Noyabr oyida har bir kadrovikka asqotadi:
Buxgalterni muddatli shartnoma boʻyicha yollash
Umumiy qoidaga binoan ish beruvchi xodimlar bilan nomuayyan muddatga –muddatsiz mehnat shartnomasi tuzishi shart. Bunda ba’zan tashkilotda “vaqtinchalik” xodimni ishga qabul qilishga oqilona ehtiyoj yuzaga keladi. Qonunchilik ham bunga qat’iy muayyan vaziyatlarda yoʻl qoʻyadi. Mehnat huquqi boʻyicha “Norma” eksperti Lenara XIKMATOVA qanday shartlarda buning imkoniyati mavjudligini tushuntirdi:
- “MKning 75-moddasiga asosan mehnat shartnomalari:
- nomuayyan muddatga;
- 5 yildan ortiq boʻlmagan muayyan muddatga;
- muayyan ishni bajarish vaqtiga moʻljallab tuzilishi mumkin.
Faqat quyidagi hollarda muddatli shartnoma tuzish mumkin:
1) bajarilajak ishning xususiyati, uni bajarish shartlari yoki xodimning manfaatlarini hisobga olgan tarzda, nomuayyan muddatga moʻljallangan mehnat shartnomalarini tuzish imkonini bermasa
. Masalan:
- sizda – mavsumiy ish. U tugagandan keyin xodimga boʻlgan talab yoʻqoladi. Yoki xodim qandaydir ob’yektning qurilishi tugagunga qadar qabul qilinadi;
- ishning oʻzi doimiy boʻlishi mumkin, biroq uni bajarish sharti muddatli mehnat shartnomasi rasmiylashtirilishini talab etadi. Masalan, xodima “tugʻish ta’tili”ga chiqdi, uning oʻrniga siz ushbu “tugʻish ta’tili”ga chiqqan xodimaning homiladorlik va tugʻish ta’tilidan yoki bola parvarishi ta’tilidan ishga chiqishi muddatiga qadar boshqa odamni vaqtinchalik ishga olasiz;
- xodimning oʻzi muayyan muddatga shartnoma tuzilishidan xolis manfaatdor boʻlishi mumkin (aytaylik, 3 oydan keyin DYaJga ketadi yoki 2 oydan keyin “oʻzi orzu qilgan kompaniyaga” ishga joylashishga kelishib olgan yoxud oʻzining boshqa hayotiy holatlari). Bu holda xodim oʻz arizasida nima uchun sizda muddatsiz emas, balki faqat muayyan davr ishlashni xohlashi sababini koʻrsatgani ma’qul. Bu ish beruvchini keyinchalik ortiqcha muammolardan xalos etadi.
2) gap korxona rahbari, uning oʻrinbosarlari yoki bosh buxgalterni ishga olish xususida bormoqda. Korxonada bosh buxgalter lavozimi mavjud boʻlmaganda esa – uning vazifalarini bajaruvchi xodim bilan
;
3) qonunda nazarda tutilgan hollarda muddatli shartnoma tuzish
.
Masalan, "Aholini ish bilan ta’minlash toʻgʻrisida"gi Qonunning 6-moddasi haq toʻlanadigan jamoat ishlarida qatnashish uchun muddatli mehnat shartnomalari tuzishga ruxsat beradi. “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida"gi Qonunning 79-moddasi shartnomaning amal qilish muddatini uzaytirish yoki uni bekor qilish mumkinligi toʻgʻrisida har yili qaror qabul qilingan holda – AJ direktori va boshqaruv a’zolari bilan 1 yil muddatga shartnoma tuzilishini nazarda tutadi.
Bundan tashqari, Prezidentning 24.05.2017 yildagi PF-5052-son Farmonining 6-bandi mikrofirmalar, kichik korxonalar va fermer xoʻjaliklariga xodimlarning roziligini olgan holda, muayyan muddatli mehnat shartnomalari, jumladan, vaqtinchalik bir martalik ishlarni bajarishga mehnat shartnomalari tuzishga ruxsat beradi. Ushbu norma oʻqishni tamomlagan davrdan boshlab 3 yil ichida birinchi marta ishga kirayotgan oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarining bitiruvchilarini ishga joylashtirishda qoʻllanilmaydi.
Xodim bilan muddatli mehnat shartnomasi tuzilishiga yoʻl qoʻyiladigan holatlar roʻyxati – tugal hisoblanadi. Agar xodim MKning 76-moddasi qoidalari inobatga olinmagan holda muayyan muddatga qabul qilingan boʻlsa, shartnoma muddati toʻgʻrisidagi shart haqiqiy emas hisoblanadi, xodim esa ishning birinchi kunidan boshlab nomuayyan muddatga qabul qilingan hisoblanadi.
Shartnoma qanday muayyan muddatga tuzilishi mumkin?
Mehnat qonunchiligi muddatli mehnat shartnomasining amal qilishi davrining eng koʻp muddatini belgilaydi – 5 yil
. Qisqaroq muddatga mehnat shartnomalarini rasmiylashtirishga taqiq – mavjud emas. Binobarin, muddatli mehnat shartnomalari har qanday muddatga, biroq 5 yildan koʻp boʻlmagan muddatga tuzilishi mumkin (1 oy, 3 oy, yarim yil, yil va h.k.).
Amaliyotda ayrim ish beruvchilar xodimlarni “tonusda” – muddati oʻtgach ishdan boʻshatish qoʻrqinchi ostida ushlab turish uchun ularni deyarli barcha xodimlar bilan 1 yil muddatga rasmiylashtirgan holda muddatli mehnat shartnomasi tuzishni suiiste’mol qiladilar.
Takrorlaymiz: barcha xodimlar bilan ketma-ket muddatli shartnomalar tuzish mumkin emas. Buni faqat yuqorida keltirib oʻtilgan asoslar boʻyicha amalga oshirish mumkin”.