Noyabr oyida har bir kadrovikka asqotadi:
Amaliyotda ish beruvchilar tomonidan xodimlarga nisbatan intizomiy jazo choralari notoʻgʻri qoʻllanilgan holatlar koʻp uchraydi. «Norma»ning mehnat huquqi boʻyicha eksperti Lenara XIKMATOVA eng koʻp tarqalgan xatolar va ular ish beruvchi uchun qanday oqibatlarni yuzaga keltirishi mumkinligi haqida soʻzlab berdi:
Ushbu maqolada biz faqat umumiy intizomiy javobgarlikni qoʻllash tartibiga toʻxtalamiz, bular:
- Mehnat kodeksi va tashkilotning IMTQ tomonidan tartibga solinadi;
- xodimga yangi MKning 312-moddasida nazarda tutilgan intizomiy jazolardan birini qoʻllashni nazarda tutadi;
- maxsus intizomiy javobgarlik belgilangan xodimlardan tashqari boshqa barcha xodimlarga nisbatan tatbiq qilinadi*.
* Xodimlarning ayrim toifalari uchun maxsus intizomiy javobgarlik nazarda tutilgan. U tegishli qonunlar, nizomlar va intizom toʻgʻrisidagi nizomlar bilan (masalan, harbiy xizmatchilar, sudyalar, temir yoʻl transporti xodimlari, davlat xizmatchilari va boshqalar uchun) belgilanadi. Bunday xodimlarga yangi MKning 312-moddasida nazarda tutilmagan, ammo tegishli qonun, ustav va intizom toʻgʻrisidagi nizomda nazarda tutilgan boshqa intizomiy choralar qoʻllanilishi mumkin. Misol uchun, davlat xizmatchilari uchun hayfsan, jarima va lavozimidan ozod qilishdan tashqari malaka darajasini pasaytirish, davlat fuqarolik xizmati lavozimini pasaytirish kabi intizomiy choralar qoʻllanilishi mumkin
.
1-xato. Ishga mast holda kelganligi uchun xodimga buyruq bilan qat’iy hayfsan e’lon qilindi
Yangi MKning 312-m. 2-q. buzilgan. MKning 161-moddasi 2-qismi 4 va 5-bandlariga muvofiq ish beruvchi mehnat intizomini buzgan xodimga nisbatan quyidagi intizomiy jazo choralaridan birini qoʻllashga haqli: hayfsan, jarima yoki mehnat shartnomasini bekor qilish. Ushbu moddada nazarda tutilmagan boshqa choralarni qoʻllash taqiqlanadi.
«Qat’iy hayfsan» ruxsat etilgan jazo choralari jumlasiga kiritilmagan. Hayfsan e’lon qilish mumkin («qat’iy» tushunchasini qoʻllamagan holda).
Shuningdek «ogohlantirish», «tanbeh berish», «tartibga chaqirish» kabi intizomiy jazo choralari mavjud emas.
Aybdor mansabdor shaxsga MJTKning 49-moddasi boʻyicha jarima solinishi mumkin.
Qanday toʻgʻrilash mumkin
Intizomiy qilmish aniqlangan kundan e’tiboran bir oydan oʻtmagan boʻlsa, Yangi MKning 312-moddasida nazarda tutilgan «toʻgʻri» intizomiy jazo choralarini qoʻllash va avvalgi buyruq bekor qilinishi toʻgʻrisida yangi buyruq rasmiylashtiring
.
2-xato. Xodimga ishga kechikkanligi uchun ogʻzaki tanbeh berildi va bu holat takrorlanadigan boʻlsa, ishdan boʻshatilishi haqida ogohlantirishdi. Ishga kechikish holati takrorlanganidan keyin xodim mehnat intizomini muntazam buzganligi uchun ishdan boʻshatildi
Yangi MKning 313-m. va 161-m. 2-q. 4-b. buzilgan. Birinchi huquqbuzarlik boʻyicha intizomiy jazo qoʻllanilganligi hujjat bilan rasmiylashtirilmagan. Tegishincha, xodim nojoʻya xatti-harakat sodir etmagan hisoblanadi. Mazkur holatda ikkinchi marta ishga kechikib kelish muntazam ravishda mehnat intizomini buzish deb e’tirof etish uchun asos boʻla olmaydi.
Aybdor mansabdor shaxsga MJTKning 49-moddasi boʻyicha ma’muriy javobgarlikka tortilishi yoki agar u ilgari noqonuniy ravishda biror xodimni ishdan boʻshatganligi uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan boʻlsa, JKning 148-moddasi boʻyicha jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin.
Xodim da’vo arizasi bilan sudga murojaat qiladigan boʻlsa, ishdan boʻshatish noqonuniy deb tan olinadi va xodim ishga tiklanadi, ish beruvchining zimmasiga esa xodimga yetkazilgan zararni qoplash yuklatiladi:
- majburiy progul vaqti uchun haq toʻlash;
- ishdan boʻshatilganligi ustidan shikoyat qilish bilan bogʻliq qoʻshimcha xarajatlar (mutaxassislardan maslahat olish, ish yuritish uchun ketgan xarajatlar va boshqalar) uchun kompensatsiya toʻlash;
- ma’naviy zarar uchun kompensatsiya toʻlash**.
** Ma’naviy ziyonni kompensatsiya qilish miqdori ish beruvchining harakatlarini baholashni hisobga olgan holda sud tomonidan belgilanadi, lekin bu miqdor xodimning oʻrtacha oylik ish haqidan kam boʻlishi mumkin emas
.
Xodimning iltimosiga koʻra sud ishga tiklash oʻrniga uning foydasiga kamida uch oylik ish haqi miqdorida qoʻshimcha haq undirib berishi mumkin
.
Qanday toʻgʻrilash mumkin
Mehnat shartnomasini bekor qilish toʻgʻrisidagi buyruqni bekor qiladigan va xodimni ishga tiklaydigan buyruq rasmiylashtiring. Uning yetkazilgan moddiy zarar va ma’naviy ziyonni qoplash toʻgʻrisidagi talabini qondiring. Qoplash miqdori toʻgʻrisidagi masalani xodim bilan kelishgan holda hal qiling.
Agar oxirgi marta ishga kechikib kelingan paytdan 1 oy oʻtmagan boʻlsa, ushbu huquqbuzarlikni hujjatlar bilan rasmiylashtiring va yangi MKning 312-m.da nazarda tutilgan intizomiy jazo chorasini qoʻllang. Xodim tomonidan intizomiy jazo qoʻllanilganidan keyin bir yil ichida sodir etiladigan nojoʻya xatti-harakatlarni endi mehnat majburiyatlarini muntazam ravishda buzish deb hisoblash mumkin.
3-xato. Ish beruvchi xodimdan mehnat intizomini buzganligi uchun tilxat yozishni talab qilmagan va buyruqni rasmiylashtirayotganda uning ish haqidan jarimani ushlab qolgan
Yangi MKning 313-m. buzilgan: xodimdan yozma tushuntirish talab etilmagan va buyruq rasmiylashtirilmagan.
Aybdor mansabdor shaxsga MJTKning 49-moddasi boʻyicha jarima solinishi mumkin.
Qanday toʻgʻrilash mumkin
Xodimdan tushuntirish oling (agar u tilxat yozishni rad qilsa – guvohlarni koʻrsatgan holda dalolatnoma tuzing) va intizomiy jazo chorasini qoʻllash toʻgʻrisida buyruq rasmiylashtiring
. Ish beruvchining xodimga nisbatan intizomiy jazo chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi buyrugʻi qabul qilingan kundan e’tiboran uch ish kuni ichida, xodim ishda boʻlmagan vaqt hisobga olinmasdan, unga jazoning sabablari koʻrsatilgan holda imzo qoʻydirib e’lon qilinadi. Xodimning intizomiy jazo chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi buyruq bilan tanishishni rad etishi hozir boʻlgan guvohlar koʻrsatilgan holda dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi. Bunday holda xodim buyruq bilan tanishtirilgan deb hisoblanadi.
4-xato. Xodim ilgari progul uchun bir necha marta intizomiy jazoga tortilgan, oxirgi progul uchun undan jarima undirilgan va mehnat majburiyatlarini muntazam ravishda buzganligi uchun ishdan boʻshatilgan
Yangi MKning 313-m. 3-q. buzilgan. Ushbu huquqbuzarlik uchun faqat bitta intizomiy jazo qoʻllanilishi mumkin.
Aybdor mansabdor shaxsga MJTKning 49-moddasi boʻyicha jarima solinishi mumkin.
Qanday toʻgʻrilash mumkin
Jarima qoʻllash haqida gap borgan avvalgi buyruq qismini bekor qilish toʻgʻrisida buyruq rasmiylashtiring. Mehnat shartnomasini bekor qilishga taalluqli buyruqning boshqa qoidalarini oʻz kuchida qoldiring Xodimga jarima summasini qaytaring.
5-xato. Ish beruvchi xodimga nojoʻya xatti-harakati uchun bu holat aniqlangandan keyin 2 oy oʻtgach hayfsan e’lon qildi. Xodim bu vaqt ichida ishda boʻlgan: unga kasallik varaqasi ochilmagan, ta’tilga chiqmagan
Yangi MKning 314-m. 1-q. buzilgan. Intizomiy jazo nojoʻya xatti-harakat aniqlangandan, xodimning kasal yoki ta’tilda boʻlgan vaqtini hisobga olmasdan, bir oy oʻtgandan keyin qoʻllanilishi mumkin emas. Intizomiy jazo qoʻllash tartibi buzilganligi uchun xodim intizomiy jazo olgan deb hisoblanmaydi.
Aybdor mansabdor shaxsga MJTKning 49-moddasi boʻyicha jarima solinishi mumkin.
Qanday toʻgʻrilash mumkin
Intizomiy jazo chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi buyruqni bekor qilish toʻgʻrisida buyruq rasmiylashtiring.