Noyabr oyida har bir kadrovikka asqotadi:
Yakka tartibdagi tadbirkor YaMMTda mehnat shartnomalarini qanday roʻyxatdan oʻtkazadi
1 sentyabrga kelib amaldagi mehnat shartnomalarini YaMMTda roʻyxatdan oʻtkazish yakunlanadi. «Yagona milliy mehnat tizimi» IADK direksiyasining xabar berishicha, endi roʻyxatdan oʻtkazish qoidalari va shartlari yakka tartibdagi tadbirkorlarga ham tatbiq etiladi. Bu nimani anglatadi?
Buxgalter.uz «YaMMT» IADK yetakchi mutaxassisi Otabek YuNUSOV va direksiyaning boshqa mutaxassislari yordamida quyidagicha tushuntirish berdi:
– Yakka tartibdagi tadbirkor oʻzi va agar ular mavjud boʻlsa, yollangan xodimlar haqidagi ma’lumotni YaMMTga kiritishi kerak. Eslatib oʻtamiz, Xususiy tadbirkorlar tomonidan xodimlarni yollagan holda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 2015 yildan buyon amal qiladi.
Yakka tartibdagi tadbirkorga mehnat munosabatlarini YaMMTda roʻyxatdan oʻtkazish uchun ERI kerak boʻladi. Uni jismoniy shaxsning nomiga masofadan turib – e-imzo.uz sayti orqali olish mumkin. Qanday qilib buni kam vaqt sarflagan holda amalga oshirish mumkinligi haqida bu yerda oʻqing.
Yakka tartibdagi tadbirkor sifatida roʻyxatdan oʻtgan paytingizdan boshlab ushbu ERI jismoniy shaxsning ERI sifatida ham, yakka tartibdagi tadbirkorning ERI sifatida ham ishlatiladi.
Soʻng havola orqali Yagona milliy mehnat tizimi saytiga, undan YaMMT tizimidagi oʻz shaxsiy kabinetingizga kirishingiz kerak. U barcha YaTTda mavjud. «Yuridik shaxsning kabineti» darchasida «ERIga kirish» tugmachasini bosing.
Barcha yoʻriqnomalar yuridik shaxslarga moʻljallab yozilganiga e’tibor bermang. «Ish beruvchi», «yuridik shaxs» soʻzlari oʻrniga «yakka tartibdagi tadbirkor» deb yozsangiz bas. Yoʻriqnomalarning qolgan qismi mazmuni sizga mos keladi. YaMMT IADK direksiyasi yaqin orada yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun alohida yoʻriqnomalarni ishlab chiqishga va’da berdi.
Shaxsiy kabinetingizga kirgach, tizimga joylashtirilgan oʻzingiz haqidagi ma’lumotlar toʻgʻriligini tekshiring, soʻngra zarurat boʻlganda ularga tuzatish kiriting. Ish oʻrinlarini yarating va yollangan xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalarini roʻyxatdan oʻtkazing. Hammasi yuridik shaxslar bilan boʻlgani kabi ishlaydi. Batafsil yoʻriqnomalar bilan havola orqali oʻtib tanishishingiz, videoyoʻriqnomalarni esa bu yerda koʻrishingiz mumkin.
Yollangan xodim bilan qanday yoʻl tutish kerakligi ayon: u bilan mehnat shartnomasi tuzilgan, uni YaMMTda roʻyxatdan oʻtkazish lozim. Biroq yakka tartibdagi tadbirkorning oʻzi nima qilishi lozim? U oʻzi bilan mehnat shartnomasini tuzmasa, YaMMTga oʻzi haqidagi ma’lumotni qanday kiritadi?
Oʻzingizni roʻyxatdan oʻtkazish uchun yoʻriqnomalarga amal qilishingiz, ya’ni tizimda oʻzingiz uchun alohida ish oʻrni yaratishingiz kerak. Soʻng mehnat shartnomalarini roʻyxatdan oʻtkazish chogʻida boʻlganidek, barcha kataklarni toʻldirishingiz lozim. Faqat «Mehnat shartnomasining raqami», «Mehnat shartnomasi tuzilgan sana» va «Mehnat shartnomasi tugatilgan sana» ustunlarida patent raqami, u berilgan sana va amal qilish muddati tugaydigan sanani koʻrsating (agar mavjud boʻlsa). Yoki «muddatsiz» degan belgini qoʻying.
Muammolar yoki qoʻshimcha savollar yuzaga kelsa, (+71) 200-70-30, (+99) 444 70-32-37 raqamlari orqali qoʻllab-quvvatlash xizmatiga murojaat qiling yoki Telegram-guruhdagi mutaxassislarning maslahatlaridan foydalaning.
Xodimlaringiz bilan tuzilgan mehnat shartnomalari YaMMTda roʻyxatdan oʻtkazilgach, ular oʻz elektron mehnat daftarchalariga kirish imkonini qoʻlga kiritadilar. Buning uchun YaMMT saytining bosh sahifasidagi «Jismoniy shaxsning kabineti» darchasidan foydalanishlari kerak boʻladi.
Oleg GAYeVOY.