Qachon jamoa moddiy javobgarligi belgilanishi mumkin

preview

Kompaniya doʻkon ochyapti, unda bir vaqtning oʻzida bir nechta sotuvchi ishlaydi. Ish beruvchi barcha qimmatliklar sotuvchilarga bir yoʻla ishonib topshirilayotganligi sababli ularning har biriga yakka tartibdagi moddiy javobgarlikni yuklay olmaydi. Xodimlar jamoasini moddiy javobgar etib tayinlash mumkinmi?

Buxgalter.uz iltimosiga binoan ushbu savolga «Norma» kompaniyasining mehnat huquqi boʻyicha eksperti Lenara XIKMATOVA javob berdi:

– Ha, shunday qilish mumkin. Yakka tartibdagi javobgarlikdan farqli oʻlaroq, jamoa (brigada) moddiy javobgarligi toʻliq moddiy javobgarlik yuklatiladigan xodimlar guruhiga (brigadaga) topshiriladi .

Quyidagi shartlar bir vaqtning oʻzida bajarilgan taqdirda, jamoa javobgarligi joriy qilinishi mumkin:

  • jamoa xodimlari tomonidan ularning lavozim majburiyatlariga muvofiq ularga topshirilgan qimmatliklarni saqlash, qayta ishlash, sotish (berish), tashish yoki ishlab chiqarish jarayonida foydalanish bilan bogʻliq ishlar birgalikda bajarilishi kerak;
  • har bir xodimning javobgarligi cheklanmasligi va tegishli ravishda, har bir xodim bilan yakka tartibdagi toʻliq moddiy javobgarlik toʻgʻrisida alohida shartnoma tuzilmasligi lozim;
  • bajariladigan ishlar korxonaning jamoa shartnomasida belgilangan jamoa javobgarligi joriy etilishi mumkin boʻlgan boʻlinmalarning roʻyxatiga kiritilishi zarur ;
  • jamoa (brigada) a’zolari – 18 yoshga toʻlgan boʻlishi kerak .

Jamoa moddiy javobgarligi joriy etilishi mumkin boʻlgan boʻlinmalarning roʻyxatini jamoa shartnomasida qayd eting. Bunday shartnoma tuzilmagan boʻlsa, roʻyxatni xodimlarning vakillik organi bilan kelishgan holda ish beruvchining buyrugʻi bilan tasdiqlang .

Quyidagi hollarda xodim rozilik bildirgan taqdirda ham jamoa moddiy javobgarligi toʻgʻrisidagi shartnomani tuzish mumkin emas:

  • jamoa shartnomasida roʻyxat mavjud boʻlmaganda yoki ish beruvchi uni xodimlarning vakillik organi bilan kelishgan holda tasdiqlamaganda;
  • tashkilotda jamoa shartnomasi tuzilmagan, xodimlarning vakillik organi mavjud boʻlmaganda.

Bunga qaramay, siz jamoa moddiy javobgarligi toʻgʻrisidagi shartnomani tuzgan boʻlsangiz, u haqiqiy hisoblanmaydi.


Jamoa javobgarligini joriy qilish uchun:

  1. Bu haqda buyruqni rasmiylashtiring va u bilan xodimlarni imzo chektirib tanishtiring.
  2. Xodimlar guruhi bilan jamoa moddiy javobgarligi toʻgʻrisidagi shartnomani tuzing. Namunaga qarang.

Jamoa moddiy javobgarligini belgilash toʻgʻrisidagi buyruq bilan jamoa rahbari ham tayinlanadi, u umuman olganda jamoa faoliyati uchun mas’ul boʻladi. Biroq bu kamomad aniqlangan hollarda u brigadaning boshqa a’zolariga nisbatan koʻproq yoki kamroq miqdorda zararni qoplashi mumkinligini anglatmaydi.

Jamoa moddiy javobgarligi toʻgʻrisidagi shartnoma ish beruvchi va jamoa rahbari tomonidan imzolanadi. Bundan tashqari, jamoa javobgarligi joriy etilayotgan barcha xodimlar imzo chekishlari lozim.

Shartnoma, qoidaga koʻra, 2 nusxada tuziladi. Ulardan bittasi ish beruvchida, ikkinchisi esa jamoa rahbarida saqlanadi. Lekin brigadaning har bir xodimi uchun ham nusxa rasmiylashtirilishi mumkin.

Jamoa rahbari oʻzgarganda yoki brigadadan boshlangʻich tarkibning 50%idan ortigʻi chiqib ketganda shartnomani qayta tuzish maqsadga muvofiq boʻladi. 

Brigada tarkibidan ayrim xodimlar chiqib ketganida ularning chiqib ketish sanasi chiqib ketgan xodimning imzosi roʻparasida koʻrsatiladi. Jamoaga yangi xodim qabul qilinganda esa uni shartnomaga kiritib imzo chektiring va jamoaga kirgan sanasini koʻrsating.

 

E’tibor bering
Toʻliq jamoa moddiy javobgarligi toʻgʻrisidagi shartnoma tuzilmagan boʻlsa, yetkazilgan zarar miqdori xodimlardan ularning oʻrtacha oylik ish haqi doirasida undiriladi , MKning 202-moddasi 1-qismi 2-7-bandlarida nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno.

 

Shaxs jamoa javobgarligi qoʻllaniladigan boʻlinmaga ishga qabul qilinib, toʻliq moddiy javobgarlik toʻgʻrisidagi shartnomaga imzo chekishni istamagan taqdirda, uni ishga qabul qilishni rad etish mumkin.


Jamoa javobgarligida yetkazilgan zarar qanday undiriladi?

Jamoa moddiy javobgarligida yetkazilgan zarar MKning 204-207-moddalarida nazarda tutilgan umumiy qoidalarga binoan undiriladi. Brigadaning ayrim a’zosi javobgarlikdan ozod boʻlish uchun oʻzining aybi yoʻqligini isbotlab berishi lozim .

Xodimlar yetkazilgan zararni ixtiyoriy ravishda qoplashga rozilik bildirganida, bu haqda yozma bitim tuziladi. Unda jamoa har bir a’zosining aybdorlik darajasi, shuningdek zararni qoplashning muayyan shartlari belgilanadi . 

Tushuntirishlar material e’lon qilingan paytda amalda boʻlgan normalarni hisobga olgan holda tayyorlangan va ekspertlar fikrini aks ettiradi. Yakuniy qarorni foydalanuvchi aniq vaziyatlarni hisobga olgan holda mustaqil ravishda qabul qiladi
Oʻzbekistonda moliyaviy javobgarlik boʻyicha maslahatlar – moliyaviy javobgarlik holatlari boʻyicha maslahatlar, moliyaviy javobgarlikni roʻyxatdan oʻtkazish oʻzbekistonda moliyaviy javobgarlik, moliyaviy javobgarlik shartlari, moliyaviy javobgarlik boʻyicha maslahatlar Oʻzbekistonda moliyaviy javobgarlik. Bu yerda siz javobgarlik shartlari haqida ma’lumot topasiz. Moliyaviy javobgarlik masalalari boʻyicha maslahatlar va tavsiyalar oling /oz/publish/doc/text175581_qachon_jamoa_moddiy_javobgarligi_belgilanishi_mumkin1