Noyabr oyida har bir kadrovikka asqotadi:
Korxona kassasida ish haqi berish paytida direktorning farmoyishiga asosan taftish oʻtkazilib, xodimlarga berilmagan, biroq qaydnoma boʻyicha olingan deb koʻrsatilgan pul mablagʻlarining qoldiqlari aniqlandi. Pul mablagʻlarini oʻzlashtirishda aybdor kassirni ishdan boʻshatish mumkinmi? Mumkin boʻlsa, qanday asosga koʻra? Buni qanday rasmiylashtirish lozim?
– Ushbu xatti-harakatlarni sodir etgan kassir xodim bilan mehnat shartnomasini quyidagilarga asosan bekor qilish qonuniy hisoblanadi:
1) mehnat vazifalarini bir marta qoʻpol ravishda buzganlik uchun MK 100-m. 2-q. 4-b. boʻyicha – korxonaning Ichki mehnat tartibi qoidalarida (IMTQ) moddiy javobgar shaxsning tovar-moddiy qimmatliklarni oʻzlashtirishi ishdan boʻshatishga olib kelishi mumkin boʻlgan mehnat vazifalarini bir marta qoʻpol ravishda buzishlarning roʻyxatiga kiritilgan boʻlsa.
Agar korxonada IMTQ boʻlmasa yoki ularni qonunda belgilangan tasdiqlash tartibi buzilgan boʻlsa, yoxud xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishga olib kelishi mumkin boʻlgan mehnat vazifalarini bir marta qoʻpol ravishda buzish deb hisoblanishi mumkin boʻlgan xatti-harakatlar roʻyxati IMTQda aniq sanab oʻtilmagan boʻlsa, – MK 100-m. 2-q. 4-b. boʻyicha xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilinishiga yoʻl qoʻyilmaydi
. Bu holda aniqlangan qonunbuzarlik holati boʻyicha ish beruvchi intizomiy jazo choralarini qoʻllash tartibida kassirga hayfsan e’lon qilishi yoki jarima undirishi mumkin;
2) mehnat vazifalarini muntazam ravishda buzganlik uchun MK 100-m. 2-q. 3-b. boʻyicha – xodim soʻnggi yil davomida intizomiy yoki moddiy javobgarlikka tortilgan boʻlsa
.
Xodimni yuqorida koʻrsatilgan asoslarga koʻra ishdan boʻshatayotgan boʻlsangiz, MK 100-m. 3-q., 101-m., 102-m. 5-q., 110, 151, 182-m.m. talablariga rioya eting.
Pul mablagʻlarining ortiqchasi mavjudligi holatini taftish dalolatnomasida qayd eting. Taftishni direktor buyrugʻi bilan tayinlangan, kamida 3 kishidan iborat komissiya oʻtkazishi kerak.
Kassir xodimdan yozma shakldagi tushuntirish xatini talab qilib oling. Xodim tushuntirish xati yozishdan bosh tortgan yoki boʻyin tovlagan taqdirda bu haqda dalolatnoma tuzing
.