Noyabr oyida har bir kadrovikka asqotadi:
Oʻrindoshlik asosidagi faoliyatda ish vaqtini belgilash
Ish beruvchi xodimni oʻrindoshlik asosida ishga qabul qildi. Myehnat shartnomasida kundalik ish vaqti 6 soat deb belgilangan. Bu qonun hujjatlarini buzish hisoblanadimi?
Agar xodimga asosiy ish joyi boʻyicha toʻliq ish vaqti va haftasi belgilangan boʻlsa, ish beruvchining yuqoridagi harakatlari huquqbuzarlik hisoblanadi. Mazkur holatda xodimning kundalik dam olishi 12 soatdan kam, bu esa Mehnat kodeksining 128-moddasiga ziddir. Agar asosiy ish joyi boʻyicha ish vaqtining maxsus rejimi (toʻliqsiz yoki qisqartirilgan ish kuni va h.k.) nazarda tutilgan boʻlsa, oʻrindosh xodimga olti soatli ish kunini belgilash MKning 128-moddasi talablariga rioya etilganda qonunga xilof boʻlmaydi.
Misollar.
OTM oʻqituvchisi ilmiy-tadqiqot institutiga ishga joylashdi. Mehnat shartnomasi tuzilganda ish beruvchi bilan xodim oʻrtasida ish vaqtining muddati olti soatdan iborat boʻlishi toʻgʻrisida kelishuvga erishildi. Xodim OTMda “soatbay ishchi” (kuniga 2 soat ishlab bergan) boʻlgani uchun ish vaqtining umumiy muddati 5 kunlik ish haftasida (asosiy ish joyi boʻyicha va oʻrindoshlik asosida) haftasiga 40 soatni tashkil etadi. Bu qonunga muvofiqdir.
Zavodning bosh buxgalterini mikrofirmaga oʻrindoshlik asosida ishga taklif etishdi. Xodim mazkur taklifga rozilik berdi. Buyruqda bosh buxgalterning mikrofirmadagi ish kuni muddati olti soat qilib belgilangan. Zavoddagi ish vaqti sakkiz soat boʻlgani uchun oʻrindoshlik asosida belgilangan olti soatli ish kuni qonunga muvofiq emas.