Noyabr oyida har bir kadrovikka asqotadi:
Xodim (haydovchi) kompaniyaga tegishli boʻlgan xizmat avtomobilida YTH sodir etganda
Xodim (haydovchi) kompaniyaga tegishli xizmat avtomashinasida chorrahada svetoforning qizil chirogʻiga boʻysunmay, boshqa avtomobil bilan toʻqnashdi. Ma’muriy ish materiallari bilan YTHda mazkur shaxsning aybdor ekanligi belgilandi. Toʻqnashuv natijasida ikkinchi avbomobil egasiga moddiy zarar yetkazildi. Ushbu zararni kim qoplashi kerak?
Mazkur holatda uchinchi shaxslarga zararni toʻlash majburiyati bevosita kompaniya-ish beruvchiga yuklanadi.
Biroq Fuqarolik kodeksining 1001-moddasi birinchi qismiga muvofiq xodim tomonidan mehnat majburiyatlarini bajarayotgan vaqtda yetkazilgan zararni toʻlagan kompaniya (ish beruvchi) bu shaxsga nisbatan, agar qonunda boshqacha miqdor belgilanmagan boʻlsa, toʻlangan tovon miqdorida qayta talab qilish (regress*) huquqiga ega. Bunda ish beruvchi tomonidan xodimga taqdim etilayotgan regress talab hajmi qoplangan summa miqdoriga mos boʻlishi maqsadga muvofiq. Qonunda jabrlanuvchiga toʻlangan summadan yuqori yoki kamroq hajm belgilanishi mumkin.
Regress talab hajmi va miqdorini cheklashga faqat qonunda (misol uchun, MKning 201-moddasi) nazarda tutilgan hollarda yoʻl qoʻyiladi.
Fuqarolik kodeksining 1003-moddasiga binoan sud zararni qoplash toʻgʻrisidagi talabni qanoatlantirar ekan, javobgar shaxsga zararni aslicha qoplash (oʻshanday turdagi va sifatdagi ashyoni taqdim etish, shikastlangan ashyoni tuzatish va hokazo) yoki yetkazilgan zararni toʻlash majburiyatini yuklaydi.