Noyabr oyida har bir kadrovikka asqotadi:
«Korxonada kadrlar boʻyicha inspektor lavozimi boʻsh, ammo uning vazifalarini bosh buxgalter bajaradi. U mehnat daftarchasiga yozuvlar kiritishga haqlimi? Ularni toʻldirishga kimning haqqi bor?».
Kadrovik.uz tushuntiradi:
– Agar xodimlarning mehnat daftarchalariga yozuvlar kiritish vakolati korxonaning buyrugʻi bilan bosh buxgalterga topshirilmagan boʻlsa, u bunga haqli emas.
Odatda, mehnat daftarchalarini yuritish boʻyicha ishlarni tashkil etish (ularni saqlash, hisobga olish va berish) uchun javobgarlik ish beruvchiga yuklatiladi. Biroq, ularga yozuvlar kiritish (mehnat daftarchalarini yuritish) uchun javobgarlikni ish beruvchining buyrugʻi (farmoyishi) bilan tayinlangan maxsus vakolatli shaxs oʻz zimmasiga oladi.
Agar ish beruvchining buyrugʻi (farmoyishi) bilan mehnat daftarchalarini yuritish uchun mas’ul xodim tayinlanmagan boʻlsa va bu ularni yuritish, sotib olish, hisobga olish va foydalanish tartibi buzilishiga olib kelgan boʻlsa, ish beruvchining mansabdor shaxslari Ma’muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksning 49-moddasiga binoan javobgarlikka tortilishi mumkin.
Nima qilish kerak
Koʻrib chiqilayotgan vaziyatda ish beruvchining bosh buxgalterga (yoki korxonaning boshqa xodimiga) mehnat daftarchalarini yuritish boʻyicha vakolat berish toʻgʻrisida buyruq chiqarishi maqsadga muvofiq sanaladi
.