Noyabr oyida har bir kadrovikka asqotadi:
«Xodimlar ish kuni boshlanishidan avval maxsus kiyim-bosh kiyadilar va oʻz ish joyini tayyorlaydilar. Ish kuni oxirida ularga ish joyini tartibga solish, choʻmilish va kiyim-bosh almashtirish uchun yana vaqt kerak boʻladi. Bu davrlar ish vaqtiga kiritiladimi? Agar xodim bu ishlarni ish kuni boshlanishidan avval qilsa, ish joyini tayyorlash vaqti ishdan tashqari ish hisoblanadimi? Agar xodimlarni uyiga xizmat transporti olib borib qoʻysa, bunday vaziyatda ishga kelish va ishdan ketish vaqti qanday belgilanadi?».
Kadrovik.uz tushuntiradi:
Xodim ichki mehnat tartib qoidalariga, smenalarga boʻlinib ishlash (ish) jadvallariga, boshqa ichki hujjatlarga yoki mehnat shartnomasi shartlariga muvofiq mehnat majburiyatlarini qaysi vaqt mobaynida bajarishi kerak boʻlsa, oʻsha vaqt ish vaqtidir
.
Ish vaqtiga quyidagilar kiritiladi:
- xodim mehnat majburiyatlarini haqiqatda bajargan vaqt;
- xodimning aybisiz bekor turib qolingan vaqt;
- texnologiya hamda ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etish bilan bogʻliq boʻlgan tanaffuslar;
- bolani ovqatlantirish uchun tanaffuslar;
- asosiy va tayyorgarlik-yakuniy ishlarni bajarish vaqti – kiyim, materiallar, asbob-uskunalar olish, texnika, hujjatlar bilan tanishish, ish oʻrnini tayyorlash va tozalash, tayyor mahsulotni topshirish;
- mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikda hamda mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan boshqa vaqt davrlari.
Ushbu davrlar hisobga olishini kerak va bu jarayon ish beruvchi tomonidan tashkil etilishi shart. Bunda mehnat majburiyatlarining haqiqatda bajarilgan vaqti ichki mehnat tartib qoidalariga, ishlash (smenalarga boʻlinib ishlash) jadvaliga yoki ish beruvchining alohida koʻrsatmasiga binoan xodim ish bajariladigan joyga kelgan paytdan e’tiboran hamda ushbu ish kunida (smenada) ishdan haqiqatda ozod boʻlgan paytga qadar hisobga olinadi
. Ushbu vaqt oraligʻiga quyidagilar uchun zarur boʻlgan vaqt kiritilmaydi hamda hisobga olinmaydi:
- yashash joyidan doimiy ish joyiga (doimiy yigʻilish joyiga) borish va qaytib kelish vaqti;
- ish joyiga kiraverishdan to ish joyigacha boʻlgan yoʻl uchun;
- ish boshlanishidan oldin va ish tugaganidan keyin kiyim-bosh almashtirish uchun;
- ishdan ketayotganda roʻyxatdan oʻtish uchun
.
Tegishincha, bu davrlar ish vaqtiga kiritilmaydi. Agar mehnat shartnomasi, jamoa kelishuvi yoki boshqa ichki me’yoriy-huquqiy hujjatda ish beruvchining xodimlarni doimiy ish joyiga olib borish va qaytarib kelish majburiyati nazarda tutilgan boʻlsa, xizmat avtobusining hududdan chiqib ketishi ish kunining oxiriga rejalashtiriladi. Aniq joʻnash vaqti ichki hujjatlarda nazarda tutilishi mumkin. Bunda, fikrimizcha, u xodimlarning transport vositasi turgan joygacha yetib kelishi uchun ma’lum vaqt zaxirasini oʻz ichiga olishi kerak.
Agar xodimlar joʻnab ketish vaqtiga rozi boʻlmasalar va bu masala boʻyicha ish beruvchi bilan nizo yuzaga kelsa, kasaba uyushmasi qoʻmitasi yoki ish beruvchi oldida xodimlarning manfaatlarini himoya qiluvchi xodimlarning boshqa vakillik organini jalb qilish maqsadga muvofiqdir.
Ish vaqtiga ish joyini tayyorlash va tozalash vaqti kiritiladi. Ammo bu harakatlarni ishdan tashqari ish sifatida tan olish uchun ish joyini tayyorlash va tozalash:
1) xodimning mehnat shartnomasi, lavozim yoʻriqnomalari, tashkilotning ichki hujjatlarida belgilangan mehnat majburiyatlariga kiritilishi;
2) xodimga belgilangan ish vaqtidan tashqari vaqtda bajarilishi;
3) xodimning tashabbusi bilan emas, balki ish beruvchining farmoyishi bilan bajarilishi kerak.
Ishdan tashqari ish vaqti ishlangan vaqt tarkibida alohida hisobga olinadi va unga kamida ikki hissa miqdorida haq toʻlanadi.