Bosh buxgalter almashganda ishlar qanday topshiriladi

preview

Korxonaning bosh buxgalteri almashmoqda: avvalgi bosh buxgalter ishlarni topshirishi, yangisi esa ularni qabul qilib olishi kerak. U yoki bu vaziyatda buxgalteriya hujjatlarini qabul qilish-topshirish ishlarini qanday qilib toʻgʻri tashkillashtirish mumkin? Buxgalter.uz tushuntiradi:


– Avvalgi bosh buxgalter ishdan boʻshayotganda ishlarni yangisiga topshirish tartib-taomili amaldagi qonun hujjatlarida aniq aks ettirilmagan. Shunga qaramay, ehtimoliy salbiy oqibatlarni kamaytirish uchun tashkilot bunday tartib-taomilni yoʻlga qoʻyishi kerak. Ishdan boʻshash masalasidan boshlaymiz...


Bosh buxgalterni qachon ishdan boʻshatish mumkin?

Bosh buxgalter bilan tuzilgan mehnat shartnomasi umumiy tusdagi turli asoslarga koʻra bekor qilinishi mumkin, ular MK 97-moddasida sanab oʻtilgan. Biroq faqat ayrim toifadagi xodimlarga, shu jumladan bosh buxgalter yoki uning vazifasini amalga oshiruvchi xodimga nisbatan qoʻllaniladigan alohida asos ham bor: mulkdorning almashishi .

Mazkur normaga muvofiq korxonaning yangi mulkdori «eski» bosh buxgalter bilan tuzilgan mehnat shartnomasini uning roziligisiz bekor qilishi mumkin. Korxona mulk qilib olingan kundan boshlab 3 oy mobaynida mazkur asos boʻyicha ishdan boʻshatishga yoʻl qoʻyiladi. Bunda bosh buxgalterning vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davri, ta’tillarda boʻlgan vaqti, uzrli sabablarga koʻra ishda boʻlmagan boshqa davrlari bu muddatga kiritilmaydi.

Yangi mulkdor xodimni mehnatga oid munosabatlarning kelgusida bekor qilinishi toʻgʻrisida kamida 2 oy oldin yozma ravishda (imzo chektirib) ogohlantirishi yoki unga shunga mutanosib kompensatsiya toʻlashi shart . Shu tariqa, ogohlantirish muddatiga yana 2 oy qolishi uchun mulkdor almashganidan soʻng dastlabki oy mobaynida bosh buxgalterni ishdan boʻshatish masalasini hal qilgan ma’qul. Buyruq namunasiga qarang.

Diqqat
Ish beruvchi ayrim toifadagi xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini oʻz tashabbusi bilan (korxonaning butunlay tugatilish hollari bundan mustasno), shu jumladan – mulkdorning almashishi munosabati bilan ham bekor qilishga haqli emas. Bosh buxgalter homilador ayol boʻlsa yoki uning 3 yoshga toʻlmagan bolasi bor boʻlsa, uni ushbu asosga koʻra ishdan boʻshatishga yoʻl qoʻyilmaydi .

Mulkdorning almashishi munosabati bilan bosh buxgalterni ishdan boʻshatish uchun xodimlarning vakillik organi roziligini olish talab etilmaydi. Shu bilan birga MK 92-moddasi 2-qismi qoidalariga koʻra ishdan  boʻshatilayotgan xodimga korxonada mavjud boʻlgan boshqa ishni taklif etish lozim.

Tabiiyki, bosh buxgalter, tashkilotning istalgan boshqa xodimi singari, oʻz xohishiga koʻra ishdan boʻshashga haqli, bu borada cheklovlar yoʻq. Bu holda u ishdan boʻshamoqchi boʻlgan sanadan kamida 2 hafta oldin oʻz niyati haqida ish beruvchini yozma ravishda ogohlantirishi lozim. 


Ishlarni qabul qilish-topshirish chogʻida komissiya tuzish kerakmi?

Bosh buxgalter lavozimiga tayinlash va undan ozod qilish chogʻida komissiya byudjet tashkilotlarida tuziladi.

Qabul qilish-topshirish kunida komissiya buxgalteriya ishlarini qabul qilish-topshirish dalolatnomasini tuzib, unda hisob, hisobot va arxiv hujjatlarining holatini aks ettiradi. Zarurat tugʻilganda komissiya tarkibiga yuqori turuvchi tashkilotlar va tegishli moliyaviy organlarning vakillarini kiritishlari mumkin .

Katta boʻlmagan xususiy tashkilotlarda maxsus komissiya tuzmasa ham boʻladi: ishlarni qabul qilish-topshirish dalolatnomasi boʻyicha 2–3 nafar xodim hozirligida ishlar topshiriladi. Dalolatnoma va roʻyxat topshiruvchi va qabul qilib oluvchi shaxslar tomonidan imzolanib, rahbar tomonidan tasdiqlanadi va unga tashkilot muhri bosiladi.


Ishlar kimga topshirilishi noma’lum boʻlsa

Bosh buxgalter ishdan boʻshashi munosabati bilan ishlarni topshirish chogʻida amaliyotda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan turli vaziyatlarni koʻrib chiqamiz.

1. Boʻshayotgan lavozimni egallaydigan yangi xodim hali topilmadi

Ikki xil variantni qoʻllash mumkin:

1) hujjatlarni buxgalteriyaning boshqa xodimiga (masalan, bosh buxgalter oʻrinbosariga) topshirish mumkin. Keyinchalik u ishlarni yangi bosh buxgalterga topshiradi;

2) firma katta boʻlmasa, ishdan boʻshagan bosh buxgalter yagona buxgalter boʻlganda, hujjatlarni direktorning oʻzi qabul qilib olishi mumkin . Yangi bosh buxgalter ishga qabul qilinganda direktor ishlarni unga topshiradi.

2. Boʻlajak yangi bosh buxgalter topildi

Bunda kadrlar ishini yurituvchi xodim mehnat munosabatlarini rasmiylashtirish tartib-taomili bilan bogʻliq muammoga toʻqnash keladi: bir vaqtning oʻzida ikki kishi bitta lavozimda ishlay olmaydi. U holda «eski» bosh buxgalterning ishlari «yangisiga» qanday topshiriladi? Bu holda «eski» bosh buxgalter hali ishdan boʻshamasidan uning vorisini oʻrinbosar sifatida ishga qabul qilish mumkin. Ishlar topshirilgach avvalgi xodim ishdan boʻshatiladi, vorisi esa uning lavozimiga oʻtkaziladi. Ushbu sxema ilgari bunday lavozim mavjud boʻlmagan taqdirda bosh buxgalter oʻrinbosari lavozimini shtat jadvaliga kiritishni talab etadi.

3. Boʻshayotgan lavozimga boshqa xodim, masalan, iqtisodchi oʻtkazilmoqda

Bunda muammo boʻlmasligi kerak: avvalgi bosh buxgalter ishdan boʻshaguniga qadar hozircha boshqa lavozimni egallab turgan boʻlgʻusi vorisiga ishlarni topshiradi.

4. Avvalgi bosh buxgalter ishtirokida ishdan boʻshaguniga qadar u yoki bu sabablarga koʻra buxgalteriya hujjatlarini qabul qilish-topshirish ishlarini amalga oshirib boʻlmadi

Bu holda yangi bosh buxgalter u bilan mehnat shartnomasi tuzilgan paytda tashkilotdagi ishlar va buxgalteriya hisobining holatini qayd etgani ma’qul (masalan, rahbar nomiga xizmat yuzasidan yozilgan ma’lumotda).

Shuningdek ixtisoslashtirilgan tashkilot – auditorlik tashkilotlari, soliq maslahatchilari tashkilotlari va buxgalteriya hisobini yuritish boʻyicha xizmat koʻrsatuvchi boshqa tashkilotlar bilan buxgalteriya hisobini yuritish uchun shartnoma tuzish mumkin .


Qabul qilish-topshirish qanday rasmiylashtiriladi?

Buning uchun ishlarni qabul qilish-topshirish jarayonida ishtirok etuvchi aniq shaxslarni koʻrsatgan holda buyruq chiqariladi.

Qabul qilish-topshirish dalolatnomasi erkin shaklda tuziladi. Unga quyidagilarning roʻyxatlari (reyestrlari) ilova qilinishi mumkin:

  • buxgalteriyada boʻlgan hujjatlar;
  • xato yoki noaniqliklari boʻlgan, shuningdek imzolanmagan hujjatlar;
  • yetmayotgan hujjatlar roʻyxati;
  • buxgalteriya hujjatlariga oid fikr-mulohazalar.

Dalolatnoma va roʻyxat topshiruvchi va qabul qilib oluvchi shaxslar tomonidan imzolanib, rahbar tomonidan tasdiqlanadi va unga tashkilot muhri bosiladi.

 

Lenara XIKMATOVA,

mehnatga oid huquq masalalari boʻyicha «Norma» eksperti.

Tushuntirishlar material e’lon qilingan paytda amalda boʻlgan normalarni hisobga olgan holda tayyorlangan va ekspertlar fikrini aks ettiradi. Yakuniy qarorni foydalanuvchi aniq vaziyatlarni hisobga olgan holda mustaqil ravishda qabul qiladi
Oʻzbekistonda mehnat shartnomasini bekor qilish - mehnat shartnomasini bekor qilish uchun asoslar va mehnat shartnomasini bekor qilish jarayoni mehnat shartnomasini bekor qilish, oʻzbekistonda mehnat shartnomasini bekor qilish, oʻzbekistonda mehnat shartnomasini bekor qilish, mehnat shartnomasini bekor qilish Oʻzbekistonda mehnat shartnomasini bekor qilish. Oʻzbekistonda mehnat shartnomasini bekor qilish uchun asoslar. Mehnat shartnomasini bekor qilish jarayoni. Bu erda mehnat shartnomasini bekor qilish toʻgʻrisidagi ma’lumotlar, shuningdek, mehnat shartnomasini bekor qilish sabablari /oz/publish/doc/text175461_bosh_buhgalter_almashganda_ishlar_qanday_topshiriladi1