Noyabr oyida har bir kadrovikka asqotadi:
Rozilikni olmasdan haq toʻlanmaydigan ta’tilga chiqarish mumkinmi zakritiy
Hisobvaraqda pul yoʻq, ishlab chiqarish karantin tufayli toʻxtagan, xodimlar esa ishlashni istashadi, chunki ish haqi zarur. Bunday vaziyatda ish beruvchi qanday yoʻl tutishi lozim? Hech boʻlmaganda xodimlarning bir qismini qandaydir davrga ish haqi saqlanmagan holda ta’tilga chiqarish mumkinmi?
Buxgalter.uz savollariga yuridik fanlar nomzodi, Mehnat kodeksining mualliflaridan biri Mixail Yusupovich GASANOV javob berdi:
- Xodimni ish beruvchining tashabbusi bilan xodimning roziligisiz haq toʻlanmaydigan ta’tilga chiqarish mumkinmi?
MKning 150-moddasi 1-qismiga asosan xodimning arizasiga koʻra unga ish haqi saqlanmagan holda ta’til berilishi mumkin, uning davomiyligi xodim va ish beruvchi oʻrtasidagi kelishuvga koʻra belgilanadi. Binobarin, xodimning roziligisiz ish beruvchi uni bunday ta’tilga chiqara olmaydi.
- Axir Hukumat komissiyasining xodimlarni haq toʻlanadigan va haq toʻlanmaydigan ta’tilga chiqarish toʻgʻrisidagi qarori mavjudku?
- Ushbu qarorga muvofiq 23 martdan e’tiboran Toshkent shahrining barcha tashkilotlari mulkchilik shaklidan qat’i nazar va oʻz faoliyatiga zarar bermagan holda xodimlarga qonun bilan belgilangan tartibda ta’tillar taqdim etish choralarini koʻrishi lozim. “Qonun bilan belgilangan tartibda”ga e’tibor bering. Bunday tartib esa MKning 150-moddasida nazarda tutilgan.
- Ish haqi saqlanmagan holda beriladigan ta’tilning eng koʻp muddati nazarda tutilganmi?
- Ha, nazarda tutilgan. MKga muvofiq u xodim va ish beruvchi oʻrtasidagi kelishuvga koʻra belgilanadi, lekin 12 oylik davr mobaynida jami 3 oydan ortiq boʻlmasligi kerak.
- Xodimni u ish haqi saqlanmagan holda beriladigan ta’tilda boʻlgan vaqtida ishdan boʻshatish mumkinmi?
- Mehnat ta’tilidan farqli oʻlaroq, ushbu ta’til davrida xodimga ish haqi saqlanmaydi. Biroq xodimning ta’tilda boʻlishining butun muddatida unga ish oʻrni (lavozimi) saqlanishi ham ushbu ta’tillar uchun xos boʻlgan umumiy jihat hisoblanadi. Bu shuni anglatadiki, xodimning ish haqi saqlanmagan holda beriladigan ta’tilda boʻlish davrida, xuddi, uning mehnat yoki ijtimoiy ta’tilda boʻlishi vaqtida kabi u bilan ish beruvchi tashabbusiga koʻra mehnat shartnomasini bekor qilinishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Ushbu umumiy qoidadan faqat bitta istisno mavjud: korxona tugatilishi munosabati bilan mehnat shartnomasini MKning 100-moddasi 2-qismi 1-bandiga asosan bekor qilish
.
Shu bilan birga ta’kidlab oʻtishni xohlardimki, aytib oʻtilgani MKning 100-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan ish beruvchi tashabbusiga koʻra mehnat shartnomasini bekor qilish asoslariga taalluqli. Xodim ish haqi saqlanmagan holda beriladigan ta’tilda boʻlgan davrda u bergan yozma arizasi asosida oʻz xohishiga koʻra mehnat shartnomasini bekor qilishga haqli
.Ushbu davrda xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi taraflar ixtiyoriga
bogʻliq boʻlmagan holatlarga koʻra va ish beruvchining tashabbusiga bogʻliq boʻlmagan
boshqa asoslarga koʻra bekor qilinishi mumkin.
- Demak, agar xodim bunday ta’tilga chiqishni istamasa, uni majbur qilib boʻlmaydi. Xodimni ish haqi saqlanmagan holda beriladigan ta’tilga ariza yozishga koʻndirish uchun qanday dalillarni keltirish mumkin?
- Unga inson ishga kelgan taqdirda koronavirus yuqtirib olishning katta xavfi mavjudligini tushuntirish mumkin. Bundan tashqari, xodimlarga ish haqi toʻlashda davom etishda hajmlarning ancha miqdorda qisqarishi tashkilotni bankrotlikka olib kelishi xatarini yuzaga keltiradi, ana shunda xodim ishini yoʻqotadi.
Shuningdek, xodimga karantin choralari bekor qilinishi zahoti u ishga qaytarilishi xususida qandaydir kafolat berilishi zarur. Buning uchun ish haqi saqlanmagan holda beriladigan ta’til muddati toʻgʻrisida u bilan kelishuvga erishish lozim.
Shuningdek, byudjet tashkilotlaridan boshqa koʻpgina tashkilotlarda bu xodimlarning vakillik organi bilan kelishilgan, rahbariyat kun kechirish uchun zarur boʻlgan narsalarning eng kam miqdoriga yetarli mablagʻ qolishi uchun xodimlarni qisman haq toʻlanadigan ta’tilga chiqaradi.
- Barcha xodimlarni, jumladan direktor va bosh buxgalterni ta’tilga chiqarish mumkinmi? Yoki ushbu muhim xodimlar vaqtning qandaydir qismida ishlashda davom etishlari kerakmi?
- Bunga nisbatan taqiq mavjud emas, biroq tashkilotda ularning yoʻqligi bilan bogʻliq muammolar yuzaga kelishi mumkin. Yaxshisi muhim xodimlar uchun toʻliq boʻlmagan ish vaqtini oʻrnatgan ma’qul. Misol uchun, ular haftada bir necha marta ishga chiqishlari mumkin, shunda ularda toʻliq boʻlmagan ish vaqti boʻladi.
- Xodimni ish haqi saqlanmaydigan ta’tilga chiqarayotganda qanday hujjatlarni rasmiylashtirish zarur?
- Birinchidan, xodimning arizasi zarur. Unda nafaqat xodim ish haqi saqlanmagan holda ta’til taqdim etilishini soʻrayotganligi, balki u ish beruvchi bilan kelishib olgan bunday ta’tilning davomiyligi ham koʻrsatilgan boʻlishi darkor.
Xodim tomonidan berilgan ariza ish beruvchi tomonidan buyruq chiqarilishi uchun asos boʻlib xizmat qiladi. Ish haqi saqlanmagan holda beriladigan ta’tilning davomiyligi xodimning arizasida va ish beruvchining buyrugʻida bir-biriga toʻgʻri kelishi muhim. Xodim buyruq bilan imzo qoʻydirib, tanishish sanasini majburiy koʻrsatgan holda tanishtirilgan boʻlishi kerak.
- Hozir karantin davrida hamma tarqalib ketganligini inobatga olgan holda, ushbu hujjatlarni elektron shaklda rasmiylashtirish mumkinmi?
- Bunday buyruq elektron shaklda rasmiylashtirilgan taqdirda xodim uni ERIsiz imzolay olmaydi. Oqibatda nizolar kelib chiqishi mumkin. Hech boʻlmaganda hujjatlarni pochta orqali xat bilan xabarnoma bilan joʻnatish va ularni xodim imzosi bilan xuddi shunday usulda qaytarib olish mumkin. Yoki ularni kuryer bilan joʻnatish va shu tarzda buyruqda xodimning imzosini olish mumkin.
- Xodim bunday ta’til davrida ish haqi olmasligi tushunarli. Haq toʻlanmaydigan ta’til pensiyani hisoblab chiqarish uchun ish stajiga qoʻshiladimi?
- “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti toʻgʻrisida”gi Qonunning 37-moddasiga muvofiq 2019 yil 1 yanvardan keyingi davr uchun xodim tomonidan bajarilgan har qanday ish, agar mehnatga haq toʻlash tarzidagi daromadlar hisoblangan boʻlsa, ish stajiga qoʻshib hisoblanadi. Gap ish haqi toʻlanmagan holda beriladigan ta’til xususida borayotganligi bois bunday ta’tilning davri pensiya stajiga hisobga olinmaydi. Ish haqi toʻlanmagan holda beriladigan ta’tilni mehnat ta’tili olish huquqini beradigan ish stajiga kiritish toʻgʻrisidagi masala boshqacha tarzda hal qilingan. MKga asosan, yillik haq toʻlanadigan ta’til olish huquqini beradigan ish stajiga muddati 2 haftagacha boʻlgan ish haqi toʻlanmagan holda beriladigan ta’til kiritiladi. Biroq bunda Mehnat kodeksida jamoa shartnomasi, agar u tuzilmagan boʻlsa, xodimlarning vakillik organi bilan kelishilgan holda, ish beruvchi ta’til taqdim etish uchun ish stajiga boshqa davrlarni, shu jumladan muddati 2 haftadan koʻp boʻlgan ish haqi toʻlanmagan holda beriladigan ta’tilni kiritishga haqli.
Umuman, buni korxonada rasmiylashtirish, xodimlarning vakillik organi bilan kelishish va ish haqi toʻlanmagan holda beriladigan ta’tilni butunligicha xodimlarning ish stajiga kiritish mumkin.
- Xodimlarni ish haqi saqlanmagan ta’tilga majburiy tarzda chiqarganlik uchun ish beruvchiga nisbatan jarimalar mavjudmi?
- Ha, MJTKning 49-moddasiga asosan bu mehnat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilishi hisolanadi va BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha jarima solishga sabab boʻladi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan boʻlsa, bundan bila turib gʻayriqonuniy ishdan boʻshatish mustasno, BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha jarima solishga sabab boʻladi. Voyaga yetmagan shaxsga nisbatan sodir etish esa - BHMning 10 baravaridan 20 baravarigacha jarima solishga sabab boʻladi.
- Vaziyat oʻzgarmagan taqdirda ish haqi toʻlanmagan holda beriladigan ta’tilni qanday uzaytirish mumkin?
- Buni faqat xodimning roziligi bilan amalga oshirish mumkin. Hammasi ish haqi toʻlanmagan holda beriladigan ta’til singari rasmiylashtiriladi. Xodim ish beruvchining nomiga shunday ta’tilni taqdim etish toʻgʻrisida ariza yozadi, ish beruvchi esa buyruq chiqaradi va uni xodimga imzo qoʻydirib tanishtiradi.