Xodimning roziligisiz lavozim yoʻriqnomasini oʻzgartirish mumkinmi?

preview

Ish beruvchi ba’zi xodimlarning lavozim yoʻriqnomalariga qoʻshimcha kiritib, mutaxassisliklari boʻyicha yangi talablar qoʻyib, majburiyatlari doirasini kengaytirmoqchi. Buni qanday qilib toʻgʻri bajarish mumkinligi haqida mehnat huquqi boʻyicha «Norma» eksperti Lenara XIKMATOVA gapirib berdi:

Diqqat!
Lavozim yoʻriqnomasi ish beruvchiga nimasi bilan yordam berishi mumkin, uni qanday tuzish va u bilan qanday ishlash kerakligi haqida bu yerda oʻqing.

 

– Xodimning majburiyatlari, odatda, mehnat shartnomasida koʻrsatiladi. Ammo koʻpgina tashkilotlar shartnomani «ogʻirlashtirmaslik» uchun ularni lavozim yoʻriqnomasida batafsilroq qayd etadilar . Shuningdek, unda ma’lumoti va muayyan lavozimdagi ish tajribasiga qoʻyiladigan talablar ham belgilanadi. Xodimning lavozim yoʻriqnomasi (va korxonaning uning mehnat faoliyati bilan bogʻliq  boshqa lokal hujjatlari) bilan mehnat shartnomasi tuzishdan oldin tanishtirish kerak.

Quyidagi hollarda uni yoʻriqnoma bilan tilxat olib tanishtiring:

  • ishga qabul qilish;
  • boshqa ishga oʻtkazish (doimiy yoki vaqtinchalik);  
  • MKda nazarda tutilgan hollarda ish bilan ta’minlash tartibida xodimga boshqa ish yoki vakant lavozim taklif qilish.

– Mehnat majburiyatlari doirasini kengaytirish va lavozim yoʻriqnomasiga tegishli oʻzgartirish kiritish uchun xodim yoki vakillik organining roziligini olish kerakmi?

– Lokal normativ hujjatlar qanday qabul qilingan boʻlsa, shunday tartibda oʻzgartiriladi. Qoida tariqasida, amalda ish beruvchi xodimlarning lavozim yoʻriqnomalarini mustaqil ravishda tasdiqlaydi. Shuningdek, ular ba’zida korxonada mavjud boʻlsa, xodimlarning vakillik organi bilan kelishiladi.

Lokal normativ hujjatlar qanday qabul qilingan boʻlsa, xuddi shunday tartibda oʻzgartirilar ekan, agar lavozim yoʻriqnomalari xodimlarning vakillik organi bilan kelishilgan boʻlsa, u holda ularga oʻzgartirish kiritilishini ham kelishish lozim. Ish beruvchi yoʻriqnomalarni mustaqil ravishda tasdiqlagan boʻlsa, ularga mustaqil ravishda oʻzgartirish kiritish huquqiga ega.

Ammo bunda bir jihat bor. Xodim mehnat shartnomasini imzolashdan oldin lavozim yoʻriqnomasi bilan tanishib chiqadi va lavozim yoʻriqnomasida qayd etilgan majburiyatlari hajmi va mazmuniga qarab, mehnat munosabatlariga kirishishga rozilik beradi. Shu sababli mazmuni oʻzgartirilgan yoʻriqnomalar faqat yangi qabul qilinadigan kadrlarga nisbatan tatbiq etiladi.

Ishlayotgan xodimlar lavozim yoʻriqnomalarida belgilangan yangi normalarni bajarishlari uchun ularni oʻzgartirishlar bilan tanishtiribgina qolmay, balki roziliklarini olish kerak.

Lavozim majburiyatlari oʻzgartirilishiga yozma rozilik bermagan xodim avvalgi shartlarda ishlashni davom ettirish huquqiga ega.

Diqqat!
Xodimning lavozim yoʻriqnomasiga (masalan, uning huquqlari va majburiyatlari qismida) uning ahvolini qonunlar va boshqa normativ hujjatlarda nazarda tutilganiga qaraganda yomonlashtiradigan oʻzgartirishlarni kiritib boʻlmaydi .

Mehnat vazifasini oʻzgartirish haqida gapiradigan boʻlsak, ish beruvchi uni bir tomonlama tartibda, shu jumladan lavozim yoʻriqnomasiga oʻzgartirish kiritib oʻzgartirishga haqli emas. Bu MKning 73-moddasi talablariga zid, unga binoan xodimning mehnat vazifasi (ya’ni mutaxassisligi, malakasi, u ishlaydigan lavozim) mehnat shartnomasi taraflarining kelishuvi bilan belgilanadi.

Diqqat!
Xodimning roziligisiz mehnat sharoitlarini qachon oʻzgartirish va ushbu taomilni qanday rasmiylashtirish mumkinligi haqida bu yerda oʻqing.

 

Tushuntirishlar material e’lon qilingan paytda amalda boʻlgan normalarni hisobga olgan holda tayyorlangan va ekspertlar fikrini aks ettiradi. Yakuniy qarorni foydalanuvchi aniq vaziyatlarni hisobga olgan holda mustaqil ravishda qabul qiladi
Kadrlarga doir hujjatlar Kadrlarga doir hujjatlar Kadrlarga doir hujjatlar /oz/publish/doc/text175567_hodimning_roziligisiz_lavozim_yuriqnomasini_uzgartirish_mumkinmi1