Noyabr oyida har bir kadrovikka asqotadi:
Ish kuni davomida tanaffuslar qanday belgilanadi
Ish vaqtidagi tanaffus – bu ish vaqti davomida beriladigan, xodim mehnat majburiyatlarini bajarishdan ozod etiladigan, ish vaqti davomiyligiga kiritiladigan yoki kiritilmaydigan vaqt hisoblanadi.
Amaliyotda ish vaqtidagi tanaffuslar 2 turda boʻladi:
- dam olish va ovqatlanish uchun tanaffuslar, ular ish vaqtiga kiritilmaydi;
- ayrim toifadagi xodimlarga beriladigan qoʻshimcha tanaffuslar, qoidaga koʻra, ular ish vaqtiga kiritiladi.
Dam olish va ovqatlanish uchun tanaffuslar
Xodimga ish kuni davomida dam olish va ovqatlanish uchun tanaffus berilishi kerak, bu tanaffus ish vaqtiga kiritilmaydi
.
Tanaffuslarning davomiyligi qonunda aniq belgilanmagan. Shuningdek Mehnat kodeksida bunday tanaffuslar ish boshlangandan keyin qaysi vaqtda berilishi belgilanmagan hamda ularning maksimal davomiyligi chegaralanmagan. Shu boisdan har bir tashkilotda tanaffus berish vaqti va uning aniq muddati ichki mehnat tartibi qoidalarida, smena grafiklarida yoki xodim bilan ish beruvchi oʻrtasidagi kelishuvga binoan belgilab qoʻyiladi
.
Amaliyotda ish vaqtining normal davomiyligida koʻpincha tanaffuslar ish boshlanganidan soʻng 4 soatdan keyin belgilanadi va 1 soatni tashkil etadi.
Shuningdek siz tashkilotda mavjud shart-sharoitlardan kelib chiqqan holda bir soatdan oshmaydigan vaqtga tanaffus belgilashingiz mumkin. Masalan, agar korxonada xodimlarni bepul tushlik bilan ta’minlaydigan oshxona boʻlsa, tanaffusni kamroq vaqtga belgilash mumkin.
Uzoq davom etadigan smenalarda ish vaqtining jamlangan hisobi yuritiladigan xodimlar uchun dam olish va ovqatlanish uchun 2 ta tanaffus belgilash mumkin. Tanaffuslarning har biri 1 soatdan oshmasligi, masalan, 30–45 daqiqa davom etishi lozim.
Ayrim holatlarda dam olish va ovqatlanish uchun tanaffuslarni umuman belgilamaslik mumkin: ish vaqti davomiyligi qisqartirilganda, toʻliq boʻlmagan ish kunida va boshqalar. Masalan, agar ish rejimi soat 8.00 dan 12.00 gacha etib belgilangan boʻlsa, bunday tanaffuslarni belgilash mantiqsizdir.
Tashkilot faoliyatining oʻziga xos xususiyatlariga koʻra ayrim toifadagi xodimlarga dam olish va ovqatlanish uchun tanaffus berish mumkin boʻlmagan ishlarda xodimga ish vaqtida ovqatlanib olish imkoniyati ta’minlanishi shart. Bunday ishlarning roʻyxati, ovqatlanish tartibi va joyi ichki mehnat tartibi qoidalarida belgilab qoʻyiladi. Mazkur holatda dam olish va ovqatlanish uchun tanaffus ish vaqtiga kiritiladi va haq toʻlanadi.
Qoʻshimcha tanaffuslar
Qonun hujjatlarida dam olish va ovqatlanish uchun tanaffuslardan tashqari, bajariladigan ishlar va boshqa majburiyatlarning oʻziga xos jihatlari va tusini hisobga olgan holda qoʻshimcha tanaffuslar berilishi nazarda tutilgan.
Masalan, shaharlararo-viloyatlararo qatnovlarni, xalqaro turistik-ekskursion tashishlarni amalga oshiradigan avtobuslar jadvalida haydovchilar uchun avtobusni 1,5 soat boshqarganidan keyin kamida 15 daqiqa yoki 4,5 soat boshqarganidan soʻng 45 daqiqa tanaffus belgilanishi shart. 
Shuningdek noqulay mehnat sharoitlarida, ogʻir va noqulay iqlim sharoitlarida ish bilan band boʻlgan ayrim toifadagi xodimlar uchun qoʻshimcha tanaffuslar sanitariya qoidalari va normalariga binoan belgilanadi.
Masalan, kompyuter texnikasi bilan ishlanganda ish boshlangandan keyin 2 soat oʻtgach 15 daqiqalik, tushlikdan soʻng har bir ish soati oraligʻida tanaffuslar belgilanishi lozim 29.03.2007 yildagi 0224-07-son SanQNning 7.6-b.
Ushbu qoʻshimcha tanaffuslar ish vaqtiga kiritilishi lozim.
Korxonadagi qoʻshimcha ta’tillar lokal hujjatlar yoki mehnat shartnomalari bilan belgilab qoʻyilishi mumkin.
Mehnat kodeksi bilan 2 yoshga toʻlmagan bolasi bor ayollarga bolani ovqatlantirish uchun qoʻshimcha tanaffuslar berilishi nazarda tutilgan.
Bolani ovqatlantirish uchun beriladigan tanaffuslar
2 yoshga toʻlmagan bolasi bor ayollarga, dam olish va ovqatlanish uchun beriladigan tanaffusdan tashqari, bolani ovqatlantirish uchun qoʻshimcha tanaffuslar ham beriladi
. Bunday tanaffuslar bolasi bor ayolning xohishidan qat’i nazar, majburiy tartibda beriladi.
Bu tanaffuslarning aniq muddati va ularni berish tartibi jamoa shartnomasida, agar u tuzilmagan boʻlsa, - xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib belgilab qoʻyiladi
.
Bolani ovqatlantirish uchun qoʻshimcha tanaffuslar kamida har 3 soatda bir marta har biri 30 minutdan kam boʻlmagan muddat bilan beriladi. 2 yoshga toʻlmagan ikki va undan ortiq bolasi boʻlgan taqdirda, tanaffusning muddati kamida 1 soat qilib belgilanadi
. Ana shu 3 soatga nafaqat ish vaqti, balki ovqatlanish vaqti hamda bolani ovqatlantirish uchun beriladigan tanaffuslar ham kiritiladi.
Ya’ni oʻtgan har 3 soat inobatga olinadi.
Bolasi bor ayolning xohishiga koʻra, bolani ovqatlantirish uchun beriladigan tanaffuslar:
- dam olish va ovqatlanish uchun belgilangan tanaffusga qoʻshib berilishi;
yoki
- umumlashtirilib, ish kunining (ish smenasining) boshiga yoki oxiriga koʻchirilib, ish kuni (ish smenasi) shunga yarasha qisqartirilishi mumkin
.
Bolani ovqatlantirish uchun beriladigan tanaffuslarni ish vaqtiga kiriting va oʻrtacha oylik ish haqi hisobi boʻyicha haq toʻlang
.