Noyabr oyida har bir kadrovikka asqotadi:
Tashkilot yaqin 6 oy ichida tugatiladi. Qanday hujjatlar va qaysi arxivga topshirilishi lozim?
– Tashkilot tugatilayotganda shaxsiy tarkib boʻyicha hujjatlar hamda saqlash muddati tugamagan arxiv hujjatlarini ushbu tashkilotda tuziladigan tugatish komissiyasi (tugatuvchi) va arxiv oʻrtasida tuzilgan shartnomaga asosan tartibga keltirilgan holatda arxivga topshirilishi lozim.
Tashkilot Oʻzbekiston viloyatlari va shaharlarida joylashgan arxivlar bilan mustaqil ravishda shartnoma tuzadi, tashkilot joylashgan joydagi arxivni tanlash maqsadga muvofiq boʻladi.
Arxivlar va idoraviy arxivlar ta’sis hujjatlarida belgilangan faoliyat turlari doirasida xizmatlar koʻrsatadilar.
Hujjatlarning qadrini aniqlash va ularni arxivga topshirish uchun tayyorlashda quyidagi ikkita asosiy hujjatga amalga qiling:
- Arxivlar va idoraviy arxivlar tomonidan xizmatlar koʻrsatish tartibi toʻgʻrisida nizom;
- Arxiv hujjatlarini jamlash, davlat hisobiga olish, saqlash va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisida nizom.
Tugatish komissiyasi arxivga topshirish uchun hujjatlarni mustaqil ravishda tanlab olishi mumkin. Biroq xodimlaringiz bunday ish tajribasiga ega boʻlmasalar, arxiv muassasalarining shunday ishlarni bajaradigan mutaxassislarini jalb qiling.
Quyidagilar arxivda saqlash uchun topshirilishi shart:
- xodimlarning shaxsiy hujjatlari;
- shaxsiy tarkib boʻyicha buyruqlar;
- xodimlarga ish haqini hisoblash va toʻlashga, barcha soliqlarni ushlab qolishga oid moliyaviy hujjatlar.
Xodimning shaxsiy hujjatlariga quyidagilar kiradi:
- MKning 80-moddasiga muvofiq ishga qabul qilish vaqtida talab qilinadigan barcha hujjatlarning nusxalari, xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinguniga qadar alohida hisobga olish va saqlash qoidalari boʻyicha asl nusxasi tashkilotda saqlanadigan mehnat daftarchalari bundan mustasno
.
- · mehnat shartnomasining birinchi nusxasi va mehnat shartnomasiga tuzilgan barcha qoʻshimcha bitimlar;
- T-2 shaklidagi shaxsiy kartochka
.
T-2 shaklidagi kartochkada xodimga taalluqli barcha soʻrovnoma (shaxsiy) ma’lumotlari aks ettiriladi va ushbu tashkilotdagi butun mehnat faoliyati koʻrsatiladi: boshqa ishga (lavozimlarga) oʻtkazilishi, barcha turdagi ta’tillardan foydalanishi, attestatsiyadan oʻtkazilishi, malaka oshirganligi va h.k.
Mehnat faoliyati jarayonida T-2 shaklidagi kartochkaga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritib boriladi, bu oʻzgartirishlar qanday hujjatlarga asosan kiritilganligini har doim aniqlash mumkin boʻladi. Bu esa keyinchalik arxiv hujjatlarini topish hamda xodimning mehnat faoliyatidagi bu yoki bu davrlarni tasdiqlash ishlarini osonlashtiradi. T-2 shaklidagi shaxsiy kartochka xodimning shaxsiy hujjatlari asosi hisoblanadi.
Barcha xodimlarning, shu jumladan avval ishdan boʻshab ketgan xodimlarning shaxsiy hujjatlari arxivga topshiriladigan paytga qadar tashkilotda saqlanadi.
Valeriya LYaNDRES,
«Norma» kompaniyasi eksperti.