Xodim zararni toʻliq qoplamasdan ishdan boʻshaganda

preview

Tashkilotga moddiy zarar yetkazgan xodim uni toʻlash muddatini kechiktirib ixtiyoriy ravishda qoplash majburiyatini zimmasiga oldi. Ammo keyinchalik ishdan boʻshash toʻgʻrisida ariza yozdi. Xodim zararni toʻliq toʻlamasdan «ketishga» haqlimi? Direktor u ishdan boʻshagandan soʻng toʻlovlar kelib tushishida qiyinchiliklar yuzaga kelishidan xavfsiramoqda.

Buxgalter.uz maslahat soʻrab mehnat huquqi boʻyicha «Norma» eksperti Lenara XIKMATOVAga murojaat qildi:


– Darhaqiqat, MKning 206-moddasiga muvofiq, ish beruvchiga zarar yetkazishda aybdor boʻlgan xodim uni ixtiyoriy ravishda qisman yoki toʻliq toʻlashga haqli. Buni kompaniyaning kassasiga naqd pul qoʻyish yoki ish beruvchining bank hisobraqamiga oʻtkazish, shu jumladan plastik karta orqali amalga oshirish mumkin. Bundan tashqari, ish beruvchining roziligi bilan xodim yetkazilgan zararni qoplash uchun unga bahosi teng mol-mulk berishi yoki buzilgan mol-mulkni tuzatib berishi mumkin.

Shuningdek xodim va ish beruvchining kelishuviga binoan zararni toʻlash muddati kechiktirib qoplanishiga yoʻl qoʻyiladi. Bunday holda xodim ish beruvchiga toʻlov muddatlarini aniq koʻrsatib zararni qoplash haqida yozma majburiyat beradi .

– Xodim ish beruvchiga yetkazilgan zararni toʻliq qoplamasdan turib, «oʻz xohishi bilan» ishdan boʻshatishlarini talab qilishga haqlimi?

– Ushbu savolga javob MKning 99-moddasi va OS Plenumining 17.04.1998 yildagi 12-son qarorining 15-bandida keltirilgan. Xodim MKning 99-moddasiga muvofiq oʻz tashabbusi bilan ishdan boʻshash haqida ariza bergan boʻlsa, ogohlantirish muddati tugagandan soʻng ishni toʻxtatishga haqli, ish beruvchi esa u bilan mehnat shartnomasini bekor qilishga – mehnat daftarchasi, ishdan boʻshatilgani toʻgʻrisida ariza nusxasini berishga va u bilan hisob-kitob qilishga majbur.

Ish beruvchi mehnat shartnomasi bekor qilinishini kechiktirishga haqli emas, shu jumladan – boshlagan ishini tugatmagani, qarzi yoʻqligi varaqasi imzolanmagani, xodimning javobgarligi ostidagi moddiy boyliklarni topshirmagani munosabati bilan ham.

– Xodim ishdan boʻshatilgandan soʻng toʻlovlarni toʻlashni davom ettirishdan boʻyin tovlasa, ish beruvchi qanday chora koʻrishi mumkin?

– Agar zararni ixtiyoriy ravishda toʻlash haqida yozma majburiyat bergan xodim mehnatga oid munosabatlarni bekor qilsa va zararni toʻlashdan boʻyin tovlasa, qarzning uzilmay qolgan qismi notarial idoralarning ijro hujjatlari asosida undiriladi .

Notarius qarzdordan pul summalarini undirish yoki mol-mulkni talab qilib olish uchun qarzdorlikni belgilovchi hujjatlarga ijro xatlarini yozadi . Ijro xatlariga asosan qarzni undirish soʻzsiz amalga oshiriladigan hujjatlar roʻyxati 18.01.2002 yildagi 26-son VMQ bilan tasdiqlangan. Ushbu roʻyxatda xodimning ixtiyoriy ravishda zararni toʻlash muddatini kechiktirib qoplash toʻgʻrisidagi yozma majburiyati ham mavjud.


Ijro xatlari quyidagi hollarda yoziladi:

  • taqdim etilgan hujjatlar qarzdorning undirib oluvchidan qarzdor ekanligi yoki boshqa majburiyatini shubhasiz tasdiqlasa;
  • da’vo qilish huquqi vujudga kelgan kundan boshlab oʻtgan vaqt 3 yildan ortiq boʻlmasa. Agar ijro xati berish haqidagi talab uchun qonun hujjatlarida boshqa muddat belgilangan boʻlsa, ijro xati shu muddat ichida beriladi.


Ijro xatida quyidagilar koʻrsatiladi:

  • ijro xatini yozayotgan notariusning F.I.O. va lavozimi;
  • undirib oluvchining, shuningdek qarzdorning nomi va manzili;
  • undirib olish amalga oshiriladigan muddat;
  • undirib olinishi kerak boʻlgan summalar yoki talab qilib olinishi kerak boʻlgan narsalar, shu jumladan toʻlanishi kerak boʻlgan penya, foizlar;
  • undirib oluvchi toʻlagan yoki qarzdordan undirilishi kerak boʻlgan davlat boji yoki tarif summalari; 
  • ijro xati yozilgan sana (yil, oy, kun) va reyestrda qayd etilgan tartib raqami; 
  • ijro xatini yozgan notariusning imzosi va muhri. 

Ijro xati, agar qonun hujjatlarida boshqa muddat belgilangan boʻlmasa, u yozilgan kundan boshlab 3 yil muddat ichida majburiy ijro uchun taqdim etilishi mumkin.

Ijro xati olish uchun notariusga quyidagilarni taqdim eting:

a) xodimning toʻlovning aniq muddatlari koʻrsatilgan zararni ixtiyoriy qoplash toʻgʻrisidagi yozma majburiyatining asl nusxasi;

b) yetkazilgan zararning toʻlanmagan qismi miqdorini tasdiqlovchi hujjatlar;

v) oʻzi yetkazgan zararni qoplashdan bosh tortgan xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilish toʻgʻrisidagi buyruqning nusxasi;

g) qarzdorning ogohlantirishni olganligi toʻgʻrisidagi tilxati bilan birga qarzni toʻlash haqida qarzdorga berilgan ogohlantirish xatining nusxasi.

Ish beruvchi ijro xatini olgach Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi (MIB) organlarining davlat ijrochilariga murojaat qilishi lozim . Davlat ijrochisi tomonidan ijro harakatlari qarzdorning yashash joyida, ish joyida yoki uning mol-mulki turgan joyda amalga oshiriladi.

Diqqat!
Agar xodim tomonidan yetkazilgan zararni ixtiyoriy ravishda qoplash boʻyicha yozma majburiyat boʻlmasa, undan yetkazilgan zararni sud orqali undirish mumkin. Fuqarolik ishlari boʻyicha tumanlararo sudga da’vo arizasini bering.
Diqqat!
Xodimdan ish beruvchiga yetkazilgan zararni undirish tartibi, xodimning moddiy javobgarligi chegaralari, uning yuzaga kelishi hollari haqida batafsil bu yerda oʻqing.

 

Tushuntirishlar material e’lon qilingan paytda amalda boʻlgan normalarni hisobga olgan holda tayyorlangan va ekspertlar fikrini aks ettiradi. Yakuniy qarorni foydalanuvchi aniq vaziyatlarni hisobga olgan holda mustaqil ravishda qabul qiladi
Oʻzbekistonda moliyaviy javobgarlik boʻyicha maslahatlar – moliyaviy javobgarlik holatlari boʻyicha maslahatlar, moliyaviy javobgarlikni roʻyxatdan oʻtkazish oʻzbekistonda moliyaviy javobgarlik, moliyaviy javobgarlik shartlari, moliyaviy javobgarlik boʻyicha maslahatlar Oʻzbekistonda moliyaviy javobgarlik. Bu yerda siz javobgarlik shartlari haqida ma’lumot topasiz. Moliyaviy javobgarlik masalalari boʻyicha maslahatlar va tavsiyalar oling /oz/publish/doc/text175579_hodim_zararni_tuliq_qoplamasdan_ishdan_bushaganda1