Noyabr oyida har bir kadrovikka asqotadi:
Kreditni ish haqidan undirish
Ish beruvchi ijro varaqasiga asosan toʻlanmagan kredit boʻyicha xodimning ish haqidan ushlab qolgan. Xodim ishdan boʻshadi va xuddi shu ish beruvchi bilan pudrat shartnomasini tuzdi, unga koʻra u amalda mehnat shartnomasi boʻyicha bajargan ishning oʻzini bajarmoqda. Tashkilot pudrat shartnomasi boʻyicha ish haqidan ushlab qolishga majburmi?
Ha, pudrat shartnomasi boʻyicha toʻlangan haqqa ijro varaqasiga koʻra undiruv qaratilishi mumkin.
Biroq ish beruvchiga ijro varaqasi qarzdor mazkur tashkilotning xodimi boʻlganligi munosabati bilan yuborilgan, demak, u ishdan boʻshagan taqdirda tashkilot ma’muriyati ijro varaqasini davlat ijrochilari* xizmatiga qaytarishi kerak.
Qarzdor jismoniy shaxsga ish haqi yoki unga tenglashtirilgan boshqa toʻlovlarni toʻlayotgan tashkilotlar yoki boshqa shaxslar tomonidan ijro hujjatlarini ijro etish Qoidalarining (Adliya vazirining AV tomonidan 2009 yil 8 iyulda 1980-son bilan roʻyxatga olingan Buyrugʻiga ilova) 26-bandiga binoan qarzdorning yangi yashash va ish joyi haqidagi ma’lumotlar mavjud boʻlsa, tashkilot ularni koʻrsatadi. Shunga koʻra ish beruvchi ijro varaqasini qaytarganda tashkilot xodim bilan pudrat shartnomasini tuzganligini ma’lum qilishi kerak. Shundan soʻng, davlat ijrochisi* mazkur tashkilotga pudrat shartnomasi boʻyicha toʻlanadigan haqqa undiruvni qaratish maqsadida yangidan ijro varaqasini joʻnatishi mumkin.