Intizomiy jazo choralarini qoʻllashda yoʻl qoʻyiladigan 5 ta xato

preview

Amaliyotda ish beruvchilar tomonidan xodimlarga nisbatan intizomiy jazo choralari notoʻgʻri qoʻllanilgan holatlar koʻp uchraydi. Buxgalter.uz iltimosiga binoan «Norma» kompaniyasining mehnat huquqi boʻyicha eksperti Lenara XIKMATOVA eng koʻp tarqalgan xatoliklar va ular ish beruvchi uchun qanday oqibatlarni yuzaga keltirishi mumkinligi haqida soʻzlab berdi:

1-xato. Xodim ishga mast holda kelganligi uchun unga qat’iy hayfsan e’lon qilindi va bu buyruq bilan rasmiylashtirildi

– MK 181-m. 2-q. normalari buzilgan. MKning 100-moddasi 2-qismi 3 va 4-bandlariga muvofiq ish beruvchi mehnat intizomini buzgan xodimga nisbatan quyidagi intizomiy jazo choralaridan birini qoʻllashga haqli: hayfsan, jarima yoki mehnat shartnomasini bekor qilish. Ushbu moddada nazarda tutilmagan boshqa choralarni qoʻllash taqiqlanadi.

Qat’iy hayfsan ruxsat etilgan jazo choralari jumlasiga kiritilmagan. Hayfsan e’lon qilish mumkin («qat’iy» tushunchasini qoʻllamagan holda).

Shuningdek «ogohlantirish», «tanbeh berish», «tartibga chaqirish» kabi intizomiy jazo choralari mavjud emas.

Aybdor mansabdor shaxsga MJTKning 49-moddasi boʻyicha jarima solinishi mumkin.

Qanday toʻgʻrilash mumkin?

Nojoʻya xatti-harakat aniqlangan kundan e’tiboran bir oydan oʻtmagan boʻlsa, MKning 181-moddasida nazarda tutilgan intizomiy jazo choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi avvalgi buyruq bekor qilinishi va yangi buyruq chiqarilishi lozim.


2-xato. Xodim ishga kechikkanligi uchun ogʻzaki tanbeh berildi va bu holat takrorlanadigan boʻlsa ishdan boʻshatilishi haqida ogohlantirildi. Ishga kechikish holati takrorlanganidan keyin xodim mehnat intizomini muntazam buzganligi uchun ishdan boʻshatildi

– MK 100-m. 2-q. 3-b. va 182-m. normalari buzilgan. Birinchi huquqbuzarlik boʻyicha – intizomiy jazo qoʻllanilganligi hujjat bilan rasmiylashtirilmagan. Tegishli ravishda, xodim nojoʻya xatti-harakat sodir etmagan hisoblanadi. Mazkur holatda ikkinchi marta ishga kechikib kelish muntazam ravishda mehnat intizomini buzish deb e’tirof etish uchun asos boʻla olmaydi.

Aybdor mansabdor shaxsga MJTKning 49-moddasi boʻyicha jarima solinishi yoki u (ilgari noqonuniy ravishda biror xodimni ishdan boʻshatganligi uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan boʻlsa) JKning 148-moddasi boʻyicha jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin.

Xodim da’vo arizasi bilan sudga murojaat qiladigan boʻlsa, ishdan boʻshatish noqonuniy deb tan olinadi va xodim ishga tiklanadi, ish beruvchining zimmasiga esa xodimga yetkazilgan zararni qoplash yuklatiladi:

  • majburiy progul vaqti uchun haq toʻlash;
  • ishdan boʻshatilganligi ustidan shikoyat qilish bilan bogʻliq qoʻshimcha xarajatlar (mutaxassislardan maslahat olish, ish yuritish uchun ketgan xarajatlar va boshqalar) uchun kompensatsiya toʻlash;
  • ma’naviy zarar uchun kompensatsiya toʻlash .

Xodimning iltimosiga koʻra sud ishga tiklash oʻrniga uning foydasiga kamida uch oylik ish haqi miqdorida qoʻshimcha haq undirib berishi mumkin .

Qanday toʻgʻrilash mumkin?

Mehnat shartnomasini bekor qilish toʻgʻrisidagi buyruq bekor qilinadi va xodim ishga tiklanadi.

Oxirgi marta ishga kechikib kelingan paytdan e’tiboran 1 oy oʻtmagan boʻlsa, ushbu huquqbuzarlik hujjatlar bilan rasmiylashtiriladi va intizomiy jazo chorasi qoʻllaniladi. Xodim tomonidan intizomiy jazo qoʻllanilganidan keyin bir yil ichida sodir etiladigan nojoʻya xatti-harakatlar mehnat majburiyatlarini muntazam ravishda buzish deb hisoblanadi.


3-xato. Ish beruvchi xodimdan mehnat intizomini buzganligi uchun tilxat yozishni talab qilmagan va buyruqni rasmiylashtirayotganda uning ish haqidan jarimani ushlab qolgan

– MK 182-m. normalari buzilgan. Xodimdan tilxat yozish talab etilmagan , buyruq rasmiylashtirilmagan.

Aybdor mansabdor shaxsga MJTKning 49-moddasi boʻyicha jarima solinishi mumkin.

Qanday toʻgʻrilash mumkin?

Xodimdan tilxat olinadi (agar u tilxat yozishni rad qilsa – dalolatnoma tuziladi)  va buyruq rasmiylashtiriladi .


4-xato. Xodim ilgari progul uchun bir necha marta intizomiy jazoga tortilgan, oxirgi progul uchun undan jarima undirilgan va mehnat majburiyatlarini muntazam ravishda buzganligi uchun ishdan boʻshatilgan

– MK 182-m. 4-q. normalari buzilgan. Ushbu huquqbuzarlik uchun faqat bitta intizomiy jazo qoʻllanilishi mumkin.

Aybdor mansabdor shaxsga MJTKning 49-moddasi boʻyicha jarima solinishi mumkin.

Qanday toʻgʻrilash mumkin?

Xodimga jarima summasi qaytariladi. Ishdan boʻshatish esa oʻz kuchida qoladi.

5-xato. Ish beruvchi xodimga nojoʻya xatti-harakati uchun bu holat aniqlangandan keyin 2 oy oʻtgach hayfsan e’lon qildi. Xodim bu vaqt ichida ishda boʻlgan: unga kasallik varaqasi ochilmagan, ta’tilga chiqmagan

– MK 182-m. 5-q. normalari buzilgan. Intizomiy jazo nojoʻya xatti-harakat aniqlangandan, xodimning kasal yoki ta’tilda boʻlgan vaqtini hisobga olmasdan, bir oy oʻtgandan keyin qoʻllanilishi mumkin emas.

Aybdor mansabdor shaxsga MJTKning 49-moddasi boʻyicha jarima solinishi mumkin.

Qanday toʻgʻrilash mumkin?

Buyruq bekor qilinadi. 


Tushuntirishlar material e’lon qilingan paytda amalda boʻlgan normalarni hisobga olgan holda tayyorlangan va ekspertlar fikrini aks ettiradi. Yakuniy qarorni foydalanuvchi aniq vaziyatlarni hisobga olgan holda mustaqil ravishda qabul qiladi
Mehnat nizolari Mehnat nizolari Mehnat nizolari /oz/publish/doc/text175588_intizomiy_jazo_choralarini_qullashda_yul_quyiladigan_5_ta_hato1