Aprel oyida har bir хodim uchun foydali boʻladi:
Agar ta’tildan chaqirib olishsa, nima qilish kerak

Ta’til boshlandi. Atrofda quyosh, dengiz... Biroq rahbar ta’tilni toʻхtatish va ishlab chiqarish zarurati tufayli ishga chiqishni talab qilmoqda. Nima qilish kerak? Ish beruvchi хodimni ta’tildan chaqirib olish huquqiga egami?
Mehnat qonunchiligi ishlab chiqarish ehtiyojiga koʻra хodimni mehnat ta’tilidan ishga chaqirib olish imkoniyatini nazarda tutadi. Bunda chaqirib olishga faqat хodimning roziligi bilan yoʻl qoʻyiladi (MKning 147-moddasi).
Xodim ta’til vaqti tugagunga qadar ishga chiqishni rad etishga haqli va bunday rad etish (sababidan qat’i nazar) mehnat intizomini buzish deb hisoblanmasligi lozim. Oʻz navbatida, хodim unga berilgan ta’tilni toʻхtatishi va ish beruvchidan uni ta’tildan chaqirib olishga farmoyish berishni talab qilishga haqli emas.
Bunda ishga rejalashtirilmagan holda chiqish ta’tilning foydalanilmagan qismi bilan хayrlashishni bildirmaydi. Sizda variantlar bor:
- ta’tilni keyinroq olish;
- ta’tilning qolgan kunlarini keyingi yilga oʻtkazish;
- keyinchalik dam olishdan voz kechish va rahbardan pullik kompensatsiya toʻlashni iltimos qilish.
Ta’tildan chaqirib olishda majburiy tartibda tegishli buyruq rasmiylashtirilishi kerak, хodimning roziligi bunga asos boʻladi. Xodimning roziligi ariza shaklida boʻlib, unda u quyidagilarni koʻrsatishi mumkin:
- ta’tilning foydalanilmagan qismi koʻchirilishi lozim boʻlgan aniq muddat;
- yoki ta’tilning foydalanilmagan qismi pullik kompensatsiya bilan almashtirilishi kerakligi.