Qanday qilib xodimni masofadan ishlashga oʻtkazish mumkin

preview

Koronavirus boʻyicha karantin ish beruvchilarni bandlikning masofaviy shaklidan foydalanishga majbur qildi. Mehnat qonunchiligi talablarini buzmagan holda qanday qilib xodimlarni masofadan ishlashga joʻnatish mumkin? Buxgalter.uz savollariga yuridik fanlari nomzodi, Mehnat kodeksi mualliflaridan biri Mixail Yusupovich GASANOV javob berdi.

- Masofadan ishlashga oʻtkazishni ish beruvchining tashabbusi bilan amalga oshirsa boʻladimi?

- Ham ish beruvchi, ham xodim masofadan ishlash rejimidan foydalanish tashabbusi bilan chiqishi mumkin. Asosiysi, ushbu masala yuzasidan oʻzaro kelishuvga erishishdir.

- Ya’ni, hatto hukumat komissiyasi qarorlari, fors-major, jamoat transporti harakatining toʻxtatilishi – asos emasmi va xodimning roziligini olish lozimmi?

-  Bilishimcha, xodimlar odatda masofadan ishlashni rad etishmaydi. Ikkita muhim omilning mavjudligi, bu boshqa masala:

  • faqat masofadan ishlay oladigan xodimlarga nisbatan masofadan ishlash rejimini oʻrnatish mumkin;
  • xodimning uyida ishlash uchun sharoitlar (kompyuter, internet) mavjud boʻlishi kerak. Ushbu sharoitlarni zarurat boʻlganda ish beruvchining oʻzi tashkillashtirishi mumkin.

- U xodimlarga kompyuterlar taqdim etishi va boshqa sharoitlar yaratishi mumkinmi yoki baribir shartmi?

- Xodimni masofadan ishlash rejimiga oʻtkazishda ish beruvchi xodimda buning uchun sharoitlar mavjudligini (kompyuter, aloqa vositalari va bunday rejimda ishlash uchun boshqa zarur qurilmalar) aniqlab olishi darkor. Aynan shuning uchun ba’zi tashkilotlar masofadan ishlashga oʻtkazilganlarga kompyuterlar taqdim etishdi va ularga bir martalik ishonchnoma rasmiylashtirishdi.

Xodim unga ishonchnoma boʻyicha topshirilgan mol-mulkni qaytarmaguncha unga nisbatan toʻliq moddiy javobgar boʻladi .

- Toʻliq moddiy javobgarlik toʻgʻrisida shartnoma tuzish zarurmi?

- Yoʻq, shartnoma zarur emas. Toʻliq moddiy javobgarlik bevosita pul yoki tovar qimmatliklariga xizmat koʻrsatadigan xodimga rasmiylashtiriladi . Qachonki bir martalik ishonchnoma ish beruvchiga tegishli mol-mulk nomuayyan muddatga topshirilgan har qanday xodimga rasmiylashtirilishi mumkin. Namunaga qarang.

- Xodimning masofadan ishlashga oʻtkazilishini qanday qilib toʻgʻri rasmiylashtirish mumkin?

- Qonun hujjatlari ushbu savolga toʻgʻridan-toʻgʻri javobni oʻz ichiga olmagan. Uni hal qilishda quyidagi holatlarga e’tibor qarating:

  • quyidagilarga xodimning roziligini olish zarur:

- uni masofadan ishlashga oʻtkazish;

- bunday rejimda ishlash muddati;

- uni bajarish shartlari;

  • xodimning roziligi ikki xil usulda olinishi mumkin:

- xodim tegishli ariza berishi mumkin;

- xodim bilan mehnat shartnomasiga qoʻshimcha kelishuv tuzish mumkin;

  • ish beruvchi xodimni masofadan ishlash rejimiga oʻtkazish toʻgʻrisida buyruq chiqarishi va uni xodimga tanishtirishi kerak;
  • koʻp sonli xodimlarni masofadan ishlashga oʻtkazish yagona buyruq bilan rasmiylashtirilishi mumkin.

- Qay biri toʻgʻriroq: ariza koʻrinishida xodimning roziligini olishmi yoki  mehnat shartnomasiga qoʻshimcha kelishuvni rasmiylashtirishmi?

- Men ta’kidlab oʻtganimdek, xodimning masofadan ishlashga oʻtishini rasmiylashtirish qonunchilik bilan tartibga solinmagan. Shu bois xodimning roziligi ham uning ariza berishi vositasida, ham qoʻshimcha kelishuv rasmiylashtirish bilan ifodalanilishi mumkin.

Shu bilan birga amaliyotda koʻp tashkilotlar ushbu masalani hal qilgan holda, fikrimcha, boshqa ishga doimiy yoki vaqtincha oʻtkazishlarni rasmiylashtirish tartibiga oʻxshash ishni amalga oshirishmoqda.

MKning 96-moddasi 1-qismiga muvofiq, boshqa doimiy ishga oʻtkazish ish beruvchining buyrugʻi bilan rasmiylashtiriladi. Mehnat shartnomasiga kiritilgan oʻzgartirishlar bunday buyruq chiqarishga asos hisoblanadi. Amaliyotda bunday oʻzgartirishlar mehnat shartnomasiga koʻshimcha kelishuv tarzida rasmiylashtiriladi.

Boshqa ishga vaqtincha oʻtkazishlar muddati koʻrsatilgan holda buyruq bilan rasmiylashtiriladi. Xodimning arizasi mehnat shartnomasi taraflarining kelishuvi bilan vaqtincha boshqa ishga oʻtkazish toʻgʻrisida buyruq chiqarish uchun asos hisoblanadi. Vaqtincha boshqa ishga oʻtkazishlar mehnat shartnomasida aks ettirilmaydi .

Binobarin, agar gap xodim uchun doimiy masofadan ishlash rejimi oʻrnatilishi xususida borsa, mehnat shartnomasiga qoʻshimcha kelishuv tuzish va tegishli buyruq chiqarish toʻgʻriroq boʻladi.

Agarda masofadan ishlash xodim uchun vaqtincha joriy etilsa, xodimning yoki uning uchun muayyan muddatga  masofadan ishlash rejimi oʻrnatilishini soʻrab, yoxud shunday rejim oʻrnatilishiga roziligi (uning oʻrnatilishiga qarshi emasligi) toʻgʻrisidagi bergan arizasi buyruq chiqarishga asos boʻlib xizmat qilishi mumkin.

Koronavirus pandemiyasi sharoitlarida vaqtinchalik masofadan ishlashga oʻtkazishni rasmiylashtirishning bunday tartibi ma’qul boʻladi. Shubhasiz, hozir qarorni tezkorlik bilan qabul qilish kerak. Mehnat shartnomasiga qoʻshimcha kelishuvlarni tuzish esa muayyan vaqt sarflashni talab etadi. Ayniqsa, bir vaqtning oʻzida koʻp sonli xodimlari masofadan ishlashga oʻtkaziladigan tashkilotlarda.

Tushuntirishlar material e’lon qilingan paytda amalda boʻlgan normalarni hisobga olgan holda tayyorlangan va ekspertlar fikrini aks ettiradi. Yakuniy qarorni foydalanuvchi aniq vaziyatlarni hisobga olgan holda mustaqil ravishda qabul qiladi
Oʻzbekistonda karantin davrida kadrlar boʻyicha yozuvlar: joriy jihatlar va karantin davrida kadrlar boʻyicha mutaxassislar uchun tavsiyalar karantin davridagi kadrlar hisobi, karantin davrida kadrlar hisobini yuritish, karantin davridagi kadrlar boʻlimi xodimlaridan olingan ma’lumotlar, oʻzbekistonda karantin davridagi kadrlar hisobi Oʻzbekistonda karantin davridagi kadrlar hisobi. Kadrlar yozuvlarini boshqarish boʻyicha tavsiyalar va xususiyatlar misolidan foydalanib, karantin davrida kadrlar hisobini qanday saqlashni bilib oling. Karantin davrida kadrlar boʻlimi xodimlari uchun ma’lumot kadrovik.uz saytida /oz/publish/doc/text175436_qanday_qilib_hodimni_masofadan_ishlashga_utkazish_mumkin1