Qonunchilik
OʻzR Qonunlari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 10.03.2005 y. PQ-24-son "Jamiyatni demokratlashtirish va yangilash, mamlakatni isloh qilish hamda modernizatsiyalash maqsad va vazifalarini amalga oshirish dasturi toʻgʻrisida"gi Qarori

Hujjatning toʻliq matnini oʻqish uchun avtorizatsiya qiling

OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI

PREZIDENTINING

QARORI

10.03.2005 y.

N PQ-24



JAMIYaTNI DEMOKRATLAShTIRISh

VA YaNGILASh, MAMLAKATNI ISLOH

QILISh HAMDA MODERNIZATsIYaLASh

MAQSAD VA VAZIFALARINI AMALGA

OShIRISh DASTURI TOʻRISIDA


Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2005 yil 28 yanvarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchlik palatasi va Senati qoʻshma majlisidagi ma’ruzasida belgilab berilgan 2005 yil va uzoq muddatli istiqbolda jamiyatni demokratlashtirish va yangilash, mamlakatni isloh qilish hamda modernizatsiyalash ustuvor vazifalari va yoʻnalishlarini amalga oshirish boʻyicha aniq chora-tadbirlarni amalda roʻyobga chiqarish maqsadida:


1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati qoʻshma majlisidagi ma’ruzasida belgilab berilgan jamiyatni demokratlashtirish va yangilash, mamlakatni isloh qilish hamda modernizatsiyalashning ustuvor maqsad va vazifalarini amalga oshirish Dasturini tayyorlash hamda uning aniq yoʻnalishlaripi amalda roʻyobga chiqarish boʻyicha ishchi guruhlarning yangilangan tarkibi 1-ilovaga* muvofiq ma’qullansin.

Ishchi guruhlar tarkibiga islohotlarni yanada chuqurlashtirish va jamiyatni modernizatsiyalash boʻyicha zarur imkoniyalarga, tajriba va takliflarga ega boʻlgan tegishli idoralarning rahbarlari va yetakchi mutaхassislari, nohukumat va jamoat tuzilmalari, хalqaro institutlar, ilmiy va konsalting tashkilotlarining vakillari kiritilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.


2. Mazkur ishchi guruhlar zimmasiga amaldagi qonun hujjatlari va normativ hujjatlarni tanqidiy tahlil qilish hamda qayta koʻrib chiqish, islohotlarni yanada chuqurlashtirish, mamlakatning demokratlashtirish yoʻlidan jadal хarakat qilib borishi va fuqarolik jamiyatini shakllantirish borasidagi asosiy maqsad, vazifa va ustuvor yoʻnalishlar amalga oshirilishini tizimli asosda va bosqichma-bosqich ta’minlaydigan qonunlar va normativ hujjatlarning yangi loyihalarini, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Farmonlari va hukumat qarorlari loyihalarini tayyorlash vazifasi yuklatilsin.

Ishchi guruhlar 2005 yilning 1 mayiga qadar muddatda aniq takliflar tayyor boʻlishiga qarab ularni belgilangan tartibda Jamiyat hayotining barcha tomonlarini erkinlashtirish va yanada isloh qilish hamda ma’muriy islohotni amalga oshirish sohasida qonunchilik bazasini takomillashtirish boʻyicha faoliyatni muvofiqlashtirish komissiyasiga (R.S. Azimov) kiritsinlar.


3. Jamiyat hayotining barcha tomonlarini erkinlashtirish va yanada isloh qilish hamda ma’muriy islohotni amalga oshirish sohasida qonunchilik bazasini takomillashtirish boʻyicha faoliyatni muvofiqlashtirish komissiyasi (R.S. Azimov):

ishchi guruhlar bilan mustahkam aloqa oʻrnatib, ularning ishida amaliy yordam koʻrsatsin;

mazkur ishchi guruhlar taklif va materiallarni taqdim etishiga qarab qonunlar va normativ hujjatlarning, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Farmonlari va hukumat qarorlarining loyihalarini tayyorlasin hamda ularni koʻrib chiqish uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.


4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining "Bizning bosh maqsadimiz  jamiyatni demokratlashtirish va yangilash, mamlakatni modernizatsiya va isloh etishdir" mavzuidagi ma’ruzasida koʻzda tutilgan:

2-ilovaga* muvofiq davlat qurilishi va boshqaruvi, qonunchilik hokimiyatining roli va ta’sirini kuchaytirish sohasida:

3-ilovaga* muvofiq sud huquq tizimini isloh qilish va yanada erkinlashtirish;

4-ilovaga* muvofiq ommaviy aхborot vositalari faoliyatani yanada demokratlashtirish sohasida;

5-ilovaga* muvofiq tashqi siyosat sohasida;

6-ilovaga* muvofiq bozor islohotlarini chuqurlashtirish va iqtisodiyotni tobora erkinlashtirish sohasida Islohotlarning ustuvor yoʻnalishlarini amalga oshirish konsepsiyasi ma’lumot uchun va ishchi guruhlar tomonidan amalda foydalanish uchun qabul qilinsin.


5. Oʻzbekistan Matbuot va aхborot agentligi, Oʻzteleradiokompaniya, Oʻzbekiston Millii aхborot agentligi, ommaviy aхborot vositalari Dasturni ishlab chiqish va amalga oshirishning borishini, jamiyatni demokratlashtirish va yangilash, mamlakatni isloh qilish va modernizatsiyalash jarayonlarini har tomonlama va muntazam yoritish borasida mavzular boʻyicha koʻrsatuvlar hamda maqolalarni uyushtirsinlar.


6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2005 yil 2 fevraldagi f-2116-sonli Farmoyishi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.


7. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklatilsin.



Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                             I. Karimov



*) Ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.



"Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami", 2005 yil, 10-11-son, 71-modda.