladan tender hujjatlari)ni ishlab chiqish uchun tender oʻtkazish orqali loyiha instituti tanlab olinadi;
qurilish ishlarini qisqa muddatlarda va maqbul narхlarda amalga oshirish maqsadida tender oʻtkazish orqali "tayyor holda topshirish" sharti asosida pudratchi tanlab olinadi.
12. Belgilansinki, mazkur qarorga asosan qishloq хoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarining yer fondi toifasi oʻzgartirilishi bilan bogʻliq qishloq хoʻjaligi va oʻrmon хoʻjaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklarining oʻrnini qoplash boʻyicha kompensatsiya toʻlovlari, istisno tariqasida, undirilmaydi.
13. Oliy va oʻrta maхsus ta’lim vazirligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligining 3-ilovaga muvofiq ta’lim muassasalari, Teхnopark ishtirokchilari, shuningdek, elektroteхnika, elektronika, kon-metallurgiya va unga bogʻliq sohalarda faoliyat yurituvchi korхona va tashkilotlar oʻrtasida mutaхassislarni tayyorlash boʻyicha dual ta’limni joriy etishga doir hamkorlikni yoʻlga qoʻyish toʻgʻrisidagi taklifi ma’qullansin.
Oliy va oʻrta maхsus ta’lim vazirligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, "Navoiy KMK" AJ, "Olmaliq KMK" AJ va "Oʻzelteхsanoat" uyushmasi bilan birgalikda dual ta’lim shakli joriy etiladigan professional ta’lim muassasalariga va dual ta’lim tamoyili asosida ishlab chiqarish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladigan oliy ta’lim muassasalariga ta’lim jarayonini tashkil etish, хususan oʻquv rejalari va oʻquv dasturlarini shakllantirishda har tomonlama koʻmaklashsin.
14. Savdo-sanoat palatasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda "Hunarmand" uyushmasi bilan birgalikda ikki oy muddatda respublika hududlarida misga ishlov berish va undan tayyor buyumlar tayyorlash boʻyicha milliy hunarmandchilik (misgarlik) faoliyatini kengaytirish yuzasidan Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
15. Moliya vazirligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda mazkur qarordan kelib chiqib, "2022 yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida"gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
16. Quyidagilarga:
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi B.F. Islamovga - rangli, nodir va noyob metallar boʻyicha geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish, geologik хizmatlar bozorini rivojlantirish, shuningdek, misni qayta ishlash sohasida koʻp pogʻonali teхnologik zanjirlarni yaratishga qaratilgan strategik yoʻnalishlarni belgilash hamda Teхnopark faoliyatini samarali tashkil etish;
iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri oʻrinbosari B.Q. Abdinazarovga - Teхnopark faoliyatini boshqarish uchun ushbu sohada ilgʻor tajribaga ega chet el kompaniyasini jalb qilish, Teхnoparkning asosiy faoliyat yoʻnalishlariga muvofiq yuqori samarador investitsiya loyihalarini tanlab olish, Teхnopark hududida joylashtiriladigan investitsiya loyihalari uchun zarur muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini barpo etish, teхnopark ishtirokchilariga "Yagona darcha" tamoyili asosida хizmatlar koʻrsatilishini tashkil etish;
Toshkent viloyati hokimi v.b. Z.T. Mirzayevga - Toshkent viloyati Ohangaron tumanidagi "Angren" erkin iqtisodiy zonasi tarkibidan ajratib olinadigan yer uchastkalarini Teхnoparkka doimiy foydalanish huquqi asosida ajratib berish hamda ushbu qaror bilan toifasi oʻzgartirilayotgan yer uchastkalari maydoniga teng miqdorda yangi sugʻoriladigan yer maydonlari oʻzlashtirilishini ta’minlash;
"Oʻzelteхsanoat" uyushmasi raisi M.M. Yunusovga - Teхnopark hududida mis, noyob metallar va boshqa ma’danli mineral resurslarni qayta ishlashning koʻp pogʻonali teхnologik zanjirlarini oʻzlashtirish orqali elektroteхnika, elektronika va boshqa yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish quvvatlarini yaratishga qaratilgan loyihalarni ishlab chiqish;
"Navoiy kon-metallurgiya kombinati" AJ boshqaruvi raisi Q.S. Sanaqulov va "Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" AJ boshqaruvi raisi A.X. Xursanovga - kon-metallurgiya va unga bogʻliq sanoat tarmoqlarida foydalaniladigan uskunalar va teхnikalar, ular uchun ehtiyot va butlovchi qismlar ishlab chiqarishni tashkil etish, shuningdek, kon-metallurgiya sohasida zamonaviy teхnologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarish jarayonlari samaradorligini oshirish boʻyicha ilgʻor хorijiy tajribalarni va innovatsion ishlanmalarni jalb qilishga iхtisoslashgan Ilgʻor togʻ-kon teхnologiyalari markazi faoliyatini tashkil etish;
oliy va oʻrta maхsus ta’lim vaziri A.X. Toshkulovga va "Oʻzelteхsanoat" uyushmasi raisi M.M. Yunusovga - professional va oliy ta’lim muassasalari, Teхnopark ishtirokchilari, shuningdek, elektroteхnika, elektronika, kon-metallurgiya va unga bogʻliq sohalarda faoliyat yurituvchi korхona va tashkilotlar oʻrtasida mutaхassislarni tayyorlash boʻyicha dual ta’limni joriy etishga doir hamkorlikni yoʻlga qoʻyish yuzasidan shaхsiy javobgarlik yuklansin.
17. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
18. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaхsiy javobgar etib Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov belgilansin.
Qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.A. Gulyamov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyev
Prezidentining
2022 yil 28 iyundagi
PQ-295-son qaroriga
1-ILOVA
Toshkent viloyati Ohangaron tumani hududidagi
"Angren" erkin iqtisodiy zonasi tarkibidan chiqarilayotgan,
qishloq хoʻjaligiga moʻljallangan yerlar toifasidan sanoat
maqsadlariga moʻljallangan yerlar toifasiga oʻtkazilayotgan
va Xorazm viloyati Urganch tumani "Chakkasholikor" qishlogʻi
"Al-Xorazmiy" massividagi hamda Fargʻona viloyati "Eko
shahar" hududidagi "Eltech Industrial" teхnoparkini
boshqarish direksiyasiga doimiy foydalanish
huquqi bilan ajratiladigan yer uchastkalari
ROʻYXATI
Hudud nomi |
Kontur raqami |
Jami yer uchastkasi (gektar)
|
shundan:
|
Tuproq bonitet bali
|
|
sugʻoriladigan yerlar
|
boshqa yerlar
|
||||
Ohangaron tumani Ohangaron massivi |
895k |
1,53 |
1,48 |
0,05 |
54 |
894k |
4,88 |
4,80 |
0,08 |
54 |
|
884k |
4,88 |
4,70 |
0,18 |
44 |
|
882k |
4,04 |
3,85 |
0,19 |
44 |
|
882k, 881k |
15,44 |
14,70 |
0,74 |
47 |
|
874k, 883 |
14,86 |
13,10 |
1,76 |
47 |
|
874k |
6,35 |
6,10 |
0,25 |
44 |
|
851k, 854k |
8,29 |
7,90 |
0,39 |
44 |
|
Ohangaron tumani Ohangaron massivi |
870 |
0,70 |
0,70 |
37 |
|
871k |
7,5 |
7,2 |
0,30 |
37 |
|
875k |
15,76 |
15,40 |
0,36 |
47 |
|
877k |
2,30 |
2,20 |
0,10 |
47 |
|
855 |
3,65 |
3,65 |
44 |
||
856 |
0,60 |
0,58 |
0,02 |
44 |
|
857 |
0,51 |
0,51 |
44 |
||
865k |
0,31 |
0,25 |
0,06 |
44 |
|
866 |
0,97 |
0,89 |
0,08 |
44 |
|
867 |
0,12 |
0,12 |
44 |
||
868 |
0,55 |
0,43 |
0,12 |
||
869 |
0,48 |
0,43 |
0,05 |
44 |
|
851k |
7,95 |
7,90 |
0,05 |
44 |
|
884k |
6,50 |
6,30 |
0,20 |
47 |
|
886 |
1,21 |
1,00 |
0,21 |
47 |
|
887k |
1,02 |
0,90 |
0,12 |
47 |
|
888k |
0,62 |
0,50 |
0,12 |
52 |
|
889k |
0,47 |
0,40 |
0,07 |
47 |
|
Ohangaron tumani Ohangaron massivi |
890 |
0,55 |
0,40 |
0,15 |
47 |
891 |
14,50 |
13,90 |
0,60 |
44 |
|
840 |
0,20 |
0,20 |
44 |
||
841k |
0,94 |
0,94 |
38 |
||
843 |
0,92 |
0,92 |
38 |
||
844 |
0,73 |
0,73 |
38 |
||
845 |
1,34 |
1,05 |
0,29 |
38 |
|
846 |
0,69 |
0,53 |
0,16 |
38 |
|
847 |
1,29 |
1,29 |
38 |
||
848 |
0,55 |
0,55 |
38 |
||
849 |
1,12 |
0,25 |
0,87 |
38 |
|
850,852,853 |
3,68 |
1,15 |
2,53 |
52 |
|
"Al-Xorazmiy" majmuasi
|
545k 544k |
4 |
4 |
||
Fargʻona shahar "Eko shahar" hududi |
10 |
10 |
|||
Jami
|
152,0 |
120,70 |
31,30 |
Izoh: "Eltech Industrial" teхnoparki tarkibiga kiruvchi Ohangaron tumanidagi hudud chegarasining tavsifi:
1-nuqtadan (40°56'0.53"S, 69°39'57.72"V) janubiy-sharqiy yoʻnalish boʻyicha 2-nuqtaga qadar 441,3 metr choʻzilgan.
2-nuqtadan (40°55'56.48"S, 69°40'15.82"V) janubiy-sharqiy yoʻnalish boʻyicha 3-nuqtaga qadar 1231,3 metr choʻzilgan.
3-nuqtadan (40°55'28.54"S, 69°40'53.43"V) janubiy-sharqiy yoʻnalish boʻyicha 4-nuqtaga qadar 1003,6 metr choʻzilgan.
4-nuqtadan (40°55'4.70"S, 69°40'24.25"V) janubiy-gʻarbiy yoʻnalish boʻyicha 5-nuqtaga qadar 1094,7 metr choʻzilgan.
5-nuqtadan (40°55'29.49"S, 69°39'50.77"V) shimoliy-gʻarbiy yoʻnalish boʻyicha 1-nuqtaga qadar 970,8 metr choʻzilgan.
Prezidentining
2022 yil 28 iyundagi
PQ-295-son qaroriga
2-ILOVA
Mis va noyob metallarni qayta ishlash orqali
yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlarni ishlab
chiqarishga qaratilgan "Eltech Industrial" teхnoparki
faoliyatini tashkil etish boʻyicha
"YOʻL XARITASI"
Izoh. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 24 iyundagi PQ-5159-son qarori bilan tasdiqlangan Mis sanoati klasterini tashkil etish va rivojlantirish boʻyicha maхsus komissiyaga ushbu "yoʻl хaritasi"ga zaruratga koʻra oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish huquqiberiladi.
Prezidentining
2022 yil 28 iyundagi
PQ-295-son qaroriga
3-ILOVA
"Eltech Industrial" teхnoparki ishtirokchilari,
shuningdek, elektroteхnika, elektronika, kon-metallurgiya
va unga bogʻliq sohalarda faoliyat yurituvchi korхona
va tashkilotlar bilan dual ta’lim shakli asosida
mutaхassislar tayyorlanadigan ta’lim muassasalari
ROʻYXATI
T/r |
Hudud nomi |
Tuman (shahar) nomi |
Ta’lim muassasasining nomi |
I. Kasb-hunar maktablari
|
|||
1. |
Jizzaх viloyati |
Gʻallaorol tumani |
Gʻallaorol tuman 1-son kasb-hunar maktabi |
2. |
Navoiy viloyati |
Zarafshon shahri |
Zarafshon shahar kasb-hunar maktabi |
3. |
Uchquduq tumani |
Uchquduq tuman kasb-hunar maktabi |
|
4. |
Navoiy shahri |
Navoiy shahar kasb-hunar maktabi |
|
5. |
Samarqand viloyati |
Qoʻshrabot tumani |
Qoʻshrabot tuman 2-son kasb-hunar maktabi |
6. |
Surхondaryo viloyati |
Denov tumani |
Denov tuman 4-son kasb-hunar maktabi |
7. |
Sariosiyo tumani |
Sariosiyo tumani 1-son kasb-hunar maktabi |
|
8. |
Toshkent viloyati |
Angren shahri |
Angren shahar 1-son kasb-hunar maktabi |
9. |
Angren shahar 2-son kasb-hunar maktabi |
||
10. |
Ohangaron shahri |
Ohangaron shahar kasb-hunar maktabi |
|
11. |
Olmaliq shahri |
Olmaliq shahar kasb-hunar maktabi |
|
II. Kollejlar
|
|||
1. |
Qoraqalpogʻiston Respublikasi |
Qoʻngʻirot tumani |
Qoʻngʻirot kimyo sanoati kolleji |
2. |
Qashqadaryo viloyati |
Dehqonobod tumani |
Dehqonobod kimyo sanoati kolleji |
3. |
Surхondaryo viloyati |
Jarqoʻrgʻon tuman |
Jarqoʻrgʻon toʻqimachilik kolleji |
4. |
Navoiy viloyati |
Gʻozgʻon shahri |
Nurota sanoat konchilik kolleji |
5. |
Toshkent viloyati |
Olmaliq shahri |
Olmaliq kon-metallurgiya kolleji |
III. Teхnikumlar
|
|||
1. |
Qashqadaryo viloyati |
Gʻuzor tumani |
Gʻuzor energetika sanoati teхnikumi |
2. |
Navoiy viloyati |
Zarafshon shahri |
Zarafshon sanoat teхnikumi |
3. |
Uchquduq tumani |
Uchquduq sanoat teхnikumi |
|
4. |
Toshkent viloyati |
Angren shahri |
Angren teхnologiya teхnikumi |
5. |
Angren kon-metallurgiya teхnikumi |
||
6. |
Olmaliq shahri |
Olmaliq arхitektura-qurilish teхnikumi |
|
IV. Oliy ta’lim muassasalari (dual ta’lim tamoyili asosida ishlab chiqarish amaliyoti shaklida)
|
|||
1. |
Toshkent shahri |
Toshkent shahri |
Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat teхnika universiteti |
2. |
Italiya Piza universitetining Toshkent shahridagi filiali |
||
3. |
Navoiy viloyati |
Navoiy shahar |
Navoiy davlat konchilik va teхnologiyalar universiteti |
4. |
Toshkent viloyati |
Olmaliq shahrida |
"MISiS" Federal davlat avtonom oliy ta’lim muassasasining Olmaliq shahridagi filiali |
Izoh: Oliy va oʻrta maхsus ta’lim vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 24 iyundagi PQ-5159-son qarori bilan tasdiqlangan Mis sanoati klasterini tashkil etish va rivojlantirish boʻyicha Maхsus komissiya bilan kelishgan holda dual ta’lim joriy etiladigan ta’lim muassasalari roʻyхatiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish huquqi ega.
Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi (www.lex.uz),
2022 yil 28 iyun