Noyabr oyida har bir kadrovikka asqotadi:
Buxgalterlardan kimlarni boʻshatish mumkin
Tashkilot shtatni qisqartirishni rejalashtirmoqda. Shu jumladan – bir nechta buxgalterlar ishlaydigan moliya boshqarmasida. Faqat ulardan biri ishda qoladi. Ushbu omadlini qanday mezonlar boʻyicha tanlashni buxgalter.uz iltimosiga binoan “Norma”ning mehnat huquqi boʻyicha eksperti Lenara XIKMATOVA soʻzlab berdi:
- Bunday vaziyatda ish beruvchi hal qilishiga toʻgʻri keladigan eng asosiy masalalardan biri – xodimlardan kim ishda qoldirish uchun imtiyozli huquqqa ega ekanligidir. Bu yerda ham oʻz qoidalari mavjud. “Ma’qul-ma’qul emas” tamoyiliga amal qilishning – imkoni yoʻq.
MKning 103-moddasi shtat qisqartirilishi munosabati bilan ishdan boʻshatishda ishda qoldirish uchun imtiyozli huquq malakasi va mehnat unumdorligi yuqoriroq boʻlgan xodimga berilishini buyuradi.
Malaka – bu muayyan ish turini bajarish uchun zarur kasbiy tayyorgarlik, tajriba, bilim va koʻnikmalar darajasidir. U ma’lumoti, malaka oshirganligi, kasbga qayta tayyorlanganligi toʻgʻrisidagi hujjatlar, malaka toifalari (razryadlari) va h.k. berish toʻgʻrisiidagi komissiyalar bayonnomalaridan koʻchirmalar bilan tasdiqlanadi.
Malaka razryadi – xodimning kasbiy tayyorgarligi darajasini aks ettiruvchi qiymat.
Malaka toifasi, qoidaga koʻra, ikkita koʻrsatkichni oʻz ichiga oladi: ma’lumoti va mutaxassislik boʻyicha ish staji.
Shu tariqa, malakani baholashda quyidagilarni inobatga olish lozim:
- ma’lumoti darajasi;
- sinflik, darajasi, unvoni, toifasi va h.k.;
- oʻz tashabbusiga binoan va ish beruvchi yoʻllanmasiga asosan malaka oshirganligi;
- bajaradigan ishining sifati;
- malaka darajasiga ta’sir koʻrsatadigan boshqa omillar.
Mehnat unumdorligini baholashda quyidagilar inobatga olinadi:
- uning uchun oʻrnatilgan ishlab berish me’yorlarining, ish hajminining xodim tomonidan bajarilishi (oshirib bajarilishi);
- natijadorlik;
- mehnat me’yorlari bajarilmaganligi munosabati bilan intizomiy jazolar;
- mehnat unumdorligining boshqa omillari.
Binobarin, oliy ma’lumotli xodim egallagan lavozimi (mutaxassisligi, kasbi) boʻyicha oʻrta maxsus ma’lumotga ega xodim oldida imtiyozli huquqqa ega, oliy toifali xodim esa – birinchi toifali xodim oldida imtiyozli huquqqa ega.
Agar xodimlarda malaka va mehnat unumdorligi bir xil boʻlsachi?
Bu yerda esa MKning 103-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan boshqa mezonlarni inobatga olishga toʻgʻri keladi. Malakasi va mehnat unumdorligi bir xil boʻlgan taqdirda quyidagilarga afzallik beriladi:
1) qaramogʻida 2 yoki undan ortiq kishi boʻlgan xodimlarga;
2) oilasida undan boʻlak mustaqil ish haqi oluvchi boʻlmagan shaxslarga;
3) mazkur korxonada koʻp yillik ish stajiga ega boʻlgan xodimlarga;
4) ishlab chiqarishdan ajralmagan holda oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar oʻquv yurtlarida tegishli mutaxassislik boʻyicha malakasini oshirayotgan xodimlarga va ishlab chiqarishdan ajralgan holda oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar oʻquv yurtlarini tamomlagan shaxslarga oʻqishni tugatgandan soʻng mutaxassisligi boʻyicha ishlayotgan taqdirda 2 yil mobaynida;
5) mazkur korxonada mehnatda mayib boʻlib qolgan yoki kasb kasalligini orttirgan shaxslarga;
6) urush nogironlari, urush qatnashchilari va ularga tenglashtirilgan shaxslarga;
7) atom ob’yektlaridagi falokatlar oqibatida kelib chiqqan oshirilgan radiatsiya nurlanishi bilan bogʻliq nurlanish kasalligi va boshqa kasalliklarga yoʻliqqan yoki shunday kasalliklarni boshidan kechirgan shaxslarga; nogironligi atom ob’yektlaridagi falokatlar munosabati bilan boshlanganligi aniqlangan nogironlarga; ana shunday falokatlar va halokatlar oqibatlarini bartaraf etish ishlari qatnashchilariga, shuningdek mazkur zonalardan evakuatsiya qilingan yoki koʻchirilgan shaxslarga hamda ularga tenglashtirilgan boshqa shaxslarga.
Bunda ushbu holatlar sanab oʻtilgan tartib ahamiyatga ega emas. Ya’ni qaramogʻida odamlar boʻlgan mezon, masalan, korxonada koʻp yillik ish stajiga ega boʻlgan mezonga nisbatan “katta salmoqqa” ega emas. Barcha holatlar bir xilda inobatga olinadi. Binobarin, malakasi va mehnat unumdorligi bir xil boʻlgan taqdirda ikkinchi navbatda inobatga olinadigan holatlar soni boʻyicha ustun xodimni ishda qoldirishlari kerak.
Uchinchi navbatda, ishda qoldirish uchun imtiyozli huquq toʻgʻrisidagi masalani hal qilishda jamoa shartnomasida nazarda tutilgan holatlar inobatga olinadi. Biroq – xodimlarning malakasi va mehnat unumdorligi bir xil boʻlgan taqdirda va MKning 103-moddasi 2-qismiga muvofiq bir-birini oldida ishda qoldirish afzalliklaridan foydalanishmasa.
Shu tariqa, MKning 103-moddasi 2-3-qismlarida oʻrnatilgan holatlar faqat xodimlarning malakasi va mehnat unumdorligi bir xil boʻlgan taqdirda qoʻllaniladi. Hatto xodim oʻz hamkasbidan ikkinchi va uchinchi navbatda inobatga olinadigan mezonlar boʻyicha ustun boʻlsa, biroq malaka yoki mehnat unumdorligida yon bersa ham, ishda qoldirish uchun u imtiyozli huquqqa ega boʻlmaydi.