Noyabr oyida har bir kadrovikka asqotadi:
Korxona tugatilayotgan boʻlsa, xodimlarni qanday qilib ishdan boʻshatish mumkin
Korxonalarning hammasi ham inqiroz va fors-majorga dosh berolmaydi. Mulkdor barbod boʻlgan biznesini yopishga qaror qilgan boʻlsa, mehnat shartnomalarini bekor qilishiga toʻgʻri keladi. Buni mehnat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzmagan holda qanday amalga oshirish mumkinligi haqida yuridik fanlar nomzodi, Mehnat kodeksi mualliflaridan biri Mixail GASANOV buxgalter.uz saytiga gapirib berdi:
– Fuqarolik kodeksining 53-moddasi 1-qismiga muvofiq tugatish – bu yuridik shaxsni uning huquq va burchlari huquqiy vorislik tartibida boshqa shaxsga oʻtmasdan bekor qilish. Ayni shu sababli korxonaning ayrim boʻlinmalarini (boʻlimlari, xizmatlari, sexlarini) yopish uni tugatish hisoblanmaydi. Tugatilayotgan boʻlinmalar xodimlari bilan tuzilgan mehnat shartnomasi shtat oʻzgarishi munosabati bilan bekor qilinishi mumkin.
Mulkdorning almashishi yoki qayta tashkil etish – qoʻshib yuborish, birlashtirish, boʻlib yuborish, qayta tuzish yoki ajratish ham biznesni tugatish deb hisoblanmaydi.
Korxona tugatilishi munosabati bilan shtat oʻzgarishidan farqli ravishda, quyidagi hollarda mehnat shartnomasini bekor qilishga yoʻl qoʻyiladi:
- xodim vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davrida yoki ta’tilda boʻlganda;
- homilador va 3 yoshga toʻlmagan bolasi bor ayollar bilan.
Korxona tugatilishi munosabati bilan mehnat shartnomasi bekor qilinayotgan boʻlsa, ish beruvchining zimmasiga xodimga boshqa ish taklif qilish majburiyati yuklatilmaydi. Mehnat shartnomasi kasaba uyushmasi qoʻmitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organining roziligisiz bekor qilinadi.
Bunda ish beruvchining quyidagi majburiyatlari saqlanib qoladi:
- Mehnat shartnomasini bekor qilish niyati haqida xodimni kamida 2 oy oldin yozma ravishda, imzo chektirib ogohlantirish.
Xodimni mehnat shartnomasini bekor qilish niyati haqida uni bekor qilish huquqi berilgan mansabdor shaxsgina ogohlantirishi mumkin. Ogohlantirish muddati davomida xodimga boshqa ish qidirish uchun haftada kamida bir kun shu vaqt uchun ish haqi saqlangan holda ishga chiqmaslik huquqi beriladi. Xodimning roziligiga koʻra ogohlantirish uning muddatiga muvofiq keladigan pullik kompensatsiya bilan almashtirilishi mumkin. Xodimni mehnat shartnomasini bekor qilish niyati haqida ogohlantirish muddatiga vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davri, shuningdek uning davlat yoki jamoat vazifalarini bajargan vaqti qoʻshilmaydi.
- Kamida 2 oy oldin har bir xodimning kasbi, mutaxassisligi, malakasi va mehnat haqi miqdorini koʻrsatgan holda, boʻlajak ishdan ozod qilish toʻgʻrisidagi ma’lumotlarni mahalliy mehnat organiga ma’lum qilish.
- Xodimlarni ommaviy ravishda ishdan ozod etish ehtimoli toʻgʻrisida kamida 2 oy oldin tegishli kasaba uyushmasi organi yoki xodimlarning boshqa vakillik organiga axborot taqdim etish va ishdan ozod etish oqibatlarini yengillashtirishga qaratilgan maslahatli ishlarni amalga oshirish.
- Mehnat shartnomasi bekor qilinganda xodim bilan hisoblashish, u quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
- barcha ish kunlari, shu jumladan mehnat shartnomasi bekor qilingan kun uchun ish haqi;
- mehnat shartnomasi bekor qilingan kunga kelib mavjud boʻlsa, foydalanilmagan yillik ta’til uchun kompensatsiya;
- xodimning oʻrtacha oylik ish haqidan kam boʻlmagan miqdorda ishdan boʻshatish nafaqasi;
- mehnat shartnomasini bekor qilish haqidagi ogohlantirish muddati oʻrniga kompensatsiya (xodim va ish beruvchi bunday almashtirish haqida kelishib olgan boʻlsalar).
- Xodimga moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha kafolatlar berish
. Xususan, ish qidirish davrida oʻrtacha ish haqini saqlab qolish:
- mehnat shartnomasi bekor qilingan kundan boshlab ikkinchi oy uchun. Xodim mehnat shartnomasi bekor qilinganidan keyin ikkinchi oy tugagach ushbu toʻlovni olish uchun avvalgi ish joyiga pasport va mehnat daftarchasini taqdim etishi shart;
- uchinchi oy uchun, xodim mehnat shartnomasi bekor qilinganidan keyin 10 kundan kechiktirmay Aholi bandligiga koʻmaklashish markazida ish qidiruvchi shaxs sifatida roʻyxatga olingan va keyinchalik ishga joylashtirilmagan boʻlsa, bu Markazning tegishli ma’lumotnomasi bilan tasdiqlanadi. Xodim mehnat shartnomasi bekor qilinganidan keyin uchinchi oy tugagach ushbu toʻlovni olish uchun avvalgi ish joyiga pasport, mehnat daftarchasi va Bandlikka koʻmaklashish markazi tomonidan berilgan ma’lumotnomani taqdim etishi shart. Bunday ma’lumotnoma boʻlmasa, uchinchi oy uchun toʻlov amalga oshirilmaydi.
– Xodimlarga ushbu toʻlovlarni toʻlash uchun ish beruvchida mablagʻ boʻlmasa, nima qilish kerak?
– Yuridik shaxs tugatilganda birinchi navbatda mehnatga oid huquqiy munosabatlardan kelib chiquvchi fuqarolarning talablari qanoatlantiriladi
. MK 67-moddasi 6-qismiga muvofiq, basharti ish beruvchi bankrot deb topilsa, u bilan mehnat munosabatlarida boʻlgan xodimlar ish haqi va oʻzlariga tegishli boshqa toʻlovlar xususida boshqa barcha kreditorlarning talablariga nisbatan imtiyozli huquqdan foydalanadilar. Binobarin, avval xodimlar bilan, shundan keyingina boshqa kreditorlar bilan hisoblashish lozim.
– Korxona bankrot boʻlib, MK 67-moddasida nazarda tutilgan toʻlovlarni toʻlashga mablagʻi boʻlmasa-chi?
– Tugatilayotgan korxonalarning mablagʻi boʻlmasa, ushbu toʻlovlar Ish bilan ta’minlashga koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan toʻlanadi
.
– Amalda quyidagi holat yuz berishi mumkin: tashkilotning schyotida mablagʻ boʻlmaganda direktor shunday deydi: – «Ishdan boʻshash haqida ariza yozing, hozircha pulim yoʻq, rasman bitta maoshingizni rasmiylashtirib turaman, qolgan ikkitasini keyin olasiz… Tashvishlarimiz ham arib ketadi, oʻshanda qarzimni toʻlayman». Bu vaziyatda xodim nima qilishi kerak?
– «Rasmiy» va «norasmiy» tarzda kelishish kerak emas. Ish beruvchi qonunda nazarda tutilgan toʻlovlarni toʻlashi shart, vassalom.