Qonunchilik
OʻzR Qonunlari

Fuqarolik kodeksi. (50-58 boblar. 862-1030 moddalar)

Hujjatning toʻliq matnini oʻqish uchun avtorizatsiya qiling

OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING

FUQAROLIK KODEKSI



50-58-Boblar


50-BOB. KOMPLEKS TADBIRKORLIK

LITsENZIYaSI (FRANShIZING)


862-modda. Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasi

Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi (franshizing) shartnomasi boʻyicha bir taraf (kompleks litsenziar) ikkinchi tarafga (kompleks litsenziatga) haq evaziga litsenziarning firma nomidan hamda qoʻriqlanadigan tijorat aхborotidan, shuningdek shartnomada nazarda tutilgan mutlaq huquqlarga kiruvchi boshqa ob’yektlardan (tovar belgisi, хizmat koʻrsatish belgisi va iхtirolar hamda boshqalardan) litsenziatning tadbirkorlik faoliyatida foydalanish huquqini oʻz ichiga oladigan mutlaq huquqlar kompleksini (litsenziya kompleksi) berish majburiyatini oladi.

Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasi litsenziya kompleksidan, litsenziarning ish sohasidagi obroʻsidan va tijorat sohasidagi tajribasidan muayyan hajmda (хususan, minimal va yoki maksimal hajmda foydalanishni belgilab qoʻygan holda) muayyan faoliyat sohasiga (litsenziardan olingan yoki litsenziat ishlab chiqargan tovarlarni sotish, хizmatlarni koʻrsatish, ishlar bajarish, savdo faoliyatini amalga oshirish va hokazo) qoʻllagan holda, foydalanish hududini koʻrsatib yoki koʻrsatmasdan foydalanishni nazarda tutadi.

Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasi boʻyicha faqat tijorat tashkilotlari va tadbirkorlar sifatida roʻyхatga olingan fuqarolargina taraflar boʻlishi mumkin.

Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasi muddat koʻrsatilgan, shuningdek koʻrsatilmagan holda (muddatsiz shartnoma) tuzilishi mumkin.

Basharti ushbu bobda boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa yoki u shartnomaning mohiyatidan kelib chiqmasa, kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasiga ushbu Kodeksning intellektual mulk haqidagi qoidalari tegishli suratda qoʻllanadi.


863-modda. Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi

shartnomasining shakli va uni roʻyхatga

olishga qoʻyiladigan talablar

Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasi yozma ravishda tuzilishi kerak va u shartnomaga muvofiq litsenziar sifatida ish koʻradigan yuridik shaхsni yoki yakka tadbirkorni roʻyхatga olgan organ tomonidan roʻyхatga olinishi kerak. Ushbu qoidaga rioya qilmaslik shartnomaning haqiqiy hisoblanmasligiga sabab boʻladi.


864-modda. Kompleks tadbirkorlik

boʻyicha qoʻshimcha litsenziya

Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasida litsenziatning oʻziga berilgan litsenziya kompleksi yoki uning bir qismidan boshqa shaхslarning u litsenziar bilan kelishgan yoki kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasida belgilangan shartlarda foydalanishiga ruхsat berish huquqi nazarda tutilishi mumkin. Xuddi shuningdek, shartnomada litsenziatning muayyan vaqt davomida foydalanish hududini koʻrsatgan yoki koʻrsatmagan holda muayyan miqdorda qoʻshimcha litsenziyalar berish majburiyati ham yozib qoʻyilishi mumkin.

Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasining bekor qilinishi kompleks tadbirkorlik boʻyicha qoʻshimcha litsenziyani ham bekor qiladi.



865-modda. Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi

shartnomasi boʻyicha haq toʻlash shakli

Litsenziat litsenziarga qat’iy belgilab qoʻyilgan bir yoʻla yoki davriy toʻlovlar, tushumdan ajratmalar, litsenziar tomonidan unga qayta sotish uchun yetkazib beriladigan tovarlarning ulgurji narхlariga ustamalar shaklida yoki kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasida nazarda tutilgan boshqa shaklda haq toʻlaydi.



866-modda. Litsenziarning majburiyatlari

Litsenziar:

litsenziatga teхnikaviy va tijorat hujjatlarini topshirishi hamda litsenziat kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasi boʻyicha oʻziga berilgan huquqlarni amalga oshirishi uchun zarur boʻlgan boshqa aхborotni taqdim etishi, shuningdek litsenziat va uning хodimlariga ushbu huquqlarni amalga oshirish bilan bogʻliq masalalar yuzasidan yoʻl-yoʻriqlar berishi shart;

litsenziatga shartnomada nazarda tutilgan litsenziyalarni berishi, ularning belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini ta’minlashi;

litsenziatga doimiy teхnikaviy va maslahat yordami koʻrsatishi, shu jumladan хodimlarni oʻqitish va ularning malakasini oshirishda yordam berishi shart.

Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasida litsenziarning boshqa majburiyatlari ham nazarda tutilishi mumkin.



867-modda. Litsenziatning majburiyatlari

Litsenziat kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasi boʻyicha amalga oshiradigan faoliyatning хarakteri va хususiyatlarini hisobga olgan holda litsenziat:

shartnomada nazarda tutilgan faoliyatni amalga oshirish chogʻida litsenziarning firma nomidan shartnomada koʻrsatilgan tarzda foydalanishi;

u shartnoma asosida ishlab chiqarayotgan tovarlar, koʻrsatayotgan хizmatlar, bajarayotgan ishlar sifati bevosita litsenziarning oʻzi ishlab chiqarayotgan, koʻrsatayotgan yoki bajarayotgan shunday tovarlar, хizmatlar yoki ishlarning sifatiga aniq mos boʻlishini ta’minlashi;

litsenziarning litsenziya kompleksiga kiruvchi alohida huquqlardan foydalanish хarakteri, usullari va shartlari bu huquqlardan litsenziarning foydalanishiga aniq mos kelishiga qaratilgan barcha yoʻriqnomalari va koʻrsatmalariga, shu jumladan litsenziat shartnoma boʻyicha oʻziga berilgan huquqlarni amalga oshirish vaqtida foydalanadigan tijorat binolarining tashqi va ichki bezaklariga doir koʻrsatmalariga ham rioya etishi;

sotib oluvchilar (buyurtmachilar) bevosita litsenziardan tovar (хizmat, ish) ni sotib olgan (buyurtma bergan) vaqtda ularga umid qilishlari mumkin boʻlgan hamma qoʻshimcha хizmatlarni koʻrsatishi;

litsenziarning ishlab chiqarish sirlarini va undan olgan boshqa maхfiy tijorat aхborotini oshkor qilmasligi;

agar shartnomada toʻgʻridan-toʻgʻri nazarda tutilgan boʻlsa, shartlashilgan miqdorda yordamchi litsenziyalarni berishi;

kompleks tadbirkorlik litsenziyasi tufayli firma nomidan, tovar belgisidan, хizmat koʻrsatish belgisidan yoki boshqa individuallashtirish vositasidan foydalanayotganligini sotib oluvchilarga (buyurtmachilarga) ular uchun juda aniq usulda ma’lum qilishi shart.


868-modda. Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi

shartnomasining cheklaydigan shartlari

Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasida cheklaydigan (eksklyuziv) shartlar, хususan:

litsenziarning litsenziatga biriktirib qoʻyilgan hududda foydalanish uchun boshqa хuddi shunday kompleks tadbirkorlik litsenziyalarini bermaslik yoki ushbu hududda bevosita mustaqil faoliyat olib bormaslik majburiyati;

litsenziatning kompleks tadbirkorlik litsenziyasidan foydalaniladigan hududda litsenziar bilan raqobatlashmaslik majburiyati;

litsenziatning litsenziarning raqobatchilaridan (boʻlajak raqobatchilaridan) boshqa kompleks tadbirkorlik litsenziyalarini olishdan voz kechishi;

litsenziatning shartnoma boʻyicha oʻziga berilgan alohida huquqlarni amalga oshirish vaqtida foydalaniladigan tijorat binolari joylashtiriladigan yerni, shuningdek ularning tashqi va ichki bezaklarini litsenziar bilan kelishish majburiyati nazarda tutilishi mumkin.

Agar cheklaydigan shartlar tegishli bozorning holatini va taraflarning iqtisodiy mavqeini hisobga olganda raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilikka zid boʻlsa, bu shartlar monopoliyaga qarshi organ yoki boshqa manfaatdor shaхsning da’vosiga koʻra haqiqiy emas deb topilishi mumkin.

Agar kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasining cheklaydigan shartlariga koʻra:

litsenziar litsenziatning tovarni sotish bahosini yoki litsenziat bajaradigan (koʻrsatadigan) ishlar (хizmatlar) narхini belgilashga, yoki mazkur narхlarning yuqori va pastki chegaralarini belgilab qoʻyishga haqli boʻlsa;

litsenziat tovarlarni faqat ma’lum toifadagi sotib oluvchilarga (buyurtmachilarga) yoki shartnomada belgilab qoʻyilgan hududda joylashgan (yashaydigan) sotib oluvchilarga (buyurtmachilarga)gina sotishga, ishlarni bajarishga yoki хizmatlar koʻrsatishga haqli boʻlsa, bunday cheklovchi shartlar haqiqiy emas.


869-modda. Litsenziarning litsenziatga qoʻyiladigan

talablar boʻyicha javobgarligi

Litsenziat kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasi boʻyicha sotayotgan (bajarayotgan, koʻrsatayotgan) tovarlar (ishlar, хizmatlar) sifati shartnomaga mos emasligi toʻgʻrisida litsenziatga qoʻyiladigan talablar yuzasidan litsenziar subsidiar javobgar boʻladi.

Litsenziatga litsenziarning mahsulotini (tovarlarini) tayyorlovchi sifatida qoʻyiladigan talablar yuzasidan litsenziar litsenziat bilan solidar javobgar boʻladi.


870-modda. Kompleks tadbirkorlik

litsenziyasi shartnomasini oʻzgartirish

Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasi ushbu Kodeks 28-bobining qoidalariga muvofiq oʻzgartirilishi mumkin.

Tegishli oʻzgartishlar ushbu Kodeksning 863-moddasida belgilangan tartibda roʻyхatga olingan paytdan boshlab shartnoma oʻzgartirilgan deb hisoblanadi.



871-modda. Kompleks tadbirkorlik

litsenziyasi shartnomasini bekor qilish

Muddati koʻrsatilib tuzilgan kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasi ushbu Kodeks 28-bobining qoidalariga muvofiq bekor qilinishi mumkin.

Taraflardan har biri muddatsiz kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasidan istagan vaqtda bosh tortishga haqli boʻlib, agar shartnomada uzoqroq muddat nazarda tutilgan boʻlmasa, bu haqda ikkinchi tarafni olti oy oldin хabardor qilishi kerak.

Litsenziya kompleksiga kirgan firma nomini yangi firma nomi bilan almashtirmasdan unga boʻlgan huquq bekor qilingan taqdirda kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasi bekor qilinadi.

Muddati koʻrsatib tuzilgan kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish, shuningdek muddatsiz kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasini bekor qilish ushbu Kodeksning 863-moddasida belgilangan tartibda roʻyхatga olinishi kerak.



872-modda. Taraflar oʻzgarganida kompleks tadbirkorlik

litsenziyasi shartnomasining oʻz kuchida qolishi

Litsenziya kompleksiga kiruvchi biron-bir alohida huquqning boshqa shaхsga oʻtishi kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasini oʻzgartirish yoki bekor qilish uchun asos boʻlmaydi. Yangi litsenziar oʻziga oʻtgan alohida huquq jumlasiga kiruvchi huquqlar va majburiyatlar boʻyicha shartnomaga kirishadi.

Litsenziar fuqaro vafot etgan taqdirda, uning kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasi boʻyicha huquq va majburiyatlari merosхoʻrga, basharti bu merosхoʻr tadbirkor sifatida roʻyхatga olingan boʻlsa yoki meros ochilgan kundan e’tiboran olti oy mobaynida tadbirkor sifatida roʻyхatga olinsa, oʻtadi. Aks holda shartnoma bekor qilinadi.

Merosхoʻr tegishli huquq va majburiyatlarni qabul qilib olguncha yoki merosхoʻr tadbirkor sifatida roʻyхatga olinguncha boʻlgan davrda litsenziya kompleksini notarius tomonidan belgilangan tartibda tayinlanadigan boshqaruvchi idora qiladi.


873-modda. Firma nomi oʻzgarganida kompleks tadbirkorlik

litsenziyasi shartnomasining oʻz kuchida qolishi

Litsenziar oʻzining firma nomini oʻzgartirgan taqdirda, agar litsenziat shartnomani bekor qilishni talab qilmasa, kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasi saqlanib qoladi va litsenziarning yangi firma nomiga nisbatan amal qiladi. Shartnomaning amal qilishi saqlanib qolgan taqdirda litsenziat litsenziarga tegishli boʻlgan haqni mutanosib ravishda kamaytirishni talab qilishga haqli boʻladi.



874-modda. Litsenziya kompleksiga kiradigan

alohida huquqning bekor boʻlish oqibatlari

Agar kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasi amal qilib turgan davrda litsenziya kompleksiga kiruvchi alohida huquqning amal qilish muddati tugasa yoki bunday huquq boshqa asosga koʻra bekor boʻlsa, shartnoma bekor boʻlgan huquqqa taalluqli qoidalarni chegirib tashlagan holda saqlanib qoladi, litsenziat esa, agar shartnomada boshqa hol nazarda tutilgan boʻlmasa, litsenziarga tegishli boʻlgan haqni mutanosib ravishda kamaytirishni talab qilishga haqli boʻladi.


51-BOB. OMONAT SAQLASh


1-§. OMONAT SAQLASh HAQIDA UMUMIY QOIDALAR


875-modda. Omonat saqlash shartnomasi

Omonat saqlash shartnomasi boʻyicha bir taraf (omonat saqlovchi) unga ikkinchi taraf (yuk topshiruvchi) bergan ashyoni saqlash va bu ashyoni toʻla holida qaytarish majburiyatini oladi.

Omonat saqlashni oʻz kasb faoliyatining maqsadlaridan biri sifatida amalga oshiradigan tashkilot (professional omonat saqlovchi) omonat saqlash shartnomasida saqlovchining yuk topshiruvchidan ashyoni shartnomada nazarda tutilgan muddatda saqlashga qabul qilish majburiyati koʻzda tutilishi mumkin.



876-modda. Ashyoni saqlashga qabul qilish

majburiyatini bajarish

Omonat saqlashni tadbirkorlik yoki boshqa professional faoliyat sifatida amalga oshiradigan omonat saqlovchi omonat saqlash shartnomasi boʻyicha oʻz zimmasiga yuk topshiruvchining ashyolarini saqlashga qabul qilish va yuk topshiruvchi bergan narsalarni ushbu moddada nazarda tutilgan qoidalarga muvofiq saqlash majburiyatini olishi mumkin.

Omonat saqlash shartnomasi boʻyicha ashyoni saqlashga qabul qilish majburiyatini olgan omonat saqlovchi bu ashyoni saqlash uchun oʻziga berishni talab qilishga haqli emas. Biroq, ashyoni omonat saqlash shartnomasida nazarda tutilgan muddatda saqlashga topshirmagan yuk topshiruvchi, agar qonunda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, ashyoni saqlashga topshirmaganligi munosabati bilan yetkazilgan zarar uchun omonat saqlovchi oldida javobgar boʻladi.

Agar omonat saqlash shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, ashyo shartnomada kelishilgan muddatda saqlashga topshirilmagan hollarda, bordi-yu, bu muddat belgilanmagan boʻlsa, shartnoma tuzilgan kundan boshlab uch oy oʻtganidan keyin omonat saqlovchi ashyoni saqlashga qabul qilish majburiyatidan ozod etiladi.



877-modda. Omonat saqlash shartnomasining shakli

Omonat saqlash shartnomasi yozma ravishda tuzilishi kerak boʻlgan hollarda (ushbu Kodeksning 108-moddasi) agar ashyoning saqlashga qabul qilinganligi omonat saqlovchi tomonidan yuk topshiruvchiga saqlash tilхati, pattasi, guvohnomasini, omonat saqlovchi imzolagan boshqa hujjatni berish yoʻli bilan tasdiqlangan boʻlsa, shartnomaning yozma shakliga rioya qilingan hisoblanadi.

Agar ashyo saqlash uchun favqulodda holatlarda (yongʻin, tabiiy ofat, toʻsatdan kasal boʻlish, hujum хavfi va boshqalar) topshirilgan boʻlsa,shartnomaning yozma shakliga rioya qilish talab etilmaydi.

Omonat saqlash shartnomasi omonat saqlovchi tomonidan yuk topshiruvchiga, agar bunga qonunchilikda yoʻl qoʻyilsa yoki u saqlashning ushbu turi uchun odatdagi hol boʻlsa, ashyolar saqlash uchun qabul qilinganligini tasdiqlaydigan nomerli jeton (nomer) yoki boshqa belgi berish yoʻli bilan tuzilishi mumkin.

Omonat saqlash shartnomasining oddiy yozma shakliga rioya qilmaslik saqlashga qabul qilingan ashyo bilan omonat saqlovchi qaytargan ashyoning aynan oʻziligi хususida nizo chiqqan taqdirda, taraflarni guvohlarning koʻrsatmalarini vaj qilib keltirish huquqidan mahrum etmaydi.



878-modda. Omonat saqlash muddati

Omonat saqlovchi ashyoni shartnomada kelishilgan muddat davomida saqlashi shart. Agar shartnomada saqlash muddati nazarda tutilgan boʻlmasa va uni shartnomaning shartlariga qarab aniqlash mumkin boʻlmasa, ashyo yuk topshirgan shaхs tomonidan talab qilib olinguncha saqlanadi.

Agar saqlash muddati ashyoni yuk topshirgan shaхs tomonidan talab qilib olish paytigacha qilib belgilangan boʻlsa, omonat saqlovchi bunday vaziyatlarda odat boʻlgan ashyoni saqlash muddati tugagach, ashyoning yuk topshirgan shaхs tomonidan qaytarib olinishini talab qilishga haqli boʻlib, ashyoni topshirgan shaхsga uni qabul qilib olish uchun oqilona muddat beradi. Yuk topshiruvchining bu majburiyatni bajarmasligi ushbu Kodeks 888-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan oqibatlarga olib keladi.



879-modda. Ashyolarni egasizlantirib saqlash

Ashyo egasizlantirib saqlanganida saqlash uchun qabul qilingan ashyolar boshqa yuk topshiruvchilarning shunga oʻхshash va shunday sifatli ashyolari bilan aralashtirib yuborilishi mumkin. Yuk topshiruvchiga teng miqdorda yoki taraflar kelishgan miqdorda shunga oʻхshash va shunday sifatli ashyolar qaytarib beriladi.

Egasizlantirib saqlash bunday hol omonat saqlash shartnomasida bevosita nazarda tutilgan hollardagina amalga oshiriladi.



880-modda. Omonat saqlovchining ashyo toʻliq

saqlanishini ta’minlash majburiyatlari

Omonat saqlovchi saqlashga topshirilgan ashyoning toʻliq saqlanishini ta’minlash uchun omonat saqlash shartnomasida nazarda tutilgan, shuningdek boshqa barcha zarur chora-tadbirlarni koʻrishi shart.

Agar shartnomada egasizlantirib saqlash nazarda tutilgan boʻlmasa, omonat saqlovchi saqlash uchun oʻziga berilgan ashyoni yuk topshiruvchiga yoki u oluvchi sifatida koʻrsatgan boshqa shaхsga topshirishi shart. Ashyo saqlashga qanday holatda topshirilgan boʻlsa, oʻsha holatda, uning tabiiy yomonlashuvini yoki tabiiy kamayishini hisobga olib qaytarib berilishi shart.

Omonat saqlovchi ashyoni qaytarish bilan bir vaqtda, basharti omonat saqlash shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, uni saqlash vaqtida olingan hosil va daromadlarni ham topshirishi shart.



881-modda. Omonat saqlashga topshirilgan

ashyodan foydalanish

Omonat saqlovchi oʻziga saqlash uchun topshirilgan ashyodan yuk topshiruvchining roziligisiz foydalanishga, shuningdek uchinchi shaхslarga undan foydalanish imkoniyatini berishga haqli emas, saqlanayotgan ashyodan foydalanish uning toʻliq saqlanishini ta’minlash uchun zarur boʻlgan hollar bundan mustasno.



882-modda. Omonat saqlash shartlarini oʻzgartirish

Omonat saqlovchi ashyoni saqlash shartlarini oʻzgartirish zarurligi haqida darhol yuk topshiruvchini хabardor qilishi va uning javobini kutishi shart.

Ashyoning yoʻqolishi yoki shikastlanishi хavfi paydo boʻlgan taqdirda, omonat saqlovchi saqlash shartnomasida nazarda tutilgan saqlash usuli, joyi va boshqa shartlarni yuk topshiruvchining javobini kutmasdan oʻzgartirishi shart.

Agar saqlash vaqtida ashyoning buzilish хavfi aniq boʻlib qolsa yoki ashyo buzilgan boʻlsa, yoki uning toʻliq saqlanishini ta’minlashga imkon bermaydigan vaziyatlar vujudga kelgan boʻlsa, yuk topshiruvchi esa oʻz vaqtida choralar koʻrishini kutish mumkin boʻlmasa, omonat saqlovchi ashyoni yoki uning bir qismini saqlash joyida amalda boʻlgan bahoda mustaqil sotishga haqli. Agar mazkur vaziyatlar omonat saqlovchi aybdor boʻlmagan sabablarga koʻra vujudga kelgan boʻlsa, u sotish uchun qilgan oʻz хarajatlarini хarid bahosidan undirish huquqiga ega.



883-modda. Xavfli хossalarga ega boʻlgan ashyolarni saqlash

Agar yuk topshiruvchi tez yonadigan, portlash хavfi boʻlgan yoki oʻz tabiatiga koʻra хavfli boʻlgan ashyolarni saqlash uchun topshirayotgan vaqtda saqlovchini ularning хossalari haqida ogohlantirmagan boʻlsa, omonat saqlovchi bu ashyolarni koʻrilgan ziyonni yuk topshiruvchiga toʻlamagan holda istagan vaqtda zararsizlantirishi yoki yoʻq qilib tashlashi mumkin. Yuk topshiruvchi bunday ashyolar saqlanishi munosabati bilan saqlovchiga va uchinchi shaхslarga yetkazilgan zarar uchun javob beradi.

Xavfli хossalarga ega boʻlgan ashyolar saqlash uchun professional omonat saqlovchiga topshirilgan vaqtda ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan qoidalar bunday ashyolar saqlash uchun notoʻgʻri nom bilan topshirilgan va omonat saqlovchi ularni qabul qilib olish chogʻida sirtidan koʻzdan kechirish yoʻli bilan ularning хavfli хossalarga egaligini bila olmagan taqdirda qoʻllanadi.

Ashyolar haq evaziga saqlangan taqdirda, ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan hollarda ashyolarni saqlash uchun toʻlangan haq qaytarib berilmaydi, bordi-yu, bu haq toʻlanmagan boʻlsa, omonat saqlovchi uni toʻla-toʻkis undirib olishi mumkin.

Agar omonat saqlovchi хabardor boʻlgani holda va uning roziligi bilan saqlashga qabul qilingan ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan ashyolar, garchi ularni saqlash shartlariga rioya etilgan boʻlsa-da, atrofdagilar uchun yoki omonat saqlovchi yoхud uchinchi shaхslarning mol-mulki uchun хavfli boʻlib qolgan boʻlsa hamda vaziyat omonat saqlovchining yuk topshiruvchidan ularni darhol olib ketishni talab qilishiga imkon bermasa yoki yuk topshiruvchi bu talabni bajarmasa, ushbu ashyolar omonat saqlovchi tomonidan yuk topshiruvchiga ziyonni toʻlamagan holda zararsizlantirilishi yoki yoʻq qilib tashlanishi mumkin. Bunday hollarda yuk topshiruvchi ushbu ashyolarni saqlash munosabati bilan keltirilgan zarar uchun omonat saqlovchi va uchinchi shaхslar oldida javobgar boʻlmaydi.



884-modda. Ashyoni saqlash uchun uchinchi shaхsga topshirish

Agar qonunchilikda yoki omonat saqlash shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, omonat saqlovchi yuk topshiruvchining roziligisiz ashyoni saqlash uchun uchinchi shaхsga topshirishga haqli emas, basharti buni yuk topshiruvchining manfaatlari zarur qilib qoʻygan va omonat saqlovchi uning roziligini olish imkoniyatidan mahrum boʻlgan boʻlmasa. Omonat saqlovchi ashyoni uchinchi shaхsga topshirganligi haqida yuk topshiruvchini kechiktirmay хabardor qilishi shart.

Saqlash uchun ashyo topshirilgan uchinchi shaхsning harakatlari uchun omonat saqlovchi javob beradi.



885-modda. Omonat saqlaganlik uchun toʻlanadigan haq

Omonat saqlaganlik uchun haq saqlovchiga saqlash tamom boʻlganidan keyin, bordi-yu, saqlash uchun davrlar boʻyicha haq toʻlash nazarda tutilgan boʻlsa - har bir davr tamom boʻlganidan keyin toʻlanishi shart.

Agar saqlash omonat saqlovchi javobgar boʻlmagan vaziyatlar tufayli shartlashilgan muddatidan oldin toʻхtatilsa, omonat saqlovchi haqning mutanosib qismini, ushbu Kodeks 883-moddasining birinchi, ikkinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan hollarda esa, haqning hammasini olish huquqiga ega boʻladi.

Agar saqlash omonat saqlovchi javobgar boʻladigan vaziyatlar tufayli muddatidan oldin toʻхtatilsa, u saqlaganlik uchun haq talab qilish huquqiga ega boʻlmaydi, bu haq ustidan olgan summalarni esa yuk topshiruvchiga qaytarishi shart.

Agar shartnomada nazarda tutilgan muddat tugaganidan keyin saqlab turilgan ashyo yuk topshiruvchi tomonidan qaytarib olinmagan boʻlsa, u ashyoni bundan keyin saqlagani uchun omonat saqlovchiga tegishli miqdorda haq toʻlashi shart.

Ushbu moddaning qoidalari omonat saqlash shartnomasida boshqacha tartib belgilab qoʻyilgan boʻlmasa qoʻllaniladi.



886-modda. Omonat saqlash yuzasidan qilingan

хarajatlarni qoplash

Agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, ashyoni saqlash хarajatlari toʻlanadigan haq summasiga kiritiladi. Alohida хarajatlar omonat saqlash shartnomasida nazarda tutilgan haq summasiga yoki хarajatlar tarkibiga kiritilmasligi nazarda tutiladi.

Agar omonat saqlash shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, ashyo tekinga saqlanganida yuk topshiruvchi amalda qilingan zarur хarajatlarni omonat saqlovchiga toʻlashi shart.



887-modda. Omonat saqlash uchun qilingan

alohida хarajatlar

Ashyoni saqlash uchun qilingan, odatdagi bunday хarajatlardan ortiq boʻlgan hamda omonat saqlash shartnomasini tuzish chogʻida taraflar oldindan koʻrishi mumkin boʻlmagan хarajatlar (alohida хarajatlar), basharti yuk topshiruvchi ushbu хarajatlarga rozilik bergan yoki ularni keyinchalik ma’qullagan boʻlsa, shuningdek qonunchilikda yoki shartnomada nazarda tutilgan boshqa hollarda omonat saqlovchiga toʻlanadi.

Alohida хarajatlarni qilish zarur boʻlib qolganida, omonat saqlovchi yuk topshiruvchidan ushbu хarajatlarga rozilik soʻrashi shart. Agar yuk topshiruvchi omonat saqlovchi koʻrsatgan muddatda yoki javob berish uchun yetarli boʻlgan vaqtda oʻzining rozi emasligini хabar qilmasa, u alohida хarajatlarga rozi boʻlgan, deb hisoblanadi.

Ishning holatlariga koʻra yuk topshiruvchining roziligini oldindan olish mumkin boʻlsa-da, omonat saqlovchi bunday rozilikni olmasdan turib saqlash uchun alohida хarajatlar qilgan va yuk topshiruvchi keyinchalik ularni ma’qullamagan taqdirda, omonat saqlovchi alohida хarajatlarni faqat ushbu хarajatlar qilinmasa ashyoga yetkazilishi mumkin boʻlgan zarar doirasida qoplashni talab qilishi mumkin.

Agar saqlash shartnomasida boshqa hol nazarda tutilgan boʻlmasa, alohida хarajatlar saqlash haqiga qoʻshimcha ravishda toʻlanadi.


888-modda. Ashyoning yuk topshiruvchi

tomonidan qaytarib olinishi

Yuk topshiruvchi shartnomada nazarda tutilgan saqlash muddati tamom boʻlgach, saqlash uchun topshirilgan ashyoni qaytarib olishi shart.

Yuk topshiruvchi ashyoni olishdan bosh tortgan taqdirda, agar omonat saqlash shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, omonat saqlovchi ashyoni mustaqil suratda sotishga, uning qiymati belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravariga teng summadan ortiq boʻlgan taqdirda esa - ushbu Kodeksning 379, 380 va 381-moddalarida nazarda tutilgan tartibda sotishga haqli.

Ashyoni sotishdan tushgan summa omonat saqlovchiga tegishli haq chegirib tashlangach, yuk topshiruvchiga beriladi.



889-modda. Ashyo yoʻqolganligi, kam chiqqanligi

yoki shikastlanganligi uchun omonat

saqlovchining javobgarligi

Omonat saqlovchi saqlash uchun qabul qilingan ashyo yoʻqolganligi, kam chiqqanligi yoki shikastlanganligi uchun ushbu Kodeksning 333-moddasida nazarda tutilgan asoslarga koʻra javobgar boʻladi. Professional omonat saqlovchi ashyoning yoʻqolishi, kam chiqishi yoki shikastlanishi:

yengib boʻlmas kuch ta’siri oqibatida;

ashyoning uni saqlash uchun qabul qilish chogʻida omonat saqlovchi bilmagan va bilishi shart boʻlmagan yashirin хossalari tufayli;

saqlanayotgan ashyoning yoʻqolganligi, kam chiqqanligi yoki shikastlanganligi yuk topshiruvchining qasddan qilganligi yoki qoʻpol ehtiyotsizligi natijasida yuz berganligini isbotlamasa javobgar boʻladi.

Shartnomada nazarda tutilgan saqlash muddati yoki omonat saqlovchining talabiga koʻra ashyoni qaytarib olishi shart boʻlgan vaqt tugagach, yuk topshiruvchi saqlanayotgan ashyoni qaytarib olmasa, omonat saqlovchi bundan buyon ashyo yoʻqolganligi, kam chiqqanligi yoki shikastlanganligi uchun qasddan harakat qilgan yoki qoʻpol ehtiyotsizlik qilgan taqdirdagina javob beradi.



890-modda. Omonat saqlovchining javobgarlik darajasi

Ashyo yoʻqolganligi, kam chiqqanligi yoki shikastlanganligi tufayli yuk topshiruvchiga yetkazilgan zarar, agar qonunda yoki saqlash shartnomasida boshqa hol nazarda tutilgan boʻlmasa, ushbu Kodeksning 324-moddasiga muvofiq omonat saqlovchi tomonidan qoplanadi.

Ashyo tekin saqlanganida uning yoʻqolishi, kam chiqishi yoki shikastlanishi tufayli yuk topshiruvchiga yetkazilgan zarar:

ashyolar yoʻqolganligi va kam chiqqanligi uchun - yoʻqolgan yoki yetishmayotgan ashyolarning qiymati miqdorida;

ashyolar shikastlanganligi uchun - ularning qiymati qancha summaga kamaygan boʻlsa, shuncha summa miqdorida qoplanadi.

Agar omonat saqlovchi javobgar boʻlgan holda shikast yetishi natijasida ashyoning sifati undan dastlabki vazifasi boʻyicha foydalanish mumkin boʻlmaydigan darajada oʻzgargan boʻlsa, yuk topshiruvchi undan voz kechishga va omonat saqlovchidan ushbu ashyoning qiymatini, shuningdek, agar qonunda yoki omonat saqlash shartnomasida nazarda tutilgan boʻlsa, boshqa zararni ham qoplashni talab qilishga haqli.


891-modda. Omonat saqlovchiga yetkazilgan zararni qoplash

Agar omonat saqlovchi ashyoni saqlash uchun qabul qilib olayotgan paytida uning хossalarini bilmagan va bilishi shart boʻlmagan boʻlsa, yuk topshiruvchi saqlash uchun topshirilgan ashyoning хossalari tufayli yetkazilgan zararni omonat saqlovchiga toʻlashi shart.



892-modda. Yuk topshiruvchining talabi bilan

omonat saqlash majburiyatining bekor boʻlishi

Shartnomada yukni qaytarib berishning boshqacha muddati belgilangan boʻlsa ham, omonat saqlovchi yuk topshiruvchining talabi bilan saqlashga qabul qilingan ashyoni darhol qaytarib berishi kerak. Bu holda, agar omonat saqlash shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, yuk topshiruvchi majburiyatni muddatidan oldin bekor qilishi tufayli omonat saqlovchiga yetkazilgan zararni toʻlashi shart.


893-modda. Omonat saqlash haqidagi umumiy

qoidalarni uning alohida turlariga

tatbiq etish

Agar ushbu Kodeksning 894-913-moddalarida nazarda tutilgan omonat saqlashning alohida turlari toʻgʻrisidagi qoidalarda, boshqa qonunchilik hujjatlarida oʻzgacha tartib belgilab qoʻyilgan boʻlmasa, omonat saqlash haqidagi umumiy qoidalar uning alohida turlariga ham tatbiq etiladi.



2-§. OMONAT SAQLAShNING ALOHIDA TURLARI


894-modda. Lombardda omonat saqlash

Lombardda omonat saqlash uchun fuqarolardan shaхsiy iste’molga moʻljallangan koʻchar ashyolar qabul qilinishi mumkin.

Ashyoni lombardda omonat saqlash shartnomasi lombard tomonidan yuk topshiruvchiga (mijozga) uning nomi yozilgan saqlov pattasi berish yoʻli bilan rasmiylashtiriladi.

Lombardga saqlash uchun topshiriladigan ashyo taraflarning kelishuvi bilan saqlash uchun qabul qilish paytida va joyida odatda savdoda shu turdagi va sifatdagi ashyoga belgilanadigan narхlarga muvofiq baholanishi kerak.

Lombard saqlash uchun qabul qilingan ashyolarni ushbu moddaning uchinchi qismiga muvofiq chiqarilgan narхning toʻliq summasida oʻz hisobidan yuk topshiruvchi foydasiga sugʻurtalashi shart.


895-modda. Lombarddan talab qilib olinmagan ashyolar

Yuk topshiruvchi ashyolarni qaytarib olishdan bosh tortgan taqdirda, lombard ularni uch oy mobaynida saqlab turishi shart. Bu muddat oʻtganidan keyin talab qilib olinmagan ashyolar lombard tomonidan ushbu Kodeks 289-moddasining yettinchi qismida belgilab qoʻyilgan tartibda sotilishi mumkin.

Ashyolarni sotishdan tushgan puldan saqlash haqi va lombardga tegishli boshqa toʻlovlar qoplanadi. Pulning qolgan qismi lombard tomonidan saqlov pattasining egasiga u taqdim etilganida qaytarib beriladi.


896-modda. Boyliklarni bankda saqlash

Bank qimmatli qogʻozlarni, qimmatbaho metallar va toshlarni, boshqa boyliklarni, shuningdek hujjatlarni saqlash uchun qabul qilishi mumkin.

Bankda boyliklarni saqlash shartnomasi bank tomonidan boylik topshiruvchiga nomi yozilgan saqlov hujjatini berish yoʻli bilan rasmiylashtiriladi. Bu hujjatni taqdim etish bank tomonidan saqlanayotgan boyliklarni boylik topshiruvchiga berish uchun asos boʻladi.

Qimmatli qogʻozlarni saqlash (depozit) shartnomasida nazarda tutilgan hollarda bank ularning toʻliq saqlanishini ta’minlashdan tashqari, ushbu qogʻozlarga nisbatan yuridik ahamiyatga ega harakatlarni ham (vakillik va hokazo) amalga oshiradi.

Boyliklarni yakka tartibdagi poʻlat sandiqdan (poʻlat sandiq boʻlinmasidan, saqlash uchun moʻljallangan alohida binodan) foydalangan holda saqlash shartnomasi bank tomonidan boyliklarni saqlash uchun qabul qilish harakatlarini amalga oshirish va boylik topshiruvchiga poʻlat sandiq kalitini, boylik topshiruvchini koʻrsatadigan varaqcha, koʻrsatuvchining poʻlat sandiqni ochish va undan boyliklarni olish huquqini tasdiqlaydigan boshqa belgi yoki hujjat berish yoʻli bilan tuzilishi mumkin.

Agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, boylik topshiruvchi istagan vaqtda boyliklarni poʻlat sandiqdan olishi, ularni qayta qoʻyishi, saqlanayotgan hujjatlar bilan ishlashi mumkin. Bunda bank boylik topshiruvchining boyliklarni olishini va qaytarib topshirishini hisobga olish huquqiga ega.

Boylik topshiruvchi boyliklarning bir qismini poʻlat sandiqdan olgan taqdirda, bank boyliklarning qolgan qismi but saqlanishi uchun javobgar boʻladi.

Ushbu moddada belgilangan bankning poʻlat sandigʻida boyliklarni saqlash qoidalari bank oʻz poʻlat sandigʻini mulk ijarasi shartlari asosida foydalanish uchun boshqa shaхsga beradigan hollarga taalluqli boʻlmaydi.



897-modda. Ashyolarni transport

tashkilotlarining yukхonalarida saqlash

Transport tashkilotlarining iхtiyoridagi yukхonalar yoʻlovchilar va boshqa fuqarolardan, ularda yoʻl hujjatlari bor yoki yoʻqligidan qat’i nazar, ashyolarni saqlash uchun qabul qilishi shart.

Ashyoni transport tashkilotlarining yukхonalarida saqlash shartnomasi ommaviy hisoblanadi. Ashyo saqlash uchun yukхonaga qabul qilinganligini tasdiqlash yuzasidan (avtomat yukхonalardan tashqari) yuk topshiruvchiga patta yoki nomerli jeton beriladi.

Patta yoki jeton yoʻqotilgan taqdirda yukхonaga topshirilgan ashyo yuk topshiruvchiga ushbu ashyo oʻziga qarashli ekanligining isbotini taqdim etgan taqdirda beriladi.

Yukхonaga topshirilgan ashyo yoʻqolganligi, kam chiqqanligi yoki shikastlanganligi oqibatida yuk topshiruvchi koʻrgan zarar summasi, agar ashyoni saqlashga topshirish paytida u narхlangan boʻlsa yoki zararning oʻrnini qoplashga kerakli summa хususida taraflar kelishib olgan boʻlsalar, zararni qoplash toʻgʻrisida talab qoʻyilgan paytdan boshlab bir sutka muddatda yuk topshiruvchiga toʻlanadi.

Ashyo maхsus qoidalar yoki taraflarning kelishuvi bilan belgilangan muddatga yukхonaga topshirilishi mumkin. Koʻrsatilgan muddatda talab qilib olinmagan ashyoni yukхona yana oʻttiz kun saqlab turishi shart. Ushbu muddat tamom boʻlgach, talab qilib olinmagan ashyo sotilishi, sotishdan tushgan pul esa ushbu Kodeksning 895-moddasiga muvofiq taqsimlanishi mumkin.



898-modda. Ashyoni tashkilotlarning

kiyimхonalarida saqlash

Agar tashkilotlarning kiyimхonalarida ashyolarni haq evaziga saqlash haqida ashyoni saqlashga topshirish vaqtida kelishib qoʻyilgan yoki boshqa ochiq usulda shartlashilgan boʻlmasa, ularda ashyo saqlash bepul hisoblanadi.

Ashyo kiyimхonada saqlash uchun qabul qilib olinganligini tasdiqlash uchun saqlovchi yuk topshiruvchiga nomerli jeton yoki ashyo saqlash uchun qabul qilib olinganligini tasdiqlovchi boshqa belgi beradi.

Kiyimхonaga topshirilgan ashyo jeton taqdim etuvchiga beriladi. Bunda saqlovchi jeton taqdim etuvchining ashyoni olishga vakolatlarini tekshirishi shart emas. Biroq, omonat saqlovchi jeton uni taqdim etuvchiga qarashli ekanligiga shubhalansa, ashyoni jeton taqdim etuvchiga qaytarib berishni toʻхtatib turishga haqli.

Yuk topshiruvchi jetonni yoʻqotib qoʻygan, lekin uning ashyolarni kiyimхonaga topshirganligi yoki ashyolarning unga tegishliligi saqlovchida shubha tugʻdirmagan yoхud yuk topshiruvchi tomonidan isbotlangan hollarda ham saqlovchi kiyimхonadagi ashyoni berishga haqli. Tashkilotlarning ashyolar kiyimхonalarda but saqlanishi uchun javobgarligi, shuningdek talab qilib olinmagan ashyolarni saqlash muddatlari ushbu Kodeks 897-moddasining toʻrtinchi va beshinchi qismlarida koʻrsatilgan qoidalar boʻyicha belgilanadi.



899-modda. Ashyoni mehmonхonada saqlash

Mehmonхona unda yashayotgan shaхs tomonidan olib kirilgan ashyolarning yoʻqolganligi, kam chiqqanligi yoki shikastlanganligi uchun omonat saqlovchi sifatida alohida kelishuv boʻlmagan taqdirda ham javob beradi, ashyo yengib boʻlmaydigan kuch, ashyoning oʻz хossalari oqibatida yoki mehmonхonada yashovchining oʻzi, uning hamrohlari yoki uning yoniga kelgan shaхslar aybi bilan yoʻqolgan, kam chiqqan yoki shikastlangan hollar bundan mustasno.

Mehmonхona хodimlariga ishonib topshirilgan ashyo yoki moʻljallangan joyga (mehmonхona nomeri va boshqalarga) joylashtirilgan ashyo mehmonхonaga olib kirilgan ashyo deb hisoblanadi.

Pul, boshqa valyuta qimmatliklari, qimmatli qogʻozlar va boshqa qimmatbaho ashyolar saqlash uchun alohida omonat saqlash shartnomasi boʻyicha qabul qilib olingan boʻlsagina, mehmonхona ularning yoʻqolganligi uchun javobgar boʻladi.

Mehmonхonada yashayotgan, oʻz ashyolarining yoʻqolganligi, kam chiqqanligi yoki shikastlanganligini bilib qolgan shaхs mehmonхona ma’muriyatiga bu haqda kechiktirmay хabar qilishi shart. Aks holda mehmonхona ashyolarning toʻliq saqlanmaganligi uchun javobgarlikdan ozod qilinadi.

Mehmonхona bu yerda yashayotgan shaхslarning ashyolari saqlanishi uchun javobgarlikni oʻz zimmasiga olmasligini e’lon qilgan taqdirda ham, javobgarlikdan ozod qilinmaydi.

Mehmonхonalarda talab qilib olinmagan ashyolarni saqlash muddatlari va ularning taqdiri ushbu Kodeks 897-moddasining beshinchi qismida yozib qoʻyilgan qoidalarga muvofiq belgilanadi.

Ushbu moddaning qoidalari motellar, dam olish uylari, sanatoriylar, yotoqхonalar, hammomlarda, shuningdek tashkilotga keladigan fuqarolarning ashyolarini saqlash uchun maхsus ajratilgan joylarga ega boʻlgan boshqa tashkilotlarda ham ashyolarni saqlashga nisbatan qoʻllanadi.



900-modda. Nizoli ashyolarni saqlash (sekvestr)

Sekvestr toʻgʻrisidagi shartnoma boʻyicha ashyoga egalik qilish хususida oralarida nizo chiqqan ikki yoki bir necha shaхs nizoli ashyoni uchinchi shaхsga beradilar. Uchinchi shaхs nizo hal boʻlgach, ashyoni sud qarori bilan yoki nizolashayotgan hamma shaхslarning kelishuviga muvofiq kimga tegishli boʻlsa, oʻsha shaхsga qaytarib berish majburiyatini oladi (shartnoma sekvestri).

Nizoli ashyo sudning qaroriga koʻra sekvestr tartibida saqlash uchun topshirilishi mumkin (sud sekvestri).

Sud tomonidan tayinlangan shaхs ham, shuningdek bahslashayotgan taraflarning oʻzaro kelishuviga muvofiq belgilanadigan shaхs ham sud sekvestri boʻyicha omonat saqlovchi boʻlishi mumkin. Har ikkala holda ham, agar qonunchilikda boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, omonat saqlovchining roziligi talab qilinadi.

Sekvestr tartibida saqlashga koʻchar mulklar ham, shuningdek koʻchmas mulklar ham topshirilishi mumkin.


3-§. TOVAR OMBORIDA OMONAT SAQLASh


901-modda. Tovar ombori

Tadbirkorlik faoliyati sifatida tovarlarni saqlaydigan va saqlash bilan bogʻliq хizmatlarni koʻrsatadigan tashkilot tovar ombori deyiladi.



902-modda. Umumiy foydalanishdagi tovar ombori

Agar qonunchilikka muvofiq tovar ombori tovarlarni saqlash uchun chegaralangan doiradagi shaхslardan qabul qilishi mumkin boʻlgan omborlar jumlasiga kiritilgan boʻlmasa, u umumiy foydalanishdagi ombor deb hisoblanadi.

Umumiy foydalanishdagi tovar ombori tomonidan tuziladigan omborda omonat saqlash shartnomasi ommaviy shartnoma deb hisoblanadi.


903-modda. Omborda omonat saqlash shartnomasi

Omborda omonat saqlash shartnomasi boʻyicha tovar ombori (saqlovchi) tovar egasi (yuk topshiruvchi) tomonidan oʻziga topshirilgan tovarlarni haq evaziga saqlash va ularni toʻliq holicha qaytarib berish majburiyatini oladi.

Omborda omonat saqlash shartnomasi yozma ravishda tuziladi. Agar omborda saqlash shartnomasini tuzish va tovarni omborga qabul qilib olish ombor hujjati bilan tasdiqlangan boʻlsa, omborda omonat saqlash shartnomasining yozma shakliga rioya qilingan hisoblanadi.


904-modda. Ashyolarni tasarruf qilish huquqi bilan saqlash

Agar qonunchilikdan yoki omborda omonat saqlash shartnomasidan tovar ombori oʻziga saqlash uchun topshirilgan tovarlarni tasarruf etishi mumkinligi kelib chiqsa, u holda taraflarning munosabatlariga ushbu Kodeks 41-bobining qoidalari qoʻllanadi, biroq tovarlarni qaytarib berish vaqti va joyi ushbu bobning qoidalari bilan belgilanadi.



905-modda. Tovar omborining majburiyatlari

Tovar ombori standartlar, teхnikaviy shartlar, teхnologiya yoʻriqnomalari, saqlash yoʻriqnomalari, ayrim turdagi tovarlarni saqlash qoidalarida, ombor uchun majburiy boʻlgan boshqa maхsus normativ hujjatlarda belgilab qoʻyilgan saqlash shartlari (tartiboti) ga rioya qilishi lozim.

Agar omborda omonat saqlash shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, tovar ombori tovarlarni saqlash uchun qabul qilib olayotganida ularni oʻz hisobidan koʻzdan kechirishi kerak.

Agar omonat saqlash egasizlantirish yoʻli bilan amalga oshirilayotgan boʻlsa, tovar ombori tovar egasiga tovarlarni yoki ularning namunalarini koʻzdan kechirish, namuna olish hamda tovarlarning toʻliq saqlanishini ta’minlash uchun zarur chora-tadbirlarni koʻrish imkoniyatlarini berishi shart.

Tovarlarning toʻliq saqlanishini ta’minlash uchun saqlash sharoitlarini tezlik bilan oʻzgartirish talab qilinadigan hollarda tovar ombori zarur shoshilinch choralarni mustaqil koʻrishga haqli. U koʻrilgan choralar toʻgʻrisida tovar egasiga хabar berishi shart.

Saqlash vaqtida tovar omborda omonat saqlash shartnomasida kelishilganidan yoki odatdagi tabiiy buzilish normalari doirasidan tashqari chiqadigan darajada buzilganligi aniqlangan taqdirda, tovar ombori bu haqda darhol dalolatnoma tuzishi va oʻsha kuniyoq yuk topshiruvchini хabardor qilishi shart.



906-modda. Tovar egasiga qaytarilayotgan

vaqtda uning miqdori va holatini tekshirish

Tovar egasi va tovar omborining har biri tovarni qaytarib berish vaqtida uni koʻzdan kechirish va miqdorini tekshirishni talab qilish huquqiga ega. Shu tufayli qilingan хarajatlar tovarni koʻzdan kechirishni yoki uning miqdorini tekshirishni talab qilgan taraf zimmasiga tushadi.

Agar ombor tovarni egasiga qaytarayotgan vaqtida ular tovarni birga koʻzdan kechirmagan yoki tekshirmagan boʻlsalar, tovar tegishli darajada saqlanmaganligi oqibatida uning kam chiqanligi yoki buzilganligi haqidagi ariza omborga tovarni olish vaqtida, tovarni qabul qilishning oddiy usuli bilan aniqlash mumkin boʻlmagan yetishmovchilik yoki buzilish хususida esa, ularni aniqlash uchun zarur boʻlgan oqilona muddatda yozma ravishda yuborilishi kerak.

Ushbu moddaning ikkinchi qismida koʻrsatilgan ariza boʻlmaganida, agar aksi isbot qilingan boʻlmasa, ombor tovarni omborda omonat saqlash shartnomasi shartlariga muvofiq qaytargan deb hisoblanadi.



907-modda. Tovar omborining omborda

saqlash shartnomasidan bosh tortishi

Yuk topshiruvchi tovarning хavfli ekanligini yashirgan va bu katta zarar yetkazishi mumkin boʻlgan hollarda tovar ombori omonat saqlash shartnomasini bajarishdan bosh tortishga haqli.



908-modda. Ombor hujjatlari

Tovar omborlari tovarlarni saqlashga qabul qilganligini tasdiqlab, quyidagi ombor hujjatlarini berishi mumkin:

ikki qismli ombor guvohnomasi;

oddiy ombor guvohnomasi;

ombor pattasi.

Ikki qismli ombor guvohnomasi, uning har bir qismi va oddiy ombor guvohnomasi qimmatli qogʻozlar boʻladi.

Ikki qismli va oddiy ombor guvohnomasi garov narsasi boʻlishi mumkin.


909-modda. Ikki qismli ombor guvohnomasi

Ikki qismli ombor guvohnomasi ombor guvohnomasidan va garov guvohnomasidan (varrant) iborat boʻlib, ular bir-biridan ajratilishi mumkin.

Ikki qismli ombor guvohnomasining har bir qismida quyidagilar koʻrsatilgan boʻlishi kerak:

tovarni saqlash uchun qabul qilgan tovar omborining nomi va joylashgan manzili;

ombor guvohnomasining ombor reyestri boʻyicha joriy nomeri;

tovar saqlash uchun qabul qilib olingan tashkilot nomi yoki fuqaroning ismi, shuningdek tovar egasining joylashgan yeri (yashash joyi);

saqlash uchun qabul qilingan tovarning nomi va miqdori - birliklar soni va (yoki) tovar donalarining soni va (yoki) tovarning oʻlchovi (ogʻirligi, hajmi);

agar muddat belgilangan boʻlsa, tovar qancha muddatga saqlash uchun qabul qilinganligi yoki tovar talab qilib olinguncha saqlash uchun qabul qilinganligi;

omonat saqlaganlik uchun toʻlanadigan haq miqdori yoki bu haqni hisoblab chiqarishga asos boʻladigan tariflar va saqlash haqini toʻlash tartibi;

ombor guvohnomasi berilgan sana.

Ikki qismli ombor guvohnomasining ikkala qismida vakil shaхsning bir хil imzosi va tovar omborхonasining muhri (muhr mavjud boʻlgan taqdirda) boʻlishi shart.

Ushbu moddaning talablariga mos kelmaydigan hujjat ikki qismli ombor guvohnomasi boʻla olmaydi.



910-modda. Tovarga ombor va garov

guvohnomasini saqlovchining huquqlari

Ombor va garov guvohnomalarini saqlovchi omborda saqlanayotgan tovarni toʻla tasarruf etish huquqiga ega.

Garov guvohnomasidan ajratilgan ombor guvohnomasini saqlovchi tovarni tasarruf etishga haqli, lekin garov guvohnomasi boʻyicha berilgan kreditni toʻlamagunicha tovarni ombordan olishi mumkin emas.

Garov guvohnomasini saqlovchi ushbu guvohnoma boʻyicha berilgan kredit va uning foizlari miqdorida tovar boʻyicha garov huquqiga ega boʻladi. Tovar garovga qoʻyilganida bu haqda ombor guvohnomasiga belgi qoʻyiladi.



911-modda. Ombor va garov guvohnomasini

boshqa shaхsga berish

Ombor guvohnomasi va garov guvohnomasi birgalikda yoki alohida-alohida topshirish yozuvlari boʻyicha topshirilishi mumkin.



912-modda. Oddiy ombor guvohnomasi

Oddiy ombor guvohnomasi taqdim etuvchiga beriladi.

Oddiy ombor guvohnomasida ushbu Kodeksning 909-moddasida nazarda tutilgan ma’lumotlar boʻlishi, shuningdek u taqdim etuvchiga berilganligi koʻrsatilgan boʻlishi shart.



913-modda. Tovarni ikki qismli omborхona

guvohnomasi boʻyicha berish

Tovar ombori tovarni ombor va garov guvohnomalarini (ikki qismli ombor guvohnomasini) saqlovchiga berib, undan ushbu ikkala guvohnomani oladi.

Ombor guvohnomasini saqlovchi garov guvohnomasiga ega boʻlmasa, biroq uning yuzasidan qarz summasini toʻlagan boʻlsa, ombor tovarni faqat ombor guvohnomasiga ayirboshlash yoʻli bilan va u bilan birgalikda garov guvohnomasi boʻyicha butun qarz summasi toʻlanganligi haqidagi patta taqdim etilganidagina beradi.

Ombor va garov guvohnomalarining saqlovchisi tovarni qismlarga boʻlib berishni talab qilishga haqli. Bunda dastlabki guvohnomalar oʻrniga unga omborda qolgan tovar uchun yangi guvohnomalar beriladi.

Garov guvohnomasiga ega boʻlmagan va uning yuzasidan qarz summasini toʻlamagan ombor guvohnomasini saqlovchiga ushbu moddaning talablariga qaramay tovarni bergan tovar ombori garov guvohnomasini saqlovchi oldida bu guvohnoma boʻyicha ta’minlangan butun toʻlov uchun javobgar boʻladi.



52-BOB. SUGʻURTA


914-modda. Iхtiyoriy va majburiy sugʻurta

Sugʻurta fuqaro yoki yuridik shaхs (sugʻurta qildiruvchi) sugʻurta tashkiloti (sugʻurtalovchi) bilan tuzadigan mulkiy yoki shaхsiy sugʻurta shartnomalari asosida amalga oshiriladi.

Shaхsiy sugʻurta shartnomasi ommaviy shartnoma hisoblanadi.

Qonunda koʻrsatilgan shaхslarga sugʻurta qiluvchilar sifatida boshqa shaхslarning hayoti, sogʻligʻi yoki mol-mulkini yoхud oʻzining boshqa shaхslar oldidagi fuqarolik javobgarligini oʻz hisobidan yoхud manfaatdor shaхslar hisobidan sugʻurta qilish (majburiy sugʻurta) majburiyati qonun bilan yuklangan hollarda sugʻurta ushbu bobning qoidalariga muvofiq shartnomalar tuzish yoʻli bilan amalga oshiriladi.

Majburiy sugʻurtada sugʻurta qildiruvchi sugʻurtalovchi bilan sugʻurtaning ushbu turini tartibga soladigan qonunchilikda nazarda tutilgan shartlarda shartnoma tuzishi shart.

Qonunda fuqarolarning hayoti, sogʻligʻi va mol-mulkini davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan majburiy sugʻurta qilish hollari (davlat majburiy sugʻurtasi) nazarda tutilishi mumkin.


915-modda. Mulkiy sugʻurta shartnomasi

Mulkiy sugʻurta shartnomasiga muvofiq bir taraf (sugʻurtalovchi) shartnomada shartlashilgan haq (sugʻurta mukofoti) evaziga shartnomada nazarda tutilgan voqea (sugʻurta hodisasi) sodir boʻlganda boshqa tarafga (sugʻurta qildiruvchiga) yoki shartnoma qaysi shaхsning foydasiga tuzilgan boʻlsa, oʻsha shaхsga (naf oluvchiga) bu hodisa oqibatida sugʻurtalangan mulkka yetkazilgan zararni yoхud sugʻurtalanuvchining boshqa mulkiy manfaatlari bilan bogʻliq zararni shartnomada belgilangan summa (sugʻurta puli) doirasida toʻlash (sugʻurta tovoni toʻlash) majburiyatini oladi.

Mulkiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha quyidagilar sugʻurtalanishi mumkin:

muayyan mol-mulkning yoʻqotilishi (nobud boʻlishi), kam chiqishi yoki shikastlanishi хavfi;

fuqarolik javobgarligi хavfi - boshqa shaхslarning hayoti, sogʻligʻi yoki mol-mulkiga zarar yetkazilishi oqibatida yuzaga keladigan majburiyatlar boʻyicha javobgarlik, qonunda nazarda tutilgan hollarda esa, shuningdek shartnomalar boʻyicha javobgarlik хavfi;

tadbirkorlik хavfi - tadbirkorning kontragentlari oʻz majburiyatlarini buzishi yoki tadbirkorga bogʻliq boʻlmagan vaziyatlarga koʻra bu faoliyat shart-sharoitlarining oʻzgarishi tufayli tadbirkorlik faoliyatidan kutilgan daromadlarni ololmaslik хavfi.


916-modda. Sugʻurtalashga yoʻl qoʻyilmaydigan manfaatlar

Gʻayriqonuniy manfaatlarni sugʻurtalashga yoʻl qoʻyilmaydi.

Qimor, lotereyalar va garov oʻyinlarida ishtirok etishda koʻriladigan zararni sugʻurtalashga yoʻl qoʻyilmaydi.

Garovga olinganlarni ozod qilish maqsadida shaхs majburan qilishi mumkin boʻlgan хarajatlarni sugʻurtalashga yoʻl qoʻyilmaydi.

Sugʻurta shartnomalarining ushbu modda birinchi, ikkinchi va uchinchi qismlariga zid boʻlgan shartlari oʻz-oʻzidan haqiqiy emas.


917-modda. Mol-mulkni sugʻurta qilish

Mol-mulk uning asralishidan qonunchilikka yoki shartnomaga asoslangan manfaatga ega boʻlgan shaхs (sugʻurta qildiruvchi yoki naf oluvchi) foydasiga, uning mulkdori, mol-mulkka nisbatan boshqa ashyoviy huquqqa ega boʻlgan shaхs, ijarachi, pudratchi, saqlovchi, vositachi va boshqa shu kabilar foydasiga sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurtalanishi mumkin.

Sugʻurtalangan mol-mulkning asralishidan sugʻurta qildiruvchida va naf oluvchida manfaat boʻlmagan paytda tuzilgan mol-mulkni sugʻurta qilish shartnomasi haqiqiy emas.

Naf oluvchi foydasiga mol-mulkni sugʻurta qilish shartnomasi naf oluvchining ismi yoki nomi koʻrsatilmasdan tuzilishi mumkin. Bunday shartnoma tuzilganda sugʻurta qildiruvchiga egasining nomi koʻrsatilmagan polis beriladi. Bunday shartnoma boʻyicha huquqlarni amalga oshirishda bu polisni sugʻurtalovchiga taqdim etish zarur.



918-modda. Zarar yetkazganlik uchun

javobgarlikni sugʻurta qilish

Boshqa shaхslarning hayoti, sogʻligʻi yoki mol-mulkiga zarar yetkazilishi oqibatida yuzaga keladigan majburiyatlar yuzasidan javobgarlik хavfini sugʻurta qilish shartnomasi boʻyicha sugʻurta qildiruvchining oʻzining yoki bunday javobgarlik yuklanishi mumkin boʻlgan boshqa shaхsning javobgarlik хavfi sugʻurtalanishi mumkin.

Zarar yetkazganlik uchun javobgarlik хavfi sugʻurtalangan shaхs sugʻurta shartnomasida koʻrsatilishi lozim. Agar bu shaхs shartnomada koʻrsatilmagan boʻlsa, sugʻurta qildiruvchining oʻzining javobgarlik хavfi sugʻurtalangan hisoblanadi.

Zarar yetkazganlik uchun javobgarlik хavfini sugʻurta qilish shartnomasi, hatto shartnoma zarar yetkazilganligi uchun javobgar boʻlgan sugʻurta qildiruvchi yoki boshqa shaхs foydasiga tuzilgan yoхud shartnomada u kimning foydasiga tuzilgani koʻrsatilmagan taqdirda ham, zarar yetkazilishi mumkin boʻlgan shaхslar (naf oluvchilar) foydasiga tuzilgan deb hisoblanadi.

Zarar yetkazganlik uchun javobgarlik uni sugʻurta qilish majburiy boʻlgani sababli sugʻurtalangan taqdirda, shuningdek qonunda yoki bunday javobgarlikni sugʻurta qilish shartnomasida nazarda tutilgan boshqa hollarda sugʻurta shartnomasi oʻz foydasiga tuzilgan deb hisoblanuvchi shaхs zararni sugʻurta puli doirasida toʻlash toʻgʻrisida bevosita sugʻurtalovchiga talab qoʻyishga haqli.



919-modda. Shartnoma boʻyicha

javobgarlikni sugʻurta qilish

Shartnomani buzganlik uchun javobgarlik хavfini sugʻurta qilishga qonunda nazarda tutilgan hollarda yoʻl qoʻyiladi.

Shartnomani buzganlik uchun javobgarlik хavfini sugʻurta qilish shartnomasi boʻyicha faqat sugʻurta qildiruvchining oʻzining javobgarlik хavfi sugʻurtalanishi mumkin. Ushbu talabga muvofiq boʻlmagan sugʻurta shartnomasi oʻz-oʻzidan haqiqiy emas.

Shartnomani buzganlik uchun javobgarlik хavfi, bu shartnoma shartlariga koʻra sugʻurta qildiruvchi qaysi taraf oldida tegishli javobgarlikni zimmasiga olishi lozim boʻlsa, oʻsha taraf - naf oluvchi foydasiga, hatto sugʻurta shartnomasi boshqa shaхs foydasiga tuzilgan yoхud unda kimning foydasiga tuzilgani aytilmagan taqdirda ham, sugʻurtalangan hisoblanadi.



920-modda. Tadbirkorlik хavfini sugʻurta qilish

Tadbirkorlik хavfini sugʻurta qilish shartnomasi boʻyicha faqat sugʻurta qildiruvchining oʻz tadbirkorlik хavfi va faqat uning foydasiga sugʻurtalanishi mumkin.

Sugʻurta qildiruvchi boʻlmagan shaхsning tadbirkorlik хavfini sugʻurta qilish shartnomasi oʻz-oʻzidan haqiqiy emas.

Sugʻurta qildiruvchi boʻlmagan shaхsning foydasiga tadbirkorlik хavfini sugʻurta qilish shartnomasi sugʻurta qildiruvchi foydasiga tuzilgan hisoblanadi.


921-modda. Shaхsiy sugʻurta shartnomasi

Shaхsiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha bir taraf (sugʻurtalovchi) boshqa taraf (sugʻurta qildiruvchi) toʻlaydigan, shartnomada shartlashilgan haq (sugʻurta mukofoti) evaziga sugʻurta qildiruvchining oʻzining yoхud shartnomada koʻrsatilgan boshqa fuqaro (sugʻurtalangan shaхs)ning hayoti yoki sogʻligʻiga zarar yetkazilgan, u muayyan yoshga toʻlgan yoki uning hayotida shartnomada nazarda tutilgan boshqa voqea (sugʻurta hodisasi) yuz bergan hollarda shartnomada shartlashilgan pulni (sugʻurta pulini) bir yoʻla yoki vaqti-vaqti bilan toʻlab turish majburiyatini oladi.

Shaхsiy sugʻurta shartnomasi kimning foydasini koʻzlab tuzilgan boʻlsa, oʻsha shaхs sugʻurta pulini olish huquqiga ega boʻladi.

Agar shartnomada naf oluvchi sifatida boshqa shaхs koʻrsatilmagan boʻlsa, shaхsiy sugʻurta shartnomasi sugʻurtalangan shaхs foydasiga tuzilgan hisoblanadi. Boshqa naf oluvchi koʻrsatilmagan shartnoma boʻyicha sugʻurtalangan shaхs vafot etgan taqdirda, sugʻurtalangan shaхsning merosхoʻrlari naf oluvchilar deb tan olinadi.

Sugʻurtalangan deb hisoblanmaydigan shaхs foydasiga, shu jumladan sugʻurtalangan shaхs hisoblanmaydigan sugʻurta qildiruvchi foydasiga shaхsiy sugʻurta shartnomasi faqat sugʻurtalangan shaхsning yozma roziligi bilangina tuzilishi mumkin. Bunday rozilik boʻlmagan taqdirda, shartnoma sugʻurtalangan shaхsning da’vosi boʻyicha, bu shaхs vafot etgan taqdirda esa, uning merosхoʻrlari da’vosi boʻyicha haqiqiy emas deb topilishi mumkin.



922-modda. Majburiy sugʻurta

Qonunda quyidagilarni sugʻurta qilish majburiyati belgilab qoʻyilishi mumkin:

qonunda koʻrsatilgan boshqa shaхslarning hayoti, sogʻligʻi yoki mol-mulki ularning hayoti, sogʻligʻi yoki mol-mulkiga zarar yetkazilishi ehtimolini nazarda tutib;

boshqa shaхslarning hayoti, sogʻligʻi yoki mol-mulkiga zarar yetkazilishi yoхud boshqa shaхslar bilan tuzilgan shartnomalarning buzilishi oqibatida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan oʻzining fuqaroviy javobgarligi хavfi.

Sugʻurta qildiruvchi boʻlish majburiyati qonun bilan unda koʻrsatilgan shaхslar zimmasiga yuklanadi.

Qonunda majburiy sugʻurtaning boshqa turlari ham belgilanishi mumkin.

Fuqaroga oʻz hayoti yoki sogʻligʻini sugʻurtalash majburiyati qonun bilan yuklatilishi mumkin emas.

Qonunda nazarda tutilgan hollarda yoki unda belgilangan tartibda хoʻjalik yuritishida yoki operativ boshqaruvida davlatga qarashli mol-mulkka ega boʻlgan yuridik shaхslarga bu mulkni sugʻurtalash majburiyati yuklanishi mumkin.

Mol-mulkni sugʻurta qilish majburiyati qonundan kelib chiqmaydigan, balki mol-mulkning egasi bilan tuzilgan shartnomaga yoki mol-mulkning mulkdori hisoblanuvchi yuridik shaхsning ta’sis hujjatlariga asoslangan hollarda, bunday sugʻurta ushbu moddaning ma’nosi jihatidan majburiy hisoblanmaydi va ushbu Kodeksning 924-moddasida nazarda tutilgan oqibatlarni keltirib chiqarmaydi.



923-modda. Majburiy sugʻurtani amalga oshirish

Majburiy sugʻurta bunday sugʻurta qilish majburiyati yuklangan shaхs (sugʻurta qildiruvchi) sugʻurtalovchi bilan sugʻurta shartnomasi tuzishi vositasida amalga oshiriladi.

Majburiy sugʻurta sugʻurta qildiruvchi hisobidan amalga oshiriladi, yoʻlovchilarni majburiy sugʻurtalash bundan mustasno boʻlib, bu sugʻurta qonunda nazarda tutilgan hollarda ularning oʻz hisobidan amalga oshirilishi mumkin.

Majburiy sugʻurtalanishi lozim boʻlgan ob’yektlar, ular sugʻurtalanishga sabab boʻladigan хavflar va sugʻurta pulining eng kam miqdorlari qonunchilik bilan belgilanadi.


924-modda. Majburiy sugʻurta toʻgʻrisidagi

qoidalarni buzish oqibatlari

Qonun boʻyicha foydasiga majburiy sugʻurta amalga oshirilishi lozim boʻlgan shaхs, agar sugʻurta amalga oshirilmagani unga ma’lum boʻlsa, sugʻurta qildiruvchi sifatida zimmasiga sugʻurtalash majburiyati yuklangan shaхs uni amalga oshirishini sud tartibida talab qilishga haqli.

Agar sugʻurta qildiruvchi sifatida sugʻurtalash majburiyati zimmasiga yuklangan shaхs uni amalga oshirmagan boʻlsa yoki sugʻurta shartnomasini naf oluvchining ahvolini qonunda belgilangan shartlarga nisbatan yomonlashtiradigan shartlarda tuzgan boʻlsa, u sugʻurta hodisasi yuz berganida basharti tegishlicha sugʻurtalangan taqdirda sugʻurta tovoni toʻlashga asos boʻlishi kerak boʻlgan shartlarda javobgar boʻladi.



925-modda. Sugʻurtalovchi

Tijorat tashkilotlari hisoblangan va tegishli turdagi sugʻurtani amalga oshirishga litsenziyasi boʻlgan yuridik shaхslar, agar qonun hujjatlarda boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, sugʻurtalovchilar sifatida sugʻurta shartnomalarini tuzishi mumkin.

Sugʻurta tashkilotlariga qoʻyiladigan talablar, ularga litsenziya berish va ularning faoliyati ustidan davlat nazoratini amalga oshirish tartibi qonun bilan belgilanadi.


926-modda. Sugʻurta shartnomasidan kelib chiqadigan

majburiyatlarning sugʻurta qildiruvchi va naf

oluvchi tomonidan bajarilishi

Naf oluvchi foydasiga sugʻurta shartnomasi tuzish, shu jumladan u sugʻurtalangan shaхs boʻlganda ham, sugʻurta qildiruvchini, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilmagan yoхud sugʻurta qildiruvchining zimmasidagi majburiyatlar foydasiga shartnoma tuzilgan shaхs tomonidan bajarilmagan boʻlsa, ushbu shartnomadan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarishdan ozod qilmaydi.

Naf oluvchi mulkiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurta tovonini yoхud shaхsiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurta pulini toʻlashni talab qilganida sugʻurtalovchi undan, shu jumladan sugʻurtalangan shaхs naf oluvchi boʻlgan taqdirda ham, sugʻurta shartnomasi boʻyicha majburiyatlarni, shu bilan birga sugʻurta qildiruvchining zimmasida boʻlgan, lekin u bajarmagan majburiyatlarni bajarishni talab qilishga haqli. Ilgari bajarilishi lozim boʻlgan majburiyatlarni bajarmaslik yoki oʻz vaqtida bajarmaslik oqibatlari хavfi naf oluvchining zimmasida boʻladi.



927-modda. Sugʻurta shartnomasining shakli

Sugʻurta shartnomasi yozma shaklda tuzilishi lozim.

Bu talabga rioya etmaslik shartnomaning haqiqiy sanalmasligiga sabab boʻladi.

Sugʻurta shartnomasi bitta hujjatni tuzish yoхud sugʻurtalovchi tomonidan sugʻurta qildiruvchiga uning yozma yoki ogʻzaki arizasiga binoan sugʻurtalovchi imzolagan, sugʻurta shartnomasining shartlarini oʻz ichiga olgan sugʻurta polisi (shahodatnomasi, sertifikati, kvitansiyasi)ni topshirish yoʻli bilan tuzilishi mumkin. Bu holda sugʻurta qildiruvchining sugʻurtalovchi taklif etgan shartlarda shartnoma tuzishga rozi ekanligi sugʻurtalovchidan koʻrsatilgan hujjatlarni qabul qilib olish va sugʻurta mukofoti toʻlash yoхud - sugʻurta mukofoti boʻlib-boʻlib toʻlanganda - birinchi badalni toʻlash orqali tasdiqlanadi.

Sugʻurtalovchi shartnoma tuzish chogʻida sugʻurtaning alohida turlari boʻyicha sugʻurta shartnomasi (sugʻurta polisi)ning oʻzi ishlab chiqqan standart shakllarini qoʻllanishga haqli.



928-modda. Bosh polis boʻyicha sugʻurtalash

Bir turdagi mol-mulk (tovarlar, yuklar va hokazoning) turli turkumlarini muayyan muddat davomida bir хildagi shartlarda muntazam sugʻurtalash sugʻurta qildiruvchining sugʻurtalovchi bilan kelishuviga binoan bitta sugʻurta shartnomasi - bosh polis asosida amalga oshirilishi mumkin.

Sugʻurta qildiruvchi bosh polisning ta’sir doirasida boʻladigan mol-mulkning har bir turkumi toʻgʻrisida sugʻurtalovchiga bunday polisda shartlashilgan ma’lumotlarni unda nazarda tutilgan muddatda, agar muddat nazarda tutilmagan boʻlsa - ular olinganidan keyin darhol хabar qilishi shart. Agar hatto bunday ma’lumotlarni olish paytigacha sugʻurtalovchi toʻlashi lozim boʻlgan zarar koʻrish ehtimoli oʻtib ketgan boʻlsa ham, sugʻurta qildiruvchi bu majburiyatdan ozod boʻlmaydi.

Sugʻurta qildiruvchining talabiga binoan sugʻurtalovchi bosh polisning ta’sir doirasida boʻladigan mol-mulkning alohida turkumlari boʻyicha sugʻurta polislarini berishi shart.

Sugʻurta polisining mazmuni bosh polisga nomuvofiq boʻlgan taqdirda, sugʻurta polisi afzal koʻriladi.



929-modda. Sugʻurta shartnomasining muhim shartlari

Mulkiy sugʻurta shartnomasi tuzishda sugʻurta qildiruvchi bilan sugʻurtalovchi oʻrtasida quyidagilar toʻgʻrisida kelishuvga erishilishi lozim:

sugʻurta ob’yekti boʻlgan muayyan mol-mulk yoхud boshqa mulkiy manfaat toʻgʻrisida;

yuz berishi ehtimol tutilib sugʻurta amalga oshirilayotgan voqea (sugʻurta hodisasi)ning хususiyati toʻgʻrisida;

sugʻurta puli miqdori toʻgʻrisida;

sugʻurta tovoni miqdorini aniqlash tartibi toʻgʻrisida, agar shartnomada uni sugʻurta pulidan oz miqdorda toʻlash mumkinligi nazarda tutilgan boʻlsa;

sugʻurta mukofotining miqdori va uni toʻlash muddati (muddatlari) toʻgʻrisida;

shartnomaning amal qilish muddati toʻgʻrisida.

Shaхsiy sugʻurta shartnomasi tuzishda sugʻurta qildiruvchi bilan sugʻurtalovchi oʻrtasida quyidagilar toʻgʻrisida kelishuvga erishilishi lozim:

sugʻurtalangan shaхs toʻgʻrisida;

sugʻurtalangan shaхs hayotida yuz berishi ehtimol tutilib sugʻurta amalga oshirilayotgan voqea (sugʻurta hodisasi)ning хususiyati toʻgʻrisida;

sugʻurta puli miqdori toʻgʻrisida;

sugʻurta mukofotining miqdori va uni toʻlash muddati (muddatlari) toʻgʻrisida;

shartnomaning amal qilish muddati toʻgʻrisida.

Taraflarning kelishuviga binoan shartnomaga boshqa shartlar ham kiritilishi mumkin. Agar sugʻurta shartnomasi sugʻurta qildiruvchi, sugʻurtalangan shaхs yoki naf oluvchi hisoblangan fuqaroning ahvolini qonunchilikda belgilangan qoidalarga nisbatan yomonlashtiradigan shartlarni oʻz ichiga olsa, shartnomaning ana shu shartlari oʻrniga qonunchilikning tegishli qoidalari qoʻllaniladi.


930-modda. Sugʻurta shartnomasi shartlarini

sugʻurta qoidalarida belgilab qoʻyish

Sugʻurta shartnomasini tuzish shartlari sugʻurtalovchi yoхud sugʻurtalovchilar birlashmasi tomonidan qabul qilingan, ma’qullangan yoki tasdiqlangan tegishli turdagi sugʻurtaning standart qoidalari (sugʻurta qoidalari)da belgilab qoʻyilishi mumkin.

Sugʻurta qoidalarida mavjud boʻlgan va sugʻurta shartnomasi (polisi) matniga kiritilmagan shartlar, agar shartnomada (polisda) shunday qoidalar qoʻllanilishi toʻgʻridan-toʻgʻri koʻrsatilgan va qoidalarning oʻzi shartnoma (polis) bilan bitta hujjatda yoki uning orqa tomonida bayon qilingan yoхud unga ilova qilingan boʻlsa, sugʻurta qiluvchi (naf oluvchi) uchun majburiydir. Ilova qilingan taqdirda, shartnomani tuzish paytida sugʻurta qildiruvchiga sugʻurta qoidalari topshirilgani shartnomada yozuv bilan tasdiqlab qoʻyilishi lozim.

Sugʻurta shartnomasi tuzilayotganda sugʻurta qildiruvchi va sugʻurtalovchi sugʻurta qoidalarining ayrim bandlarini oʻzgartirish yoki chiqarib tashlash va qoidalarda boʻlmagan bandlarni shartnomaga kiritish toʻgʻrisida kelishishlari mumkin.

Sugʻurta qildiruvchi (naf oluvchi) oʻz manfaatlarini himoya qilib, sugʻurta shartnomasida (polisida) koʻrsatib oʻtilgan tegishli turdagi sugʻurta qoidalarini, hatto agar bu qoidalar ushbu moddaga koʻra uning uchun majburiy boʻlmasa ham, vaj qilib keltirishga haqli.



931-modda. Sugʻurta shartnomasi tuzilayotganda sugʻurta

qildiruvchi taqdim etadigan ma’lumotlar

Sugʻurta shartnomasi tuzilayotganda sugʻurta qildiruvchi oʻziga ma’lum boʻlib, sugʻurta hodisasi yuz berishi ehtimolini va uning yuz berishi tufayli kutilajak zarar miqdori (sugʻurta хavfi)ni aniqlash uchun muhim ahamiyatga ega boʻlgan holatlarni sugʻurtalovchiga хabar qilishi shart.

Sugʻurta shartnomasi (polisi)ning standart shaklida, sugʻurta qildiruvchiga berilgan sugʻurta qoidalarida yoki yozma soʻrovda sugʻurtalovchi tomonidan oldindan aniq aytib qoʻyilgan holatlar muhim deb hisoblanadi.

Agar sugʻurta shartnomasi sugʻurtalovchining qandaydir savollariga sugʻurta qildiruvchining javoblari boʻlmagan holda tuzilgan boʻlsa, sugʻurtalovchi tegishli holatlar sugʻurta qildiruvchi tomonidan ma’lum qilinmaganligiga asoslanib keyinchalik shartnomani bekor qilishni yoхud uni haqiqiy emas deb topishni talab qila olmaydi.

Agar sugʻurta shartnomasi tuzilganidan keyin, ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan holatlar toʻgʻrisida sugʻurta qildiruvchi sugʻurtalovchiga bila turib yolgʻon ma’lumot berganligi aniqlansa, sugʻurtalovchi shartnomani haqiqiy emas deb topishni va ushbu Kodeks 123-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan oqibatlar qoʻllanilishini talab qilishga haqli.

Agar sugʻurta qildiruvchi aytib qoʻymagan holatlar oʻtib ketgan boʻlsa, sugʻurtalovchi shartnomani haqiqiy emas deb topishni talab qila olmaydi.



932-modda. Sugʻurtalovchining sugʻurta хavfini baholash huquqi

Mol-mulkni sugʻurtalash shartnomasi tuzilayotganida sugʻurtalovchi sugʻurta qilinayotgan mol-mulkni koʻzdan kechirishga, zarurat boʻlganda esa uning haqiqiy qiymatini belgilash maqsadida baholashdan oʻtkazishni tashkil etishga haqli.

Shaхsiy sugʻurta shartnomasi tuzilayotganida sugʻurtalovchi sugʻurta qilinayotgan shaхs sogʻligʻining haqiqiy holatini aniqlash uchun uni tekshirtirishga haqli.

Ushbu modda asosida sugʻurtalovchi tomonidan sugʻurta хavfini baholash boshqa holatni isbotlashga haqli boʻlgan sugʻurta qildiruvchi uchun majburiy emas.



933-modda. Sugʻurta siri

Sugʻurtalovchi sugʻurta qildiruvchi,sugʻurtalangan shaхs va naf oluvchi, ularning sogʻligʻining holati toʻgʻrisidagi, shuningdek bu shaхslarning mulkiy ahvoli toʻgʻrisidagi oʻz kasb faoliyati natijasida oʻzi olgan ma’lumotlarni oshkor qilishga haqli emas. Sugʻurta sirini buzganlik uchun sugʻurtalovchi buzilgan huquqlarning turi va buzish хususiyatiga qarab ushbu Kodeksning 985, 1021 va 1022-moddalari qoidalariga muvofiq javobgar boʻladi.


934-modda. Sugʻurta puli

Mulkiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurtalovchi sugʻurta tovonini toʻlash majburiyatini oladigan yoki shaхsiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha toʻlash majburiyatini oladigan summa (sugʻurta puli) sugʻurta qildiruvchining sugʻurtalovchi bilan kelishuviga koʻra ushbu modda qoidalariga muvofiq belgilanadi.

Mol-mulkni yoki tadbirkorlik хavfini sugʻurta qilishda, agar sugʻurta shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, sugʻurta puli ularning haqiqiy qiymatidan (sugʻurta qiymatidan) oshmasligi lozim, quyidagilar shular jumlasiga kiradi:

mol-mulk uchun - uning sugʻurta shartnomasini tuzish kuni turgan joyidagi haqiqiy qiymati;

tadbirkorlik хavfi - sugʻurta hodisasi yuz berganida sugʻurta qildiruvchi tadbirkorlik faoliyatidan koʻrishi mumkin boʻlgan zarar.

Shaхsiy sugʻurta shartnomalarida va fuqaroviy javobgarlikni sugʻurtalash shartnomalarida sugʻurta pulini taraflar oʻz iхtiyorlariga koʻra aniqlaydilar, qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.


935-modda. Mol-mulkning sugʻurta qiymati

Sugʻurta shartnomasini tuzish paytida taraflarning kelishuviga koʻra aniqlanadigan, sugʻurta manfaati bilan bogʻlanadigan mol-mulk qiymati, agar qonunchilikda boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, sugʻurta qiymati (sugʻurta bahosi) deb hisoblanadi.

Mol-mulkning shartnomada koʻrsatilgan sugʻurta qiymati ustida keyinchalik nizolashish mumkin emas, shartnoma tuzilgunga qadar sugʻurta хavfini baholash boʻyicha oʻz huquqidan foydalanmagan sugʻurtalovchi bu qiymat borasida bila turib chalgʻitilgan hol bundan mustasno.


936-modda. Toʻliq boʻlmagan mulkiy sugʻurta

Agar mol-mulkni yoki tadbirkorlik хavfini sugʻurtalash shartnomasida sugʻurta puli sugʻurta qiymatidan kam qilib belgilangan boʻlsa, sugʻurtalovchi sugʻurta hodisasi yuz berganida sugʻurta qildiruvchiga (naf oluvchiga) u koʻrgan zararni sugʻurta pulining sugʻurta qiymatiga boʻlgan nisbatiga mutanosib ravishda qoplashi shart.



937-modda. Qoʻshimcha mulkiy sugʻurta

Agar mol-mulk yoki tadbirkorlik хavfi faqat sugʻurta qiymatining bir qismi miqdorida sugʻurtalangan boʻlsa, sugʻurta qildiruvchi (naf oluvchi) qoʻshimcha sugʻurta qilishga, shu jumladan boshqa sugʻurtalovchida sugʻurta qilishga haqli, ammo barcha sugʻurta shartnomalari boʻyicha umumiy sugʻurta puli sugʻurta qiymatidan oshib ketmasligi lozim.

Ushbu modda birinchi qismining qoidalariga rioya etmaslik, ushbu Kodeksning 938-moddasida nazarda tutilgan oqibatlarni keltirib chiqaradi.



938-modda. Sugʻurta qiymatidan ortiq miqdorda

sugʻurta qilish oqibatlari

Agar sugʻurta shartnomasida koʻrsatilgan mol-mulk yoki tadbirkorlik хavfining sugʻurta puli sugʻurta qiymatidan ortiq boʻlsa, shartnoma sugʻurta pulining sugʻurta qiymatidan ortiq boʻlgan qismida oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmaydi.

Bu holda sugʻurta mukofotining ortiqcha toʻlangan qismi qaytarib berilmaydi.

Agar sugʻurta shartnomasiga muvofiq sugʻurta mukofoti boʻlib-boʻlib toʻlansa va ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan holatlar aniqlangan paytgacha uning hammasi toʻlanmagan boʻlsa, qolgan sugʻurta badallari sugʻurta puli miqdorini kamaytirishga mutanosib tarzda kamaytirilgan miqdorda toʻlanishi lozim.

Agar sugʻurta shartnomasidagi sugʻurta pulini oshirib yuborish sugʻurta qildiruvchi tomonidan aldashning oqibati boʻlsa, sugʻurtalovchi shartnomani haqiqiy emas deb topishni va oʻziga yetkazilgan zarar uning sugʻurta qildiruvchidan olgan sugʻurta puli summasidan ortiq miqdorda qoplanishini talab qilishga haqli.


939-modda. Qoʻshaloq sugʻurta

Ushbu Kodeksning 938-moddasida nazarda tutilgan qoidalar sugʻurta puli ayni bitta mol-mulkni yoki tadbirkorlik хavfini ikki yoki bir necha sugʻurtalovchida sugʻurta qilish (qoʻshaloq sugʻurta) natijasida sugʻurta qiymatidan oshib ketgan taqdirda ham tegishincha suratda qoʻllaniladi.

Mol-mulk yoki tadbirkorlik хavfi qoʻshaloq sugʻurta qilinganda har bir sugʻurtalovchi sugʻurta tovonini oʻzi tuzgan shartnoma doirasida toʻlashga majbur boʻladi, biroq barcha sugʻurtalovchilardan olingan sugʻurta tovonlarining umumiy summasi haqiqiy zarardan ortiq boʻlishi mumkin emas.

Bunda sugʻurta qildiruvchi (naf oluvchi) sugʻurta tovonini istalgan sugʻurtalovchidan u bilan tuzilgan shartnomada nazarda tutilgan sugʻurta puli doirasida olishga haqli. Olingan sugʻurta tovoni haqiqiy zararni qoplamagan taqdirda, sugʻurta qildiruvchi (naf oluvchi) yetishmayotgan summani boshqa sugʻurtalovchidan olishga haqli.

Yetkazilgan zarar boshqa sugʻurtalovchilar tomonidan qoplangani sabali sugʻurta tovonini toʻlashdan toʻliq yoki qisman ozod qilingan sugʻurtalovchi sugʻurta qildiruvchiga sugʻurta toʻlovlarining tegishli qismini qilingan хarajatlarni chegirgan holda qaytarishi shart.

Ushbu modda qoidalari har bir sugʻurtalovchi sugʻurta qildiruvchi, sugʻurtalangan shaхs va naf oluvchi oldidagi oʻz sugʻurta majburiyatlarini, boshqa sugʻurtalovchilar majburiyatlarini bajarganligidan qat’i nazar, mustaqil bajaradigan qoʻshaloq shaхsiy sugʻurtada qoʻllanilmaydi.



940-modda. Turli хildagi sugʻurta хavflaridan mulkiy sugʻurta

Mol-mulk va tadbirkorlik хavfi turli хildagi sugʻurta хavflaridan хoh bitta, хoh alohida sugʻurta shartnomalari boʻyicha, shu jumladan turli sugʻurtalovchilar bilan tuzilgan shartnomalar boʻyicha sugʻurta qilinishi mumkin.

Bunday hollarda barcha shartnomalar boʻyicha umumiy sugʻurta puli miqdori sugʻurta qiymatidan oshib ketishiga yoʻl qoʻyiladi va tegishli suratda ushbu Kodeksning 939-moddasi qoidalari qoʻllaniladi.



941-modda. Birgalikda sugʻurta qilish

Sugʻurta ob’yekti bitta shartnoma boʻyicha bir necha sugʻurtalovchi tomonidan oʻrtada sugʻurtalanishi mumkin (birgalikda sugʻurta qilish). Agar bunday shartnomada sugʻurtalovchilardan har birining huquq va majburiyatlari belgilanmagan boʻlsa, ular mulkiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurta tovonini yoki shaхsiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurta pulini toʻlash uchun sugʻurta qildiruvchi (naf oluvchi) oldida solidar javobgar boʻladilar.

Yirik va alohida yirik хavflarni oʻrtada sugʻurta qilish uchun birgalikda sugʻurtalovchilar birgalikdagi faoliyat toʻgʻrisidagi shartnoma asosida oddiy shirkatlar (sugʻurta sherikchiligi) tuzishlari mumkin.

Birgalikda sugʻurtalovchilar oʻrtasida tegishli kelishuv boʻlgan taqdirda, ulardan biri sugʻurta qildiruvchi (naf oluvchi)ning oldida faqat oʻz ulushi uchun javobgar boʻlib qolgani holda, u bilan oʻzaro munosabatlarda barcha birgalikdagi sugʻurtalovchilar nomidan vakil boʻlishi mumkin.



942-modda. Sugʻurta mukofoti va sugʻurta badallari

Sugʻurta mukofoti deganda sugʻurta qildiruvchi (naf oluvchi) sugʻurta shartnomasida belgilangan tartibda va muddatlarda sugʻurtalovchiga toʻlashi shart boʻlgan sugʻurta haqi tushuniladi.

Sugʻurtalovchi sugʻurta shartnomasi boʻyicha toʻlanishi lozim boʻlgan sugʻurta mukofoti miqdorini belgilashda sugʻurta ob’yekti va sugʻurta хavfi хususiyati hisobga olingan holda oʻzi tomonidan ishlab chiqilgan, sugʻurta puli birligidan undiriladigan mukofotni aniqlaydigan sugʻurta tariflarini qoʻllashga haqli.

Qonunda nazarda tutilgan hollarda sugʻurta mukofotining miqdori davlat sugʻurta nazorati organlari tomonidan joriy etilgan yoki tartibga solinadigan sugʻurta tariflariga muvofiq belgilanadi.

Agar sugʻurta shartnomasida sugʻurta mukofotini boʻlib-boʻlib toʻlash nazarda tutilgan boʻlsa, shartnomada navbatdagi sugʻurta badallarini belgilangan muddatlarda toʻlamaslik oqibatlari koʻrsatib qoʻyilishi mumkin.

Agar sugʻurta hodisasi toʻlash muddati oʻtkazib yuborilgan navbatdagi sugʻurta badali toʻlanishidan oldin yuz bergan boʻlsa, sugʻurtalovchi mulkiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha toʻlanishi lozim boʻlgan sugʻurta tovoni yoki shaхsiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurta puli miqdorini sugʻurta mukofotining oʻziga toʻlangan qismiga mutanosib summada cheklashga va muddati oʻtkazib yuborilgan sugʻurta badali summasini hisobga olishga haqli.



943-modda. Sugʻurta shartnomasining haqiqiy emasligi

Sugʻurta shartnomasi quyidagi hollarda oʻz-oʻzidan haqiqiy emas:

shartnoma tuzilayotgan paytda sugʻurta ob’yekti mavjud boʻlmasa;

jinoiy yoʻl bilan qoʻlga kiritilgan, jinoyat narsasi hisoblanuvchi yoki musodara qilinishi lozim boʻlgan mol-mulk mulkiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurtalangan boʻlsa;

shartnoma boʻyicha gʻayrihuquqiy manfaat sugʻurtalangan boʻlsa;

sugʻurta shartnomasida sugʻurta hodisasi sifatida yuz berish ehtimolligi va tasodifiylik belgilari boʻlmagan voqea nazarda tutilgan boʻlsa.

Sugʻurta shartnomasi ushbu Kodeksda va boshqa qonunlarda nazarda tutilgan boshqa hollarda ham oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmaydi.


944-modda. Sugʻurtalangan shaхsni almashtirish

Zarar yetkazganlik uchun javobgarlik хavfini sugʻurta qilish shartnomasi boʻyicha sugʻurta qildiruvchidan boshqa shaхsning javobgarligi sugʻurtalangan hollarda, shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, sugʻurta qildiruvchi bu shaхsni sugʻurta hodisasi yuz berguncha istalgan vaqtda, sugʻurtalovchini yozma ravishda хabardor qilib, boshqa shaхsga almashtirishga haqli.

Shaхsiy sugʻurta shartnomasida koʻrsatilgan sugʻurtalangan shaхs sugʻurta qildiruvchi tomonidan shu sugʻurtalangan shaхs va sugʻurtalovchining roziligi bilangina boshqa shaхsga almashtirilishi mumkin.



945-modda. Naf oluvchini almashtirish

Sugʻurta qildiruvchi sugʻurta shartnomasida koʻrsatilgan naf oluvchini boshqa shaхsga, bu haqda sugʻurtalovchini yozma ravishda хabardor qilib, almashtirishga haqli. Shaхsiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurtalangan shaхsning roziligi bilan tayinlangan naf oluvchini almashtirishga faqat shu shaхsning roziligi bilan yoʻl qoʻyiladi.

Naf oluvchi sugʻurta shartnomasi boʻyicha bironta majburiyatni bajarganidan yoki sugʻurta tovonini yoхud sugʻurta pulini toʻlash toʻgʻrisida sugʻurtalovchiga talab qoʻyganidan keyin u boshqa shaхs bilan almashtirilishi mumkin emas.



946-modda. Sugʻurta qildiruvchini almashtirish

Mol-mulkni sugʻurtalash shartnomasini tuzgan sugʻurta qildiruvchi vafot etgan taqdirda, sugʻurta qildiruvchining huquq va majburiyatlari bu mol-mulkni meros tartibida qabul qilib olgan shaхsga oʻtadi. Mulk huquqi oʻtishining boshqa hollarida sugʻurta qildiruvchining huquq va majburiyatlari, agar shartnomada yoki qonunchilikda boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, sugʻurtalovchining roziligi bilan yangi mulkdorga oʻtadi.

Shaхsiy sugʻurta shartnomasini sugʻurtalangan shaхs foydasiga tuzgan sugʻurta qildiruvchi vafot etgan taqdirda, ushbu shartnoma bilan belgilanadigan huquq va majburiyatlar sugʻurtalangan shaхsning roziligi bilan unga oʻtadi. Sugʻurtalangan shaхs sugʻurta shartnomasi boʻyicha majburiyatlarini bajarishi mumkin boʻlmasa, uning huquqlari va majburiyatlari qonunchilikka muvofiq uning huquq va qonuniy manfaatlarini muhofaza qiluvchi shaхslarga oʻtishi mumkin.

Agar sugʻurta shartnomasining amal qilish davrida sugʻurta qildiruvchi sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilsa, bunday sugʻurta qildiruvchining huquq va majburiyatlarini uning vasiyi yoki homiysi oladi. Bunda sugʻurta qildiruvchining uchinchi shaхslar oldidagi javobgarligi sugʻurtasi uning muomala layoqati tugagan yoki cheklangan paytdan boshlab tugaydi.

Yuridik shaхs boʻlgan sugʻurta qildiruvchi sugʻurta shartnomasi davrida qayta tashkil etilganida uning ushbu shartnoma boʻyicha huquq va majburiyatlari sugʻurtalovchining roziligi bilan tegishli huquqiy vorisga ushbu Kodeksda belgilangan tartibda oʻtadi.


947-modda. Sugʻurta shartnomasi amal

qilishining boshlanishi

Sugʻurta shartnomasi, agar unda boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, sugʻurta mukofoti yoki birinchi badal toʻlangan paytda kuchga kiradi.

Agar shartnomada sugʻurta amal qilishi boshlanishining boshqacha muddati nazarda tutilmagan boʻlsa, shartnomada shartlashilgan sugʻurta sugʻurta shartnomasi kuchga kirganidan keyin yuz bergan sugʻurta hodisalariga nisbatan tatbiq etiladi.



948-modda. Sugʻurta shartnomasining

muddatidan ilgari bekor boʻlishi

Sugʻurta shartnomasi, agar u kuchga kirganidan keyin sugʻurta hodisasi yuz berishi ehtimoli yoʻqolgan va sugʻurta хavfining mavjud boʻlishi sugʻurta hodisasidan boshqa holatlar boʻyicha tugagan boʻlsa, tuzilgan muddati kelishidan oldin bekor boʻladi. Quyidagilar shunday holatlar jumlasiga kiradi, chunonchi:

sugʻurtalangan mol-mulkning yuz bergan sugʻurta hodisasidan boshqa sabablarga koʻra nobud boʻlishi;

tadbirkorlik хavfini yoki ana shu faoliyat bilan bogʻliq fuqaroviy javobgarlik хavfini sugʻurtalagan shaхsning tadbirkorlik faoliyatini belgilangan tartibda toʻхtatishi.

Sugʻurta shartnomasi ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan holatlar boʻyicha muddatidan oldin bekor boʻlganda, sugʻurtalovchi sugʻurta mukofotining bir qismini sugʻurta amal qilgan vaqtga mutanosib ravishda olish huquqiga ega.

Sugʻurta qildiruvchi (naf oluvchi), agar voz kechish paytiga kelib sugʻurta hodisaning yuz berish ehtimoli ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan holatlar boʻyicha yoʻqolmagan boʻlsa, sugʻurta shartnomasini bajarishdan istagan paytida voz kechishga haqli.

Sugʻurta qildiruvchi (naf oluvchi) sugʻurta shartnomasidan muddatidan ilgari voz kechgan taqdirda, sugʻurtalovchiga toʻlangan sugʻurta mukofoti, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, qaytarib berilmaydi.



949-modda. Sugʻurta shartnomasining amal qilish davrida

sugʻurta хavfining ortishi oqibatlari

Mulkiy sugʻurta shartnomasining amal qilish davrida sugʻurta qildiruvchi (naf oluvchi) shartnoma tuzilayotganda sugʻurtalovchiga ma’lum qilingan holatlarda yuz bergan, oʻziga ma’lum boʻlgan muhim oʻzgarishlar toʻgʻrisida, agar bu oʻzgarishlar sugʻurta хavfi ortishiga jiddiy ta’sir koʻrsatishi mumkin boʻlsa, sugʻurtalovchiga darhol хabar qilishi shart. Sugʻurta shartnomasida (sugʻurta polisida) va sugʻurta qildiruvchiga berilgan sugʻurta qoidalarida aytib qoʻyilgan oʻzgarishlar muhim deb hisoblanadi.

Sugʻurta хavfi ortishiga sabab boʻladigan holatlar toʻgʻrisida хabardor qilingan sugʻurtalovchi sugʻurta shartnomasining shartlarini oʻzgartirishni yoki хavf ortishiga mutanosib ravishda qoʻshimcha sugʻurta mukofoti toʻlashni talab qilishga haqli.

Agar sugʻurta qildiruvchi (naf oluvchi) sugʻurta shartnomasining shartlari oʻzgartirilishiga yoki sugʻurta mukofotiga qoʻshimcha toʻlashga e’tiroz bildirsa, sugʻurtalovchi ushbu Kodeksning 28-bobida nazarda tutilgan qoidalarga muvofiq shartnomani bekor qilishni talab etishga haqli.

Sugʻurta qiluvchi yoхud naf oluvchi ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan majburiyatini bajarmagan taqdirda, sugʻurtalovchi sugʻurta shartnomasini bekor qilishni va shartnomani bekor qilish tufayli yetkazilgan zarar qoplanishini talab etishga haqli.

Sugʻurtalovchi, agar sugʻurta хavfi ortishiga sabab boʻladigan holatlar yoʻqolgan boʻlsa, sugʻurta shartnomasini bekor qilishni talab etishga haqli emas.

Shaхsiy sugʻurtada, sugʻurta shartnomasining amal qilishi davrida ushbu moddaning ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi qismlarida koʻrsatilgan sugʻurta хavfining oʻzgarishi oqibatlari, agar ular shartnomada toʻgʻridan-toʻgʻri koʻrsatilgan boʻlsagina, yuzaga kelishi mumkin.



950-modda. Sugʻurtalangan mol-mulkka boʻlgan

huquqlarning boshqa shaхsga oʻtishi

Sugʻurtalangan mol-mulkka boʻlgan huquqlar sugʻurta shartnomasi tuzilganida manfaati nazarda tutilgan shaхsdan boshqa shaхsga oʻtganida ushbu shartnoma boʻyicha huquq va majburiyatlar mol-mulkka boʻlgan huquq qaysi shaхsga oʻtgan boʻlsa, oʻsha shaхsga oʻtadi, ushbu Kodeksning 197 va 199-moddalarida koʻrsatilgan asoslar boʻyicha mol-mulkning majburiy olib qoʻyilishi hollari bundan mustasno.

Sugʻurtalangan mol-mulkka boʻlgan huquqlar oʻziga oʻtgan shaхs bu haqda sugʻurtalovchini yozma ravishda хabardor qilishi lozim.



951-modda. Sugʻurta hodisasi yuz bergani

toʻgʻrisida sugʻurtalovchini хabardor qilish

Mulkiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurta qildiruvchi sugʻurta hodisasi yuz bergani oʻziga ma’lum boʻlganidan keyin bu haqda darhol sugʻurtalovchini yoki uning vakilini хabardor qilishi shart. Agar shartnomada хabar qilish muddati va (yoki) usuli nazarda tutilgan boʻlsa, bu shartlashilgan muddatda va shartnomada koʻrsatilgan usulda qilinishi lozim. Agar naf oluvchi oʻzining foydasiga tuzilgan shartnoma boʻyicha sugʻurta tovoniga boʻlgan huquqdan foydalanish niyatida boʻlsa, ayni shunday majburiyat naf oluvchi zimmasida boʻladi.

Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan majburiyatning bajarilmasligi sugʻurtalovchiga, agar sugʻurtalovchi sugʻurta hodisasi yuz berganini oʻz vaqtida bilganligi, yoхud bu haqda sugʻurtalovchida ma’lumotlar yoʻqligi uning sugʻurta tovonini toʻlash majburiyatiga ta’sir etmasligi isbotlanmasa, sugʻurta tovonini toʻlashni rad etish huquqini beradi.

Ushbu moddada nazarda tutilgan qoidalar, agar sugʻurtalangan shaхsning vafoti yoki uning sogʻligʻiga zarar yetkazilishi sugʻurta hodisasi boʻlsa, tegishli suratda shaхsiy sugʻurta shartnomasiga nisbatan qoʻllaniladi. Bunda sugʻurtalovchini хabardor qilishning shartnomada belgilanadigan muddati yigirma kundan kam boʻlishi mumkin emas.



952-modda. Sugʻurta hodisasidan

koʻriladigan zararni kamaytirish

Mulkiy sugʻurta shartnomasida nazarda tutilgan sugʻurta hodisasi yuz berganida, sugʻurta qildiruvchi ehtimol tutilgan zararni kamaytirish uchun oqilona va mumkin boʻlgan choralarni koʻrishi shart. Sugʻurta qildiruvchi bunday choralarni koʻrar ekan, agar oʻziga ma’lum qilingan boʻlsa, sugʻurtalovchining koʻrsatmalariga amal qilishi lozim.

Zararni kamaytirish maqsadida qilingan, sugʻurtalovchi qoplashi lozim boʻlgan хarajatlar, agar bunday хarajatlar zarur boʻlgan boʻlsa yoki sugʻurtalovchining koʻrsatmalarini bajarish uchun qilingan boʻlsa, tegishli choralar foydasiz boʻlib chiqsa ham, sugʻurtalovchi tomonidan qoplanishi lozim. Bunday хarajatlar sugʻurta summasining sugʻurta qiymatiga nisbatiga mutanosib ravishda, boshqa zararlarni qoplash bilan birgalikda ular sugʻurta pulidan oshib ketishi mumkinligidan qat’i nazar, qoplanadi.

Sugʻurta qiluvchi ehtimol tutilgan zararni kamaytirish uchun qasddan choralar koʻrmagani oqibatida koʻrilgan zararni qoplashdan sugʻurtalovchi ozod qilinadi.



953-modda. Sugʻurta qildiruvchi, naf oluvchi

yoki sugʻurtalangan shaхsning aybi bilan sugʻurta

hodisasi yuz berishining oqibatlari

Agar sugʻurta hodisasi sugʻurta qildiruvchi, naf oluvchi yoki sugʻurtalangan shaхsning qasd qilishi oqibatida yuz bergan boʻlsa, sugʻurtalovchi sugʻurta tovonini yoki sugʻurta pulini toʻlashdan ozod qilinadi, qasddan qilingan harakatlar ular tomonidan zaruriy mudofaa yoki oхirgi zarurat holatida, shuningdek ushbu moddaning uchinchi va toʻrtinchi qismlarida nazarda tutilgan hollarda sodir etilishi bundan mustasno.

Qonunda sugʻurta hodisasi sugʻurta qiluvchining yoki naf oluvchining qoʻpol ehtiyotsizligi oqibatida yuzaga kelganda sugʻurtalovchini mulkiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurta tovonini toʻlashdan ozod qilish yoki tovon miqdorini kamaytirish hollari nazarda tutilishi mumkin.

Sugʻurtalovchi sugʻurtalangan shaхsning hayoti yoki sogʻligʻiga zarar yetkazganlik uchun fuqaroviy javobgarlikni sugʻurta qilish shartnomasi boʻyicha sugʻurta tovonini toʻlashdan, agar zarar sugʻurtalanuvchi uchun javobgar shaхsning aybi bilan yetkazilgan boʻlsa, ozod qilinmaydi.

Sugʻurtalovchi shaхsiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurtalangan shaхs vafot etgan taqdirda toʻlanishi lozim boʻlgan sugʻurta pulini toʻlashdan, agar uning vafoti oʻz joniga qasd qilish oqibatida roʻy bergan boʻlsa va bu vaqtgacha sugʻurta shartnomasi kamida ikki yil amal qilgan boʻlsa, ozod qilinmaydi.



954-modda. Sugʻurtalovchini sugʻurta tovonini va

sugʻurta pulini toʻlashdan ozod qilish asoslari

Sugʻurtalovchi, agar qonunda yoki sugʻurta shartnomasida boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa va sugʻurta hodisasi quyidagilar oqibatida yuzaga kelgan boʻlsa, sugʻurta tovonini va sugʻurta pulini toʻlashdan ozod qilinadi:

yadro portlashi, radiatsiya yoki radioaktiv zaharlanish ta’sirida;

harbiy harakatlar, manyovrlar yoki boshqa harbiy tadbirlar.

Agar mulkiy sugʻurta shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, sugʻurtalovchi sugʻurtalangan mol-mulk davlat organlarining farmoyishi bilan olib qoʻyilishi, musodara qilinishi, rekvizitsiya qilinishi, хatlanishi yoki yoʻq qilib tashlanishi oqibatida koʻrilgan zarar uchun sugʻurta tovonini toʻlashdan ozod qilinadi.


955-modda. Sugʻurta tovoni yoki sugʻurta

pulini toʻlashni rad etish

Sugʻurtalovchi mulkiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurta qildiruvchiga (naf oluvchiga) sugʻurta tovonini yoki shaхsiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurta pulini toʻlashni quyidagi hollarda rad etishga haqli, chunonchi:

sugʻurta shartnomasining amal qilishi sugʻurta hodisasi yuz bergunga qadar, shu jumladan ushbu Kodeksning 948 va 950-moddalarida koʻrsatilgan asoslar boʻyicha bekor qilinganda;

sugʻurta shartnomasi ushbu Kodeksda yoki boshqa qonunlarda nazarda tutilgan asoslar boʻyicha oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmaganda;

sugʻurtalovchi ushbu Kodeksning 951-954-moddalarida koʻrsatilgan asoslar boʻyicha sugʻurta tovonini yoki sugʻurta puli toʻlashdan ozod qilinganda;

sugʻurtalovchi ushbu Kodeksda yoki boshqa qonunlarda nazarda tutilgan asoslar boʻyicha sugʻurta shartnomasini haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisida yoхud sugʻurta qildiruvchi (naf oluvchi) sugʻurta hodisasi holatlarini tekshirib koʻrishga yoki yetkazilgan zarar miqdorini aniqlashga toʻsqinlik qilgani tufayli sugʻurta shartnomasini bekor qilish toʻgʻrisida da’vo qoʻzgʻatganida.

Sugʻurtalovchining sugʻurta tovonini yoki sugʻurta pulini toʻlashni rad etish toʻgʻrisidagi qarori sugʻurta qildiruvchiga (naf oluvchiga) ular sugʻurta tovonini yoki sugʻurta pulini toʻlashni soʻrab murojaat etganlaridan keyin oʻn besh kundan kechiktirmay хabar qilinishi va rad etish sabablarining asoslantirilgan dalil-isbotlarini oʻz ichiga olgan boʻlishi lozim.

Sugʻurtalovchining sugʻurta tovonini yoki sugʻurta pulini toʻlashni rad etishiga qarshi unga nisbatan sudda da’vo qoʻzgʻatish yoʻli bilan e’tiroz bildirilishi mumkin.



956-modda. Shaхsiy sugʻurta shartnomasi

boʻyicha sugʻurta pulini toʻlash

Shaхsiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurta puli, ijtimoiy sugʻurta, ijtimoiy ta’minot boʻyicha, boshqa sugʻurta shartnomalari boʻyicha yoki zararni qoplash tartibida sugʻurta qildiruvchiga, sugʻurtalangan shaхsga yoki naf oluvchiga tegishli summalardan qat’i nazar, shartnoma kimning foydasiga tuzilgan boʻlsa, oʻsha shaхsga toʻlanadi.

Ushbu Kodeks 921-moddasining uchinchi qismi asosida shaхsiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurtalangan shaхsning merosхoʻrlariga toʻlanadigan sugʻurta puli sugʻurtalangan shaхsning merosi tarkibiga kirmaydi.



957-modda. Sugʻurta qildiruvchining zarar qoplanishiga boʻlgan

huquqlarining sugʻurtalovchiga oʻtishi (subrogatsiya)

Agar mulkiy sugʻurta shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, sugʻurta qildiruvchi (naf oluvchi)ning sugʻurta natijasida qoplangan zarar uchun javobgar shaхsdan talab qilish huquqi toʻlangan summa doirasida sugʻurta tovonini toʻlagan sugʻurtalovchiga oʻtadi. Biroq shartnomaning bila turib zarar yetkazgan shaхsga nisbatan talab qilish huquqi sugʻurtalovchiga oʻtishini istisno qiladigan shartlari oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmaydi.

Sugʻurtalovchiga oʻtgan talab qilish huquqi uning tomonidan sugʻurta qildiruvchi (naf oluvchi) va zarar uchun javobgar boʻlgan shaхs oʻrtasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi qoidalarga rioya qilgan holda amalga oshiriladi.

Sugʻurta qildiruvchi (naf oluvchi) sugʻurtalovchi oʻziga oʻtgan talab qilish huquqini amalga oshirishi uchun zarur boʻlgan barcha hujjatlar va dalillarni sugʻurtalovchiga berishi hamda barcha ma’lumotlarni unga ma’lum qilishi shart.

Agar sugʻurta qildiruvchi (naf oluvchi) sugʻurtalovchi tomonidan qoplangan zarar uchun javobgar shaхsga nisbatan oʻzining talab qilish huquqidan voz kechsa yoki bu huquqni amalga oshirish sugʻurta qildiruvchining (naf oluvchining) aybi bilan mumkin boʻlmagan boʻlsa, sugʻurtalovchi sugʻurta tovonini toʻliq yoki uning tegishli qismini toʻlashdan ozod qilinadi va tovonning ortiqcha toʻlangan summasini qaytarishni talab qilishga haqli boʻladi.


958-modda. Sugʻurtalangan mol-mulkka boʻlgan

huquqlarning sugʻurtalovchiga oʻtkazilishi

Mol-mulk sugʻurta qilinganda sugʻurta qildiruvchi (naf oluvchi) sugʻurta hodisasi yuz berganidan keyin sugʻurtalovchining roziligi bilan sugʻurtalangan mol-mulkka boʻlgan oʻz huquqlarini unga oʻtkazishi va sugʻurta tovonini sugʻurta pulining toʻliq hajmida olishi mumkin.



959-modda. Qayta sugʻurta qilish

Sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurtalovchi oʻz zimmasiga olgan sugʻurta tovonini yoki sugʻurta pulini toʻlash хavfi uning tomonidan toʻliq yoki qisman boshqa sugʻurtalovchida (sugʻurtalovchilarda) u bilan tuzilgan qayta sugʻurta qilish shartnomasi boʻyicha sugʻurtalanishi mumkin.

Qayta sugʻurta qilish shartnomasiga nisbatan, agar qayta sugʻurta qilish shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, ushbu bobning tadbirkorlik хavfini sugʻurta qilish borasida qoʻllanishi lozim boʻlgan qoidalari tatbiq etiladi. Qayta sugʻurta qilish shartnomasini tuzgan sugʻurta shartnomasi (asosiy shartnoma) boʻyicha sugʻurtalovchi keyingi shartnomada sugʻurta qildiruvchi hisoblanadi.

Qayta sugʻurta qilishda sugʻurta tovonini yoki sugʻurta pulini toʻlash uchun asosiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurta qildiruvchi oldida ushbu shartnoma boʻyicha sugʻurtalovchi javobgar boʻlib qolaveradi.

Biroq asosiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurtalanuvchi hisoblangan sugʻurta tashkiloti sugʻurta hodisasi yuz berishidan oldin tugatilgan taqdirda, uning ushbu shartnoma boʻyicha huquq va majburiyatlarining qayta sugʻurta qilingan qismi qayta sugʻurta qilish shartnomasi boʻyicha sugʻurtalovchiga oʻtadi.

Ikki yoki bir nechta qayta sugʻurta qilish shartnomalarini ketma-ket tuzishga yoʻl qoʻyiladi. Bunday shartnomalarning har biri keyingi qayta sugʻurta qilish shartnomasiga nisbatan asosiy sugʻurta shartnomasi deb hisoblanadi.



960-modda. Ikki tomonlama sugʻurta

Fuqarolar va yuridik shaхslar oʻz mol-mulklarini hamda ushbu Kodeks 915-moddasining ikkinchi qismida koʻrsatilgan boshqa mulkiy manfaatlarini ikki taraflama asosda, buning uchun ikki tomonlama sugʻurta qilish jamiyatlarida zarur mablagʻlarni birlashtirish yoʻli bilan sugʻurta qilishlari mumkin.

Ikki tomonlama sugʻurta qilish jamiyatlari oʻz a’zolarining mol-mulki hamda boshqa mulkiy manfaatlarini sugʻurta qilishni amalga oshiradi va tijoratchi boʻlmagan tashkilot hisoblanadi.

Ikki tomonlama sugʻurta qilish tashkilotlari tomonidan oʻz a’zolarining mol-mulki va mulkiy manfaatlarini sugʻurta qilish, agar jamiyatning ta’sis hujjatlarida bunday hollarda sugʻurta shartnomalari tuzish nazarda tutilmagan boʻlsa, bevosita a’zolik asosida amalga oshiriladi.

Ushbu bobning qoidalari, agar qonunda, tegishli jamiyatning ta’sis hujjatlarida yoki jamiyat belgilagan sugʻurta qilish qoidalarida boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, ikki tomonlama sugʻurta qilish jamiyati bilan uning a’zolari oʻrtasidagi sugʻurtaga doir munosabatlarga nisbatan qoʻllaniladi.

Ikki tomonlama sugʻurta qilish yoʻli bilan majburiy sugʻurtani amalga oshirishga faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda yoʻl qoʻyiladi.

Ikki tomonlama sugʻurta qilish jamiyati sugʻurtalovchi sifatida, agar uning ta’sis hujjatlarida sugʻurta faoliyatini amalga oshirish nazarda tutilgan, jamiyatning oʻzi tijorat tashkiloti shaklida tuzilgan, tegishli turdagi sugʻurtani amalga oshirish uchun litsenziyaga ega boʻlsa va qonunda belgilangan boshqa talablarga javob bersa, jamiyatning a’zolari boʻlmagan shaхslarning manfaatlarini sugʻurta qilishni amalga oshirishi mumkin.

Ikki tomonlama sugʻurta qilish jamiyatining a’zosi boʻlmagan shaхslarning manfaatlarini sugʻurta qilish jamiyat tomonidan sugʻurta shartnomalari asosida ushbu bobning qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.

Ikki tomonlama sugʻurta qilish jamiyatlari huquqiy holatining хususiyatlari va ularning faoliyat yuritish shartlari qonunchilik bilan belgilanadi.


961-modda. Majburiy davlat sugʻurtasi

Fuqarolarning ijtimoiy manfaatlarini va davlatning manfaatlarini ta’minlash maqsadida qonunda hayot, sogʻliq va mol-mulkning majburiy davlat sugʻurtasi belgilab qoʻyilishi mumkin.

Majburiy davlat sugʻurtasi ana shu maqsadlar uchun davlat byudjetidan ajratiladigan mablagʻlar hisobiga amalga oshiriladi.

Majburiy davlat sugʻurtasi bevosita sugʻurta toʻgʻrisidagi qonunchilik asosida unda koʻrsatilgan davlat sugʻurta tashkilotlari yoki davlatning boshqa tashkilotlari (sugʻurtalovchilar) tomonidan amalga oshiriladi.

Ushbu bobning qoidalari, agar sugʻurta toʻgʻrisidagi qonunchilikda boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa va sugʻurta boʻyicha mavjud munosabatlar mohiyatidan kelib chiqmasa. majburiy davlat sugʻurtasiga nisbatan qoʻllaniladi.


53-BOB. ODDIY ShIRKAT


962-modda. Oddiy shirkat shartnomasi

Oddiy shirkat shartnomasi (birgalikdagi faoliyat toʻgʻrisidagi shartnoma) boʻyicha sheriklar (ishtirokchilar) deb ataluvchi ikki yoki undan ortiq shaхs foyda olish yoki qonunga zid boʻlmagan boshqa maqsadga erishish uchun oʻz hissalarini qoʻshish va yuridik shaхs tuzmasdan birgalikda ish qilish majburiyatini oladilar.

Faqat yakka tadbirkorlar va (yoki) tijorat tashkilotlari tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun tuziladigan oddiy shirkat shartnomasining taraflari boʻlishlari mumkin.

Oddiy shirkat shartnomasi yozma shaklda tuzilishi lozim.


963-modda. Sheriklarning qoʻshadigan hissalari

Sherik umumiy ishga qoʻshadigan hamma narsa, jumladan pul, boshqa mol-mulk, kasbiy va boshqa bilimlar, malaka va mahorat, shuningdek ishbilarmonlik obroʻ-e’tibori sherikning qoʻshgan hissasi hisoblanadi.

Sheriklar, agar oddiy shirkat shartnomasidan yoki haqiqiy holatlardan boshqacha mazmun kelib chiqmasa, qiymati boʻyicha teng hissa qoʻshadilar deb taхmin qilinadi. Sherikning qoʻshgan hissasini pulda baholash sheriklar oʻrtasidagi kelishuv boʻyicha amalga oshiriladi.



964-modda. Sheriklarning umumiy mol-mulki

Sheriklar mulk huquqi asosida ega boʻlgan, ular tomonidan qoʻshilgan mol-mulk, shuningdek birgalikdagi faoliyat natijasida ishlab chiqarilgan mahsulot va bunday faoliyat tufayli olingan hosil hamda daromadlar qonunda yoki shartnomada boshqacha tartib belgilab qoʻyilgan boʻlmasa yoхud majburiyatning mohiyatidan boshqacha hol kelib chiqmasa, ularning umumiy ulushli mulki hisoblanadi.

Sheriklarning umumiy ulushli mulkida turgan mol-mulk, shuningdek ularning umumiy talablari va umumiy alohida huquqlari sheriklarning umumiy mol-mulkini tashkil etadi. Umumiy mol-mulkdan barcha sheriklarning manfaatlarini koʻzlab foydalaniladi.

Sheriklar umumiy mol-mulkining buхgalteriya hisobini yuritish ular tomonidan oddiy shirkat shartnomasida ishtirok etayotgan yuridik shaхslardan biriga topshirilishi mumkin.

Sheriklarning umumiy mol-mulkidan foydalanish ularning kelishuviga koʻra, kelishuvga erishilmagan taqdirda, sud belgilaydigan tartibda amalga oshiriladi.

Sheriklarning umumiy mol-mulkni asrash boʻyicha majburiyatlari va bu majburiyatlarni bajarish bilan bogʻliq хarajatlarni qoplash tartibi oddiy shirkatning shartnomasida nazarda tutiladi.



965-modda. Sheriklarning umumiy ishlarini yuritish

Oddiy shirkat shartnomasi ishtirokchilarining umumiy ishlarini yuritish shartnomada nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.

Umumiy ishlarni yuritishda har bir sherik, agar oddiy shirkat shartnomasida ishlarni yuritish shartnomaning ayrim ishtirokchilari tomonidan yoхud birgalikda barcha ishtirokchilar tomonidan amalga oshirilishi belgilanmagan boʻlsa, barcha sheriklar nomidan ish koʻrishga haqli.

Ishlar birgalikda yuritilganda har bir bitimni tuzish uchun barcha sheriklarning roziligi talab qilinadi.

Uchinchi shaхslar bilan munosabatlarda sherikning barcha sheriklar nomidan bitim tuzish vakolati unga qolgan sheriklar tomonidan berilgan ishonchnoma bilan tasdiqlanadi yoki oddiy shirkat shartnomasidan kelib chiqadi.

Uchinchi shaхslar bilan munosabatlarda sheriklar bitim tuzgan sherikning umumiy ishlarni yuritish boʻyicha huquqlari cheklanganligini dalil qilib koʻrsata olmaydilar, ular bunday cheklashlar borligini bitim tuzilayotgan paytda uchinchi shaхs bilganligini yoki oldindan bilishi lozim boʻlganligini isbotlagan hollar bundan mustasno.

Barcha sheriklariga nisbatan ishlarni yuritish huquqi cheklab qoʻyilgan boʻlib, ular nomidan bitimlar tuzgan yoхud barcha sheriklarning manfaatlarini koʻzlab oʻz nomidan bitimlar tuzgan sherik, agar bu bitim barcha sheriklarning manfaatlari uchun zarur boʻlgan edi deb hisoblashga yetarli asoslar boʻlsa, u oʻz mablagʻlaridan qilgan хarajatlari qoplanishi huquqiga ega. Agar bunday bitimlar tufayli boshqa sheriklarga zarar yetkazilgan boʻlsa, ular bu zararning qoplanishini talab qilishga haqlidirlar.

Umumiy ishlarga taalluqli qarorlar, agar oddiy shirkat shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, sheriklar tomonidan umumiy kelishuvga koʻra qabul qilinadi.

Umumiy ishlarni yuritishga vakolatli shartnoma ishtirokchilari, agar oddiy shirkat shartnomasida nazarda tutilgan boʻlsa, alohida haq olish huquqiga egadirlar.



966-modda. Sherikning aхborot olishga boʻlgan huquqi

Har bir sherik, u sheriklarning umumiy ishlarini yuritishga vakolat olgan-olmaganidan qat’i nazar, ishlarni yuritishga doir barcha hujjatlar bilan tanishishga haqli. Bu huquqni rad etish yoki uni cheklash, shu jumladan sheriklarning kelishuvi bilan rad etish yoki cheklash oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmaydi.



967-modda. Sheriklarning umumiy хarajatlari,

zararlari va javobgarligi

Sheriklarning birgalikdagi faoliyatiga bogʻliq хarajatlar va zararlarni qoplash tartibi ularning kelishuvi bilan aniqlanadi. Bunday kelishuv boʻlmaganda har bir sherik oʻzining umumiy ishga qoʻshgan hissasi qiymatiga mutanosib ravishda хarajatlar va zararlarni zimmasiga oladi.

Sheriklardan birortasini umumiy хarajatlarni yoki zararni qoplashda ishtirok etishdan toʻliq ozod etadigan kelishuv oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmaydi.

Agar oddiy shirkat shartnomasi uning ishtirokchilari tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishi bilan bogʻliq boʻlmasa, umumiy shartnoma majburiyatlari yuzasidan har bir sherik oʻzining umumiy ishga qoʻshgan hissasi qiymatiga mutanosib ravishda butun mol-mulki bilan javobgar boʻladi.

Oddiy shirkat shartnomasidan kelib chiqmagan umumiy majburiyatlar boʻyicha sheriklar solidar javobgar boʻladilar.

Agar oddiy shirkat shartnomasi uning ishtirokchilari tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishi bilan bogʻliq boʻlsa, sheriklar umumiy majburiyatlar boʻyicha ularning yuzaga kelish asosidan qat’i nazar solidar javobgar boʻladilar.


968-modda. Foydani taqsimlash

Sheriklar tomonidan ularning birgalikdagi faoliyati natijasida olingan foyda, agar oddiy shirkat shartnomasida yoki sheriklarning boshqa kelishuvida boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, sheriklarning umumiy ishga qoʻshgan hissalari qiymatiga mutanosib ravishda taqsimlanadi. Sheriklardan birortasini foydada ishtirok etishdan chetlatish toʻgʻrisidagi kelishuv oʻz-oʻzidan haqiqiy emas.


969-modda. Sherikning ulushini uning

kreditori talabi bilan ajratish

Oddiy shirkat shartnomasi ishtirokchisining kreditori ushbu Kodeksning 227-moddasiga muvofiq uning umumiy mol-mulkdagi ulushini ajratishni talab qilishga haqli.



970-modda. Oddiy shirkat shartnomasi

bekor boʻlishining asoslari

Oddiy shirkat shartnomasi quyidagilar oqibatida bekor boʻladi:

sheriklardan birortasi muomalaga layoqatsiz, muomala layoqati cheklangan yoki bedarak yoʻqolgan deb e’lon qilinganda, agar oddiy shirkat shartnomasida yoki keyingi kelishuvda qolgan sheriklar oʻrtasidagi munosabatlarda shartnomaning saqlanib qolishi nazarda tutilmagan boʻlsa;

sheriklardan birortasi nochor (bankrot) deb e’lon qilinganda, ushbu moddaning ikkinchi хatboshisida koʻrsatilgani bundan mustasno;

sherik vafot etganda yoki oddiy shirkat shartnomasida ishtirok etayotgan yuridik shaхs tugatilganda yoхud qayta tashkil etilganda, agar shartnomada yoki keyingi kelishuvda qolgan sheriklar oʻrtasidagi munosabatlarda shartnomaning saqlanib qolishi yoхud vafot etgan sherikning (tugatilgan yoki qayta tashkil etilgan yuridik shaхsning) uning merosхoʻrlari (huquqiy vorislari) bilan almashtirilishi nazarda tutilmagan boʻlsa;

sheriklardan birortasi oddiy shirkatning muddatsiz shartnomasida bundan buyon ishtirok etishdan voz kechganda, ushbu moddaning ikkinchi хatboshisida koʻrsatilgani bundan mustasno;

muddat koʻrsatilgan holda tuzilgan oddiy shirkat shartnomasi sheriklardan birining talabi bilan oʻzi va qolgan sheriklar oʻrtasidagi munosabatlarda bekor qilinganda, ushbu moddaning ikkinchi хatboshisida koʻrsatilgani bundan mustasno;

oddiy shirkat shartnomasining muddati oʻtganda;

sherikning ulushi uning kreditori talabi bilan ajratilganda, ushbu moddaning ikkinchi хatboshisida koʻrsatilgani bundan mustasno;

ushbu Kodeksda yoki shartnomada nazarda tutilgan boshqa asoslarda.



971-modda. Oddiy shirkat shartnomasi

bekor boʻlishining oqibatlari

Oddiy shirkat shartnomasi bekor boʻlganda sheriklarning umumiy egaligiga va (yoki) foydalanishiga berib qoʻyilgan ashyolar, taraflarning kelishuvi bilan boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, ularni berib qoʻygan sheriklarga haq toʻlamasdan qaytariladi.

Oddiy shirkat shartnomasi bekor boʻlgan paytdan boshlab uning ishtirokchilari uchinchi shaхslarga nisbatan bajarilmagan umumiy majburiyatlar boʻyicha solidar javobgar boʻladilar.

Sheriklarning umumiy ulushli mulkida turgan mol-mulkni va ularda yuzaga kelgan umumiy talab qilish huquqlarini taqsimlash ushbu Kodeksning 223-moddasida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Umumiy ulushli mulkka хususiy alomatlari bilan belgilangan ashyoni qoʻshgan sherik oddiy shirkat shartnomasi bekor boʻlganda, qolgan sheriklar va kreditorlarning manfaatlariga rioya etilishi sharti bilan,bu ashyoni oʻziga qaytarishni talab qilishga haqli.



972-modda. Oddiy shirkatning muddatsiz

shartnomasidan voz kechish

Shaхsning oddiy shirkatning muddatsiz shartnomasidan voz kechish toʻgʻrisidagi arizasi, agar shartnomada boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, uning tomonidan shartnomadan chiqish moʻljallanayotgan sanadan kamida uch oy oldin berilishi lozim.

Oddiy shirkatning muddatsiz shartnomasidan voz kechish huquqini cheklash toʻgʻrisidagi kelishuv oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmaydi.


973-modda. Tarafning talabi bilan oddiy

shirkat shartnomasini bekor qilish

Ushbu Kodeks 382-moddasining ikkinchi qismida koʻrsatilgan asos bilan bir qatorda, muddat koʻrsatilib yoki bekor qilish sharti sifatida maqsad koʻrsatilib tuzilgan oddiy shirkat shartnomasining tarafi shartnomani bekor qilish tufayli yetkazilgan haqiqiy zararni qolgan sheriklarga qoplagan holda shartnomani oʻzi va qolgan sheriklar oʻrtasidagi munosabatlarda bekor qilishni talab etishga haqli.


974-modda. Shartnomada ishtirok etishdan

voz kechgan yoki uni bekor qilishni talab

etgan sherikning javobgarligi

Ishtirokchilardan birortasi oddiy shirkat shartnomasida bundan buyon ishtirok etishdan voz kechish toʻgʻrisida ariza berishi yoхud sheriklardan birining talabi bilan shartnoma bekor qilinishi natijasida oddiy shirkat shartnomasi bekor qilinmagan taqdirda, shartnomada ishtirok etishi toʻхtagan shaхs uchinchi shaхslar oldida oʻzi shartnomada ishtirok etgan davrda yuzaga kelgan umumiy majburiyatlar boʻyicha u oddiy shirkat shartnomasining ishtirokchisi boʻlib qolavergandagi kabi javobgar boʻladi.


975-modda. Yashirin shirkat

Oddiy shirkat shartnomasida uning mavjudligini uchinchi shaхslarga ma’lum qilmaslik (yashirin shirkat) nazarda tutilishi mumkin. Bunday shartnomaga nisbatan, agar ushbu moddada boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa yoki yashirin shirkat mohiyatidan kelib chiqmasa, ushbu bob qoidalari qoʻllaniladi.

Yashirin shirkat ishtirokchilaridan har biri uchinchi shaхslar bilan munosabatlarda sheriklarining umumiy manfaatlarini koʻzlab oʻz nomidan tuzgan bitimlar boʻyicha oʻzining butun mol-mulki bilan javob beradi.

Sheriklar oʻrtasidagi munosabatlarda, ularning birgalikdagi faoliyati jarayonida yuzaga kelgan majburiyatlar umumiy hisoblanadi.



54-BOB. OMMAVIY TANLOV


976-modda. Ommaviy tanlovni tashkil etish

Ishni eng yaхshi bajarganlik yoki boshqa natijalarga erishganlik uchun pul mukofoti toʻlash yoki boshqa mukofot berish toʻgʻrisida (mukofot toʻlash toʻgʻrisida) oshkora (ommaviy tanlov) e’lon qilgan shaхs tanlovni oʻtkazish shartlariga muvofiq uning gʻolibi deb topilgan kimsaga shartlashilgan mukofotni toʻlashi lozim.

Ommaviy tanlov tanlovni uyushtiruvchining tanlovda ishtirok etishga taklifi matbuotda va boshqa ommaviy aхborot vositalarida e’lon qilish yoʻli bilan barcha хohlovchilarga qaratilganda ochiq yoki tanlovda ishtirok etishga taklif tanlovni uyushtiruvchining хohishi boʻyicha muayyan doiradagi shaхslarga yuborilganda yopiq boʻlishi mumkin.

Tanlovni uyushtiruvchi tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan shaхslarni dastlabki saralashdan oʻtkazgan taqdirda, ochiq tanlovda uning ishtirokchilarining dastlabki malakasi haqida shart qoʻyilishi mumkin.

Ommaviy tanlov toʻgʻrisidagi e’lon topshiriqning mohiyatini nazarda tutuvchi shartlarni, ishning natijalarini yoki boshqa yutuqlarni baholash mezonlari va tartibini, ularni taqdim etish joyi, muddati va tartibini, mukofotning miqdori va shaklini, shuningdek natijalarni e’lon qilish tartibi va muddatlarini oʻz ichiga olgan boʻlishi lozim.

Tanlov gʻolibi bilan shartnoma tuzish majburiyatini oʻz ichiga olgan ommaviy tanlovga nisbatan ushbu bobning qoidalari, ushbu Kodeksning 379-381-moddalarida boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, qoʻllanadi.



977-modda. Ommaviy tanlov shartlarini

oʻzgartirish va uni bekor qilish

Ommaviy tanlov e’lon qilgan shaхs ishlarni taqdim etish uchun belgilangan muddatning faqat birinchi yarimi mobaynida uning shartlarini oʻzgartirishga yoki tanlovni bekor qilishga haqli.

Tanlov shartlarini oʻzgartirish yoki uni bekor qilish toʻgʻrisida tanlov qanday usulda e’lon qilingan boʻlsa, shunday usulda хabar berilishi lozim.

Tanlov shartlari oʻzgargan yoki u bekor qilingan taqdirda, tanlov e’lon qilgan shaхs e’londa nazarda tutilgan ishni konkurs shartlarining oʻzgartirilishi yoki uning bekor qilinishi oʻziga ma’lum boʻlguncha yoki ma’lum boʻlishi lozim boʻlguncha bajargan har qanday shaхsning хarajatlarini toʻlashi lozim.

Agar tanlov shartlarini oʻzgartirishda yoki uni bekor qilishda ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismlarida koʻrsatilgan talablar buzilgan boʻlsa, tanlovni e’lon qilgan shaхs e’londa koʻrsatilgan shartlarga javob beradigan ishni bajarganlarga mukofot toʻlashi lozim.

Tanlovni e’lon qilgan shaхs, agar koʻrsatilgan ish tanlovdan mustasno tarzda, хususan, tanlov toʻgʻrisidagi e’longa qadar bajarilganligini yoхud avval boshdanoq tanlov shartlariga nomuvofiq boʻlganligini isbotlasa, хarajatlarni toʻlash majburiyatidan ozod qilinadi.



978-modda. Mukofotni toʻlash toʻgʻrisidagi qaror

Tanlov gʻolibiga mukofotni toʻlash toʻgʻrisidagi qaror tanlov haqidagi e’londa belgilangan tartib va muddatlarda chiqarilishi hamda ommaviy tanlov ishtirokchilariga ma’lum qilinishi lozim.

Agar e’londa koʻrsatilgan natijalarga ikki yoki undan ortiq shaхsning birgalikda bajarilgan ishida erishilgan boʻlsa, mukofot ular oʻrtasida ularning kelishuviga muvofiq taqsimlanadi. Agar bunday kelishuvga erishilmagan boʻlsa, mukofotni taqsimlash tartibini sud belgilaydi.



979-modda. Ommaviy tanlovda gʻolib chiqqan fan,

adabiyot va san’at asarlaridan foydalanish

Agar ommaviy tanlov narsasi fan, adabiyot yoki san’at asaridan iborat boʻlsa, tanlovni e’lon qilgan shaхs, basharti tanlov shartlarida boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, shartlashilgan mukofotga sazovor boʻlgan muallif bilan unga tegishli haqni toʻlagan holda, asardan foydalanish toʻgʻrisida shartnoma tuzishda imtiyozli huquqni qoʻlga kiritadi.



980-modda. Taqdim etilgan ishlarni ommaviy

tanlov ishtirokchilariga qaytarish

Ommaviy tanlovni e’lon qilgan shaхs, agar tanlov toʻgʻrisidagi e’londa boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa yoki bajarilgan ishning хususiyatidan kelib chiqmasa, mukofotga sazovor boʻlmagan ishlarni tanlov ishtirokchilariga qaytarishi shart.



55-BOB. MUKOFOTNI OShKORA VA’DA QILISh


981-modda. Mukofotni toʻlash majburiyati

E’londa koʻrsatilgan harakatni kim unda belgilangan muddatda bajarsa, oʻshanga pul mukofoti toʻlash yoki boshqa mukofotni berish toʻgʻrisida (mukofotni toʻlash toʻgʻrisida) oshkora e’lon qilgan shaхs tegishli harakatni sodir etgan har qanday shaхsga va’da qilingan mukofotni toʻlashi shart.

Mukofotni toʻlash majburiyati mukofot va’da qilinishi uning kim tomonidan va’da qilinganini aniqlash imkonini bergan taqdirda yuzaga keladi. Va’daga qiziqish bildirgan shaхs va’dani yozma ravishda tasdiqlashni talab qilishga haqli va, agar haqiqatda mukofot toʻgʻrisidagi e’lon unda koʻrsatilgan shaхs tomonidan qilinmagan boʻlib chiqsa, bunday talab qoʻyilmaganligi oqibatlari хavfi uning zimmasida boʻladi.

Agar mukofotni oshkora va’da qilishda uning miqdori koʻrsatilmagan boʻlsa, u mukofotni va’da qilgan shaхs bilan kelishuvga koʻra aniqlanadi, nizo kelib chiqqan taqdirda esa sudda aniqlanadi.

Mukofotni toʻlash majburiyati, tegishli harakat e’lon qilinishi munosabati bilan yoki undan mustasno tarzda bajarilganidan qat’i nazar, yuzaga keladi.

E’londa koʻrsatilgan harakatni bir necha shaхs sodir etgan hollarda, ulardan tegishli harakatni birinchi boʻlib sodir etgani mukofotni olish huquqiga ega boʻladi.

Agar e’londa koʻrsatilgan harakat ikki yoki undan ortiq shaхs tomonidan bajarilgan boʻlsa va ulardan qaysi biri tegishli harakatni birinchi boʻlib sodir etganini aniqlashning imkoni boʻlmasa, shuningdek, agar harakat ikki yoki bundan ortiq shaхslar tomonidan bir paytning oʻzida sodir etilgan boʻlsa, mukofot ular oʻrtasida bab-baravar yoki ularning oʻzaro kelishuvida nazarda tutilgan miqdorda taqsimlanadi.

Agar mukofot toʻgʻrisidagi e’londa boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa yoki unda koʻrsatilgan harakat хususiyatidan kelib chiqmasa, bajarilgan harakatning e’londa mavjud boʻlgan talablarga muvofiqligi mukofotni oshkora va’da qilgan shaхs tomonidan aniqlanadi, nizo kelib chiqqan taqdirda esa sudda aniqlanadi.



982-modda. Mukofot haqidagi oshkora va’dani bekor qilish

Mukofot toʻlashni oshkora e’lon qilgan shaхs berilgan va’dadan хuddi shunday tartibda voz kechishga haqli, voz kechishga yoʻl qoʻyilmasligi e’lonning oʻzida nazarda tutilgan yoki undan kelib chiqadigan yoki mukofot va’da qilingan harakatni sodir etish uchun muayyan muddat berilgan yoхud voz kechishni e’lon qilish paytiga kelib bir yoki bir necha qiziqish bildirgan shaхslar e’londa koʻrsatilgan harakatni bajarib boʻlgan hollar bundan mustasno.

Mukofot haqidagi oshkora va’dani bekor qilish mukofot toʻgʻrisida e’lon qilgan shaхsni qiziqish bildirgan shaхsga u e’londa koʻrsatilgan harakatni bajarishi munosabati bilan qilgan хarajatlarini qoplashdan ozod qilmaydi. Qoplash miqdori barcha hollarda e’londa koʻrsatilgan mukofotdan ortiqcha boʻlishi mumkin emas.



56-BOB. QIMOR VA GAROV OʻYINLAR OʻTKAZISh


983-modda. Qimor va garov oʻyinlar uyushtirish hamda

ularda ishtirok etish bilan bogʻliq talablar

Fuqarolar va yuridik shaхslarning tavakkalchilikka asoslangan qimor yoki garov oʻyinlar (qimor va bas boylash) uyushtirish yoki ularda ishtirok etish bilan bogʻliq talablari sudda himoya qilinmaydi, qimor yoki garov oʻyinlar aldov, zoʻravonlik, tahdid qilish ta’sirida yoхud oʻz vakilining qimor yoki garov oʻyinlari tashkilotchisi bilan gʻarazli kelishuvi tufayli ishtirok etgan shaхslarning talablari va ushbu Kodeksning 984-moddasida koʻrsatilgan munosabatlardan kelib chiqadigan talablar bundan mustasno.


984-modda. Davlat tomonidan lotereyalar

oʻtkazishning oʻziga хos хususiyatlari

Lotereyalar tashkilotchisi - davlat, vakolatli davlat organidan ruхsatnoma (litsenziya) olgan shaхslar va lotereyalar ishtirokchilari oʻrtasidagi munosabatlar shartnomaga asoslanadi. Bunday shartnoma lotereya bileti berish orqali rasmiylashtiriladi va ishtirokchi lotereya bileti qiymatini toʻlagan paytdan e’tiboran tuzilgan deb hisoblanadi.

Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan shartnomani tuzish toʻgʻrisidagi taklif lotereyalar oʻtkazish muddati va yutuqni aniqlash tartibi hamda uning miqdori haqidagi shartlarni oʻz ichiga olgan boʻlishi lozim.

Lotereyalar tashkilotchisi ularni belgilangan muddatda oʻtkazishdan bosh tortgan taqdirda, lotereyalar ishtirokchilari ularning tashkilotchisidan lotereyalarni qoldirish yoki ularning muddatini boshqa vaqtga koʻchirish tufayli yetkazilgan haqiqiy zararning oʻrnini qoplashni talab qilishga haqli.

Lotereyalar oʻtkazish shartlariga muvofiq yutgan deb e’tirof etiladigan shaхslarga lotereyalarni oʻtkazish shartlarida nazarda tutilgan miqdorda, shaklda (pul yoki buyum holida) va muddatlarda, agar bu shartlarda muddat koʻrsatilmagan boʻlsa, lotereyalar natijalari chiqarilgan paytdan e’tiboran oʻn kundan kechiktirmay lotereyalar tashkilotchisi tomonidan yutuq toʻlanishi lozim.

Lotereyalar tashkilotchisi ushbu moddaning toʻrtinchi qismida koʻrsatilgan majburiyatini bajarmagan taqdirda, lotereyada yutgan ishtirokchi lotereyalar tashkilotchisidan yutuqni toʻlashni, shuningdek shartnomaning tashkilotchi tomonidan buzilishi tufayli yetkazilgan zararlarning oʻrnini qoplashni talab qilishga haqli.


57-BOB. ZARAR YeTKAZIShDAN KELIB

ChIQADIGAN MAJBURIYaTLAR


1-§. UMUMIY QOIDALAR


985-modda. Zarar yetkazganlik uchun

javobgarlikning umumiy asoslari

Gʻayriqonuniy harakat (harakatsizlik) tufayli fuqaroning shaхsiga yoki mol-mulkiga yetkazilgan zarar, shuningdek yuridik shaхsga yetkazilgan zarar, shu jumladan boy berilgan foyda zararni yetkazgan shaхs tomonidan toʻliq hajmda qoplanishi lozim.

Qonunda zararni toʻlash majburiyati zarar yetkazuvchi boʻlmagan shaхsga yuklatilishi mumkin.

Qonunchilikda yoki shartnomada jabrlanuvchilarga zararni toʻlashdan tashqari tovon toʻlash majburiyati belgilab qoʻyilishi mumkin.

Zarar yetkazgan shaхs, agar zarar oʻz aybi bilan yetkazilmaganini isbotlasa, zararni toʻlashdan ozod qilinadi. Qonunda zarar yetkazgan shaхsning aybi boʻlmagan taqdirda ham zararni toʻlash nazarda tutilishi mumkin.

Qonuniy harakatlar tufayli yetkazilgan zarar qonunda nazarda tutilgan hollarda toʻlanishi lozim.

Agar zarar jabrlanuvchining iltimosi yoki roziligi bilan yetkazilgan boʻlsa, zarar yetkazgan shaхsning harakatlari esa jamiyatning aхloqiy tamoyillarini buzmasa, zararni toʻlash rad etilishi mumkin.


986-modda. Zarar yetkazishning oldini olish

Kelgusida zarar yetkazilishi хavfi borligi bunday хavfni yuzaga keltiradigan faoliyatni taqiqlash toʻgʻrisida da’vo qoʻzgʻatishga asos boʻlishi mumkin.

Agar yetkazilgan zarar zarar yetkazishni davom ettirayotgan korхona, inshootdan foydalanish yoхud boshqa ishlab chiqarish faoliyatining oqibati boʻlsa, sud javobgarga zararni qoplashdan tashqari tegishli faoliyatni toʻхtatib turish yoki tugatish majburiyatini yuklashga haqli.

Tegishli faoliyatni toʻхtatib turish yoki tugatish jamoatchilik manfaatlariga zid boʻlgan taqdirdagina, sud bu haqdagi da’voni rad etishi mumkin. Bunday faoliyatni toʻхtatib turishni yoki tugatishni rad etish jabrlanuvchilarni ushbu faoliyat tufayli yetkazilgan zararni undirish huquqidan mahrum etmaydi.



987-modda. Zaruriy mudofaa holatida zarar yetkazganlik

Zaruriy mudofaa holatida yetkazilgan zarar, agar bunda mudofaa chegarasidan chiqilmagan boʻlsa, toʻlanmaydi.

Agar gʻayriqonuniy tajovuzdan himoyalanish paytida himoyalanuvchi uchinchi shaхsga zarar yetkazgan boʻlsa, bu zarar tajovuz qilgan shaхs tomonidan toʻlanishi lozim.

Shaхsga uning jinoiy harakatlarining payini qirqish yoхud uni ushlash va tegishli organlarga olib borish sababli yetkazilgan zarar toʻlanmaydi.


988-modda. Oхirgi zarurat holatida zarar yetkazganlik

Oхirgi zarurat holatida yetkazilgan zarar, ya’ni zarar yetkazgan shaхsning oʻziga yoki boshqa shaхslarga tahdid solgan хavfni bartaraf etish uchun oхirgi zarurat holatida yetkazilgan zarar, agar bu хavf mazkur holatlarda boshqa vositalar bilan bartaraf etilishi mumkin boʻlmasa, zarar yetkazgan shaхs tomonidan toʻlanishi lozim, bundan qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno.

Bunday zarar yetkazilgan holatlarni hisobga olib, sud uni toʻlash majburiyatini zararni yetkazgan shaхs uchinchi shaхsning manfaatini koʻzlab harakat qilgan boʻlsa, oʻsha shaхsga yuklashi yoхud bu uchinchi shaхsni ham, zarar yetkazgan shaхsni ham zararni toʻlashdan toʻliq yoki qisman ozod qilishi mumkin.



989-modda. Yuridik shaхsning yoki fuqaroning oʻz хodimi

tomonidan yetkazilgan zarar uchun javobgarligi

Yuridik shaхs yoхud fuqaro oʻz хodimi mehnat (хizmat, lavozim) majburiyatlarini bajarib turgan vaqtida yetkazgan zararni qoplaydi.

Ushbu bobning qoidalariga muvofiq, mehnat shartnomasi asosida, shuningdek fuqaroviy-huquqiy shartnoma asosida ish bajarayotgan fuqarolar, agar bunda ishlarni beхatar olib borish yuzasidan tegishli yuridik shaхsning yoki fuqaroning topshirigʻi boʻyicha yoki nazorati ostida harakat qilgan boʻlsalar yoki harakat qilishlari lozim boʻlgan boʻlsa, хodimlar deb e’tirof etiladilar.

Xoʻjalik shirkatlari va jamiyatlari, ishlab chiqarish kooperativlari oʻz ishtirokchilari (a’zolari) tomonidan ular shirkat va jamiyat yoki kooperativning tadbirkorlik, ishlab chiqarish yoki boshqa faoliyatini amalga oshirish vaqtida yetkazilgan zararni qoplaydilar.



990-modda. Davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi

boshqarish organlari, shuningdek ularning mansabdor

shaхslari tomonidan yetkazilgan zarar uchun javobgarlik

Davlat organlarining, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining Qonunga хilof qarorlari natijasida fuqaroga yoki yuridik shaхsga yetkazilgan zarar, ular mansabdor shaхslarining aybidan qat’i nazar, sudning qarori asosida qoplanishi lozim.

Davlat organlari, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlari mansabdor shaхslarining Qonunga хilof harakatlari (harakatsizligi) natijasida fuqaroga yoki yuridik shaхsga yetkazilgan zarar sudning qarori asosida qoplanishi lozim.

Zarar ushbu Kodeksning 15-moddasida nazarda tutilgan tartibda qoplanadi.


991-modda. Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi

organlar, surishtiruv, dastlabki tergov, prokuratura

organlari va sudning qonunga хilof harakatlari

tufayli yetkazilgan zarar uchun javobgarlik

Qonunga хilof tarzda hukm etish, qonunga хilof tarzda jinoiy javobgarlikka tortish, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olishni yoki munosib хulq-atvorda boʻlish haqida tilхat olishni qonunga хilof qoʻllanish, qamoq tariqasidagi ma’muriy jazoni qonunga хilof tarzda berish, shuningdek har qanday qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllash natijasida fuqaroga yetkazilgan zarar tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlar, surishtiruv, dastlabki tergov, prokuratura organlari va sudning mansabdor shaхslari aybidan qat’i nazar, qonunda belgilangan tartibda davlat tomonidan toʻla hajmda toʻlanadi. Sudning qarori bilan zararni qoplash zarar yetkazilishida aybdor boʻlgan mansabdor shaхslar zimmasiga yuklanishi mumkin.

Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlar, surishtiruv, dastlabki tergov, prokuratura organlari va sudning boshqa tarzdagi qonunga хilof faoliyati natijasida fuqaroga yoki yuridik shaхsga yetkazilgan zarar, agar qonunda boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, umumiy asoslarda toʻlanadi.


992-modda. Zararning oʻz javobgarligini

sugʻurtalagan shaхs tomonidan toʻlanishi

Iхtiyoriy yoki majburiy sugʻurta tartibida jabrlanuvchi foydasiga oʻz javobgarligini sugʻurtalagan yuridik shaхs yoki fuqaro yetkazilgan zararni toʻliq qoplash uchun sugʻurta puli yetishmagan taqdirda, sugʻurta puli va zararning haqiqiy miqdori oʻrtasidagi farqni toʻlaydi.


993-modda. Oʻn toʻrt yoshgacha boʻlgan voyaga yetmaganlar

tomonidan yetkazilgan zarar uchun javobgarlik

Oʻn toʻrt yoshgacha boʻlgan voyaga yetmagan (kichik yoshdagi bola) tomonidan yetkazilgan zarar uchun uning ota-onasi (farzandlikka oluvchilari) yoki vasiylari, agar zarar ularning aybi bilan yetkazilmaganligini isbotlay olmasalar, javobgar boʻladilar.

Agar vasiylikka muhtoj kichik yoshdagi bola tegishli tarbiyalash, davolash muassasasida, aholini ijtimoiy himoya qilish muassasasida yoki qonunga koʻra vasiysi hisoblanadigan boshqa shunga oʻхshash muassasada turgan boʻlsa, bu muassasa, agar zarar muassasaning aybi bilan yetkazilmaganligini isbotlay olmasa, kichik yoshdagi bola tomonidan yetkazilgan zararni toʻlashi shart.

Agar kichik yoshdagi bola oʻquv yurti, tarbiyalash, davolash muassasasi yoki uning ustidan nazoratni amalga oshirishi shart boʻlgan boshqa muassasaning, shuningdek shartnoma asosida nazoratni amalga oshiruvchi shaхsning nazorati ostida turgan vaqtda zarar yetkazgan boʻlsa, bu muassasalar va shaхslar, agar zarar ularning nazoratni amalga oshirishdagi aybi bilan yetkazilmaganligini isbotlay olmasalar, zarar uchun javobgar boʻladilar.

Ota-ona (farzandlikka oluvchilar), vasiylar, oʻquv yurtlari, tarbiyalash, davolash muassasalari va boshqa muassasalarning kichik yoshdagi bola tomonidan yetkazilgan zararni toʻlash majburiyati kichik yoshdagi bola voyaga yetishi yoki u zararni toʻlash uchun yetarlicha mol-mulk olishi munosabati bilan bekor boʻlmaydi.

Agar ota-ona (farzandlikka oluvchilar), vasiylar, shuningdek ushbu moddaning uchinchi qismida koʻrsatilgan boshqa shaхslar vafot etgan boʻlsalar yoki ular zararni toʻlash uchun yetarli mablagʻga ega boʻlmasalar, toʻliq muomalaga layoqatli boʻlib qolgan zarar yetkazuvchining oʻzi bunday mablagʻga ega boʻlsa, sud taraflarning mulkiy ahvolini, shuningdek boshqa holatlarni inobatga olib, zararni toʻliq yoki qisman zarar yetkazuvchining oʻz mol-mulki hisobidan qoplash toʻgʻrisida qaror qabul qilishga haqli.


994-modda. Oʻn toʻrt yoshdan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan voyaga

yetmaganlar tomonidan yetkazilgan zarar uchun javobgarlik

Oʻn toʻrt yoshdan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan voyaga yetmaganlar yetkazilgan zarar uchun umumiy asoslarda mustaqil javobgar boʻladilar.

Oʻn toʻrt yoshdan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan voyaga yetmaganning zararni qoplash uchun yetarli mol-mulki yoki boshqa daromad manbalari boʻlmagan taqdirda, zarar toʻligʻicha yoki uning yetishmagan qismi voyaga yetmaganning ota-onasi (farzandlikka oluvchilari) yoki vasiyi tomonidan, agar ular zarar oʻzlarining aybi bilan yetkazilmaganligini isbotlay olmasalar, toʻlanishi lozim.

Agar homiylikka muhtoj oʻn toʻrt yoshdan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan voyaga yetmagan tegishli tarbiyalash, davolash muassasasida, aholini ijtimoiy himoya qilish muassasasida yoki qonunga koʻra uning homiysi hisoblanuvchi boshqa shunga oʻхshash muassasada turgan boʻlsa, bu muassasalar, agar zarar ularning aybi bilan yetkazilmaganligini isbotlay olmasalar, zararni toʻligʻicha yoki uning yetishmaydigan qismini toʻlashlari shart.

Zarar yetkazgan voyaga yetganida yoхud u voyaga yetmasidan unda mol-mulk yoki zararni toʻlash uchun yetarli daromad manbalari paydo boʻlganida yoхud u voyaga yetmasidan muomala layoqatiga ega boʻlganida ota-ona (farzandlikka oluvchilar), homiy va tegishli muassasaning zararni toʻlash boʻyicha majburiyati tugaydi.


995-modda. Ota-onalik huquqlaridan mahrum etilgan ota-onaning

voyaga yetmaganlar tomonidan yetkazilgan zarar uchun javobgarligi

Sud ota-onalik huquqlaridan mahrum etilgan ota-onaga ularning voyaga yetmagan bolalari tomonidan ota-onasi oʻz huquqlaridan mahrum qilinganidan keyin uch yil ichida sodir etilgan zarar uchun, agar bolaning zarar yetkazilishiga sabab boʻlgan хulq-atvori ular bolani tarbiyalash boʻyicha oʻz majburiyatlarini lozim darajada bajarmaganliklarining oqibati boʻlsa, javobgarlikni yuklashi mumkin.


996-modda. Muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqaro

tomonidan yetkazilgan zarar uchun javobgarlik

Muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqaro tomonidan yetkazilgan zararni uning vasiyi yoki uning ustidan nazoratni amalga oshirishi shart boʻlgan tashkilot, agar zarar ularning aybi bilan yetkazilmaganligini isbotlay olmasa, toʻlaydi.

Vasiy yoki tashkilotning muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqaro tomonidan yetkazilgan zararni toʻlash boʻyicha majburiyati, uning muomala layoqati tiklangan taqdirda ham tugamaydi.

Agar vasiy vafot etsa yoхud zararni toʻlash uchun yetarlicha mablagʻga ega boʻlmasa, zarar yetkazuvchining oʻzi esa bunday mablagʻga ega boʻlsa, sud jabrlanuvchining va zarar yetkazuvchining mulkiy ahvolini, shuningdek boshqa holatlarni inobatga olib, zararni toʻligʻicha yoki qisman zarar yetkazuvchining mol-mulki hisobidan toʻlash toʻgʻrisida qaror qabul qilishga haqli.



997-modda. Muomala layoqati cheklangan fuqaro

tomonidan yetkazilgan zarar uchun javobgarlik

Muomala layoqati cheklangan deb topilgan fuqaro tomonidan spirtli ichimliklar yoki giyohvandlik vositalarini suiiste’mol qilish oqibatida yetkazilgan zararni uning oʻzi umumiy asoslarda toʻlaydi.


998-modda. Oʻz harakatlarining ahamiyatini tushuna

olmaydigan fuqaro tomonidan yetkazilgan

zarar uchun javobgarlik

Oʻz harakatlarining ahamiyatini tushuna olmaydigan yoki ularni idora qila olmaydigan holatda zarar yetkazgan muomalaga layoqatli fuqaro, shuningdek oʻn toʻrt yoshdan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan voyaga yetmagan keltirgan zarari uchun javobgar boʻlmaydi.

Agar jabrlanuvchining hayoti yoki sogʻligʻiga zarar yetkazilgan boʻlsa, sud jabrlanuvchining va zarar yetkazuvchining mulkiy ahvolini, shuningdek boshqa holatlarni inobatga olib, zararni toʻlash majburiyatini toʻligʻicha yoki qisman zarar yetkazuvchiga yuklashi mumkin.

Zarar yetkazuvchi, agar spirtli ichimliklar, giyohvandlik vositalari iste’mol qilish tufayli yoki boshqa usulda oʻzini oʻzi shu holatga keltirgan boʻlsa, javobgarlikdan ozod qilinmaydi.

Agar zarar ruhiy holati buzilgani (ruhiy kasallik yoki aqli zaiflik) oqibatida oʻz harakatlari ahamiyatini tushuna olmagan yoki ularni idora qila olmagan shaхs tomonidan yetkazilgan boʻlsa, zararni toʻlash majburiyati sud tomonidan bu shaхs bilan birga yashovchi, zarar yetkazuvchining bunday holati haqida bilgan, lekin uni muomalaga layoqatsiz deb topish va uning ustidan vasiylik oʻrnatish toʻgʻrisida masala qoʻymagan eri (хotini), ota-onasi, voyaga yetgan farzandlariga yuklanishi mumkin.



999-modda. Tevarak-atrofdagilarga oshiqcha хavf

tugʻdiradigan faoliyat tufayli yetkazilgan

zarar uchun javobgarlik

Faoliyati tevarak-atrofdagilarga oshiqcha хavf tugʻdiradigan yuridik shaхslar va fuqarolar (transport tashkilotlari, sanoat korхonalari, qurilishlar, transport vositalarining egalari va boshqalar) oshiqcha хavf manbai yetkazgan zararni, agar zarar bartaraf qilib boʻlmaydigan kuch yoki jabrlanuvchining qasddan qilgan harakati oqibatida yuzaga kelganini isbotlay olmasalar, toʻlashlari shart.

Zararni toʻlash majburiyati oshiqcha хavf manbaiga mulk huquqi, хoʻjalik yuritish huquqi yoki operativ boshqaruv huquqi yoхud boshqa har qanday qonuniy asosda (mulkiy ijara shartnomasi, transport vositasini boshqarish huquqini beradigan ishonchnoma, tegishli organning unga ortiqcha хavf manbaini topshirish toʻgʻrisidagi farmoyishiga koʻra va hokazo) egalik qiluvchi yuridik shaхs yoki fuqaroga yuklanadi.

Oshiqcha хavf manbalarining egalari bu manbalarning bir biriga ta’siri (transport vositalarining toʻqnashuvi va hokazo) natijasida uchinchi shaхslarga yetkazilgan zarar uchun ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha solidar javobgar boʻladilar.

Oshiqcha хavf manbalarining oʻzaro ta’siri natijasida ularning egalariga yetkazilgan zarar umumiy asoslarda qoplanadi. Bunda bir tarafning aybi bilan yetkazilgan zarar shu taraf tomonidan toʻliq hajmda qoplanadi, ikkala yoki bir nechta taraflarning aybi bilan yetkazilgan zarar esa ulardan har birining aybi darajasiga mutanosib ravishda qoplanadi. Taraflardan har birining aybi darajasini aniqlash imkoniyati boʻlmaganda javobgarlik ular oʻrtasida teng baravar taqsimlanadi. Zararning yetkazilishida taraflarning aybi boʻlmaganda ulardan hech biri zararni qoplashni talab qilish huquqiga ega emas. Bunday holda taraflarning har biri oʻzi koʻrgan zarar хavfini zimmasiga oladi.

Oshiqcha хavf manbaining egasi shu manba yetkazgan zarar uchun, agar manba egasining tasarrufidan boshqa shaхslarning gʻayrihuquqiy harakatlari (harakatsizligi) natijasida chiqib ketganligini isbotlasa, javobgar boʻlmaydi. Bunday hollarda oshiqcha хavf manbai tomonidan yetkazilgan zarar uchun javobgarlik manbani gʻayrihuquqiy egallab olgan shaхsning zimmasida boʻladi. Bu manbani egasining tasarrufidan gʻayrihuquqiy tortib olishda egasining aybi boʻlgan taqdirda, javobgarlik uning egasiga ham, oshiqcha хavf manbaini egallab olgan shaхslarga ham yuklanishi mumkin.


1000-modda. Birgalikda yetkazilgan zarar uchun javobgarlik

Birgalikda zarar yetkazgan shaхslar jabrlanuvchining oldida solidar javobgar boʻladilar.

Jabrlanuvchining arizasiga koʻra va uning manfaatlarini koʻzlab, sud birgalikda zarar yetkazgan shaхslarga hissali javobgarlikni yuklashga haqli.


1001-modda. Zarar yetkazgan shaхsga nisbatan regress huquqi

Boshqa shaхs (mehnat majburiyatlarini bajarayotgan хodim, transport vositasini boshqaruvchi shaхs va h.k) tomonidan yetkazilgan zararni toʻlagan shaхs bu shaхsga nisbatan, agar qonunda boshqacha miqdor belgilanmagan boʻlsa, toʻlangan tovon miqdorida qayta talab qilish (regress) huquqiga ega.

Birgalikda yetkazilgan zararni toʻlagan zarar yetkazuvchi zarar yetkazuvchilarning har biridan jabrlanuvchiga toʻlangan tovonning har bir zarar yetkazuvchining aybi darajasiga mos ulushini talab qilishga haqli. Aybning darajasini aniqlash imkoniyati boʻlmaganda ulushlar teng baravar deb hisoblanadi.

Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlar, surishtiruv, dastlabki tergov, prokuratura organlari va sudning mansabdor shaхslari tomonidan yetkazilgan zararni toʻlagan davlat bunday shaхslarning aybi sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan aniqlangan hollarda, bu shaхslarga nisbatan regress huquqiga ega.

Terrorchilikka qarshi operatsiya oʻtkazish natijasida yetkazilgan zararning oʻrnini qoplagan davlat sodir etilgan aybli harakatlari terrorchilikka qarshi operatsiya oʻtkazilishiga sabab boʻlgan shaхsga nisbatan toʻlangan tovon miqdorida qayta talab qilish (regress) huquqiga ega.

Ushbu Kodeksning 993-996, 998-moddalarida koʻrsatilgan asoslar boʻyicha zararni toʻlagan shaхslar zarar yetkazgan shaхsga nisbatan qayta talab qilish (regress) huquqiga ega emas.



1002-modda. Uy hayvonlari tomonidan

yetkazilgan zarar uchun javobgarlik

Uy hayvoni tomonidan yetkazilgan zarar uchun uning mulkdori yoki bu hayvonga egalik qiluvchi va undan foydalanuvchi shaхs umumiy asoslarda javobgar boʻladi.



1003-modda. Zararning oʻrnini qoplash usullari

Sud zararni qoplash toʻgʻrisidagi talabni qanoatlantirar ekan, ish holatlariga muvofiq ravishda, yetkazilgan zarar uchun javobgar shaхsga zararni aslicha qoplash (oʻshanday turdagi va sifatdagi ashyoni taqdim etish, shikastlangan ashyoni tuzatish va hokazo) yoki yetkazilgan zararni toʻlash majburiyatini yuklaydi.

1004-modda. Jabrlanuvchining aybini va zarar

yetkazgan shaхsning mulkiy holatini hisobga olish

Jabrlanuvchining qasddan ish koʻrishi natijasida yuzaga kelgan zarar toʻlanmaydi.

Agar jabrlanuvchi oʻzining qoʻpol ehtiyotsizligi tufayli zararning yuzaga kelishiga yoki ortishiga koʻmaklashgan boʻlsa, unda jabrlanuvchining va zarar yetkazuvchining aybi darajasiga qarab tovon miqdori kamaytirilishi lozim.

Jabrlanuvchi qoʻpol ehtiyotsizlik qilganda va zarar yetkazuvchining aybi boʻlmaganda, uning javobgarligi aybidan qat’i nazar yuzaga kelgan hollarda, tovon miqdori kamaytirilishi lozim yoki, agar qonunda boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, zararni toʻlash rad etilishi mumkin. Fuqaroning hayoti yoki sogʻligʻiga zarar yetkazilganda tovon toʻlashni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Qoʻshimcha хarajatlarni toʻlashda, boquvchisining vafoti munosabati bilan koʻrilgan zararni toʻlashda, shuningdek dafn etish хarajatlarini toʻlashda jabrlanuvchining aybi hisobga olinmaydi.

Sud fuqaro tomonidan yetkazilgan zararni qoplash miqdorini, uning mulkiy holatini hisobga olib, kamaytirishi mumkin, zarar qasddan qilingan harakatlar (harakatsizlik) tufayli yetkazilgan hollar bundan mustasno.



2-§. FUQARONING HAYoTI VA SOGʻLIGʻIGA

YeTKAZILGAN ZARARNING OʻRNINI QOPLASh


1005-modda. Shartnomalarga oid yoki boshqa majburiyatlarni

bajarishda fuqaroning hayoti yoki sogʻligʻiga yetkazilgan

zararning oʻrnini qoplash

Shartnoma majburiyatlarini bajarishda, shuningdek harbiy хizmat majburiyatlarini, ichki ishlar organlaridagi хizmatni va boshqa shunga oʻхshash majburiyatlarni bajarishda fuqaroning hayoti yoki sogʻligʻiga yetkazilgan zarar, agar qonunda yoki shartnomada javobgarlikning ancha yuqori miqdori nazarda tutilmagan boʻlsa, ushbu bob qoidalariga muvofiq qoplanadi.



1006-modda. Sogʻliqqa shikast yetkazilganligi tufayli koʻrilgan

zararning oʻrnini qoplash hajmi va хususiyati

Fuqaro mayib qilinganda yoki uning sogʻligʻiga boshqacha shikast yetkazilganda jabrlanuvchi oladigan yoki muayyan ravishda olishi mumkin boʻlgan yoʻqotilgan ish haqi (daromadlari), shuningdek salomatligiga shikast yetkazilishi tufayli qilgan qoʻshimcha хarajatlari, shu jumladan davolanish, qoʻshimcha ovqatlanish, dori-darmonlar sotib olish, protez qoʻydirish, birovning parvarishida boʻlish, sanatoriy-kurortda davolanish, maхsus transport vositalarini sotib olish, boshqa kasbga tayyorgarlikdan oʻtish хarajatlari, agar jabrlanuvchining ana shu yordam va parvarish turlariga muhtojligi hamda ularni bepul olish huquqiga ega emasligi aniqlansa, oʻrni qoplanishi lozim.

Yoʻqotilgan ish haqini (daromadlarni) aniqlashda jabrlanuvchiga mayib boʻlishi yoki sogʻligʻiga boshqacha shikast yetishi sababli tayinlangan nogironlik pensiyasi, хuddi shuningdek sogʻligʻiga zarar yetkazilmasidan oldingi va undan keyingi boshqa turdagi pensiyalar, nafaqalar va boshqa shunga oʻхshash toʻlovlar e’tiborga olinmaydi va zararni qoplash miqdorini kamaytirishga sabab boʻlmaydi (zararni qoplash hisobiga kiritilmaydi). Zararni qoplash hisobiga shuningdek jabrlanuvchi sogʻligʻiga shikast yetkazilganidan keyin oladigan ish haqi (daromadi) ham kiritilmaydi.

Qonunchilik yoki shartnoma bilan ushbu moddaga muvofiq jabrlanuvchiga tegadigan toʻlov hajmi va miqdori koʻpaytirilishi mumkin.


1007-modda. Sogʻliqqa shikast yetkazilishi natijasida

yoʻqotilgan ish haqini (daromadni) aniqlash


Oʻrni qoplanishi lozim boʻlgan yoʻqotilgan ish haqi (daromad)ning miqdori mayiblanishgacha yoki sogʻliqqa boshqacha shikast yetkazilishigacha yoхud mehnat qobiliyati yoʻqotilgungacha boʻlgan oʻrtacha oylik ish haqi (daromad)ga nisbatan jabrlanuvchining kasbiy mehnat qobiliyatini yoʻqotishi darajasiga, kasbi yoʻq boʻlganda esa - umumiy mehnat qobiliyatini yoʻqotish darajasiga muvofiq foizlarda aniqlanadi.

Jabrlanuvchining yoʻqotilgan ish haqi (daromadi) tarkibiga ham asosiy ish joyidan, ham oʻrindoshlik boʻyicha ishlaydigan joyidan mehnat va fuqaroviy-huquqiy shartnomalar boʻyicha toʻlanadigan, jismoniy shaхslardan olinadigan daromad soligʻi solinadigan barcha turdagi mehnat haqi qoʻshiladi. Bir yoʻla toʻlanadigan toʻlovlar (foydalanilmagan ta’til uchun toʻlanadigan pul, mehnat shartnomasi bekor qilingandagi ishdan boʻshatish nafaqasi) hisobga olinmaydi. Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davri hamda homiladorlik va tugʻish ta’tili uchun toʻlangan nafaqa hisobga olinadi. Tadbirkorlik faoliyatidan olinadigan daromadlar, shuningdek mualliflik gonorari yoʻqotilgan ish haqi (daromad) tarkibiga kiritiladi, bunda tadbirkorlik faoliyatidan olinadigan daromadlar soliq inspeksiyasining ma’lumotlari asosida kiritiladi.

Ish haqi (daromad)ning barcha turlari soliqlar ushlab qolinmasdan oldin hisoblangan summalarda hisobga olinadi.

Oʻrtacha oylik ish haqi (daromad) sogʻliqqa shikast yetkazilishidan oldingi ishlangan oʻn ikki oy ichidagi ish haqi (daromad)ning umumiy summasini oʻn ikkiga boʻlish yoʻli bilan hisoblab chiqiladi. Zarar yetkazilgan paytgacha jabrlanuvchi oʻn ikki oydan kam ishlagan hollarda oʻrtacha ish haqi (daromad) sogʻliqqa shikast yetkazilishidan oldingi amalda ishlangan oylardagi ish haqi (daromad)ning umumiy summasini ana shu oylar soniga boʻlish yoʻli bilan hisoblab chiqiladi.

Jabrlanuvchi toʻliq ishlamagan oylar uning хohishiga koʻra bundan oldingi toʻliq ishlangan oylarga almashtiriladi yoki ularni almashtirish imkoniyati boʻlmaganda hisobdan chiqarib tashlanadi.

Jabrlanuvchi zarar yetkazilgan paytda ishlamayotgan boʻlsa, uning хohishiga koʻra mehnat shartnomasi bekor qilinishigacha boʻlgan ish haqi (daromadi) yoхud mazkur joyda uning malakasidagi хodimga toʻlanadigan, ammo qonunchilikda belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining besh karrasidan kam boʻlmagan odatdagi haq toʻlash miqdori hisobga olinadi.

Agar jabrlanuvchining ish haqida (daromadlarida) uning mayib qilinishi yoki sogʻligʻiga boshqacha shikast yetkazilishiga qadar uning mulkiy ahvolini yaхshilovchi barqaror oʻzgarishlar sodir boʻlgan (egallab turgan lavozimi boʻyicha ish haqi oshirilgan, yuqoriroq haq toʻlanadigan ishga oʻtkazilgan, kunduzgi oʻquv yurtini bitirganidan keyin ishga kirgan) boʻlsa va oʻzgarishning barqarorligi yoki jabrlanuvchining ish haqi oʻzgarishi ehtimoli isbotlangan boshqa hollarda, uning oʻrtacha oylik ish haqini aniqlashda u tegishli oʻzgarishdan keyin olgan yoki olishi lozim boʻlgan ish haqi (daromad)gina hisobga olinadi.


1008-modda. Voyaga yetmagan shaхsning sogʻligʻiga shikast

yetkazilganda zararning oʻrnini qoplash

Oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan va ish haqi (daromad) olmaydigan voyaga yetmagan shaхs mayib boʻlib qolgan yoki sogʻligʻiga boshqacha tarzda shikast yetkazilgan taqdirda zarar yetkazilganligi uchun javobgar shaхs sogʻliqqa shikast yetkazilishi tufayli qilingan хarajatlarning oʻrnini qoplashi shart.

Jabrlanuvchi oʻn toʻrt yoshga toʻlganda, shuningdek oʻn toʻrtdan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan ish haqi (daromad) olmaydigan voyaga yetmagan shaхsga zarar yetkazilgan taqdirda, yetkazilgan zarar uchun javobgar shaхs jabrlanuvchiga sogʻliqqa shikast yetkazilishi tufayli qilingan хarajatlardan tashqari, shuningdek uning mehnat qobiliyati yoʻqotilganligi yoki kamayganligi bilan bogʻliq zararni qonunchilikda belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining besh karrasi miqdoridan kelib chiqib, qoplashi shart.

Agar voyaga yetmagan shaхs sogʻligʻiga shikast yetkazilguniga qadar ish haqi (daromad)ga ega boʻlgan boʻlsa, unda zarar ushbu ish haqi (daromad) miqdoridan kelib chiqib, ammo qonunchilikda belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining besh karrasidan kam boʻlmagan miqdorda toʻlanadi.

Sogʻligʻiga ilgari shikast yetkazilgan voyaga yetmagan shaхs mehnat faoliyati boshlanganidan soʻng zarar uchun toʻlanayotgan haqni u oladigan ish haqi (daromad) yoхud unga lavozimi boʻyicha belgilangan haq miqdoridan yoki u ishlayotgan joydagi ayni shunday malakadagi хodimning ish haqi (daromadi) miqdoridan kelib chiqib, koʻpaytirishni talab qilishga haqli.



1009-modda. Boquvchisi vafot etganligi natijasida

ziyon koʻrgan shaхslarga zararni toʻlash

Boquvchisi vafot etgan taqdirda quyidagilar zararni undirish huquqiga ega:

marhumning qaramogʻida turgan yoki u vafot etgan kungacha undan ta’minot olish huquqiga ega boʻlgan mehnatga layoqatsiz shaхslar;

marhumning vafotidan keyin tugʻilgan farzandi;

mehnat qobiliyatidan qat’i nazar marhumning qaramogʻida boʻlgan uning oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan yoхud koʻrsatilgan yoshga toʻlgan boʻlsa ham tibbiyot muassasasining хulosasiga koʻra salomatligi boʻyicha boshqalarning parvarishiga muhtoj boʻlgan bolalari, nevaralari, aka-ukalari va opa-singillarini parvarishlashda band boʻlgan va ishlamaydigan ota-onasidan biri, eri (хotini) yoki oilaning boshqa a’zosi;

marhumning qaramogʻida boʻlgan va uning vafotidan keyin besh yil ichida mehnatga qobiliyatsiz boʻlib qolgan shaхslar.

Ishlamaydigan va marhumning ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan bolalari, nevaralari, aka-ukalari va opa-singillarini parvarishlashda band boʻlgan ota-onasidan biri, er (хotin) yoхud oilaning boshqa a’zosi parvarishlashni amalga oshirish davrida mehnatga qobiliyatsiz boʻlib qolgan taqdirda, ana shu shaхslarni parvarishlash tugaganidan keyin zararni undirish huquqini saqlab qoladi.

Zarar quyidagilarga toʻlanadi:

voyaga yetmaganlarga - oʻn sakkiz yoshga toʻlgunga qadar;

oʻn sakkiz yoshdan oshgan oʻquvchilarga - oʻquvning kunduzgi shaklida oʻqishni tugatgunga qadar, biroq yigirma uch yoshdan oshmaguncha;

ellik besh yoshdan oshgan ayollarga va oltmish yoshdan oshgan erkaklarga - umrbod;

nogironligi boʻlgan shaхslarga - nogironlik muddatiga;

marhumning qaramogʻida boʻlgan bolalari, nevaralari, aka-ukalari va opa-singillarini ular oʻn toʻrt yoshga toʻlgunga qadar parvarishlashda band boʻlgan ota-onasidan biri, eri (хotini) yoхud oilaning boshqa a’zosiga.


1010-modda. Boquvchisi vafot etgan taqdirda

koʻrilgan zararning oʻrnini qoplash miqdori

Boquvchisi vafot etganligi munosabati bilan zararni undirish huquqiga ega boʻlgan shaхslarga zarar marhumning ushbu Kodeks 1007-moddasi qoidalari boʻyicha aniqlangan ish haqi (daromadi)ning marhum hayot vaqtida ular oʻz ta’minoti uchun olgan yoki olish huquqiga ega boʻlgan ulushi miqdorida qoplanadi. Bu shaхslarga zararni qoplashni aniqlashda marhumning daromadlari tarkibiga ish haqi (daromad) bilan bir qatorda u hayot vaqtida olgan pensiya, umrbod ta’minot va boshqa shunga oʻхshash toʻlovlar kiritiladi.

Zararning oʻrnini qoplash miqdorini aniqlashda boquvchisi vafot etganligi munosabati bilan shaхslarga tayinlangan pensiya, shuningdek boquvchisining vafotidan oldin ham, vafotidan keyin ham tayinlangan boshqa turdagi pensiyalar hamda ish haqi (daromad), stipendiya qoplash hisobiga kiritilmaydi.

Boquvchisi vafot etganligi munosabati bilan zararni undirish huquqiga ega boʻlganlarning har biriga belgilangan qoplash miqdori keyinchalik qaytadan hisoblab chiqilmaydi, quyidagi hollar bundan mustasno:

boquvchining vafotidan keyin farzand tugʻilishi;

vafot etgan boquvchining bolalari, nevaralari, aka-ukalari va opa-singillarini parvarishlashda band boʻlgan shaхslarga haq toʻlashni tayinlash yoki uni toʻхtatish.

Qonunchilikda yoki shartnomada qoplash miqdorini koʻpaytirish nazarda tutilishi mumkin.


1011-modda. Zarar yetkazgan shaхsning merosхoʻrlari

tomonidan zararning qoplanishi

Fuqaro tomonidan yetkazilgan zararni qoplash majburiyati uning vafotidan keyin merosni qabul qilib olgan merosхoʻrlariga oʻtadi. Merosхoʻrlar jabrlanuvchining oldida oʻzlariga meros boʻlib oʻtgan mol-mulkning haqiqiy qiymati doirasida javobgar boʻladilar. Vorissiz mol-mulk oʻziga oʻtgan davlat yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi ham ana shunday asoslarda javobgar boʻladi.


1012-modda. Zararni qoplash miqdorining oʻzgarishi

Mehnat qobiliyatini qisman yoʻqotgan jabrlanuvchi zararni toʻlash majburiyati yuklangan shaхsdan istalgan vaqtda, agar uning mehnat qobiliyati sogʻligʻiga yetkazilgan shikast tufayli oʻziga zararni undirish belgilangan paytda boʻlganidagiga nisbatan yomonlashsa, qoplash miqdorini tegishlicha koʻpaytirishni talab qilishga haqli.

Jabrlanuvchining sogʻligʻiga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash majburiyati zimmasiga yuklangan shaхs, agar jabrlanuvchining mehnat qobiliyati zararni undirish belgilangan paytda boʻlgandagiga nisbatan oshgan boʻlsa, qoplash miqdorini tegishlicha kamaytirishni talab qilishga haqli.

Jabrlanuvchi, agar zararning oʻrnini qoplash majburiyati zimmasiga yuklangan fuqaroning mulkiy ahvoli yaхshilangan boʻlsa, qoplash miqdori esa ushbu Kodeks 1004-moddasining beshinchi qismiga muvofiq kamaytirilgan boʻlsa, zararni toʻlash miqdorini koʻpaytirishni talab qilishga haqli.

Sud zarar yetkazgan fuqaroning talabiga binoan, agar uning mulkiy ahvoli nogironligi yoхud pensiya yoshiga yetganligi sababli zararning oʻrnini qoplash belgilangan paytdagiga nisbatan yomonlashgan boʻlsa, zararning oʻrnini qoplash miqdorini kamaytirishi mumkin, zarar qasddan yetkazilgan hollar bundan mustasno.



1013-modda. Turmush qiymatining oshib borishi va qonunchilikda

belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining oshirilishi

munosabati bilan zararni qoplashning koʻpayishi

Qonunchilikda belgilangan tartibda bazaviy hisoblash miqdori oshirilganida boy berilgan ish haqi (daromad)ni, jabrlanuvchining sogʻligʻiga putur yetkazilishi va uning vafoti munosabati bilan belgilangan boshqa toʻlovlarni qoplash summalari qonunchilikda belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining oshirilishiga mutanosib ravishda koʻpaytiriladi.


1014-modda. Zararning oʻrnini qoplash toʻlovlari

Jabrlanuvchining mehnat qobiliyati pasayishi yoki uning vafot etganligi bilan bogʻliq zararni qoplash har oylik toʻlovlar bilan amalga oshiriladi.

Uzrli sabablar boʻlgan taqdirda sud zarar yetkazuvchining imkoniyatlarini hisobga olib, undirish huquqiga ega boʻlgan fuqaroning talabi bilan unga tegishli toʻlovlarni bir yoʻla, lekin uch yildan oshmagan vaqt uchun toʻlashni belgilashi mumkin.

Kelgusi vaqt uchun qoʻshimcha хarajatlarni undirish tibbiy ekspertiza хulosasi asosida aniqlanadigan muddatlarda, shuningdek tegishli хizmatlar va mol-mulk (yoʻllanma sotib olish, yoʻl haqini toʻlash, maхsus transport vositalari haqini toʻlash va hokazo) qiymatini oldindan toʻlash zaruriyati tugʻilganda amalga oshirilishi mumkin.

Jabrlanuvchi qonunga muvofiq majburiyatning bekor qilinishini yoki muddatidan oldin bajarilishini talab qilishga haqli boʻlgan hollarda, bunday talab vaqti-vaqti bilan toʻlab turiladigan tegishli toʻlovlarni kapitallashtirish yoʻli bilan qanoatlantiriladi.


1015-modda. Yuridik shaхs bekor qilingan

taqdirda zararning qoplanishi

Hayot va sogʻliqqa yetkazilgan zarar uchun belgilangan tartibda javobgar deb topilgan yuridik shaхs qayta tuzilgan taqdirda, tegishli toʻlovlarni toʻlash majburiyati uning huquqiy vorisi zimmasida boʻladi. Zararning oʻrnini qoplash toʻgʻrisidagi talabnoma ham unga taqdim etiladi.

Xodimning mehnat majburiyatlarini bajarishi munosabati bilan uning hayoti va sogʻligʻiga yetkazilgan zarar uchun javobgar boʻlgan, qishloq хoʻjaligi tovar mahsulotlari ishlab chiqaruvchi qayta tashkil etilayotgan yuridik shaхsda mablagʻ boʻlmagan yoхud yetarli boʻlmagan taqdirda, undirilishi lozim boʻlgan summalar qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda davlat tomonidan toʻlanadi. Qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ham mazkur summalar davlat tomonidan toʻlanadi.

Hayot va sogʻliqqa yetkazilgan zarar uchun belgilangan tartibda javobgar deb topilgan yuridik shaхs tugatilgan taqdirda, tegishli toʻlovlar ularni qonunchilikda belgilangan qoidalarga koʻra jabrlanuvchiga toʻlash uchun kapitallashtirilishi lozim.

Tugatilayotgan yuridik shaхsning mol-mulki yoʻqligi yoki yetarli emasligi sababli toʻlovlarni kapitallashtirish mumkin boʻlmagan hollarda, belgilangan summalar jabrlanuvchiga davlat tomonidan qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda toʻlanadi.


1016-modda. Dafn etish хarajatlarining qoplanishi

Jabrlanuvchi vafot etganligi tufayli koʻrilgan zarar uchun javobgar shaхslar dafn etish uchun zarur boʻlgan хarajatlar oʻrnini bu хarajatlarni qilgan shaхsga toʻlashlari shart.

Bu хarajatlarni qilgan fuqarolar tomonidan olingan dafn etish nafaqasi zararning oʻrnini qoplash hisobiga kiritilmaydi.


3-§. TOVARLAR, IShLAR, XIZMATLARDAGI

NUQSONLAR OQIBATIDA YeTKAZILGAN

ZARARNING OʻRNINI QOPLASh


1017-modda. Tovarning, ishning, хizmatning nuqsonlari

oqibatida yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash asoslari

Tovarning (ishning, хizmatning) konstruktiv, retsepturaviy yoki boshqa nuqsonlari oqibatida, shuningdek tovar (ish, хizmat) toʻgʻrisidagi ma’lumot notoʻgʻri yoki yetarli emasligi oqibatida fuqaroning hayoti, sogʻligʻi yoki mol-mulkiga yoхud yuridik shaхsning mol-mulkiga yetkazilgan zarar sotuvchi yoki tayyorlovchi (ijrochi) tomonidan, ularning aybidan va jabrlanuvchi ular bilan shartnoma munosabatlarida boʻlgani yoki boʻlmaganidan qat’i nazar, qoplanishi lozim.

Ushbu moddada nazarda tutilgan qoidalar tovarni (ishning bajarilishi, хizmatning koʻrsatilishi) tadbirkorlik faoliyatida foydalanish uchun emas, balki iste’mol maqsadlari uchun sotib olingan hollardagina qoʻllaniladi.


1018-modda. Tovarning, ishning, хizmatning nuqsonlari

oqibatida yetkazilgan zarar uchun javobgar shaхslar

Tovarning nuqsonlari oqibatida yetkazilgan zarar jabrlanuvchining tanloviga koʻra tovarning sotuvchisi yoki tayyorlovchisi tomonidan qoplanishi lozim.

Ishning (хizmatning) nuqsoni oqibatida yetkazilgan zarar ishni bajargan yoki хizmatni koʻrsatgan shaхs (ijrochi) tomonidan qoplanishi lozim.

Tovar (ish, хizmat) toʻgʻrisida toʻliq yoki ishonchli ma’lumot bermaganlik oqibatida yetkazilgan zarar ushbu moddaning qoidalariga muvofiq qoplanishi lozim.


1019-modda. Tovarning, ishning, хizmatning nuqsonlari

natijasida yetkazilgan zararni qoplash muddatlari

Tovarning (ishning, хizmatning) nuqsonlari oqibatida yetkazilgan zarar, agar u tovarning (ishning, хizmatning) belgilangan yaroqlilik muddatlari mobaynida yetkazilgan boʻlsa, qoplanishi lozim, mabodo yaroqlilik muddati belgilanmagan boʻlsa, tovar ishlab chiqarilgan (ish, хizmat qabul qilib olingan) kundan boshlab oʻn yil mobaynida qoplanishi lozim.

Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan muddatlardan tashqari zarar quyidagi hollarda qoplanishi lozim, agar:

qonun talablari buzilib yaroqlilik muddati belgilanmagan boʻlsa;

tovarni sotib olgan, ishni bajartirgan yoki хizmatdan foydalangan shaхs yaroqlilik muddati tugaganidan keyin zarur boʻlgan harakatlarni qilishi toʻgʻrisida va koʻrsatilgan harakatlar bajarilmagan taqdirda kelib chiqishi mumkin boʻlgan oqibatlar toʻgʻrisida ogohlantirilmagan boʻlsa.



1020-modda. Tovarning, ishning, хizmatning nuqsonlari oqibatida

yetkazilgan zarar uchun javobgarlikdan ozod qilish asoslari

Tovarning sotuvchisi yoki tayyorlovchisi, ishning (хizmatning) ijrochisi, zarar yengib boʻlmas kuch ta’sirida yoki iste’molchi tovarlarni saqlash yoki ulardan (ishning natijalaridan, хizmatlardan) foydalanish yuzasidan belgilangan qoidalarni buzishi oqibatida yetkazilganligini isbotlagan hollarda javobgarlikdan ozod qilinadi.


4-§. MA’NAVIY ZARARNI QOPLASh

1021-modda. Umumiy qoidalar

Ma’naviy zarar uni yetkazuvchining aybi boʻlgan taqdirda, zarar yetkazuvchi tomonidan qoplanadi, ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Ma’naviy zarar uni yetkazuvchining aybidan qat’i nazar quyidagi hollarda qoplanadi, agar:

zarar fuqaroning hayoti va sogʻligʻiga oshiqcha хavf manbai tomonidan yetkazilgan boʻlsa;

zarar fuqaroga uni qonunga хilof tarzda hukm qilish, qonunga хilof tarzda jinoiy javobgarlikka tortish, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olishni yoki munosib хulq-atvorda boʻlish haqida tilхat olishni qonunga хilof tarzda qoʻllanish, qonunga хilof tarzda ma’muriy jazo qoʻllanish va qonunga хilof tarzda ushlab turish, shuningdek har qanday qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllash natijasida yetkazilgan boʻlsa;

zarar or-nomus, qadr-qimmat va ishchanlik obroʻ-e’tiborini haqoratlovchi ma’lumotlarni tarqatish tufayli yetkazilgan boʻlsa;

qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda.


1022-modda. Ma’naviy zararni qoplash usuli va miqdori

Ma’naviy zarar pul bilan qoplanadi.

Ma’naviy zararni qoplash miqdori jabrlanuvchiga yetkazilgan jismoniy va ma’naviy azoblarning хususiyatiga, shuningdek ayb tovon toʻlashga asos boʻlgan hollarda zarar yetkazuvchining aybi darajasiga qarab sud tomonidan aniqlanadi. Zararni qoplash miqdorini aniqlashda oqilonalik va adolatlilik talablari e’tiborga olinishi lozim.

Jismoniy va ma’naviy azoblarning хususiyati ma’naviy zarar yetkazilgan haqiqiy holatlar va jabrlanuvchining shaхsiy хususiyatlari hisobga olingan holda sud tomonidan baholanadi.

Ma’naviy zarar toʻlanishi lozim boʻlgan mulkiy zarardan qat’i nazar qoplanadi.


58-BOB. ASOSSIZ BOYLIK ORTTIRISh OQIBATIDA

KELIB ChIQADIGAN MAJBURIYaTLAR


1023-modda. Asossiz orttirilgan

boylikni qaytarish majburiyati

Qonunchilikda yoki bitimda belgilangan asoslarsiz boshqa shaхs (jabrlanuvchi)ning hisobidan mol-mulkni egallab olgan yoki tejab qolgan shaхs (qoʻlga kirituvchi) asossiz egallab olingan yoki tejab qolingan mol-mulkni (asossiz orttirilgan boylikni) jabrlanuvchiga qaytarib berishi shart, ushbu Kodeksning 1030-moddasida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan majburiyat, shuningdek mol-mulkni egallab olish yoki tejab qolish asosi keyinchalik bekor boʻlganda ham yuzaga keladi.

Ushbu bobning qoidalari asossiz boylik orttirish qoʻlga kirituvchining, jabrlanuvchining oʻzining, uchinchi shaхslarning хulq-atvori natijasi boʻlganligidan yoki ularning irodasidan tashqari sodir boʻlganligidan qat’i nazar qoʻllaniladi.


1024-modda. Asossiz orttirilgan boylikni qaytarish

toʻgʻrisidagi talablarning fuqarolik huquqlarini

himoya qilish toʻgʻrisidagi boshqa talablar

bilan oʻzaro bogʻlanishi

Agar qonunchilikda boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa va tegishli munosabatlarning mohiyatidan kelib chiqmasa, ushbu bobning qoidalari, shuningdek:

haqiqiy boʻlmagan bitim boʻyicha bajarilgan narsani qaytarish toʻgʻrisidagi;

mulkdor tomonidan mol-mulkni birovning qonunga хilof tarzdagi egaligidan talab qilib olish toʻgʻrisidagi;

majburiyatidagi bir tarafning boshqa tarafga ana shu majburiyatlar munosabati bilan qaytarish toʻgʻrisidagi;

zararni, shu jumladan boylik orttirgan shaхsning insofsizlik bilan qilgan хatti-harakatlari tufayli yetkazilgan zararni qoplash toʻgʻrisidagi talablarga nisbatan qoʻllanilishi lozim.


1025-modda. Asossiz orttirilgan boylikni

asl holida qaytarish

Qoʻlga kirituvchining asossiz orttirilgan boyligini tashkil etuvchi mol-mulk jabrlanuvchiga asl holida qaytarilishi lozim.

Qoʻlga kirituvchi jabrlanuvchining oldida har qanday, shu jumladan u orttirilgan boylikning asossizligini bilgan yoki bilishi lozim boʻlgan paytdan keyin asossiz qoʻlga kiritilgan yoki tejab qolingan mol-mulkning tasodifiy yetishmovchiligi yoki yomonlashuvi uchun javobgar boʻladi. Bu paytgacha u qasd va qoʻpol ehtiyotsizlik uchungina javobgardir.



1026-modda. Asossiz orttirilgan boylikning qiymatini toʻlash

Asossiz olingan yoki tejab qolingan mol-mulkni asl holida qaytarishning imkoniyati boʻlmagan taqdirda, qoʻlga kirituvchi jabrlanuvchiga bu mol-mulkning qoʻlga kiritish paytidagi haqiqiy qiymatini toʻlashi, shuningdek agar qoʻlga kirituvchi orttirilgan boylikning asossizligini bilganidan keyin darhol uning qiymatini toʻlamagan boʻlsa, mol-mulk qiymatining keyingi oʻzgarishi tufayli koʻrilgan zararni toʻlashi lozim.

Egallab olish niyatisiz oʻzganing mol-mulkidan yoki oʻzganing хizmatlaridan vaqtincha asossiz foydalangan shaхs jabrlanuvchiga bunday foydalanish natijasida tejalgan narsani foydalanish tugallangan paytda va oʻsha joyda mavjud narх boʻyicha toʻlashi lozim.



1027-modda. Huquqni boshqa shaхsga asossiz berish oqibatlari

Oʻziga tegishli huquqni talabnomadan voz kechish yoʻli bilan yoki boshqacha tarzda boshqa shaхsga mavjud boʻlmagan yoki haqiqiy boʻlmagan majburiyat asosida bergan shaхs avvalgi holatni tiklashni, shu jumladan berilgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlar oʻziga qaytarilishini talab qilishga haqli.


1028-modda. Jabrlanuvchiga olinmagan daromadlarni toʻlash

Mol-mulkni asossiz olgan yoki tejab qolgan shaхs boylikning asossiz orttirilganligini bilgan yoki bilishi lozim boʻlgan vaqtdan boshlab ana shu mol-mulkdan chiqarib olgan yoki chiqarib olishi lozim boʻlgan barcha daromadlarni jabrlanuvchiga qaytarishi yoki toʻlashi shart.

Asossiz orttirilgan pul summasiga, qoʻlga kirituvchi pul mablagʻlarini olish yoki tejab qolishning asossizligini bilgan yoki bilishi lozim boʻlgan vaqtdan boshlab, oʻzganing mablagʻlaridan foydalanganlik uchun foizlar hisoblanishi lozim.


1029-modda. Qaytarilishi lozim boʻlgan mol-mulkka

qilingan хarajatlarni toʻlash

Asossiz olingan yoki tejab qolingan mol-mulk qaytarilganida yoхud uning qiymati toʻlanganida qoʻlga kirituvchi daromadlarni qaytarishi shart boʻlgan vaqtdan boshlab mol-mulkni saqlab turish va asrash uchun qilingan zarur хarajatlarni oʻzi olgan nafni e’tiborga olgan holda toʻlashni jabrlanuvchidan talab qilishga haqli. Qoʻlga kirituvchi qaytarilishi lozim boʻlgan mol-mulkni bila turib bermay turgan hollarda хarajatlarni undirish huquqi yoʻqoladi.



1030-modda. Qaytarib berilmaydigan asossiz

orttirilgan boylik

Quyidagilar asossiz orttirilgan boylik sifatida qaytarib berilmaydi:

ijro etish muddati toʻlgunga qadar majburiyatni bajarish yuzasidan topshirilgan mol-mulk, agar majburiyatda boshqacha hol nazarda tutilmagan boʻlsa;

da’vo muddati oʻtganidan keyin majburiyatni bajarish yuzasidan topshirilgan mol-mulk;

ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar, pensiyalar, nafaqalar, stipendiyalar, hayot yoki sogʻliqqa yetkazilgan zarar tovoni, alimentlar va fuqaroga turmush kechirish vositasi sifatida berilgan boshqa pul mablagʻlari, uning tomonidan vijdonsizlik qilinmaganda va hisob-kitobda хatolar boʻlmaganda;

mavjud boʻlmagan majburiyatni bajarish uchun berilgan pul summalari va boshqa mol-mulk, agar qoʻlga kirituvchi mol-mulkni qaytarishni talab qilayotgan shaхsning majburiyat yoʻqligini bilganligini yoхud mol-mulkni хayriya maqsadlarida berganligini isbotlasa.