Noyabr oyida har bir kadrovikka asqotadi:
Uzluksiz mehnat staji ahamiyatga egami?
Ba’zi xodimlar bir ishdan boʻshash va boshqasiga joylashish oʻrtasidagi tanaffuslardan, shu tariqa ularning uzluksiz stajlari uzilishi va bu qandaydir tarzda boʻlgʻusi pensiya, kasallik ta’tili puli, ustamalar miqdori va h.k.larga ta’sir koʻrsatadi deb qoʻrqishadi. Aslida ham shundaymi?
Buxgalter.uz tushuntiradi:
“Uzluksiz ish staji” atamasi tushunchasi hozirgi vaqtda qonunchilikda mavjud emas. U sobiq SSSR vaqtida ahamiyatga ega boʻlgan va inson muntazam mehnat qilgan vaqtni namoyon qilgan, ishdan boʻshash va yangi ishga joylashish oʻrtasidagi davrlar esa muayyan muddatlardan oshmagan.
Biroq hozirgi vaqtda ham u kadrlar boʻlimi xodimlari orasida ham tez-tez eslab turiladi. Gap shundaki, uzluksiz mehnat staji muayyan kasb sohalarida ustamalarni tayinlashda hisobga olinadi. Masalan, davlat muassasalarining tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga uzluksiz ish staji uchun ustamalar tayinlash kafolatlanadi. Ularni toʻlash va uzluksiz stajni hisoblab chiqarish tartibini Oʻzbekiston Respublikasi davlat muassasalari tibbiyot va farmatsevtika xodimlari mehnatiga haq toʻlash tartibi va shartlari toʻgʻrisida nizom tartibga soladi.
Xususiy korxonalarda mehnat staji
Kompaniyalar ham lokal tartibda mustaqil ravishda oʻz xodimlari uchun mazkur aniq ish beruvchida yoki aniq tarmoqda uzluksiz staj uchun qoʻshimcha afzalliklar belgilashlari mumkin. Bunday kafolatlarni taqdim etish tartibi tashkilotning alohida lokal normativ hujjatlarida qayd etiladi. Masalan – jamoa shartnomasida, mehnatga haq toʻlash, moddiy ragʻbatlantirish toʻgʻrisidagi nizomlarda va h.k.
Bu miqdori ishlangan davrga mutanosib ravishda tabaqalashtiriladigan ish haqiga har oylik yoki yillik qoʻshimcha toʻlovlar boʻlishi mumkin. Uzluksiz staj uchun pul toʻlovlaridan tashqari xodimlarga qoʻshimcha haq toʻlanadigan ta’tillar, sanatoriyga yoʻllanmalar va h.kni taqdim etish mumkin. Bunda tashkilot lokal hujjatda “uzluksiz” yuzasidan oʻz talqinini mustahkamlab qoʻyishi mumkin:
- bitta kompaniya yoki tarmoqda uzluksiz ish;
- bitta mutaxassislik yoki bir xil mehnat sharoitlarida uzluksiz ish.
Agar stajda uzilishlar boʻlsa
Agar xodim ishdan boʻshash yoki faoliyatning kasb sohasini oʻzgartirishga qaror qilsa, u hatto keyin ilgarigi ish joyiga qaytgan taqdirda ham, tashkilot tomonidan belgilangan imtiyozga boʻlgan huquqni yoʻqotishi mumkin. Bunda kompaniyaga xodim muayyan vaqt miqdoridan kechikmay qaytgan taqdirda uning uchun barcha kafolatlarni saqlash yuzasidan qoidani yozib qoʻyishiga hech narsa halal bermaydi. Masalan – agar ishdan boʻshash va yangi mehnat shartnomasi tuzish oʻrtasida 3 oydan koʻp vaqt oʻtmagan boʻlsa va h.k.
Shu tariqa, uzluksiz mehnat staji, agar xodim qonunchilik darajasida yoki korxonaning oʻz mablagʻlari hisobidan lokal tartibda belgilangan uzluksiz mehnat staji uchun ustamalar olishi lozim boʻlsa, xodimning mehnatga haq toʻlash miqdoriga ta’sir koʻrsatadi.
Pensiya va kasallik ta’tili pulini hisoblash uchun uzluksiz mehnat staji zarurmi?
Pensiya va vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasini hisoblash uchun uzluksiz mehnat staji ahamiyatga ega emas.
Pensiya tayinlash uchun mehnat stajini hisoblab chiqarishda umumiy qoidaga binoan quyidagidar hisobga olinadi:
- 2019 yil 1 yanvarga qadar boʻlgan davr uchun - faoliyat turi, mulk va xoʻjalik yuritish shakllaridan qat’i nazar, xodim davlat tomonidan ijtimoiy sugʻurtalangan holda bajargan har qanday ish, agar u byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga sugʻurta badallari toʻlagan boʻlsa (ya’ni “sugʻurta” staji hisobga olinadi);
- 2019 yil 1 yanvardan keyingi davr uchun - xodim tomonidan bajarilgan har qanday ish, agar mehnatga haq toʻlash tarzidagi daromadlar hisoblangan boʻlsa
.
Bunda pensiya hisoblab chiqarish uchun ish haqi ishdagi tanaffuslardan qat’i nazar oxirgi 10 yillik mehnat faoliyati davomidagi har qanday ketma-ket 5 yil (pensiya uchun murojaat qilganning tanloviga koʻra) olinadi.
Uzluksiz staj, masalan, kompaniya lokal tartibda “oʻzining” pensionerlariga, ya’ni u yerda yoki muayyan sohada muayyan yillar miqdorida uzluksiz ishlagan sobiq xodimlari uchun oʻz mablagʻlaridan pensiyaga ustamalar oʻrnatgan taqdirda pensiya miqdoriga ta’sir koʻrsatishi mumkin.
Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi miqdorini aniqlashda quyidagi umumiy mehnat staji ham hisob-kitobga qabul qilinadi:
- umumiy ish staji 8 yil va undan ortiq boʻlgan xodimlarga hamda 21 yoshga yetmagan chin (sagʻir) yetimlarga nafaqa ish haqining 80%i miqdorida toʻlanadi;
- umumiy ish staji 8 yilgacha boʻlgan xodimlarga - ish haqining 60%i miqdorida
. Istisno – nafaqa toʻlashning ancha imtiyozli shartlari belgilangan xodimlarning alohida toifalari
.
Lenara XIKMATOVA,
«Norma»ning mehnat huquqi boʻyicha eksperti