Noyabr oyida har bir kadrovikka asqotadi:
Agar xodim oliy, oʻrta maxsus va kasb-hunar ta’limi toʻgʻrisidagi diplomini yoʻqotgan yoki unga shikast yetkazgan boʻlsa, u interaktiv davlat xizmatlarining yagona portalida (IDXYaP) elektron xizmat yordamida dublikat olishi mumkin.
Oliy yoki oʻrta maxsus, kasb-hunar ta’limi tashkilotini tugatganligi toʻgʻrisidagi diplom ishga kirishda talab qilinadigan hujjatlar sirasiga kiradi. Ammo u har doim kerak boʻlmaydi, faqat tegishli ta’lim mehnat shartnomasi boʻyicha ishlarni bajarish uchun talab qilingan taqdirda kerak boʻladi
.
PQ-4939-sonli Prezident qarori bilan Milliy malakalar ramkasi boʻyicha 8 malaka darajalari tasdiqlangan
. Ularning har biri uchun, oʻz navbatida, talab qilinadigan ta’lim va kasbiy tayyorgarlik darajasi koʻrsatilgan. Ish beruvchilar ma’lum bir lavozimga (kasbga) ta’lim talablarini belgilashda tegishli malaka darajasidan va xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatori – XALIKK-2020 dan kelib chiqadilar.
XALIKK-2020 da shuningdek, Milliy malakalar ramkasi boʻyicha har bir kasb va lavozim uchun ta’lim va malaka darajalari belgilangan.
Ayrim lavozim (kasblar)* uchun tegishli ta’limning mavjudligi toʻgʻridan toʻgʻri qonunchilik bilan nazarda tutilgan.
* Misol uchun, 19.01.2017 y. PQ-2733-sonli Prezident qarori yuridik xizmat xodimi yoxud yuriskonsult lavozimida oliy yuridik ma’lumotga ega boʻlgan yoki Toshkent davlat yuridik universiteti huzuridagi Yuridik kadrlarni xalqaro standartlar boʻyicha professional oʻqitish markazida yuridik mutaxassislik boʻyicha qayta tayyorlash kurslarini tamomlagan va belgilangan namunadagi diplomni olgan shaxs ishlashi mumkinligini belgilaydi.
Shunday qilib, diplomni tiklash xizmatidan foydalanish uchun:
1) Davlat xizmatlari portaliga kiring va avtorizatsiyadan oʻting;
2) xizmatlar sahifasiga oʻting;
3) arizani topshirishda ikkita shaklni toʻldiring:
- shaxsiy ma’lumotlar (agar familiya, ismingiz yoki otangizning ismini oʻzgartirgan boʻlsangiz, albatta koʻrsating);
- ta’lim muassasasi, oʻqish yillari va olingan mutaxassislik haqida ma’lumot;
4) dublikatni olish shaklini tanlang – pochta orqali yoki shaxsan kelib;
5) xizmat uchun toʻlovni amalga oshiring. Arizani IDXYaP orqali topshirishda yigʻim miqdori 10% chegirma bilan BHMning 1 baravarini – 270 ming soʻmni tashkil qiladi.
Xizmat koʻrsatish muddati – 15 ish kuni. Faqat 2 sababga koʻra sizning iltimosingizni rad etishlari mumkin:
- koʻrsatilgan xizmat uchun yigʻimni toʻlamaslik;
- taqdim etilgan ma’lumotlarning ishonchsizligi.
Agar arizani toʻldirishda ariza beruvchi xato qilgan, notoʻgʻri ma’lumotlarni koʻrsatgan boʻlsa, hammasini 5 ish kuni ichida tuzatish mumkin. U bu haqda ariza topshirilgandan keyin 1 ish kuni ichida xabarnoma oladi. Agar u belgilangan muddat ichida tuzatishlar kiritmasa, unga diplomning dublikati berilmaydi.
Saida JANIZAKOVA tayyorladi