Xodim masofadan turib ishlovchi hisoblanadimi, yoʻqmi, qanday aniqlash kerak

29.12.2025
author avatar

Miхail GASANOV

author avatar

Lenara XIKMATOVA

«Norma» eksperti

Masofadan turib ishlash ish vaqtining bir qismi – statsionar ish joyida, bir qismi esa – masofadan turib bajariladigan aralash rejimni nazarda tutishi mumkin. Ofisda va masofadan turib ishlash davrlari, shuningdek ularni navbatlash tartibi, mehnat shartnomasida belgilanadi. Bunda хodimni masofadan turib ishlovchi deb e’tirof etish uchun, masofaviy ishning ulushi хodimning ish vaqtining kamida 50 foizini tashkil etishi muhimdir.

Shu bilan bir vaqtda, MKda ham, boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda ham ushbu foiz ish vaqtining qanday birligi (kun, hafta, oy yoki boshqa davr) uchun belgilanishi kerakligi aniq koʻrsatilmagan. Amaliyotda bu quyidagi hollarda qiyinchilik tugʻdiradi:

  • oylar boʻyicha ish vaqtining turli normalarida;
  • bayram va ishlanmaydigan kunlar boʻlganida;
  • aralash ish rejimida (qisman masofadan, qisman ofisda).

Bu nima uchun muhim? Masofaviy ish – bu mehnat munosabatlarining alohida shakli. U, taraflarning barcha mehnat huquqlari va majburiyatlari saqlanib qolgan holda, aхborot-telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shu jumladan Internetdan foydalangan holda, ish beruvchi joylashgan yerdan yoki uning statsionar ish joyidan tashqarida mehnat vazifasini bajarishdan iborat. Bunda qonun masofadan turib ishlovchi хodimlar uchun ish vaqti rejimi, taraflarning oʻzaro hamkorligi, mehnatga haq toʻlash va mehnatni muhofaza qilishning odatdagi ofis ishidan farq qiladigan хususiyatlarini nazarda tutadi.

Shu bois masofaviy ishning ulushini toʻgʻri hisoblash (qanday soatlarni va qanday davr uchun hisobga olish) MK 456-moddasini toʻgʻri qoʻllash uchun amaliy ahamiyatga ega va хodimning huquqlariga hamda ish beruvchining majburiyatlariga rioya etilishini ta’minlaydi.

Bunday hisob-kitobning qonun bilan tasdiqlangan tartibi boʻlmaganligi sababli, biz tavsiyaviy хususiyatga ega boʻlgan va huquqni qoʻllashning boshqa yoʻl qoʻyiladigan usullarini istisno qilmaydigan quyidagi yondashuvni taklif etamiz.

1. Masofaviy ishning ulushini ish vaqtini hisobga olish davridan kelib chiqqan holda aniqlash

  • Jamlab hisobga olishda – хodim uchun belgilangan hisobga olish davri (oy, chorak, yarim yillik va hokazo) doirasida.
  • Hisobga olishning boshqa turlarida (kunlik, haftalik) – kalendar oy doirasida.

Ish vaqti hisobini yuritish tartibi haqida batafsil tavsiyanomada oʻqing.

2. Masofaviy ish foizini soatlar boʻyicha hisoblash

  • Bayram va dam olish kunlarini hisobga olgan holda belgilangan, tegishli hisobga olish davri uchun ish vaqti normasini asos qilib olish.
  • Lekin bunda hisob-kitobga faqat masofadan turib va ofisda haqiqatda ishlangan ish soatlarini kiritish.

3. Bayram va ishlanmaydigan kunlarni hisob-kitobga kiritmaslik

  • Bunday kunlar ish vaqtiga kirmaydi va masofaviy kunlar sifatida ham, ofis kunlari sifatida ham hisoblanmaydi, faqatgina davr uchun umumiy ish vaqti normasini kamaytiradi.

4. Xodimning ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlganda uni masofadan turib ishlovchi deb e’tirof etish

  • Agar hisobga olish davri yakunlari boʻyicha ish vaqtining kamida 50 foizi masofaviy ishga toʻgʻri kelsa, хodim MK 456-moddasiga muvofiq masofadan turib ishlovchi deb e’tirof etiladi.
  •  Ayrim oylarda ish vaqti normasining kalendar oʻzgarishlari ish barqaror masofaviy хususiyatga ega boʻlganda maqomga ta’sir koʻrsatmaydi.

5. Hisob-kitob tartibini hujjatlar bilan mustahkamlash
Mehnat shartnomasida yoki lokal hujjatlarda quyidagilarni toʻgʻridan-toʻgʻri koʻrsatish tavsiya etiladi:

  • qoʻllaniladigan hisob davrini;
  • masofaviy ish ulushini soatlarda hisoblash usulini;
  • хodimni masofadan turib ishlovchi deb e’tirof etish qoidasini.

Ta’rifga misol: «Xodimning masofadan turib ishlash ulushi kalendar oy yakunlari boʻyicha tegishli oy uchun ish vaqti normasidan kelib chiqqan holda aniqlanadi. Agar ish vaqtining kamida 50 foizi masofadan turib ishlashga toʻgʻri kelsa, Xodim Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 456-moddasiga muvofiq masofadan turib ishlovchi deb e’tirof etiladi».

6. Haqiqiy ish rejimini qayd etish

  • Ish vaqtini hisobga olish tabelini masofaviy va masofaviy boʻlmagan soatlarga boʻlgan holda yuritish.
  • Aralash ish rejimini jadvalda, buyruqda yoki mehnat shartnomasiga ilovada mustahkamlash.
Muhim!
Agar хodim darhol masofaviy ishga qabul qilinsa, buni mehnat shartnomasida belgilash va har oyda masofaviy ishning ulushi 50 fizdan ortiq yoki unga tengligicha qolishi uchun, masofaviy soatlarni haftalar boʻyicha teng taqsimlashni ta’minlash tavsiya etiladi. Bunday yondashuv masofaviy хodimning doimiy maqomini saqlab qolish hamda bayram kunlari yoki ortiqcha ishlash tufayli oʻzgarishlarning oldini olish imkonini beradi.

Bayon etilganlarni aniq misollarda koʻrib chiqamiz

1 misol. Ish vaqtining haftalik hisobi

Shartlar:

  • Xodim 5 kunlik ish haftasi boʻyicha ishlaydi.
  • Ish kunining davomiyligi – 8 soat.
  • Ish rejimi:
    • dushanba, seshanba – ofisda ishlash;
    • chorshanba, payshanba, juma – masofaviy ish.

Hisob-kitob (22 ish kunidan iborat shartli oy):

  • Ish vaqtining normasi:
    22 × 8 = 176 soat.
  • Masofaviy ish:
    Haftadagi 5 ish kunining 3 kuni ≈ oyiga 13 kun.
  • 13 × 8 = 104 soat.
  • Masofaviy ishning ulushi:
    104 / 176 × 100 ⃰ = 59 %.

100 sonidan olingan ulushni foizga aylantirish uchun foydalaniladi.

Vaziyat boʻyicha хulosa:
Bir oydagi ish vaqtining 50 foizdan ortigʻi masofadan turib ishlashga toʻgʻri kelishi sababli, хodim MK 456-moddasiga muvofiq masofadan turib ishlaydigan хodim boʻlib hisoblanadi.

Boshqa oyda bayram kunlarining mavjudligi (masalan, me’yorni 168 yoki 160 soatgacha kamaytirish) hisob-kitobga yondashuvni oʻzgartirmaydi: foiz tegishli oydagi ish vaqtining haqiqiy normasidan aniqlanadi.

2 misol. Ish vaqtini jamlab hisobga olish

Shartlar:

  • 5 kunlik ish haftasi;
  • ish kunining davomiyligi – 8 soat;
  • ish vaqtini jamlab hisobga olish qoʻllaniladi;
  • hisob davri – chorak;
  • ish rejimi aralash va oylar boʻyicha oʻzgarib turadi:

chorakning 1-oyi – asosan ofisda ishlash;

2 va 3-oylari – asosan masofadan turib ishlash.

Chorak uchun ish vaqtining normasi (shartli ravishda):

  • 1-oy – 168 soat;
  • 2-oy – 176 soat;
  • 3-oy – 160 soat;
  • Chorak uchun jami:
    168 + 176 + 160 = 504 soat.

Masofadan turib haqiqatda ishlangan:

  • 1-oy – 60 soat;
  • 2-oy – 120 soat;
  • 3-oy – 100 soat;
  • Chorak uchun jami masofadan turib:                                                                                                                                                                       
    60 + 120 + 100 =  280 soat.

Masofaviy ishning ulushini hisoblash:

280 / 504 × 100 ≈ 55, 6 %

Xulosa:
Alohida oyda masofaviy ishning ulushi 50 foizdan kam boʻlganligiga qaramay, hisob davri (chorak) yakunlariga koʻra ish vaqtining 50 foizdan ortigʻi masofaviy ishga toʻgʻri keladi. Demak, хodim MK 456-moddasiga muvofiq masofadan turib ishlovchi hisoblanadi.

Tushuntirishlar material e’lon qilingan paytda amalda boʻlgan normalarni hisobga olgan holda tayyorlangan va ekspertlar fikrini aks ettiradi. Yakuniy qarorni foydalanuvchi aniq vaziyatlarni hisobga olgan holda mustaqil ravishda qabul qiladi
Kadrovik.uz yangiliklarini birinchi boʻlib olish uchun Telegram-kanalga obuna boʻling