Noyabr oyida har bir kadrovikka asqotadi:
Qisman haq toʻlanadigan ta’til qanday rasmiylashtiriladi
Ishlanmagan vaqt uchun haq toʻlashning boshqa turlari orasida Soliq kodeksida “asosiy ish haqi qisman saqlab qolingan holda ta’tilda boʻlgan xodimlarga beriladigan toʻlovlar”
zikr etilgan. Buxgalter.uz ga bunday toʻlovlarni mehnat qonunchiligi talablarini buzmagan holda qanday rasmiylashtirish mumkinligi haqida yuridik fanlari nomzodi, Mehnat kodeksining mualliflaridan biri Mixail Yusupovich GASANOV soʻzlab berdi.
- Karantin choralari munosabati bilan korxonada ish toʻxtatilgan. Boʻsh turib qolingan vaqt uchun xodimlarga oʻrtacha ish haqini saqlab qolishning moliyaviy jihatdan imkoniyati yoʻq, ular esa oʻzlariga ish haqi saqlab qolinmagan holda beriladigan ta’til taqdim etish toʻgʻrisida ariza yozishdan bosh tortishmoqda. Ushbu vaziyatda xodimlarga ta’tilni rasmiylashtirish va ularga, aytaylik, MHEKMning 1 baravari miqdorida haq toʻlash mumkinmi?
- Ha, mumkin. Ish haqini qisman saqlab qolgan holda ta’til taqdim etish imkoniyati xodimlarning vakillik organi bilan kelishilgan holda jamoa shartnomasida yoki boshqa lokal hujjatda yozilishi kerak.
Agar korxonada jamoa shartnomasi boʻlmasa, bunday ta’til taqdim etishning tafsilotlarini xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasiga qoʻshimcha kelishuvda kelishib oling.
- Biroq amaldagi Mehnat shartnomasi xodimlarga bunday ta’til taqdim etilishini nazarda tutmaydi. Bu mehnat qonunchiligini buzish hisoblanmaydimi?
- Haqiqatan, amaldagi MK xodimga ish haqini qisman saqlab qolgan holda ta’til berishni nazarda tutmaydi. Biroq MK – bu mehnat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining hammasi emas. Ta’til mobaynida bunday haq toʻlash toʻgʻrisida Soliq kodeksining 374-moddasida aytilgan.
Bundan tashqari, MKning 4-moddasi 2-qismiga asosan qoʻshimcha mehnat huquqlari va kafolatlari (qonunlardagiga nisbatan qoʻshimcha) boshqa normativ hujjatlar, shu jumladan – shartnoma yoʻsinidagi hujjatlar (jamoa kelishuvlari, jamoa shartnomalari, boshqa lokal hujjatlar), shuningdek xodim va ish beruvchi oʻrtasida tuzilgan mehnat shartnomalari bilan belgilanishi mumkin.
- Ta’til taqdim etilishiga xodimlarga qoʻshimcha kafolat sifatida qarash mumkinmi?
- Fikrimcha, mumkin. Ushbu pozitsiyani asoslash uchun ba’zi dalillarni keltirib oʻtaman.
1. Mazkur ta’til yillik mehnat ta’tilidan tashqari taqdim etiladi va uning davomiyligiga ta’sir koʻrsatmaydi.
2. Ish haqi saqlanmaydigan ta’tildan farqli oʻlaroq, qisman haq toʻlanadigan ta’til vaqtida xodimga ish haqining bir qismi saqlanib qoladi.
3. Agar ish haqi saqlanmaydigan ta’til “pensiya” stajiga hisobga olinmasa, ish haqi qisman saqlab qolingan holda beriladigan ta’til hisobga olinishi kerak.
4. Jamoa shartnomalari ish beruvchi xodimning iltimosiga koʻra ish haqi qisman saqlab qolingan holda beriladigan ta’til taqdim etishi shart boʻlgan hollarni nazarda tutishi mumkin. Xodim, masalan, bola tugʻilganda, yaqin qarindoshi vafot etganda va kasaba uyushma qoʻmitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishilgan holda jamoa shartnomasi yoki boshqa lokal hujjatda nazarda tutilgan boshqa hollarda ish beruvchiga shunday ta’til taqdimni soʻrab murojaat qilishi mumkin.
5. Bunday ta’tilni taqdim etish tashabbusi kimga (xodimga yoki ish beruvchiga) tegishliligidan qat’i nazar, u faqat xodimning yozma ravishdagi arizasi asosida taqdim etiladi, unda ish haqi qisman saqlab qolingan holda ta’til taqdim etish iltimosi yoki xodimning ushbu ta’tildan foydalanishga roziligi ifoda etiladi.
6. Va nihoyat, karantin choralari oqibatida korxona faoliyatining toʻxtatib turilishi munosabati bilan MKning 159-moddasi 1-qismiga muvofiq bekor turib qolingan vaqtda xodimga uning oʻrtacha ish haqi saqlanishi kerak. Shubhasiz, agar korxonaning moliyaviy imkoniyatlari cheklangan boʻlsa, bu bankrotlikka, binobarin, ushbu korxona xodimlari tomonidan ishning yoʻqotilishiga olib kelishi mumkin. Bu sharoitlarda xodimlarga ish haqi qisman saqlab qolingan holda ta’til taqdim etish ham xodimlar uchun, ham ish beruvchi uchun yaxshi muqobil boʻlishi mumkin.
- Lokal hujjatda bunday ta’til borasida nima aytib oʻtilishi darkor?
- Lokal hujjatda quyidagilarni belgilab olish lozim:
1) ish beruvchi qisman haq toʻlanadigan ta’til taqdim etish tashabbusi bilan chiqishga haqli boʻlgan shartlar. Bu: faoliyatning vaqtincha toʻxtatilganligi, realizatsiya qilinadigan tovarlarga (xizmatlarga) talabning keskin tushishi, fors-major holatlar va h.k. boʻlishi mumkin;
2) bunday ta’tilning kalendar yil mobaynidagi cheklangan davomiyligi;
3) xodimga saqlab qolinadigan ish haqi miqdori. Ba’zi korxonalarda xodimga uning oʻrtacha ish haqining 60%i, boshqa korxonalarda 50%i saqlab qolinadi. Bunday ta’tilni taqdim etishda xodimga ish haqining qancha qismini saqlab qolish toʻgʻrisidagi masala kasaba uyushma qoʻmitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishilgan holda lokal hujjatda aniq yozilgan boʻlishi kerak. Bunday ta’til taqdim etish davrida xodimga saqlab qolinadigan ish haqi miqdori Oʻzbekistonda belgilangan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoridan kam boʻlmasligi aytib oʻtiladi.
Agar xodimning ish haqi qisman saqlab qolingan holda beriladigan ta’tilda boʻlgan davrida MHEKM oshirilsa, xodimga toʻlanadigan ish haqi miqdorini ushbu oshishni inobatga olgan holda qayta hisob-kitob qilish lozim;
4) ta’tilni rasmiylashtirish taomili.
- Agar ish beruvchi qisman haq toʻlanadigan ta’til taqdim etish tashabbusi bilan chiqsa, uni rasmiylashtirish taomili qanday boʻladi?
- Quyidagi variant boʻlishi mumkin. Ish beruvchi xodimga korxona faoliyatining toʻxtatib turilishi munosabati bilan qisman haq toʻlanadigan ta’til taqdim etish toʻgʻrisidagi yozma taklifni yuboradi. Unda quyidagilarni koʻrsating:
- ta’til turi;
- uni taqdim etish sabablari va asosi;
- ta’tilning kalendar kunlari soni;
- uni boshlanish va tugash sanalari;
- har oylik toʻlovlar miqdori;
- toʻlovlar shakli. Masalan – xodimlarning shaxsiy bank kartalariga oʻtkazish.
Taklif bilan tanishgach, xodim tegishli ariza taqdim etgan holda oʻz roziligini bildiradi.
Xodimning roziligini olgandan keyin buyruq chiqaring. Unda ta’til toʻgʻrisidagi taklifda mavjud boʻlgan barcha ma’lumotlarni koʻrsating.