Noyabr oyida har bir kadrovikka asqotadi:
YaMMT bilan qanday ishlanadi? Dolzarb savollarga javob berishni davom ettiramiz
1. Direktor kadrlar xizmati xodimida alohida ERI boʻlishini istaydi. Biroq bizga YaMMTda faqat direktor nomiga berilgan yuridik shaxsning ERIsi bilan ishlash mumkin, deyishmoqda.
– Bu – toʻgʻri. Siz faqat direktor nomiga berilgan yuridik shaxsning ERIsi bilan YaMMTga kirishingiz va unda ishlashingiz mumkin.
Davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilgan holda direktor nomiga berilgan cheksiz miqdorda ERI olish mumkin. Bunday ERIlardan birini buyruq bilan YaMMT bilan ishlashga javobgar xodimga biriktiring. Buyruq namunasiga qarang.
Qanday qilib qoʻshimcha ERI olish toʻgʻrisidagi yoʻriqnoma – bu yerda.
DSQ huzuridagi «Yangi texnologiyalar» IAMga 202-32-32 telefon raqami (ichki telefon raqamlari 645,657,642) orqali murojaat qilgan holda ERI toʻgʻrisida batafsil axborotni olish mumkin.
2. YaMMTga birinchi marta kirishda tizim avtomatik ravishda toʻldiriladigan yuridik shaxs toʻgʻrisidagi axborotni tasdiqlashni taklif etadi. Biz korxona nomi va direktorning familiyasida xatoni aniqladik. Nima qilish lozim?
– Siz yozuvni mustaqil ravishda tahrir qilishingiz mumkin (qalam tasviri tushirilgan maxsus tugma mavjud). Agarda tizimga keyingi har bir kirishda siz xatosi bor eski axborotni koʻrsangiz, yuridik shaxs roʻyxatdan oʻtkazilgan joy boʻyicha soliq inspeksiyasiga murojaat qilishingiz va oʻz hisob ma’lumotlaringizni tuzatishingiz zarur.
3. YaMMT bilan ishlash chogʻida axborot kiritish uchun javobgar boʻlgan shaxsning FIOni qayerda koʻrsatish kerak?
– Bevosita tizimda ushbu axborot hech qayerda aks ettirilmaydi. YaMMTga axborot kiritish uchun javobgar shaxsni faqat mazkur xodim tizimda ishlashi uchun vakolat berilgan korxonaning lokal hujjatlarida belgilash mumkin. Rahbar buyrugʻining namunasiga qarang.
4. YaMMT interfeysi unda oʻzbek tili (lotin va kirill yozuvlari) va rus tilida ishlash imkonini beradi. Amaliyotda kadrlar xizmati xodimlari murakkabliklarga duch kelishmoqda. Boʻlinmalar nomini tizimga faqat oʻzbek tilida kiritish mumkin, aks holda ma’lumotlar qabul qilinmaydi. Klassifikator boʻyicha lavozimlar toʻgʻrisidagi axborot esa faqat rus tilida yoki lotin yozuvida yozilgan ruscha soʻzlar bilan aks etadi. Shu bilan birga interfeysning oʻzida maydonchalar nomida talay xatolar va qonun hujjatlarida foydalaniladigan atamalarga nomuvofiqlik mavjud. Bularning bari ishlashni qiyinlashtiradi, xato qilish xatarini oshiradi. Qanday yoʻl tutish lozim?
– YaMMT tizimi – yangi, ishlab chiquvchilar uning ustida ishlashda davom etmoqdalar. Yaqin vaqtda ushbu barcha kamchiliklar bartaraf etiladi. Ishlab chiquvchilar kamchiliklarni tuzata olishlari uchun barcha aniqlangan kamchiliklar toʻgʻrisida ularga xabar bering. Buni +998 71 200 70 30 telefon raqami orqali yoki telegram-kanalda amalga oshirish mumkin.
5. Korxona direktori uning yagona ta’sischisi hisoblanadi. U oʻzi imzolagan buyruq bilan ishga qabul qilingan. Mehnat shartnomasi rasmiylashtirilmagan, sababi uni imzolaydigan kimsa yoʻq. Qanday qilib tizimga rahbar toʻgʻrisidagi ma’lumotlarni kiritish mumkin?
– YaMMT tizimida ishlash mehnat shartnomalarini roʻyxatdan oʻtkazish asosiga quriladi. Savolda bayon etilgan vaziyatdan chiqish uchun ishlab chiquvchilar va Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining rasmiy tushuntirishi talab etiladi. Bunday hujjat hozircha yoʻq. Shu bois rahbar bilan mehnat munosabatlarini YaMMTda roʻyxatdan oʻtkazishni rasmiy tushuntirishlar paydo boʻlgunga qadar kechiktiring.
6. Elektron mehnat daftarchalariga axborot qanday kiritiladi?
– Elektron mehnat daftarchasi – bu mehnat shartnomasini tuzish, unga oʻzgartirish kiritish va tugatish chogʻida kadrlar xizmati xodimi tomonidan tizimga kiritiladigan ma’lumotlar asosida avtomatik tarzda toʻldiriladigan YaMMTning boʻlimi. Boshqa axborot tegishli integratsiyalashgan tizimlardan olib oʻtiladi (STIR, diplomlar toʻgʻrisidagi ma’lumotlar bazalari va h.k.).
7. Ish beruvchi jismoniy shaxsni ishga qabul qilishda qanday qilib hisobi YaMMT yordamida yuritilgan davr uchun uning mehnat staji toʻgʻrisidagi hujjat bilan tasdiqlangan axborotni olishi mumkin?
– YaMMTda ish beruvchi xodimning mehnat staji toʻgʻrisidagi axborotga faqat u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi roʻyxatdan oʻtkazilgandan keyin kirish imkoniga ega boʻladi. Zarur axborot xodim tomonidan chop etilgan tarzda taqdim etilishi mumkin. YaMMT ishlab chiquvchilari bunday chop etilgan shakldagi axborotning haqqoniyligini oson tekshirish imkonini beradigan QR – kodlar tizimini joriy etishni rejalashtirishmoqda. Hozircha xodimga butunlay ishonishga toʻgʻri keladi.
8. Agar YaMMTda ish oʻrni 5 kundan ortiq ochiq qolsa, u avtomatik tarzda Boʻsh ish oʻrinlari milliy bazasida aks etadi. Bu holda Bandlikka koʻmaklashish markazi ish beruvchiga, nodavlat tashkilotga ular yuborgan nomzodni ishga qabul qilish majburiyatini yuklashi mumkinmi? Agar sizda moʻljallab qoʻygan mutaxassis bor boʻlsa, shartnoma tuzish haqida u bilan kelishib qoʻygan boʻlsangiz, qanday yoʻl tutgan ma’qul?
– Bandlikka koʻmaklashish markazi faqat nomzodni yuborishi va ish beruvchiga uni qabul qilishni tavsiya qilishi mumkin. Oxirgi soʻzni har doim ish beruvchi aytadi.
9. YaMMTda ichki oʻrindoshlik asosida hamda bir necha kasbda va lavozimda ishlaydigan xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalari va qoʻshimcha kelishuvlarni roʻyxatdan oʻtkazish lozimmi?
– YaMMT ishlab chiquvchilarining tushuntirishicha, hozircha faqat tashqi oʻrindoshlik asosida ishlovchilar bilan tuzilgan mehnat shartnomalarini roʻyxatdan oʻtkazish lozim.
10. Barcha ta’tillarni YaMMTda roʻyxatdan oʻtkazish zarurmi?
– Yoʻq, hammasini emas. Ishlab chiquvchilarning tushuntirishicha, faqat ijtimoiy ta’tillar majburiy roʻyxatdan oʻtkazilishi lozim. Boshqa barcha ta’tillar faqat asosiy xodim boʻlmagan vaqtda muddatli mehnat shartnomasi boʻyicha vaqtinchalik xodim qabul qilingan taqdirda roʻyxatdan oʻtkaziladi.
YaMMT boʻyicha dolzarb savollarga yanada koʻproq javoblarni bu yerda, bu yerda, bu yerda, bu yerda va bu yerda oʻqing.
Oleg GAYeVOY tayyorladi