Xodim moddiy zararni qoplamoqchi emas

preview

Korxonaga zarar yetkazgan xodim har doim ham uni ixtiyoriy ravishda qoplashga rozi boʻlmaydi. Bunday vaziyatlarda ish beruvchining qanday yoʻl tutishini «Norma» kompaniyasining mehnat huquqi boʻyicha eksperti Lenara XIKMATOVA tushuntirib berdi:

– Xodim yetkazilgan zararni ixtiyoriy ravishda qoplashdan bosh tortgan taqdirda, undiriladigan summa uning oʻrtacha oylik ish haqidan ortiq boʻlmagan hollarda, xodimdan zarar summasi ish beruvchining farmoyishiga muvofiq undiriladi . Buning uchun zarar yetkazilganligi aniqlangan kundan boshlab bir oy muddatda farmoyish chiqarilishi lozim.

Har safar ish haqi toʻlanganda ushlab qolinadigan summa xodimga toʻlanadigan mehnat haqining 50%idan oshmasligi kerak . Ushlab qolinadigan summa joriy ish haqining 50%idan ortiq boʻlgan taqdirda, uni qismlarga boʻlgan holda bir necha oy mobaynida ushlab qolish mumkin.

Zararning toʻliq summasi toʻliq moddiy javobgarlik toʻgʻrisidagi shartnoma mavjud boʻlganda va MKning 202-moddasida nazarda tutilgan boshqa holatlarda ushlab qolinadi.

Quyidagi holatlarda zarar summasi sud orqali undiriladi:

  • undiriladigan summa xodimning oʻrtacha ish haqidan ortiq boʻlganda;
  • zarar aniqlangan kundan e’tiboran bir oy oʻtganda;
  • xodim, shu jumladan moddiy javobgar xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi zarar aniqlangunga qadar bekor qilinganda va u zararni ixtiyoriy ravishda toʻlamaganda.

Shunga oʻxshash vaziyatlarni koʻrib chiqamiz.

 

Vaziyat
Ishdan boʻshatilgan xodimdan zararni undirish
Moddiy qimmatliklarni qoʻriqlovchi xodim ishdan boʻshash toʻgʻrisida ariza berdi. U bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganidan keyin korxonada taftish oʻtkazildi. Taftish davomida kamomad aniqlandi, bunda ishdan boʻshagan qoʻriqchi aybdor deb topildi. Uni moddiy javobgarlikka tortish mumkinmi?
– Ha, mumkin. Zarar yetkazilgandan keyin mehnat shartnomasining bekor qilinishi sobiq xodimni moddiy javobgarlikdan ozod etmaydi . Sobiq xodim zararni ixtiyoriy qoplashdan bosh tortsa, zararni undirish uchun sudga murojaat qiling.

 

 

Vaziyat
Inventarizatsiyada ishtirok etish rad etilganda zararni undirish
Moddiy javobgar shaxs ishdan boʻshash haqidagi arizani taqdim etdi va inventarizatsiyada ishtirok etishni rad qildi. Inventarizatsiya natijalari boʻyicha ushbu xodim hisobida turgan qimmatliklarda kamomad aniqlansa, mehnat shartnomasi bekor qilingandan keyin ham undan zararni undirish mumkinmi?
– Ha, mumkin. Biroq u zararni ixtiyoriy ravishda qoplamagan taqdirda, sudga murojaat qilishga toʻgʻri keladi .

 

Vaziyat
Ishdan boʻshatilgan bosh buxgalterdan zararni undirish
Bosh buxgalterning tashabbusiga koʻra u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi. Ishdan boʻshatilganidan keyin oʻtkazilgan auditorlik tekshiruvi chogʻida sobiq buxgalterning aybi bilan mablagʻlar xatolik tufayli ortiqcha sarflanganligi oqibatida kamomad yuzaga kelgani aniqlandi. Uni javobgarlikka tortish mumkinmi?
– Ha, mumkin. Mehnat shartnomasi bekor qilinganidan keyin ham xodim shartnoma amal qilgan davrdagi oʻz harakatlari uchun javobgar hisoblanadi . Sobiq bosh buxgalterga zararni ixtiyoriy ravishda qoplashni taklif qiling. U buni rad etgan taqdirda, sudga murojaat qiling.
Da’vo arizasida quyidagilar koʻrsatiladi:
  • zarar yetkazish sabablari;
  • bevosita haqiqatda yetkazilgan zarar summasi (u tekshiruv, taftish, inventarizatsiya materiallari bilan tasdiqlanadi);
  • xodimga zararni ixtiyoriy ravishda qoplashi taklif etilganligi dalili.
Da’vo arizasiga quyidagilar ilova qilinadi:
  • xodimning mehnat shartnomasi;
  • ishga qabul qilish toʻgʻrisidagi buyruq;
  • lavozim yoʻriqnomasi (mavjud boʻlganda);
  • toʻliq moddiy javobgarlik toʻgʻrisidagi shartnoma (mavjud boʻlganda);
  • moddiy qimmatliklar olinganligini tasdiqlovchi hujjatlar;
  • tashkilotda moddiy qimmatliklarni saqlash uchun sharoit yaratilganligini tasdiqlovchi hujjatlar;
  • tekshiruv dalolatnomasi;
  • xodimning zararni ixtiyoriy qoplashdan bosh tortganligi haqidagi tushuntirish xati;
  • xodimning lavozim maoshi miqdori (tarif stavkasi) toʻgʻrisidagi ma’lumotnoma va boshqa hujjatlar.

 

E’tibor bering
Xodimdan moddiy zararni undirish uchun zarar yetkazilganligi aniqlangan kundan boshlab 1 yildan kechiktirmay sudga murojaat qilish lozim . Aks holda sud belgilangan muddatni oʻtkazib yuborishning uzrli sabablari mavjud boʻlmaganda, da’voni qondirishni rad etishi mumkin .

 

Tushuntirishlar material e’lon qilingan paytda amalda boʻlgan normalarni hisobga olgan holda tayyorlangan va ekspertlar fikrini aks ettiradi. Yakuniy qarorni foydalanuvchi aniq vaziyatlarni hisobga olgan holda mustaqil ravishda qabul qiladi
Oʻzbekistonda moliyaviy javobgarlik boʻyicha maslahatlar – moliyaviy javobgarlik holatlari boʻyicha maslahatlar, moliyaviy javobgarlikni roʻyxatdan oʻtkazish oʻzbekistonda moliyaviy javobgarlik, moliyaviy javobgarlik shartlari, moliyaviy javobgarlik boʻyicha maslahatlar Oʻzbekistonda moliyaviy javobgarlik. Bu yerda siz javobgarlik shartlari haqida ma’lumot topasiz. Moliyaviy javobgarlik masalalari boʻyicha maslahatlar va tavsiyalar oling /oz/publish/doc/text175580_hodim_moddiy_zararni_qoplamoqchi_emas1