Noyabr oyida har bir kadrovikka asqotadi:
Kompaniyada ishlash davrida xodimga uning mehnat faoliyatining u yoki bu dalilini tasdiqlovchi hujjat kerak boʻlishi mumkin.
Ish beruvchi xodimga qanday hujjatlarni va qaysi muddatlarda berishga majburligini, shuningdek xodim oʻz iltimosini qanday shaklda bayon qilishi kerakligini «Norma» eksperti, huquqshunos Lenara XIKMATOVA tushuntirdi:
– Xodim ish beruvchidan oʻzining ishi bilan bogʻliq hujjatlarni olishga haqli. Yangi Mehnat kodeksining 117-moddasida bular quyidagilar boʻlishi mumkinligi koʻrsatilgan: ishga qabul qilish toʻgʻrisidagi, boshqa ishga oʻtkazish haqidagi buyruqlarning koʻchirma nusxalari, qogʻoz shaklidagi yoxud elektron mehnat daftarchasidan koʻchirmalar, ish haqi toʻgʻrisidagi, hisoblangan hamda xodim tomonidan haqiqatan toʻlangan soliqlar va yigʻimlar haqidagi, mazkur ish beruvchida ishlash davri toʻgʻrisidagi ma’lumotnomalar va boshqalar.
MKda sanab oʻtilgan hujjatlar roʻyxati toʻliq emas. Zarurat boʻlganda xodim ushbu kompaniyadagi mehnat faoliyati toʻgʻrisidagi ma’lumotlar bilan boshqa hujjatlarni ham talab qilishga haqli. Masalan, ta’tilni taqdim qilish, malaka oshirish, attestatsiya va boshqalar bilan bogʻliq.
Ish beruvchidan qanday talab qilish kerak
Buning uchun xodim yozma ariza topshirishi kerak. Ogʻzaki soʻrov ish beruvchini uni bajarishga majbur qilmaydi.
Ariza erkin shaklda tuziladi. Arizada xodim iltimosini yozma bayon qilib, talab qilinayotgan hujjatni koʻrsatishi kifoya qiladi. Arizaga albatta sana qoʻyilishi kerak.
Agar ma’lumotnoma kerak boʻlsa, unda qanday ma’lumotlar yozilishi kerakligini aniq koʻrsatish tavsiya etiladi.
Hujjat qanday maqsadlar uchun kerakligini arizada aks ettirish shart emas, bu xodimning ixtiyorida. Ish beruvchi bunday ma’lumotning yoʻqligi sababli hujjat berishni rad etishga haqli emas.
Shuningdek, ish beruvchi xodimdan tegishli hujjatlarni berish boʻyicha uchinchi shaxslarning soʻrovlari yoki talablarini taqdim qilishni talab qilishga haqli emas.
Ma’lumotnoma qancha muddatda beriladi va u qanday rasmiylashtiriladi
Ish beruvchi ariza berilgan kundan e’tiboran uch ish kunidan kechiktirmay xodimga kerakli hujjatni berishi shart
. Shuning uchun xodim ariza tuzilgan sanani koʻrsatishi muhim.
Ish bilan bogʻliq hujjatlarning koʻchirma nusxalari tashkilot rahbarining yoki boshqa vakolatli shaxsning imzosi, shuningdek muhri (u mavjud boʻlgan taqdirda) bilan tasdiqlangan boʻlishi kerak.
Xodimning mehnat faoliyati toʻgʻrisidagi ma’lumotnoma asl nusxada, qoida tariqasida, firmaga oid blankda taqdim etiladi. Agar blank boʻlmasa, tashkilot rekvizitlari bilan muhr qoʻyiladi.
Ma’lumotnomada quyidagilar boʻlishi kerak:
- tashkilot nomi;
- berilgan sana koʻrsatilgan holda roʻyxatga olish raqami;
- rahbar, shuningdek ma’lumotnoma tuzuvchi shaxs imzosi.
Ma’lumotnoma tashkilot muhri (u mavjud boʻlgan taqdirda) bilan tasdiqlanadi.
Ish beruvchi ish bilan bogʻliq hujjatlar va ularning koʻchirma nusxalarini taqdim qilgani uchun xodimdan toʻlov talab qilishga haqli emas
.
Agar ish beruvchi hujjatlarni uch ish kuni davomida bermasa, xodim Davlat mehnat inspeksiyasiga shikoyat qilishga haqli. Ish beruvchi buning uchun Ma’muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 49-moddasi boʻyicha ma’muriy javobgarlikka tortilishi mumkin.