Noyabr oyida har bir kadrovikka asqotadi:
«Xodim 2019-2021 yillarda Lyuksemburgdagi xorijiy korxonada mehnat shartnomasi asosida ishlagan. Ushbu tashkilot uning mehnat daftarchasiga hech qanday yozuv kiritmagan. Ushbu davrni xodimning ish stajiga qanday kiritish kerak?».
Savolga "Norma" eksperti, yurist Nurali Nurmuhamedov javob berdi:
– Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining qonunchilik hujjatlariga muvofiq hukumatlararo, idoralararo shartnomalar (bitimlar) asosida va xususiy mehnat kontraktlari boʻyicha faqat Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi va Fuqarolarni chet ellarda ishga joylashtirish boʻyicha xoʻjalik hisobidagi mintaqaviy byurolarning koʻmagida chet ellarda amalga oshirgan mehnat faoliyati toʻgʻrisidagi ma’lumotlarga koʻra mehnat daftarchalariga tegishli yozuvlar kiritiladi
.
Ilk bor oʻzining mehnat faoliyatini chet ellarda boshlagan fuqarolarga mehnat daftarchalari Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi tomonidan rasmiylashtirib beriladi.
2020 yil 1 yanvardan boshlab fuqarolarning mehnat faoliyati, mehnat shartnomasi, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida roʻyxatdan oʻtganlik, oʻzini oʻzi band qilganligi, vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun chet elga ketayotgan fuqarolar tomonidan byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga toʻlangan sugʻurta badallari elektron mehnat daftarchasida qayd etiladi
.
Chet elda ishlayotgan fuqaro ijtimoiy soliqni ixtiyoriy ravishda toʻlaydi
. Agar u chet elda ishlagan paytida Oʻzbekiston pensiya jamgʻarmasiga ixtiyoriy ravishda ijtimoiy soliq toʻlagan boʻlsa (2019 yilda bu yagona ijtimoiy toʻlov edi), uning ish staji Davlat bandlik xizmati tomonidan elektron mehnat daftarchasiga kiritiladi. Faqat bu holatdagina xodim ushbu davr uchun davlat pensiya ta’minoti huquqini oladi.