Noyabr oyida har bir kadrovikka asqotadi:
Xodimga ish haqini xatolik bilan ortiqcha toʻlash
Ish beruvchi va xodim oʻrtasida tuzilgan mehnat shartnomasi tomonlarning kelishuviga binoan bekor qilindi. Keyinchalik, hisobdagi xatolik natijasida xodimga toʻlanishi kerak boʻlganidan ortiqcha ish haqi oʻtkazilganligi aniqlandi. U ortiqcha toʻlangan summani qaytarishga rad javobini berdi va ish beruvchi ushbu summani undirish toʻgʻrisidagi da’vo bilan fuqarolik sudiga murojaat qildi.
Da’vogarning pozitsiyasi
Xodimga xatolik tufayli ortiqcha toʻlab berildi. Ortiqcha toʻlangan haq xodimdan ish beruvchi foydasiga undirilishi lozim.
Javobgarning pozitsiyasi
Javobgar oʻz pozitsiyasini dalil bilan isbotlamadi va garchi, unga sudning oʻtkazilish sanasi va vaqti toʻgʻrisida tegishli ravishda xabar berilgan boʻlsada, u sud majlisiga kelmadi,
Sudning qarori
Sud da’vogarning talabini qanoatlantirish va xodimdan, unga toʻlangan ortiqcha summani ish beruvchi foydasiga undirish toʻgʻrisida qaror chiqardi.
Sud qarorinining asosi
MK 153-moddaga binoan, mehnat haqining miqdori ish beruvchi bilan xodim oʻrtasidagi kelishuvga binoan belgilanadi.
MK 164-m. 2-q. 3-bandida belgilanganidek, xodimning roziligidan qat’iy nazar, hisob xatolari oqibatida ortiqcha toʻlangan summalarni qaytarish uchun ushlab qolishlar amalga oshiriladi. Bunday hollarda ish beruvchi, haq toʻlash notoʻgʻri hisoblab chiqarilgan kundan boshlab 1 oydan kechiktirmasdan uni ushlab qolish haqida farmoyish berishga haqlidir.
Agar bu muddat oʻtib ketgan boʻlsa yoki xodim ushlab qolish miqdorini notoʻgʻri yohud asossiz deb hisoblasa, u holda qarz sud tartibida undiriladi.
Ish davrida ish beruvchi xodimga ortiqcha miqdorda ish haqi toʻlab berganligi munosabati bilan, toʻlangan ortiqcha qism xodimdan ish beruvchi foydasiga undirilishi lozim.
Ekspert sharhi
Mehnat haqining miqdori mehnat shartnomasida belgilanadi
. U ish beruvchi bilan xodim oʻrtasidagi kelishuvga binoan belgilanadi
.
Xodimga ortiqcha toʻlangan summa, xodim uchun asossiz ravishda uni boyitish boʻlib hisoblanadi. FK 1023-moddaga muvofiq, qonun hujjatlarida yoki bitimda belgilangan asoslarsiz boshqa shaxs (jabrlanuvchi)ning hisobidan mol-mulkni egallab olgan yoki tejab qolgan shaxs (qoʻlga kirituvchi) asossiz egallab olingan yoki tejab qolingan mol-mulkni (asossiz orttirilgan boylikni) jabrlanuvchiga qaytarib berishi shart, FK 1030-moddada nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
FK 1030-moddada ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar, pensiyalar, nafaqalar, stipendiyalar, hayot yoki sogʻliqqa yetkazilgan zarar tovoni, alimentlar va fuqaroga turmush kechirish vositasi sifatida berilgan boshqa pul mablagʻlari, uning tomonidan vijdonsizlik qilinmaganda va hisob-kitobda xatolar boʻlmaganda, ular asossiz orttirilgan boylik sifatida qaytarib berilmasligi nazarda tutilgan.
Ekspert tavsiyalari
Agar hisobda xatolik topilsa va ortiqcha summalar toʻlab yuborilgan taqdirda, ish beruvchi ortiqcha toʻlangan summalarni bir oylik muddatda ushlab qolish toʻgʻrisida buxgalteriyaga farmoyish berishi (yoki buyruq chiqarishi) lozim.
Agar ish beruvchi bir oylik muddatni oʻtkazib yuborsa yoki xodim ushlab qolish miqdorini notoʻgʻri yohud asossiz deb hisoblasa yohud mehnat shartnomasi bekor qilingandagi yakuniy hisob-kitobning summasi, ushlab qolinadigan summani qoplamaydigan boʻlsa va xodim mablagʻlarni qaytarib berishdan bosh tortadigan boʻlsa, u holda qarz sud tartibida undiriladi.
Ish beruvchi, ortiqcha toʻlangan summalarni xodimning mehnat haqidan keyingi oylarda ushlab qolishga haqlidir. Ish haqini har gal toʻlash vaqtida ushlab qolinadigan haqning umumiy miqdori xodimga tegishli boʻlgan mehnat haqining 50 %idan ortib ketmasligi lozim
.