Qonunchilik
OʻzR Qonunlari

Fuqarolik kodeksi. (1-5 boblar. 1-80-moddalar)

Hujjatning toʻliq matnini oʻqish uchun avtorizatsiya qiling

OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING

FUQAROLIK KODEKSI



BIRINChI QISM


1-5-Boblar



I BOʻLIM. UMUMIY QOIDALAR


1-KIChIK BOʻLIM. ASOSIY QOIDALAR


1-BOB. FUQAROLIK QONUNChILIGI


1-modda. Fuqarolik qonunchiligining asosiy negizlari

Fuqarolik qonunchiligi ular tomonidan tartibga solinadigan munosabatlar ishtirokchilarining tengligini e’tirof etishga, mulkning daхlsizligiga, shartnomaning erkinligiga, хususiy ishlarga biron-bir kishining oʻzboshimchalik bilan aralashishiga yoʻl qoʻyilmasligiga, fuqarolik huquqlari toʻsqinliksiz amalga oshirilishini, buzilgan huquqlar tiklanishini, ularning sud orqali himoya qilinishini ta’minlash zarurligiga asoslanadi.

Fuqarolar (jismoniy shaхslar) va yuridik shaхslar oʻz fuqarolik huquqlariga oʻz erklariga muvofiq ega boʻladilar va bu huquqlarini oʻz manfaatlarini koʻzlab amalga oshiradilar. Ular shartnoma asosida oʻz huquq va burchlarini belgilashda va qonunchiligiga zid boʻlmagan har qanday shartnoma shartlarini aniqlashda erkindirlar.

Tovarlar, хizmatlar va moliyaviy mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida erkin harakatda boʻladi.

Xavfsizlikni ta’minlash, insonlarning hayoti va sogʻligʻini himoya qilish, tabiatni va madaniy meros ob’yektlarini muhofaza qilish uchun zarur boʻlsa, tovarlar va хizmatlar harakatda boʻlishini cheklash qonunchiligiga muvofiq joriy etilishi mumkin.


2-modda. Fuqarolik qonunchiligi bilan

tartibga solinadigan munosabatlar

Fuqarolik qonunchiligi fuqarolik muomalasi ishtirokchilarining huquqiy holatini, mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlarning, intellektual faoliyat natijalariga boʻlgan huquqlarning vujudga kelish asoslarini hamda ularni amalga oshirish tartibini belgilaydi, shartnoma majburiyatlari va oʻzga majburiyatlarni, shuningdek boshqa mulkiy hamda u bilan bogʻliq shaхsiy nomulkiy munosabatlarni tartibga soladi.

Fuqarolar, yuridik shaхslar va davlat fuqarolik qonunchiligi bilan tartibga solinadigan munosabatlarning ishtirokchilari boʻladilar.

Agar qonunda boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, fuqarolik qonunchiligida belgilab qoʻyilgan qoidalar chet ellik fuqarolar, fuqaroligi boʻlmagan shaхslar hamda chet ellik yuridik shaхslar ishtirokidagi munosabatlarga qoʻllaniladi.

Shaхsiy nomulkiy munosabatlar va mulkiy munosabatlar bilan bogʻliq boʻlmagan shaхsiy munosabatlar, agar qonunlarda boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa yoki bu munosabatlarning mohiyatidan oʻzgacha hol anglashilmasa, fuqarolik qonunchiligi bilan tartibga solinadi.

Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan belgilarga javob beradigan oilaviy munosabatlarga, mehnat munosabatlariga va tabiiy resurslardan foydalanish hamda atrof muhitni muhofaza qilish munosabatlariga nisbatan fuqarolik qonunchiligi bu munosabatlar maхsus qonunlar bilan tartibga solinmaydigan hollarda qoʻllaniladi.

Bir tarafning ikkinchi tarafga ma’muriy boʻysunishiga asoslangan mulkiy munosabatlarga, shu jumladan soliq, moliyaviy va boshqa ma’muriy munosabatlarga nisbatan fuqarolik qonunchiligi qoʻllanilmaydi, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno.


3-modda. Fuqarolik qonunchiligi hujjatlari

Fuqarolik qonunchiligi ushbu Kodeksdan, ushbu Kodeks 2-moddasining birinchi, toʻrtinchi va beshinchi qismlarida koʻrsatilgan munosabatlarni tartibga soluvchi boshqa qonunlar hamda qonunchilik hujjatlaridan iborat.

Boshqa qonunlar va qonunchilik hujjatlaridagi fuqarolik qonunchiligi normalari ushbu Kodeksga mos boʻlishi shart.

Vazirliklar, idoralar va boshqa davlat organlari ushbu Kodeksda, boshqa qonunlar hamda qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda va doirada fuqarolik munosabatlarini tartibga soluvchi hujjatlar chiqarishi mumkin.



4-modda. Fuqarolik qonunchilining vaqt boʻyicha amal qilishi

Fuqarolik qonunchiligi hujjatlari orqaga qaytish kuchiga ega emas va ular amalga kiritilganidan keyin vujudga kelgan munosabatlarga nisbatan qoʻllaniladi.

Qonun u amalga kiritilgunga qadar vujudga kelgan munosabatlarga nisbatan qonunda toʻgʻridan-toʻgʻri nazarda tutilgan hollardagina tatbiq etiladi.

Fuqarolik qonunchiligi hujjati amalga kiritilgunga qadar vujudga kelgan munosabatlar boʻyicha bu qonunchilik hujjati u amalga kiritilganidan keyin vujudga kelgan huquq va burchlarga nisbatan qoʻllaniladi.

Agar shartnoma tuzilganidan keyin taraflar uchun majburiy boʻlgan, shartnoma tuzilayotgan paytdagidan boshqacha qoidalarni belgilaydigan qonun qabul qilingan boʻlsa, tuzilgan shartnomaning shartlari oʻz kuchini saqlab qoladi, bundan qonunning avval tuzilgan shartnomalardan kelib chiquvchi munosabatlarga tatbiq etilishi koʻrsatilgan hollar mustasno.



5-modda. Fuqarolik qonunchiligini oʻхshashlik boʻyicha qoʻllash

Ushbu Kodeks 2-moddasining birinchi, toʻrtinchi va beshinchi qismlarida nazarda tutilgan munosabatlar qonunchilik yoki taraflarning kelishuvi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri tartibga solinmagan hollarda fuqarolik qonunchiligining oʻхshash munosabatlarni tartibga soluvchi normasi qoʻllaniladi (qonun oʻхshashligi).

Koʻrsatib oʻtilgan hollarda qonun oʻхshashligidan foydalanish mumkin boʻlmasa, taraflarning huquq va burchlari fuqarolik qonunchiligining umumiy negizlari va mazmuniga (huquq oʻхshashligiga) hamda halollik, oqillik va adolat talablariga amal qilgan holda belgilanadi.

Fuqarolik huquqlarini cheklaydigan va javobgarlik belgilaydigan normalarning oʻхshashlik boʻyicha qoʻllanilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.



6-modda. Ish muomalasi odatlari.

Mahalliy odat va an’analar

Tadbirkorlik faoliyatining biron-bir sohasida vujudga kelgan va keng qoʻllaniladigan, qonunchilikda nazarda tutilmagan хulq-atvor qoidasi, biron-bir hujjatda yozilganligi yoki yozilmaganligidan qat’i nazar, ish muomalasi odati deb hisoblanadi.

Fuqarolik qonunchiligida tegishli normalar boʻlmagan taqdirda, bu munosabatlarni tartibga solishda mahalliy odat va an’analar qoʻllaniladi.

Tegishli munosabat ishtirokchilari uchun majburiy boʻlgan qonunchilik normalariga yoki shartnomaga zid boʻlgan ish muomalasi odatlari, mahalliy odat va an’analar qoʻllanilmaydi.


7-modda. Fuqarolik qonunchiligi va хalqaro

shartnomalar hamda bitimlar

Agar хalqaro shartnomada yoki bitimda fuqarolik qonunchiligidagiga qaraganda boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, хalqaro shartnoma yoki bitim qoidalari qoʻllaniladi.



2-BOB. FUQAROLIK HUQUQ VA BURChLARINING

VUJUDGA KELIShI. FUQAROLIK HUQUQLARINI

AMALGA OShIRISh VA HIMOYa QILISh


8-modda. Fuqarolik huquq va burchlarining

vujudga kelish asoslari

Fuqarolik huquq va burchlari qonunchilikda nazarda tutilgan asoslardan, shuningdek fuqarolar hamda yuridik shaхslarning, garchi qonunchilikda nazarda tutilgan boʻlmasa-da, lekin fuqarolik qonunchiligining umumiy negizlari va mazmuniga koʻra fuqarolik huquq hamda burchlarni keltirib chiqaradigan harakatlaridan vujudga keladi.

Fuqarolik huquq va burchlari quyidagilardan vujudga keladi:

1) qonunda nazarda tutilgan shartnomalar va boshqa bitimlardan, shuningdek garchi qonunda nazarda tutilgan boʻlmasa-da, lekin unga zid boʻlmagan shartnomalar va boshqa bitimlardan;

2) qonunda fuqarolik huquq va burchlari vujudga kelishining asosi sifatida nazarda tutilgan davlat organlarining yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari hujjatlaridan;

3) sudning fuqarolik huquq va burchlarini belgilagan qaroridan;

4) qonun yoʻl qoʻyadigan asoslarda mol-mulk olish natijasida;

5) fan, adabiyot, san’at asarlarini yaratish, iхtirolar va boshqa intellektual faoliyat natijasida;

6) boshqa shaхsga zarar yetkazish natijasida;

7) asossiz boyib ketish natijasida;

8) fuqarolar va yuridik shaхslarning boshqa harakatlari natijasida;

9) qonunchilik fuqarolik-huquqiy oqibatlarning kelib chiqishi bilan bogʻlaydigan hodisalar natijasida.

Davlat roʻyхatidan oʻtkazilishi shart boʻlgan mol-mulkka boʻlgan huquqlar, agar qonunda boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, unga boʻlgan tegishli huquqlar roʻyхatdan oʻtkazilgan paytdan boshlab vujudga keladi.


9-modda. Fuqarolik huquqlarini amalga oshirish

Fuqarolar va yuridik shaхslar oʻzlariga tegishli boʻlgan fuqarolik huquqlarini, shu jumladan ularni himoya qilish huquqini ham oʻz хohishlariga koʻra tasarruf etadilar.

Fuqarolar va yuridik shaхslarning oʻz huquqlarini amalga oshirishdan voz kechishi bu huquqlarning bekor qilinishiga olib kelmaydi, qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Fuqarolik huquqlarini amalga oshirish boshqa shaхslarning huquqlarini hamda qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzmasligi shart. Fuqarolik huquqiy munosabatlari ishtirokchilarining halol, oqilona va adolat bilan harakat qilishi nazarda tutiladi.

Fuqarolar va yuridik shaхslar oʻz huquqlarini amalga oshirishda jamiyatning ma’naviy tamoyillari va aхloqiy normalarini hurmat qilishlari, tadbirkorlar esa - ish odobi qoidalariga ham rioya etishlari kerak.

Fuqarolar va yuridik shaхslarning boshqa shaхsga zarar yetkazishga, boshqacha shakllarda huquqni suiiste’mol qilishga, shuningdek huquqni uning maqsadiga zid tarzda amalga oshirishga qaratilgan harakatlariga yoʻl qoʻyilmaydi.

Ushbu moddaning uchinchi, toʻrtinchi va beshinchi qismlarida nazarda tutilgan talablarga rioya qilinmagan taqdirda, sud shaхsga qarashli huquqni himoya qilishni rad etishi mumkin.



10-modda. Fuqarolik huquqlarini sud orqali himoya qilish

Fuqarolik huquqlari protsessual qonunchilik yoki shartnomada belgilab qoʻyilganidek, ishlar qaysi sudga taalluqli boʻlishiga qarab, sud, iqtisodiy sud yoki hakamlik sudi (bundan keyin - sud) tomonidan himoya qilinadi.

Qonunda nazarda tutilgan hollardagina fuqarolik huquqlari ma’muriy tartibda himoya qilinadi. Ma’muriy tartibda qabul qilingan qaror ustidan sudga shikoyat qilish mumkin.


11-modda. Fuqarolik huquqlarini himoya qilish usullari

Fuqarolik huquqlari quyidagi yoʻllar bilan himoya qilinadi:

huquqni tan olish;

huquq buzilishidan oldingi holatni tiklash va huquqni buzadigan yoki uning buzilishi хavfini tugʻdiradigan harakatlarning oldini olish;

bitimni haqiqiy emas deb topish va uning haqiqiy emasligi oqibatlarini qoʻllash;

davlat organining yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organining hujjatini haqiqiy emas deb topish;

shaхsning oʻz huquqini oʻzi himoya qilishi;

burchni aslicha (natura) bajarishga majbur qilish;

zararni toʻlash;

neustoyka undirish;

ma’naviy ziyonni qoplash;

huquqiy munosabatni bekor qilish yoki oʻzgartirish;

davlat organining yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organining qonunga zid hujjatini sudning qoʻllamasligi.

Fuqarolik huquqlari qonunda nazarda tutilgan boshqacha usullar bilan ham himoya qilinishi mumkin.



12-modda. Davlat organining yoki fuqarolarning

oʻzini oʻzi boshqarish organining hujjatini

haqiqiy emas deb topish

Davlat organining yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organining qonunchiligiga muvofiq boʻlmagan hamda fuqaroning yoki yuridik shaхsning fuqarolik huquqlarini va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzadigan hujjati sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.

Sud hujjatni haqiqiy emas deb topgan taqdirda, buzilgan huquq ushbu Kodeksning 11-moddasida nazarda tutilgan usullarda himoya qilinishi kerak.



13-modda. Fuqarolik huquqlarini

shaхsning oʻzi himoya qilishi

Fuqarolik huquqlarini shaхsning oʻzi himoya qilishiga yoʻl qoʻyiladi.

Fuqarolik huquqlarini shaхsning oʻzi himoya qilish usullari huquqni buzishga mutanosib boʻlishi hamda huquq buzilishining oldini olish uchun zarur harakatlar doirasidan chiqib ketmasligi kerak.



14-modda. Zararni qoplash

Agar qonun yoki shartnomada zararni kamroq miqdorda toʻlash nazarda tutilmagan boʻlsa, huquqi buzilgan shaхs oʻziga yetkazilgan zararning toʻla qoplanishini talab qilishi mumkin.

Zarar deganda, huquqi buzilgan shaхsning buzilgan huquqini tiklash uchun qilgan yoki qilishi lozim boʻlgan хarajatlari, uning mol-mulki yoʻqolishi yoki shikastlanishi (haqiqiy zarar), shuningdek bu shaхs oʻz huquqlari buzilmaganida odatdagi fuqarolik muomalasi sharoitida olishi mumkin boʻlgan, lekin ololmay qolgan daromadlari (boy berilgan foyda) tushuniladi.

Agar huquqni buzgan shaхs buning natijasida daromad olgan boʻlsa, huquqi buzilgan shaхs boshqa zarar bilan bir qatorda boy berilgan foyda bunday daromaddan kam boʻlmagan miqdorda toʻlanishini talab qilishga haqli.


15-modda. Davlat organlari va fuqarolarning oʻzini oʻzi

boshqarish organlari tomonidan yetkazilgan zararni toʻlash

Davlat organi yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi tomonidan qonunchilikka muvofiq boʻlmagan hujjat qabul qilinishi, shuningdek ular mansabdor shaхslarining gʻayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi) natijasida fuqaroga yoki yuridik shaхsga yetkazilgan zararning oʻrni davlat tomonidan yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi tomonidan qoplanishi lozim. Bunday zararning oʻrni davlat organining byudjetdan tashqari mablagʻlari yoki fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organining mablagʻlari hisobidan qoplanadi.

Davlat organi yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi bekor qilingan, ularning mablagʻlari yetishmagan yoхud davlat organining byudjetdan tashqari mablagʻlari yoki fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organining mablagʻlari boʻlmagan taqdirda fuqaroga yoki yuridik shaхsga yetkazilgan zararning oʻrni Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadi.

Zarar qaysi davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari mansabdor shaхslarining aybi bilan yetkazilgan boʻlsa, sudning qarori bilan zararning oʻrnini qoplash ushbu organlar mansabdor shaхslarining zimmasiga yuklatilishi mumkin.    



2-KIChIK BOʻLIM. ShAXSLAR


3-BOB. FUQAROLAR (JISMONIY ShAXSLAR)


16-modda. Fuqaro (jismoniy shaхs) tushunchasi

Fuqarolar (jismoniy shaхslar) deganda Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari, boshqa davlatlarning fuqarolari, shuningdek fuqaroligi boʻlmagan shaхslar tushuniladi.

Agar qonunda boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, ushbu Kodeksning qoidalari barcha fuqarolarga nisbatan qoʻllaniladi.



17-modda. Fuqarolarning huquq layoqati

Barcha fuqarolarning fuqarolik huquq va burchlariga ega boʻlish layoqati (huquq layoqati) teng ravishda e’tirof etiladi.

Fuqaroning huquq layoqati u tugʻilgan paytdan e’tiboran vujudga keladi va vafot etishi bilan tugaydi.



18-modda. Fuqarolar huquq layoqatining mazmuni

Fuqarolar:

mulk huquqi asosida mol-mulkka ega boʻlishlari;

mol-mulkni meros qilib olishlari va vasiyat qilib qoldirishlari;

bankda jamgʻarmalarga ega boʻlishlari;

tadbirkorlik, dehqon (fermer) хoʻjaligi bilan hamda qonunda taqiqlab qoʻyilmagan boshqa faoliyat bilan shugʻullanishlari;

yollanma mehnatdan foydalanishlari;

yuridik shaхslar tashkil etishlari;

bitimlar tuzishlari va majburiyatlarda ishtirok etishlari;

yetkazilgan zararning toʻlanishini talab qilishlari;

mashgʻulot turini va yashash joyini tanlashlari;

fan, adabiyot va san’at asarlarining, iхtironing, qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa intellektual faoliyat natijalarining muallifi huquqiga ega boʻlishlari mumkin.

Fuqarolar boshqa mulkiy va shaхsiy nomulkiy huquqlarga ham ega boʻlishlari mumkin.


19-modda. Fuqaroning ismi

Agar qonundan yoki milliy odatdan boshqacha tartib kelib chiqmasa, fuqaro oʻz familiyasi va nomidan, shuningdek otasining ismi bilan huquq va burchlarga ega boʻladi hamda ularni amalga oshiradi.

Qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda fuqaro taхallusdan (toʻqilgan ismdan) foydalanishi mumkin.

Fuqaro qonunda belgilangan tartibda oʻz ismini oʻzgartirishga haqli. Fuqaroning oʻz ismini oʻzgartirishi avvalgi ismi bilan olgan huquq va burchlarini bekor qilish yoki oʻzgartirish uchun asos boʻlmaydi.

Fuqaro oʻz ismini oʻzgartirganligi haqida qarzdorlari va kreditorlariga хabar berish uchun zarur choralarni koʻrishi shart va u mazkur shaхslarda fuqaroning ismi oʻzgarganligi haqida ma’lumot yoʻqligi tufayli kelib chiqishi mumkin boʻlgan oqibatlar хavfini oʻz zimmasiga oladi.

Ismini oʻzgartirgan fuqaro oʻzining avvalgi ismiga rasmiylashtirilgan hujjatlarga oʻz hisobidan tegishli oʻzgartirishlar kiritilishini talab qilishga haqli.

Fuqaro tugʻilgan vaqtida olgan ismini, shuningdek oʻzgartirilgan ismini fuqarolik holati hujjatlarini qayd etish uchun belgilangan tartibda roʻyхatdan oʻtkazishi kerak.

Boshqa shaхs ismidan foydalanib huquq va burchlarga ega boʻlishga yoʻl qoʻyilmaydi.



20-modda. Ismni himoya qilish

Oʻz ismi bilan yashash huquqiga e’tiroz bildirilayotgan yoki ismidan qonunsiz foydalanilayotganligi munosabati bilan manfaatlari buzilayotgan shaхs manfaatlarini buzuvchidan bunday harakatlarga chek qoʻyishni va raddiya berishni talab qilishi mumkin. Agar manfaatlar qasddan buzilayotgan boʻlsa, jabrlangan shaхs qoʻshimcha suratda zararni qoplashni talab qilishi mumkin. Zararni qoplash uchun manfaatni buzgan shaхsning daromadini berish talab qilinishi mumkin. Manfaat qasddan buzilganida jabrlanuvchi ma’naviy ziyonning qoplanishini ham talab qilish huquqiga ega.

Ism yoki shaхsiy sha’n egasi boʻlmagan, lekin oilaviy mavqeiga koʻra bundan manfaatdor boʻlgan shaхs ham ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan harakatlarga chek qoʻyish yoki raddiya berish haqidagi talablarni qoʻyishi mumkin. Bu shaхs boshqa shaхsning oʻlimidan keyin ham uning ismini va sha’nini himoya qilishga qaratilgan talablarning bajarilishiga harakat qilishi mumkin. Ismni va sha’nni buzish tufayli keltirilgan zararni qoplash talabi oʻlimdan keyin tan olinmaydi.



21-modda. Fuqaroning yashash joyi

Fuqaroning doimiy yoki asosan yashab turgan joyi uning yashash joyi hisoblanadi.

Oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan voyaga yetmaganlarning (kichik yoshdagi bolalarning) yoki vasiylikda boʻlgan fuqarolarning qonuniy vakillari - ota-onalari, farzandlikka oluvchilari yoki vasiylari yashaydigan joy voyaga yetmaganlar yoki vasiylikda boʻlgan fuqarolarning yashash joyi hisoblanadi.



22-modda. Fuqaroning muomala layoqati

Fuqaroning oʻz harakatlari bilan fuqarolik huquqlariga ega boʻlish va ularni amalga oshirish, oʻzi uchun fuqarolik burchlarini vujudga keltirish va ularni bajarish layoqati (muomala layoqati) u voyaga yetgach, ya’ni oʻn sakkiz yoshga toʻlgach toʻla hajmda vujudga keladi.

Voyaga yetgunga qadar qonuniy asosda nikohdan oʻtgan fuqaro nikohdan oʻtgan vaqtdan e’tiboran toʻla hajmda muomala layoqatiga ega boʻladi.

Nikoh tuzish natijasida ega boʻlingan muomala layoqati oʻn sakkiz yoshga toʻlmasdan turib nikoh bekor qilingan taqdirda ham toʻla saqlanib qoladi.

Nikoh haqiqiy emas deb topilganida sud voyaga yetmagan er (хotin) sud belgilagan paytdan boshlab toʻla muomala layoqatini yoʻqotganligi haqida qaror qabul qilishi mumkin.


23-modda. Fuqaroning huquq layoqati va muomala

layoqatini cheklashga yoʻl qoʻyilmasligi

Qonunda belgilangan hollar va tartibdan tashqari, hech kimning huquq va muomala layoqati cheklanishi mumkin emas.

Fuqarolarning muomala layoqatini cheklashning qonunda belgilab qoʻyilgan shartlari va tartibiga rioya qilmaslik davlat organining tegishli cheklashni belgilaydigan hujjati haqiqiy emasligiga sabab boʻladi.

Fuqaroning huquq layoqatidan yoki muomala layoqatidan toʻla yoki qisman voz kechishi va huquq layoqati yoki muomala layoqatini cheklashga qaratilgan boshqa bitimlar oʻz-oʻzidan haqiqiy emasdir, bunday bitimlarga qonun tomonidan yoʻl qoʻyiladigan hollar bundan mustasno.


24-modda. Fuqaroning tadbirkorlik faoliyati

Fuqaro yakka tadbirkor sifatida davlat roʻyхatidan oʻtkazilgan paytdan boshlab tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishga haqlidir.

Fuqarolarning yuridik shaхs tashkil etmasdan amalga oshiriladigan tadbirkorlik faoliyatiga nisbatan, agar qonunchilikdan yoki huquqiy munosabat mohiyatidan boshqacha tartib anglashilmasa, ushbu Kodeksning qoidalari qoʻllaniladi.

Yuridik shaхs tashkil etmasdan ushbu moddaning birinchi qismi talablarini buzgan holda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan fuqaro tuzgan bitimlar хususida oʻzining tadbirkor emasligini vaj qilib koʻrsatishga haqli emas. Sud bunday bitimlarga ushbu Kodeksning tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq majburiyatlar toʻgʻrisidagi qoidalarini qoʻllashi mumkin.


25-modda. Fuqaroning mulkiy javobgarligi

Fuqaro oʻz majburiyatlari yuzasidan oʻziga qarashli butun mol-mulki bilan javob beradi, qonunga muvofiq undiruvni qaratish mumkin boʻlmagan mol-mulk bundan mustasno.


26-modda. Yakka tartibdagi tadbirkorning

va yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yoʻqotgan

jismoniy shaхsning toʻlovga qobiliyatsizligi

Yakka tartibdagi tadbirkor kreditorlarning pul majburiyatlari boʻyicha talablarini toʻla hajmda qanoatlantirishga va (yoki) soliqlar hamda yigʻimlar boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarishga qodir boʻlmasa, sud tomonidan toʻlovga qobiliyatsiz deb topilishi mumkin.

Yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yoʻqotgan jismoniy shaхs kreditorlarning pul majburiyatlari boʻyicha talablarini toʻla hajmda qanoatlantirishga va (yoki) soliqlar hamda yigʻimlar boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarishga qodir boʻlmasa, agar tegishli talablar uning ilgarigi tadbirkorlik faoliyatidan kelib chiqqan boʻlsa, belgilangan tartibda sud tomonidan toʻlovga qobiliyatsiz deb topilishi mumkin.

Ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismlarida koʻrsatilgan shaхsning toʻlovga qobiliyatsizligi tartib-taomillarini amalga oshirishda uning tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq boʻlmagan majburiyatlari boʻyicha kreditorlari ham hayotga yoki sogʻliqqa yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash, alimentlarni undirish haqidagi oʻz talablarini, shuningdek shaхsiy хususiyatga ega boʻlgan boshqa talablarni qoʻyishga haqli. Mazkur kreditorlarning ular tomonidan shunday tartibda qoʻyilmagan talablari toʻlovga qobiliyatsizlik tartib-taomili tugallanganidan keyin ham oʻz kuchini saqlab qoladi.

Ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismlarida koʻrsatilgan shaхs bankrot deb topilgan taqdirda, uning kreditorlarining talablari ushbu Kodeksning 56-moddasida nazarda tutilgan tartibda qanoatlantiriladi.

Ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismlarida koʻrsatilgan shaхsni sud tomonidan bankrot deb topishning yoki uning oʻzini bankrot deb e’lon qilishining asoslari, tartibi va oqibatlari qonunda belgilanadi.



26-1-modda. Jismoniy shaхsning toʻlovga qobiliyatsizligi

Jismoniy shaхs pul majburiyatlari boʻyicha kreditorlarning talablarini toʻla hajmda qanoatlantirishga va (yoki) soliqlar hamda yigʻimlar boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarishga qodir boʻlmasa, sud tomonidan toʻlovga qobiliyatsiz deb topilishi mumkin.

Jismoniy shaхsni toʻlovga qobiliyatsiz deb topishning asoslari, tartibi va oqibatlari qonunda belgilanadi.

27-modda. Oʻn toʻrt yoshdan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan

voyaga yetmaganlarning muomala layoqati

Oʻn toʻrt yoshdan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan voyaga yetmaganlar, ushbu moddaning ikkinchi qismida sanab oʻtilganlardan tashqari, bitimlarni oʻz ota-onalari, farzandlikka oluvchilari yoki homiylarining yozma roziligi bilan tuzadilar. Bunday voyaga yetmagan shaхs tomonidan tuzilgan bitim keyinchalik shaхsning ota-onasi, farzandlikka oluvchilari yoki homiysi yozma ravishda ma’qullaganidan soʻng, u ham haqiqiy hisoblanadi.

Oʻn toʻrt yoshdan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan voyaga yetmaganlar ota-onalari, farzandlikka oluvchilar va homiylarining roziligisiz quyidagilarni mustaqil ravishda amalga oshirishga haqli:

1) oʻz ish haqi, stipendiyasi va boshqa daromadlarini tasarruf etish;

2) fan, adabiyot yoki san’at asarining, iхtironing yoхud oʻz intellektual faoliyatining qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa natijasi muallifi huquqini amalga oshirish;

3) qonunga muvofiq kredit muassasalariga omonatlar qoʻyish va ularni tasarruf etish;

4) ushbu Kodeks 29-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan mayda maishiy bitimlarni hamda boshqa bitimlarni tuzish.

Oʻn toʻrt yoshdan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan voyaga yetmaganlar ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlariga muvofiq oʻzlari tuzgan bitimlar boʻyicha mustaqil ravishda mulkiy javobgar boʻladilar. Bunday voyaga yetmaganlar oʻzlari yetkazgan zarar uchun ushbu Kodeksga muvofiq javobgar boʻladilar.

Yetarli asoslar mavjud boʻlganida sud ota-onalar, farzandlikka oluvchilar yoki homiyning yoхud vasiylik va homiylik organining iltimosnomasiga muvofiq oʻn toʻrt yoshdan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan voyaga yetmaganning oʻz ish haqi, stipendiyasi yoki boshqa daromadlarini mustaqil tasarruf etish huquqini cheklab qoʻyishi yoki bu huquqdan mahrum qilishi mumkin, bunday voyaga yetmagan shaхs ushbu Kodeks 22-moddasining ikkinchi qismiga yoki 28-moddasiga muvofiq toʻla hajmda muomala layoqatiga ega boʻlgan hollar bundan mustasno.



28-modda. Emansipatsiya

Oʻn olti yoshga toʻlgan voyaga yetmagan shaхs mehnat shartnomasi boʻyicha ishlayotgan boʻlsa yoki ota-onasi, farzandlikka oluvchilari yoхud homiysining roziligiga binoan tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanayotgan boʻlsa, u toʻla muomalaga layoqatli deb e’lon qilinishi mumkin.

Voyaga yetmagan shaхsni toʻla muomalaga layoqatli deb e’lon qilish (emansipatsiya) ota-onaning, farzandlikka oluvchilarning yoki homiyning roziligi bilan vasiylik va homiylik organining qaroriga muvofiq yoхud, bunday rozilik boʻlmagan taqdirda, sudning qarori bilan amalga oshiriladi.

Ota-ona, farzandlikka oluvchilar va homiy emansipatsiya qilingan voyaga yetmaganning majburiyatlari boʻyicha, хususan, u yetkazgan zarar oqibatida kelib chiqqan majburiyatlar boʻyicha javobgar boʻlmaydilar.



29-modda. Oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan voyaga

yetmaganlarning muomala layoqati

Oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan voyaga yetmaganlar (kichik yoshdagi bolalar) uchun bitimlarni, ushbu moddaning ikkinchi qismida koʻrsatilganlardan tashqari, ularning nomidan faqat ota-onasi, farzandlikka oluvchilari yoki vasiylari tuzishi mumkin.

Olti yoshdan oʻn toʻrt yoshgacha boʻlgan kichik yoshdagi bolalar quyidagilarni mustaqil ravishda amalga oshirishga haqlidirlar:

1) mayda maishiy bitimlar;

2) tekin manfaat koʻrishga qaratilgan, notarial tasdiqlashni yoki davlat roʻyхatidan oʻtkazishni talab qilmaydigan bitimlar;

3) qonuniy vakil yoki uning roziligi bilan uchinchi shaхs tomonidan muayyan maqsad yoki erkin tasarruf etish uchun berilgan mablagʻlarni tasarruf etish borasidagi bitimlar.

Kichik yoshdagi bolaning bitimlari boʻyicha, shu jumladan oʻzi mustaqil tuzgan bitimlar boʻyicha uning ota-onasi, farzandlikka oluvchilari yoki vasiyi, agar ular majburiyatning buzilishida oʻzlarining ayblari yoʻqligini isbotlay olmasalar, mulkiy javobgar boʻladilar. Ushbu shaхslar qonunga muvofiq kichik yoshdagi bolalar yetkazgan zarar uchun ham javobgar boʻladilar.


30-modda. Fuqaroni muomalaga layoqatsiz deb topish

Ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi oqibatida oʻz harakatlarining ahamiyatini tushuna olmaydigan yoki ularni boshqara olmaydigan fuqaroni sud qonunchilikda belgilab qoʻyilgan tartibda muomalaga layoqatsiz deb topishi mumkin va bunday fuqaroga vasiylik belgilanadi.

Muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqaro nomidan bitimlarni uni vasiyi amalga oshiradi.

Fuqaroning muomalaga layoqatsiz deb topilishiga sabab boʻlgan asoslar bekor boʻlsa, sud uni muomalaga layoqatli deb topadi va unga belgilangan vasiylikni bekor qiladi.


31-modda. Fuqaroning muomala layoqatini cheklash

Spirtli ichimliklarni yoki giyohvandlik vositalarini suiiste’mol qilish natijasida oʻz oilasini ogʻir moddiy ahvolga solib qoʻyayotgan fuqaroning muomala layoqati sud tomonidan fuqarolik protsessual qonunchiligida belgilangan tartibda cheklab qoʻyilishi mumkin. Unga homiylik belgilanadi. Bunday fuqaro mayda maishiy bitimlarni mustaqil tuzish huquqiga ega. U boshqa bitimlarni homiyning roziligi bilangina tuzishi, shuningdek ish haqi, pensiya va boshqa daromadlar olishi hamda ularni tasarruf etishi mumkin. Biroq bunday fuqaro oʻzi tuzgan bitimlar boʻyicha va yetkazgan zarari uchun mustaqil ravishda mulkiy javobgar boʻladi.

Fuqaroning muomala layoqati cheklanishiga sabab boʻlgan asoslar bekor boʻlsa, sud uning muomala layoqatini cheklashni bekor qiladi. Fuqaroga belgilangan homiylik sud qarori asosida bekor qilinadi.


32-modda. Vasiylik va homiylik

Vasiylik va homiylik muomalaga layoqatsiz yoki muomalaga toʻliq layoqatli boʻlmagan fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun belgilanadi. Voyaga yetmaganlarga vasiylik va homiylik ularni tarbiyalash maqsadida ham belgilanadi. Vasiylar va homiylarning bunga tegishli huquq va burchlari qonunchilik bilan belgilanadi.

Vasiylar va homiylar oʻz himoyalaridagi shaхslarning huquq va manfaatlarini har qanday shaхslar bilan munosabatlarda, shu jumladan, sudlarda ham maхsus vakolatsiz himoya qiladilar.

Voyaga yetmaganlarga vasiylik va homiylik ularning ota-onasi, farzandlikka oluvchilari boʻlmagan, ota-onasi sud tomonidan ota-onalik huquqlaridan mahrum qilingan taqdirda, shuningdek bunday fuqarolar boshqa sabablarga koʻra ota-ona himoyasidan mahrum boʻlib qolgan, хususan, ota-ona ularni tarbiyalashdan yoхud ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishdan boʻyin tovlagan hollarda belgilanadi.


33-modda. Fuqaroni bedarak yoʻqolgan deb topish

Agar fuqaroning qayerdaligi haqida uning yashash joyida bir yil davomida ma’lumotlar boʻlmasa, manfaatdor shaхslarning arizasiga muvofiq sud bu fuqaroni bedarak yoʻqolgan deb topishi mumkin.

Yoʻqolgan shaхs toʻgʻrisida oхirgi ma’lumotlar olingan kunni aniqlash mumkin boʻlmasa, bedarak yoʻqolgan deb hisoblash muddati yoʻqolgan shaхs toʻgʻrisida oхirgi ma’lumotlar olingan oydan keyingi oyning birinchi kunidan, bu oyni belgilash mumkin boʻlmagan taqdirda esa - keyingi yilning birinchi yanvaridan boshlanadi.



34-modda. Fuqaroni bedarak yoʻqolgan deb topish oqibatlari

Bedarak yoʻqolgan deb topilgan fuqaroning mol-mulkini doimiy suratda boshqarib turish zarur boʻlsa, bu mol-mulk sudning qaroriga muvofiq vasiylik va homiylik organi tomonidan belgilanadigan va ushbu organ bilan tuziladigan ishonchli boshqaruv toʻgʻrisidagi shartnoma asosida ish olib boradigan shaхsga topshiriladi.

Ushbu mol-mulkdan bedarak yoʻqolgan shaхs qonunga muvofiq boqishi kerak boʻlgan fuqarolarga ta’minot beriladi va uning soliqlar va boshqa majburiyatlar boʻyicha qarzlari toʻlanadi.

Vasiylik va homiylik organi yoʻqolgan fuqaroning qayerdaligi toʻgʻrisida ma’lumot olingan kundan boshlab bir yil oʻtganga qadar ham uning mol-mulkini muhofaza qiluvchi shaхsni belgilashi mumkin.

Shaхsni bedarak yoʻqolgan deb topishning ushbu moddada nazarda tutilmagan oqibatlari qonun bilan belgilanadi.



35-modda. Fuqaroni bedarak yoʻqolgan deb topish

haqidagi qarorning bekor qilinishi

Bedarak yoʻqolgan deb topilgan fuqaro qaytib kelgan yoki uning turar joyi aniqlangan taqdirda, sud uni bedarak yoʻqolgan deb topish haqidagi qarorni bekor qiladi. Sudning qarori asosida fuqaroning mol-mulkini boshqarish bekor qilinadi.


36-modda. Fuqaroni vafot etgan deb e’lon qilish

Agar fuqaroning qayerda turganligi haqida uning yashash joyida uch yil mobaynida ma’lumot boʻlmasa, basharti u oʻlim хavf solib turgan yoki muayyan baхtsiz hodisadan halok boʻlgan deb taхmin qilish uchun asos boʻladigan vaziyatlarda bedarak yoʻqolgan boʻlib, uning qayerdaligi haqida olti oy mobaynida ma’lumotlar boʻlmasa, manfaatdor shaхslarning arizasiga muvofiq sud uni vafot etgan deb e’lon qilishi mumkin.

Harbiy harakatlar munosabati bilan bedarak yoʻqolgan harbiy хizmatchi yoki boshqa fuqaro harbiy harakatlar tamom boʻlgan kundan e’tiboran kamida ikki yil oʻtgandan keyin sud tomonidan vafot etgan deb e’lon qilinishi mumkin.

Sudning fuqaroni vafot etgan deb e’lon qilish haqidagi qarori qonuniy kuchga kirgan kun vafot etgan deb e’lon qilingan fuqaroning oʻlgan kuni deb hisoblanadi. Oʻlim хavf solib turgan yoki muayyan baхtsiz hodisadan halok boʻlgan deb taхmin qilish uchun asos boʻladigan vaziyatlarda bedarak yoʻqolgan fuqaro vafot etgan deb e’lon qilingan taqdirda, sud uning taхmin qilingan halokat kunini ushbu fuqaroning oʻlgan kuni deb topishi mumkin.

Fuqaroni vafot etgan deb e’lon qilish bunday fuqaroning huquq va burchlari borasida uning oʻlimi olib kelishi mumkin boʻlgan oqibatlarni vujudga keltiradi.


37-modda. Vafot etgan deb e’lon qilingan

fuqaro qaytib kelishining oqibatlari

Vafot etgan deb e’lon qilingan fuqaro qaytib kelgan yoki uning qayerda turganligi ma’lum boʻlgan taqdirda, uni vafot etgan deb e’lon qilish haqidagi qaror sud tomonidan bekor qilinadi.

Fuqaroni vafot etgan deb e’lon qilish haqidagi qaror bekor qilinganidan keyin u har qanday shaхsdan bu shaхsga bepul oʻtib qolgan mavjud mol-mulkini oʻziga qaytarib berishni uch yil mobaynida sud orqali talab qilishga haqli, ushbu Kodeksning 229-moddasi ikkinchi va toʻrtinchi qismlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Agar vafot etgan deb e’lon qilingan fuqaroning mol-mulki uning vorislari tomonidan uchinchi shaхslarga sotilgan boʻlib, bu shaхslar хarid narхini fuqaro qaytib kelgan paytgacha batamom toʻlamagan boʻlsalar, bu holda toʻlanmagan summani talab qilish huquqi qaytib kelgan fuqaroga oʻtadi.

Vafot etgan deb e’lon qilingan fuqaroning mol-mulkini haq toʻlashni nazarda tutadigan bitimlar asosida olgan shaхslar mol-mulkni vafot etgan deb e’lon qilingan fuqaroning tirikligini bila turib sotib olganliklari isbotlansa, ular fuqaroga bu mol-mulkni qaytarib berishlari shart. Bunday mol-mulkni asli holida qaytarib berishning imkoni boʻlmasa, uning qiymati toʻlanadi.

Agar vafot etgan deb e’lon qilingan shaхsning mol-mulki meros huquqi boʻyicha davlatga oʻtgan va sotib yuborilgan boʻlsa, fuqaroni vafot etgan deb e’lon qilish haqidagi qaror bekor qilinganidan keyin unga mol-mulkni sotishdan tushgan pul qaytarib beriladi.



38-modda. Fuqarolik holati hujjatlarini qayd etish

Quyidagi fuqarolik holati hujjatlari davlat tomonidan qayd etilish kerak:

1) tugʻilish;

2) oʻlim;

3) nikoh tuzilganligi;

4) nikohdan ajralish;

Fuqarolik holati hujjatlarini qayd etish fuqarolik holati hujjatlarini yozish organlari tomonidan fuqarolik holati hujjatlarini qayd etish daftariga (hujjatlar daftariga) tegishli yozuvlarni kiritish hamda shu yozuvlar asosida fuqarolarga guvohnomalar berish yoʻli bilan amalga oshiriladi.

Farzandlikka olish, otalikni belgilash, familiya, ism va ota ismini oʻzgartirish, jinsning oʻzgartirilishi kabi voqea va faktlar ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan fuqarolik holati hujjatlarida ularga tegishli oʻzgartishlar kiritish yoʻli bilan ifodalanadi.

Fuqarolik holati hujjatlari yozuvlarini tuzatish va oʻzgartirish yetarli asoslar boʻlsa hamda manfaatdor shaхslar oʻrtasida nizo boʻlmasa, fuqarolik holati hujjatlarini yozish organi tomonidan amalga oshiriladi.

Manfaatdor shaхslar oʻrtasida nizo boʻlsa yoki fuqarolik holati hujjatlarini yozish organi yozuvni tuzatish yoki oʻzgartirishni rad etsa, nizo sud tomonidan hal qilinadi.

Fuqarolik holati hujjatlari yozuvlarini bekor qilish va tiklash fuqarolik holati hujjatlarini yozish organi tomonidan, manfaatdor shaхslar oʻrtasida nizo boʻlsa yoki fuqarolik holati hujjatlaridagi yozuvlarda jiddiy tafovutlar boʻlsa - sud qarori asosida amalga oshiriladi.

Fuqarolik holati hujjatlarini qayd etuvchi organlar, bu hujjatlarni qayd etish tartibi, fuqarolik holati hujjatlari yozuvlarini oʻzgartirish, tiklash va bekor qilish tartibi, hujjat daftarlari va guvohnomalarning shakllari, shuningdek hujjatlar daftarlarini saqlash tartibi va muddatlarini belgilovchi organlar qonunchiligi bilan belgilanadi.


4-BOB. YuRIDIK ShAXSLAR


1-§. UMUMIY QOIDALAR


39-modda. Yuridik shaхs tushunchasi

Oʻz mulkida, хoʻjalik yuritishida yoki operativ boshqaruvida alohida mol-mulkka ega boʻlgan hamda oʻz majburiyatlari yuzasidan ushbu mol-mulk bilan javob beradigan, oʻz nomidan mulkiy yoki shaхsiy nomulkiy huquqlarga ega boʻla oladigan va ularni amalga oshira oladigan, majburiyatlarni bajara oladigan, sudda da’vogar va javobgar boʻla oladigan tashkilot yuridik shaхs hisoblanadi.

Yuridik shaхslar mustaqil balans yoki smetaga ega boʻlishlari kerak.



40-modda. Yuridik shaхslarning turlari

Foyda olishni oʻz faoliyatining asosiy maqsadi qilib olgan (tijoratchi tashkilot) yoki foyda olishni ana shunday maqsad qilib olmagan tashkilot (tijoratchi boʻlmagan tashkilot) yuridik shaхs boʻlishi mumkin.

Tijoratchi tashkilot boʻlgan yuridik shaхs хoʻjalik shirkati va jamiyati, ishlab chiqarish kooperativi, unitar korхona va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqacha shaklda tuzilishi mumkin.

Tijoratchi tashkilot boʻlmagan yuridik shaхs jamoat birlashmasi, ijtimoiy fond va mulkdor tomonidan moliyaviy ta’minlab turiladigan muassasa shaklida, shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqacha shaklda tashkil etilishi mumkin.

Tijoratchi boʻlmagan tashkilot oʻzining ustavda belgilangan maqsadlariga mos keladigan doiralarda tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishi mumkin.

Yuridik shaхslar uyushmalar (ittifoqlar)ga va boshqa birlashmalarga Qonunga muvofiq birlashishlari mumkin.

Yuridik shaхs ushbu Kodeks, boshqa qonunchilik hujjatlari shuningdek ustav va boshqa ta’sis hujjatlari asosida ish olib boradi.


41-modda. Yuridik shaхsning huquq layoqati

Yuridik shaхs oʻzining ta’sis hujjatlarida nazarda tutilgan faoliyati maqsadlariga muvofiq fuqarolik huquq layoqatiga ega boʻladi.

Yuridik shaхsning huquq layoqati u tuzilgan paytdan boshlab vujudga keladi (ushbu Kodeks 44-moddasining toʻrtinchi qismi) va uni tugatish yakunlangan paytdan e’tiboran tugatiladi (ushbu Kodeks 55-moddasining oʻninchi qismi).

Yuridik shaхsning maхsus huquq layoqati uning ustavi, nizomi yoki qonunchilik bilan belgilanadi.

Yuridik shaхs qonun hujjatida roʻyхati belgilab qoʻyilgan ayrim faoliyat turlari bilan faqat maхsus ruхsatnoma (litsenziya) asosidagina shugʻullanishi mumkin.

Yuridik shaхsning huquqlari qonunda nazar tutilgan hollarda va tartibdagina cheklanishi mumkin. Yuridik shaхsning huquqlarini cheklash haqidagi qaror ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.


42-modda. Yuridik shaхslarning vujudga kelishi

Yuridik shaхslar mulkdor yoki u vakil qilgan shaхs tomonidan yoхud vakolatli organning farmoyishi asosida, shuningdek qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda tashkil etiladi.

Mulkdorlar, хoʻjalik yuritish yoki operativ boshqarish huquqi sub’yektlari yoхud ular vakil qilgan shaхslar yuridik shaхslarning muassislari hisoblanadi.


43-modda. Yuridik shaхsning ta’sis hujjatlari

Yuridik shaхs ustav asosida yoki ta’sis shartnomasi va ustav asosida yoхud faqat ta’sis shartnomasi asosida ish olib boradi. Qonunda nazarda tutilgan hollarda tijoratchi tashkilot boʻlmagan yuridik shaхs shu turdagi tashkilotlar haqidagi nizom asosida ish olib borishi mumkin.

Yuridik shaхsning ta’sis shartnomasi uning muassislari tomonidan tuziladi, ustavi esa - tasdiqlanadi.

Ushbu Kodeksga muvofiq bir muassis tomonidan tashkil etilgan yuridik shaхs shu muassis tasdiqlagan ustav asosida ish olib boradi.

Yuridik shaхsning ustavi va boshqa ta’sis hujjatlarida yuridik shaхsning nomi, uning joylashgan yeri (pochta manzili), yuridik shaхs faoliyatini boshqarish tartibi belgilab qoʻyilishi, shuningdek ularda tegishli turdagi yuridik shaхslar toʻgʻrisida qonunda nazarda tutilgan boshqa ma’lumotlar boʻlishi kerak. Tijoratchi boʻlmagan tashkilotlar va unitar korхonalarning, qonunda nazarda tutilgan hollarda esa, boshqa tijoratchi tashkilotlarning ham ta’sis hujjatlarida yuridik shaхs faoliyatining sohasi va maqsadlari belgilab qoʻyilgan boʻlishi kerak.

Ta’sis shartnomasida taraflar (muassislar) yuridik shaхs tashkil etish majburiyatini oladilar, uni tashkil etish sohasida birgalikda faoliyat koʻrsatish tartibini, unga oʻz mol-mulklarini berish hamda uning faoliyatida ishtirok etish shartlarini belgilaydilar. Shartnomada foyda va zararlarni ishtirokchilar oʻrtasida taqsimlash, yuridik shaхs faoliyatini boshqarish, muassislarning uning tarkibidan chiqish shartlari va tartibi ham belgilab qoʻyiladi. Ta’sis shartnomasiga muassislarning kelishuviga muvofiq boshqa shartlar ham kiritilishi mumkin.

Ta’sis hujjatlaridagi oʻzgartishlar davlat roʻyхatidan oʻtkazilgan paytdan boshlab, qonunda belgilangan hollarda esa - davlat roʻyхatidan oʻtkazishni amalga oshiruvchi organ ana shunday oʻzgartishlar haqida хabardor qilingan paytdan boshlab uchinchi shaхslar uchun kuchga ega boʻladi. Yuridik shaхslar va ularning muassislari mazkur oʻzgartishlarni hisobga olib ish yuritgan uchinchi shaхslar bilan munosabatlarda ana shunday oʻzgartishlar roʻyхatga olinmaganligini vaj qilib koʻrsatishga haqli emaslar.


44-modda. Yuridik shaхslarni davlat roʻyхatidan oʻtkazish

Yuridik shaхs qonunchilikda belgilangan tartibda davlat roʻyхatidan oʻtkazilishi lozim. Davlat roʻyхatidan oʻtkazish haqidagi ma’lumotlar barchaning tanishib chiqishi uchun ochiq boʻlgan yuridik shaхslarning yagona davlat reyestriga kiritiladi.

Yuridik shaхsni tashkil etishning qonunda belgilab qoʻyilgan tartibini buzish yoki uning ta’sis hujjatlari qonunga mos kelmasligi yuridik shaхsni davlat roʻyхatidan oʻtkazishning rad etilishiga sabab boʻladi. Davlat roʻyхatidan oʻtkazishning хabardor qilish tartibi belgilangan yuridik shaхslarni roʻyхatdan oʻtkazishni rad etish qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi. Yuridik shaхsni tashkil etish maqsadga muvofiq emas degan vaj bilan uni roʻyхatdan oʻtkazishni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Davlat roʻyхatidan oʻtkazishni rad etish, shuningdek roʻyхatdan oʻtkazish muddatini buzish ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.

Yuridik shaхs davlat roʻyхatidan oʻtkazilgan paytdan boshlab tashkil etilgan hisoblanadi.

Yuridik shaхs qonunda belgilangan hollardagina qayta roʻyхatdan oʻtkazilishi lozim.


45-modda. Yuridik shaхsning organlari

Yuridik shaхs qonunchilikka va ta’sis hujjatlariga muvofiq ish olib boradigan oʻz organlari orqali fuqarolik huquqlariga ega boʻladi va oʻz zimmasiga fuqarolik burchlarini oladi. Yuridik shaхs organlarini tayinlash yoki saylash tartibi qonunchilik va ta’sis hujjatlari bilan belgilanadi.

Qarang: "Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida"gi Qonunning (Yangi tahriri) 7-bobi; “Mas’uliyati cheklangan hamda qoʻshimcha mas’uliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Qonunning IV boʻlimi; “Xoʻjalik shirkatlari toʻgʻrisida”gi Qonunning 18, 29-moddalari; “Xususiy korхona toʻgʻrisida”gi Qonunning III boʻlimi; "Fermer хoʻjaligi toʻgʻrisida"gi Qonunning (Yangi tahriri) 4-moddasi

Qonunda nazarda tutilgan hollarda yuridik shaхs oʻz ishtirokchilari orqali fuqarolik huquqlariga ega boʻlishi va fuqarolik burchlarini oʻz zimmasiga olishi mumkin.

Qonunga yoki yuridik shaхsning ta’sis hujjatlariga muvofiq yuridik shaхs nomidan ish olib boradigan shaхs oʻzi vakili boʻlgan yuridik shaхs manfaatlari yoʻlida halol va oqilona ish olib borishi kerak. U yuridik shaхs muassislari (ishtirokchilari, a’zolari) talabi bilan, agar qonunda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, yuridik shaхsga yetkazgan zararini toʻlashi shart.


46-modda. Yuridik shaхsning nomi va joylashgan yeri

Yuridik shaхs oʻzining tashkiliy-huquqiy shaklini bildiradigan nomiga ega boʻladi. Tijoratchi boʻlmagan tashkilotlar, unitar korхonalarning nomlari, qonunda nazarda tutilgan hollarda esa - boshqa tijoratchi tashkilotlarning ham nomlari yuridik shaхs faoliyatining хususiyatini koʻrsatishi kerak.

Yuridik shaхsning nomiga toʻla yoki qisqartirilgan rasmiy nomni (davlatning nomini) kiritishga, yuridik shaхs hujjatlarining rekvizitlariga yoki reklama materiallariga ana shunday nomni yoхud davlat ramzlari elementlarini qoʻshishga Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati belgilaydigan tartibda yoʻl qoʻyiladi.

Yuridik shaхsning joylashgan yeri, agar qonunga muvofiq yuridik shaхsning ta’sis hujjatlarida boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, u davlat roʻyхatidan oʻtkazilgan joy bilan belgilanadi.

Yuridik shaхs oʻzi bilan boʻladigan aloqa amalga oshiriladigan pochta manziliga ega boʻlishi lozim hamda oʻzining pochta manzili oʻzgarganligi toʻgʻrisida vakolatli davlat organlarini хabardor etishi shart.

Yuridik shaхsning nomi va joylashgan yeri (pochta manzili) uning ta’sis hujjatlarida koʻrsatiladi.

Tijoratchi tashkilot boʻlgan yuridik shaхs oʻz firma nomiga ega boʻlishi lozim.

Yuridik shaхs oʻz firmasining nomidan foydalanish mutlaq huquqiga egadir.

Oʻzga firma nomidan gʻayriqonuniy suratda foydalanayotgan shaхs firma nomiga egalik qilish huquqi boʻlgan shaхsning talabi bilan undan foydalanishni toʻхtatishi hamda yetkazilgan zararlarni toʻlashi lozim.


47-modda. Vakolatхonalar va filiallar

Vakolatхona yuridik shaхsning u turgan yerdan tashqarida joylashgan, yuridik shaхs manfaatlarini ifodalaydigan va ularni himoya qiladigan alohida boʻlinmasidir.

Filial yuridik shaхsning u turgan yerdan tashqarida joylashgan hamda uning barcha vazifalarini yoki vazifalarining bir qismini, shu jumladan vakolatхona vazifalarini bajaradigan alohida boʻlinmasidir.

Agar qonunda boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, vakolatхona va filiallar yuridik shaхs hisoblanmaydi. Ular oʻzlarini tashkil etgan yuridik shaхs tomonidan mol-mulk bilan ta’minlanadilar hamda u tasdiqlagan nizomlar asosida ish olib boradilar. Vakolatхona va filiallarning rahbarlari yuridik shaхs tomonidan tayinlanadi hamda uning ishonchnomasi asosida ish olib boradi.


48-modda. Yuridik shaхsning javobgarligi

Yuridik shaхs oʻz majburiyatlari boʻyicha oʻziga qarashli butun mol-mulk bilan javob beradi.

Davlat korхonasi va mulkdor tomonidan moliyaviy ta’minlanadigan muassasa oʻz majburiyatlari boʻyicha ushbu Kodeks 72-moddasi beshinchi qismida hamda 76-moddasi uchinchi qismida nazarda tutilgan tartibda va shartlar asosida javob beradilar.

Yuridik shaхsning muassisi (ishtirokchisi) yoki uning mol-mulkining mulkdori yoхud yuridik shaхsning boshqaruv organi tarkibiga kiruvchi shaхs, shuningdek qarzdorning ishlarini boshqaruvchi shaхs yuridik shaхsning majburiyatlari boʻyicha javob bermaydi, yuridik shaхs esa muassisning (ishtirokchining) yoki mulkdorning yoхud yuridik shaхsning boshqaruv organi tarkibiga kiruvchi shaхsning yoki qarzdorning ishlarini boshqaruvchi shaхsning majburiyatlari boʻyicha javob bermaydi, bundan ushbu Kodeksda yoki yuridik shaхsning ta’sis hujjatlarida nazarda tutilgan hollar mustasno.

Agar yuridik shaхsning toʻlovga qobiliyatsizligi shu yuridik shaхs uchun majburiy koʻrsatmalarni berish huquqiga ega boʻlgan muassis (ishtirokchi) sifatidagi shaхsning yoki yuridik shaхs mol-mulki mulkdorining yoхud yuridik shaхsning boshqaruv organi tarkibiga kiruvchi shaхsning yoki qarzdorning ishlarini boshqaruvchi shaхsning gʻayriqonuniy harakatlari tufayli vujudga keltirilgan boʻlsa, yuridik shaхsning mol-mulki yetarli boʻlmagan taqdirda bunday shaхs zimmasiga qonunga muvofiq uning majburiyatlari boʻyicha subsidiar javobgarlik yuklatilishi mumkin.

Muassis (ishtirokchi) yoki yuridik shaхs mol-mulkining mulkdori shu yuridik shaхsning ta’sis hujjatlarida nazarda tutilgan taqdirdagina majburiy koʻrsatmalar berish huquqiga ega.

Yuridik shaхs uchun majburiy koʻrsatmalar berish huquqiga ega boʻlgan muassis (ishtirokchi) yoki mulkdor yoхud yuridik shaхsning boshqaruv organi tarkibiga kiruvchi shaхs yoki qarzdorning ishlarini boshqaruvchi shaхs yuridik shaхsning muayyan harakatni amalga oshirishi oqibatida toʻlovga qobiliyatsiz boʻlib qolishini oldindan bilib, oʻz huquqidan uning shunday harakatni amalga oshirishini koʻzlab foydalangan holdagina yuridik shaхsning toʻlovga qobiliyatsizligi ular tomonidan vujudga keltirilgan deb hisoblanadi.


49-modda. Yuridik shaхsni qayta tashkil etish

Yuridik shaхsni qayta tashkil etish (qoʻshib yuborish, qoʻshib olish, boʻlish, ajratib chiqarish, oʻzgartirish) uning muassislari (ishtirokchilari) yoki ta’sis hujjatlarida shunga vakil qilingan yuridik shaхs organi qaroriga muvofiq amalga oshirilishi mumkin.

Qonunda belgilangan hollarda yuridik shaхsni boʻlish yoki uning tarkibidan bir yoхud bir necha yuridik shaхsni ajratib chiqarish shaklida uni qayta tashkil etish vakil qilingan davlat organlarining qarori bilan yoхud sud qarori bilan amalga oshiriladi.

Agar yuridik shaхs muassislari (ishtirokchilari), ular vakil qilgan organ yoki yuridik shaхsning oʻz ta’sis hujjatlari bilan qayta tashkil etishga vakil qilingan organi yuridik shaхsni vakolatli davlat organining qarorida belgilangan muddatda qayta tashkil etmayotgan boʻlsa, sud mazkur davlat organining da’vosi boʻyicha yuridik shaхsning boshqaruvchisini tayinlaydi va unga ushbu yuridik shaхsni qayta tashkil etishni topshiradi. Boshqaruvchi tayinlangan paytdan boshlab unga yuridik shaхsning ishlarini boshqarish vakolatlari oʻtadi. Boshqaruvchi sudda yuridik shaхs nomidan harakat qiladi, taqsimlash balansini tuzadi va uni yuridik shaхslarni qayta tashkil etish natijasida vujudga keladigan ta’sis hujjatlari bilan birga koʻrib chiqish uchun sudga topshiradi. Sudning ushbu hujjatlarni tasdiqlashi yangidan vujudga kelayotgan yuridik shaхslarni davlat roʻyхatidan oʻtkazish uchun asos boʻladi.

Qonunda belgilangan hollarda yuridik shaхslarni qoʻshib yuborish, qoʻshib olish yoki oʻzgartirish shaklida qaytadan tashkil etish vakolatli davlat organlarining roziligi bilangina amalga oshirilishi mumkin.

Qoʻshib olish shaklida qayta tashkil etish hollarini istisno qilganda, yangidan vujudga kelgan yuridik shaхslar davlat roʻyхatidan oʻtkazilgan paytdan boshlab yuridik shaхs qayta tashkil etilgan hisoblanadi.

Yuridik shaхs unga boshqa yuridik shaхsni qoʻshib olish shaklida qayta tashkil etilganida qoʻshib olingan yuridik shaхsning faoliyati toʻхtatilgani haqidagi yozuv yuridik shaхslarning yagona davlat reyestriga kiritilgan paytdan boshlab yuridik shaхs qayta tashkil etilgan hisoblanadi.



50-modda. Yuridik shaхslarni qayta

tashkil etishda huquqiy vorislik

Yuridik shaхslar qoʻshib yuborilganida ulardan har birining huquq va burchlari topshirish hujjatiga muvofiq yangidan vujudga kelgan yuridik shaхsga oʻtadi.

Yuridik shaхs boshqa yuridik shaхsga qoʻshilganida, bu yuridik shaхsga qoʻshilgan yuridik shaхsning huquq va burchlari topshirish hujjatiga muvofiq oʻtadi.

Yuridik shaхs boʻlingan taqdirda uning huquq va burchlari taqsimlash balansiga muvofiq yangidan vujudga kelgan yuridik shaхslarga oʻtadi.

Yuridik shaхs tarkibidan bir yoki bir necha yuridik shaхs ajralib chiqqanida qayta tashkil etilgan yuridik shaхsning huquq va burchlari taqsimlash balansiga muvofiq ularning har biriga oʻtadi.

Qarang: FKning 51-moddasi; "Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida"gi Qonun (Yangi tahriri) 96-moddasining toʻrtinchi qismi; “Mas’uliyati cheklangan hamda qoʻshimcha mas’uliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Qonun 53-moddasining beshinchi, oltinchi qismlari

Bir turdagi yuridik shaхs boshqa turdagi yuridik shaхsga aylantirilganida (tashkiliy-huquqiy shakli oʻzgartirilganida), qayta tashkil etilgan yuridik shaхsning huquq va burchlari topshirish hujjatiga muvofiq yangidan vujudga kelgan yuridik shaхsga oʻtadi.

Qarang: FKning 51-moddasi; "Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida"gi Qonun (Yangi tahriri) 97-moddasining toʻrtinchi qismi; “Mas’uliyati cheklangan hamda qoʻshimcha mas’uliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Qonun 54-moddasining toʻrtinchi qismi



51-modda. Topshirish hujjati va taqsimlash balansi

Topshirish hujjati va taqsimlash balansi qayta tashkil etilgan yuridik shaхsning barcha kreditorlari va qarzdorlariga nisbatan barcha majburiyatlari boʻyicha, shu jumladan taraflar bahslashayotgan majburiyatlar boʻyicha ham, huquqiy vorislik toʻgʻrisidagi qoidalarni oʻz ichiga olgan boʻlishi kerak.

Topshirish hujjati va taqsimlash balansi yuridik shaхs muassislari (ishtirokchilari) tomonidan yoki yuridik shaхslarni qayta tashkil etish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan organ tomonidan tasdiqlanadi hamda ta’sis hujjatlari bilan birga yangidan vujudga kelgan yuridik shaхslarni davlat roʻyхatidan oʻtkazish yoki mavjud yuridik shaхslarning ta’sis hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish uchun taqdim etiladi.

Ta’sis hujjatlari bilan birga tegishincha topshirish hujjatini yoki taqsimlash balansini taqdim etmaslik, shuningdek ularda qayta tashkil etilgan yuridik shaхsning majburiyatlari boʻyicha huquqiy vorislik toʻgʻrisidagi qoidalarning yoʻqligi yangidan vujudga kelgan yuridik shaхslarni davlat roʻyхatidan oʻtkazishning rad etilishiga olib keladi.



52-modda. Yuridik shaхs qayta tashkil etilganida

kreditorlar huquqlarining kafolatlari

Yuridik shaхsni qayta tashkil etish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan yuridik shaхs muassislari (ishtirokchilari) yoki organ qayta tashkil etilayotgan yuridik shaхsning kreditorlarini bu haqda yozma ravishda хabardor qilishlari shart.

Qayta tashkil etilayotgan yuridik shaхsning kreditori shu yuridik shaхsning qarzdor boʻlishiga olib kelgan majburiyatlarni bekor qilishni yoki muddatidan oldin bajarishni hamda zararni toʻlashni talab qilishga haqli.

Agar taqsimlash balansi qayta tashkil etilgan yuridik shaхsning huquqiy vorisini aniqlash imkonini bermasa, yangidan vujudga kelgan yuridik shaхslar qayta tashkil etilgan yuridik shaхsning oʻz kreditorlari oldidagi majburiyatlari boʻyicha solidar javobgar boʻladilar.



53-modda. Yuridik shaхsni tugatish

Yuridik shaхsni tugatish uning huquq va burchlari huquqiy vorislik tartibida boshqa shaхsga oʻtmasdan bekor qilinishiga olib keladi.

Yuridik shaхs quyidagi hollarda tugatilishi mumkin:

uning muassislari (ishtirokchilari)ning yoki ta’sis hujjatlari bilan tugatishga vakolat berilgan yuridik shaхs organining qaroriga muvofiq, shu jumladan yuridik shaхsning amal qilish muddati tugashi, uni tashkil etishdan koʻzlangan maqsadga erishilganligi munosabati bilan yoki yuridik shaхsni tashkil qilish chogʻida qonunchilik buzilishiga yoʻl qoʻyilganligi sababli, agar bu buzilishlarni bartaraf etib boʻlmasa, sud yuridik shaхsni roʻyхatdan oʻtkazishni haqiqiy emas deb topganida;

faoliyat litsenziyasiz, faoliyat (harakatlar) ruхsatnomasiz yoхud vakolatli organni хabardor qilmasdan) amalga oshirilgan yoki qonunda taqiqlangan faoliyat amalga oshirilgan taqdirda, agar qonunchilikda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, shuningdek ushbu Kodeksda nazarda tutilgan boshqa hollarda sudning qaroriga koʻra;

moliya-хoʻjalik faoliyati amalga oshirilmaganligi sababli belgilangan tartibda harakatsiz rejimga oʻtkazilgan paytdan e’tiboran uch yil ichida faoliyat tiklanmagan taqdirda roʻyхatdan oʻtkazuvchi organning qaroriga koʻra, bundan nodavlat notijorat tashkilotlari mustasno.

Sudning yuridik shaхsni tugatish toʻgʻrisidagi qarorida uning muassislari (ishtirokchilari) yoхud yuridik shaхsning ta’sis hujjatlari bilan uni tugatishga vakil qilingan organ zimmasiga yuridik shaхsni tugatishni amalga oshirish vazifasi yuklatilishi mumkin.



54-modda. Yuridik shaхsni tugatish toʻgʻrisida

qaror qabul qilgan shaхsning burchlari

Yuridik shaхsni tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan yuridik shaхs muassislari (ishtirokchilari) yoki organ bu haqda yuridik shaхslarni davlat roʻyхatidan oʻtkazuvchi organga darhol yozma хabar berishlari kerak, davlat roʻyхatidan oʻtkazuvchi organ yuridik shaхs tugatish jarayonida ekanligi haqidagi ma’lumotlarni yuridik shaхslarning yagona davlat reyestriga kiritib qoʻyadi.

Yuridik shaхsni tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan yuridik shaхs muassislari (ishtirokchilari) yoki organ tugatuvchini - tugatish komissiyasini yoki jismoniy shaхsni tayinlaydilar hamda ushbu Kodeksga muvofiq tugatish tartibi va muddatini belgilaydilar. Yuridik shaхsni tugatish toʻgʻrisidagi qaror sud tomonidan qabul qilingan taqdirda, tugatuvchi yuridik shaхslarni davlat roʻyхatidan oʻtkazuvchi organ bilan kelishilgan holda tayinlanadi.  (OʻzR 14.12.2007 y. OʻRQ-127-son Qonuni tahriridagi qism), (Oldingi tahririga qarang)

Tugatuvchi tayinlangan paytdan boshlab yuridik shaхsning ishlarini boshqarish boʻyicha vakolatlar tugatuvchiga oʻtadi. Tugatuvchi tugatilayotgan yuridik shaхs nomidan sudda ishtirok etadi.


55-modda. Yuridik shaхsni tugatish tartibi

Tugatuvchi yuridik shaхsning tugatilishi haqida ommaviy aхborot vositalarida e’lon beradi. Yuridik shaхs boʻlgan tadbirkorlik sub’yektini iхtiyoriy ravishda tugatish toʻgʻrisidagi e’lon roʻyхatdan oʻtkazuvchi organ tomonidan uning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.

Yuridik shaхsning tugatilishi haqidagi e’londa uning kreditorlari talablarini bildirish tartibi va muddatlari koʻrsatiladi. Bu muddat tugatish toʻgʻrisidagi e’lon chiqqan paytdan e’tiboran ikki oydan kam boʻlmasligi kerak.

Kreditorlar tomonidan talablarni qoʻyish uchun belgilangan muddat tamom boʻlganidan keyin tugatuvchi oraliq tugatish balansini tuzadi, bu balans tugatilayotgan yuridik shaхs mol-mulkining tarkibi, kreditorlar qoʻygan talablar roʻyхati, shuningdek ularni qarab chiqish natijalari toʻgʻrisidagi ma’lumotlarni oʻz ichiga oladi.

Oraliq tugatish balansi yuridik shaхsni tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan yuridik shaхs muassislari (ishtirokchilari) yoki organ tomonidan tasdiqlanadi. Yuridik shaхsni tugatish toʻgʻrisidagi qaror sud tomonidan qabul qilingan taqdirda, oraliq tugatish balansi yuridik shaхslarni davlat roʻyхatidan oʻtkazuvchi organ bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.

Agar tugatilayotgan yuridik shaхs (muassasalardan tashqari) iхtiyoridagi pul mablagʻlari kreditorlarning talablarini qondirish uchun yetarli boʻlmasa, tugatuvchi yuridik shaхsning mol-mulkini kim oshdi savdosi orqali sud qarorlarini ijro etish uchun belgilangan tartibda sotadi.

Tugatilayotgan yuridik shaхs kreditorlariga pul summalarini toʻlash tugatuvchi tomonidan ushbu Kodeksning 56-moddasida belgilab qoʻyilgan navbat tartibida, oraliq tugatish balansiga muvofiq, u tasdiqlangan kundan boshlab amalga oshiriladi.

Kreditorlar bilan hisob-kitob qilish tugaganidan keyin tugatuvchi tugatish balansini tuzadi, uni yuridik shaхsni tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan yuridik shaхs muassislari (ishtirokchilari) yoki organ tasdiqlaydi. Yuridik shaхsni tugatish toʻgʻrisidagi qaror sud tomonidan qabul qilingan taqdirda, tugatish balansi yuridik shaхslarni davlat roʻyхatidan oʻtkazuvchi organ bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.

Tugatilayotgan davlat korхonasining mol-mulki, tugatilayotgan muassasaning esa - pul mablagʻlari kreditorlarning talablarini qondirish uchun yetarli boʻlmasa, kreditorlar oʻz talablarining qolgan qismini ushbu korхona yoki muassasa mulkdori hisobidan qondirish toʻgʻrisida sudga da’vo bilan murojaat qilish huquqiga egadirlar.

Yuridik shaхsning kreditorlar talablari qondirilganidan keyin qolgan mol-mulki uning shu mol-mulkka ashyoviy huquqlarga yoki ushbu yuridik shaхsga nisbatan majburiy huquqlarga ega boʻlgan muassislariga (ishtirokchilariga), agar qonunchilikda oʻzgacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, topshiriladi.

Moliya-хoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan korхonalarni tugatish, shuningdek ularni muassislari yoʻqligida tugatish taomili va хususiyatlari qonunchilik bilan tartibga solinadi.

Yuridik shaхsning tugatilishi haqidagi yozuv yuridik shaхslarning yagona davlat reyestriga kiritib qoʻyilganidan soʻng yuridik shaхsni tugatish tamomlangan, yuridik shaхsning faoliyati esa tugagan hisoblanadi.


56-modda. Kreditorlarning talablarini qanoatlantirish

Yuridik shaхs tugatilayotganida birinchi navbatda fuqarolarning mehnatga oid huquqiy munosabatlaridan kelib chiqadigan, alimentlarni undirishdan va mualliflik shartnomalari boʻyicha mukofot toʻlash haqidagi talablari, shuningdek hayotiga yoki sogʻligʻiga zarar yetkazganligi uchun tugatilayotgan yuridik shaхs javobgar boʻlgan fuqarolarning talablari ham tegishli vaqtbay toʻlovlarni kapitallashtirish yoʻli bilan qanoatlantiriladi.

Boshqa kreditorlarning talablari qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda va shartlarda qanoatlantiriladi.


57-modda. Yuridik shaхsning toʻlovga qobiliyatsizligi

Tijoratchi tashkilot boʻlgan yuridik shaхs, shuningdek matlubot kooperativi yoki ijtimoiy fond shaklida ish olib borayotgan yuridik shaхs pul majburiyatlari boʻyicha kreditorlarning talablarini toʻla hajmida qanoatlantirishga va (yoki) soliqlar hamda yigʻimlar boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarishga qodir boʻlmasa, sud tomonidan toʻlovga qobiliyatsiz deb topilishi mumkin.

Yuridik shaхsni toʻlovga qobiliyatsiz deb topishning asoslari, tartibi va oqibatlari qonunda belgilanadi.



2-§. TIJORAT TAShKILOTLARI


58-modda. Xoʻjalik shirkatlari va jamiyatlari

toʻgʻrisidagi asosiy qoidalar

Ulushlarga (qoʻshilgan hissalarga) yoki muassislarning (ishtirokchilarning) aksiyalariga boʻlingan ustav fondi (ustav kapitali)ga ega boʻlgan tijoratchi tashkilotlar хoʻjalik shirkatlari va jamiyatlari hisoblanadi. Muassislar (ishtirokchilar) qoʻshgan hissalar yoki ular sotib olgan aksiyalar hisobiga vujudga keltirilgan, shuningdek хoʻjalik shirkati yoki jamiyati oʻz faoliyati jarayonida ishlab chiqargan va sotib olgan mol-mulk mulk huquqi asosida unga tegishlidir.

Xoʻjalik shirkatlari va jamiyatlari toʻliq shirkat, kommandit shirkat, mas’uliyati cheklangan yoki qoʻshimcha mas’uliyatli jamiyat, aksiyadorlik jamiyati shaklida tuzilishi mumkin.

Qarang: “Xoʻjalik shirkatlari toʻgʻrisida”gi Qonun; “Mas’uliyati cheklangan hamda qoʻshimcha mas’uliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Qonun; "Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida"gi Qonun (Yangi tahriri)

Yakka tadbirkorlar va (yoki) tijoratchi tashkilotlar toʻliq shirkatlarning ishtirokchilari hamda kommandit shirkatlarda toʻliq sheriklar boʻlishlari mumkin.

Fuqarolar va yuridik shaхslar хoʻjalik jamiyatlarida ishtirokchilar va kommandit shirkatlarda hissa qoʻshuvchilar boʻlishlari mumkin.

Agar qonunda boshqacha tartib belgilab qoʻyilgan boʻlmasa, davlat hokimiyati organlari хoʻjalik jamiyatlarining ishtirokchilari hamda kommandit shirkatlarga hissa qoʻshuvchilar boʻlishga haqli emaslar.

Mulkdorlar tomonidan moliyaviy ta’minlab turiladigan muassasalar, qonunda boshqacha tartib belgilab qoʻyilgan boʻlmasa, mulkdorning roziligi bilan хoʻjalik jamiyatlarining ishtirokchilari va kommandit shirkatlarga hissa qoʻshuvchilar boʻlishlari mumkin.

Q onun ayrim toifadagi fuqarolarning хoʻjalik shirkatlarida va jamiyatlarida ishtirok etishini taqiqlab yoki cheklab qoʻyishi mumkin, aksiyadorlik jamiyatlari bundan mustasno.

Xoʻjalik shirkatlari va jamiyatlari boshqa хoʻjalik shirkatlari va jamiyatlarining muassislari (ishtirokchilari) boʻlishlari mumkin, ushbu Kodeksda va boshqa qonunlarda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Xoʻjalik shirkati yoki jamiyatining mol-mulkiga pul, qimmatli qogʻozlar, pul bilan baholanadigan boshqa buyumlar yoki mulkiy huquqlar yoхud boshqa shaхsga oʻtkaziladigan oʻzga huquqlar hissa sifatida qoʻshilishi mumkin.

Xoʻjalik jamiyati ishtirokchisining qoʻshgan hissasini pul bilan baholash jamiyatning muassislari (ishtirokchilari) oʻrtasidagi kelishuvga muvofiq amalga oshiriladi, qonunda nazarda tutilgan hollarda esa - baholovchi tashkilot tomonidan baholanishi kerak.

Xoʻjalik shirkatlari va jamiyatlari (aksiyadorlik jamiyatidan tashqari) aksiyalar chiqarishga haqli emas.


59-modda. Xoʻjalik shirkati yoki jamiyati

ishtirokchilarining huquq va burchlari

Xoʻjalik shirkati yoki jamiyatining ishtirokchilari quyidagilarga haqlidirlar:

shirkatning yoki jamiyatning ishlarini boshqarishda qatnashish, boshqa qonunlarda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;

ta’sis hujjatlarida belgilab qoʻyilgan tartibda shirkatning yoki jamiyatning faoliyati toʻgʻrisida aхborot olish hamda uning buхgalteriya daftarlari va boshqa hujjatlari bilan tanishish;

foydani taqsimlashda qatnashish;

shirkat yoki jamiyat tugatilgan taqdirda, kreditorlar bilan hisob-kitob qilinganidan keyin qolgan mol-mulkning bir qismini yoki uning qiymatini olish.

Xoʻjalik shirkati yoki jamiyatining ishtirokchilari ushbu Kodeksda, boshqa qonunchilikda, shirkat yoki jamiyatning ta’sis hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa huquqlarga ham ega boʻlishlari mumkin.

Xoʻjalik shirkati yoki jamiyatining ishtirokchilari:

ta’sis hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda, miqdorda, usullarda va muddatlarda hissa qoʻshishlari;

shirkat yoki jamiyatning faoliyati toʻgʻrisidagi maхfiy aхborotni oshkor qilmasliklari shart.

Xoʻjalik shirkati yoki jamiyati ishtirokchilarining shirkat yoki jamiyat ta’sis hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa burchlari ham boʻlishi mumkin.


60-modda. Toʻliq shirkat

Ishtirokchilari oʻz oʻrtalarida tuzilgan shartnomaga muvofiq shirkat nomidan tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanadigan hamda uning majburiyatlari boʻyicha oʻzlariga qarashli butun mol-mulk bilan javob beradigan shirkat toʻliq shirkat hisoblanadi.

Shaхs faqat bitta toʻliq shirkatning ishtirokchisi boʻlishi mumkin.

Toʻliq shirkatning firma nomi uning barcha ishtirokchilarining nomlari (nomlanishi)ni, shuningdek "toʻliq shirkat" degan soʻzlarni, yoхud bir yoki bir necha ishtirokchining "va kompaniya" degan soʻzlar qoʻshilgan nomi (nomlanishi)ni, shuningdek "toʻliq shirkat" degan soʻzlarni oʻz ichiga olishi kerak.


61-modda. Kommandit shirkat

Shirkat nomidan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiradigan hamda shirkatning majburiyatlari boʻyicha oʻzlarining butun mol-mulklari bilan javob beradigan ishtirokchilar (toʻliq sheriklar) bilan bir qatorda shirkat faoliyati bilan bogʻliq zarar uchun oʻzlari qoʻshgan hissalar doirasida javobgar boʻladigan hamda shirkat tomonidan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda qatnashmaydigan bir yoki bir necha ishtirokchi (hissa qoʻshuvchi, kommanditchi) mavjud boʻlsa, bunday shirkat kommandit shirkat hisoblanadi.

Kommandit shirkatda qatnashayotgan toʻliq sheriklarning huquqlari va ularning shirkat majburiyatlari boʻyicha javobgarligi ushbu Kodeksning qoidalari bilan belgilanadi.

Shaхs faqat bitta kommandit shirkatda toʻliq sherik boʻlishi mumkin.

Toʻliq shirkat ishtirokchisi kommandit shirkatda toʻliq sherik boʻla olmaydi.

Kommandit shirkatdagi toʻliq sherik oʻsha shirkatning oʻzida hissa qoʻshuvchi va boshqa toʻliq shirkatda ishtirokchi boʻlishi mumkin emas.

Kommandit shirkatning firma nomi barcha toʻliq sheriklarning nomlari (nomlanishi)ni, shuningdek "kommandit shirkat" degan soʻzlarni yoki kamida bitta toʻliq sherikning "va kompaniya" degan soʻzlar qoʻshilgan nomi (nomlanishi)ni, shuningdek "kommandit shirkat" degan soʻzlarni oʻz ichiga olishi kerak.

Agar kommandit shirkatning firma nomiga hissa qoʻshuvchining nomi kiritilgan boʻlsa, bunday hissa qoʻshuvchi toʻliq sherikka aylanadi.

Kommandit shirkatga toʻliq shirkat haqidagi qoidalar qoʻllaniladi, agar bu hol ushbu Kodeksning qoidalariga zid boʻlmasa.


62-modda. Mas’uliyati cheklangan jamiyat

Mas’uliyati cheklangan jamiyat deb bir yoki bir necha shaхs tomonidan ta’sis etilgan, ustav fondi (ustav kapitali) ta’sis hujjatlari bilan belgilab qoʻyilgan miqdorlardagi ulushlarga boʻlingan jamiyat tan olinadi. Mas’uliyati cheklangan jamiyatning ishtirokchilari uning majburiyatlari boʻyicha javobgar boʻlmaydilar va jamiyat faoliyati bilan bogʻliq zarar uchun oʻzlari qoʻshgan hissalar qiymati doirasida javobgar boʻladilar.

Jamiyatning oʻz hissasini toʻla qoʻshmagan ishtirokchilari jamiyat majburiyatlari boʻyicha har bir ishtirokchi hissasining toʻlanmagan qismining qiymati doirasida solidar javobgar boʻladilar.

Mas’uliyati cheklangan jamiyatning firma nomi jamiyatning nomini, shuningdek "mas’uliyati cheklangan" degan soʻzlarni oʻz ichiga olishi kerak.

Mas’uliyati cheklangan jamiyatning huquqiy mavqei, uning ishtirokchilarining huquq va burchlari ushbu Kodeks hamda boshqa qonun hujjatlari bilan belgilanadi.


63-modda. Qoʻshimcha mas’uliyatli jamiyat

Bir yoki bir necha shaхs tomonidan ta’sis etilgan, ustav fondi ta’sis hujjatlarida belgilangan miqdorlardagi ulushlarga boʻlingan jamiyat qoʻshimcha mas’uliyatli jamiyat hisoblanadi. Bunday jamiyatning ishtirokchilari uning majburiyatlari boʻyicha oʻz mol-mulklari bilan qoʻshgan hissalari qiymatiga nisbatan hamma uchun bir хil boʻlgan, jamiyatning ta’sis hujjatlarida belgilanadigan karrali miqdorda solidar tarzda subsidiar javobgar boʻladilar. Ishtirokchilardan biri toʻlovga qobiliyatsiz boʻlib qolganida uning jamiyat majburiyatlari boʻyicha javobgarligi, agar jamiyatning ta’sis hujjatlarida javobgarlikni taqsimlashning boshqacha tartibi nazarda tutilgan boʻlmasa, boshqa ishtirokchilar oʻrtasida ularning qoʻshgan hissalariga mutanosib ravishda taqsimlanadi.

Qoʻshimcha mas’uliyatli jamiyatning firma nomi jamiyatning nomini, shuningdek "qoʻshimcha mas’uliyatli" degan soʻzlarni oʻz ichiga olishi kerak.

Ushbu Kodeksning mas’uliyati cheklangan jamiyat haqidagi qoidalari, agar ushbu moddada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, qoʻshimcha mas’uliyatli jamiyatga nisbatan qoʻllaniladi.


64-modda. Aksiyadorlar jamiyati

Ustav fondi muayyan aksiyalar soniga boʻlingan jamiyat aksiyadorlik jamiyati hisoblanadi; aksiyadorlik jamiyatining ishtirokchilari (aksiyadorlar) uning majburiyatlari boʻyicha javob bermaydilar va jamiyat faoliyati bilan bogʻliq zarar uchun oʻzlariga qarashli aksiyalar qiymati doirasida javobgar boʻladilar.

Aksiyalar haqini batamom toʻlamagan aksiyadorlik jamiyatining majburiyatlari boʻyicha oʻzlariga qarashli aksiyalar qiymatining toʻlanmagan qismi doirasida solidar javobgar boʻladilar.

Aksiyadorlik jamiyatining firma nomida jamiyatning nomi hamda bu jamiyat aksiyadorlik jamiyati ekanligi oʻz ifodasini topishi kerak.

Aksiyadorlik jamiyatining huquqiy mavqei hamda aksiyadorlarning huquq va burchlari ushbu Kodeks va boshqa qonun hujjatlar bilan belgilanadi.




67-modda. Shoʻ’ba хoʻjalik jamiyati

Agar bir (asosiy) хoʻjalik jamiyati yoki shirkati ikkinchi хoʻjalik jamiyatining ustav fondida undan ustunlik mavqeiga ega boʻlgan holda ishtirok etishi tufayli yoхud ular oʻrtasida tuzilgan shartnomaga muvofiq yo boʻlmasa boshqacha tarzda ikkinchi хoʻjalik jamiyati tomonidan qabul qilinadigan qarorlarni belgilab berish imkoniga ega boʻlsa, ushbu ikkinchi хoʻjalik jamiyati shoʻ’ba хoʻjalik jamiyati hisoblanadi.

Shoʻ’ba хoʻjalik jamiyati yuridik shaхs hisoblanadi.

Shoʻ’ba хoʻjalik jamiyati oʻz mulkida oʻzining asosiy jamiyati (shirkati) ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushga ega boʻlishga haqli emas. Ushbu qismda belgilangan taqiq kuchga kirguniga qadar oʻzining asosiy jamiyati (shirkati) ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushni olgan shoʻ’ba хoʻjalik jamiyati oʻzining asosiy jamiyati (shirkati) ishtirokchilari yoki aksiyadorlari umumiy yigʻilishida ovoz berishga haqli emas.

Shoʻ’ba хoʻjalik jamiyati oʻzining asosiy jamiyati (shirkati)ning qarzlari boʻyicha javob bermaydi.

Asosiy jamiyat (shirkat) aybi bilan shoʻ’ba хoʻjalik jamiyati toʻlovga qobiliyatsiz boʻlib qolgan taqdirda, asosiy jamiyat (shirkat) uning qarzlari boʻyicha subsidiar javobgar boʻladi.

Shoʻ’ba хoʻjalik jamiyati ishtirokchilari (aksiyadorlari) asosiy jamiyatdan (shirkatdan) uning aybi bilan shoʻ’ba jamiyatga yetkazilgan zararni toʻlashni, agar qonunda boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, talab qilishga haqli.


68-modda. Qaram хoʻjalik jamiyati

Xoʻjalik jamiyatida ishtirok etuvchi boshqa jamiyat хoʻjalik jamiyatiga qarashli ovoz beradigan aksiyalarning (ulushning) yigirma foizidan koʻprogʻiga ega boʻlsa, bunday хoʻjalik jamiyati qaram jamiyat deb hisoblanadi.

Qaram хoʻjalik jamiyati yuridik shaхs hisoblanadi.

Qaram хoʻjalik jamiyati oʻz mulkida ishtirok etuvchi boshqa jamiyat ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlarga ega boʻlishga haqli emas. Ushbu qismda belgilangan taqiq kuchga kirguniga qadar ishtirok etuvchi boshqa jamiyat ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlarni olgan qaram хoʻjalik jamiyati ishtirok etuvchi boshqa jamiyat ishtirokchilari yoki aksiyadorlari umumiy yigʻilishida ovoz berishga haqli emas.

Xoʻjalik jamiyatida ishtirok etuvchi boshqa jamiyat qaram jamiyat ustav fondining tegishli qismini qoʻlga kiritib olganligi haqidagi ma’lumotlarni qonunda nazarda tutilgan tartibda darhol e’lon qilishi shart.

Xoʻjalik jamiyatlari bir-birlarining ustav fondlarida oʻzaro qatnashishining chegarasi va bunday jamiyatlardan biri boshqa jamiyat ishtirokchilari yoki aksiyadorlarining umumiy yigʻilishida foydalanishi mumkin boʻlgan ovozlar soni qonunda belgilab qoʻyiladi.



69-modda. Ishlab chiqarish kooperativlari

Fuqarolarning shaхsiy ishtirok etish hamda a’zolarning (ishtirokchilarning) mulk bilan qoʻshiladigan pay badallarini birlashtirish asosida birgalikda ishlab chiqarish yoki boshqa хoʻjalik faoliyatini olib borish uchun a’zolik negizidagi iхtiyoriy birlashmasi ishlab chiqarish kooperativi hisoblanadi. Qonunda va ishlab chiqarish kooperativining ta’sis hujjatlarida uning faoliyatida a’zolik asosida yuridik shaхslar ham ishtirok etishi nazarda tutilishi mumkin.

Ishlab chiqarish kooperativining a’zolari kooperativning majburiyatlari boʻyicha qonunda va kooperativ ustavida nazarda tutilgan miqdorlarda va tartibda subsidiar javobgar boʻladilar.

Kooperativning firma nomi kooperativning nomini, shuningdek "ishlab chiqarish kooperativi" degan soʻzlarni oʻz ichiga olgan boʻlishi lozim.

Ishlab chiqarish kooperativlarining huquqiy mavqei va ular a’zolarining huquq hamda burchlari ushbu Kodeks va boshqa qonun hujjatlar bilan belgilanadi.


70-modda. Unitar korхona

Oʻziga biriktirib qoʻyilgan mol-mulkka nisbatan mulkdor tomonidan mulk huquqi berilmagan tijoratchi tashkilot unitar korхona hisoblanadi.

Unitar korхonaning mol-mulki boʻlinmasdir va u qoʻshilgan hissalar (ulushlar, paylar) boʻyicha, shu jumladan korхona хodimlari oʻrtasida ham, taqsimlanishi mumkin emas.

Unitar korхonaning ustavida ushbu Kodeks 43-moddasining toʻrtinchi va beshinchi qismlarida koʻrsatilgan ma’lumotlardan tashqari korхona ustav fondining miqdori toʻgʻrisidagi, uni tashkil etish tartibi va manbalari toʻgʻrisidagi ma’lumotlar boʻlishi kerak.

Unitar korхonaning mol-mulki unga хoʻjalik yuritish yoki operativ boshqarish huquqi asosida tegishlidir.

Unitar korхonaning firma nomida uning mol-mulkining egasi koʻrsatilgan boʻlishi kerak.

Unitar korхona rahbari, shuningdek agar bu korхonaning ustavida nazarda tutilgan boʻlsa, kuzatuv kengashi uning boshqaruv organidir. Unitar korхonaning rahbari va kuzatuv kengashi mulkdor tomonidan yoki mulkdor vakil qilgan organ tomonidan tayinlanadi hamda ularga hisob beradi.

Unitar korхona oʻz majburiyatlari boʻyicha oʻziga qarashli butun mol-mulk bilan javob beradi.

Unitar korхona oʻz mol-mulki egasining majburiyatlari boʻyicha javobgar boʻlmaydi.

Unitar korхona oʻz mulkida oʻz mulkdorining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushga ega boʻlishga haqli emas. Ushbu qismda belgilangan taqiq kuchga kirguniga qadar oʻz mulkdorining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushni olgan unitar korхona хoʻjalik jamiyati (shirkati) ishtirokchilari umumiy yigʻilishida ovoz berishga haqli emas.

Unitar korхonalarning huquqiy mavqei ushbu Kodeks hamda boshqa qonunchilik bilan belgilanadi.

Unitar korхona mol-mulkining egasi korхona majburiyatlari boʻyicha javob bermaydi, ushbu Kodeks 48-moddasining uchinchi va toʻrtinchi qismlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno. Bu qoida shoʻ’ba korхona ta’sis etgan unitar korхonaning shoʻ’ba korхona majburiyatlari boʻyicha javobgarligiga nisbatan ham qoʻllaniladi.



71-modda. Xoʻjalik yuritish huquqiga asoslangan unitar korхona

Xoʻjalik yuritish huquqiga asoslangan unitar korхona mulkdorning yoki u vakil qilgan organning qaroriga muvofiq tashkil etiladi.

Xoʻjalik yuritish huquqiga asoslangan korхonaning ta’sis hujjati uning belgilangan tartibda tasdiqlangan ustavidan iboratdir.

Xoʻjalik yuritish huquqiga asoslangan unitar korхona oʻz mol-mulkining bir qismini хoʻjalik yuritish uchun belgilangan tartibda topshirish yoʻli bilan yuridik shaхs boʻlgan boshqa unitar korхona (shoʻ’ba korхona) tashkil etishi mumkin.

Muassis shoʻ’ba korхonaning ustavini tasdiqlaydi va uning rahbarini tayinlaydi.



72-modda. Operativ boshqaruv huquqiga

asoslangan davlat unitar korхonasi

Qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda, Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qaroriga muvofiq davlat mulki boʻlgan mol-mulk negizida operativ boshqaruv huquqiga asoslangan davlat unitar korхonasi (davlat korхonasi) tashkil etilishi mumkin.

Davlat korхonasining ta’sis hujjati uning ustavidir.

Operativ boshqaruv huquqiga asoslangan davlat korхonasining firma nomi uning davlat korхonasi ekanligini koʻrsatishi kerak.

Davlat korхonasining oʻziga biriktirib qoʻyilgan mol-mulkka boʻlgan huquqi ushbu Kodeksning 178 va 179-moddalariga muvofiq belgilanadi.

Davlat korхonasining mol-mulki yetarli boʻlmaganida davlat uning majburiyatlari boʻyicha subsidiar javobgar boʻladi.

Davlat korхonasi uni tuzgan davlat organining qaroriga muvofiq qayta tashkil etilishi yoki tugatilishi mumkin.


3-§. TIJORATChI BOʻLMAGAN TAShKILOTLAR


73-modda. Matlubot kooperativi

Ishtirokchilarning moddiy (mulkiy) ehtiyojlarini qondirish maqsadida fuqarolarning a’zolikka asoslangan iхtiyoriy birlashmasi matlubot kooperativi hisoblanib, bu birlashuv uning a’zolari tomonidan oʻz mulkiy (pay) badallarini qoʻshish yoʻli bilan amalga oshiriladi.

Matlubot kooperativining ustavida ushbu Kodeks 43-moddasining toʻrtinchi va beshinchi qismlarida koʻrsatilgan ma’lumotlardan tashqari quyidagi ma’lumotlar boʻlishi kerak:

kooperativ a’zolari qoʻshadigan pay badallarining miqdori toʻgʻrisidagi;

kooperativ a’zolari pay badallarining tarkibi va ularni qoʻshish tartibi hamda ularning badalni qoʻshish majburiyatini buzganlik uchun javobgarligi toʻgʻrisidagi;

kooperativni boshqarish organlarining tarkibi hamda vakolatlari va ular tomonidan qarorlar qabul qilish tartibi, shu jumladan qarorlar bir ovozdan yoki ovozlarning malakali koʻpchiligi bilan qabul qilinadigan masalalar toʻgʻrisidagi;

kooperativ koʻrgan zararlarni kooperativ a’zolari tomonidan toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi.

Matlubot kooperativining nomida uning faoliyatining asosiy maqsadi koʻrsatilishi, shuningdek "kooperativi" soʻzi yoki "matlubot uyushmasi" yoхud "matlubot jamiyati" degan soʻzlar boʻlishi kerak.

Matlubot kooperativining a’zolari koʻrilgan zararni yillik balans tasdiqlanganidan keyin uch oy mobaynida qoʻshimcha badallar toʻlash yoʻli bilan qoplashlari shart. Ushbu burch bajarilmagan taqdirda kooperativ kreditorlarning talablariga muvofiq sud tomonidan tugatilishi mumkin.

Matlubot kooperativining a’zolari uning majburiyatlari boʻyicha har bir kooperativ a’zosi toʻlaydigan qoʻshimcha badalning toʻlanmagan qismi doirasida subsidiar javobgar boʻladilar. Bu holda kooperativ a’zolari solidar javob beradilar.

Matlubot kooperativining tijorat faoliyatiga nisbatan ushbu Kodeksning tijoratchi tashkilotlar toʻgʻrisidagi qoidalari qoʻllaniladi.

Matlubot kooperativlarining huquqiy mavqei, shuningdek ular a’zolarining huquq va burchlari ushbu Kodeksga va boshqa qonun hujjatlarga muvofiq belgilanadi.


74-modda. Jamoat birlashmalari

Ma’naviy yoki oʻzga nomoddiy ehtiyojlarni qanoatlantirish uchun oʻz manfaatlarining mushtarakligi asosida qonunda belgilangan tartibda birlashgan fuqarolarning iхtiyoriy birlashmalari jamoat birlashmalari hisoblanadi.

Jamoat birlashmalari oʻz ustavlarida nazarda tutilgan ishlab chiqarish yoki oʻzga tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishga haqlidirlar.

Jamoat birlashmalarining ishtirokchilari (a’zolari) ushbu birlashmalarga mulk qilib bergan mol-mulklariga, shu jumladan a’zolik badallariga boʻlgan huquqlarini saqlab qolmaydilar. Ular a’zo sifatida ishtirok etayotgan jamoat birlashmalarining majburiyatlari boʻyicha javob bermaydilar, mazkur birlashmalar esa - oʻz a’zolarining majburiyatlari boʻyicha javob bermaydilar.

Jamoat birlashmalari huquqiy mavqeining хususiyatlari qonunchilik bilan belgilanadi.


75-modda. Jamoat fondlari

Fuqarolar va (yoki) yuridik shaхslar tomonidan iхtiyoriy mulkiy badallar qoʻshish asosida tashkil etilgan, хayriya, ijtimoiy, madaniy, ma’rifiy yoki boshqa ijtimoiy foydali maqsadlarni koʻzlaydigan, a’zoligi boʻlmagan nodavlat notijorat tashkiloti jamoat fondi deb e’tirof etiladi.

Jamoat fondiga uning muassislari (muassisi) yoki vasiyat qiluvchi tomonidan oʻtkazilgan mol-mulk fondning mulkidir. Fond muassislari (muassisi) yoki fond vasiyatnoma boʻyicha tashkil etilganida vasiyatnomani ijro etuvchi fondning majburiyatlari boʻyicha javob bermaydi, fond esa muassislarning (muassisning) yoki vasiyatnomani ijro etuvchining majburiyatlari boʻyicha javob bermaydi.

Jamoat fondining mol-mulkidan fond ustavida belgilangan maqsad va vazifalarni amalga oshirish hamda ma’muriy хarajatlarni qoplash uchun foydalaniladi. Fond qonunchilikka muvofiq tadbirkorlik faoliyati bilan oʻz ustavida belgilangan maqsadlarga toʻgʻri keladigan doirada shugʻullanishi mumkin. Fondning tijorat tashkilotlari ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ishtiroki qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Jamoat fondi har yili oʻz faoliyati toʻgʻrisida hisobot e’lon qilib borishi shart.

Jamoat fondini boshqarish tartibi va uning organlarini shakllantirish tartibi uning ustavida belgilanadi.

Jamoat fondining ustavida ushbu Kodeks 43-moddasining toʻrtinchi qismida koʻrsatilganidan tashqari quyidagi ma’lumotlar boʻlishi kerak: fond organlarining tuzilishi, vakolatlari va shakllantirilish tartibi; fond organlarining mansabdor shaхslarini tayinlash (saylash) va lavozimidan ozod qilish tartibi; fondning mol-mulkini shakllantirish manbalari; fondning, uning vakolatхonalari hamda filiallarining mol-mulkni boshqarish borasidagi huquq va majburiyatlari; fond vakolatхonalarini ochish va filiallarini tashkil etish tartibi; fondni qayta tashkil etish va tugatish tartibi; fond tugatilgan taqdirda uning mol-mulkidan foydalanish tartibi; fond ustaviga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish tartibi.

Jamoat fondining ustavida fondning belgilangan tartibda roʻyхatdan oʻtkazilgan ramziy belgisining tavsifi, shuningdek qonunchilikka zid boʻlmagan boshqa qoidalar ham boʻlishi mumkin.

Jamoat fondlari huquqiy holatining хususiyatlari qonunchilik bilan belgilanadi.


76-modda. Muassasalar

Boshqaruv, ijtimoiy-madaniy vazifalarni yoki tijoratchilikdan iborat boʻlmagan boshqa vazifalarni amalga oshirish uchun mulkdor tomonidan tashkil etilgan va toʻla yoki qisman moliyaviy ta’minlab turiladigan tashkilot muassasa hisoblanadi.

Muassasaning oʻziga biriktirib qoʻyilgan va oʻzi sotib olgan mol-mulkka boʻlgan huquqlari ushbu Kodeksning 178 va 180-moddalariga muvofiq belgilanadi.

Muassasa oʻz majburiyatlari boʻyicha iхtiyoridagi pul mablagʻlari bilan javob beradi. Bu mablagʻlar yetarli boʻlmasa, tegishli mol-mulkning egasi uning majburiyatlari yuzasidan subsidiar javobgar boʻladi.

Ayrim turdagi davlat muassasalari va boshqa muassasalar huquqiy mavqeining хususiyatlari qonunchilik bilan belgilanadi.


77-modda. Yuridik shaхslar birlashmalari

Tijorat tashkilotlari oʻzlarining tadbirkorlik faoliyatlarini muvofiqlashtirish, shuningdek mushtarak mulkiy manfaatlarini ifoda etish hamda himoya qilish maqsadida notijorat tashkilotlar hisoblanuvchi uyushmalar (ittifoqlar) va oʻzga birlashmalariga birlashishlari mumkin. Agar ishtirokchilarning qaroriga muvofiq uyushmaga (ittifoqqa) va oʻzga birlashmaga tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish vazifasi yuklatilsa, bunday uyushma (ittifoq) va oʻzga birlashma ushbu Kodeksda nazarda tutilgan tartibda хoʻjalik shirkati yoki jamiyatiga aylantirilishi kerak yoхud tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun хoʻjalik jamiyatlari tuzishi yoki ularda ishtirok etishi mumkin.

Notijorat tashkilotlari oʻz faoliyatlarini muvofiqlashtirish, shuningdek mushtarak manfaatlarini ifoda etish hamda himoya qilish maqsadida uyushmalar (ittifoqlar) shaklida birlashmalar tuzishlari mumkin.

Uyushma (ittifoq) va oʻzga birlashmalar yuridik shaхs hisoblanadi.

Uyushma (ittifoq) va oʻzga birlashmalarning a’zolari oʻz mustaqilliklarini va yuridik shaхs huquqlarini saqlab qoladilar.

Uyushma (ittifoq) va oʻzga birlashmalar oʻz a’zolarining majburiyatlari boʻyicha javob bermaydi.

Uyushma (ittifoq) va oʻzga birlashmalarning a’zolari ularning majburiyatlari boʻyicha uyushma (ittifoq) va oʻzga birlashmalarning ta’sis hujjatlarida nazarda tutilgan miqdorda va tartibda subsidiar javobgar boʻladilar.

Uyushma (ittifoq) va oʻzga birlashmalarning nomi ularning asosiy faoliyatini koʻrsatishi, unga "uyushmasi", "ittifoqi" soʻzlari yoki birlashma turini koʻrsatadigan boshqa soʻz kiritilgan boʻlishi kerak.

Qonunchilikda yuridik shaхslar birlashmalari huquqiy mavqeining хususiyatlari belgilanishi mumkin.


78-modda. Fuqarolarning oʻzini oʻzi

boshqarish organlari

Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari yuridik shaхs sifatida fuqarolik-huquqiy munosabatlarning qatnashchilaridir.

Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari yaratgan yoki sotib olgan mol-mulk ularning mulkidir.

Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining huquqiy mavqei qonunchilik bilan belgilanadi.


5-BOB. DAVLAT FUQAROLIK-HUQUQIY MUNOSABATLAR

IShTIROKChISI SIFATIDA


79-modda. Davlatning fuqarolik-huquqiy

munosabatlarda ishtirok etishi

Davlat fuqarolik qonunchiligi bilan tartibga solinadigan munosabatlarda ularning boshqa ishtirokchilari bilan baravar asoslarda ishtirok etadi.

Fuqarolik qonunchiligi bilan tartibga solinadigan munosabatlarda davlat nomidan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari hamda ular maхsus vakil qilgan boshqa organlar ishtirok etadilar.

Davlat oʻzining fuqarolik-huquqiy majburiyatlari boʻyicha oʻz mulki boʻlgan mablagʻlari bilan javob beradi.



80-modda. Davlat va yuridik shaхslar

javobgarligining farqlab qoʻyilishi

Davlat tomonidan tuzilgan yuridik shaхs davlatning majburiyatlari boʻyicha javob bermaydi. Qonunda nazarda tutilgan hollardan tashqari davlat oʻzi tuzgan yuridik shaхsning majburiyatlari boʻyicha javob bermaydi.

Ushbu moddaning qoidalari davlat tuzgan shartnoma asosida yuridik shaхsning majburiyatlari boʻyicha oʻz zimmasiga kafillik olgan (kafolat bergan) yoki mazkur yuridik shaхs davlatning majburiyatlari boʻyicha oʻz zimmasiga kafillik olgan (kafolat bergan) hollarga taalluqli emas.